Oliy oʻquv yurtlarida test oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida yoʻriqnomani tasdiqlash haqida (1154-son)
25.06.2002
Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim muassasalariga qabul qilish boʻyicha Davlat komissiyasi kengaytirilgan majlisining
2-son Bayonidan koʻchirma
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2002-yil 25-iyunda 1154-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan]
11. Davlat test markazi tomonidan tayyorlangan “Oliy oʻquv yurtlarida test oʻtkazish yoʻriqnomasi” tasdiqlansin.
Adliya vazirligi mazkur Yoʻriqnomani belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazsin.
Davlat test markazi mazkur Yoʻriqnomani barcha manfaatdor vazirlik va idoralar hamda oliy taʼlim muassasalariga yetkazilishini taʼminlasin.
Davlat komissiyasining Raisi H. KAROMATOV
Davlat komissiyasining masʼul kotibi A. VORISOV
Toshkent sh.,
2002-yil 14-iyun
Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim muassasalariga qabul qilish boʻyicha Davlat komissiyasi kengaytirilgan majlisining 2002-yil 14-iyundagi 2-son bayoni bilan TASDIQLANGAN
Oliy oʻquv yurtlarida test oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida
YOʻRIQNOMA
Mazkur Yoʻriqnoma Oʻzbekiston Respublikasining Kadrlar tayyorlash milliy dasturi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 14-maydagi 258-son “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida Davlat test markazi tashkil etish toʻgʻrisida”gi va 1999-yil 12-iyuldagi 342-son “Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim muassasalariga qabul toʻgʻrisidagi nizomlarini tasdiqlash haqida”gi qarorlariga asosan ishlab chiqilgan boʻlib, oliy oʻquv yurtlarida test sinovlarini oʻtkazish tartibini belgilaydi.
§ 1. Umumiy qoidalar
1. Test sinovlarini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi (DTM) amalga oshiradi.
2. Test sinovlarini tashkil etish va ularni joylarda adolatli oʻtkazish masʼuliyati, test sinovlari qoidalariga qatʼiy rioya etgan holda, DTM vakillari, qabul komissiyalari raislari, hokimliklar va ular tomonidan tayinlanadigan auditoriyalarning rahbarlari zimmasiga yuklanadi.
§ 2. Oliy oʻquv yurti qabul komissiyasining ishini tashkil etish
3. Oliy oʻquv yurtlarida oʻqishga qabulni sifatli tashkil etish maqsadida qabul komissiyalari tashkil etiladi.
4. Oʻquv yurti qabul komissiyasining asosiy vazifalariga quyidagilar kiradi:
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 12-iyuldagi 342-son qarori bilan tasdiqlangan “Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim muassasalarining bakalavriatiga talabalarni qabul qilish tartibi va qoidalari toʻgʻrisidagi Nizom” (qabul toʻgʻrisidagi Nizom) hamda ushbu Yoʻriqnomaga muvofiq puxta bilimli, iqtidorli yoshlarni test sinovlari asosida oʻquv yurtiga kirishini taʼminlash;
qabul jarayonini yuqori darajada uyushqoqlik bilan tartibli ravishda tashkil etish;
test oʻtkazish uchun zarur sharoitlarni yaratish;
abituriyentlarga ularning huquq va vazifalarini tushuntirish;
test jarayonining xolisona va adolatli oʻtishini taʼminlash;
test natijalari boʻyicha abituriyentlar va ularning ota-onalariga toʻliq maʼlumotlar berish.
