Ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi doirasida buyurtmachisi aniqlanmagan va taqsimlanmagan mablagʻlarni buyurtmachilarga taqsimlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida (3786-son)
13.03.2026
Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vazirining
buyrugʻi
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2026-yil 13-martda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3786]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 8-sentabrdagi PF-161-son “Islohotlarni huquqiy jihatdan taʼminlash samaradorligini oshirish hamda ijtimoiy munosabatlarni tartibga solishda vazirlik va idoralarning masʼuliyati va tashabbuskorligini kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni hamda Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 21-apreldagi 206-son “Ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturlarini shakllantirish va davlat investitsiyalarini boshqarish tizimini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq buyuraman:
1. Ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi doirasida buyurtmachisi aniqlanmagan va taqsimlanmagan mablagʻlarni buyurtmachilarga taqsimlash tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi, Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Madaniyat vazirligi, Sport vazirligi, Suv xoʻjaligi vazirligi, Transport vazirligi hamda Bosh prokuraturasi bilan kelishilgan.
3. Ushbu buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Iqtisodiyot va moliya vaziri J. KUCHKAROV
Toshkent sh.,
2026-yil 17-fevral,
333-son
Kelishildi:
Bosh prokuror N. YOʻLDOSHEV
2026-yil 5-fevral
Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vaziri Sh. XIDOYATOV
2026-yil 23-yanvar
Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri K. SHARIPOV
2026-yil 17-yanvar
Sport vaziri A. IKRAMOV
2026-yil 16-yanvar
Sogʻliqni saqlash vaziri A. XUDAYAROV
2026-yil 16-yanvar
Transport vaziri I. MAXKAMOV
2026-yil 15-yanvar
Madaniyat vazirining birinchi oʻrinbosari A. TADJIXANOV
2026-yil 13-yanvar
Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirining birinchi oʻrinbosari Sh. KARIMOV
2026-yil 9-yanvar
Suv xoʻjaligi vazirining birinchi oʻrinbosari Z. ISHPULATOV
2026-yil 9-yanvar
Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vazirining 2026-yil 17-fevraldagi 333-son buyrugʻiga ILOVA
Ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi doirasida buyurtmachisi aniqlanmagan va taqsimlanmagan mablagʻlarni buyurtmachilarga taqsimlash tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom budjet tizimi budjetlari hisobidan amalga oshiriladigan Ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi (bundan buyon matnda Dastur deb yuritiladi) doirasida buyurtmachisi aniqlanmagan va taqsimlanmagan mablagʻlarni obyektlar (loyihalar) hamda buyurtmachilar kesimida taqsimlash tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
buyurtmachi — obyektlarni qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal taʼmirlashni amalga oshiruvchi, shuningdek shu maqsadlarda loyiha-qidiruv, ekspertlik, qurilish-montaj va nazorat ishlarini bajarish uchun tegishli tashkilotlar bilan shartnomalar tuzuvchi yuridik shaxs;
buyurtmachisi aniqlanmagan va taqsimlanmagan mablagʻlar (bundan buyon matnda taqsimlanmagan mablagʻlar deb yuritiladi) — Dastur parametrlarida nazarda tutilgan va maqsadli yoʻnalishga ega boʻlgan holda buyurtmachisi aniqlanmagan va obyektlar (loyihalar) kesimida taqsimlanmagan budjet tizimi budjetlarining mablagʻlari;
kreditor qarzdorliklar (kafolat summasi) — qurilish-montaj ishlari yakunlangan va foydalanishga topshirilgan obyektlar boʻyicha loyiha (bajarilgan ishlar va amalga oshirilgan xarajatlar) qiymatidan obyektni kafolatlash uchun kelgusida toʻlab berish sharti asosida pudratchi tashkilotiga vaqtincha toʻlanmay turgan mablagʻlar;
loyiha hujjatlari (ishchi loyiha, loyiha-smeta hujjatlari, ishchi hujjatlar) — shaharsozlik normalari va qoidalariga muvofiq ishlab chiqilgan hamda hajmiy-rejali, amaliy va texnik yechimlarni, obyektlarni qurish, rekonstruksiya qilish hamda mukammal taʼmirlash ishlarining qiymatini belgilovchi hujjatlar;
vakolatli organ — Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi.
