10-modda. Litsenziyalarning turlari
Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash toʻgʻrisida (71-II-son) · Sana: 25.05.2000 · Amalda
Litsenziyalar namunaviy (oddiy) va yakka tartibdagi boʻlishi mumkin.
Namunaviy (oddiy) litsenziyalar jumlasiga cheklanmagan doiradagi yuridik va jismoniy shaxslarga beriladigan litsenziyalar kiradi, agar ushbu shaxslar tegishli faoliyat turini amalga oshirishga nisbatan qoʻyiladigan yagona shartlar va talablarga javob bersalar.
Yakka tartibdagi litsenziyalar jumlasiga yuridik va jismoniy shaxslarga alohida talablar va shartlar asosida beriladigan, litsenziatlarga faoliyatning mazkur turini amalga oshirishda mutlaq huquqlar beruvchi, miqdoriy cheklangan litsenziyalar kiradi. Yakka tartibdagi litsenziyalar amal qilish hududi, faoliyat obyekti yoki Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi belgilaydigan boshqa asoslarga koʻra miqdoriy cheklanadi.
Yakka tartibdagi litsenziyalarni berish, qoida tariqasida, tanlov (tender) asosida amalga oshiriladi.
Yakka tartibdagi litsenziyalarni berish tartibi va shartlari, shu jumladan tanlovlarni (tenderlarni) oʻtkazish shartlari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