5. Qabul komissiyasi oʻzining asosiy vazifalariga muvofiq quyidagi ishlarni amalga oshiradi:
qabul komissiyasi aʼzolarining vazifalarini aniqlab, tegishli hujjat bilan rasmiylashtiradi;
DTMdan olingan tegishli hujjatlar va turli axborot materiallarini yetarli miqdorda tayyorlab qoʻyadi hamda oʻz ish jadvalini eʼlon qiladi;
qabul boshlangunga qadar test oʻtkaziladigan auditoriyalar va ulardagi oʻrinlar sonini aniqlaydi, har bir auditoriyada quti va paketlarga emblemalarni yelimlash uchun yelim va boshqa test oʻtkazish uchun yetarli shart-sharoitlarni tayyorlaydi, auditoriyalar joylashuvi reja-chizmalarini tuzadi hamda qabul komissiyasi raisi tasdiqlagan reja-chizmani 1-iyulgacha DTMga taqdim etadi;
Qabul toʻgʻrisidagi Nizomni, mazkur Yoʻriqnomani, taʼlim yoʻnalishlari, oʻquv shakli va tili boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan tasdiqlangan qabul kvotalarini, test oʻtkaziladigan fanlarning roʻyxatini, ixtisoslik boʻyicha ijodiy imtihon topshiriladigan taʼlim yoʻnalishlarini va baholash mezonlarini eʼlon qiladi;
abituriyentlarning arizalarini qabul qilish va barcha oʻquv shakllari boʻyicha hujjatlarni rasmiylashtirish ishlarini belgilangan muddatlarda olib boradi;
qabul qilingan ariza va hujjatlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni raqamlangan, bogʻlangan va muhrlangan daftarga qayd qiladi, qabul toʻgʻrisidagi arizaga abituriyentning oʻrta yoki oʻrta maxsus maʼlumoti haqidagi hujjatning asl nusxasi, 086/U-shakldagi tibbiy maʼlumotnoma, 3x4 sm hajmdagi 6 ta fotosurat ilova qilinadi, pasport va harbiy xizmatga aloqadorligi haqidagi hujjat abituriyentlar tomonidan shaxsan koʻrsatiladi. Abituriyentga hujjatlari qabul qilinganligi toʻgʻrisida tilxat (1-ilova) beradi;
abituriyentlarga ularga qoʻyiladigan talablar, test jarayoni, baholash mezonlari, talabalar safiga qabul qilish va boshqalar haqida barcha zaruriy axborot (tushuntirish)lar beradi;
barcha abituriyentlarni “Abituriyentlarga eslatma” (2-ilova) bilan taʼminlaydi;
DTM tomonidan yaratilgan yangi “ABT-Abitur” dasturini oʻrganadi;
3—8-ilovalar boʻyicha maʼlumotlarni DTMga yuborish maqsadida “ABT-Abitur” dasturi oʻrnatilgan kompyuterlar xotirasiga abituriyentlar haqidagi quyidagi maʼlumotlarni toʻgʻri kiritilishini taʼminlaydi:
maxsus kod;
qayd raqami;
taʼlim turi;
oʻquv yurtining nomi;
fuqaroligi;
familiyasi, ismi, sharifi;
millati;
jinsi;
pasport seriyasi;
pasport raqami;
yashash joyi;
tugʻilgan yili, joyi;
ijtimoiy kelib chiqishi;
taʼlim muassasasining turi;
maktab (litsey, kollej) raqami;
maktab (litsey, kollej)ni tugatgan yili;
maktab (litsey, kollej) manzili;
attestat raqami;
attestatdagi oʻrtacha bali;
harbiy qismdan berilgan tavsiyanoma (muddatli harbiy xizmatni tugatganlar uchun);
Respublika va xalqaro olimpiadalar gʻolibi ekanligi haqida maʼlumot (agar tegishli hujjat boʻlsa);
taʼlim tili;
ixtisosligi;
chet tili;
chet tilini topshirish uslubi;
qabulning borishi haqidagi maʼlumotlarni DTMga topshiradi;
DTM tomonidan eʼlon qilish uchun berilgan hujjatlarni oʻquv yurtida eʼlon qiladi;
oʻquv yurtiga kirish muammolari boʻyicha fuqarolarni qabul qilishni uyushtiradi, ular uchun zarur maʼlumotlarni tayyorlaydi va eʼlon qiladi;
DTM vakili bilan hamkorlikda auditoriya rahbari va kuzatuvchilari uchun test sinovlarini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida amaliy seminar mashgʻulotlari tashkil etadi va oʻtkazadi;
21-iyulda qabulning tugashi bilan 3—6-ilovalar boʻyicha maʼlumotlarni oʻquv yurti qabul komissiyasining raisi va masʼul kotibi tomonidan tasdiqlangan holda DTMga yetkazadi. Bundan soʻng ushbu maʼlumotlarning oʻzgarmasligini taʼminlaydi;
oʻquv yurti boʻyicha auditoriyalarning tartib raqami guruhlarning tartib raqami bilan bir xil boʻlishini hamda test sinovlari qaysi binoda oʻtkazilishidan qatʼi nazar takrorlanmasligini taʼminlaydi;
ixtisosliklar boʻyicha ijodiy imtihonlarni xolisona va adolatli oʻtkazib, natijalarini oʻquv yurtida 27-iyulgacha abituriyentlarning eʼtibori uchun maʼlumot sifatida eʼlon qiladi va Davlat komissiyasining abituriyentlarni talabalar safiga oʻtkazish haqidagi qarori chiqmaguncha eʼlonlar doskasidan olmaydi;
abituriyentlarning ijodiy imtihon boʻyicha olgan ballari haqidagi maʼlumot (7-ilova)ni 1-avgustda DTMga, xatosiz toʻldirilgan holda, yetkazadi;
