Kreativ iqtisodiyot sohasidagi ayrim normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash toʻgʻrisida (90-son)
03.03.2026
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASINING
QARORI
Oʻzbekiston Respublikasining “Kreativ iqtisodiyot toʻgʻrisida”gi Qonuni, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining yoshlar bilan ochiq muloqotida belgilangan vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2025-yil 26-martdagi PF-61-son Farmoni va “Kreativ iqtisodiyotni rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2026-yil 16-fevraldagi PQ-64-son qarori ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Kreativ iqtisodiyotni rivojlantirish boʻyicha respublika kengashi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq;
Kreativ industriya parki faoliyatini tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 2-ilovaga muvofiq;
Kreativ industriya sohalaridagi iqtisodiy faoliyat turlari roʻyxati 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Kreativ industriya parki uchun barpo etilayotgan obyekt foydalanishga topshirilguniga qadar uning direksiyasi Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasining Toshkent shahri Mirobod tumani T. Shevchenko koʻchasi 1-uy manzilidagi binosiga tekin foydalanish huquqi asosida joylashtirilsin.
3. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi raisi G.O. Umerova zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2026-yil 3-mart,
90-son
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 3-martdagi 90-son qaroriga 1-ILOVA
Kreativ iqtisodiyotni rivojlantirish boʻyicha respublika kengashi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Kreativ iqtisodiyotni rivojlantirish boʻyicha respublika kengashining (keyingi oʻrinlarda — Kengash) asosiy vazifalari va huquqlari, tarkibini shakllantirish hamda faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi.
2. Kengash oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlariga, shu jumladan, Oʻzbekiston Respublikasining “Kreativ iqtisodiyot toʻgʻrisida”gi Qonuniga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlari, shuningdek, ushbu Nizomga hamda boshqa qonunchilik hujjatlariga amal qiladi.
3. Kengash kreativ industriya sohalarini rivojlantirish boʻyicha jamoatchilik asosida faoliyat koʻrsatadigan maslahat organidir.
2-bob. Kengashning tarkibi va uni shakllantirish tartibi
4. Kengashning tarkibi kreativ industriya sohalari boʻyicha tegishli davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari vakillari, kreativ industriya sohalaridagi yetakchi tadbirkorlar hamda xalqaro va mahalliy ekspertlardan iborat boʻlib, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadi.
5. Kengash rais, rais oʻrinbosari, uning aʼzolari va kotibidan — jami 15 nafar kishidan iborat tarkibda shakllantiriladi. Kengash raisining taqdimnomasiga binoan Kengash majlisida Kengash raisi oʻrinbosari saylanadi.
6. Kengashi aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimlarga yangi tayinlangan yoki zimmasiga tegishli vazifalarni bajarish yuklangan shaxslar kiritiladi. Kengash faoliyatiga vazirlik va idoralar rahbarlari, tegishli soha vakillari va mutaxassislar jalb etilishi mumkin. Bunda jalb qilinadigan mutaxassislar Kengash raisi tomonidan aniqlanadi.
3-bob. Kengashning asosiy vazifalari va huquqlari
7. Kengashning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
kreativ iqtisodiyotni rivojlantirish va kreativ industriya sohalarini qoʻllab-quvvatlash yuzasidan takliflar ishlab chiqish;
kreativ industriya sohalaridagi iqtisodiy faoliyat turlarini belgilash boʻyicha takliflar ishlab chiqish;
kreativ industriyaning istiqbolli yoʻnalishlari va “oʻsish nuqtalari”ni aniqlash;
kreativ industriya parki faoliyatini takomillashtirish yuzasidan tavsiyalar ishlab chiqish hamda faoliyati toʻgʻrisidagi axborotni eshitish;
kreativ industriya sohalarida investitsiyalarni jalb qilish, eksport salohiyatini oshirish va xalqaro bozorlarga chiqish choralarini koʻrish;
kreativ industriya sohalarida adolatli monetizatsiya mexanizmlarini takomillashtirish hamda shu orqali intellektual mulk, shu jumladan, mualliflik huquqlarini himoya qilish yuzasidan takliflar ishlab chiqish;
kreativ industriya sohasida kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va ular malakasini oshirish tizimini takomillashtirish yuzasidan tavsiyalar berish;
kreativ industriya sohasida davlat organlari, xususiy sektor va nodavlat tashkilotlar oʻrtasida samarali hamkorlikni taʼminlashga qaratilgan chora-tadbirlarni muvofiqlashtirish;
respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda boshqa tashkilotlarning mansabdor shaxslarining kreativ iqtisodiyot sohalariga taalluqli masalalar yuzasidan axborotlarini eshitish hamda tegishli qaror qabul qilish.
