Oʻzbekiston Respublikasi iiv tergov hibsxonalari va jazoni ijro etish muassasalarida saqlanayotgan shaxslar tibbiy taʼminoti boʻyicha qoidalarni tasdiqlash haqida (1182-son)
24.10.2002
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining
buyrugʻi
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2002-yil 24-oktabrda 1182-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan]
1. “Oʻzbekiston Respublikasi IIV tergov hibsxonalari va jazoni ijro etish muassasalarida saqlanayotgan shaxslar tibbiy taʼminoti boʻyicha Qoidalar” tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi IIV JIEBB, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri, Toshkent shahar IIBB va viloyatlar IIBlari boshliqlariga:
a) Qoidalarni tegishli xizmatlar va mutasaddi xodimlar bilan oʻrganib chiqilishi va bajarilishini taʼminlasinlar;
b) Tergov hibsxonasi va jazoni ijro etish muassasalari tibbiyot xodimlariga bemorlarni qabul qilish va davolash uchun xonalar ajratilishi, ularni tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlanishi oʻrnatilgan tartibda amalga oshirilsin;
v) Tergov hibsxonasi va jazoni ijro etish muassasalarida roʻy bergan har bir oʻlim, yuqumli kasalliklar, ovqatdan zaharlanish va boshqa holatlar haqida belgilangan tartib boʻyicha axborot berilishi nazoratga olinsin;
g) Maxsus kontingentga oʻz vaqtida va toʻlaqonli tibbiy yordam koʻrsatilishini taʼminlash maqsadida tergov hibsxonalari va jazoni ijro etish muassasalari tibbiyot xodimlarini davolash-profilaktika ishlaridan boshqa ishlarga jalb qilish qatʼiyan taqiqlansin.
3. IIV Tibbiyot boshqarmasiga (S.Tolipov) tergov hibsxonalari va jazoni ijro etish muassasalaridagi tibbiy taʼminotga umumiy rahbarlik qilish, amaliy yordam berish va nazorat ishlarini olib borish, tibbiyot xodimlarini shahodatdan oʻtkazish, koʻrsatkichlarni tahlil qilish, yuqumli kasalliklarni oldini olish va oʻlimni kamaytirishga qaratilgan tadbirlarni olib borish vazifalari yuklatilsin.
4. Sobiq Ittifoq Ichki ishlar vazirligining 1989-yil 17-noyabrdagi 285-sonli va Oʻzbekiston Respublikasi IIVning 2000-yil 6-apreldagi 81-sonli buyruqlari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
Ichki ishlar vaziri Z. ALMATOV
Toshkent sh.,
2002-yil 3-sentabr,
231-son
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining 2002-yil 3-sentabrdagi 231-sonli buyrugʻi bilan TASDIQLANGAN
Oʻzbekiston Respublikasi IIV tergov hibsxonalari va jazoni ijro etish muassasalarida saqlanayotgan shaxslar tibbiy taʼminoti boʻyicha
QOIDALAR
Mazkur Qoidalar Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat-ijroiya kodeksi 87-moddasiga muvofiq ishlab chiqilgan boʻlib, Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining tergov hibsxonalari va jazoni ijro etish muassasalarida saqlanayotgan shaxslarning tibbiy taʼminotini belgilaydi.
I BOʻLIM. UMUMIY QOIDALAR
I-bob. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining tergov hibsxonalari va jazoni ijro etish muassasalari tibbiy xizmatlarining tergov hibsxonalarida va jazoni ijro etish muassasalarida saqlanayotgan shaxslarga davolash-profilaktika tadbirlarini oʻtkazish boʻyicha asosiy vazifalari
1. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining (bundan keyin IIV deb yuritiladi) tergov hibsxonalari va jazoni ijro etish muassasalari (bundan keyin JIEM deb yuritiladi) tibbiy xizmatlarining asosiy vazifasi, bu tergov hibsxonalarida va jazoni ijro etish muassasalarida saqlanayotgan shaxslar (bundan keyin maxsus kontingent deb yuritiladi) sogʻligʻini saqlash va salomatligini tiklashdan iboratdir.
2. Tibbiy xizmatlarning asosiy vazifalari:
Maxsus kontingentga zarur boʻlgan tibbiy yordamni koʻrsatish va uni tashkillashtirish.
Maxsus kontingentni vaqti-vaqti bilan profilaktik tibbiy koʻrikdan va tekshiruvdan oʻtkazish yoʻli bilan ular salomatligini nazorat qilish, davolashga va doimiy tibbiy kuzatuvga muhtoj boʻlgan shaxslarni aniqlash, ular mehnat qobiliyatini mustahkamlashga, hamda ular tomonidan kasalligi tufayli saqlash tartibini buzish va qayta jinoyat sodir etish holatlarini oldini olishga qaratilgan davolash-sogʻlomlashtirish tadbirlarini olib borish.
JIEM va tergov hibsxonalari maxsus kontingentiga nisbatan sanitariya tadbirlari va epidemiyaga qarshi tadbirlarni tashkil etish.
Maxsus kontingent orasida tibbiy va gigiyena bilimlarini targʻib qilish, hamda ularga sogʻlom turmush tarzini singdirish.
Maxsus kontingent orasida kasallanish va mehnat qobiliyatini yoʻqotish hollarini tahlil qilish natijasida, ularga nisbatan davolash-profilaktika tadbirlarini ishlab chiqish va amalga oshirish.
3. Tergov hibsxonalarida va jazoni ijro etish muassasalarida saqlanayotgan shaxslarni 10% va undan ortigʻida yuqumli kasalliklar tarqalishi hamda ular orasida bir guruh ovqatdan zaharlanish yoki kasb kasalliklari (ular qanday ogʻirlikda kechishidan qatʼi nazar) qayd etilgan hollarda, shuningdek bir yoki bir necha kishi jarohatlanish yoki zaharlanish oqibatida ogʻir kasallansa yoki vafot etsa, qamoqda saqlash joyining maʼmuriyati bu haqida IIV Jazoni ijro etish Bosh boshqarmasiga (bundan keyin JIEBB deb yuritiladi), Tibbiyot boshqarmasiga, uning yaqin qarindoshlariga, qonuniy vakiliga, jinoyat ishini yuritayotgan mansabdor shaxsga yoki organga va prokurorga darhol xabar qiladi.
II BOʻLIM. MAXSUS KONTINGENTNI SANITARIYA VA EPIDEMIYAGA QARShI TAʼMINOTINI TAShKIL QILISh
II-bob. Tergov hibsxonalarida va jazoni ijro etish muassasalarida sanitariya nazoratini tashkil etish boʻyicha umumiy qoidalar
4. Oʻzbekiston Respublikasi IIV tergov hibsxonalari va jazoni ijro etish muassasalarida sanitariya nazoratini olib borish, sanitariya meʼyorlari va qoidalari talablariga rioya qilinishini kuzatib borish va maxsus kontingentning mehnat va maishiy sharoitlarini yaxshilashga qaratilgan tadbirlar majmuini amalga oshirish, ular orasida kasalliklarning kelib chiqishini oldini olish va kamaytirish, tashqi muhitning (suv havzalari, yer, havo atmosferasi) sogʻliqqa zararli boʻlgan oqavalar va xoʻjalik maishiy chiqindilar bilan ifloslanishining oldini olish va bartaraf etishning doimiy ravishda nazorat qilish tizimidan iborat.
5. Tergov hibsxonalari va JIEM tibbiy boʻlimlari (bundan keyin tibbiy boʻlimlar deb yuritiladi) sanitariya qonunchiligi talablarini bajarilishi ustidan quyidagi sanitariya nazoratini amalga oshiradilar:
a) yashash joylari, xizmat va ishlab chiqarish xonalari, kommunal-maishiy, oziq-ovqat obyektlari, suv bilan taʼminlash manbalari va muassasa hududini saqlash va sanitariya holati boʻyicha;
b) muassasaning barcha obyektlari sanitariya-gigiyenik holatini hamda sanitariya-texnik holatini yaxshilashga qaratilgan tadbirlarni oʻtkazish boʻyicha;
v) muassasalarda maxsus kontingentni joylashtirish, ichimlik suvi bilan taʼminlash, hammom, kir yuvish va mehnat sharoitlarining sanitariya-gigiyena qoidalari va meʼyorlariga rioya qilinishi boʻyicha.
III-bob. Tergov hibsxonalari va jazoni ijro etish muassasalari obyektlari ustidan sanitariya-gigiyena nazorati
Hududni tozalash ustidan sanitariya-gigiyena nazorati
6. Muassasalar hududini tozalash — bu chiqindilarni yigʻish, saqlash, olib ketish va zararsizlantirish boʻyicha rejali ravishda oʻtkaziladigan sanitariya-texnik va xoʻjalik tadbirlaridan iboratdir. Tozalashning ikki asosiy tizimi mavjud: olib ketish tizimi — barcha chiqindilar ularni zararsizlantirish hamda utilizatsiya qilish joylariga maxsus transport bilan olib ketiladi va oqiziladigan yoki kanalizatsiya tizimi.
7. Muassasalardagi kanalizatsiya inshootlarini hisobga olish, oʻz vaqtida taʼmirlash va undan foydalanish masʼuliyati intendant va xoʻjalik taʼminoti boʻlimi (guruhi) boshligʻi zimmasiga yuklanadi.
8. Muassasalar obyektlari va hududini tozalash hamda kanalizatsiya tarmoqlari tuzilishi va ulardan foydalanish ustidan sanitariya nazorati muassasaning tibbiy boʻlimi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar va Sogʻliqni saqlash vazirliklarining meʼyoriy hujjatlari asosida ogohlantirish hamda joriy sanitariya nazorati shaklida amalga oshiriladi.
9. Ogohlantiruvchi sanitariya nazorati masalalarini hal qilishda muassasa tibbiy boʻlimi IIV, Ichki ishlar Bosh boshqarmasi (bundan keyin IIBB deb yuritiladi), Ichki ishlar boshqarmasining(bundan keyin IIB deb yuritiladi) sanitariya-epidemiologiya xizmati (SEX)ning metodik koʻrsatmalariga amal qiladi, ulardan va joylardagi sogʻliqni saqlash idoralari sanitariya-epidemiologiya xizmatlaridan kanalizatsiya tarmoqlari va inshootlari quriladigan, chiqindilarni zararsizlantiradigan va ulardan qayta foydalaniladigan yerlarni tanlashda, shuningdek ularni foydalanish uchun qabul qilib olishda, yer osti va yer ustki suvlari va tuproqlarining zararli sanoat chiqindilari va boshqa oqavalar, xoʻjalik-maishiy chiqindilar bilan ifloslanishini oldini olish va bartaraf etish tadbirlarini oʻtkazish masalalarida maslahat va amaliy yordam oladilar.
10. Muassasa hududi tozaligi ustidan joriy sanitariya nazoratini oʻrnatish quyidagilarni oʻz ichiga oladi: chiqindilarni muntazam ravishda chetga olib chiqib ketish, hududning sanitariya holati, kanalizatsiya tarmoqlari va inshootlaridan foydalanishda, qattiq chiqindilarni zararsizlantirishda sanitariya meʼyorlari va qoidalariga rioya etilishi ustidan doimiy kuzatuv ishlarini olib borish. Muassasa boshqa vazirlik va idoralar, korxona va tashkilotlarga taalluqli boʻlgan kanalizatsiya tizimi va qattiq chiqindilarni zararsizlantirish boʻyicha qurilmalar bilan taʼminlanganda, tibbiy boʻlim faqat muassasa hududida joylashgan kanalizatsiya tarmoqlari va inshootlaridan foydalanish ustidan joriy sanitariya nazoratini amalga oshiradi. Agar kanalizatsiya tarmoqlarga xizmat koʻrsatish va undan foydalanish muassasaning oʻz kuchi va mablagʻi bilan amalga oshirilayotgan boʻlsa, tibbiy boʻlim kanalizatsiyaning barcha tarmoqlari va inshootlari ustidan, shu jumladan oqava suvlarni tozalash boʻyicha inshootlar ustidan ham joriy sanitariya nazoratini tashkil etadi va amalga oshiradi, hamda muassasada SEX tavsiyalarini bajarilishini nazorat qiladi.
11. Muassasa tibbiy boʻlim boshligʻi kanalizatsiya tarmoqlari va inshootlarining ahvoli, oqava suvlarni tozalashning samarasi, qattiq chiqindilarni toʻplash, yoʻqotish va utilizatsiya tizimi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarga ega boʻlishi, kamchiliklarni aniqlashi va masʼul lavozimdagi shaxslar bilan birgalikda ularni bartaraf etish muddatlarini belgilashi lozim.
12. Muassasa tibbiy boʻlim boshligʻi muntazam ravishda muassasa boshligʻiga hududning sanitariya holati va uni yanada yaxshilash choralari toʻgʻrisida maʼlumot berib turishi, suv taʼminoti manbaining ifloslanishi xavfi tugʻilganda yoki hududda sanitariya qoidalari buzilganda esa zudlik bilan muassasa rahbariyatiga va IIV, IIBB, IIB SEXga xabar qilishi lozim.
13. Yotoqxonalar, oshxonalar va boshqa jamoat binolari joylashgan joydan kommunal, sanitariya-texnik va boshqa obyektlargacha boʻlgan oraliq joy sanitariya-himoya mintaqasi Sanitariya qoidalari va meʼyorlari (SanQvaM) hujjatlarida keltirilgan oʻlchovlardan kam boʻlmasligi lozim.
Suv taʼminoti ustidan sanitariya-gigiyena nazorati
14. Muassasalar boshqa vazirliklar va idoralarga qarashli korxona va tashkilotlarning suv quvurlaridan, shuningdek ichki ishlar idoralariga qarashli suv quvurlaridan suv bilan taʼminlanadi.
15. Muassasalarni xoʻjalik va ichimlik suvi bilan taʼminlash intendant va xoʻjalik taʼminoti boʻlimi (guruhi)ning kuchi va vositalari yordamida amalga oshiriladi. Bu boʻlim:
— suv manbaini topish va uni qayta ishlashni amalga oshiradi;
— suv quvurlari qurilmalarining sanitariya-gigiyenik holatiga va sanitariya-himoya mintaqasida talablardagi meʼyorlarga rioya qilinishiga javob beradi;
— markaziy suv taʼminoti tizimi suvining sifati ustidan ishlab chiqarish nazoratini olib boradi.
16. Suv taʼminoti qurilmalari va ulardan foydalanish ustidan sanitariya nazorati muassasalarning tibbiy boʻlimi tomonidan amaldagi Davlat standarti va Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining boshqa meʼyoriy-metodik hujjatlari talablariga mos holda tashkil etiladi va amalga oshiriladi.
17. Ichki ishlar idoralari boʻlinmalarining suv quvurlaridagi barcha qurilma va suv tarmoqlarining sanitariya nazorati tibbiy boʻlimi tomonidan amalga oshiriladi. Boshqa vazirliklar va idoralarga tegishli suv quvurlarini faqat muassasa hududida joylashgan suv quvurlari va suv quvuri tarmoqlarigina nazorat qilinadi.
18. Muassasalarning tibbiy boʻlimi IIV, IIBB, IIBning sanitariya-epidemiologiya xizmati (SEX) rahbarligi ostida suv taʼminoti boʻyicha ogohlantiruv va joriy sanitariya nazoratini amalga oshiradi. Zarurat tugʻilganda ular sogʻliqni saqlash idoralari hududiy sanitariya-epidemiologiya markazlaridan maslahat va amaliy yordam oladilar.
19. Muassasalarning tibbiy boʻlimi vazifasiga quyidagilar kiradi:
a) suv taʼminoti manbaini tanlash va sanitariya-himoya mintaqasini oʻrnatish;
b) suvning sifati va suv taʼminoti obyektining sanitariya holatini nazorat qilish;
v) suv taʼminoti obyektlarida ishlovchi shaxslarni tibbiy koʻrikdan oʻtishini nazorat qilish;
g) muassasa tibbiy boʻlimining boshligʻi suv taʼminoti obyektlarida ishlovchi shaxslarni dastlabki va davriy tibbiy koʻrikdan oʻz vaqtida va toʻliq oʻtkazishni taʼminlashga majburdir.
20. Markazlashtirilgan xoʻjalik-ichimlik suv taʼminoti uchun ajratilgan manbaning isteʼmolga yaroqlilik masalasini hal etishda, amaldagi Davlat standarti qoʻllanilib, uning asosida qayta ishlashgacha boʻlgan suvning sifat koʻrsatkichlari aniqlanganidan keyingina suv manbai xoʻjalik-ichimlik suv taʼminoti uchun foydalanilishi mumkin. Isteʼmolchilarga yetkazib berilayotgan suvning sifati “Ichimlik suvi” 950—2000 Davlat standartiga mos kelishi kerak.
21. Suv olish joylaridagi laboratoriya nazorati “Ichimlik suvi” 950—2000 Davlat standarti talablari doirasida oʻtkaziladi. Tarmoqqa berilishidan oldingi suvning sifatini laboratoriya nazorati mikrobiologik, kimyoviy va organoleptik koʻrsatkichlar boʻyicha oʻtkaziladi. Taqsimlovchi tarmoqlarning laboratoriya nazorati quyidagi koʻrsatgichlar boʻyicha oʻtkaziladi: koli-indeks (1 sm. kub. suvdagi mikroorganizmlarning umumiy soni); suvning loyqaligi, rangi, hidi, taʼmi va begona mazasi.
Mikroblar bilan ifloslanish yoʻl qoʻyiladigan meʼyordan yuqoriligi aniqlanganida ifloslanish sababini aniqlash maqsadida qayta namuna olinadi va bakteriyalarning mavjudligi, yangi goʻng va najas, azot saqlovchi mineral moddalar va xloridlar bilan suvning ifloslanishi qoʻshimcha tekshiriladi.
22. Yer osti suv manbaidan taʼminlanadigan suvning sanitariya nazorati suv manbaini topish, suvning miqdori va sifatini baholash, uni qayta ishlash jadvali, sanitariya-himoya mintaqasini (SXM) belgilashdan boshlanadi. Mazkur ishlar barcha suv quvurlarida tashkil etiladi. Sanitariya-himoya mintaqasining asosiy maqsadi suv manbalarini, shuningdek suv quvurlari qurilmalarini va atrof hududni ifloslanishidan saqlash hisoblanadi.
23. Sanitariya-himoya mintaqasi uchta doira (poyas) tarkibida tuziladi:
a) qattiq tartibdagi birinchi mintaqa (poyas) suv olish joylari hududida barcha suv quvurlari qurilmalarining maydonini oʻz ichiga oladi. Suv quvurlari sanitariya-himoya mintaqasi bilan taʼminlanadi;
b) sanitariya-himoya mintaqasi amaldagi qoʻriqlash va sanitariya meʼyorlari va qoidalariga mos holda tashkil etiladi;
v) SXMlarni tashkil etish imkoniyati xoʻjalik — ichimlik suv taʼminoti manbaini tanlash bosqichida “Xoʻjalik — ichimlik suv taʼminoti” Davlat standarti asosida hal qilinadi.
24. SXMning birinchi mintaqa chegarasi yer osti manbalarining himoyalangan yer osti suvlaridan foydalanilganda suv olish joyidan kamida 30 metr boʻlgan masofada, yetarlicha himoyalanmagan yer osti suvlaridan foydalanilganda esa kamida 50 metr masofada belgilanadi. Tuproqning ifloslanishiga yoʻl qoʻyilmaydigan obyektlar hududidagi yakka holdagi yer osti suv olish joylaridan oʻrab olingan joygacha boʻlgan masofani mos holda 15 va 25 metrga kamaytirish mumkin. Yer osti manbalari suvi bilan taʼminlashda joriy sanitariya nazoratini amalga oshirishda suv olish qurilmalari, suv quvurlarini va suv oʻtkazuvchi gorizontni ifloslanishdan himoyalash tadbirlari nazorat qilinadi. Shu maqsadda SXMning birinchi mintaqa hududida quyidagilar rejalashtirilishi kerak: yer ustida toʻplanib qoladigan suvlarni zona chegarasidan chetlashtirish, koʻkalamzorlashtirish, oʻrab olish va doimiy qoʻriqlashni taʼminlash. U yerda suv quvurlari qurilmalarini ekspluatatsiya qilishga bevosita aloqasi boʻlmagan barcha turdagi qurilishlar man etiladi. Quduqlarning (ochiq joylari, suv quyilish joyi, trubalar fazosi va boshqalar) jihozlarida sanitariya-gigiyenik talablarini bajarilishiga alohida eʼtibor berilishi kerak.
25. Yer osti suv manbalarini koʻrikdan oʻtkazish vaqtida nafaqat birinchi, balki ikkinchi va uchinchi SXMdagi suvni qoʻriqlash tadbirlari inobatga olinadi. Buning uchun suv saqlovchi gorizontni ifloslantirish xavfiga ega boʻlgan eskirgan, ishga yaroqsiz, nuqsonli yoki notoʻgʻri foydalanilayotgan suv quduqlarini aniqlash va ogʻzini berkitib tashlash (tamponlash) yoki qayta tiklash talab qilinishi kerak.
26. SXM hududida sanitariya-epidemologik xizmati bilan kelishilmagan holda yangi skvajinalar qazish va yangi qurilishlar olib borilishiga yoʻl qoʻyilmaydi. Yer osti suvlarini kimyoviy jihatdan ifloslantiruvchi yoqilgʻi-moylash materiallari, zaharli ximikatlar va mineral oʻgʻitlar omborlarini, sanoatning chiqindi oqava suvlari yigʻiladigan va boshqa obyektlarni joylashtirish taqiqlanadi.
27. Daryo yoki suv keltiriladigan kanallardagi SXMni birinchi doirasi mahalliy sanitariya-topografik va gidrologik sharoitlarga qarab belgilanadi, lekin barcha holatlarda quyidagicha boʻlishi kerak:
a) oqim boʻyicha yuqoriga qarab suv olish joyidan kamida 200 metr;
b) oqim boʻyicha pastga qarab suv olish joyidan kamida 100 metr;
v) suv olish joyiga tutash qirgʻoqdan suvning eng yuqori sathiga nisbatan suv betining ikki qarama-qarshi qirgʻogʻi orasidagi kenglikdan kamida 100 metr;
g) suv olish joyiga qirgʻoq yoʻnalishidan suv havzasiga tomon daryo yoki kanalning eni 100 metrdan kam boʻlganda barcha akvatoriya va qarama-qarshi qirgʻoq suvi kengligidan, suvning eng yuqori sathidan 50 metr kenglikda olinadi, daryo yoki kanalning eni 100 metrdan ortiq boʻlsa, akvatoriya mintaqasi kamida 100 metr boʻlishi kerak.
28. Suv manbai sifatida foydalaniladigan suv ombori yoki koʻlni SXM birinchi mintaqa chegaralari sanitariya-topografik, gidrologik sharoitlar inobatga olingan holda quyidagicha oʻrnatiladi:
a) akvatoriya boʻyicha barcha yoʻnalishlarda suv olish joyidan kamida 100 metr masofada;
b) suv olish joyiga tutashgan qirgʻoqdan suvning eng yuqori sathidan ikki qirgʻoq orasidagi kenglikdan kamida 100 metr masofada.
Qoʻltiq tipidagi suv olish joylaridagi birinchi mintaqa chegarasiga qoʻltiqning barcha akvatoriyasi kiritiladi.
29. Kafolatlangan suv taʼminoti manbai boʻlmagan joylarga suv olib borish zarurati tugʻilganda, maxsus mashinalar va doimiy shaxslar ajratiladi. Suv tashish idish(sigʻim)lari yaroqli, yuvilgan va dezinfeksiyalangan boʻlishi kerak. Dezinfeksiyalashdan avval idishlar sinchiklab yuviladi, suv bilan toʻldiriladi va unga 1m kub suvga 300 gr. hisobda xlorli ohak eritmasidan qoʻshiladi va 1 soatdan soʻng idish boʻshatiladi hamda toza suv bilan xlorning oʻtkir hidi yoʻqolguncha chayib tashlanadi.
30. Xlorlash — suvni zararsizlantirishning keng tarqalgan usulidir. Suv normal dozalarda dastlabki ammoniylashtirish (preammonizatsiya) va yuqori dozalarda esa qayta xlorlash orqali xlorlanadi.
Suvni xlorning normal dozasida xlorlash uchun dastlab mazkur suvning xlorga boʻlgan ehtiyoji tajribada aniqlanadi. Suvning xlorga boʻlgan ehtiyoji aniqlanganidan keyin suvning barcha miqdori uchun kerakli xlorning dozasi hisoblab chiqiladi.
Oʻtkazilgan xlorlashning toʻgʻriligini xlor qoldigʻi asosida aniqlanadi, uning miqdori suvning xlor bilan 2 soatli kontaktidan keyin 0,3—0,5 mg/l. dan kam boʻlmasligi kerak.
31. Kafolatlangan manbalar suvidan foydalanish imkoniyati boʻlmagan sharoitlarda qayta xlorlash usuli afzal hisoblanadi, chunki uning meʼyordagi dozalarda xlorlashga qaraganda zararsizlantirishi juda ishonchlidir, zararlantirish vaqti ham (20-30 daqiqaga) kamayadi, loyqa va odatdan tashqari rangli suvlarni begona xlorfenol mazasini bermaydigan qilib zararsizlantiradi.
Ovqatlanishni tashkil etish ustidan sanitariya-gigiyena nazorati
32. Muassasada saqlanayotgan shaxslar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan va Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining tegishli buyrugʻi bilan eʼlon qilingan meʼyorlar boʻyicha oziq-ovqat bilan taʼminlanadilar.
33. Ovqatlantirishni tashkil etish intendantlik taʼminoti boʻlimi (guruhi) tomonidan amalga oshiriladi. Ushbu boʻlim zimmasiga quyidagi vazifalar kiradi:
a) taʼminotga kiritilgan turli toifadagi shaxslarning ish xususiyatlarini hisobga olgan holda ovqatlanish tartibini ishlab chiqish;
b) kunlik taʼminot uchun belgilangan meʼyorlar boʻyicha ovqat tayyorlashni tashkil etish va taʼminotdagilar ushbu meʼyorlarga muvofiq ovqatlanayotganini nazorat qilish;
v) oziq-ovqat tayyorlanadigan joylarni zarur jihozlar va tegishli qurilmalar bilan taʼminlash, ularni namunali holatda saqlash, texnologik, sovitish jihozlari va oshxona anjomlarini sanitariya talablari asosida saqlash hamda ulardan foydalanish qoidalariga rioya qilish;
g) omborxonalarda oziq-ovqat mahsulotlarini saqlashda, ularni oshxonaga yuborishda, tashishda, ularni oshxonada saqlash va kulinariya jihatidan qayta tayyorlashda, ovqat tayyorlash va tayyor ovqatlarni tarqatishda sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya qilish;
d) ovqat tayyorlash, ularni va oziq-ovqat mahsulotlarini joʻnatish, tashishda band boʻlgan xodimlarning shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya qilishlari uchun shart-sharoitlarni taʼminlash;
e) texnologik va sovitish jihozlarining oʻz vaqtida taʼmirlanishini taʼminlash;
j) ovqatlanish joylarini va boshqa ovqatlanish obyektlarini Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan ruxsat etilgan idish-tovoqlar va inventarlarni yuvish hamda dezinfeksiyalash vositalari bilan taʼminlash;
z) texnologik jihozlar, idish-tovoqlar, inventarlar, sanitariya kiyim-kechaklarni sotib olish.
34. Tibbiy boʻlim boshligʻi:
a) ovqatlanish tartibini va ovqat tayyorlash uchun lozim boʻlgan oziq-ovqat mahsulotlarini roʻyxatini ishlab chiqishda qatnashadi, tayyorlanadigan ovqat kaloriyasini oyda bir marta nazariy hisoblab chiqadi;
b) muassasa boshligʻiga maxsus meʼyorlar boʻyicha ovqatlanishga oʻtkazilayotgan shaxslar roʻyxatini topshiradi;
v) muassasa oziq-ovqat mahsulotlari omborxonasi va magazinida, shuningdek mahkumlarni shaxsiy ixtiyorida mavjud boʻlgan oziq-ovqat mahsulotlarini saqlashning talabga javob berishini, ularni ishlatilish qoidalariga va muddatlariga rioya qilinishini har kuni tekshiradi;
g) tayyorlangan ovqat sifatini barcha taʼminot meʼyorlari boʻyicha tekshirishni tashkil etadi. Tekshiruv natijalari va tayyor ovqatlarni tarqatishga ruxsat berilgani haqida ovqat tayyorlash sifatini nazorat qilish maxsus daftariga yozib qoʻyadi;
d) sifatsiz xomashyoni, yarim (chala tayyor) fabrikatlarni tarqatishni, sifatsiz oziq-ovqatlar va tayyor ovqatlarni isteʼmol qilishni man etadi;
e) oziq-ovqat taʼminoti bilan shugʻullanuvchi xodimlarini tibbiy koʻrikdan oʻtkazish ishlarini tashkil etadi;
z) oziq-ovqat mahsulotlarini tayyorlash, tarqatish, joʻnatishda band boʻlgan xodimlar uchun gigiyenaga doir oʻquv mashgʻulotlarning oʻtkazilishini tashkil etadi.
35. Agar muassasaga keltirilgan oziq-ovqat mahsuloti qoʻyilgan talablarga javob bermasa yoki uning sifati shubha tugʻdirsa, uni isteʼmol qilishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Muassasaga keltirilayotgan oziq-ovqat mahsulotlarining tayyorlangan vaqti koʻrsatilgan holda sifati toʻgʻrisidagi sertifikati boʻlishi lozim. Sifat toʻgʻrisidagi sertifikati boʻlmagan oziq-ovqat mahsulotlari qabul qilinmaydi.
Intendantlik taʼminoti boʻlimi (guruhi) ishlatish muddati oʻtib ketgan oziq-ovqat mahsulotlarini mol-mulk ekspertizasidan oʻtkazishni tashkil etadi, isteʼmol qilishga yaroqsizligi yaqqol koʻrinib turgan tez buziluvchi mahsulotlar bundan mustasno. Shuningdek, bu boʻlim maxsus gigiyenik tekshirishlarni talab qilmaydigan oziq-ovqat mahsulotlaridan foydalanish yoki foydalanmaslik masalalarini ham hal qiladi.
Muassasa tibbiy boʻlimi tomonidan oziq-ovqat (shu jumladan tez buziluvchan) mahsulotlarining organoleptik xususiyatlari oʻzgarishini, bu oʻzgarishlarning xarakteri va darajasini, mahsulotlarning kimyoviy tarkibidagi oʻzgarishlarni, mahsulotlarning bakterial jihatidan ifloslanish darajasi va mikroflorasining xarakterini, mahsulotlarda pestitsidlarni va zararli moddalarni yoʻl qoʻyilishi mumkin boʻlgan miqdordan yoki tabiiy ravishda boʻlishi mumkin boʻlgan miqdordan koʻpligini, mikroblar bilan ifloslangan mahsulotlardan infeksiya yuqishi (aniq epidemiologik maʼlumotlarga asoslangan holda) mumkinligini aniqlash maqsadida gigiyenik ekspertiza oʻtkazish tashkillashtiriladi.
36. Mahsulotlarning kunlik energetik qiymati boʻyicha uch mahalgi ovqatlanish quyidagicha taqsimlanadi: nonushtaga — 30-35%, tushlikka — 40-45%, kechki ovqatga — 20-30%. Koʻrsatib oʻtilgan mahsulotlarning taqsimoti ishning ogʻir-yengilligiga qarab foizlarda oʻzgartirilishi mumkin: birinchi smenada ishlovchilar uchun — nonushtada 35%, tushlikda — 40%, kechki ovqatda — 25%; ikkinchi va uchinchi (tungi) smenada ishlovchilar uchun — nonushta va kechki ovqat 30 foizdan, tushlik — 40 foizdan iborat.
37. Agar ovqatlanish vaqti bir soatdan ortiq davom etadigan bir necha smenada amalga oshirilsa, u holda har bir smena uchun alohida ovqat tayyorlanadi. Ovqat uni tarqatishidan 20—30 minut oldin tayyor boʻlishi va u tayyor boʻlgan vaqtdan boshlab 2 soat ichida tarqatilishi lozim.
38. Ovqatlarni tarqatishda birinchi ovqatlar va issiq ichimliklar temperaturasi 750S dan, ikkinchilari 650S dan past boʻlmasligi, sovuq ovqatlar va ichimliklar 70 dan 140Sgacha boʻlishi lozim. Birinchi va ikkinchi ovqatlar tarqatilgunga qadar issiq plitada 3 soatgacha turishi mumkin. Tayyor ovqatni belgilangan muddatdan ortiq ushlab turishga istisno tariqasida ruxsat etiladi. Qolgan ovqatlarni saqlashga majbur boʻlingan hollarda u toʻliq sovitilishi va 60Sdan yuqori boʻlmagan temperaturada 12 soatgacha saqlanishi mumkin. Sovitilgan ovqat tarqatilishi oldidan tibbiy boʻlim shifokori tomonidan koʻrib chiqiladi va tekshiriladi, keyin ikkinchi marta isitiladi (qaynatiladi, qizdiriladi). Ikkinchi marta isitilgan ovqatni tarqatish muddati bir soatdan oshmasligi lozim. Ovqatni avvalgi kunda tayyorlangan ovqatlar bilan aralashtirish qatʼiyan man etiladi.