26-iyulda binolar va xonalarning joylashishi, abituriyentlarning bino boʻyicha harakat yoʻnalishi chizmasini eʼlon qiladi;
DTM tavsiya etgan algoritm asosida abituriyentlar roʻyxati (8-ilova)ni kompyuterda shakllantiradi va 27-iyulda maʼlumot uchun eʼlon qiladi;
Titul varaqasi (9-ilova) va Ruxsatnoma (10-ilova)larni xatosiz toʻldiradi;
27-iyuldan boshlab abituriyentlarga Ruxsatnoma va Titul varaqasini tarqatadi;
DTM vakillarini qabul va test jarayoniga oid barcha maʼlumotlar, shu jumladan, binolar va auditoriyalarning reja-chizmalari bilan taʼminlaydi;
30-iyulda barcha auditoriyalardagi oʻtirish oʻrinlarini raqamlab test oʻtkazishga tayyorlaydi hamda auditoriyalarning eshiklariga ularning tartib raqamlari, mutaxassisliklar nomi va oʻtirish oʻrinlarining soni yozilgan koʻchma koʻrsatkichlarni ilib qoʻyadi;
31-iyulda test oʻtkazilmaydigan xonalar va qavatlarning kirish va chiqish eshiklari (asosiydan boshqa) yopib muhrlaydi;
abituriyentlarni auditoriyalarga tartibli ravishda kiritishni taʼminlash uchun har bir binoda nazoratchilik xizmati postlarini tashkil qiladi;
test jarayoni uchun axborot, texnik, tibbiy va maishiy xizmatlarni tashkil etadi;
test sinovlari oʻtkaziladigan kuni oʻquv yurtida nusxa koʻchirish vositalari ishlatilishining oldini olish maqsadida ularning barchasini muhrlab qoʻyadi;
test sinovlari oʻtkaziladigan kuni abituriyentlarni pasport va ruxsatnomasi bilan binoga tartibli ravishda kiritilishini taʼminlaydi;
test sinovlarining oʻz vaqtida boshlanishini taʼminlaydi;
test jarayonida roʻy bergan barcha muammolarni tezkorlik bilan hal qilish choralarini koʻradi;
test sinovlari tugagandan keyin test materiallarini belgilangan tartibda maxsus aloqa xodimlariga topshirilishini taʼminlaydi;
test natijalari olingan kuni ularni abituriyentlarga eʼlon qiladi;
test natijalari olingan kuni, DTM vakili bilan birgalikda abituriyentlarning Titul varaqalari solingan seyflarni dalolatnoma tuzib ochadi va oʻzgartirish kiritilgan har bir Titul varaqasi haqidagi maʼlumotni dalolatnomada qayd etib, dalolatnomaning bir nusxasini DTMga yuboradi.
6. Oʻquv yurti qabul komissiyasiga yuklatilgan barcha ishlarning bajarilishini taʼminlash masʼuliyati qabul komissiyasining raisi va masʼul kotibiga yuklanadi.
§ 3. Davlat test markazi vakillarining ishini tashkil etish
7. Test sinovlarini oʻtkazishga masʼul boʻlgan DTM vakillari Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim muassasalariga qabul qilish boʻyicha Davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlanadilar.
8. DTM vakillari oliy, oʻrta maxsus va kasb-hunar taʼlimi muassasalari, ilmiy muassasalar, davlat va jamoat tashkilotlari xodimlaridan vazirliklar va hokimliklar tavsiyasi asosida tanlanadi va oʻquv yurtlariga qurʼa tashlash yoʻli bilan taqsimlanadi.
9. DTMning har bir vakiliga 10-12 ta auditoriya biriktiriladi. DTM vakillaridan bittasi oʻquv yurti boʻyicha rahbar etib tayinlanadi.
10. DTM vakillari faoliyatiga umumiy rahbarlik DTMning doimiy vakili tomonidan amalga oshiriladi.
11. DTM vakili oʻquv yurtining qabul komissiyasi va tegishli hokimlikning masʼul xodimi bilan birgalikda, test sinovlariga qadar, quyidagilarni tekshiradi:
Qabul toʻgʻrisidagi Nizomga asosan abituriyentlarning ariza va hujjatlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni qayd daftarlarida toʻgʻri rasmiylashtirilganligini;
abituriyentlar roʻyxatining DTM tavsiya etgan algoritm asosida tuzilganligini;
binolarda seyflarga ega maxsus xonalarning tayyorligini;
auditoriya rahbarlari va kuzatuvchilarining qaysi auditoriyaga tushishini qurʼa tashlash yoʻli bilan aniqlash uchun ajratilgan joyning har bir binoda tayyorligini;
test sinovlari oʻtkaziladigan xonalarda abituriyentlarning oʻtirish oʻrinlarini belgilangan tartibda raqamlanganligi, ularda yetarli miqdorda stol (parta), stullar hamda test materiallarini topshirish uchun ajratilgan alohida stolning mavjudligini;
tibbiy, texnik va axborot xizmatining tashkil etilishini, jamoat tartibini saqlanish chora-tadbirlari belgilanganligini;
Ruxsatnoma va Titul varaqasining qayd daftari asosida toʻgʻri toʻldirilganligini.
DTM vakili aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish choralarini koʻradi. Zarur boʻlganda, DTM rahbariyatiga maʼlumot berib, oʻquv yurtining testga toʻliq tayyor boʻlishiga erishadi.