8. Kengash quyidagi huquqlarga ega:
kreativ iqtisodiyot toʻgʻrisidagi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqishda ishtirok etish;
davlat organlari va tashkilotlaridan kreativ iqtisodiyotga oid zarur materiallar va maʼlumotlarni belgilangan tartibda soʻrab olish;
normativ-huquqiy hujjatlar va boshqa hujjatlarda kreativ iqtisodiyot toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlariga zid kelgan nomuvofiqliklar aniqlangan hollarda, ularni bartaraf etish yuzasidan takliflar kiritish;
Kengash majlislarida davlat organlari va tashkilotlarining kreativ iqtisodiyot sohalariga oid takliflarini koʻrib chiqish;
davlat organlari va tashkilotlari tomonidan kreativ iqtisodiyot boʻyicha muammo va kamchiliklarga yoʻl qoʻyilgani aniqlangan taqdirda, ularni bartaraf etish choralarini koʻrish.
9. Kengash oʻz vakolatlari doirasida faoliyat yoʻnalishlari boʻyicha ekspert kengashlari va ishchi guruhlarni tuzishi mumkin.
4-bob. Kengashning faoliyatini tashkil etish
10. Kengash majlisi Kengash faoliyatining asosiy tashkiliy shakli hisoblanadi.
11. Kengash majlisining kun tartibi, shuningdek, uni oʻtkazish joyi va vaqti Kengash raisi tomonidan belgilanadi.
12. Kengash majlislarini Kengash raisi olib boradi, rais qatnashmagan hollarda esa, Kengash majlisini uning oʻrinbosari olib boradi.
13. Kengash majlisi, zaruratga koʻra, bir yilda kamida bir marotaba oʻtkaziladi.
14. Kengash majlisi oʻz aʼzolarining kamida uchdan ikki qismi ishtirok etgan taqdirda, vakolatli hisoblanadi.
15. Kengashning qarori majlisda qatnashayotgan Kengash aʼzolarining ochiq ovoz berishi orqali majlis ishtirokchilarining oddiy koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi.
Raislik qiluvchi oxirida ovoz beradi. Ovozlar teng boʻlib qolgan taqdirda, raislik qiluvchining ovozi hal qiluvchi boʻladi.
16. Kengashning qaroridan rozi boʻlmagan Kengash aʼzosi oʻzining alohida fikrini yozma tarzda bayon qilishga haqli boʻlib, ushbu fikr majlis bayonnomasiga qoʻshib qoʻyiladi, lekin eʼlon qilinmaydi.
17. Kengash qarorlari bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi, uni Kengash raisi yoki majlisga raislik qilgan uning oʻrinbosari va Kengash kotibi imzolaydi.
18. Kengash qarorlarining mazmuni (sharhi) ommaviy axborot vositalari orqali eʼlon qilib borilishi mumkin.
19. Foydalanish huquqi cheklangan axborotlarni oʻzida mujassam etgan materiallar Kengashning yopiq majlislarida vakolatli aʼzolar ishtirokida koʻrib chiqiladi. Ushbu majlislarda qabul qilingan qarorlar belgilangan tartibda rasmiylashtiriladi va ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilinmaydi.
20. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi Kengashning ishchi organi (keyingi oʻrinlarda — Ishchi organ) hisoblanadi.
21. Ishchi organ:
Kengash majlisi kun tartibiga kiritilgan masalalar yuzasidan zarur hujjatlarni, materiallar va takliflarni tayyorlash;
Kengash faoliyatiga taalluqli materiallarni umumlashtirish va tahlil qilish;
Kengash faoliyatini taʼminlash uchun boshqa zarur boʻlgan barcha choralarni koʻradi.