39. Ovqatlarni bevosita ish joyiga yetkazib berish zarurati tugʻilganda ovqatlar plombalangan va pechatlangan termoslarda olib boriladi. Non va idish-tovoqlar toza qutilarda yoki ular uchun alohida ajratilgan seksiyalarda yetkazib beriladi. Etkazish muddati 2 soatdan oshmasligi lozim. Ish joyida ovqat isitiladigan plitalar, ovqatlanish uchun stollar ajratiladi. Sovib qolgan ovqatni isitmasdan, suyuq ovqatni qaynatmasdan tarqatishga ruxsat etilmaydi.
40. Oshxonaga yordamchi ishlarni bajarishga tayinlanadigan shaxslar teri va shilliq pardalari yiringli kasalliklari bor-yoʻqligini aniqlash boʻyicha tibbiy koʻrikdan oʻtmasdan oshxonada ishlashga qoʻyilmaydi.
Mehnat sharoitlari ustidan sanitariya-gigiyena nazorati
41. Muassasaning sanoat korxonalarida mehnat xavfsizligini taʼminlash vazifasi muassasa rahbari yoki ushbu vazifani bajaruvchi shaxs zimmasiga yuklanadi va ular quyidagilar ustidan nazorat qilishadi:
a) ishlab chiqarish, maishiy, omborxona va boshqa joylarda havo muhiti, yoritish, shovqin va tebranishlar, haroratning sanitariya-gigiyena meʼyorlariga muvofiq boʻlishi;
b) maxsus kontingentning maxsus kiyim-kechak, poyabzal va shaxsiy himoya vositalari bilan taʼminlanishi, shuningdek belgilangan normalarga muvofiq profilaktik oziq-ovqatlar berilishi;
v) muassasaning ishlab chiqarish korxonalarida ishlayotganlarga ish sharoitining zararliligi munosabati bilan imtiyozlar berilishi.
42. Tibbiy boʻlim boshligʻi quyidagilarni bajarishga majbur:
a) hududiy sogʻliqni saqlash idoralari bilan birgalikda kontragent (muassasa hududidan tashqarida shartnoma asosida ish olib borilayotgan) obyektlar ustidan nazoratni taʼminlash boʻyicha oʻzaro aloqalarini amalga oshirish;
b) ishlab-chiqarish va maishiy xonalarning, korxona hududi va umumiy foydalaniladigan joylaridagi sanitariya holati ustidan nazoratni amalga oshirilishi;
v) korxonada mehnat sharoitini yaxshilash boʻyicha tadbirlarni ishlab chiqishda qatnashish;
g) ishlab chiqarish bilan bogʻliq kasalliklarning kelib chiqish sabablarini oʻrganish, ishlayotganlarning mehnat sharoitlarini yanada yaxshilash yuzasidan oʻz takliflarini berish;
d) zararli mehnat sharoitlarida ishlayotgan shaxslar oʻz vaqtida tibbiy koʻrikdan oʻtishlarini tashkil qilish;
e) ichimlik suvining sifati va sexlar hamda uchastkalardagi aptechkalarning dori-darmonlar bilan oʻz vaqtida toʻldirilib turishi ustidan nazoratni amalga oshirish;
j) ishchilar oʻrtasida sanitariya-oqartuv ishlarini olib borish.
43. Korxona rahbariyati ishlab chiqarishdagi ishchi oʻrinlar pasportizatsiyasini oʻtkazadi.
IIV, IIBB, IIB va hududiy sogʻliqni saqlash idoralari sanitariya-epidemiologiya xizmatlari sanoat korxonalardagi ishlab chiqarish omillarni laboratoriyaviy va boshqa turdagi tekshirishlardan oʻtkazilishini tashkillashtirishda maslahat berib amaliy yordam koʻrsatadi.
44. Tibbiy boʻlim boshligʻi loyihalashtirilayotgan, qurilayotgan va rekonstruksiya qilinayotgan sanoat obyektlari toʻgʻrisida va kiritilayotgan yangi texnologik jarayonlar, jihozlar, mashina va mexanizmlar, yangi kimyoviy moddalar va ularning toksik-kimyoviy xususiyatlari haqida xabardor boʻlishi lozim.
45. Tibbiy boʻlim boshligʻi loyihadan chetga chiqish va sanitariya meʼyorlari va qoidalariga rioya qilinmayotganlik holatlari aniqlanganda, qurilish va asbob-uskunalarni montaj qilish ishlarining ayrim turlarini amalga oshirishni toʻxtatish huquqiga ega boʻlgan IIV, IIBB, IIBning sanitariya-epidemiologiya xizmati boshligʻiga bu haqda xabar beradi.
46. Odam organizmiga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlgan noqulay ishlab-chiqarish omillari quyidagilardan iborat:
a) jismoniy xarakterdagi omillar (radiochastotaning elektromagnit maydoni, noqulay mikroiqlim, ionlovchi radiatsiya, shovqin, ultratovush, infratovush, tebranish, vibratsiya);
b) kimyoviy xarakterdagilar (sanoat zaharlari);
v) biologik xarakterdagilar (infeksiya, invaziyalar);
g) sanoat aerozollari;
d) mehnatning oʻta ogʻirligi va katta kuch talab qilishi.
47. Bir qator noqulay omillar taʼsirida sogʻligʻi yomonlashishi mumkin boʻlgan ishchilarni mehnat sharoiti ogʻir va zararli boʻlgan ishlarga qoʻymaslik maqsadida jazoni oʻtayotganlarni dastlabki va doimiy tibbiy koʻrikdan oʻtkazib turish, ularning zararli boʻlgan sharoitlarda ishlashlari mumkin yoki mumkin emasligini aniqlash imkonini beradi.
48. Mehnat sharoiti va ish qobiliyatiga quyidagilar taʼsir koʻrsatadi:
a) texnologik jarayon va ishlab chiqarish xususiyatlari;
b) ish joyini qanday tashkil qilinganligi va jihozlanganligi;
v) ish xonalarining maydoni va kubaturasi;
g) ish joyi va ishlash xonalaridagi mikroiqlim (temperatura, havoning harakat tezligi va namligi, nur taʼsiridagi issiqlikning jadalligi), shuningdek, toʻsiqlarning temperaturasi;
d) ishlash xonalari va ish joylarining tabiiy va sunʼiy yoritilishining ahvoli;
e) zararli jismoniy omillar;
j) havoning kimyoviy tarkibi va aralashmalar.
49. Ish xonalaridagi mikroiqlim organizm bilan tashqi muhit oʻrtasidagi issiqlik muvozanatini taʼminlashi lozim.
Ish bajarish maydonidagi havoga boʻlgan umumiy sanitariya-gigiyenik talablar tegishli Davlat standarti bilan belgilanadi.
50. Barcha ishlab chiqarish va yordamchi xonalar Sanitariya qoidalari va meʼyorlari (SQ va M) talablariga muvofiq isitish va ventilatsiya tizimlari bilan jihozlangan boʻlishi lozim.
Ventilatsiya va isitish tizimlari doimiy ish joylarida va ish bajarish maydonida asosiy va taʼmirlash ishlari olib borilayotgan vaqtda meteorologik sharoitlarni (temperatura, nisbiy namlik, havo harakatining tezligi), shuningdek, havodagi zararli moddalar miqdorini Sanoat korxonalarini loyihalashtirish sanitariya meʼyorlari talablariga muvofiq boʻlishini taʼminlashi lozim.
Texnologik chiqindilar umumiy almashish ventilatsiyasi orqali atmosferaga chiqarib tashlanadi va ularning tarqalishi hisobga olinganda aholi yashaydigan punktlarda ruxsat etilgan konsentratsiyalardan baland boʻlishi mumkin emas.
Ishlab chiqarish xonasining hajmi bitta ishlovchiga 20 m kubdan kam boʻlsa, har bir ishlovchi uchun kamida soatiga 30 m kub tashqi havo berib turiladi, xonaning hajmi har bir ishlovchiga 20 m kubdan koʻp boʻlsa, bir ishlovchiga kamida soatiga 20 m kub tashqi havo beriladi.
Agar xona hajmi bitta ishlovchiga 40 m kub toʻgʻri kelsa, deraza va lampalar boʻlganda va zararli moddalar ajralmasa, unda vaqti-vaqti bilan tabiiy tashkil qilingan ventilatsiyani ishlatish koʻzda tutiladi.
Bir smenada besh martadan ortiq yoki kamida 40 minut davomida ochiladigan darvozalar oldida havoni toʻsuvchi yoki havoni isituvchi parda toʻsiqlar oʻrnatish koʻzda tutiladi.
Changni va oson suyuqlikka aylanadigan bugʻlarni, shuningdek aralashtirilganda xavfli aralashmaga aylanadigan moddalarni yoki kimyoviy birikmalarni yutadigan qurilmalarni umumiy tortuvchi qurilmalarga birlashtirish man etiladi.
Zararli manbalarga (payvandlash, qalaylash va boshqalar) yaqin joylashgan ish joylari uchun umumalmashuvchi ventilatsiyaga qoʻshimcha ravishda mahalliy soʻrib oluvchi qurilma oʻrnatish talab qilinadi.
Havo muhitiga toʻsatdan koʻp miqdorda zaharli moddalar (changdan tashqari) tushishi mumkin boʻlgan ishlab chiqarishlarda avariya ventilatsiyasini oʻrnatish lozim boʻladi.
Derazalar oldidagi doimiy ish joylari tinimsiz kelib turadigan sovuq havo oqimidan himoya qilinadi.
Korxona binolari va inshootlarini isitish uchun qoʻshimcha ishlab chiqarishga zarari tegmaydigan cistema va issiqlik oʻtkazuvchilar koʻzda tutiladi.
51. Shovqin manbai boʻlgan ishlab chiqarish uskunalarini tanlash va joylashtirishda tegishli SQ va Mga amal qilish lozim.
Ish joylaridagi shovqin darajasi korxona rekonstruksiya qilingandan soʻng, ishga tushganda va ishlab turgan korxonalarda yiliga bir marta tekshiriladi.
52. Barcha ishlab chiqarish va yordamchi xonalarda tabiiy yorugʻlikdan keng foydalanish lozim.
Tabiiy yoritish meʼyorlari yorugʻlik oʻtkazuvchi oynalarni muntazam tartibda tozalab turishni hisobga olgan holda quyidagi muddatlarda belgilanadi:
a) kam miqdorda chang, qurum chiqadigan xonalar yiliga kamida 2-marta tozalanadi;
b) koʻp miqdorda chang, qurum chiqadigan xonalar yiliga kamida 4-marta tozalanadi.
Sunʼiy yorugʻlikni meʼyorlari lyuministent va qizituvchi chiroqli yorituvchi qurilmalarga mos boʻlishi kerak.
Yoritish tizimi umumiy hamda birlashtirilgan (umumiy va mahalliy yoritishdan tuzilib) boʻlishi mumkin.
Faqat bitta mahalliy yoritishni qoʻllash man etiladi.
Kamida 50 kishi ishlaydigan xonalarda avariya yoritgichi boʻlishi lozim.
Sunʼiy yoritish yoritkichlarini tozalash uning qanchalik ifloslanganligiga qarab oʻtkaziladi, ammo quyidagi muddatlardan oshirilishi mumkin emas:
a) tutun, qurum va chang koʻp chiqadigan joylarda — bir yilda 4-marta;
b) oʻrtacha chiqadigan joylarda — bir yilda 3-marta;
v) kam chiqadigan joylarda — bir yilda 2-marta.
53. Sanoat korxonalari sifatli ichimlik suv bilan taʼminlanadilar.
Xoʻjalik-ichimlik suv quvurlari tarmoqlarini texnik maqsadlarga moʻljallangan suv tarmoqlariga ulashga yoʻl qoʻyilmaydi.
Ichimlik suvidan foydalanish uchun kichik fontanchalar, suv ichadigan avtomatlar, fontan boʻlib otilib chiqishi uchun kiydirilgan yopiq baklar va boshqa qurilmalar oʻrnatiladi.
Issiq sexlarda ishlayotganlar, bir smenada 0.5% tuzi boʻlgan tuzlangan gazli suv bilan bir kishiga oʻn litrgacha suvni hisobga olib taʼminlanishadi.
Ish joyi bilan ichimlik suvi bilan taʼminlash qurilmasi orasidagi masofa 75 metrdan oshmasligi lozim.
54. Tozalash inshootlari, suvni nasos bilan tortib oluvchi stansiyalar va boshqa qurilmalar har doim ishga yaroqli, toza holda boʻlishi va ular suv, tuproq va havoni ifloslantirish manbai boʻlib qolmasligi lozim. Har bir korxonada SQ va Mga koʻra ishlab chiqarish jarayonlarining guruhlariga qarab sanitariya-maishiy xonalar jihozlanadi (1-ilova).
Ishlab chiqarish maqsadlarida maishiy xonalardan foydalanish man etiladi.
55. Mahkumlarni ishlab chiqarish zonasida ovqatlantirishni tashkil etish zarurati tugʻilganda maishiy xonalarda ovqatlantirish uchun xonalar koʻzda tutilgan boʻlishi zarur.
Ishlab chiqarish hududida ovqatlanish shoxobchalari jamoat ovqatlantirish korxonalari uchun belgilangan sanitariya talablariga javob berishi lozim.
56. Sut va sut oʻrniga oʻtuvchi boshqa ovqatlar zararli ishlab chiqarish joylarida ishlovchilar uchun ovqatlanish shoxobchalarida yoki oʻtiradigan joylar, sovutish shkafi, qoʻl yuvadigan moslamalar va idish-tovoqlarni yuvish uchun issiq suv boʻlgan alohida ajratilgan joylarda tarqatiladi. Sut ichiladigan idishlarni korxona beradi.
Flyagadagi sutni faqat pishirilgandan keyingina isteʼmolchiga berish mumkin.
57. Ishlayotganlarga maxsus va himoya kiyimlari, tegishli maxsus kiyim, oyoq kiyim va himoya moslamalari belgilangan meʼyorlar boʻyicha va oʻrnatilgan muddatlarda tarqatiladi.
Belgilangan meʼyorlar boʻyicha maxsus kiyim va himoya moslamalarisiz ishlash man etiladi.
Maxsus kiyimlarni oʻz vaqtida yuvish va taʼmirlash, hamda zaharli moddalarni taʼsiri bor ishlab chiqarish joylarida esa degazatsiya qilish majburiy ravishda amalga oshiriladi.
Zaharli bugʻlar, gazlar, sanoat aerozollarni chiqishi va buyum parchalari, qirindilarni uchib tegishi xavfi mavjud boʻlgan ishlarda ishlovchilarga shaxsiy himoya vositalari: protivogazlar, respiratorlar, himoya koʻz oynaklari, maskalar va boshqalap amaldagi meʼyorlarga binoan beriladi.
58. Har bir oʻtkir kasb kasalligi (zaharlanish) sodir boʻlganda ushbu kasallikni aniqlagan yoki gumon qilgan shifokor tomonidan shoshilinch xabarnoma toʻldiriladi. Xabarnoma 24 soat ichida kasallangan odam ishlayotgan obyekt sanitariya nazoratini amalga oshiruvchi sanitariya-epidemiologiya xizmatiga yuboriladi. Oʻtkir kasb kasalligi bir vaqtning oʻzida ikki va undan ortiq kishilarda sodir boʻlgan hollarda (zaharlanganda) shoshilinch xabarnoma har bir kishi uchun alohida toʻldiriladi. Shoshilinch xabarnomada oʻtkir kasb kasalligining dastlabki (yakuniy) tashxisi, faraz qilingan ishlab chiqarish omillarining nomi va kasallikning kelib chiqish sabablari koʻrsatiladi.
Diagnoz qoʻygan yoki uni oʻzgartirgan tibbiy boʻlim yangi shoshilinch xabarnomani tuzadi va 24 soat ichida uni sanitariya-epidemiologiya xizmatiga yuboradi, bunda oʻzgartirilgan (aniq belgilangan) diagnoz, uning belgilangan sanasi, dastlabki tashxis koʻrsatiladi.
59. Tibbiy boʻlim shoshilinch xabarnomani joʻnatishdan tashqari quyidagi har bir holat toʻgʻrisida telefon yoki telegraf orqali SEXni xabardor qiladi:
a) 2 va undan ortiq kishi oʻtkir kasb kasalligi bilan ogʻrib (zaharlanib) mehnatga yaroqsiz boʻlganligi haqida;
b) kuydirgi, brutsellez, qoqshol, qutirish kasalliklari haqida (bemorni kasb faoliyati bilan bogʻliq boʻlsa).
60. Oʻtkir kasb kasalligini (zaharlanishni) har bir holati tekshiriladi.
Oʻtkir kasb kasalligi (zaharlanish) holatlarini tekshirish mehnat gigiyenasi boʻyicha sanitariya shifokori yoki SEXni boshqa mutaxassisi bilan shoshilinch xabar olingan vaqtdan boshlab 24 soat davomida oʻtkaziladi, ushbu qoʻllanmani 256-bandida koʻrsatilgan holatlarda xabarnoma olingan zahoti.
Tekshirish jarayonida:
a) oʻtkir kasb kasalligi (zaharlanish)ning kelib chiqish sabablari aniqlanadi;
b) kasallik paydo boʻlgan ish joyi (ishchi zonasi, ishlab chiqarish uchastkasi, sex) tekshiriladi;
v) zarur boʻlganda zararli ishlab chiqarish omillarining laboratoriya va instrumental tekshiruvi tashkil etiladi;
g) kasallik (zaharlanish) paydo boʻlgan ishlovchini mehnat sharoitining sanitariya-gigiyenik ahvoli baholanadi;
d) tekshirish natijalari asosida sanitariya-profilaktika, kasallik (zaharlanish)ning oldini olish va bartaraf etish boʻyicha tashkiliy va texnik chora-tadbirlar ishlab chiqiladi.
Hammom va kir yuvish taʼminoti ustidan sanitariya-gigiyenik nazorati
61. Maxsus kontingent hammomda yuvinishini va kir yuvishini taʼminlash muassasaning intendantlik taʼminoti boʻlimi (guruhi)ning kuchi va vositalari bilan amalga oshiriladi.
62. Muassasa tibbiy boʻlimi quyidagilarni amalga oshirishi lozim:
a) hammom va kir yuvish binolarining qurilishi va qayta qurilishining borishini joriy sanitariya nazorati;
b) sanitariya qoidalariga mos holda kir yuvish va hammomni joylashishi, jihozlanishi va ahvoli, sifat nazorati, oʻz vaqtida dezinfeksiya oʻtkazilishi, sanitariya ishlovi berish, ichki kiyimlar va choyshab, yostiq jildi va shu kabilarni almashtirish va yuvish, sovuq va issiq suv bilan taʼminlashning joriy sanitariya nazorati;
v) hammom va kir yuvish bilan bevosita band boʻlganlarni, maxsus kasb egalari guruhiga mansub shaxslar sifatida, barcha zarur chora-tadbirlar asosida tibbiy koʻrikdan oʻtkazish;
g) hammom va kir yuvish taʼminoti qismi boʻyicha SEXni taklif va yozma koʻrsatmalarini bajarilishini nazorat qilish va natijalari haqida mutasaddi shaxslarga maʼlumot berish.
621. Hammomda maxsus kontingentni sanitariya ishlovini ham amalga oshirish imkoniyati boʻlsa, ular gigiyenik vazifadan tashqari, epidemiyaga qarshi vazifani ham bajaradi.
Quyidagi holatlarda sanitariya ishlovi oʻtkazilishi zarur:
a) rejali tadbir sifatida — oyda 1-marta;
b) epidemik koʻrsatmalarga koʻra;
v) muassasaga yangi kelganlarni qabul qilishda.
63. Sanitariya ishlovi quyidagilardan iborat: odamlarni hammomda sovun bilan yuvinishi, oʻrin-koʻrpa jildlari bilan ichki kiyimni almashtirish, (pedikulezda terini tuk bilan qoplangan qismlarini tozalash), shaxsiy kiyimni va oʻrin-koʻrpani (yostiq, toʻshak, koʻrpa) dezinfeksiya kamerasida dezinfeksiya, dezinseksiya qilish.
64. Hammomda sanitariya ishlovi oʻtkazish vaqtida, hammomga kirayotganlar va chiqayotganlar alohida eshiklardan kirib chiqishlari lozim.
Sanitariya ishlovga moʻljallangan hammomlarda alohida kirish va chiqish eshigi, choʻmiladiganlar ustki va ichki kiyimlarini dezinfeksiyalash kamerasiga uzatadigan, echinish xonasi va kiyinish xonasi boʻlib, unga choʻmilgandan keyin chiqiladi, unda darcha orqali toza boʻlimdan oʻzlarining dezinfeksiya yoki dezinseksiyadan oʻtgan narsalarini oladilar; doimiy dezinfeksiyalash kamerasi boʻladi.
Dezinfeksiyalash kamerasining qabul qilish imkoniyati hammomning qabul qilish imkoniyatiga mos boʻlishi kerak.
65. Kamerada dezinfeksiyalash tadbiri Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi va Oʻzbekiston Respublikasi IIVning Tibbiyot boshqarmasining buyruq va yoʻriqnomalari talablari asosida oʻtkaziladi.
66. Dezinfeksiyalash kamerasi binosini koʻrikdan oʻtkazishda quyidagilarga eʼtibor beriladi:
a) dezinfeksiyalash kameralarining sanitariya-texnik holati;
b) zararsizlantirish (tartibiga) rejimiga rioya etish;
v) koʻrpa, yostiq jildi va buyumlarni kamerada toʻliq zararsizlantirish;
g) maksimal termometrlardan foydalanib temperatura tartibini (rejimini) tekshirish;
d) xodimlarning ishlov berish tartibi (rejimi) va sanitariya qoidalariga rioya etish boʻyicha bilimlarini tekshirish;
e) avval berilgan takliflarning bajarilishini tekshirish;
j) dezinfeksiyalash sifatini tekshirishning fizikaviy va kimyoviy usullarini ishlatish.
67. Kamerada dezinfeksiyalash holatini dezinfeksiya va dezinseksiyani qayd qilish jurnalida baholab boriladi.
68. Muassasadagi shaxslar haftasiga bir marta choʻmiladilar va koʻrpa-yostiq jildi hamda ichki kiyimlarini bir vaqtning oʻzida almashtiradilar. Oshpazlar, terisi kuchli ifloslanadigan ishni bajaruvchi xodimlar, bundan tashqari har kuni dush qabul qiladilar. Choʻmiluvchilarning har galgi almashinishi bilan navbatchilar hammom xonalarini yaxshilab tozalaydilar va xlorli ohakning 0,2-0,5 % li tindirilgan eritmasi, xloraminning 1% li eritmasi yoki lizolning 3% li eritmasi bilan dezinfeksiya qiladilar(shuningdek oʻtirgich va yuvinish togʻoralarini ham).
69. Sartaroshxona anjomlari 30 minut davomida xloraminning 1% li eritmasiga solib qoʻyiladi, soʻngra vodoprovod suvida yuviladi va quritiladi.
70. Terining yiringli va zamburugʻ kasalliklari bilan kasallangan shaxslar, hammadan keyin alohida choʻmiladilar, soʻngra hammomda 30 minutli ekspozitsiya bilan 2%li ishqorli eritma (tozalanmagan soda) yoki xlorli ohakning 3%li tindirilgan eritmasi yordamida dezinfeksiya oʻtkaziladi. Muassasaning izolatsiya qilingan joyida saqlanuvchi sil kasalligi gumon qilinayotgan mahkumlar, ular uchun ajratilgan alohida kunda choʻmiladilar, keyin hammom ham yakuniy dezinfeksiya qilinadi.
71. Hammomdan chiqqan kirlangan ichki kiyimlar, shuningdek koʻrpa va yostiq jildlari bevosita yotoqxonadan kir yuvish xonasiga uzatiladi.
72. Kir yuvish binolari va maxsus jihozlarning joylashtirilishi texnologik jarayonning uzluksizligi va ketma-ketligini taʼminlashi zarur, yuvilgan va yuvilmagan, shuningdek quruq va hoʻl buyumlar bir-biriga tegib turishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Kir yuvish binosining yuvilmagan buyumlar saqlanadigan qismida kirlangan buyumlarni qabul qilish va saralash sexi joylashadi. Hammom binosining yuvilgan buyumlar saqlanadigan yarmida: yuvish, quritish-dazmollash, taʼmirlash va ichki kiyimlarni tarqatish sexlari joylashadi.
Binoning toza buyumlar va kir buyumlar saqlanadigan qismlari oraligʻida ikkala tomondan kirish mumkin boʻlgan sanitariya xonasi jihozlanadi va bu xonada dush, garderob va tualet boʻladi. Binoning ikkala yarmi kapital devor va toʻsiq bilan ajratiladi. Barcha sexlarda havoning harorati 150S dan 200S gacha, yuvish sexidagi nisbiy namlik 70%dan oshmasligi, quritish-dazmollash sexida esa 60%dan oshmasligi kerak. Kir yuvish binosiga qabul qilinadigan ichki kiyimlar turlari va kirlarni darajasiga qarab saralanadi. Ifloslangan kiyimlar 4—12 soat davomida 0,5%li kalsiyli soda eritmasi yoki boshqa yuvish ashyolari (trinatrifosfat, sulfonal, OP—7 sovuni va b.) qoʻshilgan iliq suvda ivitiladi.
73. Muassasaning sil kasallar yashaydigan hududidan, tibbiy boʻlim statsionaridan keltirilgan kiyimlar yuvilishdan avval albatta ishqoriy eritmada bir soat davomida qaynatiladi yoki dezinfeksiyalovchi eritmada ivitiladi va maxsus ajratilgan mashinada yuviladi.
74. Kir yuvish binosining ifloslangan yarmi ish tugaganidan keyin yaxshilab tozalab yuviladi va dezinfeksiya qilinadi.
75. Toʻshak jildlari va odeyal yilning har choragida bir marta yuviladi.
76. Hammom va kir yuvish binosi vodoprovod suvi, kanalizatsiya, binoni isitish uskunalari, ventilatsiya va issiq suv bilan taʼminlanishi lozim.
77. Suvning sifati “Ichimlik suvi” 950—2000 Davlat standartiga qoʻyiladigan talablariga javob berishi kerak.
78. Hammom va kir yuvish binosidan chiqayotgan oqava suvlari, ular tarkibida koʻp miqdorda yuvuvchi moddalar, tez irib qoladigan organik moddalar, mikroblar boʻlganligi sababli epidemiologik jihatdan xavflidir.
Tozalash qurilmalariga ega boʻlgan kanalizatsion shoxobchalarda oqava suvlar bevosita kanalizatsiya tarmogʻiga quyiladi, agar tozalash qurilmalariga oqizilayotgan barcha oqava suvlarni 25%ni hammom-kir yuvish binosidan chiqayotgan oqava suv tashkil etsa, u holda oqava suvlar soʻndirilgan ohak eritmasi bilan koagullash usulida dastlabki tozalashdan oʻtkaziladi. Koagullash uchun SaO ning aktivligiga hisoblab, ohak suviga 400 gr/m.kub miqdorida ohak qoʻshiladi. Ohak ogʻirligining 50%iga aktiv kalsiy oksidi toʻgʻri keladi, hisoblash miqdori shu asosida topiladi. Kanalizatsiya oʻtkazilmagan punktlarda oqava suvlarni tozalash uchun mahalliy kanalizatsion tozalash qurilmasi oʻrnatiladi.
79. Oqava suvlarini tozalash usuli va tashlash joyi hududiy sogʻliqni saqlash idoralarining sanitariya-epidemiologik markazlari bilan kelishilishi kerak.
80. Hammom kir yuvish binosidan chiqayotgan oqava suvlarni suv havzalariga, jarliklarga va shunga oʻxshash joylarga dastlabki koagullash va tindirish (6—12 soat), xlorlash (5—10 mg/l aktiv xlor dozasida) yoʻli bilan tozalamasdan toʻkish man etiladi.
IV-bob. Epidemiyaga qarshi chora-tadbirlarni tashkil etishning umumiy qoidalari
81. Epidemiyaga qarshi kurashish — muassasada saqlanayotgan shaxslar oʻrtasida yuqumli kasalliklarning oldini olish va bartaraf etishga qaratilgan chora-tadbirlar tizimidan iborat.
82. Muassasada epidemiyaga qarshi chora-tadbirlar majmuasini tashkillashtirish tibbiy boʻlimi boshligʻi zimmasiga yuklatiladi. Bunga rejim-tartibot, siyosiy-tarbiyaviy, intendant, xoʻjalik va boshqa xizmatlar jalb etiladi.
83. Epidemiyaga qarshi tadbirlar quyidagi holatlarni oldini olishga qaratiladi:
a) muassasaga yuqumli kasalliklar olib kelinishini;
b) maxsus tarkib orasida yuqumli kasalliklar kelib chiqishi va tarqalishini;
v) muassasa tashqarisida yuqumli kasalliklar tarqalishini.
84. Epidemiyaga qarshi kurashish oʻz ichiga quyidagilarni oladi:
a) muassasada va u joylashgan hududda sanitariya-epidemiologik holatni nazorat qilish;
b) maxsus kontingent muassasaga qabul qilinganda oʻtkaziladigan tadbirlar;
v) maxsus tarkib salomatligini doimiy ravishda kuzatib borish;
g) ichimlik — xoʻjalik suvi, oziq-ovqat va boshqa taʼminot bilan bogʻliq boʻlgan shaxslarning doimiy tibbiy nazorat va laboratoriya tekshiruvlaridan oʻtkazish;
d) atrof muhit, yotoqxonalar, oziq-ovqat, suv taʼminoti, hammom, kirxonalar bilan taʼminlanish, shaxsiy gigiyenaga rioya qilinishi ustidan doimiy tibbiy nazorat olib borishni;
e) rejali va shoshilinch emlashlarni oʻtkazilishini nazorat qilishni;
j) dezinfeksiya, dezinseksiya, deratizatsiya chora-tadbirlarini oʻtkazilishini;
z) maxsus kontingentni sanitariya madaniyatini oshirib borishni;
i) epidemiyani oldini olish masalalari boʻyicha tibbiy xodimlarni tayyorlash va malakasini doimiy ravishda oshirib borishni;
y) yuqumli kasalliklar tarqalganda epidemiyaga qarshi chora-tadbirlarni oʻtkazish uchun kuch va vositalarni tayyorlashni (tibbiy boʻlimda qoʻshimcha oʻrinlar tashkil qilish, kerakli jihozlar bilan taʼminlash va hokazo);
k) epidemiologik holatni oldindan bashorat qilish va tezkor epidemiologik tahlillar oʻtkazish.
85. Maxsus kotingentni epidemiyadan himoya qilish chora-tadbirlarini tashkil qilish va rejalashtirishning asosini sanitariya-epidemiologiya nazorati tashkil qiladi. Sanitariya-epidemiologiya nazoratining maqsadi muassasaga yuqumli kasalliklar olib kirilishini oldini olishdir.
86. Epidemiologik nazoratning vazifalari quyidagilar hisoblanadi:
a) muassasa joylashgan hududning sanitariya-epidemiologik holatini doimiy oʻrganish;
b) muassasa joylashgan hududdagi suv manbalari va aholi punktining sanitariya holati ustidan uzluksiz tibbiy nazorat olib borish;
v) muassasa joylashgan hududda tashqi muhit obyektlarining bakteriyalardan ifloslanishi, epizotiyalar va yuqumli kasalliklar kelib chiqqanligi haqidagi maʼlumotlarni oʻz vaqtida aniqlash va toʻplash.
87. Muassasa joylashgan hududda sanitariya-epidemiologiya holatini chuqur oʻrganish va maʼlumotlarni oydinlashtirish quyidagilar orqali taʼminlanadi:
a) aholining yuqumli kasalliklar bilan kasallanish dinamikasi va tuzilishi bilan tanishish;
b) epidemik kasalliklarni mumkin boʻlgan manbalari va tarqalish yoʻllarini va ularga maxsus kontingentning beriluvchanligini oʻrganish;
v) tibbiy hamda veterinariya davolash-profilaktika muassasalari tomonidan oʻtkazilayotgan epizootiya, epidemiyaga qarshi, hamda boshqa chora-tadbirlarning hajmi va sifati bilan tanishish.
88. Muassasa joylashgan hududdagi epidemiologik vaziyat haqidagi uzluksiz maʼlumotlar quyidagilar orqali olinadi:
a) mahalliy sogʻliqni saqlash muassasalaridan odamlar va hayvonlar oʻrtasida yuqumli kasalliklar bilan kasallanish haqidagi maʼlumotlarni olish;
b) yuqori tibbiy boshliqlardan respublikadagi va viloyatdagi sanitariya-epidemiologik holat haqidagi maʼlumotlarni olish;
v) sogʻliqni saqlash tashkilotlari tomonidan tashkil qilinayotgan majlislar, konferensiyalar, yigʻilishlar va seminarlarda ishtirok etish yoʻli bilan.