12. DTM vakili test jarayonida abituriyentga qoʻyiladigan talablarni hamda “Abituriyentga eslatma”ni toʻliq oʻrganadi.
13. DTM vakili test oʻtkaziladigan kuni quyidagi ishlarni bajaradi:
oʻquv yurti bosh shtabiga soat 6.00 da yetib keladi;
DTMning oʻquv yurti boʻyicha rahbar vakili soat 6.00 dan 6.20 gacha DTM vakillarini binolar va auditoriyalar boʻyicha taqsimlaydi;
soat 6.20 dan 6.40 gacha qabul komissiyasi raisi, masʼul kotibi bilan birgalikda maxsus aloqa xodimlaridan test materiallarini qabul qilib oladi, test materiallarini binolar boʻyicha tarqatadi va 1-shakl (11-ilova)ni rasmiylashtiradi;
masʼul kotibdan abituriyentlar roʻyxatini (ijodiy imtihon oʻtkazilgan guruhlar uchun 2 nusxada) oladi;
DTMning doimiy vakilidan binolar boʻyicha auditoriya rahbari va kuzatuvchilar roʻyxatini oladi;
soat 6.40 dan 7.00 gacha maxsus aloqa xodimi bilan test materiallarini oʻzi biriktirilgan binoga olib keladi;
soat 7.00 dan 7.30 gacha oʻquv yurti qabul komissiyasi xodimi bilan birgalikda auditoriya rahbari va kuzatuvchining qaysi auditoriyada boʻlishini qurʼa tashlash yoʻli bilan aniqlaydi va ularga DTMning maxsus guvohnomasini beradi hamda bu haqda 2 nusxada bayonnoma (12-ilova) tuzadi;
abituriyentlar roʻyxatini (ijodiy imtihon oʻtkazilgan guruhlar uchun 2 nusxada) kuzatuvchilarga tarqatadi;
soat 7.30 dan 8.00 gacha abituriyentlarning Ruxsatnomasi, Titul varaqasi va pasportini tekshirib, binoga kiritilishini nazorat qiladi;
soat 8.00 dan 8.30 gacha test materiallari solingan qutilarni auditoriya rahbarlariga tarqatadi va 2-shakl (13-ilova)ni rasmiylashtiradi;
soat 8.30 dan 9.00 gacha auditoriya rahbari va kuzatuvchisi tomonidan test materiallarini abituriyentlarga tarqatilishini, Savollar kitobi bilan ishlash va Javob varaqasi (14-ilova)**ni toʻldirish qoidalari boʻyicha koʻrsatmalar berilishini nazorat qiladi;
soat 9.00 dan 10.00 gacha oʻziga biriktirilgan auditoriyalarda testga kelmagan abituriyentlar roʻyxatini oladi, auditoriya rahbari va kuzatuvchisining familiyasi, ismi, sharifi, pasporti haqidagi maʼlumotlarni olib, ularni roʻyxat bilan solishtiradi;
soat 9.00-12.20 (9.00-11.20*) da test jarayonining xolisona va adolatli oʻtishini nazorat qiladi va taʼminlaydi (* ikkita blok boʻyicha test topshiruvchilar uchun);
auditoriyalarda test sinovlarini oʻtkazish tartibini buzgan abituriyentlarning testdan chetlashtirilishini va bu haqda dalolatnomalar tuzilishini nazorat qiladi;
auditoriya rahbari va kuzatuvchisi varaqasi (15-ilova)ning toʻgʻri toʻldirilishini nazorat qiladi;
test jarayonida kutilmagan voqea roʻy berganda, zudlik bilan telefon orqali DTM direktori bilan bogʻlanib, muammoni hal qilish choralarini koʻradi;
soat 12.00-12.20 (11.00-11.20*) da test sinovini tugash jarayonini qatʼiy nazorat qiladi;
abituriyentlarning auditoriyadan pasporti va Ruxsatnoma bilan chiqishini, Ruxsatnomada Javoblar varaqasi nomeri va varianti yozilib, uning auditoriya rahbari va kuzatuvchisi tomonidan tasdiqlanganligini nazorat qiladi;
soat 12.20-12.40 (11.20-11.40*) da Javoblar varaqasi paketi, Savollar kitobi qutisi, Titul varaqalari paketi auditoriyalarda yelimlanib, emblemalar bilan muhrlanishini taʼminlaydi;
soat 12.20-13.20 (11.20-12.20*) da test sinovlari tugashi bilan, muhrlangan Javoblar varagʻi paketi, Savollar kitobi qutisi va Titul varaqasi paketlarini DTMning rahbar vakiliga zudlik bilan topshirilishini boshqaradi;
soat 13.20-13.40 (12.20-12.40*) da test materiallarini maxsus aloqa vositalari bilan oʻquv yurti bosh shtabiga olib keladi;
qabul komissiyasi raisi, masʼul kotibi bilan birgalikda maxsus aloqa xodimlariga test materiallarini topshirib, 1-shaklni rasmiylashtiradi;
qabul komissiyasi seyfiga Titul varaqalari paketini solib, seyfni qabul komissiyasi raisi, masʼul kotib bilan birgalikda muhrlaydi;
maxsus aloqa xodimlariga topshirilayotgan qutilar joylashgan qoplarga Davlat test markazining manzilini yozadi.
