Milliy statistika tizimi mutaxassislari malakasini oshirish hamda sohaga raqamli texnologiyalarni joriy etishni yanada jadallashtirish orqali yuqori samaradorlikka erishish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (PQ-103-son)
13.03.2026
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 24-fevraldagi “Statistika ishlarini tashkil etish va yuritish tizimini yangi bosqichga olib chiqish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-27-son Farmoni ijrosini taʼminlash, shuningdek, milliy statistika tizimini zamon talablari asosida yanada takomillashtirish maqsadida qaror qilaman:
I. Asosiy maqsadlar
1. Quyidagilar ushbu qarorning asosiy maqsadlari etib belgilansin:
(a) milliy statistika tizimi mutaxassislari malakasini oshirishda oʻqitishning zamonaviy shakl va texnologiyalarini joriy etish va xorijiy tajriba asosida statistika uslubiyotini takomillashtirish;
(b) har ikki yilda 3 ming nafar milliy statistika tizimi mutaxassislarini oʻqitib borish imkonini yaratish;
(v) yashirin va kreativ iqtisodiyotni baholash maqsadida statistika metodologiyasini takomillashtirish;
(g) milliy statistika tizimini raqamlashtirishni jadallashtirish, innovatsion yechimlarni qoʻllagan holda koʻrsatilayotgan raqamli xizmatlar hajmini 2 barobarga oshirish.
II. Milliy statistika tizimida mutaxassislar malakasini oshirish va tadqiqotlar olib borish tizimini takomillashtirish
2. Milliy statistika qoʻmitasining Kadrlar malakasini oshirish va statistik tadqiqotlar instituti (keyingi oʻrinlarda — Institut) faoliyatining ustuvor yoʻnalishlari va ularni amalga oshirish boʻyicha vazifalar 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Belgilansinki, 2026-yil 1-apreldan boshlab Institutda:
(a) vazirlik va idoralarning maʼmuriy maʼlumotlarini yuritish, statistika uslubiyotlarini ishlab chiqish va ochiq maʼlumotlar portali bilan ishlashga masʼul boʻlgan xodimlari uchun har ikki yilda shartnoma asosida 48 soatgacha boʻlgan malaka oshirish kurslari;
(b) statistika hisobotlarini taqdim etuvchi subyektlar, jumladan, tadbirkorlik subyektlari uchun zarur amaliy koʻnikmalarni rivojlantirish boʻyicha oʻquv kurslari tashkil etiladi.
4. Kadrlar malakasini oshirish va statistik tadqiqotlar instituti huzurida yuridik shaxs tashkil etmagan holda Tadqiqotlarni qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirish jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma) tashkil etilsin va uni moliyalashtirish manbalari hamda mablagʻlaridan foydalanish yoʻnalishlari 2 va 3-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.
5. Milliy statistika qoʻmitasi, Iqtisodiyot va moliya vazirligining quyidagi takliflariga rozilik berilsin:
(a) Institut tomonidan Jahon banki koʻmagida respublikada yashirin va kreativ iqtisodiyot ulushini statistik baholash metodikasini takomillashtirish va baholash natijalarini eʼlon qilib borish;
(b) ushbu yoʻnalishda ishlarni tashkil etish uchun Milliy statistika qoʻmitasi shtat birliklari doirasida Institutga qoʻshimcha 6 ta shtat birligi ajratish;
(v) Institut tomonidan oʻquv jarayoniga professor-oʻqituvchilar hamda soha boʻyicha mutaxassislarni mehnatiga soatbay (kunbay, ishbay) haq toʻlagan holda qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda jalb etish.
6. Milliy statistika qoʻmitasi Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan birgalikda 2026-yil 1-sentabrga qadar malaka oshirish jarayonlarini avtomatlashtirish uchun “Maʼlumotlar va tahlil ilmi” raqamli taʼlim platformasini (keyingi oʻrinlarda — Platforma) joriy etsin.
7. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:
(a) Platforma Jahon banki bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan “Oʻzbekistonda statistika tizimi salohiyatini mustahkamlash” loyihasi doirasida yaratiladi;
(b) Platforma operatori Institut hisoblanadi;
(v) Platformani saqlash xarajatlari Milliy statistika qoʻmitasining budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan qoplanadi.
III. Milliy statistika tizimida raqamli xizmatlar koʻrsatishda yangicha yondashuvlarni tatbiq etish
8. Milliy statistika tizimini raqamlashtirish hamda sohada zamonaviy xizmatlarni joriy etish maqsadida Milliy statistika qoʻmitasi huzurida masʼuliyati cheklangan jamiyat shaklidagi “Raqamli statistika markazi” — Digitstat (keyingi oʻrinlarda — Markaz) tashkil etilsin.
