“Yashil makon” umummilliy loyihasi samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (PF-47-son)
25.03.2026
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING
FARMONI
“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida respublikada yashil maydonlarni kengaytirish, mamlakatimizning har bir hududida botanika va dendrologiya bogʻlarini tashkil qilish hamda mavjud yashil bogʻlarni samarali boshqarish tizimini joriy etish orqali ularni saqlash, zararkunandalarga qarshi kurashish tizimini yaratish hamda mahalliy iqlim sharoitiga mos koʻchatlarni ilmiy asoslangan holda yetishtirishni rivojlantirish maqsadida qaror qilaman:
I. Maqsadlar
1. Quyidagilar ushbu Farmonning asosiy maqsadlari etib belgilansin:
(a) 2028-yilga qadar Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida qoʻshimcha ravishda jami maydoni 100 gektardan kam boʻlmagan botanika va dendrologiya bogʻlarini tashkil qilish;
(b) xalqaro standartlarga muvofiq 2030-yilgacha Oʻzbekistonda umumiy yashillik darajasini 14,2 foizdan 30 foizgacha oshirish, aholi jon boshiga toʻgʻri keladigan yashil hudud maydonini 9-10 m2gacha kengaytirish;
(v) PM2.5 va PM10 kabi zararli zarrachalarning konsentratsiyasini 20 — 25 foizga kamaytirish, iqlim sharoiti ogʻir hududlarda havo haroratini oʻrtacha 1,5 — 2°C gacha pasaytirish imkoniyatini yaratish.
II. Botanika va dendrologiya bogʻlarini tashkil etish va ularni muhofaza qilishga qaratilgan amaliy chora-tadbirlar
2. Quyidagilar:
(a) Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 5-maydagi OʻRQ-1061-son Qonuniga asosan botanika bogʻlariga muhofaza etiladigan tabiiy hudud maqomi berilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin;
(b) Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida botanika va dendrologiya bogʻlarini tashkil etish uchun ajratiladigan yer uchastkalari roʻyxati 1-ilovaga muvofiq;
(v) botanika va dendrologiya bogʻlarini tashkil etishning asosiy vazifalari 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Belgilansinki:
(a) dendrologiya bogʻlari maqomiga koʻra botanika bogʻlariga tenglashtiriladi;
(b) botanika va dendrologiya bogʻlarini tashkil etish maqsadida ajratiladigan yer maydonlari, istisno tariqasida, qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishi nobudgarchiligi oʻrnini qoplash boʻyicha kompensatsiya toʻlovlaridan ozod qilinadi.
4. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi (keyingi oʻrinlarda — Ekologiya qoʻmitasi), Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasi hamda Kadastr agentligi bilan birgalikda ikki oy muddatda ushbu Farmonning 1-ilovasiga muvofiq yer uchastkalari:
(a) mahalliy hokimliklar zaxirasiga qaytarilishini;
(b) belgilangan tartibda Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim oʻzgarishini oʻrganish universitetiga (Green University) doimiy foydalanish huquqi bilan ajratilishini taʼminlasin.
5. Ekologiya qoʻmitasi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda:
(a) ikki oy muddatda botanika va dendrologiya bogʻlarini tashkil etish konsepsiyalarini ishlab chiqib, tasdiqlasin;
(b) uch oy muddatda dendrologiya bogʻlariga muhofaza etiladigan tabiiy hudud maqomini berishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini ishlab chiqsin.
6. Belgilansinki:
(a) botanika va dendrologiya bogʻlari Ekologiya qoʻmitasi tasarrufida boʻladi hamda umumdavlat ahamiyatiga molik obyekt hisoblanadi;
(b) botanika va dendrologiya bogʻlari Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim oʻzgarishini oʻrganish universiteti (Green University) va “yashil” texnikumlarning tajriba, eksperimental va oʻquv-tajriba, ilmiy hamda oʻquv maqsadlari uchun foydalaniladigan obyektlari hisoblanadi;
(v) botanika va dendrologiya bogʻlarining yer uchastkalarini xususiylashtirish yoki begonalashtirish, ikkilamchi ijaraga berish, ularning hududlarini qisqartirish qatʼiy taqiqlanadi;
(g) botanika va dendrologiya bogʻlarini loyihalash, tashkil etish va ularni ekspluatatsiya qilish jarayonlarida xalqaro ekologik standartlar, atrof-muhitni muhofaza qilish boʻyicha umumeʼtirof etilgan ekologik meʼyorlar va milliy qonunchilik talablariga qatʼiy rioya qilinishi taʼminlanadi.