89. Muassasa tibbiy boʻlim boshliqlari sanitariya-epidemiologiya nazoratini olib borishda, quyidagi tadbirlarni amalga oshirish uchun mahalliy sogʻliqni saqlash va veterinariya tashkilotlari bilan uzviy aloqada boʻlishi shart:
a) muassasa joylashgan hududdagi aholi va hayvonlar oʻrtasida yuqumli kasallik va epidemiya hamda epizootiyaga qarshi oʻtkazilayotgan tadbirlar haqida maʼlumotlarni uzluksiz ravishda olish uchun;
b) oʻtkazilayotgan profilaktik va epidemiyaga qarshi tadbirlarni muvofiqlashtirish uchun;
v) maxsus kontingentni epidemiyadan himoya qilish masalalarida maslahat va boshqa turdagi yordamni olish uchun.
90. Muassasaga yuqumli kasalliklar kirib kelmasligi uchun yangi kelganlar bir kun davomida toʻliq sanitariya ishlovidan va tibbiy koʻrikdan oʻtkaziladi. Shu vaqt mobaynida oʻpka sili, teri-tanosil va boshqa yuqumli kasalliklar bilan kasallanganlarni hamda ular bilan muloqotda boʻlgan shaxslar aniqlanib, tibbiyot boʻlimi boshligʻi xulosasiga koʻra ular ushbu kasalliklarni yashirin davri mobaynida tibbiy kuzatuvda boʻladilar. Jazoni ijro etish muassasasiga yangi kelganlar alohida qabul boʻlimi binosiga joylashtiriladi. Ular 14 kun mobaynida tibbiy kuzatuvda boʻladilar va soʻngra yashash hududiga oʻtkaziladi. Mahkumlar karantin binosida boʻlgan paytlarida, ularni karantin binosidan tashqaridagi ishlarga jalb etish taqiqlanadi. Tibbiy kuzatuv paytida maxsus kontingent orasida yuqumli kasalliklar aniqlanganda, epidemiyaga qarshi kompleks tadbirlar oʻtkaziladi. Bunday hollarda tibbiy kuzatuv davomiyligi oxirgi bemor boshqalardan ajratilgan kundan boshlab hisoblanadi.
91. Muassasalarda profilaktik va epidemiyaga qarshi ishlarni oʻz vaqtida amalga oshirish uchun tibbiy boʻlimlari reja asosida yilning maʼlum bir davri (har oy,chorak, yarim yil, toʻliq yil) uchun epidemiologik tahlil oʻtkazishlari shart. Bundan tashqari epidemiologik oʻchoqda epidemiologik tekshiruv oʻtkaziladi. Muassasadagi epidemiologik vaziyat tahlili muassasalar tibbiy boʻlimi boshliqlari tomonidan olib boriladi.
92. Maʼlum oʻtgan davr uchun epidemiologik tahlil oʻtkazilganda tibbiy xizmatga biriktirilgan shaxslar orasida kasalliklar darajasi, dinamikasi va turkumi oʻrganiladi. Kasallik qoʻzgʻatuvchisi, uni yuqish yoʻli har bir kasallik turi boʻyicha alohida oʻrganiladi. Bundan tashqari yuqumli kasalliklar tarqalish xavfini bilish uchun kasallik epidemiya oʻchogʻini kelib chiqish sababi tahlil qilinadi.
93. Epidemiologik kuzatuv natijalari, yilning maʼlum oʻtgan davri uchun epidemiologik tahlil va ayrim yuqumli kasalliklar epidemiologik xususiyatlari inobatga olinib, maʼlum sharoitda epidemiologik jarayonni kechish darajasi oldindan aniqlanadi. Epidemiologik vaziyatni bashorat qilish asosida tibbiy boʻlimi boshliqlari maxsus kontingent orasida yuqumli kasalliklar tarqalishining oldini olishga qaratilgan tadbirlarni tashkil qilish boʻyicha takliflar ishlab chiqadilar.
V-bob. Tergov hibsxonalari va jazoni ijro etish muassasalarida epidemiyaga qarshi tadbirlarni tashkil etish
Yuqumli kasallik bilan ogʻrigan bemorlar aniqlanganda oʻtkaziladigan epidemiyaga qarshi tadbirlar majmui
94. Muassasada yuqumli kasalliklar aniqlanganda tibbiy boʻlim boshligʻi quyidagilarni oʻz ichiga olgan epidemiyaga qarshi tadbirlar oʻtkazilishini tashkillashtiradi:
a) bemorlarni aniqlash, boshqalardan ajratish, statsionarga joylashtirish, yuqumli kasalliklar shifokori koʻrigini tashkil qilish va davolashni;
b) joriy va yakunlovchi dezinfeksiyalar oʻtkazishni;
v) epidemiologik tekshiruv oʻtkazilishini;
g) tibbiy nazorat olib borilishi, observatsiya yoki karantin eʼlon qilinishi;
d) sanitariya-gigiyena tadbirlari oʻtkazilishi ustidan nazorat qilishni;
e) emlash ishlari oʻtkazilishi.
95. Tibbiy xodimlar tomonidan ambulatoriya qabuli oʻtkazilishi, biriktirilgan kontingentni tibbiy koʻrikdan oʻtkazilishi, shuningdek muassasa maʼmuriyati bilan birga yotoqxonalar va kameralarni aylanish davomida yuqumli kasalliklarga chalinganlar oʻz vaqtida aniqlanadi.
96. Aniqlangan bemorlar va yuqumli kasalliklarga shubha qilinganlar zudlik bilan tibbiy boʻlim qoshida oldindan jihozlangan izolyatorga joylashtiriladi. Epidemiologik holat oʻzgarganda (yuqumli kasallikka chalingan bemorlar soni koʻpayib ketsa) izolyator kengaytiriladi va qayta jihozlanadi (kamera, yotoqxona, muassasa maktabi binosi izolyator sifatida jihozlanishi mumkin). Tibbiy izolyatorda shifokor bemordan epidemiologik anamnez yigʻadi, uni tekshiradi, tashxis qoʻyib unga tibbiy yordam koʻrsatadi. Yuqumli kasallikka chalingan bemorlar va unga shubha qilinganlar, ular kasalxonaga joʻnatilguniga qadar yoki tibbiy kuzatuv olib borish uchun, yuqumli kasallik tarqalishini oldini olish maqsadida tibbiy izolyatorga vaqtincha joylashtiriladi. Ular tibbiy izolyatorda boʻlgan vaqtda epidemiyaga qarshi rejim saqlanadi.
97. Epidemiyaga qarshi rejim deganda, tibbiy izolyator ishining shunday tartibi tushuniladiki, bu tartib tibbiy xodimlarni toʻliq xavfsizligini taʼminlaydi, izolyator ichida kasallik yuqishi hamda bemorlar va ularga xizmat qiluvchi xodimlar tomonidan kasallikni atrofga yoyilishi imkoniyatini bartaraf qiladi. Epidemiyaga qarshi rejim har bir infeksiyaning alohida epidemiologik xususiyatlariga koʻra (uning yuqish yoʻllari inobatga olingan holda) aniqlanadi.
Epidemiyaga qarshi rejimni umumiy talablari quyidagilar hisoblanadi:
a) har xil yuqish yoʻliga ega boʻlgan yuqumli kasalliklarga chalingan bemorlarni alohida joylashtirish;
b) tibbiy izolyatorni ovqatlanish va suv taʼminoti obyektlaridan uzoqda joylashtirish;
v) tibbiy izolyatorda choyshablar, koʻrpa-toʻshaklar, idishlar, bemorlarga qarash uchun lozim boʻlgan narsalar, bemorlar ich kiyimlari va idishlarini dezinfeksiyalash uchun sigʻimlar, bemor ajratmalarini zararsizlantirish uchun qopqoqli idishlar, hamda dezinfeksiya va dezinseksiya vositalari bilan taʼminlanishi lozim;
g) tibbiy izolyatorga joylashtirilayotgan bemorlarni choʻmilishi va epidemiologik koʻrsatmaga koʻra ularga sanitariya ishlovi oʻtkazilishi;
d) dezinfeksiya tartibiga rioya qilish.
98. Yuqumli kasalliklar bilan kasallangan bemorlar jazoni ijro etish muassasasi kasalxonasining yuqumli kasalliklar boʻlimiga yoki alohida hollarda sogʻliqni saqlash idoralarining yuqumli kasalliklar kasalxonasiga (boʻlimiga) yotqiziladi. Bunday bemorlarni sogʻlom shaxslar va yuqumli boʻlmagan kasallar bilan birga (transport turidan qatʼi nazar) tashilishiga yoʻl qoʻyilmaydi. Oziq-ovqat tashish transportlarida kasallarni olib yurish qatʼiy taqiqlanadi. Yuqumli kasallikka chalingan bemorlarni oxirgi joyigacha kuzatib borish uchun tibbiy xodim ajratiladi va tez tibbiy yordam koʻrsatish uchun kerakli dori-darmonlar, idishlar (bemor ajratmalarini zararsizlantirish uchun chelak va boshqalar) va dezvositalar beriladi. Yuqumli kasallikka chalingan bemorlarni tashigan avtoulov, bemorni qabul qilgan kasalxona tomonidan evakuatsiyadan keyingi 2 soat ichida yakuniy dezinfeksiya qilinadi.
99. Yuqumli kasallik paydo boʻlgan vaqtda epidemiyaga qarshi tadbirlar epidemik oʻchoq doirasida oʻtkaziladi. Ushbu kasallik yuqishi mumkin boʻlgan hudud (kamera, otryad, brigada, muassasa) epidemik oʻchoq chegarasi deb belgilanadi. Epidemik oʻchoqning taʼsir etish vaqti, kasallik manbai tugatilgan va yakunlovchi dezinfeksiya oʻtkazilgan vaqtdan soʻng kasallikni yashirin davrining maksimal muddati bilan aniqlanadi.
100. Epidemiyaga qarshi oʻtkaziladigan tadbirlarni aniqlash uchun tibbiy boʻlim boshligʻi epidemiologik tekshirish oʻtkazadi. Tekshirish davomida taxmin qilingan kasallik manbai, kasallik qoʻzgʻatuvchisini maʼlum sharoitlarda mumkin boʻlgan tarqalish yoʻli va omillari, kasallanishi mumkin boʻlgan shaxslar doirasi aniqlanadi. Yuqumli kasallik ayrim holatlarda (shaxslarda) uchraganda, epidemiologik tekshiruv davomida tibbiy boʻlim boshligʻi quyidagilarni amalga oshiradi:
a) bemordan kasallanish sababini surishtirib, uni tibbiy tekshiruvdan oʻtkazadi;
b) epidemiologik oʻchoqda bemor bilan muloqotda boʻlganlarni sogʻligʻi ahvoli bilan qiziqib, ularni tibbiy tekshiruvdan oʻtkazadi;
v) tashqi muhitni tekshiradi, bunda laboratoriya usulidan ham foydalaniladi.
Kasallik manbai va uni yuqish yoʻllarini aniqlash maqsadida, maʼlum bir infeksiyani epidemiologik xususiyatlarini inobatga olib hamda laboratoriya usullaridan foydalanish orqali soʻrab-surishtirish va tibbiy tekshirish ishlari olib boriladi. Epidemiologiya tekshiruvi natijalari kasallik oʻchogʻida oʻtkaziladigan tadbirlarni muvofiqlashtirishda foydalaniladi.
Kasallik bir guruh shaxslarda qayd etilgan (epidemik avj olgan) hollarda tibbiy boʻlim boshligʻi yuqoridagi tadbirlardan tashqari otryad, brigada va kameralar boʻylab kasallik tarqalishini, kasallikni tarqalish vaqtini, kasallanganlarning yashash sharoitlarini tahlil qiladi. Bundan maqsad har bir bemor uchun kasallik manbai va yuqish yoʻlini hamda infeksiyani tarqalish sababini aniqlashdan iborat.
101. Har bir yuqumli kasallik bilan kasallanish haqida tibbiy boʻlim boshligʻi muassasa boshligʻiga va shu bilan birgalikda yuqori turuvchi tibbiy xizmat boshliqlariga xabar qiladi. Tashxis aniq boʻlgan vaqtdan boshlab 24 soat ichida IIV, IIBB, IIB sanitariya-epidemiologiya xizmatiga (SEX) qayd etilgan yuqumli kasallik, ovqatdan zaharlanish, organizmni emlashga qarshi odatdan tashqari reaksiyasi haqida tezkor xabarnoma yuboriladi. Tezkor xabarnomani oʻz vaqtida yuborilishiga muassasa tibbiy boʻlimi boshligʻi javobgardir. Epidemiologik tekshiruv vaqtida yuqumli kasallik oʻchogʻini epidemiologik tekshirishni belgilangan shakldagi kartasi tuziladi va keyinchalik uni IIV, IIBB, IIB SEXlariga yuboriladi.
102. Epidemik oʻchoqda, infeksiyani oʻziga xosligi va maxsus kontingentni joylashish xususiyatiga bogʻliq boʻlgan epidemiyaga qarshi cheklash-tartibot tadbirlari oʻtkaziladi. Epidemiyaga qarshi cheklash-tartibot tadbirlari 3 toifaga boʻlinadi:
a) kuchaytirilgan tibbiy nazorat;
b) observatsiya;
v) karantin.
103. Kuchaytirilgan tibbiy nazorat yuqumli kasallik bilan ogʻriganlarni faol ravishda aniqlash va ularni boshqalardan ajratish hamda kasalxonaga yuborishdan iborat. Yuqumli kasallik bilan ogʻrigan bemorlarni faol aniqlash maxsus kontingent sogʻligʻi ahvolini surishtirish, ularni tibbiy tekshirish, tana haroratini oʻlchash va laboratoriya usuli bilan tekshirish orqali amalga oshiriladi. Kuchaytirilgan tibbiy nazorat muassasa tibbiyot boʻlimi boshligʻi koʻrsatmasi bilan amalga oshiriladi.
104. Observatsiya — yuqumli kasalliklarni tarqalishini oldini olishga qaratilgan tadbirlar tizimidir. Observatsiyani tibbiy boʻlim boshligʻi taqdimi asosida, muassasa boshligʻining buyrugʻi bilan kuchga kiritiladi.
Observatsiyada quyidagilar koʻzda tutiladi:
a) kuchaytirilgan tibbiy nazorat;
b) muassasaga maxsus kontingentning kelishini cheklash;
v) observatsiya eʼlon qilingan muassasaga maxsus kontingent kelgan hollarda (ularni bu muassasaga kelishi observatsiya eʼlon qilinmasdan oldin hal qilingan boʻlsa) ular boshqalardan alohida joylashtiriladi. Maxsus kontingentni muassasadan ketish masalasi har bir holat boʻyicha alohida hal etiladi;
g) qarindoshlar bilan uchrashuv cheklanadi yoki toʻxtatiladi;
d) maxsus davolash-profilaktik va epidemiyaga qarshi kurash tadbirlari oʻtkaziladi.
105. Karantin — bu epidemiya oʻchogʻini toʻliq oʻrab olish va u yerdagi yuqumli kasallikni bartaraf etishga qaratilgan cheklash va epidemiyaga qarshi tadbirlar tizimidan iborat. Karantin vaqtida quyidagi tadbirlar oʻtkazilishi koʻzda tutiladi:
a) maxsus kontingent toʻliq ajratiladi, muassasaga kelish va undan ketish, muassasa ichida maxsus kontingentni koʻchib yurishi taqiqlanadi;
b) kuchaytirilgan tibbiy nazorat oʻrnatiladi;
v) maxsus davolash-profilaktik va epidemiyaga qarshi tadbirlar amalga oshiriladi.
Bu holatda muassasaning moddiy-texnik taʼminoti muassasadan tashqarida alohida tashkil qilingan yuklarni qabul qilish va oʻtkazish maydoni orqali amalga oshiriladi. Muassasa ichida maxsus kontingent otryadlar boʻyicha maksimal ravishda bir-biridan alohida joylashtiriladi va ularga ovqatlar ovqatlarni olish shoxobchalari orqali beriladi. Karantin talablari bajarilishi uchun muassasada kuchaytirilgan xizmat tartibi tashkillashtiriladi. Epidemiologik vaziyat boʻyicha mahkumlarga uchrashuvlar berish vaqtinchalik toʻxtatiladi va bu haqda muassasa maʼmuriyati jazoni ijro etish joylarida qonunlar ijrosi ustidan nazorat qiluvchi prokurorga xabar beradi. Muassasada karantin Tibbiyot boshqarmasi, boʻlimi, xizmati tomonidan kiritilgan taqdimnomaga koʻra IIV, JIIBB, IIB rahbariyati qarori asosida oʻrnatiladi.
Ayrim yuqumli kasalliklarda epidemiyaga qarshi tadbirlar
106. Ichak infeksiyalari kelib chiqishini oldini olish boʻyicha tadbirlar mukammal, har tomonlama va doimiy ravishda olib borilganda samarali hisoblanadi.
Asosiy sanitariya profilaktik chora-tadbirlar quyidagilardan iborat:
a) maxsus kontingentning yashash sharoiti, suv va ovqat taʼminotini laboratoriya usulidan foydalanilgan holda tibbiy nazorat qilishni taʼminlash;
b) mehnat faoliyati tufayli maxsus roʻyxatda boʻlgan (oshxona, hammom, kir yuvish, oziq-ovqat taʼminoti bilan bogʻliq boʻlgan va boshqa koʻpchilikka xizmat qiladigan ishlarda ishlaydigan) shaxslarni laborator tibbiy tekshiruvdan oʻtkazish;
v) profilaktik dezinfeksiya va dezinseksiyani amalga oshirish (binolar, kanalizatsiyalangan va kanalizatsiyalanmagan hojatxonalar, oqava suvlar, axlat va chiqindi toʻplaydigan joylar, ichimlik hamda xoʻjalik faoliyati uchun ishlatiladigan suvlar, suv saqlanadigan va tashiydigan sigʻimlar, oshxona jihozlari va idish-tovoqlar hamda pashshalarga qarshi kurash);
g) maxsus kontingentni shaxsiy gigiyenaning asosiy qoidalariga rioya qilish hamda bajarilishi ustidan tibbiy nazorat olib borish;
d) dizenteriya(ichburugʻ) va oʻtkir yuqumli ichak kasalligi (OʻYuIK) bilan oxirgi 6 oy mobaynida ogʻriganlarni, hamda qachon kasallanganidan qatʼi nazar, ichterlama va paratif bilan ogʻrigan shaxslarni aniqlash, hisobga olish, tibbiy koʻrikdan oʻtkazish va dispanser kuzatuviga olish;
e) ichburugʻ va OʻYuIK bilan ogʻriganlarni barvaqt aniqlash, boshqalardan ajratish va kasalxonaga yotqizish;
j) bemor bilan muloqotda boʻlganlarni bakteriologik tekshirish usulini qoʻllagan holda tibbiy nazorat qilish va ularga fagoprofilaktika oʻtkazish;
z) profilaktik emlash ishlarini tashkillashtirish va oʻtkazish;
i) maxsus kontingent orasida sanitariya-oqartuv ishlarini oʻtkazilishini tashkillashtirish.
107. Ovqatlanish va suv taʼminoti obyektlarida doimiy ishlovchi maxsus kontingentlar oshpazlar, non taqsimlovchilar, ombor ishchilari, oshxonaning doimiy ishchilari, oziq-ovqat mahsulotlari va suv tashuvchi avtoulov haydovchilari, chilangarlar va suv taʼminoti bilan bogʻliq boʻlgan boshqa xodimlar (bundan keyin maxsus roʻyxatdagilar deb yuritiladi) doimiy tibbiy nazoratda boʻladilar. Ularni tibbiy tekshiruvdan oʻtkazish tartibi IIV Respublika sanitariya-epidemiologiya xizmati tomonidan muassasalar joylashgan hududdagi epidemiologik vaziyatni inobatga olgan holda belgilanadi.
Maxsus roʻyxatdagilarni tibbiy tekshirishdan oʻz muddatida oʻtishiga tegishli xizmatlarning boshliqlari javobgardir.
108. Oshxonada ishlash uchun tayinlangan maxsus kontingent ishga tushishdan oldin, tibbiy xodimlar tomonidan koʻrikdan oʻtadi. Uning natijalari oshxona ishchilarini teri va teri osti yiringli kasalliklariga tibbiy tekshirish oʻtkazishni hisobga olish daftariga yozib qoʻyiladi (047–3–U–I shakl). OʻYuIK bilan kasallanib dispanser kuzatuvida boʻlgan yoki ichburugʻning surunkali shakli bilan ogʻrib yurgan shaxslar oshxonada ishlash uchun tayinlanmaydilar.
109. Ovqatlanish va suv taʼminoti inshootlarida doimiy ishlovchi shaxslar oʻtkir ichburugʻ, qorin tifi, A yoki B turdagi paratif, virusli gepatitning A turi hamda ichburugʻ va ichterlamaning surunkali shakllari bilan ogʻriganlar, bakteriya tashuvchilik boʻyicha sanatsiya qilinganlar avvalgi ish joylariga qaytib ishga qoʻyilmaydilar. Ular muassasa maʼmuriyati tomonidan, ovqatlanish va suv bilan taʼminlash bilan bogʻliq boʻlmagan ishlarga oʻtkaziladi.
110. Tana harorati yuqori va tashxisi noaniq boʻlgan, qorin tifi (gripp, pnevmoniya, oʻtkir bronxit) tashxisi istisno qilinmagan, tana harorati 5 kundan ortiq yuqori boʻlib turgan bemorlar bakteriologik tekshiruvdan oʻtkiziladilar. Buning uchun qon gemokulturaga, najas kaprokulturaga tekshiriladi va serologik tashxis usullari (vidal, gemagglyutinatsiya va tsistiyenli gemagglyutinatsiya reaksiyalari)bajariladi.
111. OʻYuIK bilan ogʻriganlar hisobga olinib dispanser kuzatuvida boʻladi. Ushbu kasallik bilan ogʻrib oʻtganlar dispanser kuzatuvida boʻlgan davrida ularning sogʻligʻi toʻgʻrisidagi hamda klinik va laborator tekshirish natijalari tibbiy ambulator daftariga yoziladi. Dispanser kuzatuvi davrida laborator tekshirishlar uchun ashyo olish va uni laboratoriyaga yetkazgan muassasaning tibbiy xodimlari tomonidan amalga oshiriladi.
112. Tergov hibsxonalaridan jazo muddatini oʻtash uchun boshqa respublika, viloyatlardagi muassasaga yuborish oldidan, maxsus kontingent bir martalik bakteriologik tekshiruvdan oʻtkazilishi lozim. Boshqa holatlarda bakteriologik tekshiruv epidemiologik vaziyatga koʻra IIV, IIBB, IIB sanitariya-epidemiologiya xizmati qaroriga koʻra oʻtkaziladi. Bakteriologik tekshiruvlar natijasi boʻyicha bakteriya tashuvchiligi tasdiqlangan shaxslar joʻnatishdan olib qolinadi, ularga nisbatan mukammal davolash-profilaktik va epidemiyaga qarshi tadbirlar oʻtkaziladi.
113. Epidemiyaga qarshi tadbirlar epidemiologik oʻchoqni yoʻqotishga yoʻnaltirilgan va ayrim yoki bir guruh shaxslarda qayd etilgan OʻYuIKni epidemiologik tekshirish natijalari asosida oʻtkaziladi.
114. Yakka tartibda oʻtkir yuqumli ichak kasalligi (OʻYuIK) sodir boʻlganda epidemiologik tekshiruv muassasa tibbiy boʻlimi shifokori (boshligʻi) tomonidan oʻtkaziladi va quyidagi maqsadni koʻzlaydi:
a) bemor kasallangan joyni aniqlashni;
b) kasallik qoʻzgʻatuvchisi qaysi yoʻl bilan yuqqanligini aniqlash (ovqat — qanday, qayerda va qachon isteʼmol qilingan, ichimlik suvi — qayerdan, qaysi manbadan va qachon isteʼmol qilingan);
v) kasallanish ehtimoli yuqori boʻlgan guruhni aniqlash.
Ushbu vazifani bajarish uchun quyidagilar amalga oshiriladi:
a) bemor bilan suhbatlashish va uni tekshirish;
b) kasallik oʻchogʻida bemor bilan muloqotda boʻlganlar bilan suhbatlashish va ularni tekshirish;
v) muassasa doirasidagi tashqi muhit obyektlarini koʻrib chiqish va tekshirish.
Bemor bilan suhbatlashish davomida epidemiologik anamnez yigʻiladi va quyidagilar aniqlanadi:
a) kasallik boshlangan vaqt;
b) bemor ilgari ichak kasalligi bilan ogʻrigan yoki ogʻrimaganligi (qachon, qayerda davolangan);
v) qanday ovqatlanishi va qanday suvni isteʼmol qilishi;
g) kasal boʻlgunga qadar bemor kasallikning yashirin davrida qayerda boʻlganligi (kasallik qayerda yuqqan boʻlishi mumkinligini topish uchun);
d) ushbu kasallikning muhim klinik tomonlari.
Ushbu bemor bilan birga kasallangan yoki kasallik undan yuqqan boʻlishi mumkin boʻlgan shaxslar aniqlanadi. Kasallanish muassasa ichida yuz bergan boʻlsa oziq-ovqat taʼminoti bilan mashgʻul boʻlgan va kasal boʻlib oʻtgan shaxslar bakteriologik tekshiruvdan oʻtkaziladi.
Bemor va boshqa shaxslardan olingan maʼlumotlardan foydalanib, bemor kasallanishiga sabab boʻlgan sharoitni aniqlash maqsadida, atrof muhit elementlari (ovqatlanish, suv obyektlari, hojatxonalar, bemor boʻlgan joylar, atrofdagi hudud va boshqa joylar) tekshiriladi.
115. Kasallik bir guruh shaxslarda qayd etilganida (epidemik avj olish davrida) epidemiologik tekshirishni qoidaga koʻra shifokor-epidemiolog tibbiy boʻlim boshligʻi bilan birgalikda oʻtkazadi. Tibbiy boʻlim boshligʻi shifokor-epidemiolog kelgunga qadar mustaqil ravishda epidemiologik tekshirishni boshlashi va uning asosida lozim boʻlgan epidemiyaga qarshi tadbirlar oʻtkazishi shart.
Epidemiologik tekshirishning asosiy maqsadi, avj olgan yuqumli kasallikning turi va oʻziga xos xususiyatlarini, hamda uning rivojlanishiga taʼsir etuvchi omillarni aniqlashdan iborat.
Guruhli kasallanishda epidemiologik tekshirishning asosiy usullaridan biri boʻlib, kasallikning avj olish davrida va uning boshlanish davrida OʻYuIK bilan kasallanish darajasi va tuzilishini maxsus kontingentning ish sharoiti, ovqatlanish va suv bilan taʼminlanish xususiyatlarini hisobga olgan holda oʻrganishdan iborat. Avj olish sabablarini aniqlash maqsadida kasallik oʻchogʻining ayrim obyektlarida sanitariya holati toʻgʻrisidagi maʼlumotlar toʻplanadi (ovqatlanish va suv taʼminoti obyektlari, hududni tozaligi va boshqalar). Otryadlar boʻyicha kasallanish xususiyati, kasallanganlarning mehnat qilish hamda yashash sharoitlari va kasallikning rivojlanishiga imkon yaratuvchi boshqa omillar bilan taqqoslanadi. Bir vaqtning oʻzida suv, gumon qilingan oziq-ovqatlar, oshxonadagi jihozlardan laboratoriyada tekshirish uchun surtma olinadi, shuningdek, ovqatlanish xizmati xodimlari va kasallanib oʻtganlar bakteriologik usul bilan tekshiriladi.
116. Epidemiologik tekshirishning soʻnggi bosqichi barcha toʻplangan maʼlumotlarni umumlashtirish va tahlil qilishdan iborat. Kasallik manbai, yuqish yoʻllari va UYuIK paydo boʻlishi haqidagi maʼlumotlarni tanqidiy baholash asosida yakuniy xulosalar beriladi. Bu xulosalar maqsadli va tez natija beruvchi epidemiyaga qarshi tadbirlarni hajmi va xususiyatini aniqlash uchun foydalaniladi.
117. Muassasada biron bir yuqumli ichak kasalligi bilan kasallangan bemor aniqlanganda, darhol epidemiyaga qarshi tadbirlar amalga oshiriladi.
Tibbiy boʻlim boshligʻi quyidagilarni amalga oshirishi shart:
a) biron bir yuqumli ichak kasalligi bilan ogʻrigan bemorni zudlik bilan boshqalardan ajratish va kasalxonaga yotqizishni tashkil etish;
b) muassasa boshligʻiga va yuqori turuvchi tibbiy boshliqqa xabar berish va shu bilan birgalikda yuqumli kasallik chiqqanligi, ish faoliyatida zaharlanish yoki ovqatdan zaharlanish, hamda emlash taʼsirida noqulay reaksiya boʻlganligi haqida SEXga shoshilinch xabarnoma yuborish;
v) kasallik oʻchogʻida yakuniy dezinfeksiyani oʻtkazishni tashkillashtirish;
g) epidemik oʻchoqda bemor bilan muloqotda boʻlganlarni ichburugʻ kasalligi boʻyicha 7 kun, ich terlama kasalligiga 21 kun, A turdagi virusli gepatit boʻyicha 35 kun davomida laboratoriya tekshiruvidan foydalanib tibbiy nazoratni yoʻlga qoʻyish va bu vaqt mobaynida ularni oshxonaga ishga qoʻyishni taqiqlash;
d) yolgʻondan kasal qilib koʻrsatish holatlarini bartaraf etish boʻyicha ish olib borish;
e) ovqatlanish va suv bilan taʼminlash hamda hududni tozalash boʻyicha nazoratni kuchaytirish.
118. Oʻtkir yuqumli ichak kasalligi epidemik avj olganda yuqorida qayd etilganlardan tashqari quyidagi qoʻshimcha tadbirlar oʻtkaziladi:
Epidemik avjga oziq-ovqat sabab boʻlganda:
a) gumon qilingan masalliqlar, tayyor ovqat yoki uning qoldigʻidan foydalanish bekor qilinadi va ular namunasi sanitariya-epidemiologiya muassasalariga ekspertizaga yuboriladi;
b) oziq-ovqatlarda kasallik qoʻzgʻatuvchilari koʻpayishi sabablari aniqlanadi va bartaraf qilinadi;
v) oziq-ovqat obyektlari va oshxona, tozalovchi va dezinfeksion vositalar qoʻllangan holda toʻliq tozalanadi, idish-tovoqlar va oshxona jihozlari suvda qaynatilib yuviladi;
g) oziq-ovqat bilan ishlovchi xodimlar va oshxonaga vaqtinchalik ishga yuborilganlarni shaxsiy gigiyenaga rioya qilishlari ustidan nazorat kuchaytiriladi.
Epidemik avjga suv sabab boʻlganda:
a) suv tizimi yoki uning ayrim tarmoqlari ifloslanishi sabablarini aniqlash hamda bartaraf etish;
b) suv tarmogʻi, suv saqlanadigan sigʻimlar va suv manbaini dezinfeksiyalash;
v) zudlik bilan maxsus kontingentni sifatli suv bilan taʼminlash.
Ichburugʻ kasalligi bilan ogʻrigan soʻnggi bemor kasalxonaga yotqizilganidan va kasallik oʻchogʻida yakuniy dezinfeksiya oʻtkazilganidan 7 kundan (A turdagi virusli gepatit — 35 kun, qorin tifi — 21 kun) keyin biror bemor yoki kasallik qoʻzgʻatuvchisini tashib yuruvchilar aniqlanmasa, kasallikning oʻchogʻi bartaraf etilgan hisoblanadi.
119. Epidemiyaga qarshi tadbirlar oʻtkazilganda, infeksiyaning quyidagi epidemiologik xususiyatlari hisobga olinadi.
Ichburugʻda oʻtkir bakterial ichburugʻ kasalligi yashirin ravishda oʻtishi sababli muassasadagi maxsus kontingent orasida qayd etilgan har bir kolit, enterokolit, enterit kasalliklarida ichburugʻ kasalligidagi kabi toʻliq epidemiyaga qarshi tadbirlar oʻtkaziladi.
Qorin tifi va paratiflarda tif va paratif kasalligi qayd etilganda, epidemiologik tahlilni yengillashtirish uchun ushbu kasallik bakteriyalarini tashuvchi shaxs kasallik oʻchogʻi manbai deb gumon qilinib, har bir surunkali tif-paratif kasalligi tashuvchilari chiqarayotgan bakteriyalar fagotiplari aniqlanadi va bu haqda ular ambulator tibbiy daftariga yozib qoʻyiladi.
