27-modda. Huquqiy eksperiment yakunlari boʻyicha hisobot
Huquqiy eksperiment toʻgʻrisida (O‘RQ-1127-son) · Sana: 27.03.2026 · Amalda
Huquqiy eksperiment yakunlanganidan keyin masʼul organ tomonidan huquqiy eksperiment natijalari boʻyicha huquqiy eksperiment tartibida qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatni yoki eksperimental-huquqiy normalarni ularning amal qilishini vaqt boʻyicha, muayyan hududda va (yoki) shaxslar doirasi boʻyicha cheklanmagan holda qabul qilish toʻgʻrisida yoki qabul qilish maqsadga muvofiq emasligi haqida oʻttiz ish kuni ichida huquqiy eksperiment yakunlari boʻyicha hisobot tayyorlanadi.
Huquqiy eksperiment yakunlari boʻyicha hisobotda quyidagilar koʻrsatiladi:
huquqiy eksperiment tartibida qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatni yoki eksperimental-huquqiy normalarni qoʻllash amaliyoti, huquqiy eksperimentning ijobiy va salbiy oqibatlari, bunday hujjatning yoki eksperimental-huquqiy normalarning qoʻllanilishiga taʼsir oʻtkazgan ijtimoiy hamda boshqa omillar, huquqiy eksperiment oʻtkazilishi munosabati bilan qilingan xarajatlarning va olingan daromadlarning tahlili;
oʻtkazilgan huquqiy eksperimentning samaradorligi, foydaliligi va tejamkorligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
huquqiy eksperiment tartibida qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatni yoki eksperimental-huquqiy normalarni ularning amal qilishini vaqt boʻyicha, muayyan hududda va (yoki) shaxslar doirasi boʻyicha cheklanmagan holda qabul qilish maqsadga muvofiqligining yoki qabul qilish maqsadga muvofiq emasligining asoslari;
huquqiy eksperiment tartibida qabul qilingan normativ-huquqiy hujjat yoki eksperimental-huquqiy normalar ularning amal qilishini vaqt boʻyicha, muayyan hududda va (yoki) shaxslar doirasi boʻyicha cheklanmagan holda qabul qilinganidan keyin yuzaga keladigan ijobiy va salbiy oqibatlarning, xarajatlar va daromadlarning huquqiy eksperiment jarayonida erishilgan natijalar haqidagi maʼlumotlar bilan asoslantirilgan prognozi.
Huquqiy eksperiment yakunlari boʻyicha hisobot manfaatdor davlat organlari va tashkilotlari bilan kelishiladi.
Huquqiy eksperiment yakunlari boʻyicha hisobot Huquqiy eksperimentning yagona reyestri, ommaviy axborot vositalari, Internet jahon axborot tarmogʻi, shu jumladan masʼul organning rasmiy nashrlari va rasmiy veb-saytlari hamda ijtimoiy tarmoqlar orqali jamoatchilikka yetkazilishi shart.
Huquqiy eksperiment yakunlari boʻyicha hisobot tegishliligiga qarab vakolatli organga kiritiladi.
