Tarbiyalash (patronat) uchun oilalarga beriladigan yetim bolalarni kiyim-bosh, poyabzal bilan taʼminlash hamda bolani oʻz tarbiyasiga olgan tutingan ota-onalarga har oylik nafaqa toʻlash tartibi toʻgʻrisida nizomni tasdiqlash haqida (1189-son)
18.11.2002
Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining
Qarori
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2002-yil 18-noyabrda 1189-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 25-yanvardagi “Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini aniq yoʻnaltirilgan tarzda qoʻllab-quvvatlashning 2002-2003-yillarda moʻljallangan dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” gi 33-son qarorining ijrosini taʼminlash maqsadida qaror qilamiz:
1. Tarbiyalash (patronat) uchun oilalarga beriladigan yetim bolalarni kiyim-bosh, poyabzal bilan taʼminlash hamda bolani oʻz tarbiyasiga olgan tutingan ota-onalarga har oylik nafaqa toʻlash tartibi toʻgʻrisida Nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Ushbu qaror Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatiga olingandan soʻng oʻn kundan keyin kuchga kiradi.
3. Qarorning ijrosini nazorat qilishni oʻz zimmamizda qoldiramiz.
Xalq taʼlimi vaziri R. JOʻRAYEV
Toshkent sh.,
2002-yil 21-oktabr,
87-son
Moliya vaziri M. NURMURATOV
Toshkent sh.,
2002-yil 21-oktabr,
121-son
Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi va Moliya vazirligining 2002-yil 21-oktabrdagi 87, 121-son qarori bilan TASDIQLANGAN
Tarbiyalash (patronat) uchun oilalarga beriladigan yetim bolalarni kiyim-bosh, poyabzal bilan taʼminlash hamda bolani oʻz tarbiyasiga olgan tutingan ota-onalarga har oylik nafaqa toʻlash tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 25-yanvardagi 33-son “Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini aniq yoʻnaltirilgan tarzda qoʻllab-quvvatlashning 2002-2003-yillarga moʻljallangan dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2002-yil, 2-son, 22-modda) muvofiq ishlab chiqilgan.
1. Yetim bolalarni oilaga tarbiyaga olish (patronat) Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 12-apreldagi “Oʻzbekiston Respublikasining Oila kodeksini amalga oshirish uchun zarur boʻlgan meʼyoriy hujjatlarni tasdiqlash toʻgʻrisida”gi 171-son qarori bilan tasdiqlangan “Voyaga yetmagan bolalarni farzandlikka va bolalarni oilaga tarbiyaga olish (patronat) toʻgʻrisida Nizom” ga muvofiq (Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlari toʻplami, 1999-yil, 4-son, 18-modda) amalga oshiriladi.
2. Tutingan ota-onalar oilaga tarbiyaga olingan bolani joriy yil uchun zarur boʻlgan kiyim-bosh va poyabzal bilan taʼminlash maqsadida bola oilaga tarbiyaga olingan kundan boshlab bir hafta muddat ichida, keyingi yil uchun esa, joriy yilning 15-dekabrigacha mazkur Nizomning 1-ilovasiga muvofiq shaklda tuzilgan buyurtmani (bundan buyon matnda buyurtma deb yuritiladi) tegishli xalq taʼlimi muassasalari faoliyatini metodik taʼminlash va tashkil etish tuman (shahar) boʻlimlariga beradi. Buyurtmada bolaning familiyasi, ismi, otasining ismi, yoshi, jinsi, mazkur Nizomning 2-ilovasida keltirilgan norma va roʻyxatga asosan kelgusi mavsumlarni hisobga olgan holda zarur boʻlgan barcha kiyim-bosh va poyabzal (ularning turi (nomi), soni, oʻlchami) va ularning bozor konyunkturasidan kelib chiqqan holda oʻrtacha narxi toʻliq koʻrsatiladi.
Xalq taʼlimi muassasalari faoliyatini metodik taʼminlash va tashkil etish tuman (shahar) boʻlimlari joriy yil uchun taqdim etilgan buyurtmalarni qabul qilib olgan kundan boshlab uch kun ichida, keyingi yil uchun taqdim etilgan buyurtmalarni esa, joriy yilning 25-dekabrigacha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, Toshkent shahar xalq taʼlimi bosh boshqarmasi va viloyatlar xalq taʼlimi boshqarmalariga (bundan buyon matnda xalq taʼlimi boshqarmalari deb yuritiladi) topshirishi lozim.
3. Kiyim-bosh va poyabzal uchun qilinadigan xarajatlar miqdori xalq taʼlimi muassasalari faoliyatini metodik taʼminlash va tashkil etish tuman (shahar) boʻlimlari taqdim etgan buyurtmaga muvofiq xalq taʼlimi boshqarmalarining Qoraqalpogʻiston Respublikasi Moliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining moliya boshqarmalari bilan kelishilgan hisob-kitoblari asosida belgilanadi.