14. Test sinovlari oʻtgandan soʻng, har bir DTM vakili bajarilgan ishlar boʻyicha ikki nusxada hisobot tayyorlaydi. Hisobotning bir nusxasi DTMga, ikkinchi nusxasi DTMning doimiy vakiliga topshiriladi.
§ 4. Auditoriya rahbari va kuzatuvchisining ishini tashkil etish
15. Auditoriya rahbari va kuzatuvchilarning roʻyxati tegishli hokimliklar tomonidan tasdiqlanadi.
16. Test sinovi oʻtgan xonada sinovning belgilangan talablarga qatʼiy rioya etilgan tarzda xolisona va adolatli oʻtkazilishini taʼminlash boʻyicha shaxsiy masʼuliyat auditoriya rahbari va kuzatuvchisi zimmasiga yuklanadi.
17. Auditoriya rahbari va kuzatuvchisi biriktirilgan oʻquv yurtiga ertalab soat 7.00 dan kechikmasdan pasporti bilan yetib keladi.
18. Auditoriya kuzatuvchisi qurʼa tashlash yoʻli bilan oʻziga biriktirilgan auditoriyaga, abituriyentlar roʻyxatini (ijodiy imtihon oʻtkazilgan guruhlar uchun 2 nusxada) va titul varaqalarini DTM vakilidan olib, zudlik bilan, soat 7.30 dan kechikmay yetib boradi va quyidagi ishlarni bajaradi:
auditoriyani koʻzdan kechiradi (agar auditoriyaga abituriyentlar kirib olishgan boʻlsa, ularni tashqariga chiqaradi);
auditoriyadagi har bir oʻtirish oʻrnining tartib bilan raqamlanganligini tekshiradi;
abituriyentlarga oʻzini tanishtirib, ularning Ruxsatnomasi, Titul varaqasi va pasportlarini eʼtibor bilan tekshirib, guruh roʻyxati boʻyicha auditoriyaga kiritadi;
guruh roʻyxatini diqqat bilan koʻzdan kechirib, roʻyxat boʻyicha sinovga kelgan va kelmagan abituriyentlar sonini aniqlaydi.
19. Auditoriya rahbari belgilangan vaqtda (soat 7.30-8.00) oʻziga biriktirilgan auditoriya uchun test materiallarini DTMning rahbar vakilidan qabul qilib oladi va darhol auditoriyaga yetib boradi.
20. Test sinoviga belgilangan vaqtdan kechikib kelgan abituriyentlarni auditoriyaga kiritmaydi.
21. Test boshlanishidan oldin auditoriya rahbari va kuzatuvchisi oʻzlarining ismlari va familiyalarini doskaga yozib qoʻyadi.
22. Auditoriya rahbari, kuzatuvchisi hamda ikki abituriyent birgalikda quti muhrlanganligiga ishonch hosil qilib, qutini soat 8-30 da ochadilar.
Quti ichida quyidagi materiallar boʻladi:
roʻyxatidagi abituriyentlar soniga teng boʻlgan miqdorda, ichiga Javoblar varaqasi solingan Savollar kitoblari;
2 ta dalolatnoma: Savollar kitobi va Javoblar varaqasi qutisini ochish va Savollar kitobini qutiga joylab, qutini yopishga moʻljallangan 3-shakldagi dalolatnoma (16-ilova);
Javoblar varaqalari paketini yopishga moʻljallangan 4-shakldagi dalolatnoma (17-ilova);
2 ta paket: Javoblar varaqalari uchun 1 ta, Titul varaqalari uchun 1 ta;
muhrlash uchun 3 ta emblema: Javoblar varaqalari paketi uchun 1 ta, Titul varaqalari paketi uchun 1 ta, Savollar kitoblari qutisi uchun 1 ta;
auditoriya rahbari va kuzatuvchisi varaqasi.
23. Quti ochilgach, Savollar kitoblari sanaladi, 3-shakldagi dalolatnoma toʻldiriladi va ikki abituriyent bilan birgalikda imzo qoʻyiladi.
24. Abituriyentlarga Savollar kitoblari tarqatilib, ularga Javoblar varaqasining “Abituriyentlar diqqatiga” deb yozilgan qismini eʼtibor bilan oʻqib chiqish taklif etiladi.
25. Abituriyentlarga quyidagilar tushuntiriladi:
Javoblar varaqasini bukmaslik;
Javoblar varaqasining marker chizigʻiga yozmaslik;
Javoblar varaqasi raqami ostida joylashgan doirachalarni boʻyamaslik.