Bakteriya tashuvchi boshqa muassasaga ketganda yoki ozod etilganda bu haqda IIV, IIBB, IIB SEXlariga xabar beriladi.
Vabo kasalligi qayd etilganda quyidagi tadbirlar oʻtkaziladi:
a) OʻYuIK kasallanishni doimiy epidemiologik tahlili;
b) oshqozon-ichak traktida disfunksiya boʻlgan, turar joyi aniq boʻlmagan (shundaylar muassasaga kelgan boʻlsa), OʻYuIK bilan ogʻrigan va maxsus roʻyxatdagi shaxslar vaboga bakteriologik usul bilan tekshiriladi;
v) muassasada OʻYuIKdan oʻlgan barcha bemorlar murdasi yorilib vaboga bakteriologik tekshiriladi, shuningdek seksiyada vabo uchun xususiyatli oʻzgarishlar aniqlangan barcha hollarda yoki oʻlimi sabablari aniqlanmaganlar ham murdalari yorilib bakteriologik tekshiriladi.
Oʻta xavfli yuqumli kasalliklardan oʻlganlarni koʻmish yoki tashish Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining maxsus qoidalari bilan belgilanadi.
A turdagi virusli gepatit kasalligida, kasallikning prodromal davrida boʻlgan bemorlar epidemiologik jihatdan xavfli hisoblanadi. Koʻpchilik bemorlarda kasallik qoʻzgʻatuvchisini ajralib chiqishi sariqlik paydo boʻlgandan keyin toʻxtaydi. Bemorlar sariqlik boshlangandan boshlab 3 hafta yoki kasallik boshlangandan boshlab 28 kunga alohidalanadi, virusli gepatit A kasalligi bilan ogʻrigan bemorlar bilan muloqotda boʻlgan hamda oziq-ovqat obyektlarida va ularga tenglashtirilgan obyektlarda ishlovchi xodimlar 35 kun davomida tibbiy nazoratga olinadi va haftada kamida bir marta shifokor koʻrigida boʻladi (harorati oʻlchanadi, peshobi va terining rangi nazorat qilinadi, jigar va taloqlar haftada bir marta tekshirib turiladi).
Bemor bilan muloqotda boʻlgan shaxslarni laboratoriyada tekshirish shifokor-terapevt tomonidan, quyidagi koʻrsatmalar boʻlganda belgilanadi (oʻtkir respirator kasalliklarning soni ortganda, jigarning kattalashuvida, sababsiz harorat koʻtarilishi va boshqalarda). Muassasada oxirgi bemor alohidalangan kundan boshlab 2 oy mobaynida rejali profilaktik emlash, tashxisiy sinamalar, stomatologik tekshirishlar oʻtkazilmaydi.
120. Havo-tomchi yoʻli orqali yuquvchi kasalliklarni oldini olishning asosiy chora-tadbirlari:
a) yotoqxona, kamera, ovqatlanish shoxobchasi, klub va boshqa xonalarni gigiyenik holatini saqlash (xonani harorat tartibiga rioya qilish, shamollatish, tozalash va boshqalar);
b) har qanday respirator kasalliklari bilan ogʻrigan bemorlarni oʻz vaqtida faol aniqlab alohidalash;
v) profilaktik emlash.
Kasallanishlar koʻpayganda cheklash tartibot tadbirlari oʻtkaziladi.
121. Grippdan himoyalanish quyidagilarni hisobga olgan holda oʻtkaziladi:
a) rejali profilaktik emlash maxsus kontingentning shakllanish va joylashtirilishini, foydalaniladigan emlash vaksinasini turiga hamda ushbu joydagi aholi orasida oʻtkaziladigan grippga qarshi chora-tadbirlarni xususiyatiga bogʻliq ravishda olib boriladi;
b) immun himoya infeksiya manbaiga (kasallikni faol aniqlash, bemorni alohidalash va barvaqt etiotrop davolash), kasallikni yuqish yoʻlini uzib qoʻyishga (umumiy sanitariya-gigiyena va tartibot-cheklash tadbirlari), organizmni nomaxsus qarshilik darajasini koʻtarishga (vitominoteropiya, ultrabinafsha nurlar, chiniqtirish, badan tarbiya va boshqalar) qaratilgan chora-tadbirlar boshqa tadbirlar majmui bilan birga oʻtkaziladi;
v) grippga qarshi oʻtkaziladigan tadbirlar samaradorligining bir sharti, bu muassasadagi 80% maxsus kontingentni qamrab olgan holda oʻtkaziladigan epidemiyaga qarshi profilaktik tadbirlarni oʻtkazish hisoblanadi;
g) grippga qarshi emlashni yetarli darajada taʼminlanishini tashkillashtirish uchun emlash ishlari nazorat-tekshiruv xonalarida oʻtkaziladi;
d) maxsus kontingent davolanadigan kasalxona joylashgan hududdagi aholi orasida gripp epidemiyasi vaqtida, tana harorati koʻtarilgan bemorlar uchun (grippning klinik belgilari boʻlmasa ham) kasalxonada alohida xonalar ajratilib, holsizlangan kasallar (ayniqsa gripp bilan ogʻrigan bemorlar bilan muloqotda boʻlganlar)ga va gripp epidemiyasi vaqtida kasalxonaga qabul qilingan bemorlarga (ogʻir kasallarga) grippga qarshi vositalar yordamida shoshilinch profilaktika oʻtkaziladi, qolgan barcha bemorlarga oksalin malhami va remantadin (jadval boʻyicha) keng qoʻllaniladi;
e) gripp kasalligi sil kasalligini avj olishiga olib kelishi mumkin, shuning uchun sil kasallari bilan kasallanganlar ham rejali, ham shoshilinch grippdan himoyalanadi;
j) sil kasalligi bilan kasallanganlarni grippga qarshi rejali emlashda faqatgina faolligi susaytirilgan vaksinalardan foydalaniladi, bunda ularni yoʻriqnomalarida qayd etilgan organizmga zararli taʼsirlari hisobga olinadi;
z) voyaga yetmaganlardan sil kasalligi bilan kasallanganlar grippga qarshi emlashga jalb etilmaydi. Ularni tezkor himoya qilishda oksalinli malham, leykotsitar interferon hamda maxsus grippga qarshi gamma globulinlardan foydalaniladi.
122. Difteriya kasalligida shu kasallikka chalingan bemor yoki bakteriya tashuvchi sogʻlom shaxslar infeksiya manbai boʻlib hisoblanib, difteriya tayoqchasini toksigen shtammini ajratuvchi kasallar xavfli sanaladi. Shuning uchun difteriya oʻchogʻida kasal bilan muloqotda boʻlganlar 7 kun davomida tibbiy nazoratda boʻladilar va ular bir marta bakteriologik tekshirishdan oʻtkaziladi hamda emlanadi (agarda ular emlanmagan boʻlsalar). Agarda ularda kasallik qoʻzgʻatuvchisi aniqlansa, ular boshqalardan ajratiladi va kasalxonaga yotqiziladi, hamda muloqotda boʻlganlarda karenobakteriya toksini ajralishi toʻxtagunga qadar tibbiy nazorat davom ettiriladi.
Difteriyani erta aniqlash maqsadida angina hamda bodomsimon bezlarida patologik yuza hosil boʻlgan (paratonzilyar absess bilan ogʻriganlar ham) bemorlar, ularda kasallik boshlanganidan 3 kun ichida faol tibbiy nazoratga olinadilar. Tibbiy xizmatga ilk bor murojaat qilganda difteriyaga bir martalik bakteriologik tekshiriladi.
Muassasa joylashgan hududdagi aholi orasida difteriya kasalligi aniqlanishi, anginaning ogʻir shakli bilan ogʻrigan bemorlarni kasalxonaga yotqizishga asos hisoblanadi.
Rekonvalessentlar va toksigen korinebakteriya tashuvchilarni birlamchi bakteriologik tekshiruv natijalari manfiy boʻlgandagina sogʻlomlar orasiga joylashishiga ruxsat beriladi.
123. Meningokok infeksiyasida bemor yoki “sogʻlom” bakteriya tashuvchi kasallik manbai boʻlib hisoblanadi. Eng koʻp kasallanish qish va bahor oylarida qayd etiladi. Xonalardagi namlikning yuqoriligi va sanitariya-gigiyena qoidalarining buzilishi kasallik avj olishiga sabab boʻladi.
Meningit bilan ogʻrigan bemor darhol alohidalanib, soʻng kasalxonaga yotqiziladi.
Rekonvaletsentlar davolangandan keyin 5 kun oʻtgach bir martalik bakteriologik tekshiruv manfiy boʻlgandagina kameraga (otryadga) qaytishiga ruxsat etiladi.
Bemor bilan muloqotda boʻlganlar emlanadi va 10 kun davomida tibbiy kuzatuvda boʻladilar (burun-halqum, teri qoplamlari koʻzdan kechiriladi, sutkada 2 marotaba harorati oʻlchanadi) va bir marotabalik bakteriologik tekshiruvdan oʻtkaziladi. Burun va halqumda oʻtkir va surunkali shamollashi, terisida nomaʼlum etiologiyali toshmalari boʻlgan shaxslarga katta eʼtibor berilishi kerak.
Burun-tomoq va halqumda patologik oʻzgarishlar bor shaxslar muassasaning tibbiyot boʻlimi statsionariga alohidalanadi va davolanadi. Terisida nomaʼlum toshmalar bor shaxslar meningokoksemiyaga shubha qilinib kasalxonaga yotqiziladi.
Bakteriya tashuvchilar bilan muloqotda boʻlgan shaxslar bakteriologik tekshirilmaydilar.
Sanatsiya oʻtkazilib 3 kun oʻtgandan soʻng 1-marta bakteriologik tekshiriladi.
Bakteriya tashuvchilar sanatsiya qilingandan keyin 1-marta bakteriologik tekshiruv manfiy boʻlgandan soʻng, sogʻlom odamlar orasida yurishi mumkin.
Bakteriya tashuvchilik uzoq davom etganda (1 oydan ortiq) va burun-halqumda shamollash alomatlari kuzatilmagan bakteriya tashuvchilar boshqa sogʻlom kishilar bilan birga boʻlishi mumkin.
Kasallik oʻchogʻida yakuniy dezinfeksiya oʻtkazilmaydi. Meningokok bilan ogʻrigan bemorni tashigan avtoulov dezinfeksiya qilinmaydi.
Xonada kundalik namli tozalash va tez-tez shamollatish, ultrabinafsha va bakteriotsid lampalar bilan nurlash ishlari olib boriladi.
124. Toshmali terlamani Provachek — rikketsiyalari chaqiradi, bitlar orqali yuqadi. Toshmali terlamaning 2 xili mavjud — epidemik hamda retsidiv (Brill kasalligi).
Tibbiy yordamga murojaat qilgan va toshmali terlama oʻchogʻida faol aniqlangan, tana harorati yuqori boʻlganlarning doimo harorati oʻlchanib tibbiy kuzatuvda boʻladi. Barcha harorati yuqori boʻlgan, toshmali terlama belgilari namoyon boʻlgan bemorlar kasalxonaga yotqiziladi, 5 kun ichida tashxisi aniq qoʻyilmagan bemorlar provizor (kuzatuv uchun) kasalxonaga yotqiziladi.
Isitmalovchi bemorlarda toshmali terlama kasalligi inkor qilinmasa (gripp, pnevmoniya, ensefalit va boshqalar), isitma 5 kundan ortiq davom etsa 6 chi kundan boshlab 3—5 kun oraliq bilan 2-marta serologik tekshiriladi.
Toshmali terlama kasalligi bilan ogʻrigan bemorlar bilan muloqotda boʻlganlar tibbiy kuzatuvda boʻladi va tekshiriladi:
a) faqat kasallikning yashirin davridagi bemor bilan muloqotda boʻlgan (yashirin davrining oxirgi kuni qoʻshilmaydi) shaxslar surishtiriladi, koʻrsatmalar asosida komplementni bogʻlash va gemagglyutinatsiya reaksiyalari yordamida ular oxirgi uch oyda toshmali tif bilan ogʻrigan yoki ogʻrimaganligi aniqlanadi.
b) yashirin davrni oxirgi kunlari va kasalxonaga joylashtirilgunga qadar, bemor bilan muloqotda boʻlgan shaxslar 25 kun davomida kuzatiladi, isitmasi oʻlchanadi, kuzatuv sanitariya ishlovi oʻtkazilgan kundan hisoblanadi;
v) yashirin davrda hamda kasallik davrida bemor bilan muloqotda boʻlgan shaxslarga nisbatan yuqoridagi qayd etilgan kompleks chora-tadbirlarni barchasi oʻtkaziladi.
Bemor bilan muloqotda boʻlganlardan isitmalovchilar boʻlsa, zudlik bilan aniq tashxis qoʻyish uchun tibbiy boʻlim statsionariga yotqiziladi. Infeksiya manbaini aniqlash maqsadida muloqotda boʻlganlarni laboratoriya (komplementni bogʻlash va gemagglyutinatsiya reaksiyalari yordamida) tekshiruvidan oʻtkaziladi. Pedikulez aniqlanmaganda ushbu tekshiruvni oʻtkazishga quyidagilar asos hisoblanadi: kasallik oʻchogʻi aniqlanmaguncha oxirgi 3 oy davomida isitmalovchi kasallar (ularning tashxisidan va isitmaning davomiyligidan qatʼiy nazar), pedikulez aniqlanganda toshmali terlama kasallari bilan muloqotda boʻlgan barcha shaxslar tekshiriladi.
Bemor bilan muloqotda boʻlgan barcha shaxslar sanitariya ishlovi oʻtkazilgunga qadar pedikulezga tekshiriladi.
Bemor kasalxonaga yotqizilganidan soʻng tibbiy xodim rahbarligida kasallik oʻchogʻi toshmali terlama va pedikulez kasalligi qoʻzgʻatuvchilarni toʻliq bartaraf etish maqsadida yakuniy dezinfeksiya qilinadi.
Muloqotda boʻlganlar pokizalanish joylarida yoki moslashtirilgan hammomda oqimlikka rioya qilib sanitariya ishlovidan oʻtkaziladi.
Toshmali terlamada profilaktik chora-tadbirlar maxsus kontingent orasida bitlashni toʻliq aniqlab yoʻqotishga qaratilgan.
125. Pedikulez — odamda bitlarni parazitlik qilishidir. Odamda 3 xil bit farqlanadi: kiyim biti, bosh biti va qov biti.
Bosh va kiyim bitlari toshmali va qaytalama tifni tashuvchilari hisoblanadi. Kiyim bitlar koʻproq epidemiologik xavf tugʻdiradi.
Pedikulezga qarshi chora-tadbirlar jamoada epidemiologik va sanitariya-gigiyenik tartibni saqlanishiga hamda pedikulez aniqlangan shaxslarni sanatsiya qilishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar tarkibiga kiradi.
Muassasada sanitariya-gigiyena talablari va epidemiyaga qarshi kurash uchun sharoitni (pokizalanish, hammom, kir yuvish, choʻmilish xonalari, issiq suv, choyshablar almashtirilishi va boshqalar) taʼminlash vazifasi muassasa boshligʻi zimmasiga yuklatiladi.
Tibbiy boʻlim boshligʻi maxsus kontingent orasida rejali tibbiy koʻrik oʻtkazilishini tashkillashtirishga javob beradi.
Tekshiruv davomida aniqlangan pedikulezning har qanday bosqichi hisobga olinadi (tuxum, lichinka va yetuk hashorat), har qanday pedikulez holati haqida IIV, IIBB, IIB SEXlariga xabar beriladi. Pedikulez oʻchogʻini kuzatish har 10 kunda 1-marta 1 oy mobaynida tekshiriladi, har 10 kunlik oraliq bilan 3-marta tekshirilganda manfiy natija olinsa pedikulez oʻchogʻi tugatilgan hisoblanadi. Sanatsiya nazoratini tibbiyot boʻlimi tibbiy xodimlari olib boradi. Tanlab oʻtkaziladigan nazoratni SEX xodimlari olib boradi.
Tibbiy boʻlim pedikulezga qarshi zararsizlantirish uchun maxsus toʻplamga ega boʻlishi kerak. Kerakli asboblar va vositalar roʻyxati 2-ilovada keltirilgan. Maxsus kontingent 1 yilda 4-marta pedikulezga tekshiriladi va shu bilan birgalikda muassasaga qabul qilinayotganda. Kuzatuvni tibbiy xodimlar, otryad boshliqlari, tarbiyachilar va tezkor xodimlar ishtirokida olib boradilar. Kuzatuv maxsus kontingent tibbiy yordam soʻrab murojaat qilganda, dispanserizatsiya vaqtida va statsionar davolash vaqtida ham oʻtkaziladi. Davolash boʻlimiga qabul qilinayotganda hamshira tomonidan koʻrikdan oʻtkaziladi va uzoq davolanayotgan vaqtda 10 kunda 1-marta hamshira tomonidan pedikulezga tekshiriladi. Pedikulez aniqlanganda asosiy kasallik boʻyicha kasalxonaga qabul qilishdan bosh tortish taqiqlanadi.
Pedikulezni aniqlash va kuzatuv oʻtkazish uchun tananing barcha qismlarini, kiyimlarini koʻrish imkonini beruvchi keng yoritilgan xona, lupa boʻlishi lozim. Pedikulezga qarshi tadbirlar oʻrnatilgan tartibda olib boriladi.
126. Bezgak kasalligiga chalingan bemor va bu kasallikni chaqiruvchi parazitlarni va tashuvchilarini erta aniqlash maqsadida, tibbiy boʻlim boshligʻi isitmalovchi bemorlardan bezgakka tekshirish uchun qon olinishini tashkil qilishi shart:
a) birinchi 5 kun davomida, tashxisi aniq boʻlmagan har qanday kasallikda;
b) qon quyishdan soʻng 3 oy ichida isitmalash kuzatilganda;
v) jigar, taloq oʻzgarishida, sababi aniq boʻlmagan kamqonlikda;
g) isitma bilan davom etadigan har qanday kasallikda, agar anamnezida oxirgi 2 yil ichida bezgak bilan kasallangan boʻlsa.
127. Tulyaremiya-kasalligining tarqatuvchisi har xil kemiruvchilar hisoblanadi (suv kalamushi, ondatra, quyonlar, uy sichqonlari va hokazolar). Zararlanish kemiruvchilar tomonidan ifloslangan oziq-ovqatlar isteʼmol qilganda kelib chiqadi. Shuning bilan birgalikda ifloslangan chang orqali ham yuqishi mumkin. Tulyaremiyani oldini olish uchun tabiiy oʻchoqlarda maxsus kotingent emlanadi. Kemiruvchilar orasida epizotiya kuzatilganda va shuni natijasida kasallik paydo boʻlsa deratizatsiya tadbirlari faol olib boriladi.
128. Brutsellez — uy hayvonlari orasida uchraydigan yuqumli kasallik (qoramol, echki va choʻchqalar). Kasallik qoʻzgʻatuvchisi ularning axlati, siydigi va suti bilan ajraladi. Odamlar yetarli ishlov berilmagan goʻshtni, sut va sut mahsulotlarini isteʼmol qilganda, qoʻzgʻatuvchi ogʻizga ifloslangan qoʻl orqali tushadi.
Jazoni ijro etish muassasalarida brutsellezni oldini olish uchun uy hayvonlaridan tayyorlangan oziq-ovqat mahsulotlarini maxsus kontingent isteʼmolidan oldin tibbiy tekshiruvdan oʻtkaziladi. Agar yordamchi xoʻjalik mavjud boʻlsa, tibbiy boʻlim boshligʻi veterinariya xizmati bilan hamkorlikda profilaktika tadbirlarini tashkil qilishi shart.
Kasal va brutsellezga shubhali hayvonlar bor boʻlgan fermada ishlovchilar emlanadi. Brutsellez tarqalish xavfi boʻlganda butun maxsus kontingentlar emlanadi.
129. Kuydirgi kasalligi tabiiy hollarda asosan uy hayvonlarida (qoramol, ot, echki, choʻchqa), ayrim hollarda odamlarda uchraydi. Ommaviy ravishda havo, kiyimlar va atrof muhit predmetlari kuydirgi mikroblari bilan ifloslansa yoki oziq-ovqat mahsulotlari zararlansa kasallik odamlarni katta guruhlarini qamrab olishi mumkin.
Kasallikni oldini olish tadbirlari tibbiyot boʻlimi boshligʻi tomonidan veterinariya xizmati va Sogʻliqni saqlash idoralarining joylardagi mahalliy tashkilotlari bilan hamkorlikda tashkil qilinadi.
Muassasaga kuydirgi kasalligi kirib kelishi xavfi boʻlganda sanitariya-gigiyenik va veterinariya-sanitariya tadbirlari kuchaytiriladi (hayvonlarni soʻyish, keltirilayotgan goʻsht mahsulotlarini va ularga ishlov berish ustidan nazorat). Hayvonlar parvarishi bilan bogʻliq shaxslar emlanadi. Kuydirgidan oʻlgan odam yoki hayvon jasadini yorish taqiqlanadi.
130. Maxsus kontingent kana ensefalitini keltirib chiqaruvchi oʻchoqda boʻlgan paytda, kasallanishni oldini olish uchun kanalar hujumidan individual himoya tadbirlarini qoʻllash lozim:
a) kiyiladigan kiyim kanalarni kirishiga yoʻl qoʻymaydigan boʻlishi lozim;
b) kiyimga qoʻrqituvchi vositalar-repelentlar bilan ishlov beriladi;
v) maʼlum vaqt oraligʻida (2-4 soatda) kanalar bilan zararlanmaslik uchun oʻzi yoki atrofdagilar yordamida teri qoplamlari kuzatib turiladi;
g) maxsus kontingent koʻp boʻladigan joylarga insektitsidlar bilan ishlov beriladi.
Endemik oʻchoqlarda maxsus kontingentlar emlanadi.
Yapon ensefaliti kasalligining manbai boʻlib qushlar, baʼzi issiqqonli (choʻchqalar, otlar, koʻrshapalaklar) va sovuq qonli (ilonlar) hayvonlar hisoblanadilar. Kasallik qoʻzgʻatuvchilarni bemordan sogʻlom odamga oʻtishi pashshalar orqali amalga oshadi. Avgust-sentyabr oylari ular uchun mavsumiy hisoblanadi. Yapon ensefalitini oldini olish va unga qarshi kurashish pashshalarga qarshi kurashdan iborat.
131. Gemorragik lixoradka — buyrak sindromi bilan kechuvchi tabiiy oʻchoqli kasallik hisoblanadi. Kasallikni manbai boʻlib kemiruvchilar (sariq, qizil sharqiy dala sichqonlari) hisoblanadi, kasallik qoʻzgʻatuvchilar ularni axlati va siydigi bilan ajraladi. Odamlar nafas yoʻllari orqali va alimentar yoʻllar bilan zararlanadi. Shuningdek, zararlangan atrof muhit buyumlari yoki kemiruvchilar jasadi bilan duch kelganda ham zararlanishi mumkin.
Buyrak sindromi boʻlgan gemorragik isitma — yakka koʻrinishida koʻp uchraydi. Kam hollarda kichikroq koʻtarilishlar holida (10—20 kishilik) uchraydi. Kasallanishga mavsumiylik xos boʻlib, yanvardan maygacha kasallanish hollari kam uchraydi. Bu kemiruvchilarning sonini qish oyida keskin kamayishi bilan bogʻliq. May oxirlaridan kasallanish koʻpayib borib, iyun-oktyabr oylarida yuqori darajaga yetadi. Buyrak sindromi boʻlgan gemorragik isitmaning oldini olishda deratizatsiya tadbirlarini oʻz vaqtida amalga oshirish, kemiruvchilarni oziq-ovqat omborlariga, yotoqxonalarga kirishini va mahsulotlarni ifloslanishiga yoʻl qoʻymaslikdan iborat.
132. Ku — isitma kasalligi oʻchoqlarida profilaktik tadbirlar: sut va sut mahsulotlariga termik ishlov berishdan, hayvonlar ustidan veterinariya-sanitariya nazoratini olib borishdan va qoramollar saqlanadigan binolarni vaqti-vaqti bilan dezinfeksiya qilishdan iborat.
Vaksinatsiya kasb faoliyati tufayli kasallik yuqish xavfi yuqori boʻlgan shaxslar uchun tavsiya etiladi.
133. Leptospiroz — koʻproq sporadik koʻrinishda uchraydigan kasallik. Baʼzi vaqtlarda epidemik avj olishlar kuzatilishi mumkin. Sariq va sariqsiz leptospirozlar koʻproq ahamiyatga ega. Shuni taʼkidlab oʻtish lozimki, sariq koʻp hollarda kuzatilmasligi mumkin.
Odam uchun kasallik manbai boʻlib peshobidan leptospiroz qoʻzgʻatuvchilarini uzoq vaqt ajratib chiqaruvchi yovvoyi va uy hayvonlari hisoblanadi.
Odamlar zararlangan suvda choʻmilganda, undan isteʼmol qilganda yoki zararlangan mahsulotlarni ovqatga ishlatganda zararlanish kuzatiladi. Choʻmilayotganda suv yutib yuborishi yoki koʻz, burun, ogʻiz shilliq qavatlari orqali leptospiralar kirishi natijasida zararlanishi mumkin.
Leptospiralarni oldini olish-deratizatsion, veterinariya-sanitariya tadbirlari, shuningdek, suv olish va choʻmilish joylarini uy hayvonlari chiqindilari bilan ifloslanishidan himoya qilishdan iborat. Bundan tashqari xoʻjalik uchun ishlatiladigan suvlar zararsizlantiriladi. Agarda ommaviy kasallanish xavfi boʻlgan vaqtda maxsus kontingent toʻliq emlanadi.
134. Qoqshol (stolbnyak) — yarali yuqumli kasallik hisoblanadi. Qoqsholning samarali oldini olish tadbiri — qoqshol anatoksini bilan faol emlashdir. Shikastlanish hollarida qoqshol bilan ogʻrib qolishni oldini olishda tezkor profilaktik tadbirlar olib boriladi (xirurgik tozalash va immun himoyalash).
135. Botulizm — koʻplab oʻlim hollarini keltirib chiqaruvchi, ogʻir kechadigan oʻtkir yuqumli kasallik. Botulizm tabiatda keng tarqalgan boʻlib, uning sporalari tuproq, hayvonlar axlati, sabzavot va mevalar tarkibida uchraydi.
Botulizmdan zaharlanish — botulizm qoʻzgʻatuvchilarini koʻpayishi va toksin hosil qilishi uchun qulay boʻlgan turli usullar bilan konservatsiya qilingan baliq va qoramol goʻshti hamda oʻsimlik mahsulotlarini isteʼmol qilganda kelib chiqadi. Botulizmga shubha qilinganda chuqur epidemiologik tekshiruv oʻtkaziladi.
Botulizm toksikoinfeksiyalari bilan zaharlangan mahsulotlarni bemor bilan birga isteʼmol qilgan hamda botulizmga shubha qilingan shaxslarga botulizmga qarshi zardob yuboriladi.
136. “V” turdagi virusli gepatit kasalligini manbai boʻlib surunkali HBsAg antigenini tashuvchilar, hamda shu kasallik bilan surunkali ogʻriganlar va oʻtkir bosqichdagi kasallar hisoblanadi. Surunkali HBsAg antigenini tashuvchilar epidemiologik jihatdan xavfli hisoblanadi.
Virus oʻzining yuqumliligini qonda va qon preparatlari (plazma, eritrotsitar massa, fibrinogen va protrombinda) yillab saqlaydi. Virusli gepatitning oʻtkir shakllaridagi barcha kasallar, shuningdek, surunkali shakldagi kasallikning qaytalanish bosqichidagilar zudlik bilan kasalxonaga joylashtirilishi shart.
Virusli gepatit bilan ogʻrigan bemorlarni davolashga moʻljallangan statsionarlarda tegishli epidemiyaga qarshi tartib taʼminlanishi zarur. Bemorlarning kiyimi, idishlar, tibbiy jihozlar, bemor uchun ishlatilgan narsalar zararsizlantiriladi.
Virusli gepatit bilan ogʻrigan bemor umumiy bogʻlov, muolaja va maxsus kabinetlarga (stomotologik, ginekologik, urologik, rentgenologik) boshqa bemorlar bilan birga qoʻyilmaydi, bunday kasallar uchun alohida qabul vaqti belgilanadi. Ushbu kabinetlarda tegishli tartib oʻrnatiladi.
137. Orttirilgan immunitet tanqisligi sindromi (OITS) — odam immuniteti tizimini (koʻproq immunitetni T—tizimi) zararlanishini simptomokompleksi boʻlib, klinikada yuqumli kasalliklarni va xavfli oʻsma kasalliklarini tez rivojlanishida namoyon boʻladi.
138. Kasallikni yuqishiga virus bilan zararlangan odam sabab boʻladi. Bu kasallikning turli klinik kechishidagi yoki yashirin davridagi virus tashuvchi boʻlishi mumkin. Virusning asosiy oʻrnashgan joyi limfotsit hisoblanadi. Virus koʻp miqdorda kasalning qon va spermasi tarkibida uchraydi. OITSning yuqish yoʻllari: jinsiy, parenteral, transplansentar. Kasallik yuqqandan 1 oy oʻtib, virusga antitela hosil boʻladi.
139. Infeksiya manbaini yoki bemor bilan muloqotda boʻlganlarni hamda ularni zararlangan boʻlishi mumkinligini aniqlash maqsadida, har bir aniqlangan OITS bilan ogʻriganlar va odam immuniteti tanqisligi virusi (OITV) bilan zararlangan shaxslar boʻyicha, tibbiy boʻlim boshligʻi va sanitariya-epidemiologiya xizmatini mutaxassisi tomonidan epidemiologik tekshirish oʻtkaziladi. Asosiy eʼtiborni ular bilan jinsiy aloqada boʻlganlarga, narkomanlarga, kasallik manbaini donorlikka aloqadorligiga va ularga oʻtkazilgan jarrohlik muolajalariga qaratiladi. Buning uchun asosiy epidemiologik baholash mezoni boʻlib, aniq bir shaxs qonining serologik va maxsus klinik kuzatuvi natijalari hisoblanadi.
140. OITSga tekshirish maqsadida olingan namunalarni laboratoriyaga olib borish uchun muassasa rahbariyati avtoulov bilan taʼminlaydi.
141. OITVga antitela borligi boʻyicha musbat natija olingandan soʻng (IFA ga) seropozitiv shaxs tibbiy boʻlimda dispanser nazoratiga olinadi.
142. IFA (immunoferment tahlili)ga musbat reaksiya boʻlganda immunblotin usuli bilan OITV alohida oqsillarga antitelalarni aniqlash uchun tekshiruvlar oʻtkaziladi va immun status chuqur tekshiriladi.
143. Klinik oʻzgarishlar namoyon boʻlgan va immunoblotin natijalari musbat boʻlgan shaxslar tekshirishni davom ettirish uchun jazoni ijro etish muassasalari qoshidagi kasalxonalarga yotqiziladi. Immunoblotin natijalari musbat boʻlgan, lekin klinik oʻzgarishlar namoyon boʻlmagan shaxslar dispanser nazoratiga olinadi, ularga kengaytirilgan immunologik tekshiruvlar oʻtkaziladi. Immunologik tekshiruvlarda musbat natija olinsa, bunday shaxslar kengaytirilgan klinik tekshiruvlar oʻtkazilishi va tashxisni aniqlash uchun kasalxonaga joylashtiriladi.
144. Laboratoriya-klinik tahlillarni oʻtkazish ishlari III patogen guruhga mansub yuqumli kasallik qoʻzgʻatuvchilariga belgilangan epidemiyaga qarshi tartiblarga rioya qilingan holda oʻtkaziladi.
145. OITS bilan ogʻrigan bemorlar yoki unga shubha qilinganlar yotqizilishiga moʻljallangan boʻlimlar xodimlari, hamda OITS bilan ogʻrigan bemorlardan olingan namunalarni tekshiruvchi laboratoriya xodimlari, OITS virusiga antitela bor yoki yoʻqligini aniqlash uchun yiliga bir marta tekshirilib turadilar.
Kasallikni oldini olish maqsadida emlashlar
146. Muassasa tibbiy boʻlim boshligʻi virus va bakterial preparatlarning tashilishi va saqlanishi talabga javob beradigan darajada boʻlishiga javob beradi. Quyidagi holatlarda ulardan foydalanishga ruxsat berilmaydi:
a) emlash vositasining fizik xususiyati yaqqol oʻzgargan boʻlsa (hatto ishlatish muddati oʻtmagan boʻlsa ham);
b) saqlash muddati oʻtganda (fizik xususiyati oʻzgarmagan boʻlsa ham;.
v) saqlash sharoiti buzilganda.
Muassasa tibbiy boʻlimida bakteriya va virus preparatlarini saqlash muddati hamda saqlash qoidalari buzilgan mahalda ushbu vositalar oʻrnatilgan tartibda yoʻq qilinadi.