5-bob. Yakunlovchi qoidalar
22. Kengash faoliyati moddiy-texnik jihatdan Ishchi organ tomonidan qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan manbalar hisobidan taʼminlanadi.
23. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar boʻladilar.
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 3-martdagi 90-son qaroriga 2-ILOVA
Kreativ industriya parki faoliyatini tashkil etish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Kreativ industriya parki va uning direksiyasi faoliyatini tashkil etish, kreativ industriya subyektlarini Kreativ industriya parki rezidentligiga qabul qilish hamda rezidentlarga soliq imtiyozlarini qoʻllash tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi tushunchalardan foydalaniladi:
Kreativ industriya parki (keyingi oʻrinlarda — Kreativ park) — Oʻzbekiston Respublikasi hududi doirasida eksterritoriallik prinsiplari asosida kreativ industriya sohalarini rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida faoliyat koʻrsatadigan tashkiliy-huquqiy tuzilma;
Kreativ park direksiyasi (keyingi oʻrinlarda — Direksiya) — Kreativ park faoliyatini belgilangan tartibda boshqaruvchi masʼuliyati cheklangan jamiyat shaklidagi yuridik shaxs;
kreativ industriya subyektlari — kreativ mahsulotni yaratish, ishlab chiqarish, saqlash, tarqatish va ilgari surish bilan shugʻullanadigan jismoniy va yuridik shaxslar;
kreativ mahsulot — kreativ iqtisodiyot sohasida iqtisodiy qimmatga ega boʻlgan tovarlar (ishlar, xizmatlar), shuningdek, boshqa fuqarolik-huquqiy bitimlar obyektlari;
Kreativ park rezidenti — Oʻzbekiston Respublikasida roʻyxatdan oʻtgan tadbirkorlik faoliyatini yurituvchi, belgilangan tartibda Kreativ park rezidentligini olgan yuridik yoki jismoniy shaxs;
Ekspertlar kengashi — Kreativ park rezidenti maqomini olish uchun talabgorlik qiluvchi kreativ industriya subyektlarining arizalarini koʻrib chiqish va tahlil qilish maqsadida Direksiyada malakali mutaxassislardan iborat tarkibda tashkil etiladigan kollegial ekspert-konsultativ organ. Ekspertlar kengashining ish tartibi va tarkibi Direksiya tomonidan belgilanadi;
veb-portal — Kreativ park rezidenti maqomini olish uchun kreativ industriya subyektlaridan hujjatlar qabul qilish, Direksiya va uning rezidentlari oʻrtasida oʻzaro hamkorlik qilish, shu jumladan, ulardan hisobotlar, xulosalar, biznes-rejalar va boshqalarni qabul qilish uchun moʻljallangan Direksiyaning Internet jahon axborot tarmogʻidagi rasmiy veb-sayti. Veb-portalning ishlash tartibi Direksiya tomonidan belgilanadi;
virtual ofis — Internet jahon axborot tarmogʻida joylashgan yuridik (pochta) manzili orqali (jismoniy joylashmagan holda) xodimlar oʻz ishlarini bajarishlari, Kreativ park bilan kontragentlar (yetkazib beruvchilar, xaridorlar, davlat organlari va boshqalar) muloqot qilish imkonini beruvchi joy.
