Aholini uy-joy bilan taʼminlash ishlarini jadallashtirish va koʻp kvartirali uylar qurilishini samarali tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (PF-29-son)
24.02.2026
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
[Koʻchirma]
Aholining uy-joy sharoitlarini yaxshilash boʻyicha amalga oshirilayotgan islohotlarni izchil davom ettirish, koʻp kvartirali uylar qurilishini tartibga solish, uy-joylar qurilishini demografik va urbanizatsiya jarayonlari bilan uzviy bogʻliq holda kompleks qurilish tamoyillari asosida amalga oshirish, shuningdek, ipoteka krediti bozorini yanada rivojlantirish maqsadida qaror qilaman:
I. Maqsadlar
1. Quyidagilar ushbu Farmonning asosiy maqsadlari etib belgilansin:
(a) uy-joy qurilishini ragʻbatlantirish va uy-joyga boʻlgan huquqni amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratishga doir konstitutsiyaviy norma talablarini bajarish;
(b) koʻp kvartirali uylar bozorida talabga muvofiq takliflarni mutanosib ravishda oshirib borish;
(v) koʻp kvartirali uylar qurilishida yer ajratish va ruxsat berish tartib-taomillari jarayonlarini oʻz ichiga oluvchi investitsiya-qurilish davrining davomiyligini 1,5 baravargacha qisqartirish;
(g) koʻp kvartirali uylar qurilishida renovatsiya hisobiga quriladigan xonadonlar ulushini 15 foizdan 2040-yilga qadar bosqichma-bosqich 60 foizgacha yetkazish.
II. Koʻp kvartirali uylar qurilishini samarali tashkil etish
2. Quyidagilar:
(a) 2040-yilgacha koʻp kvartirali uylarni foydalanishga topshirishning maqsadli koʻrsatkichlari 1-ilovaga muvofiq;
(b) 2026 — 2028-yillarda koʻp kvartirali uylarni foydalanishga topshirishning maqsadli koʻrsatkichlari 2-ilovaga muvofiq;
(v) 2040-yilgacha boʻlgan davrda urbanizatsiya jarayonlari bilan uzviy bogʻliq holda “Yangi Oʻzbekiston” massivlari barpo etiladigan hududlar roʻyxati 3-ilovaga muvofiq;
(g) 2026-yilda “Yangi Oʻzbekiston” massivlari manzilli roʻyxati va ulardagi koʻp kvartirali uylarning maqsadli koʻrsatkichlari 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:
(a) Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari har yili 1-oktabrga qadar oʻz hududlari kesimida istiqbolli qurilish hajmlari, aholi oʻsishi, uy-joyga boʻlgan ehtiyoj, muhandislik va transport infratuzilmasi holati boʻyicha maʼlumotlarni tahlil qilgan holda koʻp kvartirali uylar qurish boʻyicha takliflarni ishlab chiqib, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligiga taqdim etadi;
(b) Iqtisodiyot va moliya vazirligi Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi bilan birgalikda har yili 15-noyabrga qadar uy-joy qurilishiga oid strategik yoʻnalishlar va sohaviy tahlillar asosida moliyaviy manbalariga aniqlik kiritgan holda respublikada koʻp kvartirali uylarni foydalanishga topshirishning maqsadli koʻrsatkichlari (keyingi oʻrinlarda — Uy-joy dasturi) loyihasini Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qoʻmitasi (keyingi oʻrinlarda — Milliy qoʻmita) hamda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan kelishib, Vazirlar Mahkamasiga kiritadi;
(v) Vazirlar Mahkamasi har yili 1-dekabrga qadar Uy-joy dasturi loyihasini Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritadi;
(g) tasdiqlangan Uy-joy dasturiga, shu jumladan, mazkur Farmonga 2-ilovaga muvofiq bir oy ichida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan 5-ilovadagi namunaviy shaklda kelgusi uch yil uchun tumanlar va shaharlar kesimida koʻp kvartirali uylar qurishning manzilli roʻyxati (keyingi oʻrinlarda — Manzilli roʻyxat) tasdiqlanadi va rasmiy veb-sahifalarida eʼlon qilinadi;
(d) Manzilli roʻyxatga obyektlar birinchi yil uchun aniq loyihalar, ikkinchi va uchinchi yillar uchun istiqbolli loyihalar shaklida nomma-nom kiritiladi.
