24-modda. Litsenziyani bekor qilish
Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash toʻgʻrisida (71-II-son) · Sana: 25.05.2000 · Amalda
Litsenziya quyidagi hollarda bekor qilinishi mumkin:
ushbu Qonun 16-moddasining oʻn birinchi qismida nazarda tutilgan holda;
litsenziat litsenziyani bekor qilish toʻgʻrisida ariza bilan murojaat qilganda;
litsenziya soxta hujjatlardan foydalanilgan holda olinganligi fakti aniqlanganda.
Litsenziyani bekor qilish ushbu moddaning birinchi qismi toʻrtinchi xatboshisida nazarda tutilgan holda sud qaroriga, boshqa hollarda esa, litsenziyalovchi organning qaroriga binoan amalga oshiriladi.
Litsenziyalovchi organning litsenziyani bekor qilish toʻgʻrisidagi qarori litsenziatga yozma shaklda, qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran uch kundan kechiktirmay yetkaziladi. Litsenziyani bekor qilish toʻgʻrisidagi sud qarori litsenziatga va litsenziyalovchi organga qonunchilikda belgilangan muddatlarda yetkaziladi. Litsenziat litsenziyani bekor qilish toʻgʻrisidagi qarorni olgan kundan eʼtiboran oʻn kun ichida litsenziya litsenziyalovchi organga qaytarilishi va yoʻq qilinishi kerak.
Litsenziyani bekor qilish toʻgʻrisidagi maʼlumot ommaviy axborot vositalarida, shuningdek litsenziyalovchi organning rasmiy veb-saytida eʼlon qilinishi kerak.
Litsenziyani bekor qilish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan taqdirda, litsenziya u berilgan sanadan eʼtiboran bekor qilingan deb hisoblanadi.
Litsenziyalovchi organning litsenziyani bekor qilish toʻgʻrisidagi qarori ustidan sudga shikoyat qilinishi mumkin. Sud litsenziyaning bekor qilinishini asossiz deb topgan taqdirda, litsenziyalovchi organ litsenziat oldida unga yetkazilgan zarar miqdorida javobgar boʻladi”.