9. Belgilansinki:
(a) Markaz statistika sohasida raqamlashtirish yoʻnalishida faoliyat koʻrsatuvchi yagona integrator hisoblanadi;
(b) Markaz 4-ilovaga muvofiq vazifalarni bajaradi.
IV. Qaror ijrosini tashkil etish, taʼminlash va nazorat
10. Belgilab qoʻyilsinki, Milliy statistika qoʻmitasida raqamli texnologiyalarni rivojlantirish va ularni qoʻllab-quvvatlash xarajatlari uchun mablagʻlar Davlat budjetidan 2026-yilda Statistika dasturi doirasida, keyingi yillarda Milliy statistika qoʻmitasining asoslantirilgan talabnomasiga koʻra ajratiladi.
11. Quyidagilar:
(a) Milliy statistika qoʻmitasining Kadrlar malakasini oshirish va statistik tadqiqotlar instituti faoliyatini takomillashtirish boʻyicha chora-tadbirlar rejasi 5-ilovaga muvofiq;
(b) Milliy statistika qoʻmitasining Kadrlar malakasini oshirish va statistik tadqiqotlar instituti xodimlari mehnatiga haq toʻlash va ustama belgilash tartibi 6-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga 7-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
13. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlari 8-ilovaga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
14. Qaror ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsan javobgar etib Milliy statistika qoʻmitasi raisi B.S. Hamrayev belgilansin.
15. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish Bosh vazir oʻrinbosari J.A. Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2026-yil 13-mart,
PQ-103-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 13-martdagi PQ-103-son qaroriga 1-ILOVA
Milliy statistika qoʻmitasining Kadrlar malakasini oshirish va statistik tadqiqotlar instituti faoliyatining ustuvor yoʻnalishlari va ularni amalga oshirish boʻyicha
VAZIFALAR
1. Xalqaro ilgʻor tajriba asosida milliy ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish ustuvorliklariga mos ilmiy va amaliy statistik tadqiqotlarni olib borish, zamonaviy tahlil usullarini joriy etish orqali hudud va sohalar kesimida maʼlumotlarga asoslangan tahlillar tayyorlash.
2. Yashirin iqtisodiyot va kreativ iqtisodiyotni baholash uslubiyotini takomillashtirish hamda davriy ravishda ularning iqtisodiyotdagi ulushini hisoblash va natijalarini eʼlon qilib borish.
3. Ilmiy tadqiqot va innovatsiyalarni kengaytirish, jumladan, sunʼiy intellekt (AI) va katta hajmdagi maʼlumotlar (Big Data) asosida maʼlumotlarning sifati va ishonchliligini oshirish boʻyicha tadqiqotlar olib borish.
4. Statistik maʼlumotlarni muqobil manbalar, jumladan, sunʼiy yoʻldosh va dron orqali olingan tasvirlar, mobil va bank tizimi maʼlumotlari hamda boshqa maʼmuriy maʼlumotlardan foydalangan holda yuritish usullarini joriy etish boʻyicha tadqiqotlar oʻtkazish.
5. Statistika organlari hamda vazirlik va idoralar soha mutaxassislarini qayta tayyorlash, malakasini oshirish va bilimlarini baholab borishning uzluksiz tizimini yaratish.
6. Iqtisodiyot sohalari va tarmoqlarida statistikani shakllantirishning oʻziga xosligini hisobga olgan holda, maxsus taʼlim modullarini joriy etish.
7. Aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olish natijalarini tizimli va chuqur tahlil qilish maqsadida deskriptiv va prediktiv statistik tahlil usullarini ishlab chiqish.
8. Davlat organlari uchun tahlillarga asoslangan qarorlar qabul qilish, qarorlar taʼsirini baholash va raqamlarga asoslangan boshqaruv (evidence-based policy) boʻyicha ixtisoslashgan oʻquv dasturlarini joriy etish.
9. Mahalliy va xorijiy olim va mutaxassislarni jalb qilgan holda oliy taʼlim muassasalarida iqtisodiyot, ijtimoiy soha va hududlar statistikasiga oid metodologik va oʻquv qoʻllanmalarni ishlab chiqish.
10. Institut faoliyati doirasida nashr etilayotgan elektron va bosma materiallar, shu jumladan, ilmiy maqolalar, tahliliy hisobotlar va statistik byulletenlar sifati va mazmunini doimiy ravishda takomillashtirib borish.