2. Mazkur Nizom qoidalari taqsimlash tartib-taomillari amalda mavjud boʻlgan taqsimlanmagan mablagʻlar, shuningdek davlat tomonidan qoʻriqlanishi lozim boʻlgan shaxslarning xavfsizligini taʼminlash, mudofaa qobiliyatini yaxshilash, ichki tartibni saqlash hamda davlat sirlari bilan bogʻliq boʻlgan obyektlarni qurish, rekonstruksiya qilish, mukammal taʼmirlash va jihozlash ishlari uchun yoʻnaltirilgan mablagʻlarni taqsimlashga tatbiq etilmaydi.
2-bob. Taqsimlanmagan mablagʻlarni taqsimlash tartibi
3. Taqsimlanmagan mablagʻlar Dasturdagi asosiy parametrlarning alohida satrlarida ushbu mablagʻlarning maqsadli yoʻnalishlari belgilangan holda aks ettiriladi, bundan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining hujjatlariga muvofiq belgilangan yoʻnalishlar mustasno.
4. Vakolatli organ taqsimlanmagan mablagʻlar (maqsadli yoʻnalishlar kesimidagi taqsimot va qoldiq mablagʻlar) toʻgʻrisidagi yigʻma maʼlumotlarni shakllantiradi hamda Dastur ijrosini monitoring qilish mobaynida taqsimlanmagan mablagʻlarning hisobini yuritib boradi.
5. Taqsimlanmagan mablagʻlar Dasturning asosiy parametrlariga muvofiq quyidagi maqsadli yoʻnalishlardagi xarajatlarni moliyalashtirish uchun shakllantiriladi:
1) loyiha-qidiruv hujjatlari va bosh rejalarni ishlab chiqish:
bosh reja, hududlarning arxitektura-rejalashtirish loyihalari va bosh sxemalarini (ARL) hamda batafsil rejalashtirish loyihalarini (BRL) ishlab chiqish;
kelgusi yillar loyiha-qidiruv ishlari;
xalqaro moliya institutlari mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladigan loyihalarning loyiha hujjatlarini ishlab chiqish hamda loyihalarning Oʻzbekistondagi ulushi;
2) loyihalar (obyektlar) boʻyicha qurilish, rekonstruksiya qilish va (mukammal) taʼmirlash ishlarini olib borish:
yirik ishlab chiqarish loyihalarini tashqi muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi bilan taʼminlash;
“Yangi Oʻzbekiston” va uy-joy massivlarida barpo etiladigan ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasi obyektlarini yaxshilash;
jadal kompleks rivojlantirish rejalashtirilgan tuman va shaharlarning turizm salohiyatini oshirish va yoʻl infratuzilmasini rivojlantirish;
umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻllarida harakat xavfsizligini taʼminlash va yerosti piyodalar yoʻlaklarini qurish (nogironligi boʻlgan shaxslarga moslashtirish);
kanallarni sugʻorish mavsumi boʻlmagan davrda rekonstruksiya qilish uchun avans mablagʻlari;
turistik-rekreatsion zonalarni muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari bilan taʼminlash;
davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida loyihalarni amalga oshirishni birgalikda moliyalashtirish;
maktablarning sanitariya-gigiyena infratuzilmasini yaxshilash;
davlat ijtimoiy buyurtma loyihalari asosida aholi yashash punktini toza ichimlik suvi bilan taʼminlash;
energiya tejovchi uskunalarni oʻrnatish;
tayyor charm-poyabzal, moʻyna va import oʻrnini bosuvchi mahsulotlarni ishlab chiqarishga ixtisoslashgan kichik sanoat zonalarini tashqi muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi bilan taʼminlash;
toʻqimachilik sanoatini rivojlantirish investitsiya loyihalarini muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi bilan taʼminlash;
sement-beton qoplamali ichki xoʻjalik avtomobil yoʻllarini qurish;
“Qishloq infratuzilmasini rivojlantirish” loyihalarini natijaga yoʻnaltirilgan dasturli moliyalashtirish (PForR) asosida amalga oshirish;
“Amudaryo” HSXB obyektlari uchun kelgusi yillarga loyiha-qidiruv ishlari;
3) maxsus texnika va suv hisoblash uskunalarini xarid qilish hamda modernizatsiya qilish;
4) kreditor qarzdorliklar va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 5-sentabrdagi 740-son “Hisoblangan qiymati tasdiqlangan loyiha-smeta hujjatlariga nisbatan oshib ketgan qurilish obyektlarini moliyalashtirishga ruxsat etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga asosan talab etiladigan qoʻshimcha mablagʻlar;
5) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining hujjatlariga muvofiq belgilangan boshqa yoʻnalishlar.