3. Quyidagilar Kreativ parkning asosiy yoʻnalishlari hisoblanadi:
kreativ iqtisodiyot sohasida raqobatbardoshli mahsulotlar va xizmatlar ishlab chiqilishini rivojlantirish va ishlab chiqarish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, ularning ichki va tashqi bozorlarga kirib borishini va innovatsion ishlanmalarni ragʻbatlantirish;
Kreativ park rezidentlariga faoliyatni amalga oshirish uchun zarur infratuzilma, shu jumladan, zamonaviy laboratoriyalarni ijaraga berish, ularga moliyaviy, marketing, yuridik va boshqa konsalting xizmatlarini koʻrsatish;
startap-loyihalarni amalga oshirishda, shu jumladan, venchur moliyalashtirish asosida qoʻllab-quvvatlash, kreativ iqtisodiyot sohasida faoliyatini yangidan boshlayotgan va kichik tadbirkorlik subyektlariga koʻmaklashish;
loyihalarni birgalikda amalga oshirish uchun mahalliy va xorijiy investorlarni jalb etishda oʻz rezidentlariga koʻmaklashish;
kreativ mahsulot va xizmatlarni ishlab chiqarish zanjirining uzluksizligini taʼminlash uchun ilmiy, ilmiy-tadqiqot, oʻquv va ishlab chiqarish tashkilotlari faoliyati oʻzaro integratsiyasiga koʻmaklashish;
kreativ iqtisodiyot sohasida yuqori malakali mutaxassislarning zamonaviy sinfini shakllantirish maqsadida aholi va yoshlarning oʻqitilishini tashkil etish;
kreativ iqtisodiyot sohasida yetakchi kompaniyalar va mutaxassislarni jalb etgan holda mahorat darslari, treninglar va malaka oshirish kurslari, shuningdek, ilmiy-amaliy konferensiyalar oʻtkazish.
2-bob. Kreativ park direksiyasi faoliyatini tashkil etish
4. Direksiyaga belgilangan tartibda lavozimga tayinlanadigan Direktor rahbarlik qiladi.
Direktorning vakolatlari Direksiya ustavida belgilanadi.
5. Direksiya faoliyati quyidagi manbalar hisobidan moliyalashtiriladi:
Kreativ park rezidentlari tomonidan toʻlanadigan aʼzolik badallari;
Davlat budjetidan Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi orqali ajratiladigan mablagʻlar;
Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasining oʻz hisobidan ajratiladigan, shu jumladan, Kreativ park hududida joylashgan davlat sherigiga tegishli boʻlgan bino va inshootlarni ijaraga berishdan tushgan mablagʻlar;
tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) yaratish va realizatsiya qilish va boshqa faoliyat turlaridan olinadigan daromadlar;
subsidiyalar, grantlar va ijtimoiy buyurtmalar;
yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik xayriyalari;
qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
6. Direksiya:
Kreativ park rezidenti maqomini olish uchun kreativ industriya subyektlaridan buyurtmanomalar qabul qilinishini tashkil etadi, shuningdek Kreativ park rezidentlarini Rezidentlarning yagona reyestriga (keyingi oʻrinlarda — rezidentlar roʻyxati) kiritish va Kreativ park rezidenti sifatida roʻyxatdan oʻtganlikni tasdiqlovchi guvohnoma (sertifikat) berish orqali Kreativ park rezidenti sifatida roʻyxatdan oʻtkazish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi;
Kreativ industriya subyektlarining Kreativ park rezidenti maqomini olish uchun bergan arizalarini xolis, professional va mustaqil tarzda koʻrib chiqishni taʼminlash, shuningdek, Kreativ park rezidentlari faoliyatini baholash uchun Ekspertlar kengashini tashkil etadi;
ushbu Nizomga muvofiq kreativ industriya subyektlari tomonidan taqdim etilgan biznes-rejalarning Ekspertlar kengashi hamda boshqa ekspertlarni (ilmiy va boshqa tashkilotlar, olimlar va mutaxassislarni) jalb qilish orqali ekspertizadan oʻtkazilishini tashkil etadi;
kreativ iqtisodiyot sohasida yagona axborot maydonini shakllantirish, Kreativ park faoliyatining ochiqligi va shaffofligini taʼminlash, shuningdek, Kreativ park rezidenti maqomini berish jarayonlarini raqamlashtirish maqsadida veb-portal tashkil etadi;