4. Belgilab qoʻyilsinki:
(a) koʻp kvartirali uylar qurishda urbanizatsiya va kompleks qurilish tamoyillari asosida mavjud imkoniyatlar va resurslarni inobatga olgan holda, renovatsiya loyihalarini amalga oshirishga ustuvorlik beriladi;
(b) Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda “Yangi Oʻzbekiston” massivlari uchun yangi hududlarni tanlab olishning qonunchilikda belgilangan mezonlariga mos keladigan, massiv shaklidagi renovatsiya va kompleks qurilish loyihalariga “Yangi Oʻzbekiston” massivi maqomini berish orqali ularga nisbatan amaldagi tartib-taomillar va moliyalashtirish manbalari tatbiq etiladi;
(v) “Yangi Oʻzbekiston” massivlarining yoʻl-transport va muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmalari loyihalarini ishlab chiqishda qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalari, energiya tejovchi uskunalar, muqobil issiqlik tizimlaridan keng foydalaniladi va “yashil” transport muhiti yaratiladi;
(g) koʻp kvartirali uylar qurilishi uchun loyiha hujjatlarining arxitektura qismini kelishish jarayonida qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi organlari tomonidan aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan tegishli xulosada koʻrsatilmagan yangi asoslar boʻyicha aynan bir xil loyihalarni rad etishga yoʻl qoʻyilmaydi.
5. 2026-yilda “Yangi Oʻzbekiston” va boshqa massivlarda koʻp kvartirali uylarni barpo qilishda ishtirok etadigan qurilish tashkilotlarini aylanma mablagʻlar bilan taʼminlash uchun tijorat banklari tomonidan jami 3,8 trillion soʻm, shu jumladan, “Yangi Oʻzbekiston” massivlari uchun Davlat budjetidan 600 milliard soʻm miqdoridagi mablagʻlar yoʻnaltirilishi inobatga olinsin.
III. Koʻp kvartirali uy-joylar quriladigan yerlarni rejalashtirish
6. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bir oy muddatda “Toshkent Invest kompaniyasi” AJ va “Samarqand Invest kompaniyasi” AJ tajribasi asosida aksiyadorlik jamiyati shaklida 6-ilovaga muvofiq investitsiya kompaniyalarini (keyingi oʻrinlarda — Investitsiya kompaniyalari) tashkil etsin. Bunda:
(a) Investitsiya kompaniyalari tadbirkorlik subyektlari va davlat organlari oʻrtasida koʻprik vazifasini bajaradi;
(b) Investitsiya kompaniyalari tegishli hududda Uy-joy dasturida nazarda tutilgan koʻrsatkichlarga erishilishi, Manzilli roʻyxatga kiritilgan barcha koʻp kvartirali uylar oʻz vaqtida foydalanishga topshirilishi, shuningdek, ustuvor ravishda hududlarda kompleks qurilish loyihalari oʻz vaqtida va samarali amalga oshirilishi uchun masʼul tashkilot sifatida faoliyat yuritadi;
(v) Investitsiya kompaniyalari tegishlicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari hamda Milliy qoʻmitaga hisobdor boʻladi;
(g) Investitsiya kompaniyalari kuzatuv kengashi va ijro organi tarkibi Milliy qoʻmita bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi;
(d) Investitsiya kompaniyalarining kuzatuv kengashi tarkibiga majburiy ravishda kamida bir nafar aʼzo Milliy qoʻmita va/yoki uning huzuridagi Jamoatchilik kengashi vakillari orasidan kiritiladi;
(j) Investitsiya kompaniyalari faoliyati ularning oʻz mablagʻlari, xoʻjalik faoliyatidan va shartnoma asosida xizmatlar koʻrsatishdan oladigan daromadlari, koʻp kvartirali uylar qurilishi uchun yer uchastkalari sotilishidan va infratuzilma toʻlovlaridan tushgan mablagʻlarning bir qismi hisobidan ajratmalar hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa mablagʻlar hisobidan moliyalashtiriladi.
