Irrigatsiya tizimlarida suv resurslaridan oqilona foydalanish hamda suv tanqisligining oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida (111-son)
19.03.2026
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Suv resurslaridan oqilona foydalanish, sugʻoriladigan yerlarni suv bilan ishonchli taʼminlash, suvning behuda yoʻqotilishining oldini olish, kanallar va sugʻorish tarmoqlarini rekonstruksiya qilish va betonlashtirish ishlarini sifatli amalga oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Sugʻorishda suv yoʻqotishlarini kamaytirish va suv tanqisligining oldini olish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2026-yil 5-martdagi PQ-79-son qaroriga muvofiq Suv xoʻjaligi vazirligiga joriy yilda respublika budjetidan qoʻshimcha 600 milliard soʻm, shundan:
kanallarni betonlashtirish va rekonstruksiya qilish uchun 480 milliard soʻm;
suv tanqisligining oldini olish bilan bogʻliq chora-tadbirlar uchun 120 milliard soʻm ajratilgani maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligining suv tanqisligining oldini olish bilan bogʻliq chora-tadbirlar uchun ajratilgan mablagʻ hisobidan:
suv bilan barqaror taʼminlanmagan hududlarda qishloq xoʻjaligi ekinlarini suvni tejaydigan sugʻorish texnologiyalari orqali sugʻorish uchun suv hovuzlarini qurish ishlariga 60 milliard soʻm;
suv tanqisligini yumshatish bilan bogʻliq chora-tadbirlarga 60 milliard soʻm yoʻnaltirish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.
3. Quyidagilar:
Kanallarni betonlashtirish va rekonstruksiya qilish boʻyicha 2026-yilda qoʻshimcha amalga oshiriladigan loyihalarning manzilli roʻyxati 1-ilovaga muvofiq;
Suv bilan barqaror taʼminlanmagan hududlarda qishloq xoʻjaligi ekinlarini suvni tejaydigan sugʻorish texnologiyalari orqali sugʻorish uchun 2026-yilda quriladigan suv hovuzlarining manzilli roʻyxati 2-ilovaga muvofiq;
Suv tanqisligining oldini olish boʻyicha 2026-yilga moʻljallangan chora-tadbirlar dasturi 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Belgilansinki, ushbu qarorga:
1 va 2-ilovalarda nazarda tutilgan loyihalar (keyingi oʻrinlarda — manzilli roʻyxatlar) boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi tizimidagi hududiy “Suvqurilishinvest” davlat muassasalari buyurtmachiligida;
3-ilovaga muvofiq belgilangan chora-tadbirlar balansda saqlovchi suv xoʻjaligi ekspluatatsiya tashkilotlari tomonidan amalga oshiriladi.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi hududiy “Suvqurilishinvest” davlat muassasalari bilan birgalikda:
uch kun muddatda loyihaoldi birlamchi hujjatlarni rasmiylashtirsin;
oʻn kun muddatda loyiha tashkilotlarini aniqlab, ular bilan shartnomalar tuzsin va moliyalashtirish ishlarini tashkil qilsin;
loyiha tashkilotlari aniqlangandan soʻng ikki oy muddatda loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqib, ekspertiza xulosalarini olsin;
ekspertiza xulosalari olingan obyektlarga uch hafta muddatda bosh pudrat tashkilotlarini aniqlab, qurilish-montaj ishlarini boshlasin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi:
manzilli roʻyxatlarda nazarda tutilgan loyihalar uchun oldindan 30 foiz avans mablagʻi hamda bajarilgan ishlar uchun joriy toʻlovlarning moliyalashtirilishini;
suv tanqisligining oldini olish bilan bogʻliq chora-tadbirlar dasturini amalga oshirish uchun Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjetidan qoʻshimcha 60 milliard soʻm mablagʻ Suv xoʻjaligi vazirligining tegishli ekspluatatsiya tashkilotlariga ajratilishini taʼminlasin.
7. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi va viloyatlar hokimlari Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi hamda Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qoʻmitasi huzuridagi Kadastr agentligi bilan birgalikda oʻn kun muddatda qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan sugʻorilmaydigan lalmi, tashlandiq (boʻz) yerlar, pichanzor va yaylovlardan 2 gektargacha yer uchastkasini suv hovuzlari qurish uchun belgilangan tartibda ajratib berilishini taʼminlasin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Suv xoʻjaligi vazirligi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi va viloyatlar hokimlari bilan birgalikda betonlashtirish ishlarini amalga oshirish uchun kanallarda vaqtincha suv ochish va yopish reja-grafiklarini tasdiqlab, pudrat tashkilotlariga ish frontini yaratsin va unga qatʼiy rioya etilishini taʼminlasin.
9. Belgilansinki, Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasining tizimidagi tashkilotlar tomonidan beriladigan ruxsatnomalar asosida loyihalar doirasida kanallarning qirgʻoqlaridagi oʻrmon fondiga kirmaydigan daraxt va butalarni koʻchirish, zarur hollarda kesish ishlari belgilangan toʻlovlardan ozod etiladi.
10. Oʻzbekiston Respublikasi suv xoʻjaligi vaziri Sh.R. Xamrayev, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi va viloyatlar hokimlari:
a) suv xoʻjaligi obyektlarining loyiha-smeta hujjatlari sifatli ishlab chiqilishi hamda ularning belgilangan muddatlarda foydalanishga topshirilishiga shaxsan masʼul va javobgar ekanligi belgilab qoʻyilsin;
b) sugʻorish tarmoqlari va gidrotexnika inshootlarini taʼmirlash ishlari, birinchi navbatda, betonlashtirilgan yoki betonlashtirish boshlangan kanallardan suv oluvchi tarmoqlarda amalga oshirilishini taʼminlasin.
Bunda “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasasiga qarashli kanallar va sugʻorish tarmoqlarini tozalash, gidrotexnika inshootlari va gidropostlarni taʼmirlash ishlari ushbu tashkilotlarga qoʻshimcha ajratilgan mablagʻlar hisobidan amalga oshiriladi.
11. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari J.A. Xodjayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2026-yil 19-mart,
111-son
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 19-martdagi 111-son qaroriga 1-ILOVA
Kanallarni betonlashtirish va rekonstruksiya qilish boʻyicha 2026-yilda qoʻshimcha amalga oshiriladigan loyihalarning
MANZILLI ROʻYXAT
* suv xoʻjaligi obyektlarining loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish hamda ekspertizadan oʻtkazish yakunlari boʻyicha loyihalar parametrlariga oʻzgartirishlar kiritilishi mumkin.
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 19-martdagi 111-son qaroriga 2-ILOVA
Suv bilan barqaror taʼminlanmagan hududlarda qishloq xoʻjaligi ekinlarini suvni tejaydigan sugʻorish texnologiyalari orqali sugʻorish uchun 2026-yilda quriladigan suv hovuzlarining
MANZILLI ROʻYXATI
* obyektlarning loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish hamda ekspertizadan oʻtkazish yakunlari boʻyicha loyihalar parametrlariga oʻzgartirishlar kiritilishi mumkin.
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 19-martdagi 111-son qaroriga 3-ILOVA
Suv tanqisligining oldini olish boʻyicha 2026-yilga moʻljallangan
CHORA-TADBIRLAR DASTURI
