4-modda. Asosiy tushunchalar
Huquqiy eksperiment toʻgʻrisida (O‘RQ-1127-son) · Sana: 27.03.2026 · Amalda
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
vakolatli organ — normativ-huquqiy hujjat qabul qilish huquqiga ega boʻlgan organ yoki mansabdor shaxs (bundan normativ-huquqiy hujjat qabul qilish vakolatiga ega boʻlgan vazirlik va idoralar hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari mustasno);
masʼul organ — huquqiy eksperimentni oʻtkazish va uning natijalarini baholash uchun masʼul etib belgilangan davlat organi yoki tashkiloti;
eksperimental-huquqiy norma — huquqiy eksperiment tartibida qabul qilingan normativ-huquqiy hujjat bilan belgilangan, ijtimoiy munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan, muayyan hududda va (yoki) shaxslar doirasi boʻyicha cheklangan holda, belgilangan vaqt oraligʻida sinovdan oʻtkaziladigan huquqiy norma;
huquqiy eksperiment — normativ-huquqiy hujjatning yoki huquqiy normaning samaradorligini amalda muayyan hududda va (yoki) shaxslar doirasi boʻyicha cheklangan holda, belgilangan vaqt oraligʻida sinovdan (tajribadan, aprobatsiyadan va shu kabilardan) oʻtkazish bilan bogʻliq chora-tadbirlar majmui;
huquqiy eksperiment tartibida qabul qilingan normativ-huquqiy hujjat — ijtimoiy munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan umummajburiy qoidalarni belgilaydigan, amalda muayyan hududda va (yoki) shaxslar doirasi boʻyicha cheklangan holda, belgilangan vaqt oraligʻida sinovdan oʻtkaziladigan normativ-huquqiy hujjat.
