Atmosfera havosi sifatini yaxshilashga qaratilgan “Toza havo” umummilliy loyihasini amalga oshirish boʻyicha chora-tadbirlar toʻgʻrisida (PF-46-son)
25.03.2026
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmon
Iqlim oʻzgarishining jadallashishi, urbanizatsiya, sanoat va transportning rivojlanishi natijasida atrof-muhitga antropogen yuklamani qisqartirish hamda atmosfera havosi ifloslanishining oldini olish, shuningdek, ekologik toza va resurs tejamkor texnologiyalarni joriy etishni ragʻbatlantirish maqsadida qaror qilaman:
I. Maqsadlar
1. Quyidagilar 2026 — 2030-yillarda atmosfera havosi sifatini yaxshilashga qaratilgan “Toza havo” umummilliy loyihasining asosiy maqsadlari etib belgilansin:
(a) atmosferaga chiqarib tashlanayotgan ifloslantiruvchi moddalar miqdorini 10,5 foizga kamaytirish;
(b) atrof-muhitga taʼsiri boʻyicha I va II toifaga kiruvchi korxonalarda avtomatik monitoring stansiyalari va chang-gaz tozalash uskunalari oʻrnatilishini taʼminlash;
(v) sanoat obyektlaridan chiqadigan tashlamalarni ushlab qolish ulushini 32 foizga yetkazish;
(g) PM2,5 boʻyicha milliy meʼyorlardan oshish kuzatilgan kunlar sonini kamaytirish;
(d) transport vositalaridan atmosfera havosiga chiqarilayotgan ifloslantiruvchi moddalar hajmini 10 foizga qisqartirish.
2. Quyidagilar:
(a) Atmosfera havosi sifatini yaxshilashga qaratilgan “Toza havo” umummilliy loyihasining maqsadli koʻrsatkichlari 1-ilovaga muvofiq;
(b) Atmosfera havosi sifatini yaxshilashga qaratilgan “Toza havo” umummilliy loyihasini Toshkent shahrida amalga oshirish dasturi 2-ilovaga muvofiq;
(v) Atmosfera havosi sifatini yaxshilashga qaratilgan “Toza havo” umummilliy loyihasini Toshkent shahrida amalga oshirish dasturining maqsadli koʻrsatkichlari 2a-ilovaga muvofiq;
(g) Toshkent shahrida 2030-yilgacha yashil hududlar tizimini rivojlantirish va bu borada aholi ehtiyojlarini taʼminlashning maqsadli koʻrsatkichlari 2b-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasining (keyingi oʻrinlarda — Ekologiya qoʻmitasi) Toshkent shahrida ekologik vaziyatni yaxshilash yuzasidan kechiktirib boʻlmaydigan chora-tadbirlarni amalga oshirish boʻyicha maxsus komissiya faoliyatini 2027-yil 1-martgacha uzaytirish hamda uning nomini Ekologik vaziyatni yaxshilash yuzasidan kechiktirib boʻlmaydigan chora-tadbirlarni amalga oshirish boʻyicha respublika maxsus komissiyasiga oʻzgartirish boʻyicha taklifiga rozilik berilsin.
4. Ekologiya qoʻmitasi manfaatdor vazirlik va idoralar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi hamda viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda:
(a) 2026-yil 1-iyulgacha Fargʻona, Andijon hamda Namangan viloyatlari;
(b) 2026-yil 1-avgustgacha Toshkent, Sirdaryo, Jizzax va Samarqand viloyatlari;
(v) 2026-yil 1-oktabrgacha Qashqadaryo, Surxondaryo, Navoiy va Buxoro viloyatlari;
(g) 2026-yil 1-dekabrgacha Qoraqalpogʻiston Respublikasi hamda Xorazm viloyatida “Toza havo” umummilliy loyihasini amalga oshirishga qaratilgan normativ-huquqiy hujjat loyihalarini ishlab chiqsin.
5. Belgilansinki, mazkur Farmonning 4-bandida nazarda tutilgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari ishlab chiqilib, belgilangan tartibda qabul qilinguniga qadar “Toza havo” umummilliy loyihasini hududlarda amalga oshirish Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi hamda viloyatlar xalq deputatlari kengashlari tomonidan tasdiqlangan dasturlarga muvofiq amalga oshiriladi.