147. Muassasada bakteriya va virus preparatlariga boʻlgan ehtiyojni hisoblash Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi amaliy qoʻllanmasi asosida muassasa joylashgan hududdagi epidemiologik sharoitini hisobga olgan holda amalga oshiriladi. Spetsifik immunizatsiya qilish uchun zarur boʻladigan preparatlarning hisob-kitobi maxsus kontingent va rejalashtirilayotgan yilda emlanishi lozim boʻlganlar soni eʼtiborga olingan holda hisoblanadi. Preparatlarni hisoblashda ularni 10% quyish paytida toʻkilishi mumkinligi inobatga olinadi. Turli preparatlar boʻyicha talab qilinayotgan miqdorni aniqlash uchun buyurtma-talabnomani tuzish vaqtida quyidagilarga eʼtibor qilinadi:
a) oʻtgan davrda sarflangan preparatlar soni;
b) oʻtgan yildan qolgan preparatlar soni;
v) oʻtayotgan yil oxiriga kelib qancha preparatlar qolishi mumkinligi;
g) preparatlarni oʻzgarmas zaxirasini oʻz vaqtida yangilab turish zarurati.
Buyurtma talabnoma biriktirilgan dorixonalarga belgilangan muddatlarda berilishi lozim.
148. Yuqumli kasalliklar paydo boʻlganda yoki ularning kelib chiqish xavfi tugʻilganda profilaktik emlashlar muntazam va epidemik koʻrsatma (epizodik) asosida oʻtkazilishi mumkin. Difteriya, qorin tifi, vabo, oʻlat, tulyaremiya, brutsellez, kuydirgi, leptospiroz, kana ensefaliti, Ku — lixoradka va boshqa yuqumli kasalliklarga qarshi muntazam profilaktik emlash, muassasa shu kasalliklar boʻyicha epidemiologik noxush hududda joylashgan boʻlsa oʻtkazilishi mumkin. Epizodik profilaktik emlash epidemiologik koʻrsatma boʻyicha, infeksiyaning muassasaga olib kirilishi xavfi tugʻilganda yoki kasallik paydo boʻlganda oʻtkaziladi. Bundan tashqari emlash ishlari yuqumli kasallik qayd etilganda quyidagi hollarda oʻtkaziladi: muassasada agar ilgari reja boʻyicha yoki yuqumli kasallik tarqalish xavfi boʻlganda vaksinatsiya oʻtkazilmagan boʻlsa.
149. Muassasalarda rejali profilaktik emlash roʻyxati IIV, IIBB, IIB Tibbiyot boshqarmasi, boʻlimi (xizmati) tomonidan belgilanadi va rejali emlash muddati Tibbiyot boshqarmasi, boʻlimi (xizmati) boshligʻining taqdimnomasi asosan IIV, JIEBB, JIEB rahbarining buyrugʻi bilan eʼlon qilinadi.
150. Muassasada rejali va epidemik koʻrsatma boʻyicha profilaktik emlashlarni oʻtkazish tartibi va muddati muassasa tibbiy boʻlim boshligʻining taqdimiga, ayrim hollarda mahalliy sogʻliqni saqlash idoralari qaroriga asosan muassasa boshligʻining buyrugʻi bilan eʼlon qilinadi.
151. Muassasalarda emlash ishlarini oʻtkazilishiga IIV, IIBB, IIB Tibbiyot boshqarmasi, boʻlimi (xizmati) boshliqlari umumiy rahbarlik qiladi. Emlashni bevosita tashkillashtirish va uni bajarilishini taʼminlash muassasa tibbiy boʻlim boshligʻi zimmasiga yuklatiladi.
152. Emlashni oʻtkazishdan oldin quyidagilarni bajarish lozim:
a) tibbiy xodimlar bilan ushbu preparatni ishlatish tartibini oʻrganib chiqish va uni ishlatish boʻyicha tavsiyalarga aniq rioya qilish;
b) salomatligi tufayli vaqtinchalik yoki umuman emlash mumkin boʻlmagan shaxslarni aniqlash uchun, emlanishi lozim boʻlgan maxsus kontingent tana haroratini oʻlchash bilan birga toʻliq tibbiy koʻrikdan oʻtkaziladi, aniqlangan bunday shaxslarni emlash uchun boshqa muddatlar belgilanadi (emlash uchun qoʻllanilayotgan preparatga ilova qilingan, uni ishlatish boʻyicha yoʻriqnomada emlashga vaqtinchalik yoki umuman monelik-qarshilik qiluvchi kasalliklar koʻrsatiladi);
v) emlanishi lozim boʻlgan shaxslarning roʻyxati va otryadlar boʻyicha emlash jadvali tuziladi (emlash oʻtkazilgan kunida emlangan shaxslar ogʻir jismoniy mehnatdan ozod qilinishi tavsiya qilinadi);
g) emlashni oʻtkazish uchun alohida xona ajratiladi, xona oldindan yigʻishtiriladi, dezinfeksiyalanadi, stollar dezinfeksiyalanib zararsizlantirilgan salfetka yoki jamoshir bilan yopib qoʻyiladi;
d) yetarli miqdorda bir marotaba ishlatiladigan shprits va ignalar, spirt, pinset tayyorlab qoʻyiladi. Pinset va boshqa tibbiy jihozlar emlashdan oldin sterillanadi. Ishlatilgan shprits hamda ignalardan qaytadan foydalanish taqiqlanadi;
e) maxsus kontingent orasida emlashni ahamiyati haqida tushuntirish ishlari olib boriladi;
j) emlash uchun ishlatiladigan preparatlarni yaroqliligi tekshiriladi; har bir ampula (flakon) diqqat bilan koʻrib chiqiladi,bunda ampulaning ishlatish muddatiga, etiketkadagi barcha belgilarning borligiga, ampulaning butunligiga va preparatning fizik xususiyatlariga eʼtibor beriladi.
153. Emlashni faqat shifokor, ayrim hollardagina tajribali feldsher amalga oshiradi.
154. Emlashda ishtirok etuvchi tibbiy xodimni tirnoqlari kalta qilib olinib, qoʻli sovunlab yuviladi, spirt bilan artilib, barmoq uchlariga yod surtiladi. Qoʻlni yuvish va zararsizlantirish har 10—15 marotaba vaksina yuborilgandan keyin qaytariladi.
155. Qoʻlning teri kasalliklari (yiringli yaralar, ekzema va boshqalar) yoki angina, gripp va boshqa yuqumli kasalliklar bilan ogʻriyotganlar emlash oʻtkazilayotgan joyga qoʻyilmaydi.
156. Emlashdan keyin koʻpchilikda (taxminan 5-7% emlanganlarda) emlashga odatdan tashqari reaksiya kuzatilsa, qoʻllanilayotgan vaksinaning seriyasidan foydalanish toʻxtatiladi. Vaksina yuborilgandan keyin rejali emlash varaqasiga emlash kuni, dozasi va vaksina seriyasi yoziladi. Emlash tugagandan keyin tibbiy ambulator kartaga tegishli belgi qayd etiladi. Vaksina parenteral (teri osti, mushak ichiga) yoʻl bilan yuborilganda aseptik ish sharoitiga eʼtibor berilishi kerak. Xodimlarni ish tartibi, ampulani ochish, asboblarni va terining emlangan oʻrnini zararsizlantirish, preparatni ishlatish boʻyicha yoʻriqnomada koʻrsatilganday boʻlishi zarur. Tirik vaksinalar yuborilayotgan vaqt mobaynida terini zararsizlantirish uchun tez quriydigan vositalar boʻlmish spirt va efirdan foydalanilsa yaxshi, chunki boshqa vositalar terida koʻp saqlanib vaksinani oʻldirish xususiyatiga ega.
157. Tezkor profilaktik vosita epidemiologik oʻchoqlarda oʻtkaziladi. Zarur holatlarda baʼzi tezkor profilaktik vositalar va vaksinalar bir vaqtda qoʻllaniladi. Bakteriofagni qoʻllash bir vaqtda immunizatsiyani oʻtkazishga toʻsiq hisoblanmaydi. Zardobli preparatlarni (qoqsholga qarshi zardob, antirabik gamma-globulin, ensefalitga qarshi gamma-globulinlar) tegishlicha vaksinalar bilan birgalikda qoʻllash mumkin. Zardob (gamma-globulin) va vaksinalar bir-biri bilan 30 minut oraliqda tananing turli qismiga yuboriladi.
158. Organizmga yot boʻlgan zardoblar (gamma-globulinlar) organizmga yuborilishidan oldin, begona oqsilga sezuvchanligini bilish maqsadida teri ostiga sinama qoʻyiladi. Maxsus tayyorlangan, aralashtirilgan, suyultirilgan zardobli sinama teri ichiga yuboriladi.
159. Antibiotiklar, muassasani odatdagi faoliyatida, shoshilinch profilaktik vosita sifatida faqatgina cheklangan miqdorda oʻlat, kuydirgi, tulyarimiya, brutsellyoz, toshmali tif kasalliklari bilan kasallanish xavfi boʻlgan shaxslarga nisbatan ishlatiladi.
160. Bakteriya va virusga qarshi preparatlar faqat Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi buyruqlari, yoʻriqnomalari va metodik koʻrsatmalariga qatʼiy rioya qilingan tartibda qoʻllaniladi.
Dezinfeksiya, dezinseksiya va deratizatsiya
161. Dezinfeksiya — atrof muhitdagi zararli mikroorganizmlarni yoʻqotish usulidir. Dezinfeksiya oʻz ichiga xususan dezinfeksiyani, dezinseksiya va deratizatsiyani oladi. Sanitariya va epidemiologik ahamiyatiga koʻra dezinfeksiya profilaktika maqsadida yoki kasallik oʻchogʻi oʻtkaziladigan turga boʻlinadi, oʻz vaqtida kasallik oʻchogʻida oʻtkaziladigan dezinfeksiya joriy va yakuniy dezinfeksiyaga boʻlinadi.
162. Profilaktik dezinfeksiya muntazam ravishda yuqumli kasalliklarni oldini olish maqsadida, patogenli mikroorganizmlarni, boʻgʻim oyoqlilarni va kemiruvchilarni yoʻqotish uchun ular yigʻiladigan joylarda: oshxona, yotoqxona, klublar, sartaroshxona, kir yuvish xonasi, hammom, yuvinish xonalari, xojatxonalar ichida va boshqa joylarda oʻtkaziladi.
163. Joriy dezinfeksiya jazoni ijro etish muassasasi kasalxonalarida, tibbiy boʻlim statsionarida, sil kasallarni ambulator davolash uchun moʻljallangan JIEMlarda, JIEMlarini dispanser nazoratiga olingan sil bilan ogʻrigan mahkumlar saqlanadigan hududlarida, shuningdek, kasallar vaqtincha yoki doimiy saqlanadigan barcha xonalarda olib boriladi. Bu yuqumli kasalliklar qoʻzgʻatuvchilarini kasallik oʻchogʻidan tashqariga tarqalishini oldini olishda zarur.
164. Yakuniy dezinfeksiya bir marotaba, yuqumli kasallar boʻlgan xonada (kasalxonaga joylashtirgandan keyin, boshqa joyga koʻchirilganda, ozod qilinganda yoki oʻlgandan keyin) kasallik oʻchogʻini toʻliq kasallik qoʻzgʻatuvchisidan tozalash maqsadida oʻtkaziladi. Zararsizlantirishga muassasa xonalari, mebellar, jamoshirlar, kasalning shaxsiy kiyimlari va boshqalar qabul qilinadi. Yakuniy dezinfeksiya kasalni yuqumli kasalliklar shifoxonasiga joylashtirgandan keyingi bir soat davomida oʻtkazilishi shart.
165. Tergov hibsxonalarida va jazoni ijro etish muassasalarida dezinfeksiya tadbirlari dezinfektor tomonidan tibbiyot boʻlimi shifokori yoki feldsheri rahbarligi va nazorati ostida oʻtkaziladi.
166. Dezinfeksiyalovchi vositalarga boʻlgan ehtiyojni hisoblashda, dezinfeksiyani turi, hajmi, qaysi davrda oʻtkazilishi va epidemiyaga qarshi yoki profilaktik maqsadda oʻtkazilishi inobatga olinadi.
Dezinfeksion vositalarga talabnoma tuzishda talabdagi meʼyor asosida amaldagi sarfni hisobga olgan holda, shuningdek kutilayotgan epidemiologik vaziyatni hamda yangi dezinfeksion vositalar bilan taʼminlash imkoniyati inobatga olinadi.
Muassasaning dezinfeksion vositalarga boʻlgan ehtiyojini tibbiy boʻlim boshligʻi, dezinfeksion vositalarni sarf qilinishi boʻyicha meʼyorlar asosida belgilaydi.
167. Turli xil yuqumli kasalliklarda dezinfeksiya tadbirlari Sogʻliqni saqlash vazirligining metodik qoʻllanmalari asosida olib boriladi. Sil va yuqumli ichak kasalliklarida alohida obyektlarni dezinfeksiya qilish ushbu kasalliklarni xususiyatiga koʻra olib boriladi.
III BOʻLIM. TERGOV QILINAYOTGANLARNI VA MAHKUMLARNI DAVOLASh-PROFILAKTIKA TAʼMINOTI
VI-bob. Tibbiy boʻlim ishini tashkillashtirish, uning jihozlanishi va asbob-uskunalar bilan taʼminlanishi
168. Tibbiy boʻlim, muassasaning tarkibiy boʻlimi boʻlib, maxsus kontingentga tibbiy yordamni tashkillashtiradi va amalga oshiradi, hamda muassasada sanitariya-gigiyena qoida va talablari bajarilishini, epidemiyaga qarshi tadbirlar va maxsus kontingentga gigiyenik tarbiya oʻtkazilishini tibbiy nazorat qiladi.
169. Tibbiy boʻlim ishi Oʻzbekiston Respublikasining Sogʻliqni saqlash haqidagi qonunlari, IIV va SSV meʼyoriy hujjatlari, buyruqlari, koʻrsatmalari; IIV Tibbiyot boshqarmasi, JIEBB, Qoraqalpogʻiston Respublikasi IIV, Toshkent shahar IIBB, viloyatlar IIB tibbiyot boʻlimlari va xizmatlari koʻrsatmalari va ushbu qoʻllanma asosida olib boriladi.
170. Tibbiy boʻlimda har bir tibbiyot xodimining xizmat vazifalari ishlab chiqilgan boʻlishi shart, hamda ish rejasi, tibbiyot xodimlarini ish jadvallari, tibbiy boʻlim ish tartibi, statsionarda yoki tibbiy izolyatorda yotgan kasallarni ichki tartib qoidalari tuzilgan boʻlishi kerak. Tibbiy boʻlim boshligʻi xizmat vazifalari ilovadagi (3-ilova) namunaviy xizmat vazifalari asosida tuziladi. Tibbiy boʻlim ishi, yilning har choragiga tuzilgan ish rejasi asosida muassasaning boshqa xizmatlari bilan hamkorlikda olib boriladi.
171. Kasallarni kasalxonaga davolash uchun yuborish va ixtisoslashgan jazoni ijro etish muassasalariga ambulatoriya sharoitida davolanish uchun oʻtkazish, oʻrnatilgan tartibda amalga oshiriladi. Kechiktirib boʻlmaydigan malakali tibbiy yordam koʻrsatish zarur boʻlgan hollarda, kasallarni mahalliy sogʻliqni saqlash idoralari kasalxonalariga yotqizishga ruxsat etiladi.
Tibbiy boʻlimning jihozlanishi
172. Tibbiy boʻlim tarkibida uning shtatlari, tibbiy yordam koʻrsatish hajmiga qarab ambulatoriya, statsionar (tibbiy izolyator) va dorixona tashkil etiladi.
Ambulatoriya tarkibida quyidagilar boʻladi: kutish joyi, shifokorlar (terapevt, ftiziatr, dermatovenerolog, psixiatr va boshqalar) qabul xonalari, feldsher (tibbiy hamshira), tishni davolash, narkologiya, fizioterapevtik, rentgen, flyuorografiya, funksional-tashxis, muolajalar, bogʻlov xonalari va laboratoriya. Bulardan tashqari ayollar jazoni ijro etish muassasalari tibbiy boʻlimda ginekologiya kreslosi boʻlgan koʻruv xonasi, statsionarda esa ayollar gigiyena xonasi boʻlishi kerak.
Qamoqxona va tergov hibsxonasi tartibot binolarida, maxsus kontingentni ambulator qabuli uchun xonalar jihozlanadi.
Jazoni ijro etish muassasalari tibbiy boʻlim statsionarlari tarkibida quyidagilar jihozlanadi: yuvinish xonasi (echinish xonasi, vanna), palatalar, shu jumladan yuvinish joyi va hojatxonasi boʻlgan 1-2 oʻrin-joyga moʻljallangan izolyator, ovqatlanish xonasi.
Tergov hibsxonasi tibbiy boʻlim statsionari tarkibida: yuvinish xonasi, 1-2 oʻrin-joyga moʻljallangan kamera-izolyator jihozlanadi. Statsionar tergov hibsxonasi tibbiy boʻlim ambulatoriyasi bilan bir bino va bir qavatda joylashishi lozim.
Jazoni ijro etish muassasasi va tergov hibsxonasi tibbiy boʻlimlari statsionarlari palatalarida har bir oʻrin-joy uchun belgilangan meʼyor 4 kvadrat metrdan kam boʻlmasligi kerak.
173. Tibbiy boʻlimning barcha boʻlinmalari keng, yorugʻ, issiq va ozoda joylashishi lozim, xonalar devorlari va mebellari yorqin boʻyoqlarda boʻyalishi lozim. Imkon boricha sovuq va issiq suv taʼminoti, xonalarni isitish markazlashgan holda boʻlishi lozim.
Tibbiy boʻlim barcha xonalarida avariya chiroqlari va tashvish signallari boʻlishi lozim. Tibbiy boʻlim zarur tibbiy anjomlar, uskunalar va jihozlar bilan taʼminlanadi.
VII-bob. Tibbiy boʻlimda davolash va profilaktika ishlarini taʼminlash. Maxsus kontingentni sogʻligʻini tibbiy nazorat qilish
174. Tibbiy nazorat quyidagicha amalga oshiriladi:
a) yuqumli, parazitar va boshqa oʻtkir kasalliklarni aniqlash maqsadida muassasaga keltirilganlarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish;
b) kasallarni oʻz vaqtida faol aniqlash, patologik va patologiyaga moyil holatdagi shaxslarni aniqlash va ularga nisbatan davolash-sogʻlomlashtirish tadbirlarini oʻtkazish maqsadida tibbiy koʻriklar uyushtirish (muassasaga yangi keltirilganlarni, har yilgi kasallikni oldini olish tadbirlari, maqsadli, muassasadan boʻshatilayotganlarni);
v) kasalligi bor shaxslar dispanser nazoratida boʻladilar;
g) maxsus kontingentni joylashishi, ovqatlanishi va ish sharoitini sanitariya nazoratiga olish;
d) mehnat qobiliyati cheklangan va nogiron shaxslar mehnatini toʻgʻri tashkil etish boʻyicha tibbiy mehnat-ekspert komissiyasini tavsiyalarini bajarilishini doimiy tekshirib turish, hamda surunkali kasallik bilan ogʻriganlarni davolash va xastalikni oldini olish choralari boʻyicha tibbiy muassasalar tavsiyalarini bajarilishini tekshirish.
Ish faoliyati sogʻligi uchun xavfli boʻlgan, oshxonada, hammomda ishlovchi, kir yuvuvchi va boshqa shunday joylarda ishlovchi mahkumlar, shu toifasidagilarga belgilangan vaqtlarda davriy tibbiy koʻrikdan oʻtishi zarur.
175. Tergov hibsxonasiga tushganlar (tranzit bilan kelayotganlar ham) darhol, atrofdagilarga epidemiologik xavf tugʻdirishi mumkin boʻlganlarni, kasallar va kechiktirib boʻlmaydigan tibbiy yordamga muhtoj boʻlganlarni aniqlash maqsadida birinchi tibbiy koʻrikdan oʻtkaziladi. Bu ish majburiy tartibda, keltirilganlar “umumiy” kameralarga joylashtirilmasdan avval amalga oshirilishi shart.
Koʻrikni shifokor yoki feldsher tergov hibsxonasi yigʻuv boʻlinmasining alohida jihozlangan tibbiy xonasida oʻtkazadi. Bu xonada qon bosimini oʻlchaydigan asbob, fonendoskop, tana haroratini oʻlchaydigan asbob, tomoq shilliq qavatini koʻrish uchun shpatel, reflektor, tarozi va boʻy uzunligini oʻlchagich bilan jihozlanadi. Bu xonada tergov hibsxonasidagi tibbiy koʻrik natijalari yoziladigan daftar boʻlishi kerak va bu daftarda tibbiy koʻrikdan oʻtgan shaxslarni sogʻligi haqida asosiy maʼlumotlar va ularda topilgan kasalliklar haqida yoziladi.
Oʻtkir yuqumli kasallikka chalinganlar yoki shunday kasalliklarga gumon qilingan shaxslar koʻrikdan soʻng darhol sogʻlom kishilardan ajratiladi. Bu shaxslarni birinchi sanitariya ishlovi oxirgi navbatda bajariladi, ularni kiyimlari va shaxsiy buyumlari albatta dezinfeksiya qilinadi, soʻngra bu shaxslar maxsus ajratilgan kamera izolyatorlarga joʻnatiladi va u yerda ular zarur boʻlgan tibbiy tekshiruvdan oʻtadilar va davolanadilar.
176. Tergov xibsxonasiga keltirilganlarning hammasi (tranzitdagilardan tashqari) kelganidan soʻng uch kun ichida shifokor koʻrigidan (feldsherlik sogʻlomlashtirish punktlarida — feldsher koʻrigidan), hamda rentgen-flyurografiya tekshiruvidan oʻtadilar. Har bir tergovdagi kishiga belgilangan shakldagi tibbiy ambulatoriya daftari toʻlgʻaziladi.
Tibbiy boʻlim shtat birligida mutaxassis-vrachlar boʻlgan taqdirda, ular ham barcha keltirilganlarni koʻrikdan oʻtkazishga jalb etiladilar. Birinchi tibbiy tekshiruvni qanday hajmda oʻtkazish shu qoʻllanmaning tegishli boʻlimlarida koʻrsatilgan. Keyinchalik tibbiy koʻriklar faqat zaruriyat boʻlganda oʻtkaziladi.
177. Tergov hibsxonasidan ketayotgan (tranzit bilan ketayotganlar ham) barcha shaxslar soʻngi (shifokor yoki feldsher) tibbiy koʻrigidan oʻtkaziladilar. Kasalligi oʻtkir kechayotgan, yuqumli kasallik va tanosil kasalligi bilan kasallanganlar, qichima, pedikulyoz bilan ogʻriganlar va belgilangan davolash kurslarini olmagan kasallar, hamda transportda olib borish hayoti uchun xavfli boʻlgan kasallarni koʻchirishga ruxsat etilmaydi.
Tibbiy koʻrik tugaganidan soʻng har bir joʻnatilayotgan shaxsni tibbiy ambulatoriya daftariga uning salomatligi ahvoli haqida xulosa yoziladi.
Tibbiy koʻrikni oʻtkazgan tibbiy xodim xulosa ostiga va sudlangan shaxsning shaxsiy ish daftaridagi ochiq maʼlumotnomaga imzo qoʻyadi.
178. Jazoni ijro etish muassasasiga kelgan barcha mahkumlar, yuqumli va parazitar kassaliklar bilan kasallanganligini aniqlash maqsadida tibbiy koʻrikdan oʻtadilar.
179. Mahkumlar jazo ijro etish muassasasiga kelganidan soʻng, ikki hafta ichida ularda bor kasalliklarini aniqlash, jismoniy holatiga baho berish, mehnat qobiliyatini oldindan taxminiy aniqlash maqsadida shifokor koʻrigidan oʻtadilar. Koʻrik davomida shifokor mahkumni boshidan kechirgan kasalliklar, jarohatlar, operatsiyalar haqidagi maʼlumotlarni yigʻadi, ularni tibbiy ambulatoriya daftariga qayd etadi va zarurat boʻlsa qoʻshimcha tekshirishlar oʻtkaziladi. Agar joriy yilda rentgen-flyurografik tekshiruvi oʻtkazilmagan boʻlsa, u qisqa vaqt ichida oʻtkazilishi kerak. Keyinchalik mahkumlar salomatligini tibbiy tekshirish profilaktik tibbiy koʻrik oʻtkazilganda, hamda ular tibbiy yordamga murojaat qilgan paytda amalga oshiriladi.
180. Profilaktik tibbiy koʻrik yilda bir marta oʻtkaziladi. Maxsus tartibdagi (kameralarda saqlanadigan) jazoni ijro etish muassasalarida saqlanayotgan mahkumlar va tarbiya koloniyalarida saqlanayotgan voyaga yetmaganlar yilda ikki marta profilaktik tibbiy koʻrikdan oʻtadilar. Bu koʻriklarni oʻtkazish jadvalini JIEMni boshligʻi tasdiqlaydi. Tibbiy boʻlim boshligʻi jadvalga asosan tibbiy boʻlim shifokorlari kuchi bilan va JIEBB, JIEB kasalxonasidan kerakli mutaxassis vrachlarni jalb etgan holda maxsus kontingentni koʻrikdan oʻtishini tashkil etadi. Koʻrikda terapevt, psixiatr, stomatolog ishtirok etadilar. Zarurat tugʻilganda IIV, IIB poliklinikalari yoki mahalliy sogʻliqni saqlash idoralaridan shifokorlar jalb etiladi.
Mahkumlarni tibbiy koʻrikka kelishini turkum boshliqlari taʼminlaydi. Koʻrik davomida qilinadigan ishlar:
a) antropometrik tekshiruv oʻtkazish (boʻyi, ogʻirligi);
b) ayollarni ginekologik koʻrikdan oʻtkazish va tsitologik tekshirish uchun surtma olish, qizlarni esa yoʻgʻon ichak orqali barmoq bilan tekshirish (bunga tibbiy koʻrsatma boʻlsa);
v) eshituv va koʻrish holatini tekshirish;
g) qon tahlilini oʻtkazish (eritrotsitlarni choʻkish tezligini tekshirish, gemoglobin, leykotsitlar, lozim topilganda qon tarkibidagi qand moddasini aniqlash);
d) umumiy siydik tahlilini oʻtkazish;
e) EKG tekshiruvidan oʻtkazish (15 yoshdan boshlab — 3 yilda bir marta, 30 yoshdan boshlab — har yili);
j) koʻkrak qafasini flyurografiya (rentgenografiya) tekshiruvi — 1 yilda ikki marta;
z) ayollarda koʻkrak bezlarini paypaslab tekshirish;
i) toʻgʻri ichakni barmoq bilan tekshirish;
k) pnevmotaxometriya tekshiruvini oʻtkazish;
l) vrach-terapevt, psixiatr, stomatolog koʻrigidan oʻtkazish;
m) lozim topilganda qolgan shifokorlar koʻrigidan oʻtkazish.
Profilaktik koʻrik natijasi tibbiy ambulatoriya daftariga yozib qoʻyiladi.
181. Mahkumlar intizom boʻlimlariga, kamera tipidagi xonalarga, karserga yoki bir kishili kameralarga joylashtirishdan oldin tibbiy koʻrikdan oʻtkazilib, shifokor (feldsher)ning koʻrsatib oʻtilgan joylarda mahkumlarni saqlanishi mumkinligi haqida yozma xulosasi olinadi. Bunday tibbiy koʻrikni oʻtkazish imkoni boʻlmaganda va mahkumlarda xavfli kasalliklar belgisi boʻlmagan holda (zaharlanish, jarohat), ularni qayd etilgan intizomiy boʻlimlarga joylashtirilib, keyinchalik ular albatta tibbiy koʻrikdan oʻtkaziladilar.
182. Mahkumlar jazoni ijro etish muassasalaridan olib ketilayotganda (koʻchirib oʻtkazish, ozod boʻlishi va hokazo) oxirgi tibbiy koʻrikdan oʻtkaziladi.
Ambulator qabul qilishni tashkillashtirish
183. Maxsus kontingentga ambulator tibbiy yordam koʻrsatish tergov hibsxonalari va jazoni ijro etish muassasalari tibbiy boʻlimlari tomonidan olib boriladi.
184. Maxsus kontingentning tibbiy boʻlimda ambulator qabul qilinishi muassasalarda qabul qilingan tartib asosida oʻtkaziladi. Jazoni ijro etish muassasalarida har bir turkum uchun ambulator qabul qilish vaqti belgilanadi. Tergov hibsxonasida va turmada ambulator qabul qilish vrach (feldsher) tomonidan tartibot binosining maxsus jihozlangan xonalarida olib boriladi. Bemorlar ambulator qabulga feldsher tomonidan (alohida hollarda turkum katta navbatchisi tomonidan) oldindan yozib qoʻyilgan boʻlishi kerak. Tez tibbiy yordam koʻrsatish zarur boʻlgan hollar bundan mustasno.
185. Har bir jazoni ijro etish muassasalarida ambulator qabul qilish uchun dastlabki jurnalga yozilish lozim, bu ishni turkum boshligʻi olib boradi, tergov hibsxonalarida esa feldsher olib boradi. Jurnal ambulator qabuldan oldin tibbiy boʻlimga beriladi. Qabul tugagandan soʻng jurnal javobgar shaxslarga qaytariladi. Jurnalga yozilmaganlar tibbiy koʻrsatmaga asosan shoshilinch tibbiy yordam koʻrsatish zarur boʻlsa qabul qilinadi.
186. Tergov hibsxonalarida, turmalarda feldsher korpus boshliqlari bilan tergov qilinayotganlarni sayr joylariga yoki choʻmilish uchun chiqarilgandan soʻng kameralarni sanitariya ahvolini tekshirib chiqadi. Maxsus kontingentga shoshilinch tibbiy yordam lozim topilganda korpus ambulatoriyasiga olib boriladi. Zarur boʻlganda feldsher kerakli yordam beradi yoki vrach qabuliga yozib qoʻyadi.
Shoshilinch yordam kerak boʻlgan bemorlar haqida tibbiy boʻlimga navbatchi nazoratchi xabar qiladi.
187. Intizom boʻlimlarida, kamera tipidagi xonalarda, tergov hibsxonasi va turma karsyerlarida tibbiy yordam koʻrsatish joylarda tibbiyot xodimlari tomonidan har kungi xonalarning sanitariya ahvolini tekshirish paytida olib boriladi.
Agarda qayd etilgan joylarda saqlanayotganlarni hayotiga xatar soladigan kasalligi boʻlsa, tibbiyot xodimi ularni shoshilinch ravishda tibbiy boʻlimga oʻtkazish chorasini koʻradi.
188. Shifokorlar, feldshyerlar, tibbiyot hamshiralarning yolgʻiz oʻzi tergov hibsxonasi, turma, maxsus rejimdagi jazoni ijro etish muassasasi kameralariga, intizom boʻlimlariga, kamera tipidagi xonalarga navbatchi nazoratchilarsiz kirishi taqiqlanadi.
189. Tergov hibsxonalarida, maxsus rejimdagi JIEMlarda va turmalarda vrach (feldsher) qabuliga yoki muolaja olishga bemorlar kameralar boʻyicha alohida-alohida yoki 3—5 kishidan iborat guruh boʻlib, hibsxona qoidasiga rioya qilgan holda va qorovullar nazoratida olib boriladi. JIEMlarda mahkumlar ambulator qabulga otryad boshliqlari kuzatuvida boradilar.
190. Tibbiy boʻlimda vrachlar ambulator qabul qilishni belgilangan vaqtda zamonaviy tekshirish usullari va davolash bilan olib boradilar. Muassasalarda shtat boʻyicha vrach ajratilmagan boʻlsa ambulator qabul qilishni feldsher olib boradi. Feldsher vrach maslahatiga muhtoj boʻlgan bemorlarni ajratadi. Ambulator qabul vaqtida, lozim boʻlsa vrach (feldsher) xonasida navbatchi nazoratchi boʻlishi shart.
191. Feldsher (hamshira) ambulator qabul qilishdan oldin qabul qilinadiganlar jurnalida dastlabki yozilganlarni tibbiy ambulator daftarlarini olib, bemorlardan qisqacha shikoyatlarini eshitadi, haroratlarini oʻlchab, ularni vrachga navbat bilan yuboradi.
192. Vrach bemorni tekshiruvdan oʻtkazilgandan soʻng uning tibbiy ambulator varaqasiga qisqa va tushunarli qilib murojaat qilgan kunini, shikoyatini, tashxisini, muolajasini yozib, kasallik tufayli vaqtinchalik ishdan ozod qilish toʻgʻrisidagi xulosani yozib qoʻl qoʻyadi.
193. Ambulator qabulda vrach yoki feldsher dastlabki yozuv jurnaliga aniq qilib tashxis, ishdan ozod qilish xulosasi, vrach qabuliga qayta kelish kunini yozib qoʻyadi.
Har bir ishdan ozod qilinish holati boʻyicha vaqtinchalik ishga layoqatsizligi toʻgʻrisida talon toʻldiriladi.