7. Investitsiya kompaniyalari 2026-yildan boshlab har chorakda bir marta tanlangan yer uchastkalarida (keyingi oʻrinlarda — istiqbolli yer uchastkalari) Manzilli roʻyxatdagi istiqbolli loyihalarni amalga oshirish boʻyicha takliflarni quyidagi yer toifalari kesimida hududiy arxitektura-shaharsozlik kengashlariga kelishish uchun kiritib borsin:
(a) 1-toifa — tumanlar va shaharlar davlat hokimiyati organlari tasarrufidagi boʻsh turgan yer uchastkalari;
(b) 2-toifa — xususiylashtiriladigan davlat mulki obyektlari joylashgan yer uchastkalari;
(v) 3-toifa — jismoniy va yuridik shaxslarning oʻz tashabbusiga koʻra ularga tegishli boʻsh turgan yoki qayta ixtisoslashtiriladigan bino va inshootlar joylashgan yer uchastkalari;
(g) 4-toifa — renovatsiya hududlari;
(d) 5-toifa — qonunchilikda belgilangan tartibda yer fondi toifasi oʻzgartiriladigan qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkalari. Bunda ushbu yerlarning yer fondi toifasini oʻzgartirish boʻyicha takliflar faqatgina quyidagi shartlar mavjud boʻlganda koʻrib chiqiladi:
(i) 1 — 4-toifalarga kiruvchi yer uchastkalari hisobidan istiqbolli loyihalarni amalga oshirish imkoniyati mavjud emasligi haqidagi masala tegishlicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar kengashlarida koʻrib chiqilib, qaror qabul qilingan boʻlsa;
(ii) tegishli hududda qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkalarining yer fondi toifasi oʻzgartirilishi yaqin va uzoq istiqbolda oziq-ovqat xavfsizligiga va barqaror rivojlanishga salbiy taʼsir koʻrsatmasligi yuzasidan Qishloq xoʻjaligi vazirligining xulosasi mavjud boʻlsa;
(iii) 1 — 4-toifalarga kiruvchi yer uchastkalarida urbanizatsiya maqsadlaridan kelib chiqib, renovatsiya, qayta ixtisoslashtirish, rekonstruksiya qilish va boʻsh turgan yerlardan foydalanish imkoniyatlari Milliy qoʻmita tomonidan tahlil qilingan holda tegishli yer uchastkalarining yer fondi toifasini oʻzgartirish zarurati yuzasidan ijobiy xulosa berilgan boʻlsa.
8. Belgilansinki:
(a) hududiy arxitektura-shaharsozlik kengashlari bilan kelishilgan yer uchastkalari Investitsiya kompaniyalari tomonidan Istiqbolli uy-joy qurish loyihalarini amalga oshirish boʻyicha manzilli roʻyxat (keyingi oʻrinlarda — “Yer banki”)ga kiritiladi;
(b) yil davomida “Yer banki”ga kiritilgan istiqbolli yer uchastkalarining jami maydoni kelgusi yilda Uy-joy dasturida nazarda tutilgan koʻrsatkichlarga muvofiq koʻp kvartirali uylarni qurish uchun yetarli boʻlishi shart;
(v) 2027-yil 1-yanvardan keyin tasdiqlanadigan Manzilli roʻyxatlarga faqatgina “Yer banki”da nazarda tutilgan hududlardagi loyihalar kiritiladi;
(g) “Yer banki”ga kiritilgan istiqbolli yer uchastkalarida koʻp kvartirali uylar aholi punktining tasdiqlangan bosh rejalari, batafsil rejalashtirish loyihalarida (master reja) va qurish loyihalarida belgilangan shaharsozlik parametrlariga muvofiq quriladi, bunday hujjatlar boʻlmagan hollarda esa, ular tegishli uy-joy massivi uchun Investitsiya kompaniyalari buyurtmasi asosida ishlab chiqilishi mumkin;
(d) Investitsiya kompaniyalariga koʻp kvartirali uylar qurishni nazarda tutuvchi renovatsiya loyihalarini amalga oshirishda mulkdorlar bilan toʻgʻridan-toʻgʻri muzokaralar oʻtkazish va kelishuv bitimi tuzish, ushbu bitimlarga muvofiq yer uchastkalari va koʻchmas mulklarni xarid qilish, mulkdorlar bilan kompensatsiya toʻlovi miqdori va shaklini kelishish hamda toʻlab berish huquqi beriladi;
(j) 2026-yil 1-oktabrdan boshlab “Yer banki”dagi yer uchastkalari (bundan 3-toifa mustasno) Investitsiya kompaniyalari tomonidan bosh reja konsepsiyasi va qurish loyihalariga muvofiq boʻlgan, hududiy arxitektura-shaharsozlik kengashi kelishuvidan oʻtgan va qurilishga ruxsatnoma berilgan, birinchi darajali loyiha hujjatlariga ega boʻlgan qurilishga tayyor yer shaklida, qoida tariqasida, yirik boʻlmagan lotlarga ajratilgan holda ochiq elektron onlayn auksion savdolariga chiqariladi;
(z) 3-toifadagi yer uchastkalarining huquq egalari oʻz tanloviga koʻra koʻp kvartirali uylar qurilishini oʻzi amalga oshirishi yoki yer uchastkasini qurilishga tayyor yer shaklida elektron onlayn auksion savdolariga chiqarish uchun Investitsiya kompaniyasini shartnoma asosida jalb qilishi mumkin;
(i) Toshkent shahri va Samarqand viloyatida joriy etilgan muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari va transport infratuzilmasini yaratish xarajatlari uchun toʻlovlar (yigʻimlar) 2026-yil 1-iyuldan boshlab respublikaning barcha hududlariga tatbiq etiladi, bundan “Yangi Oʻzbekiston” massivlari mustasno.