II. Energetika, sanoat va qishloq xoʻjaligi tarmoqlarida ekologik islohotlarni amalga oshirish
6. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq 2026-yil 1-apreldan boshlab Toshkent shahrida yangi sanoat zonalarini tashkil qilishga muddatsiz moratoriy joriy qilinadi (bundan xizmat koʻrsatish yoki moliyaviy xizmatlarga ixtisoslashgan zonalar mustasno).
7. Belgilab qoʻyilsinki, issiqlik va elektr energiyasini ishlab chiqarish hamda sanoat korxonalarida chang-gaz tozalash va energiya samarador uskunalar oʻrnatish maqsadida quyidagi choralar koʻriladi:
(a) 2026-yil 1-oktabrdan boshlab Xalqaro standartlashtirish tashkilotining ekologik menejment, issiqxona gazlarini boshqarish, ekologik xavfsizlik va yashil energiya xalqaro sertifikatlarini olib, mahsulotining 30 foizini muqobil energiya hisobiga ishlab chiqargan korxonalarning sertifikatni olish xarajatlarining 50 foizigacha boʻlgan qismi Ekologiya qoʻmitasi huzuridagi Umummilliy ekologik muammolarni bartaraf etish davlat maqsadli jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan qoplab beriladi;
(b) 2026-yil 1-maygacha Toshkent shahri hamda unga tutash hududlarda joylashgan issiqlik va elektr energiyasini ishlab chiqarish korxonalarida ustuvor (turgʻun) manbalar boʻyicha majburiy tartibda avtomatik monitoring stansiyalari va avtomatik kuzatuv postlari oʻrnatiladi hamda ushbu qurilmalardan olinadigan maʼlumotlar Ekologiya qoʻmitasining yagona geoaxborot maʼlumotlar bazasiga integratsiya qilinadi;
(v) atrof-muhitga taʼsiri boʻyicha I va II toifaga kiruvchi korxonalar tomonidan oʻrnatilgan avtomatik monitoring stansiyalari Ekologiya qoʻmitasining yagona geoaxborot maʼlumotlar bazasiga integratsiya qilinmagan taqdirda, ularga nisbatan atrof tabiiy muhitni ifloslantirganligi va chiqindilarni joylashtirganligi uchun kompensatsiya toʻlovlari oʻn baravarga oshirilgan holda qoʻllanadi;
(g) 2026-yil 1-iyuldan boshlab issiqxonalarni issiqlik bilan taʼminlashda issiqxonalardagi muvofiqlik sertifikati mavjud boʻlmagan hamda yonish jarayoni nazorat qilinmaydigan qozonlardan foydalanish amaliyoti bekor qilinadi.
8. Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Energiya samaradorligi milliy agentligi tomonidan Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligining (JICA) 100 million AQSH dollari miqdoridagi qarz mablagʻlarini hamda Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining (YETTB) 200 million AQSH dollari miqdoridagi davlat kafolatisiz kreditini jalb qilish boʻyicha kelishuvga erishilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
9. Belgilansinki, mazkur Farmonning 8-bandida nazarda tutilgan mablagʻlar tijorat banklari orqali sanoat korxonalariga yashil texnologiyalar, chang-gaz tozalash uskunalari, avtomatik monitoring stansiyalari, energiya samarador uskunalar va lokal suv tozalash inshootlarini sotib olish uchun imtiyozli kreditlar ajratishga yoʻnaltiriladi.
10. Vazirlar Mahkamasi va Savdo-sanoat palatasi 2026-yil 1-maydan boshlab 2026-yil 1-dekabrgacha atrof-muhitga taʼsiri boʻyicha I va II toifaga kiruvchi korxonalarda yashil texnologiyalar, chang-gaz tozalash uskunalari, avtomatik monitoring stansiyalari, energiya samarador uskunalar va lokal suv tozalash inshootlarni oʻrnatish rejasini tasdiqlasin hamda ijrosini taʼminlasin.
