3-modda. Asosiy tushunchalar
Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash toʻgʻrisida (71-II-son) · Sana: 25.05.2000 · Amalda
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
litsenziya — litsenziyalovchi organ tomonidan yuridik yoki jismoniy shaxsga berilgan, litsenziya talablari va shartlariga soʻzsiz rioya etilgani holda faoliyatning litsenziyalanayotgan turini amalga oshirish uchun ruxsatnoma (huquq);
faoliyatning litsenziyalanayotgan turi — Oʻzbekiston Respublikasi hududida amalga oshirilishi uchun litsenziya olish talab qilinadigan faoliyat turi;
litsenziyalash — litsenziya berish toʻgʻrisidagi arizani topshirish va koʻrib chiqish, litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turish yoki tugatish, shuningdek uni bekor qilish va qayta rasmiylashtirish jarayoni bilan bogʻliq tadbirlar kompleksi;
litsenziya talablari va shartlari — faoliyatning litsenziyalanayotgan turini amalga oshirayotganda litsenziat tomonidan bajarilishi majburiy boʻlgan, qonunchilikda belgilangan talablar va shartlarning majmui;
litsenziyalovchi organlar — qonunchilikka muvofiq litsenziyalashni amalga oshiruvchi maxsus vakolatli organlar;
litsenziya daʼvogari — litsenziyalovchi organga faoliyatning litsenziyalanadigan turini amalga oshirish uchun litsenziya berish toʻgʻrisidagi ariza bilan murojaat etgan yuridik yoki jismoniy shaxs;
litsenziat — faoliyatning litsenziyalanadigan turini amalga oshirish litsenziyasi boʻlgan yuridik yoki jismoniy shaxs;
litsenziya shartnomasi — faoliyatning litsenziyalanadigan turini amalga oshirish uchun litsenziatning litsenziya olishi va undan foydalanishi borasidagi litsenziyalovchi organ bilan litsenziya daʼvogari oʻrtasidagi munosabatlarni tartibga solib turadigan va ular oʻrtasida tuziladigan shartnoma;
litsenziyalar reyestri — berilgan, toʻxtatib turilgan, qayta tiklangan, qayta rasmiylashtirilgan, bekor qilingan litsenziyalar, shuningdek amal qilishi tugatilgan litsenziyalar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan litsenziyalovchi organlarning maʼlumotlar bazalari majmui.