26. Test sinovlari boshlanishidan oldin soat 8-30 dan 9-00 gacha auditoriya rahbari va kuzatuvchi Javoblar varaqasi raqamining Titul varaqasi va Ruxsatnomaga koʻchirib yozganligini tasdiqlash maqsadida Titul varaqasining va Ruxsatnomaning maxsus joyiga imzo qoʻyadi.
27. Abituriyentlarning bir-birlari bilan gaplashmasligi, turli qogʻoz va boshqa narsalardan foydalanmasligini tushuntiradi. Eshik va derazalar orqali abituriyentlarning mustaqil ishlashiga xalaqit beradigan har qanday salbiy aralashuvlarga yoʻl qoʻymaydi.
28. Tushuntirish tugagandan keyin, testning boshlanishi va tugash vaqtini doskaga yozib qoʻyadi.
29. Test boshlangandan keyin, hech kim auditoriyaga kiritilmaydi va abituriyent test materiallarini topshirmaguncha auditoriyadan chiqarilmaydi. Test materiallarini topshirib chiqib ketgan abituriyent auditoriyaga qayta kiritilmaydi.
30. Favqulodda holatlarda auditoriya rahbari va kuzatuvchisi DTM vakili ishtirokida sodir etilgan voqea haqida dalolatnoma tuzadi.
31. Test jarayonida birorta hujjat (test materiali yoki boshqa qogʻoz) auditoriyadan tashqariga chiqarilmaydi va tashqaridan kiritilmaydi.
32. Abituriyentlar tomonidan test sinovlarini oʻtkazish tartibi buzilsa, auditoriya rahbari, kuzatuvchisi va ikki abituriyent ishtirokida tartibni buzgan abituriyentni testdan chetlashtirish haqida dalolatnoma tuziladi. Bunda sana, oʻquv yurti nomi, guruh raqami, ixtisoslik kodi, tartibni buzgan abituriyentning familiyasi, ismi, otasining ismi, Javoblar varaqasining raqami va qanday talabni buzganligi va abituriyent qaysi vaqtda test sinovidan chetlashtirilganligi yoziladi. Dalolatnomaga DTM vakili ham imzo qoʻyadi.
33. Test sinoviga kelmagan va testdan chetlashtirilgan abituriyentlarning Javoblar varaqasi raqamlari auditoriya rahbari va kuzatuvchisi varaqasiga belgilanadi.
34. Test topshiriqlarini bajarib boʻlgan abituriyent Savollar kitobi, Javoblar varaqasi va Titul varaqasini alohida-alohida stolga qoʻyadi, abituriyentlar roʻyxatiga Javoblar varaqasining raqami toʻgʻri yozilganligini tekshirib, topshirgan vaqtini yozib, imzo qoʻyadi va auditoriyadan chiqadi.
35. Test sinovlari uchun ajratilgan vaqt tugagandan soʻng, auditoriya rahbari test sinovi tugaganligini rasman eʼlon qiladi. Shundan keyin abituriyentlar navbat bilan Savollar kitobi, Javoblar varaqasi va Titul varaqasini alohida-alohida stolga qoʻyadi, abituriyentlar roʻyxatiga Javoblar varaqasining raqami toʻgʻri yozilganligini tekshirib, topshirgan vaqtini yozib, imzo qoʻyadi va auditoriyadan chiqadilar.
36. Auditoriya rahbari, hamma test materiallari yigʻilgandan soʻng, ikki nafar abituriyent ishtirokida Javoblar varaqasi va Savollar kitoblarini alohida sanaydi. Shundan keyin quyidagilarni bajaradi:
test sinovlaridan chetlashtirilgan (agar ular boʻlsa) abituriyentlarning Javoblar varaqasiga dalolatnomani yelimlab Javoblar varaqasi paketiga joylaydi;
ishlatilgan va ishlatilmagan Javoblar varaqalarining marker chizigʻini bir tarafga qilib Javoblar varaqasi paketiga joylaydi;
auditoriya rahbari va kuzatuvchisi varagʻi va barcha dalolatnomalar (3-shakldan tashqari)ni ham Javoblar varaqasi paketiga soladi;
4-shakldagi dalolatnomaga auditoriya rahbari va kuzatuvchisi, ikki abituriyent imzo qoʻyib, bu dalolatnomani ham Javoblar varaqasi paketiga solib, paketni emblema bilan muhrlaydi;
3-shakldagi dalolatnomani toʻldirib, Savollar kitoblarini qutiga soladi va qutini emblema bilan muhrlaydi;
Titul varaqalarini sanab, uni abituriyentlar roʻyxati bilan (ijodiy imtihon oʻtkazilgan guruhlar uchun 1 nusxasini) Titul varaqalari paketiga soladi va bu paketni emblema bilan muhrlaydi.
37. Javoblar varaqalari solingan paketni, Savollar kitoblari qutisini va Titul varaqalari solingan paketni maxsus xonada DTM vakiliga topshiradi va 2-shaklga imzo qoʻyadi.