shartnoma asosida Kreativ park rezidentlari va boshqa xoʻjalik yurituvchi subyektlarga uskunalar, laboratoriya, tajriba uchun ishlab chiqarish maydonlari, ofislar, oʻquv xonalari, konferens zallar, auditoriyalar va boshqa xonalarni ijaraga beradi, shuningdek, virtual ofis va tadbirkorlikni boshlash va tashkil etish boʻyicha hujjatlarni tayyorlash xizmatlarini koʻrsatadi;
kreativ iqtisodiyot sohasida kadrlarni tayyorlash va ularning malakasini oshirishni tashkil etishga koʻmaklashadi;
Kreativ park va uning rezidentlari faoliyati ommaviy axborot vositalarida yoritilishini tashkil etadi;
oʻz vakolatlari doirasida axborot va tahliliy materiallarni tayyorlaydi va nashr qiladi;
oʻz faoliyatini boshlayotgan yuridik va jismoniy shaxslarga investorlar va kreditorlar bilan shartnomalar tuzish jarayonida moliyaviy, yuridik yoki boshqa maslahat yordamini beradi;
Kreativ park rezidentlariga ularning startap-loyihalari uchun investitsiyalarni jalb qilishda koʻmaklashadi;
Kreativ park rezidentlarining mahsulotlari va xizmatlari ichki va tashqi bozorlarga kirib borishini tashkil qiladi;
Kreativ park rezidentlari va boshqa xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan ishlab chiqariladigan kreativ mahsulotlarning xalqaro yarmarka va koʻrgazmalarini tashkil etadi va oʻtkazadi, shuningdek, Kreativ park rezidentlarining xalqaro seminarlar, konferensiyalarda va respublikada hamda xalqaro koʻlamda oʻtkaziladigan boshqa tadbirlarda ishtirok etishini tashkil etishga koʻmaklashadi;
Kreativ industriya subyektlarini rezident maqomidan mahrum qilish toʻgʻrisidagi qaror qabul qiladi.
Direksiya ushbu Nizom va qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa funksiyalarni ham bajaradi.
Direksiya oʻziga yuklangan vazifalarni bajarish doirasida qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda muassis boʻlishga yoki boshqa yuridik shaxslarning ustav fondida (ustav kapitalida) boshqacha tarzda ishtirok etishga, vakolatxonalar va filiallar tashkil etishga haqlidir.
3-bob. Kreativ industriya parki rezidentligiga qabul qilish va rad etish hamda rezidentlarga imtiyozlarni qoʻllash tartibi
7. Kreativ park rezidenti maqomini olishga yillik umumiy daromadining kamida sakson foizi kreativ industriya sohasiga oid faoliyatdan iborat boʻlgan kreativ industriya subyektlari daʼvogarlik qilishi mumkin.
Yangi tashkil etilgan (roʻyxatdan oʻtkazilgan) kreativ industriya subyektlarini rezidentlikka qabul qilishda ushbu bandning birinchi xatboshida nazarda tutilgan kreativ industriya sohasidagi faoliyatdan olingan daromadning minimal miqdori boʻyicha shartlar inobatga olinmaydi. Bunda minimal miqdor boʻyicha talablar moliya yilining yakuni bilan bajarilmagan taqdirda foydalanilgan imtiyozlar summasi soliq qonunchiligiga asosan qayta hisoblanadi va budjetga undiriladi.
8. Kreativ park rezidenti maqomini olish uchun yuridik va jismoniy shaxslar quyidagi mezonlarga javob berishi lozim:
Oʻzbekiston Respublikasi hududida yuridik shaxs, yakka tartibdagi tadbirkor yoki oʻzini oʻzi band qilgan jismoniy shaxs sifatida belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtgan boʻlishi;
qonunchilik hujjatlariga muvofiq kreativ industriya sohalaridagi iqtisodiy faoliyat turlaridan birini amalga oshirishi;
Kreativ park hududida amalga oshirilishi rejalashtirilgan iqtisodiy asoslangan biznes-rejaga, shu jumladan aniq oʻlchanadigan oʻsish koʻrsatkichlariga (ish oʻrinlari yaratish, eksport hajmi, tushum oʻsishi va tijoratlashtirish mumkin boʻlgan intellektual mulk elementlariga ega mahsulot ishlab chiqarish va boshqalar) ega boʻlishi.
Iqtisodiy asoslangan biznes-reja, oʻsish koʻrsatkichlari, shuningdek asosiy samaradorlik koʻrsatkichlari (KPI) Direksiya tomonidan individual tartibda baholanadi.
