24-modda. Huquqiy eksperimentning natijalarini baholash
Huquqiy eksperiment toʻgʻrisida (O‘RQ-1127-son) · Sana: 27.03.2026 · Amalda
Masʼul organ huquqiy eksperimentni oʻtkazish dasturida belgilangan muddatlarda va tartibda huquqiy eksperiment jarayonlarini monitoring qilish orqali uning natijalarini baholab boradi.
Huquqiy eksperiment monitoringi quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
eksperimental-huquqiy normaning u qoʻllanilgan sohaga nisbatan taʼsirini aniqlashni;
soʻrovlar yuborish, soʻrovnomalar oʻtkazish, fikr-mulohazalarni yigʻish va huquqni qoʻllash amaliyotida sinovdan oʻtgan eksperimental-huquqiy normaning samaradorlilik darajasini boshqa usullar orqali aniqlashni;
eksperimental-huquqiy norma joriy etilganidan keyin qanday ijobiy va salbiy oqibatlarga olib kelishining tahlilini;
jismoniy va yuridik shaxslarning eksperimental-huquqiy norma yuzasidan davlat organlariga hamda tashkilotlariga murojaatlari tahlilini;
eksperimental-huquqiy normani qoʻllash amaliyoti yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlarning yoki nazorat qiluvchi organlarning ushbu sohadagi nazorati tahlilini;
murojaatlar hamda qabul qilingan qarorlar davriyligini hisobga olgan holda sud amaliyoti va statistikasining tahlilini;
ommaviy axborot vositalaridagi va Internet jahon axborot tarmogʻidagi, shu jumladan ijtimoiy tarmoqlardagi maʼlumotlarning tahlilini;
eksperimental-huquqiy normaning huquqni qoʻllash amaliyoti boʻyicha statistika maʼlumotlarini toʻplashni va boshqalarni.
Huquqiy eksperimentning monitoringi va uning natijalarini baholash huquqiy eksperimentni oʻtkazish dasturida belgilangan nazorat qilish hamda natijalarni baholash boʻyicha uslubiy vositalar orqali amalga oshiriladi.
Huquqiy eksperimentning monitoringi va uning natijalarini baholash huquqiy eksperiment yakunlari boʻyicha hisobotda toʻliq koʻrsatilishi shart.