Ijodiy imtihon oʻtkazilgan guruhlar roʻyxatining bir nusxasini masʼul kotibga topshiradi.
38. Test sinovlari tugagach, auditoriya rahbari va kuzatuvchisi oʻz guvohnomalarini DTM vakiliga topshiradilar.
1-ILOVA
2-ILOVA
Abituriyentlarga eslatma
Abituriyent oʻquv yurtining qabul komissiyasiga quyidagi hujjatlarni topshiradi:
taʼlim yoʻnalishi, oʻquv tili va shakli koʻrsatilgan holdagi ariza;
oʻrta va oʻrta maxsus maʼlumot haqidagi hujjatning asl nusxasi;
086/U-shakl boʻyicha tibbiy maʼlumotnoma;
3x4 sm hajmdagi 6 ta fotosurat;
xalqaro va respublika miqyosidagi olimpiadalar, tanlov va musobaqalar gʻoliblariga tanlovsiz oʻqishga kirish huquqini beruvchi hujjatning asl nusxasini;
muddatli harbiy xizmatni tugatib, harbiy qismlarning yoʻllanmasi bilan kelgan abituriyentlar — tegishli tavsiyanomani;
pasport va harbiy xizmatga aloqadorligi haqidagi hujjatini abituriyent shaxsan koʻrsatadi.
27-iyulda qabul komissiyasi tomonidan binolar va auditoriyalarning reja-chizmalari eʼlon qilinadi.
Abituriyent chizmani diqqat bilan oʻrganib, test uchun zarur boʻlgan binoning qayerda joylashganligi, auditoriyaning tartib raqami, qaysi qavatda ekanligi va boshqa kerakli maʼlumotlarni bilib oladi.
Abituriyentlar guruh tartib raqami koʻrsatilgan Ruxsatnoma va Titul varaqasini 27-iyuldan boshlab oʻquv yurti qabul komissiyasidan oladilar.
Kunduzgi va sirtqi taʼlim boʻyicha abituriyentlarni testdan oʻtkazish, Qabul toʻgʻrisidagi Nizomga asosan, oʻzbek, qoraqalpoq (Qoraqalpogʻiston Respublikasida) va rus tillarida, Oʻzbekiston Respublikasining barcha hududlarida bir kunda va bir vaqtda oʻtkaziladi.
Test oʻtkaziladigan kuni abituriyentlarni bino ichkarisiga kiritish ertalab soat 7.30 da boshlanib, 30 daqiqa davom etadi. Abituriyent binoga kirishda Ruxsatnoma va pasportini shaxsan koʻrsatadi. Soat 8.00 dan boshlab abituriyentlar oʻz guruhlari tartib raqami bilan bir xil raqamlangan auditoriyaga kiradilar.
Test sinovlariga mikrokalkulyator, lugʻat, jadval, kitob, uyali telefon aloqa vositalari va shpargalkalarni olib kirish taqiqlanadi.
Test sinovlari boshlangandan soʻng (8.30 dan keyin) abituriyent auditoriyaga kiritilmaydi.
Belgilangan vaqtda test sinovlariga kelmagan abituriyentlar uchun qoʻshimcha test sinovlari oʻtkazilmaydi.
Test vaqtida abituriyentlarga quyidagi talablar qoʻyiladi:
Savollar kitobi va Javoblar varaqasini olgandan soʻng, javoblar varaqasidagi “Abituriyentlar diqqatiga” qismini oʻqib chiqadi;
Javoblar varaqasi varianti (5-blok) bilan Savollar kitobi varianti mosligini tekshiradi;
Savollar kitobini sinchiklab tekshirib chiqadi. Agar unda fanlar boʻyicha test savollarida tipografik xato yoki boshqa sabablarga koʻra toʻla nashr qilinmagan oʻrinlar yoki betlar boʻlsa, darhol auditoriya rahbariga xabar beradi;
abituriyent test boshlanishidan oldin oʻz Ruxsatnoma va Titul varaqasining tegishli joylariga Javoblar varaqasining raqamini (6-blok) koʻchirib yozadi;
Javoblar varaqasini toʻldirishda faqat havo rang pastali sharikli ruchkadan foydalanadi. Flomaster yoki siyohli avtoruchkadan foydalanish man etiladi;
abituriyent oʻzi haqidagi maʼlumotlarni 1-blokka yozadi, 2-blokni diqqat bilan oʻqib imzolaydi, 3-blokda oʻziga mos keluvchi doirachalarni boʻyaydi;
maxsus kodini, oʻqishni tugatgan maktabi joylashgan viloyat, tuman, shahar, shahar tumani kodlarini, maktab (litsey) nomerini, oʻquv yurti va ixtisoslik kodlarini 4-blokning mos joylariga Titul varaqasidan koʻchiradi va doirachalarni mos ravishda boʻyaydi;
