Ipakchilik sohasini yangi tizim asosida rivojlantirish hamda ozuqa bazasini mustahkamlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida (PQ-87-son)
06.03.2026
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
qarori
Respublikada ipakchilikni yanada rivojlantirish, ipak qurtini parvarishlash, ozuqa bazasini mustahkamlash, pilla yetishtirish jarayonlarini takomillashtirish hamda ipakchilik korxonalari quvvatlarini oshirish hisobiga aholi bandligini taʼminlash maqsadida qaror qilaman:
I. Asosiy maqsadlar
1. Quyidagilar 2030-yilgacha ipakchilik sohasini rivojlantirish hamda ozuqa bazasini mustahkamlashning asosiy maqsadli koʻrsatkichlari etib belgilansin:
(a) respublikada tirik pilla yetishtirishni 2026-yilda 30 ming tonnadan 2030-yilda 36 ming tonnaga yetkazish;
(b) eksport hajmini 2026-yilda 120 million AQSH dollaridan 2030-yilda 300 million AQSH dollariga yetkazish;
(v) 200 million tup tut koʻchatlari ekish orqali ozuqa bazasini 45 foizga oshirish;
(g) pillani chuqur qayta ishlash darajasini 2026-yilda 30 foizga va 2030-yilda 75 foizga yetkazish;
(d) har yili aholini kamida 500 ming mavsumiy va 50 ming doimiy ish oʻrinlari bilan taʼminlash.
2. Ipakchilik sanoatini rivojlantirishning 2026 va 2030-yillarga moʻljallangan maqsadli koʻrsatkichlari 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
II. Pilla yetishtirishda aholi manfaatdorligini oshirish va xomashyoni chuqur qayta ishlashni ragʻbatlantirish
3. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq 2026-yil 1-apreldan boshlab Kambagʻallikni qisqartirish davlat maqsadli jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan:
(a) pilla yetishtiruvchilarga (ipak qurti boquvchi va kasanachilarga) “mahalla yettiligi”ning kollegial qarori asosida pillachilik klasteri haqiqatda pilla uchun toʻlab bergan mablagʻlarning 35 foizi miqdorida subsidiya ajratiladi;
(b) Oʻrmon va yashil hududlarni koʻpaytirish, choʻllanishga qarshi kurashish agentligi (keyingi oʻrinlarda — Oʻrmon agentligi) balansidagi yer maydonlarida tashkil etiladigan tutzorlarda pilla kooperativi tuzish maqsadlari uchun ushbu kooperativ aʼzosi hisoblanadigan kambagʻal oilalarga (bitta oilaning bir nafar aʼzosiga faqat bir marta) 4 million soʻmdan subsidiya ajratiladi;
(v) ipak qurtini parvarishlashda zarur boʻladigan asbob-uskuna va jihozlarni xarid qilish uchun kasanachilarga 3 yil muddatga bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravarigacha miqdorda foizsiz ssuda ajratiladi;
(g) urugʻchilik korxonalariga ipak qurti urugʻlarini tayyorlash faoliyatiga jalb etiladigan har bir mavsumiy ishchi oylik ish haqining 50 foizi, biroq mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining ikki baravaridan oshmagan qismi kompensatsiya qilib beriladi.
4. Belgilansinki:
(a) ipakchilik sanoati korxonalariga pillachilik klasteri maqomini berish va bekor qilish mazkur qarorning 2-ilovasiga muvofiq mezonlar asosida Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan tartibda amalga oshiriladi;
(b) “Oʻzbekipaksanoat” uyushmasi (keyingi oʻrinlarda — Uyushma) pillachilik klasterlari reyestrini yuritadi va ushbu reyestr Uyushmaning rasmiy veb-saytida doimiy ravishda eʼlon qilinib boriladi.
5. Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi (keyingi oʻrinlarda — Agentlik) Uyushma bilan birgalikda pillani sanoat usulida yetishtirish hajmini oshirish maqsadida 2026 — 2028-yillarda pillachilik klasterlari tomonidan 3-ilovaga muvofiq qurtxonalar qurilishini tashkil qilsin.
Bunda qurtxonalarni qurish uchun Yengil sanoatni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma)dan pillachilik klasterlariga tijorat banklari orqali milliy valyutada yillik 14 foiz stavkada (shundan 4 foiz bank marjasi) 5 yil muddatgacha kredit mablagʻlari ajratilishi belgilansin.