9. Milliy qoʻmita bir oy muddatda Investitsiya kompaniyalari faoliyatini tashkil etish masalalariga doir normativ-huquqiy hujjat loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
IV. Bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlari orqali aholini uy-joy bilan taʼminlash dasturini takomillashtirish
10. Belgilansinki, bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlari orqali aholini uy-joy bilan taʼminlash dasturi (keyingi oʻrinlarda — Ipoteka dasturi) doirasida:
(a) koʻp kvartirali uylardagi xonadonlarni sotib olish uchun subsidiya ajratiladigan fuqarolarning ijtimoiy mezonlarga muvofiqligini baholash jarayoni Iqtisodiyot va moliya vazirligining “subsidiya.idm.uz” dasturiy taʼminot tizimi orqali avtomatlashtirilgan holda inson omilisiz amalga oshiriladi;
(b) 2026-yil 1-apreldan boshlab budjet resurslari hisobidan ipoteka kreditlari rasmiy daromad oladigan fuqarolar, shuningdek, joriy yilda oxirgi bir yillik, 2027-yilda oxirgi ikki yillik va 2028-yildan boshlab oxirgi uch yillik davr ichida ixtiyoriy ravishda ijtimoiy soliqni toʻliq toʻlagan oʻzini oʻzi band qilgan shaxslarga ajratiladi.
11. Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Markaziy bankning 2026-yil 1-iyuldan boshlab yil yakuniga qadar ilgʻor xorijiy tajribalar asosida aholining vaqtincha boʻsh turgan pul mablagʻlari hisobidan uy-joy sotib olinishini ragʻbatlantirish uchun Ipoteka dasturi doirasida ajratiladigan ipoteka kreditlari boʻyicha maqsadli ipoteka omonati (keyingi oʻrinlarda — ipoteka omonati) amaliyotini tajriba-sinov tariqasida joriy etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
12. Belgilansinki, tajriba-sinov doirasida:
(a) ipoteka krediti boʻyicha subsidiya ajratish toʻgʻrisida ijobiy xabarnomaga ega fuqarolar ixtiyoriy ravishda xabarnomaning amal qilish davrida tijorat bankining jamgʻarma hisobvaragʻida Ipoteka dasturi doirasida qayta moliyalashtiriladigan ipoteka kreditining eng koʻp miqdoridan kelib chiqib hisoblanadigan dastlabki badal summasining oʻziga tegishli qismidan kam boʻlmagan miqdorda, saqlash muddati 12 oydan ortiq boʻlmagan ipoteka omonatini toʻliq shakllantiradi;
(b) ipoteka omonatini shakllantirgan fuqarolarga ipoteka krediti boʻyicha dastlabki badalning bir qismini qoplash maqsadida Davlat budjetidan ajratiladigan subsidiyalar tijorat banklarining buyurtmanomasiga asosan ipoteka omonati eng kam miqdorining bir qismini shakllantirish uchun oldindan oʻtkazib beriladi;
(v) ipoteka omonatidagi mablagʻlar qoldigʻiga nisbatan tijorat banki tomonidan bozor stavkasida foiz hisoblanadi va omonat davrida jamgʻarilgan barcha mablagʻlar foiz toʻlovlari bilan birgalikda ipoteka kreditlari boʻyicha dastlabki badalni shakllantirish uchun maqsadli yoʻnaltiriladi;
(g) omonat davri yakuniga qadar fuqarolar tomonidan ipoteka krediti orqali koʻp kvartirali uylardagi xonadonlar sotib olinmagan taqdirda, tijorat banki tomonidan ipoteka omonatida jamgʻarilgan mablagʻlar ularning qoldigʻiga hisoblangan stavkada yillik foiz toʻlovlari bilan birgalikda mos ravishda fuqarolarga va Davlat budjetiga qaytariladi;
(d) ipoteka krediti ajratilgandan soʻng tijorat banklarining buyurtmanomasiga asosan dastlabki 5 yil muddatgacha ipoteka kreditlari boʻyicha hisoblangan foiz toʻlovlarining Markaziy bank asosiy stavkasidan oshgan qismini qoplash uchun subsidiyalar toʻlash boshlanadi.