6. Vazirlik va idoralar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari (bundan buyon matnda tashabbuskor deb yuritiladi) taqsimlanmagan mablagʻlardan foydalanish boʻyicha takliflarni ularning maqsadli yoʻnalishlaridan chetga chiqmagan holda ishlab chiqadi hamda mazkur Nizomning ilovasida belgilangan muddatlarda vakolatli organga elektron shaklda taqdim etadi.
Dastur parametrlarida keltirilgan, biroq mazkur Nizomda oʻz aksini topmagan yoʻnalishlarga tegishli taqsimlanmagan mablagʻlar boʻyicha tashabbuskorlarning takliflari mazkur Nizomda belgilangan tartibda 1-oktabrga qadar vakolatli organga kiritiladi.
7. Taqdim etilayotgan takliflarga maqsadli yoʻnalishlar doirasida tegishliligi boʻyicha quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:
1) loyiha-qidiruv hujjatlari va bosh rejalarni ishlab chiqishda:
asoslovchi hujjatlar (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining hujjatlari hamda topshiriqlari va boshqalar);
keyingi yil Dasturiga kiritiladigan obyektlarning (loyihalarning) manzilli roʻyxati;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, Xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahri kengashlarining qarorlari;
ishlab chiqiladigan bosh reja, hududlarning arxitektura-rejalashtirish loyihalari va bosh sxemalari (ARL) hamda batafsil rejalashtirish loyihalari (BRL) roʻyxati va zarur hisob-kitoblar;
2) loyihalar (obyektlar) boʻyicha qurilish, rekonstruksiya qilish va (mukammal) taʼmirlash ishlarini olib borishda:
asoslovchi hujjatlar (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining hujjatlari hamda topshiriqlari va boshqalar);
tasdiqlangan loyiha (loyihaoldi) hujjatlari (yangidan boshlanuvchi loyihalar boʻyicha);
loyiha (loyihaoldi) va (yoki) shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish va ekspertizadan oʻtkazish uchun mablagʻlarga boʻlgan ehtiyoj boʻyicha hisob-kitoblar;
obyektni (loyihani) amalga oshirish qiymati boʻyicha hisob-kitoblar;
tegishli davr uchun obyekt (loyiha) boʻyicha amalga oshirilgan va moliyalashtirilgan ish va xarajatlarni tasdiqlovchi hujjatlar;
obyektlar (loyihalar) boʻyicha manzilli roʻyxatlar;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, Xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahri kengashlarining qarorlari;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 7-iyundagi 306-son “Xorijiy va mahalliy investorlarning investitsiya loyihalari tashqi infratuzilmasini yaratish xarajatlarini davlat tomonidan qoplab berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori bilan tashkil etilgan ishchi guruhining loyiha boʻyicha berilgan xulosasi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi “Loyihalar va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazi” davlat unitar korxonasining ekspertiza xulosasi;
3) maxsus texnika, uskunalar va jihozlarni xarid qilish hamda modernizatsiya qilishda:
asoslovchi hujjatlar (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining hujjatlari hamda topshiriqlari va boshqalar);
xarid qilinadigan maxsus texnika, uskunalar va jihozlarning roʻyxati;
asoslovchi hisob-kitoblar;
4) kreditor qarzdorliklar va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 5-sentabrdagi 740-son “Hisoblangan qiymati tasdiqlangan loyiha-smeta hujjatlariga nisbatan oshib ketgan qurilish obyektlarini moliyalashtirishga ruxsat etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga asosan talab etiladigan qoʻshimcha mablagʻlar uchun:
asoslovchi hujjatlar (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining hujjatlari hamda topshiriqlari va boshqalar);
obyektni foydalanishga topshirish dalolatnomasi;
tegishli solishtirma dalolatnomalar;
5) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining hujjatlariga muvofiq belgilangan boshqa yoʻnalishlarda:
asoslovchi hujjatlar (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining hujjatlari hamda topshiriqlari va boshqalar);
mablagʻlar ajratish taklif etilayotgan obyektlarning (loyihalarning) (manzilli) roʻyxati;
yoʻnalishga aloqador boshqa hujjatlar va hisob-kitoblar.
Dastur doirasida taqsimlanmagan mablagʻlarni oqilona va samarali taqsimlash hamda ziddiyatlarga aniqliklar kiritish maqsadida tashabbuskorlar tomonidan qoʻshimcha hujjatlar taqdim etilishi mumkin.