III. Imtiyozlar
6. Agentlik, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Uyushmaning quyidagi takliflari maʼqullansin:
(a) 2026-yil 1-yanvardan 2029-yil 1-yanvarga qadar:
(i) pillachilik klasterlarining pilla yetishtirish va saqlash uchun foydalaniladigan bino va inshootlarini mol-mulk soligʻidan hamda ular egallagan yer uchastkalarini yer soligʻidan ozod qilish;
(ii) ipakchilik faoliyatidan (sertifikat asosida “4 A” va undan yuqori sifatdagi xom ipak, ipak momigʻi, ipak kalavasi, ipak mato, ipakdan tayyor mahsulotlar uchun) olgan daromadlari joriy hisobot (soliq) davri yakunlari boʻyicha jami daromadining kamida 70 foizini tashkil etgan ipakchilik korxonalariga foyda soligʻi stavkasini 2 foiz miqdorida belgilash;
(iii) ipak mato va ipakdan tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishni joriy qilgan korxonalar uchun ijtimoiy soliqni 1 foiz stavkada belgilash. Bunda ushbu imtiyoz har oyda oʻrtacha ish haqi miqdori mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining ikki baravaridan kam boʻlmagan miqdorda hisoblangan va ushbu mahsulotlarni ishlab chiqarish faoliyatidan olgan daromadlari joriy hisobot (soliq) davri yakunlari boʻyicha jami daromadining kamida 60 foizini tashkil etgan korxonalarga taqdim etiladi;
(b) ipak qurti urugʻlarini tayyorlash va qurtxonalarda pilla yetishtirish boʻyicha mavsumiy ishlarga jalb qilingan aholining mazkur faoliyatdan olgan daromadini jismoniy shaxslardan olinadigan daromad va ijtimoiy soliqlarning soliqqa solish obyekti sifatida hisoblamaslik.
Agentlik ikki oy muddatda Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Soliq qoʻmitasi va Uyushma bilan birgalikda mazkur bandda nazarda tutilgan imtiyozlarni qoʻllash boʻyicha Soliq kodeksiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisidagi qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
IV. Moliyaviy resurslar
7. Ipakchilik sohasi korxonalari uchun moliyaviy qoʻllab-quvvatlash choralari 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
8. Iqtisodiyot va moliya vazirligi mazkur qarorning:
(a) 5-bandi va 4-ilovasi 1-bandi “a” kichik bandining ikkinchi xatboshisida nazarda tutilgan moliyaviy resurslar uchun Agentlik soʻroviga asosan 2026-yilda Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetidan 5 yil muddatda toʻliq qaytarish sharti bilan Markaziy bank asosiy stavkasining 50 foizi miqdoridagi foiz stavkasida 60 milliard soʻm budjet ssudasi ajratilishini taʼminlasin va kelgusi yillarda ushbu shartlarda ssuda ajratilishini budjet parametrlarini shakllantirishda nazarda tutsin;
(b) 3-bandida nazarda tutilgan qoʻllab-quvvatlash choralari uchun Agentlik va Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligining hisob-kitoblariga asosan 2026-yilda Davlat budjetidan qoʻshimcha mablagʻlar ajratsin va kelgusi yillarda budjet parametrlarini shakllantirishda zarur mablagʻlarni nazarda tutsin.