194. Ishdan va naryaddan vaqtinchalik yoki toʻliq ozod qilinishi toʻgʻrisidagi xulosa vrach tomonidan beriladi, vrach boʻlmagan paytda feldsher tomonidan bir yoʻla 3 kungacha beriladi. Bemorni ahvoliga qarab ishdan ozod qilish kuni choʻziladi.
195. Ambulator davolanish tufayli ishdan ozod qilinganlar roʻyxati tibbiy boʻlim tomonidan muassasa boshligʻining navbatchi yordamchisiga taqdim qilinadi.
196. Ishdan ozod qilinganligi haqidagi maʼlumotnoma, retseptlar mahkumlar qoʻliga berilmaydi.
197. Ambulator daftarga qayerda (intizom boʻlimlarida, kamera tipidagi xonalarda, karser, kamera va boshqalar) va kim tomonidan (vrach, feldsher, hamshira) qilinishidan qatʼiy nazar hamma muolajalar yozib qoʻyiladi.
198. Tibbiy ambulator daftar qatʼiy turdagi hisobot hujjati boʻlib, maxsus kontingentni qoʻliga berilmaydi. Ular alfavit boʻyicha yoki turkumlar boʻyicha tibbiy boʻlimning qulflanadigan xonasida shkaflarda saqlanadi. Ularning hisobi va saqlanishiga tibbiy boʻlim boshligʻi tomonidan tayinlangan xodim javob beradi. Tibbiy ambulator daftar bilan birgalikda ambulator bemorlarni qayd etish jurnali saqlanadi.
199. Dori-darmonlar maxsus kontingent qoʻliga berilmaydi, dori-darmonlarni qabul qilish tibbiyot xodimlari nazoratida olib boriladi (yurak ishemiya kasalligi bilan kasallangan bemorlarga nitroglitserin tabletkasidan tashqari). Ambulator davolanishga yozilgan bemorlar dori-darmon qabul qilishga va boshqa davolash muolajalarini qabul qilish uchun belgilangan vaqtda tibbiy boʻlimga keladilar. Shifokor tomonidan tayinlangan muolajalarni feldsher (hamshira) bajaradi va muolajalar hisob-kitob jurnaliga yozib qoʻyadi.
200. Bemorni rentgenologik tekshiruv, laboratoriya va boshqa tekshiruvlarga, mutaxassis qabuliga, shuningdek, tibbiy boʻlimda qilib boʻlmaydigan muolajalarga yuborishda ambulator tibbiy daftar bemorni kuzatib boradigan shaxs qoʻliga beriladi.
Tibbiy daftarda bemorga tibbiy boʻlimda oʻtkazilgan tekshiruvlar,birlamchi tashxis va bemorni tekshirishga joʻnatish sababi koʻrsatilishi lozim. Bemorga tibbiy boʻlimda tashxis qoʻyish qiyin boʻlganda yoki tushunarsiz hollarda, tibbiy boʻlimda yoki boshqa davolash muassasalarida tegishli mutaxassislar maslahati tashkil qilinadi. Shuningdek bemorga aniq tashxis qoʻyish uchun JIEBB kasalxonasi, IIV, IIBB, IIB, davolash-profilaktika muassasalari va sogʻliqni saqlash idoralari davolash muassasalari mutaxassislari jalb qilinadi. Sogʻliqni saqlash idoralari mutaxassislari jalb qilingan holda ularga oʻrnatilgan tartibda haq toʻlanadi.
Shoshilinch tibbiy yordamni tashkillashtirish
201. Tibbiy boʻlimning asosiy vazifalaridan biri, bu oʻtkir kechuvchi kasalliklarda, zaharlanish va jarohatlanishda shoshilinch tibbiy yordam koʻrsatish va uni tashkil qilish. Shoshilinch tibbiy yordam koʻrsatish tartibi tibbiy boʻlimning boshligʻi tomonidan, muassasa va tibbiy boʻlim ish tartibi; tibbiy boʻlimda bor boʻlgan shtatlar, kuch va vositalarni; muassasa joylashgan hududda qanday davolash muassasalari borligini; hududdagi boshqa sharoitlarni hisobga olgan holda belgilanadi va muassasa boshligʻi tomonidan tasdiqlanadi, hamda barcha masʼul shaxslarga tanishtiriladi.
Muassasa ish tartibi boʻyicha muassasa tibbiy xodimlari muassasada boʻlmaydigan vaqtlarda, tibbiy yordam koʻrsatish uchun tibbiy xodimlarni va tibbiy tez yordam mashinasini chaqirish, hamda bemorni zudlik bilan evakuatsiya qilish uchun transport va konvoy bilan taʼminlashga muassasa boshligʻining navbatchi yordamchisi javobgar hisoblanadi.
202. Muassasa tibbiy boʻlim ambulatoriya shoshilinch tibbiy yordam koʻrsatishga kunning xohlagan vaqtida tayyor boʻlishi lozim. Shu maqsadda muolaja va bogʻlov (operatsiya) xonalarida shoshilinch tibbiy yordam koʻrsatish uchun sindromlar boʻyicha toʻplam va quyidagilar tayyor boʻlishi shart: steril jarrohlik instrumentlari, shpritslar, inyeksiya ignalari, qoʻshimcha kislorod ballonchalari, steril bogʻlov materiallari, turli kasalliklarni asosiy simptomlari hamda shoshilinch tibbiy yordam koʻrsatish tadbirlari, kerakli vositalar roʻyxati va bemorni nazorat qilish taktikasi qayd etilgan jadval, har bir kasallik holati tartib raqami bilan belgilanishi kerak, tegishlicha kerakli dori-darmonlar jamlamasi saqlanadigan maxsus shkaf qutisi ham shu tartib raqami bilan belgilanadi.
Tibbiy boʻlimdan tashqarida shoshilinch tibbiy yordam koʻrsatish uchun kerakli dori-darmonlar toʻplami solingan sumka, chemodan doimiy ravishda tayyor boʻlishi kerak.
203. Kundalik ishlatishga zarur boʻlgan dori-darmonlar maxsus shkaflarda qulflangan holda saqlanadi. Ambulatoriyalarda saqlanadigan dori-darmonlar 5 kunga moʻljallangan boʻlib, bemorlarga berilayotgan vaqtda dorilarni yaroqlik muddatiga qaralishi kerak. Narkotik moddalar maxsus jihozlangan, tashvish signalli, muassasaning maʼmuriy binosida temirli shkaflarda qulflangan holda saqlanadi. Narkotik moddalar qatʼiy tibbiy koʻrsatma asosida beriladi va bemorni tibbiy ambulator daftariga va zaharli, narkotik, oʻta kamyob boʻlgan dorilarni hamda dorixonadagi etil spirtini qayd etish daftariga yozib boriladi.
Tibbiy boʻlimda tibbiy yordam koʻrsatish hajmi
204. Bemorlarga tashxis qoʻyishda vrach kasallik toʻgʻrisidagi barcha maʼlumotlardan, tibbiy hujjatlaridan, koʻrik natijasidan, laboratoriya tekshiruvi koʻrsatkichlaridan, rentgen va funksional tekshiruvi natijalaridan foydalanadi.
205. Tibbiy yordam koʻrsatish hajmi muassasaning qayerda joylashganligiga, tibbiy boʻlimi quvvati va boshqa sharoitlarga bogʻliq.
Lekin barcha muassasalarda tibbiy yordam koʻrsatish hajmi ushbu Qoʻllanmada koʻrsatilganidan kam boʻlmasligi kerak.
206. Tibbiy boʻlim vrachi xirurgiya borasida quyidagilarni bilishi shart:
a) qon guruhini aniqlash;
b) vena qon tomiriga tomchi va toʻgʻridan toʻgʻri yuborish yoʻli bilan shokka qarshi suyuqliklar va qon ivishini oshiruvchi boshqa moddalarni yuborish, kerak boʻlgan taqdirda konservatsiya qilingan yoki yangi olingan qon qoʻyishni bilish, novokain bilan mahalliy anesteziya, blokada, yumshoq toʻqimaning yaralarini birlamchi xirurgik ishlovini oʻtkazish, transportda immobilizatsiya qilishni, tashqi qon oqishni tomponada qilish, qon tomirni bogʻlash yoki qon oqayotgan tomirlarga qisqich qoʻyish yoʻli bilan toʻxtatish; kateterizatsiya qilish va siydik pufagini teshish; traxeostomiya qilishni; plevra boʻshligʻini teshishni yoki pnevmotoraks holatida drenaj qilishni; yurakni koʻkrak qafasi ustidan massaj qilishni va sunʼiy nafas oldirish usullarini bilishi shart;
v) kuygan, sovuq olganda va elektr jarohatlarida yordam koʻrsatishni, cheklangan miqdorda kuyishlarda va 1-2 darajali sovuq olganda davolashni bilishi kerak.
207. Xirurgiya sohasida feldsher quyidagilarni bilishi kerak:
a) vrachgacha boʻlgan tibbiy yordamni oʻz vaqtida toʻgʻri oʻtkazishni va vrach yordamiga muhtoj bemorlarni tezlikda vrachga yuborishni;
b) qon guruhini aniqlashni;
v) qon oqishni vaqtinchalik toʻxtatishni;
g) transportda immobilizatsiya qilishni, turlicha kuyish, jarohatlanish, sovuq urishi va elektr jarohatlarda qoqsholga qarshi emlashni bilishi, yurakni koʻkrak qafasi ustidan massaj qilishni va har xil sunʼiy nafas berish usullarini, kislorod apparatidan nafas berishni;
d) teri ostiga, mushaklarga va vena qon tomirlariga dori yuborish usullarini, shokka qarshi suyuqliklarni vena qon tomirlariga tomchilab va jadal yuborish usullarni bilishi;
e) koʻp uchrab turadigan va oʻtkir xirurgik kasalliklar belgilarini bilish kontingent ichidan yolgʻondan oʻzini kasal qilib koʻrsatayotganlarni aniqlay olishi;
j) tibbiy asboblarni, idishlarni va boshqa anjomlarni sterilizatsiya qilishni bilishi kerak.
208. Bemorni tezda kasalxonaga yuborish uchun quyidagilar asos boʻladi:
a) qon oqish yoki qon oqmasdan kechadigan qon tomirlar jarohatlanishi, ichdan qon ketishi, teshib oʻtuvchi jarohatlar, suyaklar, boʻgʻimlar va nerv tolalarini shikastlanishi bilan kechadigan jarohatlanishlar, suyaklar sinishi, bosh miya chayqalishi va lat yeyishi;
b) shok bilan kechadigan katta jarohatlanishlar; gemotoraks va pnevmotoraksga gumon qilingan koʻkrak qafasini shikastlanishi, ichki aʼzolar shikastlangan deb gumon qilingan qorindagi va chanoqdagi jarohatlanishlar, “oʻtkir qorin” belgilari bilan kechadigan qorin boʻshligʻi aʼzolari kasalliklari; tananing qayerida joylashganligidan qatʼiy nazar, suyak va togʻayni panaritsiy kasalligi, yiringlash chuqur joylashgan abssesslar, flegmonalar, karbunkullar, yuzda joylashgan furunkullar, oʻtkir kechayotgan osteomiyelitlar va artritlar, 2 va 3-darajali kuyish va sovuq urushi;
v) birinchi bor aniqlangan xavfli oʻsmalar yoki xavfli oʻsma deb gumon qilingan oʻsma kasalliklari.
209. Bemorni transportda olib yurish ahvoliga qarab kasalligi boʻyicha tegishli ixtisosdagi yaqinroq kasalxonaga yotqiziladi. Kasalxonaga ketish yoʻlida tibbiy tadbirlarni oʻtkazish zaruriyati tugʻilgan taqdirda uni oʻtkazish uchun bemorni tibbiy xodim kuzatib borishi, oʻzi bilan dori-darmon va tibbiy asboblar qutichasi boʻlishi kerak. Zudlik bilan kasalxonaga yotqizish kerakligi toʻgʻrisidagi yoʻllanmada bemorni ahvoli va koʻrsatilgan yordam haqida qisqacha axborot boʻlishi kerak. Bemorni transportda olib yurishda quyidagi tadbirlarni koʻrish kerak:
a) bosh miya jarohatlarida jabrlanuvchini nafas olishini qiyinlashtirmaydigan va qusish massalari bilan nafas yoʻllari bekilib qolmaydigan holatida ushlash kerak;
b) umurtqa yoki orqa miyani jarohatlanishida, boʻyin sohasi jarohatida boshni qimirlamaydigan qilib bogʻlab, shokka qarshi choralar oʻtkaziladi, taxtaga yotqizib olib boriladi;
v) koʻkrak va bel sohasi jarohatida-jabrlanuvchini davolash muassasalariga taxtaga yotqizilgan holatda joʻnatiladi, shokka qarshi tadbirlar oʻtkaziladi va kerak boʻlsa siydik pufagiga katetr qoʻyiladi, isitgich vositalarini ishlatish taqiqlanadi.
210. Murakkab tekshirish va davolash usullari kerak boʻlmagan va kasalligi (jarohati)14-15 kun davomida davolanishi mumkin boʻlgan bemorlar (jarohat, lat yeyish, bosh va yuz sohasidan tashqarida yuzaki joylashgan abssseslar va hokazolar) ambulator sharoitda davolanadilar. Xirurgik kasalliklar boʻyicha tashxis qoʻyish va davolash choralarini oʻtkazish tibbiy boʻlim laboratoriyasi, rentgenxonasi va boshqa mutaxassisliklar tekshiruvlarini oʻtkazish imkoniyatlariga qarab belgilanadi.
211. Tibbiy boʻlim vrachi quyidagilarni qila bilishi kerak:
a) oʻtkir zaharlanishlarda, xushdan ketish holatlarida, issiq urganda, choʻkishda, elektr tokidan zararlanganda, oʻpka, oshqozon va ichakdan qon ketganda, bronxial astma xurujida, toʻsatdan boʻlgan pnevmotoraksda, oʻtkir yurak va qon tomirlar yetishmovchiligida, jigar va yurak sanchganda, oʻpka infarkti va boshqa oʻtkir, ogʻir holatlarda kechiktirib boʻlmaydigan tibbiy yordam koʻrsata olishi kerak;
b) yuqori nafas yoʻllarini oʻtkir va virusli yalligʻlanishi, oʻtkir va surunkali bronxit, angina, yurak-qon tomir tizimini funksional buzilishlari, bezgak, gelmintozlar, oshqozonni surunkali yalligʻlanishi, oshqozon va 12 barmoqli ichak yarasini asoratsiz koʻrinishlari, oʻt pufagini yalligʻlanishi va vitaminlar yetishmovchiligini davolay olishi kerak;
v) kasalxonadan kelgan rekonvolissentlarga dinamik kuzatuv oʻtkazish;
g) oʻtkir jarohatlanish (shu hisobda nurlanish, zaharli moddalar va bakteriologik vositalar bilan) belgilarini bilishi va shu jarohatlanishlarda birlamchi tibbiy yordam koʻrsata olish;
d) EKG qilishni va stenokardiya, oʻtkir miokard infarkti, yurak urishining xavfli oʻzgarishlarini EKGda aniqlay bilishi kerak.
212. Ichki aʼzolar kasalliklarida feldsher quyidagilarni bilishi kerak:
a) tez uchrab turadigan kasalliklarni aniqlash va ularni davolash, tezlik bilan kechadigan kasalliklarda va zaharlanishlarda kechiktirib boʻlmaydigan yordam koʻrsatishni;
b) bemorlarga qarovni tashkillashtirishni va oʻtkazishni;
v) oshqozonni yuvishni bilishi, davolovchi va tozalovchi xuqna (klizma)qilishni bilishi;
g) EKG tekshiruvini oʻtkazishni;
d) oddiy laboratoriya tekshiruvlari natijalarini tahlil qila bilishi (qondagi leykotsitlar soni, gemoglobin, eritrotsitlar choʻkish tezligi, siydikni umumiy tekshirish natijalari, siydikdagi qandni va oqsillarni aniqlash va hokazolar).
213. Kechiktirib boʻlmaydigan malakali va statsionar sharoitda davolanishga muhtoj boʻlgan quyidagi bemorlar zudlik bilan kasalxonaga yotqiziladilar:
a) yurak va qon tomirlarda oʻtkir buzilish boʻlgan bemorlar (miokard infarkti, stenokardiya xurujining choʻzilib ketgan hollari), toʻsatdan qon bosimini oshib ketishi, oʻtkir revmatizm;
b) oʻtkir zaharlanish, oʻpkaning krupoz zotiljami, oʻtkir nefrit, piolonefrit;
v) yuqumli kasalliklar;
g) miya qon aylanishining oʻtkir buzilishi, yurak ritmining va oʻtkazuvchanligini oʻtkir buzilishi qon aylanishi yetishmovchiligi belgilari bilan, koma holatlari, gemolitik krizlar;
d) elektrolit oʻzgarishlari va suvsizlanish asoratlari boʻlgan oʻtkir diarreya, kelib chiqishi nomaʼlum boʻlgan isitmalar;
e) OITS bilan ogʻriganlar;
j) qandli diabetda insulin bilan davolanishga oʻzgartish kiritish hollarida, bronxial astma xurujida va shuningdek, boshqa oʻtkir va ogʻir kechadigan kasalliklarda.
214. Koʻz va koʻz atrofi kasalliklarida hamda jarohatlanishlarida tibbiyot boʻlimi vrachi quyidagilarni bilishi kerak:
a) Sivsev jadvali yordamida koʻrish oʻtkirligini va Rabkin jadvali yordamida rang bilish qobiliyatini aniqlash;
b) koʻzning mexanik jarohatlanishlarini, termik va ximiyaviy kuyishini aniqlay olishi va bu holatda birlamchi vrachlik yordamini bera olishi kerak;
v) koʻz qovogʻi govmuchasini va meybomitlarni, koʻz qovogʻi chetlarini shamollashi va konʼyuktivitlarni, kechki shapkoʻrlikni aniqlay bilishi, bu bemorlarni davolashni bilishi, boshqa koʻz kasalliklarida kerakli tibbiy maslahatlarni uyushtirish va bemorni koʻz kasalxonasiga (boʻlimiga) yotqazish masalalarini hal qilish.
215. Koʻz kasalliklarida feldsher (tibbiy hamshira) quyidagilarni bilishi lozim:
a) vrach buyurgan muolajalarni (koʻzga tomchi dorilarni tomizish, koʻz qovogʻiga malham dori qoʻyish, koʻz yuqori qovogʻini ichini agʻdarish, konʼyuktiva boʻshliqlarini yuvish, bir yoki ikkala koʻzga bogʻlov qoʻyish) bajarishni;
b) koʻz va uning boʻshliqlarini jarohatlarini aniqlash va vrachgacha boʻlgan tibbiy yordam koʻrsatish;
v) konʼyuktiva va shoxparda qavatlariga tushgan yot jismlarni olib tashlashi;
g) konʼyuktiva va qovoqni shamollash kasalliklarini bilishi va vrachgacha boʻlgan yordamni koʻrsata bilishi kerak.
216. Kasalxonaning koʻz kasalliklari boʻlimiga quyidagi bemorlar yuborilishi mumkin:
a) joylashishi konʼyuktiva va shoxpardani yuqori qavatlarida boʻlgan holatlardan tashqari koʻzga begona zarrachalar tushish hollari;
b) koʻzning mexanik, kimyoviy, nur taʼsirida jarohatlanishi hollari;
v) koʻz boʻshliqlarini oʻtkir va davolanishi qiyin boʻlayotgan surunkali kasalliklari, koʻz olmasi kasalliklari bilan ogʻrigan hamma bemorlar, glaukomaga shubha qilinayotgan shaxslar;
g) koʻrish qobiliyatini asta-sekin pasayib borayotgan yoki birdan koʻr boʻlib qolgan shaxslar.
217. Quloq, burun va tomoq kasalliklarida tibbiy boʻlim vrachi quyidagilarni bilishi lozim:
a) asoratlar bilan kechadigan, hayot uchun xavfli boʻlgan (xiqildoq stenozi oqibatida boʻgʻilish, LOR aʼzolardan qon oqishi va hokazolar) LOR aʼzolari jarohatlanishi va kasalliklarida shoshilinch tibbiy yordam berishni bilish;
b) quloqni tashqi kasalliklari, dermatitlar, furunkulezlarni davolashni, tashqi eshitish yoʻliga yot jismlar tushishi, tashqi eshitish yoʻli kirish qismida koʻrinib turgan va yengil yuvish bilan tez chiqib ketishi mumkin boʻlgan begona narsalarni olib tashlashni, burundan qon oqishni, tashqi burun kasalliklarini, oʻtkir rinitlarni aniqlay olishi va tibbiyot boʻlim sharoitida davolashni;
v) jarrohlik davolanish usuliga muhtoj boʻlmagan surunkali faringit, laringit va tonzilitlarni, surunkali yiringli va oʻtkir yalligʻlangan oʻrta quloq shamollashlarini (mutaxassis otolaringolog maslahatiga koʻra), quloq va buruning I-II darajali kuyishi va sovuq olishlarni davolashni, burun boʻshligʻidan qon oqishni toʻxtatishni bilishi kerak.
218. Quloq, burun va tomoq kasalliklarida feldsher (tibbiy hamshira) tezlikda vrach yordamiga muhtoj boʻlgan quloq, burun, tomoqni oʻtkir kasalliklarini aniqlay olishi, quloq, burun, tomoq kasalliklarida va jarohatlanishlarida vrachgacha boʻlgan yordamni koʻrsata olishi, quloq kasalliklarida eshituv yoʻllarini tozalashni, yuvishni bilishi va mutaxassis-vrach koʻrsatmalarini bajarishi kerak.
219. Burundan tez-tez va qaytalanib qon ketadigan bemorlarni, quloq oldi flegmonalarida, burun jarohatlanganda (mutaxassis vrach xulosasiga koʻra), oʻrta quloqni oʻtkir yiringli va surunkali shamollashlarida quloq togʻayini shamollashlarida, tashqi quloq ekzemasida, burun boʻshliqlarini oʻtkir, yiringli, surunkali shamollashlarida, tomoq flegmanoz shamollashlarida, boʻyin limfa tugunchalari shamollashlarida, ovoz boʻgʻilishi yoki yutishni qiyinlashuvi bilan kechadigan laringitlarda, sil, qizilcha, skleroma va yuqumli kasalliklarga oʻxshash holatlarida bemorlarni kasalxonaga yuborish kerak boʻladi.
220. Siydik ajratish va jinsiy aʼzolar kasalliklarida tibbiyot boʻlimi vrachi quyidagilarni bilishi kerak:
a) siydik ajratish va jinsiy aʼzolar jarohatlanganda, buyrak sanchiqlarida, siydik toʻxtab qolganda, parafimozda tez qoldirib boʻlmaydigan tibbiy yordam koʻrsata bilishi kerak;
b) shu aʼzolarda boʻladigan kasalliklarni (moyakga suv yigʻilib shishishi, moyak urugʻ yoʻllari kistasi, urugʻ yoʻllari vena qon tomiri kengayib ketishi, fimoz va boshqalar) aniqlay olishi.
221. Feldsher (tibbiy hamshira) siydik ajratish va jinsiy aʼzolar jarohatlanganda vrachgacha boʻlgan shoshilinch yordamni koʻrsatishni bilishi lozim.
Siydigida qon va yiring boʻlgan bemorlar (siydik yoʻllarida toshi bor bemorlar, buyrak va siydik yoʻllari oʻsmalari va sili, oʻtkir va surunkali uretritlar,siydik pufagi shamollashi, piyelonefrit, orxit, epididemit, prostatit va boshqalar) kasalxonaga davolanishga yuboriladilar.
Siydik ajratish va jinsiy aʼzolarni ochiq yoki yopiq jarohatlarida bemorlar tezda kasalxonaga yotqiziladi.
222. Vrach stomatolog yoʻq boʻlganda stomatologiya kasalliklarini qoldirib boʻlmaydigan holatlarida tibbiy yordamni tibbiy boʻlim vrachi koʻrsatadi. Bu holatlarda vrach quyidagilarni bilishi shart:
a) oʻtkir pulpitni, tish kasallanishidan kelib chiqqan suyak osteomiyeliti va flegmonasi, hamda ogʻiz boʻshligʻi shilliq qavatini aftoz va yarali shamollashini aniqlay olishi va kerakli yordam koʻrsata bilishi kerak;
b) pastki (yuqori) jagʻ sinishini (chiqishni) aniqlay olishi va yuz sohasi va jagʻ jarohatlanganda unga birinchi yordamni koʻrsatishi.
223. Stomatologiya kasalliklarida feldsher (tibbiyot hamshirasi) oʻtkir pulpitni, periodontitni, pastki jagʻni sinishi va chiqqanligini aniqlay bilishi va shu holatlarda yuz-jagʻ sohasi jarohatlarida birinchi tibbiy yordam koʻrsatishni bilishi kerak.
224. Ruhiy va asab kasalliklarida vrach quyidagilarni bilishi lozim:
a) asab kasalliklarining asosiy koʻrinishlarini aniqlash va miya qon aylanishini oʻtkir buzilishlari, meningitlar, ensefalitlar, bosh va orqa miya jarohatlari, epileptik va isterik tutqanoqlarida shoshilinch tibbiy yordam koʻrsatishni;
b) ruhiy kasalliklarni asosiy koʻrinishlarini aniqlay bilishi, oʻtkir psixologik reaktiv holatlarda tez tibbiy yordam koʻrsata bilishi, ularni boshqalardan ajratishi va ruhiy kasallar kasalxonasi (boʻlimi)ga joʻnatish, bezovta boʻlayotgan bemorlarni bogʻlab qoʻyish usullarini bilishi kerak;
v) pereferik nerv tizimi kasalliklarini (bel-dumgʻaza oʻtkir radikulitlari, lyumbago, ayrim nervlar nevralgiyasi, nevrologik va astenik holatlarini aniqlay bilishi va tibbiy boʻlim sharoitida davolashi kerak. Asab-ruhiy kasalliklarida davolash profilaktika tadbirlarini oʻtkazishni tibbiyot boʻlimi shtatidagi yoki shtatsiz mutaxassislar bilan yaqin hamkorlikda olib borishi kerak.
225. Ruhiy va asab kasalliklarida feldsher quyidagilarni bilishi lozim:
a) miya qon aylanishi oʻtkir buzilishlarini, markaziy nerv tizimi jarohatlarini, meningit va ensefalitlarni aniqlay olishi va kerakli tibbiy yordam koʻrsata bilishi kerak;
b) ruhiy kasalliklarning asosiy simptomlarini bilishi, shunday belgilar aniqlanganda tezda vrachga bildirishi, shu bemorlarni boshqalardan ajratish, oʻtkir ruhiy hayajonlanishlarini toʻxtatish, bemorlarni ruhiy kasalxonalarga joʻnatishni tashkillashtirish, bezovta bemorlarni bogʻlash usullarini bilishi kerak.
226. Teri va tanosil kasalliklarida tibbiyot boʻlimi vrachi quyidagilarni bilishi lozim:
a) asosiy teri va tanosil kasalliklarini bilishi, shu kasalliklarda davolash tadbirlarini oʻtkaza bilishi va kerakli profilaktik choralarini olib borishi kerak;
b) uretrani yuvish uslubini, autogemoterapiya, qon olish va uni serologik tekshiruvga joʻnatishni, uretradan, siydik yoʻlidan va prostata bezidan ajratilayotgan suyuqlikda gonokkoklar borligini tekshirishga surtma olishni bilishi kerak.
227. Teri va tanosil kasalliklarida feldsher (tibbiy hamshira) quyidagilarni bilishi lozim:
a) tez uchrab turadigan teri va tanosil kasalliklarini oʻzi aniqlay olishi;
b) asosiy dori-darmonlarni ishlata bilishi. Teri yuzasiga surkalgan va yopishtirilgan dorilarni teri yuzasidan olib tashlashni;
v) autogemoterapiya uslubini qoʻllashni;
g) uretraga yumshoq katetr yuborishini, Vasserman sinoviga qon olishni bilishi, zamburugʻ va gonokokklarni laboratoriya sharoitida aniqlash uchun materiallarni olish va joʻnatishni bilishi, uretrani yuvishni oʻtkaza olishi kerak.
228. Yuqorida sanab oʻtilgan tadbirlarni oʻtkaza oladigan tibbiyot xodimlarini tayyorlashga muassasa tibbiyot boʻlimi boshligʻi shaxsan javob beradi.
Statsionar tibbiy yordamni tashkillashtirish
229. Tibbiy boʻlim statsionariga quyidagilar yotqiziladi:
a) statsionar sharoitda 14—15 kundan ortiq davolanishi shart boʻlmagan bemorlar;
b) kasalxonadan qaytgan bemorlar davolanishini oxiriga yetkazish uchun;
v) yuqumli kasalliklarga chalingan yoki unga gumon qilingan shaxslarni kasalxonaga joʻnatilgunga qadar boshqalardan ajratib saqlab turish uchun;
g) ahvoli ogʻirligi uchun transportda joʻnatib boʻlmaydigan bemorlarni ahvoli yengillashguniga qadar davolash uchun;
d) dispanser nazorati rejasiga koʻra dispanser nazorat guruhidagilarni yoki sogʻlomlashtirish guruhiga kiritilgan bemorlar;
e) ogʻir kasalligi tufayli muddatidan ilgari jazoni ijro etishdan ozod qilinishi lozim boʻlgan mahkumlarni yotoqxonalarda saqlash mumkin boʻlmasa va ularni JIEBB kasalxonasiga yuborish uchun zarurat boʻlmasa, ularni statsionar sharoitda saqlash uchun.
230. Tibbiy boʻlim boshligʻi ushbu muassasadagi kasallarni davolash uchun shtat boʻyicha belgilangan miqdorda oʻrin-joylarni joylashtirish va ularni unumli ishlatishni taʼminlaydi.
231. Bemorlar statsionarga tibbiy boʻlim vrachi tomonidan tibbiy ambulator daftarga yozilgan shunday tibbiy tekshiruv va davolash oʻtkazish haqidagi xulosa asosida qabul qilinadi. Statsionarga yotqizilgan bemorlar haqidagi maʼlumotlar “Qabul qilingan, davolanib chiqqan va kasalxonaga qabul qilish rad etilgan bemorlarni qayd etish daftari”ga yozib qoʻyiladi.
Statsionarga yotqizilgan bemorlarga oʻrnatilgan tartibdagi tibbiy hujjatlar rasmiylashtiriladi. Statsionarga bemor reja asosida yoki shoshilinch tibbiy yordam koʻrsatish uchun yotqizilganda, bu haqda turkum boshligʻi xabardor qilinadi.
232. Statsionarda bir necha xona bor boʻlganda, yuqumli va teri kasalliklari, ruhiy bemorlar boshqalardan alohida saqlanadilar.
233. Statsionarga tushgan barcha bemorlar, ular ahvoliga qarab toʻliq yoki qisman sanitariya tozalanishidan oʻtishi shart. Zarur hollarda bemorning ichki kiyimlari dezinfeksiya qilinadi. Bemorning poyabzali va kiyimlari statsionar binosida saqlanadi. Kiyimlari yuvishga topshiriladi va statsionardan ketayotganda qaytarib beriladi.
Bemor statsionarda boʻlgan vaqt ichida tibbiy boʻlimda qoʻllanilayotgan kerakli hamma tekshiruv uslublaridan oʻtishi kerak, zarur hollarda maslahat yordami berish uchun ichki ishlar tibbiyot maskanlari yoki sogʻliqni saqlash idoralari mutaxassislari jalb etiladi. Rejalashtirilgan tibbiy maslahat koʻrigi jadval asosida, shoshilinch tibbiy yordam koʻrsatish zarurati boʻlganda kunning istalgan vaqtida oʻtkaziladi. Tibbiy boʻlim vrachlari bemorlarni har kuni koʻradilar. Bemorni ahvoli yengilroq hollarda tibbiyot daftariga koʻruv natijalari 3 kunda bir marta, agar bemorning ahvoli oʻrta ogʻirlikda va ogʻir boʻlsa har kuni yoziladi. Statsionardagi bemorlarni tibbiy boʻlim boshligʻi majburiy ravishda haftada bir marta statsionarga kelgan kuni va ketishi oldidan koʻrishi kerak. Vrachning belgilangan davolash tadbirlarini, tana haroratini oʻlchash, antropometrik oʻlchamlarni oʻtkazishlar feldsher (hamshira) zimmasiga yuklatiladi, unga yana bemorlar tomonidan ichki tartib qoidalariga rioya qilishni kuzatish topshiriladi. Oʻrnatilgan kun tartibi koʻrinarli joyga ilib qoʻyiladi.