8. Vakolatli organ takliflar kelib tushgan kundan boshlab bir oy muddat ichida taqdim etilgan takliflar va ularga ilova qilingan hujjatlarni koʻrib chiqadi hamda Dasturni shakllantirishning asosiy tamoyillaridan kelib chiqqan holda takliflarning maqsadga muvofiqligi va ularni amalga oshirishning moliyaviy imkoniyatlarini oʻrganadi.
Quyidagi holatlarda tashabbuskorlar tomonidan taqdim etilgan takliflarni qabul qilish rad etilishi mumkin:
asoslantiruvchi hujjatlar mavjud boʻlmaganda;
taqdim etilgan taklifda nazarda tutilgan yoʻnalish ushbu Nizomning 5-bandida keltirilgan maqsadli yoʻnalishlarga muvofiq boʻlmaganda;
taklifda nazarda tutilgan moliyalashtirish hajmlari taqsimlanmagan mablagʻlarni taqsimlash uchun ajratilishi belgilangan mablagʻlar hajmidan oshib ketganda.
Oʻrganish natijalariga asosan vakolatli organ tomonidan tashabbuskorlarga taklif qabul qilinganligi (qisman yoki toʻliq) yoxud qabul qilinmaganligi toʻgʻrisidagi asoslantirilgan javob xatlari mazkur bandning birinchi xatboshisida belgilangan muddat doirasida yuboriladi. Bunda, javob xatida takliflarga oid tavsiyalar hamda amalga oshirilishi lozim boʻlgan tadbirlar koʻrsatilishi mumkin.
9. Vakolatli organ tashabbuskorlarning asoslantirilgan takliflari, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining hujjatlari va topshiriqlari hamda Dastur ijrosining har oylik monitoringi natijalaridan kelib chiqib, har bir obyekt (loyiha) boʻyicha buyurtmachini koʻrsatgan holda har chorakda kamida bir marta yagona (manzilli) roʻyxatni shakllantiradi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.
10. Yagona (manzilli) roʻyxat Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 21-apreldagi 206-son “Ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturlarini shakllantirish va davlat investitsiyalarini boshqarish tizimini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq koʻrib chiqiladi va tasdiqlanadi.
11. Vakolatli organ taqsimlanmagan mablagʻlarning hisobini yuritadi va monitoring qiladi.
Vakolatli organ tomonidan tahliliy maʼlumotlar tayyorlanadi hamda taqsimlanmagan mablagʻlarning maqsadli yoʻnalishlarga muvofiq ishlatilishining joriy holati yuzasidan har chorakda tashabbuskorlarga maʼlumotlar kiritib boriladi.
3-bob. Taqsimlanmagan mablagʻlar boʻyicha buyurtmachilarni belgilash
12. Taqsimlanmagan mablagʻlar boʻyicha buyurtmachilar vakolatli organ hamda Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligining takliflari asosida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Rayosati majlisi bayoni bilan belgilanadi.
Taqsimlanmagan mablagʻlarni obyektlar (loyihalar) kesimida taqsimlashda ushbu obyektlar (loyihalar) boʻyicha buyurtmachilarni belgilash toʻgʻrisidagi vakolatli organ hamda Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligining takliflari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yagona (manzilli) roʻyxat bilan birga taqdim etiladi.
13. Taqsimlanmagan mablagʻlar boʻyicha buyurtmachilar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining hujjatlariga asosan belgilangan, biroq obyektlar (loyihalar) kesimida taqsimlanmagan hollarda buyurtmachilarni belgilash boʻyicha takliflarni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritish talab etilmaydi.
14. Dastur doirasida buyurtmachilari va (yoki) tarmoq yoʻnalishi mavjud boʻlgan holda loyihalar (obyektlar) kesimida taqsimlanmagan kreditor qarzdorlik mablagʻlari buyurtmachilar tomonidan qurilish (loyihalash) obyektlari boʻyicha manzilli roʻyxatlarni rasmiylashtirish orqali taqsimlanadi.
4-bob. Yakuniy qoida
15. Mazkur Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar boʻladilar.
Ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi doirasida buyurtmachisi aniqlanmagan va taqsimlanmagan mablagʻlarni buyurtmachilarga taqsimlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga ILOVA
Buyurtmachisi aniqlanmagan va taqsimlanmagan mablagʻlardan foydalanish boʻyicha moliya yili davomida Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligiga takliflar kiritib borishning maqsadli yoʻnalishlari va muddatlari