9. Kreativ park rezidenti sifatida roʻyxatdan oʻtish uchun yuridik yoki jismoniy shaxs (keyingi oʻrinlarda — arizachi) belgilangan tartibda veb-portal orqali ariza topshiradi va arizaga Kreativ park rezidenti sifatida amalga oshirilishi taklif etilayotgan biznes-rejani ilova qiladi.
Bunda veb-portal toʻliq ishga tushirilgunga qadar arizachilar oʻz arizalarini bevosita Direksiyaga taqdim etishi imkoniyati yaratiladi.
10. Kreativ park rezidenti maqomini olish uchun ariza bergan yuridik yoki jismoniy shaxsdan ushbu Nizomda nazarda tutilmagan hujjatlarni taqdim etish talab qilinmaydi.
11. Taqdim etilgan maʼlumotlarning haqqoniyligi uchun arizachi javobgardir.
12. Agar arizachi tomonidan taqdim etilgan hujjatlarda ushbu Nizom va Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligi talablariga zid keluvchi holatlar aniqlansa, arizachi besh ish kuni ichida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish va arizani qayta topshirish huquqiga ega.
13. Agar arizachi belgilangan muddatda kamchiliklarni bartaraf etmasa, arizalar birinchi marta taqdim etilgan deb hisoblanadi. Bunda Direksiya arizani koʻrib chiqmaslik huquqiga ega.
14. Taqdim etilgan hujjatlar koʻrib chiqilganidan soʻng hujjatlar qabul qilingan kundan boshlab oʻn besh ish kun muddatda Direksiya Ekspertlar kengashining xulosasi asosida arizachining Kreativ park rezidenti sifatida roʻyxatdan oʻtkazilishi yoki buni rad etish haqida qaror qabul qiladi.
15. Arizachining Kreativ park rezidenti sifatida roʻyxatdan oʻtkazishga bergan soʻrovini rad etish uchun quyidagilar asos boʻladi:
arizachi tomonidan belgilangan muddatda aniqlangan hujjatdagi nomuvofiqliklarning bartaraf etilmagani;
taqdim etilgan reja kreativ industriya sohalaridagi iqtisodiy faoliyat turlari roʻyxatida koʻrsatilgan sohalarga muvofiq emasligi yoki uning amalga oshirilishi belgilangan yoʻnalishlar doirasidan chiqib ketishi;
arizani koʻrib chiqish va qaror qabul qilish vaqtida arizachining soliq hisobotlarining taqdim qilinmagani, faoliyat koʻrsatmayotgani, tugatish jarayonida ekanligi yoki arizachiga nisbatan sud qarori bilan toʻlovga qobiliyatsizlik tartib-taomillari (kuzatuv, sud sanatsiyasi, tashqi boshqaruv, tugatishga doir ish yuritish) qoʻllanilgani;
davlat dasturlari yoki subsidiyalardan suiisteʼmol qilingan holatlar mavjudligi, shuningdek, soliq va yigʻimlar boʻyicha muddati oʻtgan qarzdorlik mavjudligi.
Roʻyxatdan oʻtkazishni rad etish sababi Direksiyaning arizachini Kreativ park rezidenti sifatida roʻyxatdan oʻtkazishni rad etish toʻgʻrisidagi qarorida koʻrsatiladi va bu haqida arizachiga onlayn xabar beriladi.
16. Agar arizachi Kreativ park rezidenti sifatida roʻyxatdan oʻtkazishdan rad etish uchun asos boʻlgan sabablarni bartaraf etsa, ariza ushbu Nizomga muvofiq tarzda qayta koʻrib chiqiladi.
17. Yuridik yoki jismoniy shaxsni Kreativ park rezidenti sifatida roʻyxatdan oʻtkazish toʻgʻrisidagi qaror yuridik yoki jismoniy shaxsning Kreativ park rezidentining faoliyat shartlari toʻgʻrisidagi shartnomaga (keyingi oʻrinlarda — Shartnoma) roziligi sifatida talqin qilinadi.
Shartnoma shakli Direksiya tomonidan tasdiqlanadi va rasmiy veb-saytida joylashtiriladi, shuningdek, ushbu hujjat ommaviy oferta shartnomasi hisoblanadi.