234. Tibbiy boʻlim statsionarida tibbiy yordam koʻrsatish hajmi undagi bor boʻlgan mutaxassislar bilan aniqlanadi.
235. Tibbiy boʻlim statsionarida 1—2 yuqumli kasalga moʻljallangan alohida xona (izolyator) ajratiladi. U yerdagi oʻrinlar soni statsionarning imkoniyatiga qarab belgilanadi. Yuqumli kasalliklar uchun alohida xona shu kasallikka chalingan bemorlar (shu hisobda sil kasalliklari) va yuqumli kasallikka chalingan boʻlishi mumkinligi xavfi tugʻilganda, ularni boshqalardan ajratgan holda saqlash uchun moʻljallanadi, shu yerda ularga birlamchi vrachlik yordami, uni kuzatuvi va parvarish oʻtkaziladi, kasalini aniqlash uchun tahlillar oʻtkaziladi. Izolyatorda har kungi va umumlashtiruvchi dezinfeksiya oʻz vaqtida oʻtkazilishi kerak. Izolyatorda tibbiy xodimlar shaxsiy gigiyena qoidalariga qatʼiy amal qilgan holda, alohida maxsus ish kiyimlarda ishlashlari shart. Tibbiy boʻlim statsionarida kechayu-kunduz sanitar navbatchilik qilishi kerak. Statsionarda navbatchi xodimlar sonini tibbiy boʻlim boshligʻi belgilaydi.
236. Statsionarda yotgan bemorlarni, ularga joʻnatilgan narsalarni olishi yoki qarindoshlari bilan uchrashuvga chiqishi jazoni ijro etish muassasalarida ichki tartibot qoidalari yoki tergov hibsxonalarida tergov qilinayotganlarni saqlash qoidalari asosida bemorning kasalligini va sogʻligʻi ahvolini hisobga olgan holda amalga oshiriladi.
237. JIEM, TXda oʻlgan maxsus kontingent oʻlimi sababi IIV Tibbiyot boshqarmasi mutaxassislari tomonidan tahlil qilinishi va tegishli tavsiyalar berilishi uchun, oʻlgan shaxsning tibbiy hujjatlari (kasallik tarixi oʻtkazilgan barcha tibbiy tekshiruvlar natijalari bilan, ambulator tibbiy daftar, vrach-patalogoanatom yoki sud-tibbiy ekspert tekshiruvi xulosasi) oʻlim holati boʻyicha xizmat tekshiruvi oʻtkazilgandan va hujjatlar prokuraturadan qaytib kelganidan soʻng 10 kun muddat ichida IIV Tibbiyot boshqarmasiga yuboriladi. Tibbiy hujjatlarni oʻz vaqtida yuborilishiga muassasa boshligʻi javob beradi.
238. Barcha taqdim etilgan hujjatlar oʻrganib tahlil qilinganidan soʻng IIV Tibbiyot boshqarmasi mutaxassislari xulosasi bilan birga bir oy muddat ichida, oʻlgan mahkumni shaxsiy yigʻma jildiga tikib qoʻyish uchun muassasaga qaytarib yuboriladi.
VIII-bob. Kasalxona sharoitida statsionar yordamni tashkil qilish
239. Mahkumlarni davolashga moʻljallangan kasalxonalar (bundan keyin kasalxonalar deb yuritiladi) maxsus kontingentni saqlash va davolashga xizmat qiladigan davolash-profilaktik muassasalari hisoblanadi. Bu maqsadlar uchun kasalxona malakali va ixtisoslashgan tibbiy statsionar, ambulator-maslahat hamda JIEM va TX tibbiy boʻlimlariga tashkiliy metodik yordamlarini koʻrsatadi. Tergov qilinayotgan shaxslar kasalxonaga yuborilganda bu haqda jinoyat ishini olib borayotgan shaxs yoki organga xabar beriladi. Alohida hollarda, istisno tariqasida IIV JIEBB bilan kelishilgan holda tarbiya koloniyalarida jazo muddatini oʻtayotgan voyaga yetmaganlar katta yoshdagi mahkumlar kasalxonasiga yotqiziladi.
240. Manzil-koloniyalarida jazo muddatini oʻtayotgan mahkumlar, muassasa joylashgan hududdagi sogʻliqni saqlash idoralariga qarashli davolash-profilaktika muassasalarida davolanadilar.
241. Kasalxona oʻz ishini Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat va Jinoyat-ijroiya kodeksi, hamda jazoni ijro etish muassasalarining ichki tartib qoidalari talablaridan kelib chiqqan holda tashkil qiladi. Davolash-profilaktik va epidemiyaga qarshi tadbirlar Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolar sogʻligʻini saqlash, epidemiyaga qarshi va sanitariya taʼminoti toʻgʻrisidagi qonunlari asosida va Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining meʼyoriy hujjatlari, Oʻzbekiston Respublikasi IIVning buyruqlari, koʻrsatmalari, Oʻzbekiston Respublikasi IIV Tibbiyot boshqarmasi, JIEBB, Qoraqalpogʻiston Respublikasi IIV, viloyatlar IIB tibbiyot boʻlim (xizmat)lari koʻrsatmalari, hamda ushbu Qoidalar talablariga mos holda tashkil etiladi.
242. Kasalxonalar quvvati, alohida joylashish va faoliyat koʻrsatish imkoniyatiga qarab jazoni oʻtash joylarining mustaqil davolash muassasasi holida yoki jazoni ijro etish muassasasi tarkibida tashkil etilishi mumkin. Jazoni ijro etish muassasasi qoshida faoliyat koʻrsatuvchi kasalxonalar muassasaning alohida hududida joylashadi. Kasalxona tegishli tibbiy uskuna va jihozlar, xoʻjalik buyumlari, transport va boshqa jihozlar bilan muassasa hisobidan taʼminlanadi. Jazoni ijro etish muassasasi qoshidagi kasalxonada tartibni saqlash, maxsus hisob yurgizish, tarbiyaviy ishlarni va moddiy taʼminot tadbirlarini muassasa maʼmuriyati taʼminlaydi. Mustaqil ravishda faoliyat koʻrsatuvchi kasalxonalarda tegishli xizmatlar jazoni ijro etish muassasalari uchun belgilangan meʼyorlar asosida tashkil etiladi.
Maʼmuriy-xoʻjalik, tezkor-tartibot, tarbiyaviy faoliyatlar va boshqalar Oʻzbekiston Respublikasi IIVning tegishli meʼyoriy hujjatlari asosida olib boriladi.
243. Belgilanayotgan vazifasi, xizmat koʻrsatish hududi, mahkumlar soniga qarab, markaziy, viloyat, viloyatlararo, respublika, maxsus turdagi yoki koʻp tarmoqli 50 va undan ortiq oʻrin-joyli kasalxonalar tashkil etiladi va faoliyat koʻrsatadi. Viloyatlarda tashkil etilgan kasalxonalar Ichki ishlar vazirligining buyrugʻi bilan boshqa viloyatlarda joylashgan jazoni ijro etish muassasalarida saqlanayotgan mahkumlarga maxsus turdagi tibbiy yordamni koʻrsatadilar.
244. Sil, ruhiy, tanosil va yuqumli kasalliklar bilan kasallangan mahkumlarni davolash va saqlash uchun maxsus turdagi kasalxonalar yoki umumsomatik kasalxonalarda maxsus boʻlinmalar (palatalar) tashkil etiladi.
245. Mahkumlar kasalxonalari quvvatiga koʻra quyidagi boʻlimlardan iborat boʻladi:
a) qabul boʻlimi (tashxisot uchun oʻrin-joy yoki izolyator bilan, yuvinish xonasi bilan);
b) oʻrin-joylar asosiy ixtisosiga koʻra davolash boʻlimlari, reanimatsiya va jadal intensiv terapiya xonalari;
v) davolash-tashxisot xonalari;
g) tashkiliy metodik xona;
d) klinik, bioximik, bakteriologik laboratoriyalar;
e) prozektor xonasi;
j) tibbiy arxiv;
z) maʼmuriy xoʻjalik qismi (oshxona, kir yuvish-yuvinish boʻlimi, omborxonalar va boshqalar);
i) dorixona.
Kasalxonada xodimlarning xizmat vazifalari, kasallar uchun ichki tartib qoidalari, xodimlar uchun mehnat tartibi qoidalari hamda ish rejalari ishlab chiqilishi kerak.
246. Kasalxonada Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlangan nizomlar asosida faoliyat koʻrsatuvchi kasalxona kengashi, davolash-tekshirish komissiyasi, tibbiy hamshiralar kengashi, hamda dastlabki tibbiy komissiya tashkil etiladi.
247. Kasalxona faoliyatiga kasalxona boshligʻi rahbarlik qiladi. U belgilangan tartibda lavozimga tayinlanadi va lavozimidan boʻshatiladi. Mustaqil muassasa boʻlib hisoblanuvchi kasalxonalarda kasalxona boshligʻi jazoni ijro etish muassasalari ichki tartib qoidalarini qoʻllanishi boʻyicha jazoni ijro etish muassasalari boshliqlariga belgilangan huquqlardan foydalanadi, maʼmuriy va tartibot talablari boʻyicha IIV JIEBB rahbariyatiga, tibbiy taʼminot masalalari boʻyicha IIV Tibbiyot boshqarmasi boshligʻiga boʻysunadi. Jazoni ijro etish muassasasi qoshida faoliyat koʻrsatuvchi kasalxona boshligʻi maʼmuriy masalalar boʻyicha ushbu muassasa boshligʻiga va JIEBB rahbariyatiga, tibbiy-sanitariya taʼminoti masalalari boʻyicha OʻzR IIV Tibbiyot boshqarmasi boshligʻiga boʻysunadi.
248. Mustaqil muassasa boʻlib hisoblangan kasalxonalar Oʻzbekiston Respublikasi gerbi tushirilgan va oʻz nomi yozilgan dumaloq muhrga, shuningdek, xoʻjalik va pul hujjatlari uchun muhrga ega boʻladi. Kasalxona IIV buyruqlari bilan belgilangan shakllarda tibbiy hisobotlarni yurgizadi va belgilangan muddatlarda hisobotlarni taqdim etadi.
249. Kasalxona quyidagilarni amalga oshiradi:
a) Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Toshkent shahri, viloyatlardagi va biriktirilgan maʼmuriy hududlardagi jazoni ijro etish muassasalarida saqlanayotgan mahkumlarga kerakli hajmda yuqori malakali, ixtisoslashgan statsionar tibbiy yordamni koʻrsatish. Bunda, bemorlarni davolashda jazoni ijro etish muassasalari va tergov hibsxonalaridagi tibbiy boʻlimlar bilan uzviylik boʻlishi lozim;
b) kasalxonada davolash-tashxisot ishlarini takomillashtirish, oʻrin-joy fondidan unumli foydalanish va oʻlimni kamaytirishga qaratilgan tadbirlar ishlab chiqish va amalga oshirish. Kompleks davolashda parhez taomlaridan, davolashning fizioterapevtik, davolash badan tarbiyasi, mehnat terapiyasi va sogʻliqni qayta tiklashni boshqa usullaridan keng foydalanish, davolash tartibini unumli qoʻllash;
v) tibbiyot fani va amaliyotida erishilgan yutuqlar asosida kasalliklarni oldini olish, tashxisi va davolash boʻyicha zamonaviy usul va manbalarni oʻzlashtirish, ularni kasalxona va muassasalar tibbiy boʻlimlari ishiga joriy etish, hamda IIV, IIBB, IIB va sogʻliqni saqlash idoralari davolash-profilaktika muassasalarini ilgʻor ish tajribalarini oʻrganish, umumlashtirish va amaliyotga keng yoyish;
g) mahkumlarning mehnat qobiliyatini vaqtinchalik yoki doimiy yoʻqotganligini aniqlash va nogironlik guruhlarini belgilash uchun oʻrnatilgan tartibda Tibbiy mehnat ekspert komissiyalari ( bundan keyin TMEK deb yuritiladi) koʻrigidan oʻtkazish. Kasalligi tufayli jazoni oʻtash joylaridan muddatidan ilgari ozod etish mumkin boʻlgan mahkumlarni kerakli tibbiy tekshiruvlardan oʻtkazish va ularni tibbiy hujjatlarini tayyorlash hamda IIV Maxsus tibbiy komissiyasiga taqdim etish;
d) jazoni ijro etish muassasalari va tergov hibsxonalari tibbiy boʻlimlariga tashkiliy-metodik va maslahat yordami berish;
e) kasalliklarni boshlanish davrida aniqlash, kasallarni rejali davolashga ajratish maqsadida, mahkumlarni reja asosida profilaktik tibbiy koʻrikdan oʻtkazish ishlarida qatnashish;
j) jazoni ijro etish muassasalarida, lozim boʻlganda tibbiyot oliy oʻquv yurtlari va ilmiy-tekshirish institutlari, hamda sogʻliqni saqlash idoralarining malakali mutaxassislarini taklif etib, shifokorlarni klinik va patalogo-anatomik konferensiyalarini, majlislarini oʻtkazish yoʻli bilan kasalxona, jazoni ijro etish muassasalari, tergov hibsxonalari shifokorlari va oʻrta tibbiy xodimlari kasb mahoratini oshirish;
z) kasalxona hududida sanitariya-gigiyena va epidemiyaga qarshi tadbirlar oʻtkazish. Kasalxonada davolanayotgan va xoʻjalik xizmatlarida band boʻlgan mahkumlar bilan sanitariya-gigiyena tarbiya ishlarini olib borish;
i) kasalxonada mahkumlarni saqlash qoidalariga amal qilish, ular orasida tartib va intizomni saqlash, oʻrnatilgan tartib talablari buzilishini oldini olish.
Bemorlarni qabul qilish tartibi
250. Oʻtkir kasalliklar bilan ogʻrigan yoki surunkali kechuvchi kasalligi xuruj qilgan, muassasa tibbiy boʻlimi sharoitida davolash imkoniyati boʻlmagan va davolash samarasiz yoki bu yerda davolash hayotiga xavf solishi mumkin boʻlgan, tibbiy boʻlim statsionarida davolash davrida ahvoli ogʻirlashgan, chuqur diagnostik tekshiruv va klinik kuzatuvni talab qiladigan hollarda bemor mahkumlar muassasa maʼmuriyati tomonidan yoʻllangan vrach (feldsher) xulosasi asosida kasalxonaga yotqiziladilar.
251. Statsionar sharoitida rejali davolashi kasalxona tomonidan oʻrnatilgan muddatlarda tavsiya etilgan, ariza (shikoyat, koʻrsatma) boʻyicha tibbiy tekshiruvdan oʻtkazilishi belgilangan, nogironlik guruhini olish, tasdiqlash zarurati boʻlgan mahkumlarni kasalxonaga yuborish uchun naryad soʻraladi. Naryad vazirlik tomonidan qabul qilingan meʼyoriy hujjatlar asosida oʻrnatilgan tartibda beriladi.
252. Qolgan barcha holatlarda, shuningdek, shoshilinch holatlarda bemorlarni kasalxonaga yuborish va qabul qilish, naryadsiz, ushbu Qoidalarni 250-bandi talablari asosida amalga oshiriladi.
253. Kasalxona tez tibbiy yordamga muhtoj boʻlgan bemorlarni qabul qilishga doimiy ravishda tayyor boʻlishi shart. Buning uchun kasalxonada ushbu Qoidalarni 2-ilovasida qayd etilgan shoshilinch tibbiy yordam koʻrsatishda zarur boʻladigan dori-darmonlar, bogʻlov vositalari va tibbiyot jihozlari zaxirasi mavjud boʻlishi kerak.
Kasalxona yana mavjud qoidalar asosida yuqumli kasalliklar bilan ogʻrigan bemorlarni qabul qilish, saqlash va davolashni taʼminlaydi. Oʻta xavfli yuqumli kasalliklar bilan ogʻrigan bemorlar, ular nazorati taʼminlangan holda, sogʻliqni saqlash idoralarining yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqiziladi.
254. Bemorlarni kasalxonaga qabul qilish paytida navbatchi shifokor ular toʻgʻrisidagi kerakli maʼlumotlarni “Qabul qilingan, davolanib chiqqan va kasalxonaga yotqizish rad etilganini qayd qilish daftari”ga yozib qoʻyadi, statsionardagi kasallar tibbiy varaqasiga esa bemorning anamnezi, tashqi koʻrik, obyektiv tekshiruv, epidemiologik maʼlumotlari, kasallikni dastlabki tashxisini yozib, kerakli tibbiy muolajalar qiladi va tegishli boʻlimga yuboradi.
Kasalxonaga qabul qilish vaqtida bemorni sinchiklab tintuv qilinadi (uni sogʻligʻining holatiga qarab), unga qarashli kiyimi va oyoq kiyimini dezinfeksiya qilinadi, tartibga solinadi va navbatchi shifokor, tibbiy hamshira, kuzatuvchi shaxs tasdiqlagan roʻyxat asosida bemor kasalxonadan ketgunga qadar saqlashga beriladi.
Kasalxonaga kelgan hamma bemorlar albatta yuvinishlari va kiyimlari almashtirilishi shart.
Boʻlim shifokorlari ish soati vaqtida kelgan bemorlar, kasalxonaning qabul qilish boʻlimi shifokori yoki navbatchi shifokordan tashqari tegishli boʻlim shifokorlari tomonidan ham koʻriladi.
Kasalxonaga kelgan har bir bemor haqida, shu kuni tegishli boʻlim boshligʻiga va kasalxona boshligʻiga maʼlum qilinadi.
255. Bemorlarni qabul qilish rad qilinganda navbatchi shifokor unga lozim boʻlgan tibbiy yordamni koʻrsatadi va ambulator tibbiy varaqasiga, hamda “Qabul qilingan, davolanib chiqqan va kasalxonaga yotqizish rad etilganini qayd qilish daftari”ga bu haqda yozib qoʻyadi.
Bemorni kasalxonaga qabul qilish rad qilinganligi sababi va oʻtkazilgan tadbirlar haqida navbatchi shifokor kasalxona boshligʻiga yoki uning oʻrinbosariga maʼlum qiladi.
256. Bemorlarga kechki va tungi vaqtdagi shifokorlar yordamini, odatdagidek kasalxona shtatidagi shifokorlar ularning bir oyga belgilangan ish vaqti hajmiga binoan olib boradilar.
Shifokorlarning kechki va tungi vaqtdagi navbatchilik tartiblari kasalxonaning ichki mehnat tartibi qoidalari boʻyicha belgilanadi.
Shifokorlarni davolash-profilaktika ishlariga aloqasi boʻlmagan boshqa ishlarga jalb qilish qatʼiyan taqiqlanadi.
Bemorlarni davolash va saqlash
257. Kasalxonaga kelgan bemor kerakli klinik laboratoriya, funksional, rentgenologik, bakteriologik tekshiruvlardan oʻtadi, hamda qoʻyilgan tashxisiga qarab unga tegishli davolash tadbirlari belgilanadi va olib boriladi.
Kasalxonada bemorlarni davolash Sogʻliqni saqlash vazirligining buyruq, qoʻllanma va koʻrsatmalari, hamda IIV Tibbiyot boshqarmasi koʻrsatmalari bilan belgilangan zamonaviy tibbiyot fani talablari asosida olib boriladi. Bunda davolash jarayoniga samarali yordam beradigan parhez taomlar, fizioterapevtik davo usuli, davolash badan tarbiyasi, mehnat terapiyasi va boshqa sogʻliqni qayta tiklash davo usullari ham qoʻllaniladi.
258. Kasalxonada yangi dorilarni klinik sinab koʻrish maqsadida qoʻllash qatʼiyan taqiqlanadi.
259. Davolashda, kasallikni tashxisini va qanday kechishini aniqlash davomida uchragan qiyin savollarni va boshqa echilmayotgan savollarni hal etish maqsadida kasalxona shifokor-mutaxassislari bilan IIV Tibbiyot boshqarmasi mutaxassislari, Sogʻliqni saqlash vazirligi tibbiy klinik institutlari va hududiy sogʻliqni saqlash idoralari mutaxassislari ishtirokidagi maslahat yordamlari, hamda konsiliumlar uyushtiriladi.
260. Maxsuslashtirilgan tibbiy yordam koʻrsatish uchun bemor bir boʻlimdan ikkinchi boʻlimga mutaxassis-shifokorni xulosasi va tegishli boʻlim rahbarlarining kelishuvi, hamda kasalxona boshligʻini (yoki uning tibbiy masalalar boʻyicha oʻrinbosari) yozma ravishdagi ruxsati asosida oʻtkaziladi. Shoshilinch paytlarda bemorlarni boshqa boʻlimiga koʻchirish navbatchi shifokor koʻrsatmasiga asosan amalga oshiriladi va bu haqda statsionar bemorning tibbiy varaqasiga uning bir boʻlimdan boshqasiga oʻtkazilishi sababi koʻrsatilib tegishli yozuv qilinadi, hamda bu haqda kasalxona boshligʻi yoki uning tibbiy masalalar boʻyicha muoviniga xabar qilinadi.
261. Ayrim hollarda, kasalxonada ixtisoslashtirilgan shoshilinch tibbiy yordam koʻrsatish imkoniyati boʻlmaganda bemorlar sogʻliqni saqlash idoralari davolash muassasalariga ularning qoʻriqlanishi taʼminlanib yuboriladi.
262. Kasalxona davolash boʻlimlarida har xil turdagi JIEMlaridan kelgan mahkumlarni birga saqlashga ruxsat etiladi. Quyidagilar boshqalardan ajratilgan holda, hamda boshqa mahkumlar kirishiga yoʻl qoʻyilmaydigan maxsus ajratilgan va jihozlangan palatalarda saqlanadilar: oʻta xavfli retsidivistlar, oʻlim jazosi avf etish tartibida ozodlikdan mahrum qilish jazosi bilan almashtirilgan mahkumlar, sud va huquq-tartibotni muhofaza qiluvchi organlarning sobiq xodimlariga mansub mahkumlar, turma rejimida jazo oʻtayotgan mahkumlar.
263. Kasalxonalardagi palatalar maydoni somatik bemorlar uchun bir oʻrin-joy uchun 4 metr kvadratdan kam boʻlmasligi kerak.
264. Oʻzining tizimida psixiatrik va yuqumli kasalliklar boʻlimlari (palatalari) boʻlgan kasalxonalarda, shu turkum bemorlarni alohida tegishli holda saqlanishi va ularni xatti-harakatini doimiy nazorat qilishni taʼminlaydigan rejim boʻlishi lozim.
265. Kasalxona tartibini ashaddiy buzuvchi mahkumlar faqat oʻzi va atrofidagilar hayoti, hamda sogʻligʻiga xavf solmagan taqdirdagina kasalxonadan chiqariladi va oʻzi saqlanayotgan joyga yuboriladi. Bemorni kasalxonadan chiqazish kasalxona boshligʻi yoki uning oʻrinbosari ruxsati va mutaxassis-shifokorning xulosasi asosida amalga oshiriladi, hamda bu haqda kasallik tarixiga va bemorning “Ambulator tibbiy daftari”ga yozib qoʻyiladi.
266. Bemorlarni ovqatlanishini tegishli ovqatlanish meʼyoriga va diyetologiya talablariga binoan tashkil qilinadi. Oziq-ovqat mahsulotlari shifokor-diyetolog (diyethamshira) yoki kasalxona boshligʻi tomonidan biriktirilgan javobgar shaxs ishtirokida ajratiladi.
Navbatchi shifokor tayyor taomlarni sinab koʻrganidan soʻng ovqatni tarqatishga ruxsat beradi, sinab koʻrilgandan soʻnggi natijalari daftarga yoziladi. Har bir taom oshxonada muassasa boshligʻi tomonidan tasdiqlangan taomnoma boʻyicha tayyorlanadi.
267. Kasalxonada saqlanayotgan bemorlarga kasalxonaning oʻzida oziq-ovqat mahsulotlari va kundalik ehtiyoj mollari sotish uchun moʻljallangan doʻkonlar tashkil etiladi.
268. Bemorlarni hammomda yuvinishi va kiyimlari hamda oʻrin-koʻrpa jildlarini, choyshablarini almashtirish haftada bir marta amalga oshiriladi. Zaif bemorlarni kiyimlari zaruriyatga koʻra tez-tez almashtiriladi.
Bemorlarni tungi uyqu davomiyligi 8 soatdan kam boʻlmasligi, tushlikdan soʻnggi dam olish 1 soatdan kam boʻlmasligi zarur.
Bemorlarni har kungi ochiq havoda sayr qilishi, ob-havoni hisobga olgan holda oʻtkaziladi va uni oʻtkazish shartligi shifokor tomonidan belgilanadi.
269. Bemorning tibbiy tekshiruv natijalari boʻyicha barcha maʼlumotlar kasallik tarixiga yoziladi. Ular albatta toʻliq, tartib bilan va aniq bayon qilinishi kerak. “Statsionardagi kasallar tibbiy varaqasi” kasalxonada bemorga tuzilgan asosiy hujjat hisoblanadi.
270. Davolash-tashxisot va shifokorlar xonalarida, hamda navbatchi hamshiralar ish joyida tashvishli xabar berish moslamalari va halokatli (avariya) holatlarda qoʻllaniladigan yoritgichlar oʻrnatiladi.
Bemorlarni kasalxonadan chiqarish
271. Bemor statsionarda davolanib boʻlgandan soʻng, qoida boʻyicha uni davolashga yuborgan JIEMga qaytarib yuboriladi.
Sil bilan kasallangan va I, II, Ya, Yb dispanser hisob guruhi (DXG) bilan nazoratda boʻlgan mahkumlar ambulator davolanish uchun davolash huquqiga ega boʻlgan ixtisoslashgan JIEMlarga joʻnatiladi. Tanosil kasalligiga chalingan, hamda surunkali alkogolizm va narkomaniya kasalligiga chalingan mahkumlar, bunday bemorlarni saqlash va davolashga moʻljallangan muassasalarga yuboriladilar (7-ilova).
272. Statsionardagi kasallar tibbiy varaqasi arxivga topshirishdan oldin toʻliq rasmiylashtiriladi. Chiqaruv epikrizida anamnezi, kasallikni rivojlanishi, tashxisni asoslash, olib borilgan davo va uning samarasi, kasallik natijasi va tavsiyalari haqida qisqacha maʼlumotlar beriladi. Chiqaruv epikrizida davolovchi shifokor, boʻlim boshligʻi va kasalxona boshligʻi (u boʻlmaganda uning oʻrinbosarlaridan biri) imzolari va toʻldirilgan vaqti qoʻyiladi. Epikriz nusxasi tibbiy ambulator daftarga tikiladi. Tibbiy ambulator daftar muassasa maxsus boʻlimiga berish uchun oʻsha kuniyoq tibbiy statistik xonasiga topshiriladi.
273. Bemor kasalxonada boʻlgan davrda jazo muddati tugagan boʻlsa va yana davolanishga muhtoj boʻlsa, statsionardagi kasallar tibbiy varaqasidan koʻchirma berilib, u yashash joyida tanlagan yoki kelishilgan holda yaqin oradagi sogʻliqni saqlash idoralari davolash muassasasiga davoni davom ettirishga yuboriladi.
274. Bemorni kasalxonadagi oʻlim holati davolovchi shifokor tomonidan, u yoʻqligida navbatchi shifokor tomonidan tasdiqlanadi.
Kasalxonada oʻlganlar murdasini patalogoanatom tomonidan yorib koʻrish oʻrnatilgan tartibda olib boriladi. Kasalxonada vrach-patalogoanatom yoʻqligida murdani yorib koʻrish sogʻliqni saqlash muassasalari kuchi bilan amalga oshiriladi.
Agar shaxs kuch ishlatib oʻldirilgan boʻlsa, jarohat tufayli, zaharlanish yoki uning asoratidan oʻlgan boʻlsa va yana tiriklik vaqtida kasallik belgilari boʻlmagan boʻlsa murdani sud-tibbiy eksperti yorib koʻradi.
Kasalxonada oʻlgan mahkumning barcha tibbiy hujjatlari (kasallik tarixi oʻtkazilgan barcha tibbiy tekshiruvlar natijalari bilan qoʻshib, ambulator tibbiy daftar, vrach-patalogoanatom yoki sud-tibbiy ekspert tekshiruvi xulosasi) IIV Tibbiyot boshqarmasiga oʻlim sababini tahlil qilish uchun yuborilishi shart. Tibbiy hujjatlarni oʻz vaqtida yuborilishiga kasalxona joylashgan jazoni ijro etish muassasasi boshligʻi(mustaqil kasalxonalarda kasalxona boshligʻi) javob beradi.
275. Kasalxona oʻrnatilgan tartibda kasalxonada sodir boʻlgan favqulodda holatlar, baxtsiz hodisalar, kasalxonada qayd etilgan yuqumli kasalliklar va har bir oʻlim hollarini IIV JIEBB, IIV Tibbiyot boshqarmasiga xabar beradi.
276. Kasalxona boʻlimlarida epidemik kasalliklar avj olganda, kasalxona boʻlimlarida chegaralangan tartib chora-tadbirlari, hamda epidemiya oʻchogʻini chegaralash va yoʻq qilish kompleks tadbirlari oʻtkaziladi.
Kasalxona tarkibiy boʻlimlari ish xususiyati
277. Jarrohlik boʻlimida quyidagilar boʻlishi lozim: operatsiya va operatsiyaga tayyorlash xonalaridan tuzilgan operatsion blok (alohida rejali va shoshilinch operatsiyalar uchun) sterilizatsiya, materiallar va anesteziologik xonalar, toza va yiringli bogʻlamlar uchun xonalar, gips, endoskopiya xonalari, imkoniyat boʻlganda fizioterapevtik xonalar va bogʻlov xonasi yonida rentgen xonasi.
278. Ogʻir bemorlar va operatsiyadan keyingi bemorlar uchun intensiv terapiya palatalarida bemor ahvolini uzluksiz nazorat qilish, quvvat beruvchi terapiya, reanimatsiya va diqqat bilan parvarish qilish uchun sharoit taʼminlanishi kerak. Har bir operatsiya blokida anesteziologik xonalar jihozlanishi lozim va bu yerda anesteziya uchun narkoz, nafas olish, nazorat-oʻlchov va boshqa anesteziyaga tegishli apparatlar boʻlishi, bundan tashqari material va tibbiy-uskunalar shkaflari, steril stoli, bikslar uchun stol, sterilizator jihozlanadi. Shu xonaning oʻzida anesteziologiya hamshirasi intubatsion naychalarni, bronxoskoplarni, laringoskoplar, nafas qoplari va boshqalarni ishga tayyorlaydi.
279. Operatsiya xonasida operatsiya stollari soniga mos ravishda narkoz apparatlari, respiratorlar, defibrillyator, elektrsoʻrgich, anesteziya uchun zarur boʻlgan farmakologik moddalar va tibbiy anjomlar bilan jihozlangan koʻchma narkoz stoli boʻlishi lozim.
280. Xavfsizlikni taʼminlash maqsadida siqilgan gaz ballonlarini operatsiya xonasida emas, balki maxsus jihozlangan xonada saqlash lozim.
281. Terapiya boʻlimida shoshilinch holatlarda (kollaps, oʻtkir yurak yetishmovchiligi va reanimatsiya tadbirlari uchun) tez tibbiy yordam koʻrsatish uchun palata boʻlishi kerak.
Terapiya boʻlimida steril va odatdagi tibbiy muolajalar uchun kamida ikkita muolaja xonasi jihozlanadi. Endoskopiya tekshiruvlari (gastroskopiya, bronxoskopiya), hamda oshqozon-ichakni zond bilan tekshirish uchun alohida xonalar tashkil etilsa, maqsadga muvofiq boʻladi.
Palatalar mumkin qadar ixtisosligi boʻyicha (kardiologiya, gastroenterologiya, pulmonologiya) jihozlanishi tavsiya etiladi.
282. Sil kasallar boʻlimida: yuvinish joyi boʻlgan bemorlarni qabul qilish xonasi, bemorlar jarrohlik muolajalaridan keyin yotadigan palatalar, bogʻlov xonasi hamda mehnat terapiyasi uchun maxsus ajratilgan xonalar boʻlishi lozim.
Sil kasallar boʻlimining maxsus xonalari hisobiga quyidagilar kiradi:
a) rentgen xonasi fotolaboratoriyasi bilan;
b) nafas olish funksiyasini tekshirish xonasi;
v) ingalyator bor boʻlgan laringologik va bronxologik xonalar;
g) stomatologiya (tish vrachi) xonasi;
d) fizioterapevtik xona;
e) sil kasalligiga qarshi ishlatiladigan dorilar va qonni oʻrnini bosuvchi eritmalarni venaga tomchi usulda quyish uchun xona;
j) “yiringli” yaralarni bogʻlov xonasi;
z) balgʻam yigʻish idishlarini dezinfeksiya qilish va balgʻamni zararsizlantirish xonasi.