4. Bolalarga beriladigan kiyim-bosh va poyabzal uchun zarur mablagʻ bolaning qaysi tarbiya yoki davolash muassasalari yoxud aholini ijtimoiy himoyalash muassasalardan olinishidan qatʼi nazar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining tegishli qarorlari asosida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Moliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining moliya boshqarmalari tomonidan ajratiladi va xalq taʼlimi boshqarmalari orqali beriladi.
5. Oilaga tarbiyaga olingan bola uchun kiyim-bosh va poyabzal sotib olishga ajratilgan mablagʻlar tutingan ota-onalarga naqd pul shaklida yoki ularning bank plastik kartasiga pul oʻtkazish yoʻli bilan beriladi.
Tarbiyalash uchun oilalarga beriladigan yetim bolalarga kiyim-bosh va poyabzal sotib olish uchun ajratilgan mablagʻlardan boshqa maqsadlarda foydalanish taqiqlanadi.
7. Tarbiyaga olingan bolaga zarur kiyim-bosh va poyabzal sotib olish uchun ajratilgan mablagʻlar tutingan ota-onalarga ular tomondan taqdim etilgan buyurtmaga asosan bola tarbiyaga olingan kundan boshlab bir oy muddat ichida beriladi.
8. Tutingan ota-onalar oilaga tarbiyaga olingan bola uchun sotib olingan kiyim-bosh va poyabzal boʻyicha hisobotni mazkur Nizomning 3-ilovasiga muvofiq shaklda tayyorlaydi va uni har yilning 10-yanvarigacha xalq taʼlimi muassasalari faoliyatini metodik taʼminlash va tashkil etish tuman (shahar) boʻlimlariga taqdim etadi. Bunda hisobotga kiyim-bosh va poyabzalni sotib olganligini tasdiqlovchi hujjatlar (kassa cheki yoxud tovarga haq toʻlanganligini tasdiqlaydigan chekka tenglashtirilgan hujjat) ilova qilinadi.
Hisobotlar xalq taʼlimi muassasalari faoliyatini metodik taʼminlash va tashkil etish tuman (shahar) boʻlimlari tomonidan tasdiqlanib, tegishli xalq taʼlimi boshqarmalariga yuboriladi.
9. Davlatga qarashli bolalar muassasalarida tarbiyalanayotgan bola tarbiyalash (patronat) uchun oilaga berilganda muassasaning xarajatlar smetasi shu vaqtdan boshlab, ushbu bolaga sarflanadigan xarajatlar miqdorida qisqartiriladi.
10. Bolaning qaysi tarbiya yoki davolash muassasalari yoxud aholini ijtimoiy himoyalash muassasalardan olinishidan qatʼi nazar, tutingan ota-onalarga oʻz tarbiyasiga olgan har bir bola uchun eng kam ish haqining 3 baravari miqdorida har oylik nafaqa toʻlanadi. Mazkur xarajatlar uchun sarflanishi koʻzda tutilgan mablagʻlar Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining qarori asosida xalq taʼlimi boshqarmalari orqali beriladi.
11. Tutingan ota-onalarga har oylik nafaqa toʻlash hamda bolalarni kiyim-bosh va poyabzal bilan taʼminlash xarajatlari Qoraqalpogʻiston Respublikasi Moliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining moliya boshqarmalari tomonidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika budjetining, viloyatlar viloyat budjetlarining va Toshkent shahri shahar budjetining zaxira jamgʻarmalaridan budjet tizimi budjetlari xarajatlar tasnifining tegishli moddasi boʻyicha mablagʻ bilan taʼminlanadi va buxgalteriya hisobida ham shu modda boʻyicha aks ettiriladi.
12. Xalq taʼlimi boshqarmalari tomonidan har oyning 10-sanasigacha tutingan ota-onalarga oylik nafaqalar naqd pul shaklida yoki ularning bank plastik kartasiga pul oʻtkazish yoʻli bilan beriladi.
13. Bola uchun sotib olingan kiyim-bosh va poyabzal xarajatlari hisoboti, shuningdek, tutingan ota-onalarga har oylik nafaqalar berilgani haqidagi hisobotlar xalq taʼlimi boshqarmalari tomonidan qonunchilikda belgilangan muddatlarda mablagʻlarni ajratgan tegishli moliya organlariga topshiriladi.
14. Kiyim-bosh va poyabzal xarajatlari hamda tutingan ota-onalarga har oylik nafaqalar uchun ajratilgan mablagʻlardan maqsadli va samarali foydalanish boʻyicha javobgarlik xalq taʼlimi boshqarmalari rahbarlari zimmasiga yuklatiladi.