13. Iqtisodiyot va moliya vazirligi Markaziy bank, Adliya vazirligi bilan birgalikda 2026-yil 1-iyunga qadar mazkur Farmonning 12-bandida nazarda tutilgan tajriba-sinov loyihasini amalga oshirishga oid nizomni tasdiqlasin.
14. Quyidagilar:
(a) Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan ipoteka kreditlarini qayta moliyalashtirishning eng koʻp miqdorlari 15 foizga oshirilgan holda 7-ilovaga muvofiq;
(b) 2026-yilda ipoteka kreditlarini ajratish va ular boʻyicha subsidiyalar toʻlashning maqsadli koʻrsatkichlari 8 va 8a-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin, bunda:
(i) 2025-yil Ipoteka dasturi doirasida tijorat banklari tomonidan ajratilgan kreditlarning qayta moliyalashtirilmagan qismi ham ushbu mablagʻlar hisobidan qoplab beriladi;
(ii) ipoteka kreditlari boʻyicha subsidiyalar ajratish yuzasidan arizalar tasdiqlangan parametrlar doirasida 16-martdan 1-dekabrga qadar qabul qilinadi.
15. Belgilansinki, ipoteka krediti asosida sotib olingan uyga fuqarolarni ushbu uy egasi arizasi va garovga oluvchining (bankning) roziligi asosida yashash joyi va turgan joy boʻyicha roʻyxatdan oʻtkazishga ruxsat beriladi.
16. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 21-fevraldagi “Uy-joy va ipoteka bozorini yanada rivojlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-26-son Farmoniga muvofiq “Oʻzbekiston ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi” AJning (keyingi oʻrinlarda — Kompaniya) ustav kapitalini 2030-yilga qadar Davlat budjeti va tijorat banklari mablagʻlari hisobidan 5 trillion soʻmga yetkazish belgilanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin. Bunda Kompaniya ustav kapitalini oshirish uchun tijorat banklari va xalqaro moliya institutlari mablagʻlarini toʻgʻridan-toʻgʻri jalb qilish orqali davlat ulushini 25 foizgacha qisqartirish inobatga olinsin.
17. Kompaniya va tijorat banklarining 2026-yilda Kompaniya ustav kapitalini qoʻshimcha aksiyalar chiqarish va ularning nominal qiymatini 9-ilovaga muvofiq miqdorlarda oshirish orqali koʻpaytirish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi 2026-yilda Kompaniyaning qoʻshimcha chiqarilgan aksiyalarini sotib olish uchun Davlat budjeti hisobidan 250 milliard soʻm yoʻnaltirsin.
V. Raqamli va moliyaviy infratuzilmani rivojlantirish
18. Milliy qoʻmita Soliq qoʻmitasi, Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi, Raqamli texnologiyalar vazirligi, Adliya vazirligi bilan birgalikda 2026-yil 1-oktabrga qadar mazkur Farmon bilan joriy etilayotgan yangi mexanizmlarni raqamlashtirish, shuningdek, tegishli texnik topshiriq va boshqa zarur hujjatlarni ishlab chiqish maqsadida quyidagi imkoniyatlarni bosqichma-bosqich kiritishni nazarda tutuvchi “Uy-joy” yagona raqamli urbanizatsiya platformasini (keyingi oʻrinlarda — “Uy-joy” AAT) test rejimida ishga tushirsin:
(a) asosiy shaharsozlik jarayonlari va hujjatlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni jamlash, saqlash va hisobga olish;
(b) kadastr hisobi va “Uy-joyning yagona hayotiy sikli” tamoyillari asosida obyektlarning yagona identifikatoriga asoslangan maʼlumotlar bazasini joriy etish va yuritish (yer — loyiha — qurilish/moliyalashtirish — uy/kvartira — infratuzilma — ijtimoiy obyekt — va boshqalar);
(v) “Yer banki” hisobini yuritish, unga kiritilgan yer uchastkalari roʻyxati bilan tanishish;
(g) koʻp kvartirali uylar qurilishini loyihalash, ekspertizadan oʻtkazish, moliyalashtirish, qurish, foydalanishga topshirish (muddatini koʻrsatgan holda) bilan bogʻliq barcha jarayonlarni kuzatib borish;
(d) Uy-joy dasturining asosiy parametrlari bilan tanishish;
(j) koʻp kvartirali uylar quriladigan hududlarning tasdiqlangan bosh rejalari, batafsil rejalashtirish loyihalari (master rejalar) bilan tanishish, bundan davlat siri yoki qonunchilikka muvofiq foydalanish cheklangan axborotni oʻz ichiga olgan maʼlumotlar mustasno;
(z) Investitsiya kompaniyalari tomonidan amalga oshirilayotgan loyihalar haqidagi maʼlumotlar bilan tanishish;
(i) ulushli ishtirok asosida koʻp kvartirali uylar va boshqa koʻchmas mulk obyektlari qurilishi boʻyicha boshlangan loyihalar doirasida tuzilgan oldi-sotdi shartnomalari, ularga asosan kiritilgan pul mablagʻlari, obyektning rekvizitlariga doir maʼlumotlar.