7. Botanika va dendrologiya bogʻlarini tashkil etish bilan bogʻliq xarajatlar quyidagi manbalar hisobidan amalga oshiriladi:
(a) Umummilliy ekologik muammolarni bartaraf etish davlat maqsadli jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda — Maxsus jamgʻarma);
(b) “Yashil makon” umummilliy loyihasi uchun Davlat budjetidan ajratiladigan mablagʻlar;
(v) xalqaro va xorijiy tashkilotlarning grant mablagʻlari, jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari hamda qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar. Bunda botanika va dendrologiya bogʻlarini barpo etish uchun xalqaro konsultantlar, olimlar, ekspertlar va mutaxassislarni jalb etish xarajatlari ham inobatga olinadi.
8. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda botanika va dendrologiya bogʻlari maydonining chegaralariga qadar tashqi muhandislik tarmoqlari va transport kommunikatsiyalarini tashkil etish, jumladan, elektr energiyasi, gaz va suv taʼminoti, yoʻllar va telekommunikatsiya tarmoqlari boʻyicha ishlarni tegishliligi boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlari mablagʻlari hisobidan amalga oshirsin.
9. Belgilansinki:
(a) botanika va dendrologiya bogʻlarini tashkil etish maqsadida loyihalarni amalga oshirish doirasida oʻxshashi respublikada ishlab chiqarilmaydigan import qilingan tovarlar, daraxt, buta koʻchatlari va urugʻlari, maxsus va texnologik asbob-uskunalar, butlovchi qismlar:
(i) majburiy muvofiqlikni baholash tartibotlaridan oʻtishdan;
(ii) belgilangan tartibda shakllantirilgan roʻyxatlar asosida bojxona bojidan.
(b) botanika va dendrologiya bogʻlari hududida ilmiy tashkilotlarning ilmiy tajriba, eksperimental ishlar va yangi navlarning seleksiyasi bilan bogʻliq tadbirlarni oʻtkazish hamda boshqa ilmiy va oʻquv maqsadlari uchun foydalaniladigan ekin va daraxtzorlar egallagan yer uchastkalari yer soligʻidan ozod qilinadi.
10. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq, eksperiment tariqasida:
(a) botanika va dendrologiya bogʻlarini tashkil etishda jismoniy va yuridik shaxslarga ushbu bogʻlardagi uchastkalar va (yoki) ular hududidagi noyob daraxtlarni oʻz nomiga shartnoma asosida biriktirib qoʻyishga (tamgʻalashga) ruxsat etiladi;
(b) botanika va dendrologiya bogʻlari sportchi, sanʼatkor, tadbirkor va boshqa tashabbuskorlar mablagʻlari hisobiga tashkil etilganda bogʻning kiraverishida uni tashkil etishda ishtirok etgan shaxslar nomlari bitilgan lavha oʻrnatiladi;
(v) botanika va dendrologiya bogʻlarini tashkil etishda moliyaviy va amaliy yordam koʻrsatgan shaxslarga metsenat maqomi beriladi;
(g) koʻchatchilik xizmatlari bilan shugʻullanuvchilarga botanika va dendrologiya bogʻlarining yer uchastkalarini noyob daraxt koʻchatlarini ekish va parvarish qilish uchun belgilangan tartibda ijara huquqi asosida berishga ruxsat etiladi. Bunda ijarachilar yer uchastkalaridan faqat daraxtlarni reklama va ekspozitsiya sifatida namoyish qilish uchun foydalanish hamda kelgusida daraxtlarni botanika va dendrologiya bogʻlariga qoldirish majburiyatini oladi.
11. Belgilansinki, 2027-yil 1-yanvardan boshlab botanika va dendrologiya bogʻlarining samarali faoliyat koʻrsatishi va barqaror rivojlanishini taʼminlash maqsadida respublikaning har bir hududidan mazkur bogʻlarga “yashillik elchisi” sifatida biriktiriladi.