18. Kreativ park rezidentlari aʼzolik badalini toʻlaydi hamda ushbu badal quyidagi miqdorlarda belgilanadi:
yakka tartibdagi tadbirkorlar va oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar uchun — aylanmasidan 0,1 foiz;
yuridik shaxslar uchun — aylanmasidan 0,3 foiz.
Aʼzolik badalini toʻlash muddatlari hamda tartibi Direksiya va rezident oʻrtasidagi Shartnoma shartlarida kelishiladi.
19. Kreativ park rezidentligiga qabul qilish rad etilgan taqdirda yuridik va jismoniy shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq yuqori turuvchi organ yoki sudga shikoyat qilishga haqli.
20. Kreativ park rezidenti quyidagi huquqlarga ega:
virtual ofisdan foydalanib oʻz faoliyatini yuritish (qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlovchilaridan tashqari);
internet resurslari orqali onlayn doʻkonlarda tovarlar (ishlar xizmatlar)ni eksportga elektron tijorat orqali bojxona yuk deklaratsiyasini rasmiylashtirmasdan, tashqi savdo operatsiyalarining yagona elektron axborot tizimiga axborot kiritmasdan, pochta xizmatlarini koʻrsatish qoidalariga muvofiq realizatsiya qilish.
Kreativ park rezidenti Shartnomaga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
21. Kreativ park rezidentlarining majburiyatlari:
kreativ industriya sohalaridagi iqtisodiy faoliyat turlari roʻyxati va biznes-rejaga muvofiq faoliyat yuritish;
Shartnomaga rioya etish;
aʼzolik badallarini belgilangan muddatlarda toʻlab borish;
hisobot yilidan keyingi yilning 15-iyunidan kechiktirmay, har yili moliyaviy-xoʻjalik faoliyati boʻyicha auditorlik tekshiruvini oʻtkazish va auditorlik xulosasini (yakka tartibdagi tadbirkorlar va oʻzini oʻzi band qilgan shaxslardan tashqari) Direksiyaga taqdim etish;
Kreativ park rezidenti tomonidan ilgari taqdim etilgan biznes-rejada koʻrsatilmagan yangi faoliyat turlarini faqat Direksiya tomonidan yangi (qoʻshimcha) biznes-reja tasdiqlangandan soʻng amalga oshirish;
Direksiya soʻroviga binoan kreativ industriyalar yoʻnalishida oʻquv dasturlarida qatnashish va murabbiylar ajratish hamda Direksiya tomonidan jalb qilingan mutaxassis va stajyorlarga zarur shart-sharoitlar yaratib berish.
22. Kreativ park rezidenti sifatida roʻyxatdan oʻtkazish toʻgʻrisidagi qaror qabul qilingandan soʻng uch ish kuni ichida Direksiya quyidagilarni amalga oshiradi:
yuridik yoki jismoniy shaxsning nomi, faoliyat turi, pochta va elektron manzili maʼlumotlari koʻrsatilgan holda ularni rezidentlar roʻyxatiga kiritadi;
yuridik yoki jismoniy shaxsga Kreativ park rezidenti sifatida roʻyxatdan oʻtganligini tasdiqlovchi guvohnoma (sertifikat) taqdim etadi;
yuridik yoki jismoniy shaxsning Kreativ park rezidenti sifatida roʻyxatdan oʻtkazilgani toʻgʻrisidagi rasmiy xabarnomani Oʻzbekiston Respublikasi Soliq qoʻmitasi va Bojxona qoʻmitasi hamda rezidentga xizmat koʻrsatuvchi tijorat bankiga yuboradi.
23. Yuridik shaxs qayta tashkil etilgan taqdirda, agar bu qayta tashkil etish qayta tuzish shaklida amalga oshirilgan boʻlsa, Kreativ park rezidenti maqomi davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan sanadan boshlab qayta tashkil etilgan yuridik shaxsga oʻtadi, bunda barcha huquqlar va ilgari qabul qilingan majburiyatlar saqlanib qoladi.
Shu bilan birga, davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab oʻn ish kuni ichida yuridik shaxs Direksiyaga tegishli hujjatlarga oʻzgartirishlar kiritish boʻyicha yozma murojaat bilan chiqishi lozim.