11. Belgilansinki, Ekologiya qoʻmitasi:
(a) chang-gaz tozalash uskunalari samaradorligini maxsus laboratoriya sinovlari asosida doimiy ravishda monitoring qilib boradi;
(b) monitoring natijalariga koʻra ijobiy xulosa berilgan chang-gaz tozalash uskunalari reyestrini shakllantiradi va oʻzining rasmiy sahifasida eʼlon qiladi.
III. Qurilish sohasida atmosfera havosini muhofaza qilish va ekologik talablarni kuchaytirish
12. Belgilansinki, 2026-yil 1-iyundan boshlab:
(a) qurilish obyektlarida (yakka tartibdagi uy-joylar bundan mustasno) quyidagi ekologik talablarni joriy qilish majburiyatlari kiritiladi:
(i) qurilish obyektlarini fon monitoring stansiyalari bilan jihozlash va Ekologiya qoʻmitasining yagona geoaxborot maʼlumotlar bazasiga integratsiya qilish;
(ii) onlayn nazorat qilish uchun qurilish maydoni boʻylab va chiqish nuqtalarida onlayn kameralar oʻrnatish va Ekologiya qoʻmitasining yagona geoaxborot maʼlumotlar bazasiga integratsiya qilish;
(iii) huquqbuzarlik sodir etgan qurilish tashkilotlarining “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimidagi reyting ballarini kamaytirish amaliyotini joriy qilish;
(b) qurilish obyektlari boʻyicha loyiha-smeta va shaharsozlik hujjatlarini ekspertizadan oʻtkazishda majburiy ravishda ekologik ekspertiza xulosasini taqdim etish tartibi joriy qilinadi;
(v) yangi quriladigan, balandligi yer yuzasidan 12 metrdan va (yoki) umumiy maydoni 500 metr kvadratdan ortiq boʻlgan bino va inshootlarni (yakka tartibdagi uy-joylar bundan mustasno) loyihalashtirishda ularga tutash hududlarning koʻkalamzorlashtirish (daraxtlar, butalar, boshqa oʻsimliklar va nihollarni ekish) maydonlari loyiha uchun ajratiladigan yer uchastkalari umumiy maydonining 30 foizidan kam boʻlishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
13. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimligi 2026-yil 1-dekabrga qadar bir hududda kamida 1 gektar maydonda daraxt barglarini yigʻish, ularni biologik usulda chiritish (kompostlash) orqali olingan organik moddalardan kompost sifatida va mulchalashda foydalanish tizimini joriy etsin.
14. Toshkent shahar hokimligi, Ekologiya qoʻmitasi, Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi 2027-yil 1-mayga qadar xorijiy kompaniya va ilmiy-tadqiqot institutlarini jalb qilgan holda Toshkent shahrining 2035-yilgacha moʻljallangan ekologik va suv resurslarini boshqarish, ulardan oqilona foydalanish boʻyicha master rejasini ishlab chiqish choralarini koʻrsin.
15. Belgilab qoʻyilsinki:
(a) ekologik va qurilish ekspertiza xulosalari olinishida “shamol guli” koridorlari harakatlanishini inobatga olish majburiy hisoblanadi;
(b) hududlarning bosh rejalari loyihalarida “shamol guli” koridorlari harakatlanishini inobatga olgan holda “shamol yoʻlaklari” tasdiqlanadi;
(v) jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan daryo va soylar oʻzanini tozalash jarayonida yoki noqonuniy ravishda qum-shagʻal qazib olish natijasida buzilgan suv fondi yerlarini tiklash (reabilitatsiya, rekultivatsiya va koʻkalamzorlashtirish ishlari) qonunbuzarlik sodir etgan shaxslarning mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
IV. Transport tizimini ekologik jihatdan takomillashtirish
16. Belgilansinki:
(a) 2026-yil 1-maydan boshlab har oyning 10 va 25 sanalarida “Avtomobilsiz kun”, “Avtomobilsiz hafta” aksiyalari oʻtkazib boriladi. Bunda:
(i) mazkur aksiyalar doirasida davlat fuqarolik xizmatchilari tomonidan xizmat avtotransport vositalaridan foydalanish qatʼiyan taqiqlanadi;
(ii) ushbu sanalar ish kunlariga toʻgʻri kelganda haydovchilarning ish haqi saqlab qolinadi;
(b) 2026-yil 1-avgustdan boshlab aholiga qoʻshimcha qulayliklar yaratish maqsadida “trade-in” dasturi doirasida eskirgan avtotransport vositalarini topshirgan jismoniy va yuridik shaxslarga yangi transport vositalarini xarid qilish uchun avtokredit foizining bir qismini qoplab berish amaliyotini yoʻlga qoʻyiladi.