12. “Yashillik elchilari”ning asosiy vazifalari 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
13. Vazirlar Mahkamasi (A.J. Ramatov, J.A. Xodjayev) Ekologiya qoʻmitasi bilan birgalikda 2028-yilga 1-noyabrga qadar Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari faoliyatini muvofiqlashtirgan holda mazkur Farmonning 1-ilovasida nazarda tutilgan botanika va dendrologiya bogʻlarining yer maydonlarini kamida 100 gektargacha yetkazish choralarini koʻrsin.
III. Yashil bogʻlarni barpo etish, ularni saqlash va parvarish qilish tizimini takomillashtirish
14. Oʻrmon va yashil hududlarni koʻpaytirish, choʻllanishga qarshi kurashish agentligi (keyingi oʻrinlarda — Oʻrmon agentligi) tizimidagi “Yashil hudud” davlat unitar korxonasi Oʻrmon agentligi huzuridagi “Yashil bogʻlarni boshqarish oʻrmon ilmiy-tajriba markazi” davlat muassasasiga (keyingi oʻrinlarda — Markaz) aylantirish orqali qayta tashkil etilsin. Bunda:
(a) “Yashil hudud” davlat unitar korxonasining hududlardagi tashkilotlari negizida Markazning Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida yuridik shaxs maqomiga ega boʻlgan hududiy boshqarmalari faoliyati yoʻlga qoʻyiladi;
(b) Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Markazning hududiy boshqarmalariga kelgusida yashil bogʻlarni saqlash va parvarish qilish ishlari davomida nobud boʻlgan koʻchatlar oʻrnini qoplash maqsadida tashkil qilinadigan koʻchatxona uchun qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan sugʻoriladigan yerlardan 3 — 5 gektar yer maydonlari ajratadi;
(v) Markaz “Yashil hudud” davlat unitar korxonasining huquq va majburiyatlari boʻyicha vorisi hisoblanadi.
15. “Yashil bogʻlarni boshqarish oʻrmon ilmiy-tajriba markazi” davlat muassasasining asosiy vazifalari va funksiyalari hamda faoliyatining ustuvor yoʻnalishlari 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
16. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda ikki oyda muddatda Markaz va uning hududiy boshqarmalarini boʻsh turgan binolarga joylashtirishni taʼminlasin.
IV. Daraxt va butalarning kasallik va zararkunandalariga qarshi kurashish tizimini yaratish
17. Belgilansinki:
(a) Markaz tarkibida alohida yuridik shaxs tashkil etmagan holda hududlardagi Daraxt kasalliklari va zararkunandalariga qarshi kurashish xizmati tashkil etiladi. Bunda davlat oʻrmon xoʻjaliklaridagi mavjud biolaboratoriyalar Markaz balansiga begʻaraz oʻtkaziladi;
(b) Markaz va uning hududiy boshqarmalarida faoliyat olib borayotgan xodimlar mehnatiga haq toʻlash, biriktirilgan bogʻlarni samarali boshqarish, saqlash va rivojlantirish xarajatlari 2026-yil uchun tegishliligi boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlaridan ushbu maqsadlarga ajratilgan mablagʻlar, Maxsus jamgʻarmaga ajratilgan mablagʻlar hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan qoplanadi.
18. Ekologiya qoʻmitasi uch oy muddatda:
(a) Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda 2027-yilda Markaz faoliyatini moliyalashtirish boʻyicha umumlashtirilgan taklifni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritsin;
(b) Markaz va uning hududiy boshqarmalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash maqsadida Maxsus jamgʻarmadan xarid qilinadigan maxsus va qishloq xoʻjaligi texnikalari roʻyxatini tasdiqlasin.