9. Agentlik, Qishloq xoʻjaligi vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligining sobiq Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qoʻmitasi tugatilishi munosabati bilan boʻshagan uning budjetdan tashqari shaxsiy gʻazna hisobvaragʻidagi 10 milliard soʻm qoldiq mablagʻlarini tirik pilla yetishtirishda foydalaniladigan sunʼiy qutilar va dastalarni xarid qilish hamda shartnoma asosida muddatli toʻlov sharti bilan pillachilik sohasidagi xoʻjalik yurituvchi subyektlarga yetkazib berishni tashkil qilish uchun Uyushmaning bank hisobvaragʻiga oʻtkazib berish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
10. Agentlik hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligining mazkur qaror bilan belgilangan ipakchilik sohasini rivojlantirishning asosiy maqsadli koʻrsatkichlariga erishishda Uyushma ishtirokini yanada kengaytirish boʻyicha quyidagi takliflari maʼqullansin:
(a) Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan 2026 — 2028-yillarda Uyushmaga har yili 5 milliard soʻm miqdorida grant mablagʻlarini ajratib borish;
(b) Jamgʻarma tomonidan ajratilgan grant mablagʻlari hisobidan Uyushma, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlardagi “Agropilla” MCHJning joriy xarajatlarini, shuningdek, yangi tutzorlarni barpo etish, tut qatorlarini kengaytirish, mavjud tutzorlarni va yakka qator tut daraxtlari saqlanishini monitoring qilish, pilla yetishtirish va tayyorlash jarayonlarini tashkil qilish hamda mazkur qaror bilan yuklatilgan vazifalar ijrosini taʼminlash bilan bogʻliq xarajatlarini moliyalashtirish.
V. Ipakchilik sohasida ozuqa bazasini mustahkamlash
11. Quyidagilar:
(a) Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda 2026 — 2030-yillarda ipak qurti ozuqa bazasini mustahkamlash, yangi tutzorlar barpo qilish, yakka qator tut koʻchatlarini ekish va eskirgan tutzorlarni rekonstruksiya qilishning maqsadli koʻrsatkichlari 5, 5a, 5b va 5v-ilovalarga muvofiq;
(b) Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda 2026 — 2030-yillarda ipak qurti parvarishlash va pilla xomashyosi (tirik pilla) yetishtirishning maqsadli koʻrsatkichlari 6 va 6a-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.
12. Oʻrmon agentligi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamda Agentlik bilan birgalikda 2026 — 2030-yillarda Oʻrmon agentligi balansidagi 3 ming gektar yer maydonida tutzorlar tashkil etib, pilla yetishtirish uchun 6 ming kambagʻal oilaga, jumladan, 2026-yilda 2 ming gektari 4 ming oilaga 10 yil muddatga oilaviy pudrat shartnomasi asosida bepul ijaraga berilishini taʼminlasin.
13. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bir oy muddatda mazkur qarorning 7-ilovasiga muvofiq tumanlarning togʻ oldi hududlaridagi yaylov va oʻrmon fondi yerlarida ilgʻor xorijiy tajriba asosida tut plantatsiyalarini tashkil qilish maqsadida iqlim sharoiti ipak qurti ozuqasiga mos boʻlgan kamida 100 gektardan yer maydonlarini tanlab, ularning konturlarini aniq belgilagan holda takliflarini Agentlikka kiritsin.
14. Agentlik Qishloq xoʻjaligi vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda xorijiy konsultantlarni jalb qilib, mazkur qarorning 7-ilovasiga muvofiq tumanlarda tanlab olingan yer maydonlarida sanoatlashgan tutzorlarni tashkil etish va pillani chuqur qayta ishlash zanjirlarini toʻliq qamrab oladigan namunaviy pillachilik klasterlarini mahalliy tadbirkorlik subyektlari, hunarmandlar va xorijiy investorlar bilan birgalikda amalga oshirish boʻyicha takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
15. Belgilab qoʻyilsinki:
(a) tomchilatib sugʻorish tizimini joriy etish xarajatlari uchun yangidan tashkil etilgan tutzorlarning har bir gektariga Agrar sohada toʻlovlar agentligi tomonidan 8 million soʻmgacha subsidiya taqdim etiladi;
(b) maydoni 2 va undan ziyod gektardagi tutzorlarga vertikal sugʻorish quduqlarini burgʻilash va ishga tushirish, kanallar va boshqa suv havzalaridan suvni tortish uchun nasos stansiyasi va suv inshootlarini yangidan qurish va rekonstruksiya qilish bilan bogʻliq xarajatlarning 100 foiziga, biroq 150 million soʻmdan oshmaydigan miqdorda Dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari faoliyatini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasidan subsidiya taqdim etiladi;
(v) mavjud tutzorlarni Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, tuman hokimliklari tomonidan olib qoʻyish hamda ular joylashgan yer uchastkalarining yer fondi toifasini oʻzgartirish qatʼiy taqiqlanadi.
16. Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 12-yanvardagi “Respublikada ipakchilik tarmogʻini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-3472-son qarori asosida “Toshkent agro-pilla” MCHJga Toshkent viloyati Oʻrta Chirchiq tumani “Xalqobod” MFY hududidan ajratilgan yer maydonlarining 446, 447 va 448-konturlaridan 5,7 gektar tutzor yer maydonlarini Ipakchilik ilmiy-tadqiqot institutiga tut daraxtlari jahon kolleksiyasini saqlash, koʻpaytirish va tutchilikda seleksiya ishlarini olib borish maqsadida ijara huquqi asosida ajratib berilishini taʼminlasin.
VI. Ipakchilik sohasida urugʻchilikni rivojlantirish
17. Uyushma Ipakchilik ilmiy-tadqiqot instituti bilan birgalikda Fargʻona va Xorazm viloyatlarida ipak qurti naslli urugʻchilik stansiyalarini 2026-yilning 1-dekabriga qadar toʻliq ishga tushirib, respublikaning ipak qurti elita urugʻlariga boʻlgan talabining 2028-yil pilla mavsumida 50 foizini, 2030-yilda toʻliq qoplanishini taʼminlasin.
18. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi Agentlik bilan birgalikda 2030-yilga qadar har yili iyul oyida quyidagi yoʻnalishlarda fundamental, ilmiy-amaliy va innovatsion loyihalar tanlovlarini eʼlon qilib borsin va grantlar ajratsin:
(a) ipak qurtining ingichka tola beruvchi va kasallikka chidamli yangi zot va duragaylarini, super elita va elita birlamchi urugʻchiligini rivojlantirish, ipak qurti zararkunandalari va kasalliklariga qarshi kurashish;
(b) ipakchilikda molekulyar genetika va biotexnologiya, pillachilikka innovatsion texnologiyalarni joriy etish, ipakni chuqur qayta ishlash boʻyicha texnologik jarayonlarni takomillashtirish, sohadagi mavjud muammolarga ilmiy yechim topish.
19. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi Agentlik, Fanlar akademiyasi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi hamda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi bilan birgalikda 2026-2027-yillarda Ipakchilik ilmiy-tadqiqot institutida molekulyar genetika laboratoriyasini tashkil etish va uni moliyalashtirishga grantlar jalb qilish choralarini koʻrsin.
VII. Ipakchilik sohasini raqamlashtirish va innovatsion texnologiyalarni joriy qilish
20. Raqamli texnologiyalar vazirligi Uyushma bilan birgalikda 2026-yil 1-sentabrga qadar “pillachilik.uz” elektron platformasini (keyingi oʻrinlarda — Platforma) ishga tushirsin. Bunda:
(a) mavjud tutzorlar yer maydonlari, pilla yetishtiruvchi va qayta ishlovchi korxonalar roʻyxati, maqsadli koʻrsatkichlar va tuzilgan shartnomalar, ipak qurti urugʻining tarqatilishi hamda pilla hosilini qabul qilish jarayonlari (tarozi va kuzatuv kamerasini oʻrnatgan holda) Platformada aks ettirib boriladi;
(b) Platforma doirasida pilla yetishtirish agrotexnikasi qoidalari toʻgʻrisida oʻquv qoʻllanmalar va mediakontentlarni oʻz ichiga olgan mobil ilova ishlab chiqiladi;
(v) Platforma hamda mobil ilovani ishga tushirish bilan bogʻliq xarajatlar Agentlik mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladi.