11. Statistika organlari xodimlari faoliyati samaradorligini baholash (KPI) tizimini ishlab chiqish va joriy etish xodimlarning ish faoliyati natijadorligini aniq, oʻlchovli va shaffof koʻrsatkichlar asosida baholashga qaratilgan zamonaviy KPI tizimini shakllantirish va yuritish.
12. Statistika kasbining nufuzini oshirish va inson kapitalini rivojlantirish maqsadida yosh mutaxassislarni statistika sohasiga jalb etish, xodimlarni ragʻbatlantirishning meritokratik mexanizmlarini joriy etish hamda uzluksiz kasbiy rivojlanish tizimini shakllantirish orqali yuqori malakali kadrlar tarkibini shakllantirish.
13. Interaktiv va raqamli taʼlim platformasini joriy etish orqali masofaviy, raqamlashgan va gibrid taʼlimni yoʻlga qoʻyish hamda elektron repozitoriy va malaka hujjatlarini raqamlashtirish.
14. Xalqaro hamkorlikni kengaytirish va qoʻshma taʼlim dasturlarini joriy etish, zamonaviy statistika uslubiyotlarini ishlab chiqish va xalqaro standartlarga moslashtirish.
15. Ilmiy tadqiqot tashkilotlari, akademik muassasalar va tahlil markazlari bilan hamkorlik aloqalarni kengaytirib borish hamda qoʻshma tadqiqot va loyihalarni amalga oshirish.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 13-martdagi PQ-103-son qaroriga 2-ILOVA
Kadrlar malakasini oshirish va statistik tadqiqotlar instituti huzuridagi Tadqiqotlarni qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirish jamgʻarmasini moliyalashtirish manbalari
1. Davlat budjetidan har yili Institutning bir yillik mehnatga haq toʻlash jamgʻarmasining 40 foizi miqdorida ajratiladigan mablagʻlar.
2. Xalqaro grantlar, jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari.
3. Jismoniy va yuridik shaxslarga tijorat xizmatlarini koʻrsatishdan olinadigan daromadlar.
4. Qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 13-martdagi PQ-103-son qaroriga 3-ILOVA
Kadrlar malakasini oshirish va statistik tadqiqotlar instituti huzuridagi Tadqiqotlarni qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirish jamgʻarmasi mablagʻlaridan foydalanish
YOʻNALISHLARI
1. Tadqiqot va oʻquv kurslarini tashkil etish uchun jalb qilingan mahalliy va xorijiy mutaxassislar mehnatiga haq toʻlash.
2. Milliy statistika tizimi xodimlarining kasbiy salohiyati va amaliy koʻnikmalarini oshirish maqsadida xorijiy taʼlim va statistika muassasalarida stajirovkalarni tashkil etish.
3. Tadqiqot loyihalarini amalga oshirish.
4. Hududlarga chiqqan holda tanlanma kuzatuvlar va sinov tadqiqotlarini amalga oshirish.
5. Elektron va bosma nashrlarni zamonaviy talablarga muvofiq tayyorlash va tarqatish.
6. Institut xodimlari tomonidan tayyorlangan ilmiy maqolalarni yuqori reytingli xorijiy nashrlarda chop etish.
7. Institutning elektron kutubxona fondini zamonaviy kitoblar, ilmiy nashrlar, elektron qoʻllanmalar, tadqiqot materiallari va ilmiy maʼlumotlar bilan toʻldirish.
8. Institutning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, jumladan, veb-saytini yaratish va yuritish.
9. Institut xodimlarini moddiy qoʻllab-quvvatlash maqsadida har oylik mehnatga haq toʻlash fondining 100 foizigacha miqdorda ustamalar, mukofotlar, moddiy yordamlar va boshqa ragʻbatlantiruvchi toʻlovlar toʻlash.
10. Institut faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan boshqa tadbirlarni amalga oshirish.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 13-martdagi PQ-103-son qaroriga 4-ILOVA
Milliy statistika qoʻmitasi huzuridagi “Raqamli statistika markazi” — Digitstat masʼuliyati cheklangan jamiyati
VAZIFALARI
1. Milliy statistika tizimini raqamlashtirish, sunʼiy intellekt (AI) va katta hajmdagi maʼlumotlar (Big Data) asosida zamonaviy raqamli yechimlarni ishlab chiqish va joriy etish.
2. Statistik maʼlumotlarni taqdim etishning my.stat.uz portalini va geofazoviy portalini yaratish orqali sohada raqamli xizmatlar ulushini yanada oshirish.