19. Quyidagilar Markaz tasarrufiga oʻtkaziladi:
(a) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-dekabrdagi PF-46-son Farmoni bilan tasdiqlangan 2022 — 2024-yillarda Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda yashil bogʻlarni barpo etish dasturiga asosan tashkil etilgan yashil bogʻlar;
(b) “Ochiq budjet” axborot portali orqali jamoatchilik fikri asosida shakllangan “Mening bogʻim” loyihasi doirasida 2024-2025-yillarda barpo etilgan va kelgusi yillarda barpo etiladigan yashil bogʻ va yashil jamoat parklari;
(v) Davlat budjeti va unga tenglashtirilgan manbalar hisobidan tashkil etilgan va mahalliy hokimliklarning zaxiradagi yer uchastkalarida joylashgan yashil bogʻlar.
20. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda:
(a) bir oy muddatda Markaz tasarrufiga oʻtkazilishi belgilangan mavjud bogʻlarni xatlovdan oʻtkazish, balansda saqlovchi va parvarish uchun masʼullar ishtirokida loyiha-smeta hujjatlarida belgilangan tadbirlarning toʻliq hajmda amalga oshirilishini taʼminlagan holda topshirish-qabul qilish dalolatnomalariga asosan Markazga topshirilishini;
(b) ikki oy muddatda topshirish-qabul qilish dalolatnomalariga asosan oʻtkazilgan bogʻlarga tegishli yer uchastkalari jamoat ehtiyojlari uchun doimiy foydalanish huquqi bilan Markazga ajratilishini;
(v) 2026-yil 1-maydan boshlab Ekologiya qoʻmitasining talabiga asosan Markazga kelgusida barpo etiladigan bogʻlarni belgilangan tartibda topshirish va ularga tegishli yer uchastkalari ajratib borilishini taʼminlasin.
21. Belgilansinki, Markaz tasarrufidagi bogʻlar va koʻchatxonalar tashkil etish uchun biriktirilgan yer uchastkalari daraxtzorlar sifatida soliq solish obyekti hisoblanmaydi.
V. Yashil maydonlarni kengaytirish boʻyicha yangi tashabbuslar
22. Hududlarda botanika va dendrologiya bogʻlarini tashkil qilish, yashillik darajasini oshirish hamda mavjud yashil bogʻlarni asrab qolish boʻyicha chora-tadbirlar rejasi 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
23. Transport vazirligi Ekologiya qoʻmitasi, vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda quyidagilarni nazarda tutuvchi “Yashil chipta” tizimini joriy qilsin:
(a) samolyot, poyezd, metro va taksi yoʻnalishlarida marshrutning karbon izini (taʼsirini) aniqlash va foydalanuvchilarga marshrutning tabiatga taʼsirini “yashil chipta” sotib olish orqali kompensatsiya qilish imkonini berish;
(b) ishlab chiqariladigan, saqlanadigan, ichki va tashqi bozorda realizatsiya qilinadigan mahsulotlar uchun ishlab chiqarish, saqlash va logistika jarayonlaridagi karbon izini hisoblab, xaridorga mahsulotning atrof-muhitga taʼsirini ixtiyoriy ravishda kompensatsiya qilish imkoniyatini yaratish;
(v) karbon izini (taʼsirini) Ekologiya qoʻmitasi tomonidan tasdiqlangan qoʻllanmaga muvofiq avtomatik ravishda aniqlash;
(g) “yashil chipta” olish orqali tabiatga yetkazilgan zarar kompensatsiyasidan tushgan mablagʻlarni Maxsus jamgʻarmaga oʻtkazish hamda faqat daraxt koʻchatlarini ekish va ularni parvarishlash tadbirlariga yoʻnaltirish.