19. Belgilansinki, 2027-yil 1-yanvardan boshlab quyidagilar “Uy-joy” AAT platformasida idoralararo integratsiya qilinadi:
(a) koʻp kvartirali uylar qurilishi boʻyicha belgilangan tartibda berilgan ruxsat beruvchi hujjatlar;
(b) uy-joyni, shu jumladan, ikkilamchi bozordagi uy-joylarni boshqa shaxsga oʻtkazishni nazarda tutuvchi bitimlar va hujjatlar.
20. “Uy-joy” AATga toʻgʻridan-toʻgʻri idoralararo integratsiya qilinadigan axborot tizimlari roʻyxati 10-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
VI. Farmon ijrosini tashkil etish, taʼminlash va nazorat
21. 2026-yilda bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlari orqali aholini uy-joy bilan taʼminlash dasturini amalga oshirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” 11-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
22. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga 12-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
23. Iqtisodiyot va moliya vazirligi Adliya vazirligi hamda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
24. Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Milliy qoʻmita bilan birgalikda ushbu Farmonning mazmun-mohiyati ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishini taʼminlasin.
25. Mazkur Farmonning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib Bosh vazir oʻrinbosarlari A.J. Ramatov va J.A. Qoʻchqorov, Milliy qoʻmita raisi Sh.D. Kudbiyev hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari belgilansin.
26. Farmon ijrosini nazorat qilish va ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2026-yil 24-fevral,
PF-29-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 24-fevraldagi PF-29-son Farmoniga 1-ILOVA
2040-yilgacha koʻp kvartirali uylarni foydalanishga topshirishning
MAQSADLI KOʻRSATKICHLARI
Izoh: ushbu maqsadli koʻrsatkichlarga, zarur hollarda, Oʻzbekiston Respublikasida urbanizatsiya, uy-joy va ipoteka bozorini barqaror rivojlantirishni taʼminlash boʻyicha muvofiqlashtiruvchi kengash takliflariga asosan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 24-fevraldagi PF-29-son Farmoniga 2-ILOVA
2026 — 2028-yillarda koʻp kvartirali uylarni foydalanishga topshirishning
MAQSADLI KOʻRSATKICHLARI
Izoh: 2026 — 2028-yillarda koʻp kvartirali uylarni foydalanishga topshirish maqsadli koʻrsatkichlari ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari hamda “Yangi Toshkent shahrini barpo etish direksiyasi” DUK rahbari belgilanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 24-fevraldagi PF-29-son Farmoniga 3-ILOVA
2040-yilgacha boʻlgan davrda urbanizatsiya jarayonlari bilan uzviy bogʻliq holda “Yangi Oʻzbekiston” massivlari barpo etiladigan hududlar
ROʻYXATI
Izoh.
Mazkur roʻyxatdagi hududlarda massivlar tashkil etilgandan soʻng, boshqa hududlarga yangi massiv qurish boʻyicha taklif kiritilishi mumkin (ushbu Farmonning 4-bandiga muvofiq amalga oshiriladigan renovatsiya loyihalari bundan mustasno).