3. Buyurtmaga muvofiq “Survey as a Service” modeli va autsorsing asosida statistik kuzatuvlar, ijtimoiy va marketing tadqiqotlar, elektron soʻrovnomalar oʻtkazish xizmatini koʻrsatish.
4. Qonunchilik hujjatlari doirasida statistik va idoraviy registrlarni yaratish, integratsiya qilish va ularni takomillashtirib borish.
5. Tadqiqotchilar va boshqa turdagi foydalanuvchilar uchun belgilangan tartibda egasizlantirilgan mikro darajadagi maʼlumotlarni raqamli taqdim etish xizmatlarini yoʻlga qoʻyish.
6. Yuridik va jismoniy shaxslar bilan tuziladigan shartnoma asosida statistik, konsalting, tahliliy, axborot va noshirlik xizmatlar koʻrsatishni rivojlantirish.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 13-martdagi PQ-103-son qaroriga 5-ILOVA
Milliy statistika qoʻmitasining huzuridagi Kadrlar malakasini oshirish va statistik tadqiqotlar instituti faoliyatini takomillashtirish boʻyicha
CHORA-TADBIRLAR REJASI
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 13-martdagi PQ-103-son qaroriga 6-ILOVA
Milliy statistika qoʻmitasining Kadrlar malakasini oshirish va statistik tadqiqotlar instituti xodimlari mehnatiga haq toʻlash va ustama belgilash
TARTIBI
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 13-martdagi PQ-103-son qaroriga 7-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 24-fevraldagi “Oʻzbekiston Respublikasi Milliy statistika qoʻmitasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-75-son qarori 3-bandining “v” kichik bandidagi “tuman (shahar) boʻlimlari binolarini” soʻzlari “binolarni” soʻzi bilan almashtirilsin.
2. Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 17-avgustdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Milliy statistika qoʻmitasining Kadrlar malakasini oshirish va statistik tadqiqotlar instituti faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 686-son qarori qoʻyidagi mazmundagi 81-band bilan toʻldirilsin:
“81. Iqtisodiyot va moliya vazirligi Institutga 2 ta, shu jumladan, 1 ta xizmat va 1 ta navbatchi yengil avtotransport vositasini saqlash uchun limit ajratsin”.
3. Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 20-noyabrdagi 612-son qarori bilan tasdiqlangan Jismoniy va yuridik shaxslarga maʼlumotnomalar berish boʻyicha davlat xizmatlarini koʻrsatishning yagona maʼmuriy reglamentida:
(a) 22-ilovada:
(i) 5-pozitsiyaning ikkinchi ustuni birinchi xatboshisidagi “0,08” raqami “2,0” raqami bilan almashtirilsin;
(ii) 6-pozitsiyaning ikkinchi ustuni quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Oʻn ish kuni (toʻrt ish kunidan oshmagan muddatda soʻrovnomaga koʻra maʼlumotning mavjudligi va qiymatini maʼlum qiladi hamda toʻlov amalga oshirilgandan soʻng olti ish kunidan oshmagan muddatda soʻralgan maʼlumotlarni taqdim etadi)”;
(b) 23-ilovaning 5-pozitsiyasi ikkinchi ustuni birinchi — toʻrtinchi xatboshilari quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“KTYADR bazasidan har bir tashkilot boʻyicha taqdim etiladigan maʼlumotlar uchun:
tashkilot soni 100 tagacha boʻlganda, BHMning 2,0 foizi miqdorida;
tashkilot soni 100 tadan 10 000 tagacha boʻlganda, BHMning 1,0 foiz miqdorida;
tashkilot soni 10 000 tadan ortiq boʻlganda, BHMning 0,5 foizi miqdorida”.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 13-martdagi PQ-103-son qaroriga 8-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz kuchini yoʻqotgan deb eʼtirof etilayotgan ayrim qarorlari
ROʻYXATI
1. Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 17-avgustdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Milliy statistika qoʻmitasining Kadrlar malakasini oshirish va statistik tadqiqotlar instituti faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 686-son qarorining 9-bandi.
2. Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 24-fevraldagi “Oʻzbekiston Respublikasi Milliy statistika qoʻmitasining Kadrlar malakasini oshirish va statistik tadqiqotlar instituti faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 106-son qarori.
3. Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 6-oktabrdagi “Rasmiy statistika faoliyatini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni tizimlashtirish toʻgʻrisida”gi 627-son qaroriga 3-ilovaning 94-bandi.