VI. Amaliy va moliyaviy chora-tadbirlar
24. Ekologiya qoʻmitasiga “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirishda oʻz hissasini qoʻshayotgan shaxslarni quyidagicha ragʻbatlantirish vakolatlari berilsin:
(a) kamida 100 ta daraxt koʻchatlarini ekkan shaxsga yoki daraxt ekish uchun “Yashil xayriya jamgʻarmasi” platformasiga kamida 10 million soʻm hadya qilgan shaxsga “Ekofaol fuqaro” maqomini berish;
(b) kamida mingta daraxt koʻchatlari ekilishini tashkil qilgan yoki “Yashil xayriya jamgʻarmasi” platformasiga kamida 100 million soʻm hadya qilgan tadbirkorlik subyektlariga “Ekohamkor” maqomini berish. Bunda tadbirkorlik subyektlari:
(i) ularga ushbu maqomdan oʻz faoliyatini reklama qilishda foydalanish huquqi beriladi;
(ii) Ekologiya qoʻmitasi tomonidan tasdiqlanmagan taqdirda ekofaoliyat va ekoaksiyalarni tashkil qilish holatlarini reklama qilish reklama qonunchiligini buzish deb hisoblanadi va qonunchilikda belgilangan javobgarlikka sabab boʻladi;
(v) ellik mingdan kam boʻlmagan daraxt koʻchatlari ekilishini taʼminlagan yoki “Yashil xayriya jamgʻarmasi” platformasiga kamida 5 milliard soʻm hadya qilgan shaxslarga metsenat maqomini berish;
(g) Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida kamida 5 ta yashil bogʻ va yashil jamoat parkini oʻz hisobidan barpo qilgan shaxslarga “Kelajak bunyodkori” davlat mukofotini berish boʻyicha taklif kiritish.
25. Ekologiya qoʻmitasi ikki oy muddatda botanika va dendrologiya bogʻlari hamda yashil bogʻlar barpo etilishiga davlat-xususiy sheriklik asosida tadbirkorlarni jalb qilish mexanizmlari boʻyicha taklif kiritsin.
VII. Farmon ijrosini tashkil etish, taʼminlash va nazorat
26. Ekologiya qoʻmitasi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
27. Mazkur Farmonning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsan javobgar etib Bosh vazir oʻrinbosarlari A.J. Ramatov va J.A. Xodjayev, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ekologiya masalalari boʻyicha maslahatchisi — Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi raisi A.A. Abduxakimov belgilansin.
28. Farmon ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2026-yil 25-mart,
PF-47-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 25-martdagi PF-47-son Farmoniga 1-ILOVA
Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida botanika va dendrologiya bogʻlarini tashkil etish uchun ajratiladigan yer uchastkalari
ROʻYXATI
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 25-martdagi PF-47-son Farmoniga 2-ILOVA
Botanika va dendrologiya bogʻlarini tashkil etishning
ASOSIY VAZIFALARI
1. Boshqa mintaqa va xorijiy mamlakatlardan yangi daraxt, buta va kam uchraydigan oʻsimlik turlarini olib kirish (introduksiya) va mahalliy iqlimga moslashtirish (akklimatizatsiya).
2. Daraxt turlarining genofondini saqlash, yoʻqolgan populyatsiyalarni tiklash, kam uchraydigan, yoʻqolib borayotgan, endemik va Oʻzbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kiritilgan daraxt turlarining tirik kolleksiyalarini yaratish.
3. Hududlarda “in-vitro” laboratoriyalarini tashkil etish va koʻchatchilikka boʻlgan talabni toʻliq qondirish, seleksiya bilan shugʻullanish, yangi oʻsimlik navlarini yaratish.
4. Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi bilan birgalikda botanika va dendrologiya bogʻlarini zamonaviy uslubda tashkil etish va ular hududida ekotizimga mos hayvonot dunyosi obyektlari (qushlar, olmaxon va boshqalar)ni tabiiy koʻpaytirish.
5. Oʻsimliklarning morfologiyasi, fenologiyasi va fiziologiyasini oʻrganish boʻyicha tadqiqotlar oʻtkazish, talabalar va maktab oʻquvchilari uchun amaliyot va ilmiy-tajriba uchastkalarini tashkil qilish.
6. Aholi oʻrtasida ekologik madaniyatni oshirish hamda tabiatni muhofaza qilish, daraxt ekish va yashil maydonlarga gʻamxoʻrlik qilishga oid tadbirlarni tashkil etish.
7. Aholining dam olishi va salomatligini tiklashi uchun qulay sharoitlar yaratish, tashrif buyurish uchun infratuzilmani rivojlantirish (yoʻlakchalar, oʻrindiqlar, dam olish va piknik hududlari, yugurish yoʻlaklari, ochiq osmon ostidagi kutubxona, bepul “Wi-Fi” hududlari va boshqalar).