Massivlarga “Yangi Oʻzbekiston” massivi maqomi har yilgi tasdiqlanadigan “Yangi Oʻzbekiston” massivlari manzilli roʻyxati va ulardagi koʻp kvartirali uylarning maqsadli koʻrsatkichlarida aks ettirilishi orqali beriladi.
Tuman (shahar)larda “Yangi Oʻzbekiston” massivlarini barpo etish yoki ularning hududlarini kengaytirish masalalari ushbu tuman (shahar)da mavjud massivlar bosh rejasiga koʻra qurilishi rejalashtirilgan jami koʻp kvartirali uylardagi xonadonlarning kamida 85 foizi foydalanishga topshirilgandan soʻng koʻrib chiqishga ruxsat beriladi.
*Toshkent shahrida tashkil etiladigan “Yangi Oʻzbekiston” massivlari boʻyicha qurilish loyihalarini ishlab chiqish, tashqi avtomobil yoʻllari, ichimlik va oqova suv taʼminoti tarmoqlarini, elektr va gaz taʼminoti tarmoqlarini hamda ijtimoiy soha obyektlari (maktabgacha taʼlim muassasalari, umumtaʼlim maktablari, tibbiyot punktlari, isitish qozonxonalari va boshqalar)ni qurish Toshkent shahrini rivojlantirish jamgʻarmasi hisobidan moliyalashtiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 24-fevraldagi PF-29-son Farmoniga 4-ILOVA
2026-yilda “Yangi Oʻzbekiston” massivlari manzilli roʻyxati va ulardagi koʻp kvartirali uylarning
MAQSADLI KOʻRSATKICHLARI
Izoh: 2026-yilda “Yangi Oʻzbekiston” massivlari manzilli roʻyxati va ulardagi koʻp kvartirali uylarning maqsadli koʻrsatkichlari ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari belgilanadi.
* hududi kengayayotgan massivlar, jumladan Xonqa tumanidagi “Yosh kuch” MFY 14,7 gektar, Urganch tumanidagi “Al-Xorazmiy” massivi 16,5 gektar, Samarqand shahridagi Qorasuv-2 massivi 12,8 gektar, Urgut tumanidagi Mergancha massivi “Quyi kamangaron” MFY 94,2 gektar.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 29-fevraldagi PF-29-son Farmoniga 5-ILOVA
____________ viloyatida 2026 — 2028-yillar davomida quriladigan va foydalanishga topshiriladigan koʻp kvartirali uylar boʻyicha manzilli roʻyxat
NAMUNAVIY SHAKLI
Izoh:
Zaruratga koʻra, namunaviy shaklga Oʻzbekiston Respublikasida urbanizatsiya, uy-joy va ipoteka bozorini barqaror rivojlantirishni taʼminlash boʻyicha muvofiqlashtiruvchi kengash tomonidan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 24-fevraldagi PF-29-son Farmoniga 6-ILOVA
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari muassisligida aksiyadorlik jamiyati shaklida tashkil etiladigan investitsiya kompaniyalari
ROʻYXATI
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 16-fevraldagi PQ-62-son qarori asosan tashkil etiladi.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 7-avgustdagi PQ-244-son qaroriga asosan tashkil etilgan.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 13-fevraldagi PQ-61-son qarori asosan tashkil etiladi.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 26-iyuldagi PF-112-son Farmoniga asosan tashkil etilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 24-fevraldagi PF-29-son Farmoniga 7-ILOVA
Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan ipoteka kreditlarini qayta moliyalashtirishning eng koʻp miqdorlari*
* Tijorat banklarning oʻz mablagʻlari hisobidan ajratilgan ipoteka kreditlari Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan 20 yildan oshmagan muddatga Markaziy bankning asosiy stavkasi boʻyicha qayta moliyalashtiriladi;
** 2026-yilda ushbu Farmon qabul qilingunga qadar ajratilgan ipoteka kreditlari 2025-yilda amalda boʻlgan ipoteka kreditlarini qayta moliyalashtirishning eng koʻp miqdorlari doirasida qoplab beriladi;
*** Yangi Toshkent hududidagi koʻp kvartirali uylardagi xonadonlar boʻyicha ipoteka kreditlari Toshkent shahri uchun belgilangan shartlarda ajratiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 24-fevraldagi PF-29-son Farmoniga 8-ILOVA
2026-yilda ipoteka kreditlarini ajratishning
MAQSADLI KOʻRSATKICHLARI
Izoh: 2026-yilda ipoteka kreditlarini ajratishning maqsadli koʻrsatkichlariga zarur hollarda Iqtisodiyot va moliya vazirligi taklifi asosida Vazirlar Mahkamasi tomonidan tegishli oʻzgartirishlar kiritishga ruxsat beriladi.