VIII. Qaror ijrosini tashkil etish, taʼminlash va nazorat
21. Quyidagilar:
(a) mazkur qarorning 5, 5a, 5b va 5v-ilovalarga belgilangan maqsadli koʻrsatkichlar bajarilishini taʼminlash boʻyicha:
(i) qishloq xoʻjaligi ekinlari joylashtirilgan dala chetlarida tut koʻchatlari ekilishi va yangi tutzorlar barpo qilishga Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari;
(ii) mavjud tutzorlarni rekonstruksiya qilish va ularga yangi tut koʻchatlarini ekishga Uyushma va uning tarkibidagi pillachilik klasterlari;
(iii) “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida tut koʻchatlarini ekish boʻyicha Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi;
(iv) Oʻrmon fondi yerlarida yangi tutzorlar barpo qilishga Oʻrmon agentligi masʼul hisoblanadi;
(b) mazkur qarorning 6 va 6a-ilovalariga muvofiq pilla yetishtirishning maqsadli koʻrsatkichlarining bajarilishiga Uyushma va uning tarkibidagi pillachilik klasterlari hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va tumanlar hokimliklari masʼul hisoblanadi;
(v) pilla yetishtirishda “mahalla yettiligi” tegishli hududlarda pilla yetishtirish uchun qurt boquvchilarni aniqlaydi, qurtlarni yetkazib berishga koʻmaklashadi va haqiqatda topshirilgan pilla hajmidan kelib chiqqan holda mazkur qarorning 3-bandi “a” kichik bandida nazarda tutilgan subsidiyalar ajratilishini nazorat qiladi;
(g) xom ashyoni qayta ishlash va tayyor mahsulot ishlab chiqarish hajmlarini oshirish, shuningdek, korxonalarni belgilangan tartibda moliyaviy qoʻllab-quvvatlash choralarini koʻrib borish boʻyicha Agentlik masʼul hisoblanadi.
22. Ipakchilik sohasini yangi tizim asosida rivojlantirish hamda ozuqa bazasini mustahkamlash boʻyicha belgilangan vazifalarni amalga oshirishga doir chora-tadbirlar dasturi 8-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
23. Agentlik mazkur qaror bilan belgilangan vazifa va topshiriqlarni, shu jumladan, pilla xomashyosi ozuqa bazasini koʻpaytirish, pilla yetishtirish, xomashyoni qayta ishlash va tayyor mahsulot ishlab chiqarishgacha boʻlgan jarayonlarni muvofiqlashtirsin va amalga oshirilgan ishlar yuzasidan har chorak yakuni bilan Vazirlar Mahkamasiga axborot kiritib borsin.
24. Qaror ijrosini nazorat qilish, masʼul vazirlik va idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari J.A. Qoʻchqorov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining agrar rivojlanish masalalari boʻyicha maslahatchisi Sh.M. Gʻaniyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2026-yil 6-mart,
PQ-87-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 6-martdagi PQ-87-son qaroriga 1-ILOVA
Ipakchilik sanoatini rivojlantirishning 2026 va 2030-yillarga moʻljallangan
MAQSADLI KOʻRSATKICHLARI
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 6-martdagi PQ-87-son qaroriga 2-ILOVA
Ipakchilik sanoati korxonalariga pillachilik klasteri maqomini berish va bekor qilishning asosiy mezonlari
1. Pillachilik klasteri maqomini berish mezonlari:
(a) pillaga dastlabki ishlov berish quvvatlari (pilla xomashyosini quritish dastgohlari) va ipakchilik mahsulotlarini ishlab chiqarish (xom ipak, ipak momigʻi, ipak kalavasi, ipak mato, tayyor ipakli mahsulotlarni ishlab chiqarish) boʻyicha kamida bitta bosqichning mavjud boʻlishi;
(b) ishlab chiqariladigan mahsulot sifatini aniqlash boʻyicha sinov laboratoriyasi mavjud boʻlishi.