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 25-martdagi PF-47-son Farmoniga 3-ILOVA
“Yashillik elchi”larining
ASOSIY VAZIFALARI
1. Botanika va dendrologiya bogʻlaridagi yashil hududlarning holatini muntazam monitoring qilish, aniqlangan kamchilik va muammolar toʻgʻrisida masʼul davlat organiga maʼlumot taqdim etish.
2. Botanika va dendrologiya bogʻlarida amalga oshirilayotgan koʻkalamzorlashtirish, parvarishlash va ekologik tadbirlarda faol ishtirok etish, aholi, xususan, yoshlar oʻrtasida ekologik madaniyatni oshirish boʻyicha tashabbuslarni ilgari surish.
3. Botanika va dendrologiya bogʻlarida oʻtkaziladigan ekologik aksiyalar, maʼrifiy va madaniy tadbirlarni tashkil etishda yordam koʻrsatish.
4. Botanika va dendrologiya bogʻlarini saqlash va rivojlantirish boʻyicha mahalliy hamda xalqaro grantlar, homiylik mablagʻlari va ijtimoiy sheriklik loyihalarini jalb etishga koʻmaklashish.
5. Davlat organlari va mahalliy ijro hokimiyat organlari bilan hamkorlikda Botanika va dendrologiya bogʻlarining ekologik va estetik holatini yaxshilash boʻyicha takliflar ishlab chiqish.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 25-martdagi PF-47-son Farmoniga 4-ILOVA
“Yashil bogʻlarni boshqarish oʻrmon ilmiy-tajriba markazi” davlat muassasasining asosiy vazifalari va funksiyalari hamda faoliyatining ustuvor yoʻnalishlari
“Yashil bogʻlarni boshqarish oʻrmon ilmiy-tajriba markazi” davlat muassasasining asosiy vazifalari va funksiyalari hamda faoliyatining ustuvor yoʻnalishlari quyidagilardan iborat:
(a) oʻziga biriktirilgan botanika, dendrologiya va yashil bogʻlar (keyingi oʻrinlarda — bogʻlar) hududidagi daraxt, buta va boshqa oʻsimlik dunyosi obyektlarini asrash, saqlab qolish, qayta tiklash, takror koʻpaytirish va undan oqilona foydalanishga qaratilgan tadbirlarni amalga oshirish;
(b) aholining sayr qilishi, tabiat bilan uygʻunlashgan holda ochiq havoda hordiq chiqarishi uchun atrof-muhit sofligini saqlash va yashillikni koʻpaytirish boʻyicha zarur sharoitlar yaratish;
(v) bogʻlarda suv tejaydigan texnologiyalarni qoʻllagan holda sugʻorish ishlarini oʻz vaqtida tashkil etish;
(g) kasallangan yoki zararlangan daraxt va butalardagi zararli taʼsirlarni hamda ularning kelib chiqish omillarini oʻrganish;
(d) daraxt-butalarda aniqlangan kasallik va zararkunandalarga qarshi mexanik, biologik hamda kimyoviy usullar asosida kurashish;
(j) daraxtlar, butalar va oʻsimlik dunyosiga mansub boshqa oʻsimlik turlarining urugʻlarini yigʻish, nihol va koʻchat yetishtirish hamda ularni parvarishlash;
(z) urugʻchilik va koʻchatchilikni rivojlantirish boʻyicha ilgʻor davlatlar tajribasini oʻrganish, ularning natijalarini amaliyotga tatbiq etish;
(i) bogʻlarni samarali boshqarish, saqlash hamda rivojlantirish yoʻnalishida oliy taʼlim va ilmiy tashkilotlar bilan hamkorlikda tadqiqotlar olib borish;
(k) bogʻlardagi daraxt va butalar shoxlari tutashgunga qadar ularning qator oralaridan samarali foydalanishni tashkil etish.
Bunda ularning qator oralarida manzarali daraxt va buta, bir yillik va koʻp yillik gul koʻchatlarini yetishtirishga ruxsat beriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 25-martdagi PF-47-son Farmoniga 5-ILOVA
Hududlarda botanika va dendrologiya bogʻlarini tashkil qilish, yashillik darajasini oshirish hamda mavjud yashil bogʻlarni asrab qolish boʻyicha
CHORA-TADBIRLAR REJASI