Ipoteka kreditlari haqiqiy soni ularning umumiy summasi doirasida oʻzgarishi mumkin.
* 2025-yil ipoteka dasturidan oʻtuvchi qarzdorlik mablagʻlari va 2026-yilda “Yangi Oʻzbekiston” massivlari qurilishida ishtirok etuvchi qurilish tashkilotlari uchun kredit resurslari, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 21-fevraldagi PF-26-son Farmonida belgilangan shartlar asosida “Oʻzbekiston ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi” AJga mablagʻlar ham ajratiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 24-fevraldagi PF-29-son Farmoniga 8a-ILOVA
2026-yilda ipoteka kreditlari boʻyicha subsidiyalar toʻlashning
MAQSADLI KOʻRSATKICHLARI*
* 2026-yilda ipoteka kreditlari boʻyicha subsidiyalar toʻlashning maqsadli koʻrsatkichlariga zarur hollarda Iqtisodiyot va moliya vazirligi taklifi asosida Vazirlar Mahkamasi tomonidan tegishli oʻzgartirishlar kiritilishi mumkin.
Ajratiladigan subsidiyalar miqdorlari ularning umumiy summasi doirasida oʻzgarishi mumkin.
** uy-joy sotib olish uchun oliy malaka toifasiga (bosh oʻqituvchi lavozimiga) ega boʻlgan pedagoglarga subsidiyalar ushbu mablagʻlar hisobidan ajratiladi.
*** Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 11-fevraldagi PQ-58-son qaroriga 7-ilovaning 15-bandiga muvofiq Navoiy viloyati uchun qoʻshimcha 1000 ta subsidiyalar ham inobatga olingan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 24-fevraldagi PF-29-son Farmoniga 9-ILOVA
“Oʻzbekiston ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi” AJning ustav kapitalini oshirish
KOʻRSATKICHLARI
* Amaldagi aksiyadorlar tomonidan kiritiladigan qoʻshimcha investitsiya miqdori summasida Kompaniyaning 2025-yil yakunlari boʻyicha olinadigan sof foydasining taqsimlanishi ham hisobga olingan.
** Qoʻshimcha investitsiya miqdori uning umumiy miqdori doirasida aksiyador banklar kesimida oʻzgarishi mumkin.
*** Xalqaro moliya institutlari bilan kelishuv natijalaridan kelib chiqib oʻzgarishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 24-fevraldagi PF-29-son Farmoniga 10-ILOVA
“Uy-joy” AATga toʻgʻridan-toʻgʻri idoralararo integratsiya qilinadigan axborot tizimlari
ROʻYXATI
Izoh. Davlat siri hisoblangan yoki qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa sirni tashkil etuvchi maʼlumotlar yoxud oʻta muhim va toifalangan obyektlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarning amaldagi qonun hujjatlariga asosan belgilangan tartibda taqdim etilishi talab etiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 24-fevraldagi PF-29-son Farmoniga 11-ILOVA
2026-yilda bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlari orqali aholini uy-joy bilan taʼminlash dasturini amalga oshirish boʻyicha
“YOʻL XARITASI”
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 24-fevraldagi PF-29-son Farmoniga 12-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 11-martdagi “Bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlarini ajratish orqali aholini uy-joy bilan taʼminlashga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-6186-son Farmonining 7-bandida:
(a) ikkinchi xatboshi chiqarib tashlansin;
(b) uchinchi, toʻrtinchi va beshinchi xatboshilar tegishincha ikkinchi, uchinchi va toʻrtinchi xatboshilar deb hisoblansin;
(v) toʻrtinchi xatboshidagi “12” raqami “4” raqami bilan almashtirilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 30-apreldagi “2024-yilda ipoteka kreditlarini ajratish mexanizmlarini takomillashtirish va aholining uy-joy sharoitlarini yaxshilashga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-70-son Farmoni 9-bandining “g” kichik bandi birinchi xatboshisidagi “500” raqami “700” raqami bilan almashtirilsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 21-fevraldagi “Uy-joy va ipoteka bozorini yanada rivojlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-26-son Farmonining 2-bandi uchinchi xatboshisi “unga yaqin (2 kilometrgacha)” soʻzlaridan keyin “boʻlgan yaxlit bitta” soʻzlari bilan toʻldirilsin.