17. Energetika vazirligi 2026-yil 1-noyabrga qadar respublikadagi barcha neftni qayta ishlash zavodlarini 2028-yil 1-noyabrga qadar “Yevro-4”, 2030-yil 1-martdan boshlab “Yevro-5” ekologik toifa talablariga muvofiq boʻlgan motor yoqilgʻilarini ishlab chiqarishni nazarda tutgan holda modernizatsiya qilish hamda ularni rivojlantirish dasturini ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritilishini taʼminlasin.
18. Ekologiya qoʻmitasi 2026-yil yakuniga qadar “Ekologik transport” tizimi doirasida Toshkent shahrining hududi “qizil”, “sariq” va “yashil” zonalariga ajratib chiqilishini taʼminlasin.
19. Ichki ishlar vazirligi 2026-yil yakuniga qadar Toshkent shahridagi barcha avtotransport vositalariga ekologik toifasini tasdiqlovchi ekologik stikerlar berilishini taʼminlash boʻyicha tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirsin.
V. Tabiiy changning oldini olishga qaratilgan tezkor chora-tadbirlar
20. Ekologiya qoʻmitasi:
(a) bir oy muddatda Jahon bankining “Oʻzbekistonda barqaror oʻrmon landshaftlarini tiklash” loyihasi doirasida koʻzda tutilgan mablagʻlarning bir qismini Toshkent shahri atrofida “yashil belbogʻ” barpo etish loyihasiga yoʻnaltirish boʻyicha qaror loyihasini kiritsin;
(b) 2026-yil 1-apreldan boshlab chang boʻronlarining oldini olish uchun Surxondaryo va Sirdaryo viloyatlarida “yashil devor”lar barpo etishni boshlasin.
21. Ekologiya qoʻmitasi Toshkent shahar va Toshkent viloyati hokimliklari bilan birgalikda 2026-yil 1-apreldan boshlab Ekologiya qoʻmitasi huzuridagi Umummilliy ekologik muammolarni bartaraf etish davlat maqsadli jamgʻarmasi, homiylik mablagʻlari va qonunchilik bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan quyidagi bogʻlarni barpo etishni boshlasin:
(a) Mirzo Ulugʻbek tumanidagi Fanlar akademiyasining Yadro fizikasi instituti va unga tutash boʻlgan 250 gektarda dendrologiya bogʻi (Yoqilgʻi-energetika va kimyo sanoati sohasi kadrlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markazi hamda “Oʻzbekiston-Koreya kimyo texnologiyalari innovatsiya markazi”ni tashkil qilishga moʻljallangan yer maydoni bundan mustasno);
(b) Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim oʻzgarishini oʻrganish universiteti (Green University) qarshisidagi Toshkent va Qibray tumanlaridagi 83 gektarda dendrologiya bogʻi.
22. Toshkent shahar hokimligi Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi, Ekologiya qoʻmitasi bilan birgalikda 2026-yil yakuniga qadar Chilonzor tumani Lutfiy mahallasi Bogʻiston koʻchasida joylashgan Toshkent shahri onkologiya shifoxonasi oʻrnidagi 4,36 gektarda yashil jamoat parki tashkil etilishini taʼminlasin.
23. Toshkent shahar hokimligi Suv xoʻjaligi vazirligi hamda Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi bilan birgalikda 2026-yil yakuniga qadar Umummilliy ekologik muammolarni bartaraf etish davlat maqsadli jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan Toshkent shahrida 4 ta sunʼiy koʻl va (yoki) suv havzalarini tashkil etish ishlarini amalga oshirsin.