283. Teri-tanosil kasalliklari boʻlimida quyidagilar boʻlishi lozim:
a) teri kasalliklari bilan ogʻrigan bemorlar uchun bogʻlov xonasi va tanosil kasalliklari bilan ogʻrigan bemorlar uchun alohida muolaja xonasi;
b) urologiya xonasi (agar soʻzak kasalligi bilan ogʻrigan bemorlar soni koʻp boʻlsa);
v) teri kasalligi, zaxm, soʻzak kasalliklari bilan ogʻrigan bemorlar uchun palatalar va kasallik tashxisi aniq boʻlmagan bemorlar uchun alohida palatalar;
g) yordamchi xonalar: zaxm kasalligi bilan ogʻrigan bemorlar uchun alohida ajratilgan idish-tovoqlar boʻlgan oshxona, ovqatni tarqatish xonasi, idish yuvish xonasi (zaxm kasalligi bilan ogʻrigan bemorlar uchun ajratilgan idishlar boshqa idishlardan alohida yuviladi);
d) tanosil kasalliklari bilan ogʻrigan bemorlar uchun alohida hojatxona.
284. Quloq, burun va tomoq kasalliklari boʻlimida imkoniyat darajasida quyidagi xonalar boʻlishi lozim: koʻruv, muolaja, bogʻlov, operatsiya, operatsiyadan keyin yotish xonalari, endoskopiya, audiometriya va vestibulometriya xonalari, 30 va undan ortiq oʻrin-joyli boʻlimlarda bulardan tashqari ingalyator va fizioterapevtik xonalar jihozlanadi.
285. Koʻz kasalliklari boʻlimida quyidagilar boʻlishi lozim: deraza oynalari qora parda bilan toʻsilgan koʻruv xonasi, tibbiy uskunalar va oftalmoskopiya uchun xona, alohida operatsiya xonasi, bogʻlov xonasi, derazalari qoraytirilgan operatsiyadan keyin yotish moʻljallangan palata. Virusli epidemik keratokonʼyuktivit kasalligi bilan ogʻrigan bemorlarni davolash yuqumli kasalliklar boʻlimida amalga oshiriladi.
286. Ruhiy kasalliklar boʻlimi alohida binoda joylashadi, alohida binoda joylashtirish imkoniyati boʻlmaganda umumiy davolash binosining pastki qavatida joylashtiriladi. Boʻlimda mahkumlarni alohida saqlash, barcha turdagi ruhiy kasallarni xatti-harakatlarini nazorat qilish, hamda tibbiy xodimlarni xavfsiz ish sharoitini taʼminlovchi tegishli rejim oʻrnatiladi. Boʻlim tarkibida oʻtkir ruhiy kasal va ruhiy holati xuruj olgan bemorlarni tekshirish va davolash uchun palatalar, hamda 2 ta oʻrin-joyga moʻljallangan alohida palata koʻzda tutiladi.
287. Asab kasalliklari boʻlimini imkoni boricha binoning 1-qavatida va fizioterapiya xonasi bilan yonma-yon joylashtiriladi. Kasalxonada ruhiy kasalliklar boʻlimi boʻlmasa, asab kasalliklari boʻlimida ruhiy kasal bemorlarni vaqtinchalik saqlash uchun maxsus alohida palata jihozlanadi.
288. Yuqumli kasalliklar boʻlimida quyidagilar boʻlishi lozim: yuvinish joyi boʻlgan bemorlarni koʻrib, qabul qilish xonasi, tashxisi aniq boʻlmagan bemorlar uchun alohida palata va turli yuqumli kasalliklar uchun palatalar, eng kamida ikkita hojatxona. Yuqumli kasalliklarga chalinganlarni laboratoriya tekshiruvlari kasalxonaning bakteriologik va boshqa laboratoriyalarida amalga oshiriladi. Boʻlimda, kasalxonada yuqumli kasalliklar tarqalishini, tibbiy xodimlarni yuqumli kasallik bilan zararlanishini va yuqumli kasalliklarni kasalxonadan tashqariga tarqalishini oldini olish boʻyicha doimiy ravishda kerakli tadbirlar olib boriladi.
289. Ginekologiya boʻlimida, bogʻlov xonalari, maxsus koʻrik xonasi va ayollar uchun hojatxonani (issiq suv bilan) koʻzda tutish lozim boʻladi.
290. Tugʻishdan keyingi sektor tarkibida: bogʻlov xonasi, yangi tugʻilgan chaqaloqlar uchun xona, tuqqan ayollar uchun palatalar, izolyator va sanitariya yuvinish (vanna) xonasi jihozlanishi lozim.
291. Bemorlar kasalxonadan chiqmasdan davolanishlari uchun, fizioterapiya xonasi shu kasalxonani binosida joylashgan boʻlishi kerak. Oʻzi yura olmaydigan kasallarni fizioterapiya yordami bilan taʼminlash uchun olib yuradigan apparatlar boʻlishi lozim.
292. Funksional diagnostika xonasi elektrokuchli qurilmalari bor binolardan uzoq boʻlishi shart. Xona elektrokardiograf, fonokardiograf, reograf, asosiy almashish, tashqi nafas funksiyasini aniqlaydigan va audiometriya apparatlari bilan jihozlanadi. Fotolaboratoriya va xoʻjalik xonasi boʻlishi kerak.
293. Rentgenxonasini boshqa boʻlimlar bilan, ayniqsa jarrohlik, terapevtik va sil kasali boʻlimlari bilan yaxshi aloqa boʻlishini moʻljallab joylashtirish zarur.
Yirik kasalxonalarda fotolaboratoriyali statsionar rentgenxonalar filiallari boʻlishi lozim, ayniqsa jarrohlik va sil kasali boʻlimlarida, imkoniyat boʻlsa qabul boʻlimida xam. Hamma payt nurga, elektrik va yongʻinga qarshi xavfsizlik tartibi qoʻllanishi kerak. Xonani minimal jihozlari ikkita ish joylik (rentgenoskopiya va rentgenografiya) rentgendiagnostika statsionar uskunasi, tomograf qoʻshimchasi, himoya asboblari (pardalar, qoʻlqop, etaklar) shaxsiy dozimetrlar, negatoskop va fotolaboratoriya buyumlari. Yirik kasalxonalarni rentgenlogik boʻlimlarida (kabinetlarda) nurli terapiya apparatini oʻrnatish mumkin, radiatsiyadan himoya qilish choralarini qabul qilib.
294. Kasalxona laboratoriyasida quyidagi kabinetlar boʻlishi kerak: umumiy klinik, bioximik, bakteriologik tekshirishlarni oʻtkazish uchun (sterilizatsiya, boks va toʻyimli muhidlarni pishirish uchun xonalar), kerak boʻlsa serologik tekshirishlarni oʻtqazish uchun xam; proba va materiallarni qabul qilish, analizlarni olish va tekshiruv natijalarini berish (registratura) xonalari; reaktiv, idishlarni va jihozlarni saqlash uchun xonalar. Bioximik tekshirish va najas, siydik, balgʻam analizlarini oʻtqazish xonalaridagi tekshiruv materiallari turadigan shkaflar ichidagi havo almashib turishi uchun, ular maxsus moslamalar bilan tashqari havoga chiqarilgan boʻlishi kerak.
295. Prozektor boʻlimi davolash boʻlimlaridan, yashash seksiyalardan, oziqa bloklaridan uzoq va alohida binoda joylashgan boʻlishi kerak. Binoda shifokorga alohida xona ajratiladi va gistologik laboratoriya kerakli uskunalar bilan taʼminlanadi.
296. Bemorning oʻlganini davolovchi yoki navbatchi shifokor xulosa berganidan keyin, jasadni prozektor boʻlimiga olib boriladi. Jasadga kuzatuvchi birkalar, oʻlgan vaqtini, kasalxona boʻlimini, familiyasini, ismini, otasining ismini va yoshini koʻrsatib, biriktirib qoʻyiladi. Bogʻlov, drenajlar va hokazo jasadni yorishdan oldin olib tashlanmaydi. Jasad bilan birga prozektor boʻlimiga uning kasallik tarixi qoʻshib olib boriladi. Yorganda davolovchi shifokor va davolash boʻlimini boshligʻi boʻlishi kerak. Patologoanatomik tashxis va epikrizi va shu qatorda tashxislarni toʻgʻri kelishi kerakli hisobot daftarlariga kiritiladi.
297. Barcha oʻlim hodisalari kasalxonaning davolovchi-nazorat komissiyasi, patalogoanatom ishtirokida oʻrganib chiqiladi. Komissiya kasallikni kechishini, diagnostik va davolash choralarini toʻgʻri va oʻz vaqtida oʻtkazilganligini, aniqlangan kamchiliklarni va ularning sabablarini sinchiklab tekshirib xulosa chiqaradi. Xulosani komissiyaning raisi kasalxona boshligʻiga oʻlgan bemor murdasi yorilgandan keyingi 15 kundan kechikmay yetkazadi.
298. Kasalxonada shifokorlarning malakasini oshirish va kasallarni diagnostika va davolash sifatini yaxshilash uchun klinik-anatomik majlislar vaqti-vaqti bilan oʻtkazilib turiladi. Klinik-anatomik majlislarda oʻlim hodisalarini har tomonlama koʻrib chiqiladi. Zarur boʻlganda, bu majlislarda ishtirok etish uchun JIEMlar tibbiyot boʻlimlari shifokorlari jalb qilinadi. Majlislarda davolovchi shifokor kasallikni rivojlanish va kechish xususiyatini, diagnostik va davolash choralarini asoslab, batafsil aytib oʻtadi. IIV Tibbiyot boshqarmasi bosh mutaxassislari oʻlgan mahkumni tibbiy hujjatlarini oʻrganish natijasida tayyorlagan tibbiy xulosalari asosida, oʻtkazilgan davolash-profilaktik chora-tadbirlar, ularni oʻz vaqtida oʻtkazilganligini va samaradorligi haqida maʼlumot beradilar. Majlisda patalogoanatom-shifokor quyidagilar boʻyicha axborot berishi kerak:
a) jasadni yorilganda topilgan va aʼzolarni gistologik tekshiruvida aniqlangan asosiy oʻzgarishlar;
b) topilgan oʻzgarishlar patogenezini va oʻlimga olib kelgan sabablar boʻyicha xulosani chiqarish;
v) klinik va patalogoanatomik taqqoslash;
g) davolash-profilaktika tadbirlaridagi xatoliklarni aniqlash va ularning sabablarini aytib oʻtish.
Majlis protokolini kasalxonadan ajratilgan xodim olib boradi.
Kasalxonada tibbiy-statistik ishlarni tashkil qilish
299. Kasalxonada tibbiy-statistik ishlarni amalga oshirish uchun tibbiy-statistik xonasi tashkil etiladi. Kasalxonada tibbiy-statistik ishlarni tashkil qilishga kasalxona tibbiy-statistik xonasi boshligʻi rahbarlik qiladi.
300. Tibbiy-statistik xonasi quyidagi ishlarni amalga oshiradi:
a) kasalxonada yurgizilishi lozim boʻlgan tibbiy statistik hisobot jurnallarini yurgizish ishlarini tashkil qilish;
b) kasalxonaga kelgan, kasalxonadan davolanib ketgan bemorlarni hisobini olib borish;
v) kasalxonani oʻrin-joy fondidan foydalanish, oʻrin-joy rejasini bajarilishini tahlil qilish;
g) kasalxonada sodir boʻlgan oʻlim holatlarini, har bir boʻlim va kasalliklar turi boʻyicha statistik tahlil qilish;
d) kasalxona boʻlimlari taqdim etayotgan statistik maʼlumotlarni toʻgʻriligini nazorat qilish;
e) kasalxona boʻlimlari va boʻlinmalari taqdim etgan statistik hisobot maʼlumotlarini umumlashtirish, kasalxona faoliyatini asosiy koʻrsatkichlarini hisoblab chiqish asosida kasalxona boshligʻiga maʼlumotnomalar tayyorlash;
j) IIV buyrugʻi bilan tasdiqlangan tibbiy hisobot shakllari boʻyicha kasalxona faoliyati haqidagi hisobotlarni tayyorlaydi va belgilangan muddatlarda yuqori turuvchi tibbiy organlarga taqdim etilishini taʼminlaydi;
z) kasalxona yordamchi xizmatlari faoliyati natijalarini hisoblab chiqish.
Kasalxonaning JIEM, turma va TX tibbiy boʻlimlari bilan aloqasi
301. Kasalxona mutaxassis-shifokorlarining muassasalar tibbiy boʻlimlari bilan doimiy aloqasi, maxsus kontingentni davolash-profilaktika choralari bilan taʼminlashni takomillashtiradi, shuningdek, oʻrin-joy fondidan foydalanish samarasini oshiradi.
302. Mutaxassislarni muassasalarga chiqishi yuqori turgan tibbiy boshliqni koʻrsatmasiga binoan amalga oshiriladi.
Mutaxassislarni qaysi tibbiy boʻlimga borishi kasallanish, tibbiy boʻlimlarning ish yuritish toʻgʻrisidagi maʼlumotlari va tibbiy yordam koʻrsatishdagi xatolari hisobga olingan holda IIV JIEBB bilan kelishiladi.
JIEM va TXlar tibbiy boʻlimlariga chiqilganda kasalxonaning shifokorlari quyidagilarni bajaradilar:
a) tibbiy boʻlimlarni tez yordam, boshqa yordam turlarini va ishlarini (kasalxonani oʻrin-joy fondidan va jihozlardan foydalanish boʻyicha maslahatlar) tashkillashtirishda yordam koʻrsatadi;
b) bemorlarni kasalxonaga rejali va shuningdek tibbiy ekspertiza maqsadida tekshirishga yotqizish uchun saralashni amalga oshirish;
v) tibbiy boʻlimlari va kasalxonalarda davolash-profilaktika choralarini oʻtkazish birligini belgilaydi, koʻrsatma va maslahat qabullarini oʻtkazish, tibbiy boʻlimdagi bemorlarni koʻrish, mahkumlarni tibbiy tekshiruvlarda qatnashish, tibbiy yordam koʻrsatishdagi xatolarni shifokorlar bilan koʻrib chiqish;
g) kasalxonada davolanib qaytganlarni ahvolini tekshirib, ularga tavsiya qilingan davolanishni oʻtkazilishini tekshirish;
d) tibbiy boʻlimlari shifokorlariga yangi diagnostik va davolash usullarini oʻrgatish;
e) tibbiy boʻlimda qilingan ishlar va maxsus kontingentni davolash-profilaktika taʼminotini yaxshilash boʻyicha takliflar haqida yuqori turgan tibbiy boshliqqa maʼlum qilish.
Kasalxonada tez tibbiy yordamni tashkillashtirish
303. Kasalxonaga kelgan bemorlarga tibbiy yordam, ular sogʻligʻini ahvoliga qarab, qabul boʻlimi yoki davolash boʻlimlarida koʻrsatiladi. Kasalxona tez tibbiy yordam koʻrsatishga tayyor boʻlishi uchun, mutaxassis-shifokorlar va oʻrta tibbiy xodimlarning kasalxonadagi navbatchiliklari tashkil qilinadi.
Kasalxona boʻlimlarida quyidagilar boʻlishi shart:
a) tez tibbiy yordam koʻrsatish uchun jadvallar, yoʻriqnomalar va maʼlumotnomalar;
b) tez tibbiy yordam koʻrsatish uchun hamma kerakli narsa bilan jihozlangan shkaf;
v) zarur dori-darmonlar, eritmalar, zardoblar, shokka qarshi va qon oʻrnini bosuvchi suyuqliklar. Jarrohlik asboblari, bogʻlov materiallari, kislorod va boshqalar (jonlantirish va tez tibbiy yordam yoʻriqnoma va koʻrsatmalariga muvofiq).
304. Shifokorlar kasalxonadan tashqariga tez tibbiy yordam koʻrsatish uchun chaqirilganda, qabul boʻlimida (hamshira postida) maxsus tibbiy toʻplam saqlanadi. Toʻplamni tuzish, uning tarkibini nazorat qilish oldindan oʻtkaziladi. Taʼminotga yangi dori vositalari kiritilishi bilan toʻplam tarkibi shunga munosib ravishda oʻzgartiriladi va toʻldiriladi.
305. Oʻtkir kasalliklar bilan kasallangan va jarohatlangan bemorlarga yordam koʻrsatish uchun jarrohlik boʻlimida barcha zarur narsalar boʻlishi kerak. Operatsiya xonasida kamida ikkita qorin boʻshligʻi yoki koʻkrak qafasi operatsiyasiga yetadigan barcha asbob-uskunalar, bogʻlov materiallari va choyshablar boʻlishi kerak, shuningdek zaxiraga konservalangan qon, qon oʻrnini bosuvchi suyuqliklar, sterillangan eritmalar, narkoz va operatsiya uchun mos boʻlgan tibbiy vositalar.
306. Terapiya boʻlimida tez tibbiy yordam koʻrsatish uchun barcha oʻtkir kasalliklar va har xil patologik holatlarda: oʻtkir yurak va tomir yetishmovchiligi (oʻpka shishi, shok, kollaps) miokard infarkti va stenokardiya, gipertonik kriz, paroksizmal taxikardiya, toʻliq atrioventrikulyar blokada, oʻpka va oshqozondan qon ketish, spontan pnevmotoraks, bronxial astma, har xil sababli komatoz holatlar, oʻtkir pankreatit, buyrak ustidagi bezni oʻtkir yetishmovchiligi, anafilaktik shok, oʻtkir infeksiya va zaharlanishlar, har xil sababli terminal holatlarda zarur boʻlgan asbob-uskunalar va dori-darmon vositalari shay holatda boʻlishi kerak.
307. Bemorga malakali tez tibbiy yordam koʻrsatayotgan shaxsning ishini yengillashtirish uchun, barcha dori vositalarni aniq tartibda joylashtirish kerak. Maxsuslashtirilgan boʻlimlarda tez tibbiy yordam boʻlimning turiga qarab amalga oshiriladi.
Tibbiy-nazorat komissiyasi
308. Tibbiy-nazorat komissiyasiga kasalxona boshligʻi raislik qiladi(yoki uning tibbiy masalalar boʻyicha oʻrinbosari), komissiya tarkibiga boʻlim boshliqlari kiradi. Ular har oyda bemorlarni tekshirish va davolash sifatiga baho berishadi. Bunda quyidagilar hisobga olinadi:
a) bemorlarni kasalxonaga oʻz vaqtida va asosli yotqizish;
b) tibbiy boʻlimda oʻtkazilgan tekshirishlar hajmi;
v) bemordan anamnez yigʻishni, uning koʻrigini va kasalxonada kuzatishni sifati;
g) tashxisni oʻz vaqtida qoʻyishga va davoni toʻgʻri tavsiya qilishga yordam beradigan usullarni toʻliq ishlatish;
d) bemorni boʻlim boshligʻi (shifokorlar) va maslahatchi shifokorlar tomonidan oʻz vaqtida koʻrilganligi, boshqa mutaxassislarni bemorlar koʻrigida ishtiroki va ularni tavsiyalarini bajarish;
e) tashxisni oʻz vaqtida qoʻyish va uning mantiqiy asoslash;
j) konsiliumlarni oʻz vaqtida oʻtkazish va ularning tavsiyalarini bajarish;
z) davolash oʻz vaqtida va toʻliq oʻtkazilganligi;
i) davolash choralarini (muolajalarini, operatsiyalarni va hokazo) oʻtkazayotganda jiddiy oʻzgarishlarga olib kelgan xatolar;
k) klinik-diagnostik xatolarga olib kelishi mumkin boʻlgan sabablar;
l) tashxis qoʻyishdagi xatolarning ahamiyati;
m) zarur davolash choralari oʻtkazilmaganligi yoki uning oʻz vaqtida oʻtkazilmaganligining sabablari;
n) tibbiy hujjatlarni yuritilish sifati;
o) kasalxonada davolanish muddati va uning davomiyligi (juda qisqa va juda uzoq muddat kasalxonada saqlanish sabablarini tahlil qilish).
309. Kasalxona boshligʻining vazifalari ilovadagi kasalxona boshligʻini namunaviy xizmat vazifalariga muvofiq belgilanadi (4-ilova).
Kasalxonadagi navbatchi shifokorning vazifalari
310. Navbatchi shifokor kasalxona boʻyicha navbatchilik roʻyxatiga muvofiq tayinlanadi. U kasalxona boshligʻiga boʻysunadi va uning ruxsatisiz navbatchilikni qoldirishga yoki boshqaga topshirishga haqqi yoʻq.
Navbatchilikka qoʻyilgan barcha tibbiy xodimlar navbatchi shifokorga boʻysunadi. U navbatchilikka qoʻyilgan shaxslar sonini va ularga yuklatilgan vazifalarni bajarishlarini tekshiradi.
Navbatchi shifokor qabul boʻlimida (agar bor boʻlsa) yoki boshqa davolash-diagnostika boʻlimida boʻlishi lozim. Navbatchi shifokor toʻsatdan kasal boʻlib qolsa shu toʻgʻrisida kasalxona boshligʻiga yoki uning vazifasini bajaruvchi shaxsga xabar beradi.
Agar kasalxona boshligʻi yoki uning oʻrinbosari boʻlmasa, navbatchi shifokor juda zarur savollarni mustaqil ravishda hal qiladi.
311. Navbatchi shifokorning majburiyatlari:
a) kasalxonaga (qabul boʻlimiga) kelayotgan barcha bemorlarni koʻrish, ularga kerakli tibbiy yordam koʻrsatish va kasalxonaga yotqizishga koʻrsatmalar boʻlsa, ularni kasalxonani tegishli boʻlimlariga yuborish;
b) kasalxonaga yotqizilayotgan har bir bemorga tibbiy varaqa toʻldirish;
v) bemorni shaxsiy buyumlarini sanitariya tozalash va dezinfeksiyadan oʻtqazilishini nazorat qilish;
g) kasalxonaga shoshilinch ravishda yotqiziladigan bemorlarga joylar yetishmasa, qoʻshimcha yotoq joylarini tashkil qilish va jihozlash;
d) kasalxona boshligʻiga ogʻir shikastlangan, zoʻravonlik belgilari bor boʻlgan, zaharlangan, kasalxonaga kech yotqizilganlar haqida, hamda ommaviy kasallanishlar, ruhiy va oʻtkir yuqumli kasalliklar, bemorlarni kasalxonada tibbiy va maishiy taʼminlash, tekshirish va davolashdagi aniqlangan kamchiliklar, kasalxonada davolashga koʻrsatmasi boʻlmagan bemorlar haqida xabar berish;
e) agar zarur boʻlsa belgilangan tartibda kasalxonaning mutaxassis-shifokorlarini chaqirish, tez tibbiy yordam koʻrsatishga moʻljallangan tibbiy anjomlarning borligini va ularning ish holatini tekshirish;
j) alohida nazorat qilinishga muhtoj boʻlgan bemorlar va ularning har biriga qanday tadbirlar oʻtkazish zarurligi haqida boʻlimlar boshliqlaridan maʼlumotlar olish;
z) boʻlimlarda ogʻir bemorlarni tekshirish, ularga kerakli yordam koʻrsatish;
i) tibbiy xodimlardan bemorlar ahvoli ogʻirlashgani haqida maʼlumotlar olinsa, darhol tegishli tadbirlarni oʻtkazish;
k) oshxonada berilayotgan mahsulotning sifatini aniqlash va tayyor ovqatlardan sinama olish, uning sifati va oshxona sanitariya holati haqida xulosani jurnalda qayd etish, yaroqsiz oziq-ovqat mahsulotlarini almashtirish, tayyor ovqatlarni oʻz vaqtida berilishini nazorat qilish;
l) umumiy boʻlimda boʻlgan bemorda infeksion yoki ruhiy kasallik aniqlansa, uni zarur tibbiy tadbirlar bilan taʼminlab ajratish yoki boshqa boʻlimga (davolash muassasasiga) oʻtkazish;
m) bemorni oʻlganini aniqlash va jasadni morgga yoki oʻliklar uchun ajratilgan joyga oʻtkazishga buyruq berish, uning tibbiy varaqasiga oʻlgan vaqtini, taxminiy sababini belgilash, oʻlgan shaxsni shaxsiy buyumlari boʻlsa dalolatnoma tuzish;
n) yongʻin, tabiiy ofatlar va hodisalarda, bemorlar tartibni (5-ilova) buzganda zarur buyruqlarni berish va ularni bajarilishini tekshirish, boʻlgan hodisa va oʻtkazilgan choralar haqida kasalxona boshligʻiga, boshqa kerakli shaxslarga darhol xabar berish.
Almashuvchi va ishni boshlovchi navbatchi shifokorlar belgilangan vaqtda kasalxona boshligʻiga navbatchilikni topshirish va qabul qilib olish haqida maʼlumot beradi.
Yuqorida aytilib oʻtilgan navbatchi shifokorni majburiyatlari kasalxona boʻyicha navbatchilik qilayotgan shifokor uchun yoʻriqnoma oʻrnini bosa olmaydi, chunki yoʻriqnoma shu qoidalar asosida JIEM xususiyati, kasalxonaning joylashish va ishlash sharoitlarini hisobga olgan holda tuziladi.
Navbatchi shifokor bemorlarni tashish uchun ajratilgan sanitar transportining ish tartibini boshqaradi.
Kasalxonadagi davolash-diagnostika boʻlimi boshligʻining vazifalari
312. Davolash-diagnostika boʻlimi boshligʻi kasalxona boshligʻiga yoki uning tibbiy qism boʻyicha oʻrinbosariga boʻysunadi. U bemorlarga tashxisni toʻgʻri va oʻz vaqtida qoʻyilishiga, tekshirish va davolash usulini tanlashga, bemorlarni kasalxonadan chiqarishga, hamda boʻlimning sanitariya va xoʻjalik holatiga javobgardir.
313. Davolash-diagnostika boʻlimi boshligʻining vazifalari:
a) har oylik ekspert bahosi oʻtkazish yoʻli bilan, oʻrin-joy fondidan samarali foydalanish boʻyicha boʻlimning faoliyat natijalarini tahlil qilish;
b) bemorlarga va shikastlanganlarga tez tibbiy yordam koʻrsatish uchun boʻlimning shoshilinch tibbiy yordam koʻrsatishga doimiy tayyor boʻlishini taʼminlash;
v) boʻlim tibbiy xodimlariga ularning xizmat vazifalarini taqsimlash va bajarilishini tekshirish;
g) boʻlimdagi bemorlarni oʻz vaqtida va toʻliq tekshirish va davolash, ularni tegishlicha ovqatlanishini taʼminlash;
d) yangi kelgan bemorlarni birinchi uch kun mobaynida shaxsan oʻzi koʻrikdan oʻtkazish, ogʻir bemorlarni kelgan kuni va keyinchalik har kuni koʻrikdan oʻtkazish;
e) bemorlarni konsilium, maslahat, TMEK va maxsus tibbiy komissiya koʻrigiga taqdim etish masalasini hal qiladi;
j) bemorlarni kasalxonadan chiqarishni va boshqa boʻlimlarga oʻtkazish masalasini hal etadi;
z) kasalxona umumiy ish rejasiga va kasalxona boshligʻining yoki uning tibbiy qism boʻyicha oʻrinbosarining koʻrsatmasiga asoslanib boʻlimning ishlarini rejalashtirish;
i) bemorlarga oʻz vaqtida kerakli tekshirishlar oʻtkazilayotganini nazorat qilib borish;
k) boshqa davolash-diagnostika boʻlimlarida mutaxassisligi boʻyicha maslahat yordamini berish;
l) jarrohlik boʻlimidagi operatsion boʻlimning ish rejasini tasdiqlash, operatsiya oʻtkazish uchun shifokor-jarrohni, uning yordamchilarini va shifokor-anestezilogni tayinlash;
m) bemorlarga boshqa boʻlimlarning shifokorlari tomonidan beriladigan maslahat yordamini tashkillashtirish, shuningdek JIEMlarga chiqqan TMEK va maxsus tibbiy komissiyalar ish faoliyatida qatnashish uchun oʻzining boʻlimidan shifokorlarni ajratish, zarur tibbiy hujjatlar taqdim etilishini taʼminlash;
n) ordinatorlar bilan muntazam ravishda bemorlarni koʻrish va haftasiga bir marta boʻlimning barcha bemorlarini koʻrib chiqish, ordinatorlar ishini bemorlar yotgan toʻshagi oldida tekshirish;
o) barcha tibbiy hujjatlarning toʻgʻri va toʻliq yuritilishini nazorat qilish;
p) davolovchi shifokor bilan boʻlimda oʻlgan bemorlarning jasadini yorib koʻrishda qatnashish;
r) ordinatorlar kasbiy bilimlarini oshirishda doim yordam berish, ular malakasini oshirish ustida ishlashini nazorat qilish;
s) dori-darmonlarni toʻgʻri va oʻz vaqtida yozib berilishini nazorat qilish, shuningdek boʻlimni zarur buyumlar bilan taʼminlash;
t) har oyda kamida bir marta giyohvandlik va qattiq taʼsirchan vositalarni saqlash, hisobga olish va tarqatish tartibini tekshirish;
u) boʻlimdagi bemorlarga kasalxona oshxonasidan kelayotgan tayyor ovqat mahsulotlarini sifati va miqdorini doimiy tekshirib turish;
f) JIEMlarga davolash-profilaktika ishlari boʻyicha yordam koʻrsatish uchun borish;
x) boʻlimning maʼlumotlari asosida muassasalarda kasallikni kelib chiqish sababini oʻrganish va ularning oldini olish uchun aniq tavsiyanomalarni ishlab chiqish;
ts) tibbiy xodimlar ishini, shifokor tavsiyalarini toʻgʻri bajarilishini va bemorlarni toʻgʻri parvarish qilinayotganini tekshirish;
ch) kasalxona boshligʻi yoki uning oʻrinbosariga quyidagi hodisalar haqida darhol izoh beradi: bemorlarda ruhiy oʻzgarishlar, zaharlanishlar, qattiq shikastlar, umumiy boʻlimlarda aniqlangan infeksion bemorlar, boʻlimlarda kutilmagan hodisalar va shu sababdan oʻtkazilgan choralar, sud-tibbiyot ekspertiza tashkilotlari koʻrigiga muvofiq hodisalar va oʻlgan bemorlar aniqlansa;
sh) boʻlimning ishi haqida belgilangan muddatlarda hisobotlarni tayyorlash.
IX-bob. Ayrim kasalliklarda davolash-profilaktika tadbirlari
Ruhiy buzilishlar
314. Maxsus kontingent orasida ruhiy oʻzgarishlari boʻlgan shaxslarni oʻz vaqtida aniqlash, ularni davolash va oʻzgarishlarni qaytalanmasligi tadbirlarini koʻrish (psixoprofilaktika) bu shaxslarning ruhiy salomatligini asrashga, ularni tarbiyaviy va mehnat tadbirlari jarayoniga samarali kirishishlari uchun hamda ruhiy yetishmovchiliklari boʻlgan shaxslar tomonidan sodir etiladigan huquqbuzarliklarni oldini olishga imkoniyat yaratadi.
315. Tergov hibsxonalarida va jazoni ijro etish muassasalarida ruhiy yetishmovchiliklari boʻlgan shaxslarni aniqlash boʻyicha quyidagi tadbirlar olib boriladi:
a) shifokor maxsus kontingentni tibbiy koʻrikdan oʻtkazishidan oldin, bu shaxs qamalishiga qadar psixonevrologik dispanser (PND) hisobida turgan-turmaganligini, sud-psixiatrik ekspertizaga yuborilayotganlarni yoki shunday tekshiruv oʻtgan shaxslarni aniqlash uchun yigʻma jildlari materiallari va tibbiy hujjatlarni oʻrnatilgan tartibda oʻrganib chiqadi;
b) zarur hollarda PNDlardan dispanser hisobida turgan bemorlar ambulatoriya daftarchasidan koʻchirma va sud-psixiatriya ekspertizasini oʻtkazgan muassasadan ekspertiza xulosalari nusxasi soʻraladi;
v) maʼlum ruhiy oʻzgarishlar borligiga gumon qilinganda muassasa shifokorlari oʻzlarining diagnostik xulosalarini taxminiy moʻljallab chiqaradi. Tekshirilayotgan shaxsda ruhiy oʻzgarishlar bor yoki yoʻqligini toʻliq aniqlash faqat psixiatr shifokorning huquq doirasiga kiradi. Muassasa shtatlari tarkibida psixiatr shifokori lavozimi boʻlmasa, bu maqsadlar uchun IIV, IIBB, IIBning yoki mahalliy sogʻliqni saqlash idoralari davolash-profilaktika muassasalarining psixiatr-shifokorlari jalb etiladi;
g) ruhiy ahvoli birdek boʻlmagan shaxslar, nevrotik mazmundagi shikoyatlar bilan tez-tez murojaat qiluvchilar yoki yurish-turishida oʻzgarishlari boʻlgan shaxslar (tez qizishib ketuvchilar, tez-tez maʼnisiz harakatlar qiluvchilar, muassasada mahkumlarni saqlash tartibini tez-tez buzuvchilar, janjalkashlar va boshqalar), hamda PND hisobida boʻlganlar, sud-psixiatriya ekspertizasi xulosasiga koʻra oʻz harakatlariga javob bera olgan, lekin ruhiy yetishmovchiliklari boʻlgan shaxslar psixiatr-shifokorining chuqur tibbiy tekshiruvidan oʻtishlari kerak.
https://neolex.uz/uz/laws/law-809414
