Atoqli davlat va jamoat arbobi Qallibek Kamalov tavalludining 100 yilligini keng nishonlash toʻgʻrisida (103-son)
16.03.2026
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbek va qoraqalpoq xalqlarining azaliy doʻstligi va qardoshligini mustahkamlash yoʻlida fidokorona xizmat qilgan, ijtimoiy-siyosiy faoliyati bilan mamlakatimiz taraqqiyotiga katta hissa qoʻshgan atoqli davlat va jamoat arbobi Qallibek Kamalov tavalludining 100 yilligini munosib nishonlash va xotirasini abadiylashtirish maqsadida:
1. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi va Vazirlar Kengashi, Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi hamda keng jamoatchilik vakillarining 2026-yilda atoqli davlat va jamoat arbobi Qallibek Kamalov tavalludining 100 yilligini nishonlash toʻgʻrisidagi taklifi qoʻllab-quvvatlansin.
2. Atoqli davlat va jamoat arbobi Qallibek Kamalov tavalludining 100 yilligini keng nishonlash boʻyicha tashkiliy qoʻmita (keyingi oʻrinlarda — Tashkiliy qoʻmita) tarkibi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Tashkiliy qoʻmita (A. Orinbayev) uch kun muddatda Qallibek Kamalov tavalludining 100 yilligini nishonlash boʻyicha quyidagi chora-tadbirlarni nazarda tutuvchi dasturni, uni moliyalashtirishning aniq manbalarini belgilagan holda, ishlab chiqsin va tasdiqlasin:
muqaddas Ramazon oyi munosabati bilan hamda Qallibek Kamalov tavalludining 100 yilligiga bagʻishlab 2026-yil 18-mart kuni Nukus shahridagi “Oq qush” majmuasida iftorlik dasturxonini tashkil etish;
“9-may — Xotira va qadrlash kuni” hamda Qallibek Kamalovning bir asrlik yubileyiga bagʻishlangan “Uch avlod uchrashuvi” tadbiri hamda ushbu tadbir doirasida ilmiy-amaliy konferensiyani Nukus shahridagi “Oq qush” majmuasida oʻtkazish;
Qallibek Kamalovning hayoti va ijtimoiy-siyosiy faoliyati haqida hujjatli film yaratish;
Qallibek Kamalovning hayoti va faoliyatiga bagʻishlangan kitob-albomni nashrga tayyorlash va chop etish;
Qallibek Kamalov yashagan xonadonda yodgorlik lavhasi oʻrnatish;
taniqli siyosatshunos va olimlar hamda nuroniylar ishtirokida xotira tadbirlari, davra suhbatlari va uchrashuvlar tashkil etish.
Belgilansinki, ushbu bandning:
ikkinchi, uchinchi va beshinchi xatboshilaridagi vazifalar Qoraqalpogʻiston Respublikasining respublika budjeti hisobidan;
toʻrtinchi xatboshisidagi vazifalar Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Kinematografiya agentligiga Davlat budjetidan filmlar ishlab chiqarish uchun ajratilgan mablagʻlar doirasida;
oltinchi xatboshisidagi vazifalar Oʻzbekiston Badiiy akademiyasiga Davlat budjetidan haykaltaroshlik asarlarini yaratish uchun ajratilgan mablagʻlar doirasida qoplanadi.
4. Tashkiliy qoʻmitaga atoqli davlat va jamoat arbobi Qallibek Kamalov tavalludining 100 yilligini nishonlash doirasida oʻtkaziladigan tadbirlarni yuksak saviyada tashkil etish, mazkur qaror va chora-tadbirlar dasturining oʻz vaqtida, sifatli va toʻliq amalga oshirilishini muvofiqlashtirib borish vazifasi yuklansin.
5. Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasiga atoqli davlat va jamoat arbobi Qallibek Kamalov tavalludining 100 yilligini nishonlash bilan bogʻliq tadbirlarni ommaviy axborot vositalarida keng yoritish tavsiya etilsin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi F.U. Ermanov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2026-yil 16-mart,
103-son
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 16-martdagi 103-son qaroriga ILOVA
Atoqli davlat va jamoat arbobi Qallibek Kamalov tavalludining 100 yilligini keng nishonlash boʻyicha tashkiliy qoʻmita
TARKIBI