24. Toshkent shahar hokimligi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi va Ekologiya qoʻmitasi bilan birgalikda 2026-yil 1-apreldan boshlab tegishliligi boʻyicha:
(a) Toshkent shahrida faoliyat olib borayotgan davlat oliy taʼlim muassasalarining budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan oʻz hududida kamida 1 ta, jami 15 ta favvora qurish ishlarini amalga oshirsin;
(b) qonunchilikda taqiqlanmagan manbalar hisobidan Toshkent shahrining har bir tumanida shaharsozlik normalaridan kelib chiqib kamida bittadan favvora barpo etish choralarini koʻrsin.
25. Ekologiya qoʻmitasi Fanlar akademiyasi hamda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan birgalikda ijobiy sinovdan oʻtgan xorijiy tajribani oʻrgangan holda sunʼiy yomgʻir yogʻdirish va sunʼiy shamol texnologiyasini belgilangan tartibda bosqichma-bosqich joriy qilish choralarini koʻrsin. Bunda 2027-yil 1-oktabrga qadar poytaxtning atmosfera havosini yaxshilash maqsadida Toshkent shahri va Toshkent viloyatida namlik past boʻlgan hududga kerakli asbob-uskunalar oʻrnatilsin.
VI. Farmon ijrosini tashkil etish, taʼminlash va nazorat
26. Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi bilan birgalikda ushbu Farmonning maqsad va vazifalari, amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarning borishi va natijalarini ommaviy axborot vositalarida va internet tarmogʻida keng yoritish ishlarini tashkil qilsin.
27. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga 3-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
28. Oʻzbekiston Respublikasi Milliy statistika qoʻmitasi ikki oy muddatda ekologik xususiyatga ega statistika hisobotlarini yigʻish va maʼlumotlarini tarqatishni Ekologiya qoʻmitasi bilan kelishish tartibini joriy qilish boʻyicha amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritishni nazarda tutuvchi hujjat ishlab chiqsin.
29. Mazkur Farmonning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsan javobgar etib Bosh vaziri oʻrinbosarlari A.J. Ramatov va J.A. Qoʻchqorov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ekologiya masalalari boʻyicha maslahatchisi — Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi raisi A.A. Abduxakimov hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari belgilansin.
30. Farmon ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari S.Sh. Mirziyoyeva zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2026-yil 25-mart,
PF-46-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 25-martdagi PF-46-son Farmoniga 1-ILOVA
Atmosfera havosi sifatini yaxshilashga qaratilgan “Toza havo” umummilliy loyihasining hududlar kesimidagi
MAQSADLI KOʻRSATKICHLARI
* Koʻrsatkichlar yildan yilga oʻsib borishi hisobga olingan holda belgilangan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 25-martdagi PF-46-son Farmoniga 2-ILOVA
Atmosfera havosi sifatini yaxshilashga qaratilgan “Toza havo” umummilliy loyihasini Toshkent shahrida amalga oshirish
DASTURI
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 25-martdagi PF-46-son Farmoniga 2a-ILOVA
Atmosfera havosi sifatini yaxshilashga qaratilgan “Toza havo” umummilliy loyihasini Toshkent shahrida amalga oshirish dasturining
MAQSADLI KOʻRSATKICHLARI
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 25-martdagi PF-46-son Farmoniga 2b-ILOVA
Toshkent shahrida 2030-yilgacha yashil hududlar tizimini rivojlantirish va bu borada aholi ehtiyojlarini taʼminlashning
MAQSADLI KOʻRSATKICHLARI
Izoh: 2030-yilgacha belgilangan yashil hududlarni rivojlantirish boʻyicha maqsadli koʻrsatkichlarga erishishni taʼminlashda quyidagi vazirlik va idoralar masʼul ijrochi tashkilotlar etib belgilanadi:
Toshkent shahar hokimligi, Toshkent shahridagi barcha tuman hokimliklari, tumanlar obodonlashtirish boshqarmalari, Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi, “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ, Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi, Ekologiya qoʻmitasi, Oʻrmon va yashil hududlarni koʻpaytirish, choʻllanishga qarshi kurashish agentligi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 25-martdagi PF-46-son Farmoniga 3-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2007-yil 17-dekabrdagi PF-3942-son Farmoni bilan tasdiqlangan Faxriy unvonlar uchun har oylik toʻlovlar miqdorlarining rus tilidagi matni quyidagi mazmundagi 36-pozitsiya bilan toʻldirilsin:
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-sentabrdagi “Xizmatlar sohasini qoʻllab-quvvatlashga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-6318-son Farmonida:
(a) 1-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Yoʻlovchi tashish uchun moʻljallangan va ishlab chiqarilganiga 2 yildan oshmagan avtobus, elektrobus, trolleybus hamda mikroavtobuslarni 2027-yil 31-dekabrga qadar Oʻzbekiston Respublikasiga import qilishda bojxona bojining nol stavkasi qoʻllanilsin hamda utilizatsiya yigʻimini besh yilga boʻlib-boʻlib toʻlashga ruxsat berilsin”;
(b) 2-band oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 31-maydagi “Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasini transformatsiya qilish va vakolatli davlat organi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-81-son Farmonida:
(a) 8-bandning “b” va “v” kichik bandlar quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“b) 2026-yil yakuniga qadar respublika hududi boʻyicha atmosfera havosining tabiiy ifloslanishi yuqori boʻlgan hududlarni prognozlash va aholini barvaqt ogohlantirish tizimi sinov tariqasida joriy etiladi;
v) 2027-yil 1-yanvardan boshlab Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri hududida oʻrnatiladigan avtomatlashgan kichik stansiyalar maʼlumotlari atrof tabiiy muhit davlat monitoringi tizimining yagona geoaxborot maʼlumotlar bazasiga integratsiya qilish orqali vizuallashtirilib, rasmiy veb-saytlarda real vaqt rejimida muntazam yangilab boriladi”;
(b) 11-band oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19-iyundagi “Davlat fuqarolik xizmatini yangi yondashuvlar asosida tashkil etish hamda professional va natijadorlikka yoʻnaltirilgan davlat xizmatchilari korpusini shakllantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-95-son Farmonida:
(a) 4-ilovada:
(i) quyidagi mazmundagi 121 pozitsiya bilan toʻldirilsin:
(ii) 23-pozitsiya chiqarib tashlansin;
(iii) 62 — 64-pozitsiyalar quyidagi tahrirda bayon etilsin:
(b) 8-ilovada:
(i) 1-ilova quyidagi mazmundagi ustun bilan toʻldirilsin:
5. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 16-fevraldagi “Mamlakat taraqqiyotining 2030-yilgacha moʻljallangan ustuvor yoʻnalishlari doirasida islohotlarni izchil davom ettirish va yangi bosqichga olib chiqishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-21-son Farmoniga 6-ilovaning 22-pozitsiyasi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
6. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 27-iyuldagi “Turizm yoʻnalishidagi islohotlarni yanada jadallashtirish va sohada davlat boshqaruvi tizimini samarali tashkil qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-238-son qarorining 5-bandidagi “2026” raqami “2029” raqami bilan almashtirilsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-sentabrdagi “Chang boʻronlariga qarshi kurashish va atmosfera havosi sifatini yaxshilash boʻyicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-338-son qarorining 4-bandi uchinchi xatboshisidagi “2026” raqami “2027” raqami bilan almashtirilsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 14-avgustdagi “Qoraqalpogʻiston Respublikasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlarni yanada jadallashtirish toʻgʻrisida”gi PQ-248-son qaroriga 6-ilovaning 14-pozitsiyasi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
9. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 18-noyabrdagi PQ-343-son qarori bilan tasdiqlangan Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi toʻgʻrisidagi nizomning 18-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“18. Raisning Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan toʻrt nafar oʻrinbosari, shu jumladan, bir nafar birinchi oʻrinbosari boʻladi”.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 5-fevraldagi “Koʻp kvartirali uylarni boshqarish tizimini yanada takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-48-son qarorining 7-bandidagi “kamida” soʻzi chiqarib tashlansin.