15. Bolalarni kiyim-bosh va poyabzal bilan taʼminlash uchun ajratilgan mablagʻlarning toʻgʻri taqsimlanishi hamda sarflanishini nazorat qilish ushbu xarajatlarni moliyalashtiruvchi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Moliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining moliya boshqarmalari zimmasiga yuklatiladi.
16. Ushbu Nizomning matni belgilangan tartibda xalq taʼlimi muassasalari faoliyatini metodik taʼminlash va tashkil etish tuman (shahar) boʻlimlarida, shuningdek tarbiya va davolash muassasalari hamda aholini ijtimoiy himoyalash muassasalarida barchaga koʻrinadigan joyga osib qoʻyilishi lozim.
Bolani oilaga tarbiyaga olayotgan tutingan ota-onalar bilan shartnoma tuzilayotganda ularga mazkur Nizom talablari tushuntirilishi shart.
17. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash hamda Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirliklari bilan kelishildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vaziri F. NAZIROV
Toshkent sh.,
2002-yil 21-oktabr
Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vaziri O. OBIDOV
Toshkent sh.,
2002-yil 21-oktabr
Tarbiyalash (patronat) uchun oilalarga berilgan yetim bolalarni kiyim-bosh va poyabzal bilan taʼminlash hamda bolani oʻz tarbiyasiga olgan tutingan ota-onalarga har oylik nafaqa toʻlash tartibi toʻgʻrisida Nizomga 1-ILOVA
(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi va Moliya vazirligining 2015-yil 25-sentabrdagi 21-mh, 84-sonli qarori (roʻyxat raqami 1189-1, 14.10.2015-y.) tahririda — OʻR QHT, 2015-y., 41-son, 532-modda)
Tarbiyalash (patronat) uchun oilalarga berilgan yetim bolalarni kiyim-bosh va poyabzal bilan taʼminlash hamda bolani oʻz tarbiyasiga olgan tutingan ota-onalarga har oylik nafaqa toʻlash tartibi toʻgʻrisida Nizomga 2-ILOVA
Oilaga tarbiyaga olingan bolaga kiyim-bosh va poyabzal berish
NORMASI VA ROʻYXATI
T/r Kiyim-bosh va poyabzalning turi (nomi) Oʻlchov birligi 3 yoshgacha boʻlgan har bir bolaga Maktabgacha yoshdagi har bir bolaga (3 — 6 (7) yosh) Maktab yoshidagi har bir bolaga (6 (7) — 17 yosh) soni foydalanish muddati (yil) soni foydalanish muddati (yil) soni foydalanish muddati (yil) 1. Kurtka-kombinezon Dona 1 2 — — — — 2. Kurtka Dona — — 1 2 1 2 3. Palto Dona — — — — 1 2 4. Oʻgʻil bolalar kostyumi Dona 1 2 1 2 1 2 5. Maktab formasi (oʻgʻil bola uchun qora shim, oq koʻylak, qiz bola uchun kofta va yubka) Komplekt — — — — 1 1 6. Oʻgʻil bolalar koʻylagi Dona 2 1 2 1 2 1 7. Qiz bolalar koʻylagi (shoyi va ip gazlama bluzka) Dona 2 1 2 1 2 1 8. Qiz bolalar xalati Dona — — 1 1 1 1 9. Sviter (Djemper) Dona — — 1 2 1 2 10. Yozgi bayram k�ylagi Dona — — 1 1 1 1 11. Qishki bosh kiyim Dona — 1 1 1 1 1 12. Qiz bolalar trikosi Dona — — 1 1 1 1 13. Kolgotka Dona 2 1 2 1 2 1 14. Ichki kiyim toʻplami ( oʻgʻil va qiz bolalar uchun) Dona 2 1 2 1 2 1 15. Sport kostyumi Komplekt — — 1 1 1 1 16. Keda yoki krossovka Juft — — — — 1 1 17. Paypoq, golf Juft — — 2 1 2 1 18. Tufli, sandalet Juft — — 1 1 1 1 19. Tapochka Juft 1 1 1 1 1 1 20. Etik yoki botinka Juft 1 1 1 1 1 1 21. Qiz bolalar uchun siynaband Dona — — — — 1 1
Tarbiyalash (patronat) uchun oilalarga berilgan yetim bolalarni kiyim-bosh va poyabzal bilan taʼminlash hamda bolani oʻz tarbiyasiga olgan tutingan ota-onalarga har oylik nafaqa toʻlash tartibi toʻgʻrisida Nizomga 3-ILOVA
(3-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi va Moliya vazirligining 2015-yil 25-sentabrdagi 21-mh, 84-sonli qarori (roʻyxat raqami 1189-1, 14.10.2015-y.) tahririda — OʻR QHT, 2015-y., 41-son, 532-modda)
