Oʻzbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi jahon taʼlim dasturining beshinchi bosqichini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (91-son)
03.03.2026
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Mamlakatimizda inson huquqlari sohasidagi taʼlimni yanada takomillashtirish, Oʻzbekiston Respublikasida inson huquqlari sohasidagi Milliy taʼlim dasturi ijrosini taʼminlash, shuningdek, Inson huquqlari sohasidagi jahon taʼlim dasturining beshinchi bosqichida belgilangan vazifalarni samarali hamda oʻz vaqtida amalga oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi jahon taʼlim dasturining beshinchi bosqichini amalga oshirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” (keyingi oʻrinlarda — “Yoʻl xaritasi”) 1-ilovaga muvofiq;
Oʻzbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi jahon taʼlim dasturining beshinchi bosqichini amalga oshirish boʻyicha milliy komissiya (keyingi oʻrinlarda — Milliy komissiya) 2-ilovaga muvofiq tarkibda tasdiqlansin.
2. Quyidagilar Milliy komissiyaning asosiy vazifalari etib belgilansin:
“Yoʻl xaritasi”ning amalga oshirilishi holatini monitoring qilish, chora-tadbirlarning sifatli va oʻz vaqtida bajarilishi boʻyicha vazirlik va idoralarga taklif va tavsiyalarni kiritish, ularning axborotlarini muhokama qilib borish;
inson huquqlari sohasidagi xalqaro shartnomalarning yubiley sanalarini nishonlash boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshirish;
aniq koʻrsatkichlar va erishilgan natijalar aks ettirilgan axborotning Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazining rasmiy veb-saytida doimiy ravishda joylashtirib borilishini tashkil etish;
axborot-tahliliy sharhlarni tayyorlash, xorijiy tillarga tarjima qilish va eʼlon qilib borishni tashkil etish.
3. Belgilansinki:
“Yoʻl xaritasi”da belgilangan masʼul vazirlik va idoralar oʻzlariga yuklangan vazifalar ijrosi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni har chorak yakuni bilan keyingi oyning 5-sanasiga qadar Milliy komissiyaga taqdim etadi;
Milliy komissiya davlat organlari va boshqa tashkilotlar, ilmiy-tadqiqot muassasalarining mutaxassislarini, yoshlar tashkilotlari hamda fuqarolik jamiyati institutlarining ekspertlarini jalb qilish huquqiga ega;
Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi Milliy komissiyaning ishchi organi hisoblanadi.
4. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori A.X. Saidov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2026-yil 3-mart,
91-son
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 3-martdagi 91-son qaroriga 1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi jahon taʼlim dasturining beshinchi bosqichini amalga oshirish boʻyicha
“YOʻL XARITASI”
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 3-martdagi 91-son qaroriga 2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi jahon taʼlim dasturining beshinchi bosqichini amalga oshirish boʻyicha milliy komissiya
TARKIBI
Izoh. Komissiya aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimlarga yangi tayinlangan yoki zimmasiga tegishli funksiyalarni bajarish yuklangan shaxslar kiritiladi.