savollar kitobidagi hamma bloklarda 36 tadan savol keltirilgan, har bir savolga 5 tadan (A, B, C, D, E) javob berilgan boʻlib, abituriyent ulardan faqat bitta — toʻgʻrisini topishi va kitobchada belgilab, keyinchalik Javoblar varaqasiga koʻchiradi;
javoblarni tanlash uchun 108 ta savolga 3 soat va 72 ta savolga 2 soat vaqt ajratiladi;
javoblarni tanlash — ixtiyoriy. Abituriyentlar tanlagan javoblarini Javoblar varaqasining tegishli blokiga chalkashtirmasdan koʻchiradi. Buning uchun testga ajratilgan vaqtdan tashqari yana 20 daqiqa vaqt beriladi;
Savollar kitobidagi test savollariga toʻgʻri deb hisoblagan javoblarni Javoblar varaqasining I—III bloklaridagi doirachalarga mos ravishda belgilaydi. Chet tili boʻyicha test topshirayotgan abituriyentlar mos kelgan tilga tegishli doirachani boʻyaydi;
har bir test savoliga faqat bitta javob belgilanganda, toʻgʻri hisoblanib, agar bitta savolga ikki va undan ortiq javob belgilansa, bu javobga ball berilmaydi;
toʻldirilgan Javoblar varaqasi abituriyentning bilim darajasini belgilovchi hujjatdir;
Javoblar varaqasi toʻgʻri toʻldirilishi uchun abituriyent shaxsan javobgardir;
Javoblar varaqasida tegishli doirachalarni notoʻgʻri belgilagan abituriyentlar eʼtirozi koʻrib chiqilmaydi;
test paytida abituriyentning auditoriyadan chiqishi taqiqlanadi. Auditoriyadan chiqqanlar qaytadan test sinovlariga qoʻyilmaydi;
test davomida abituriyentlarning bir-birlari bilan gaplashishi, javoblarni bir-biriga koʻrsatish, test materiallarini boshqalarga uzatish, mikrokalkulyator, lugʻat, jadval, kitoblardan, uyali telefon aloqa vositalari va shpargalkalardan foydalanish, test hujjatlaridan nusxa koʻchirish va boshqalarga koʻmaklashish taqiqlanadi;
test sinovini belgilangan vaqtdan oldin tugatgan abituriyent Savollar kitobi, Javoblar varaqasi va Titul varaqasini auditoriya rahbariga topshiradi, abituriyentlar roʻyxatidagi oʻz familiyasi toʻgʻrisiga Javoblar varaqasi nomerining toʻgʻri yozilganligini tekshirib, testni tugatgan vaqtini yozib, imzo qoʻyadi, Ruxsatnoma va pasporti bilan auditoriyadan chiqadi;
test uchun ajratilgan vaqt tugagach, auditoriya rahbari bu haqda eʼlon qiladi. Abituriyentlar tartib bilan Savollar kitobi, Javoblar varaqasi va Titul varaqasini auditoriya rahbariga topshirib, abituriyentlar roʻyxatidagi oʻz familiyalari toʻgʻrisiga Javoblar varaqasi nomerining toʻgʻri yozilganligini tekshirib, testni tugatgan vaqtini yozib, imzo qoʻyadi, Ruxsatnoma va pasporti bilan auditoriyadan chiqadi;
abituriyentlar Javoblar varaqasining maxsus joyini boʻyash bilan auditoriyadagi test jarayonining borishiga oʻz fikrini bildirishi mumkin.
Test sinovlarini oʻtkazish tartibini qoʻpol ravishda buzgan abituriyent oʻquv yurtida oʻqishga noloyiq sanalib, dalolatnoma tuzilib, sinovdan chetlashtiriladi.
3-ILOVA
Abituriyentlar sonining guruhlar va binolar boʻyicha
TAQSIMOTI
4-ILOVA
Abituriyentlardan tushgan arizalar haqida
MAʼLUMOT
5-ILOVA
Respublika olimpiadalarida gʻolib boʻlgan abituriyentlar
ROʻYXATI
6-ILOVA
Harbiy qism tavsiyanomasiga ega boʻlgan abituriyentlar
ROʻYXATI
7-ILOVA
Ijodiy imtihon ballari
8-ILOVA
Abituriyentlar roʻyxati
9-ILOVA Old tomoni
9-ILOVA Orqa tomoni
10-ILOVA Old tomoni
10-ILOVA Orqa tomoni
11-ILOVA
12-ILOVA
Test sinovi oʻtkaziladigan binolarda qurʼa tashlash bilan auditoriya rahbarlari va kuzatuvchilarini auditoriyalarga taqsimlash
BAYoNNOMASI
13-ILOVA
14-ILOVA Old tomoni
14-ILOVA Orqa tomoni
15-ILOVA
16-ILOVA
17-ILOVA
(Oʻzbekiston Respublikasi vazirliklari, davlat qoʻmitalari va idoralarining meʼyoriy hujjatlari axborotnomasi, 2002-y., 11-12-son)
