Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2026-yildagi faoliyatining asosiy yoʻnalishlari toʻgʻrisida (1757-V-son)
09.02.2026
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi kengashining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M. Mirziyoyevning 2025-yil 26-dekabrda Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga yoʻllagan Murojaatnomasida ilgari surilgan gʻoyalarni, tashabbuslar va takliflarni oʻz vaqtida amalga oshirish, mamlakatimizda olib borilayotgan keng koʻlamli demokratik islohotlarning huquqiy asoslarini taʼminlash hamda bu jarayonda parlamentning rolini yanada kuchaytirish, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi (bundan buyon matnda Qonunchilik palatasi deb yuritiladi) siyosiy partiyalar fraksiyalari, qoʻmitalar va komissiyalar faoliyatini samarali tashkil etish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2026-yildagi faoliyatining asosiy yoʻnalishlari (bundan buyon matnda Qonunchilik palatasi faoliyatining asosiy yoʻnalishlari deb yuritiladi) ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* Ilova berilmaydi.
2. Qonunchilik palatasi faoliyatining asosiy yoʻnalishlarida nazarda tutilgan vazifalar va tadbirlarning bajarilishi uchun Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosarlari, Qonunchilik palatasi qoʻmitalari va komissiyalari raislari va Devoni rahbari masʼul ekanligi belgilab qoʻyilsin.
3. Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalariga Qonunchilik palatasi faoliyatining asosiy yoʻnalishlarida belgilangan tegishli vazifalarni oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirish choralarini koʻrish tavsiya etilsin.
4. Qonunchilik palatasining Devoni Qonunchilik palatasi faoliyatining asosiy yoʻnalishlari ijrosi yuzasidan doimiy monitoring oʻrnatib, uning ijrosi toʻgʻrisida har oyda Qonunchilik palatasining rahbariyatiga umumlashtirilgan maʼlumot kiritib borsin hamda amalga oshiriladigan ishlarni, oʻtkaziladigan tadbirlarni ommaviy axborot vositalarida keng yoritib borish choralarini koʻrsin.
5. Qonunchilik palatasi faoliyatining asosiy yoʻnalishlarida nazarda tutilgan vazifalar va tadbirlarning bajarilishini nazorat qilish Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosarlari zimmasiga yuklatilsin.
6. Ushbu Qaror tasdiqlash uchun Qonunchilik palatasining majlisiga kiritilsin.
7. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri N. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2026-yil 9-fevral,
1757-V-son