2. Pillachilik klasteri maqomini bekor qilish mezonlari:
(a) pilla yetishtirish boʻyicha tuzilgan shartnomalarga asosan urugʻ tarqatish davri va ipak qurtining boshlangʻich parvarishida pilla yetishtiruvchilarga boʻnak (avans) mablagʻlari hamda yakuniy hisob-kitoblarni belgilangan muddatlarda taʼminlamaslik;
(b) tuman “Agropilla” masʼuliyati cheklangan jamiyatlarida doimiy faoliyat yurituvchi kamida 4 nafardan agronom va 1 nafar raqamlashtirish mutaxassisining mavjud emasligi;
(v) qabul qilingan pilla xomashyosini 1 kalendar yilida toʻliq qayta ishlash taʼminlanmaganligi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 6-martdagi PQ-87-son qaroriga 3-ILOVA
Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda pillachilik klasterlari tomonidan 2026 — 2028-yillarda yangi qurtxonalarni qurishning
MAQSADLI KOʻRSATKICHLARI
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 6-martdagi PQ-87-son qaroriga 4-ILOVA
Ipakchilik sohasi korxonalari uchun moliyaviy qoʻllab-quvvatlash choralari
1. Yengil sanoatni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi resurslari hisobidan:
(a) Pillachilik klasterlariga quyidagi maqsadlarga:
(i) ipak qurti urugʻlarini xarid qilish uchun tijorat banklari orqali yillik 14 foiz stavkada (shundan 4 foiz bank marjasi) 6 oy imtiyozli davr bilan 12 oy muddatgacha milliy valyutada kreditlar ajratiladi;
(ii) pilla xomashyosi xaridi uchun aylanma mablagʻ bilan taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 12-yanvardagi “Mahalliy yengil sanoat korxonalarining xalqaro yetkazib berish zanjirlarida ishtirokini kengaytirish hamda tashqi bozorlarda oʻrnini mustahkamlashga qaratilgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-4-son Farmonining 15-bandi bilan ajratilgan mablagʻlar hisobidan tijorat banklari orqali 6 oylik imtiyozli davr bilan 24 oy muddatgacha yillik 7 foiz stavkada (shundan 2 foiz bank marjasi) kreditlar ajratiladi;
(b) korxonalarning 6 oydan oshmagan muddatga quyidagi xarajatlarining 100 foizi, biroq mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining 25 barobaridan koʻp boʻlmagan qismi qoplab beriladi:
(i) naslli urugʻchilik stansiyalari va ipak qurti urugʻchilik korxonalariga xorijdan bir nafardan malakali urugʻchi, inkubist, ipak qurti seleksioneri mutaxassislari va sohaning yetuk olimlarini jalb qilish;
(ii) pillachilik klasterlariga mahsulot sifatini oshirishga, jumladan, “4 A” va undan yuqori sifatdagi xom ipak, tayyor ipak mahsulotlar ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyishga koʻmaklashadigan bir nafardan xorijiy malakali texnolog, dizayner, injener, marketolog va sifat nazoratchisini jalb qilish.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 3-maydagi “Pilla yetishtirish va ipakchilik sohasida bozor mexanizmlarini joriy qilishni jadallashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-72-son Farmoni bilan ajratilishi belgilangan 15 million AQSH dollari miqdoridagi mablagʻlarning qoldiq qismi Agentlik takliflariga asosan Farmonda belgilangan shartlarda ipakchilik sanoati korxonalariga investitsiya loyihalarini amalga oshirish maqsadlarida 2026 — 2028-yillarda ajratiladi.
3. Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda 2026 — 2030-yillarda ipak qurti ozuqa bazasini mustahkamlash, yangi tutzorlar barpo qilish, yakka qator tut koʻchatlarini ekishning maqsadli koʻrsatkichlarini taʼminlash boʻyicha vazifalarni moliyalashtirish tegishliligi boʻyicha Oʻrmon va yashil hududlarni koʻpaytirish, choʻllanishga qarshi kurashish agentligi mablagʻlari hamda Umummilliy ekologik muammolarni bartaraf etish davlat maqsadli jamgʻarmasi orqali moliyalashtiriladigan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida amalga oshiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 6-martdagi PQ-87-son qaroriga 5-ILOVA
Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda 2026 — 2030-yillarda ipak qurti ozuqa bazasini mustahkamlashning
MAQSADLI KOʻRSATKICHLARI
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 6-martdagi PQ-87-son qaroriga 5a-ILOVA
Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda 2026 — 2030-yillarda yangi tutzorlar barpo qilishning
MAQSADLI KOʻRSATKICHLARI
T/rHudud nomi2026 — 2030-yillarda jamiShundanOʻrmon fondi yerlaridaQoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari tomonidanYangi barpo qilinadigan tutzorlar(gektar)Ekiladigan tut koʻchatlari(ming dona)2026 — 2030-yillarda2026-yil2027-yil2028-yil2029-yil2030-yil2026 — 2030-yillarda2026-yil2027-yil2028-yil2029-yil2030-yilYangi barpo qilinadigan tutzorlar(gektar)Ekiladigan tut koʻchatlari(ming dona)Yangi barpo qilinadigan tutzorlar(gektar)Ekiladigan tut koʻchatlari(ming dona)Yangi barpo qilinadigan tutzorlar(gektar)Ekiladigan tut koʻchatlari(ming dona)Yangi barpo qilinadigan tutzorlar(gektar)Ekiladigan tut koʻchatlari(ming dona)Yangi barpo qilinadigan tutzorlar(gektar)Ekiladigan tut koʻchatlari(ming dona)Yangi barpo qilinadigan tutzorlar(gektar)Ekiladigan tut koʻchatlari(ming dona)Yangi barpo qilinadigan tutzorlar(gektar)Ekiladigan tut koʻchatlari(ming dona)Yangi barpo qilinadigan tutzorlar(gektar)Ekiladigan tut koʻchatlari(ming dona)Yangi barpo qilinadigan tutzorlar(gektar)Ekiladigan tut koʻchatlari(ming dona)Yangi barpo qilinadigan tutzorlar(gektar)Ekiladigan tut koʻchatlari(ming dona)Yangi barpo qilinadigan tutzorlar(gektar)Ekiladigan tut koʻchatlari(ming dona)Yangi barpo qilinadigan tutzorlar(gektar)Ekiladigan tut koʻchatlari(ming dona)Respublika boʻyicha jami8 00031 7503 0003 7502 0002 5002503132503132503132503135 00028 0008804 9289605 3761 0005 6001 2006 7209605 3761.Qoraqalpogʻiston Respublikasi7822 74737546925031331393139313931394072 27875421794448145692513794442.Andijon viloyati5372 508115144779610121012101210124222 365724028044984473106591804493.Buxoro viloyati8443 26133842222528128352835283528355072 8399251698551101568117654985514.Jizzax viloyati5381 77528535619023824302430243024302531 41943241482705128463355482705.Qashqadaryo viloyati1 1024 73833041322027528342834283428347724 3251377691498331548651831 0251498336.Navoiy viloyati4051 7471201508010010131013101310132851 59754305563155731961343563157.Namangan viloyati5111 62428535619023824302430243024302261 26838216432414525457317432418.Samarqand viloyati8433 74122528115018819231923192319236183 4601055881176571246921548651176579.Surxondaryo viloyati6001 95732340321526927342734273427342771 554472645329555311693885329510.Sirdaryo viloyati3951 96856703847565656563391 898643566637268380754196637211.Toshkent viloyati4911 91419224112816016201620162016202991 674512855731860335754185731812.Fargʻona viloyati5731 90630037520025025312531253125312731 531462605229155306683835229113.Xorazm viloyati3771 86456703847565656563201 7945430561341643598044861341
Izoh: Oʻrmon fondi yerlarida yangi tutzorlar barpo etish uchun tut koʻchatlari yaxlit maydonlarda, dala chetlari, ariqlar va suv inshootlari, koʻchatxonalar va yoʻllar atrofida ekilishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 6-martdagi PQ-87-son qaroriga 5b-ILOVA
Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda 2026 — 2030-yillarda yakka qator tut koʻchatlarini ekishning
MAQSADLI KOʻRSATKICHLARI
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 6-martdagi PQ-87-son qaroriga 5v-ILOVA
Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda 2026 — 2030-yillarda eskirgan tutzorlarni rekonstruksiya qilishning
MAQSADLI KOʻRSATKICHLARI
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 6-martdagi PQ-87-son qaroriga 6-ILOVA
Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda 2026 — 2030-yillarda ipak qurti parvarishlash va pilla xomashyosi (tirik pilla) yetishtirishning
MAQSADLI KOʻRSATKICHLARI
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 6-martdagi PQ-87-son qaroriga 6a-ILOVA
Qoraqalpogʻiston Respublikasi hamda viloyatlar tuman va shaharlarida 2026 — 2030-yillarda ipak qurti parvarishlash va pilla xomashyosi (tirik pilla) yetishtirishning
MAQSADLI KOʻRSATKICHLARI
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 6-martdagi PQ-87-son qaroriga 7-ILOVA
Pillachilik komplekslarini tashkil etish maqsadida yirik tut plantatsiyalarini barpo etish imkoniyati mavjud boʻlgan togʻ oldi hududlar roʻyxati
Izoh: Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari tomonidan ushbu roʻyxatga qoʻshimcha tumanlar kiritilishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 6-martdagi PQ-87-son qaroriga 8-ILOVA
Ipakchilik sohasini yangi tizim asosida rivojlantirish hamda ozuqa bazasini mustahkamlash boʻyicha belgilangan vazifalarni amalga oshirishga doir
CHORA-TADBIRLAR DASTURI