Ushbu tartib yuridik shaxs nomi oʻzgartirilgan hollarda ham qoʻllaniladi.
Yuridik shaxs tomonidan qayta tashkil etish yoki nom oʻzgarishi haqida yuborilgan xabarnomaga asosan Direksiya rezidentlar roʻyxatiga mos oʻzgartirishlar kiritadi.
4-bob. Yuridik yoki jismoniy shaxsni kreativ park rezidenti maqomidan mahrum qilish asoslari va shikoyat berish tartiblari
24. Yuridik yoki jismoniy shaxsni Kreativ park rezidenti maqomidan mahrum qilish asoslari quyidagilardan iborat:
rezidentning amaldagi faoliyati kreativ industriya sohalaridagi iqtisodiy faoliyat turlariga mos kelmasligi;
Shartnoma boʻyicha Direksiya bilan belgilangan majburiyatlarning bajarilmasligi;
Kreativ park rezidentiga nisbatan sud qarori bilan toʻlovga qobiliyatsizlik tartib-taomillari (kuzatuv, sud sanatsiyasi, tashqi boshqaruv, tugatishga doir ish yuritish) qoʻllanilishi;
rezidentning oʻz ixtiyori bilan Kreativ park rezidenti maqomidan voz kechishi;
belgilangan muddatlarda va tartibda oʻz faoliyati, soliq va statistika hisobotlari, biznes-reja, auditorlik hisobotlari va auditorlik xulosasini taqdim etmaslik (bundan yakka tartibdagi tadbirkor va oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar mustasno) yoki ularda notoʻgʻri maʼlumotlarni taqdim etish;
Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq boshqa asoslar.
25. Direksiya Ekspertlar kengashi bilan birgalikda har yili Kreativ park rezidentlarining biznes-rejalari, oʻsish koʻrsatkichlari va ular tomonidan asosiy samaradorlik koʻrsatkichlariga (KPI) erishish holatini tahlil qiladi.
Agar xatoliklar aniqlansa, Kreativ park rezidenti ikki ish kunida mazkur xatoliklarni tuzatish choralarini koʻrsatuvchi reja taqdim etishi shart.
Kreativ park rezidenti tomonidan bunday reja taqdim etilmagan taqdirda yoki holat takroran yuz bersa, Direksiya tomonidan rezident maqomi oʻttiz kun muddatgacha toʻxtatilishi yoki bekor qilinishi mumkin.
26. Kreativ park rezidenti maqomidan mahrum qilish toʻgʻrisidagi qaror mazkur Nizomning 25-bandida nazarda tutilgan tahlil natijalari asosida Direksiya tomonidan qabul qilinadi.
Mazkur qaror qabul qilingach, yuridik yoki jismoniy shaxsga bu haqida xabarnoma yuboriladi hamda rezidentlar roʻyxatiga tegishli oʻzgartirishlar kiritiladi.
27. Direksiya Kreativ park rezidenti maqomidan mahrum qilish toʻgʻrisidagi qaror qabul qilingan kundan boshlab uch ish kuni ichida Kreativ park rezidenti maqomidan mahrum qilingani toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Soliq qoʻmitasi va Bojxona qoʻmitasi hamda rezidentga xizmat koʻrsatuvchi tijorat bankiga xabarnoma yuboradi.
5-bob. Kreativ park rezidentlari uchun soliq imtiyozlarini qoʻllash tartibi
28. Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi hamda boshqa soliq qonunchiligi hujjatlariga muvofiq Kreativ park rezidentlariga soliq imtiyozlari beriladi. Bunda rezidentlar oʻz xohishlariga koʻra imtiyozlardan qisman voz kechish orqali umumiy belgilangan soliqqa tortish tartibini tanlash huquqiga egadirlar.
29. Mazkur Nizomning 28-bandida nazarda tutilgan soliq imtiyozlari yuridik shaxs yoki jismoniy shaxs Kreativ park rezidenti sifatida roʻyxatga olingandan soʻng keyingi oyning 1-sanasidan boshlab qoʻllanadi.
30. Kreativ park rezidentlari tomonidan ushbu Nizomning 21-bandida nazarda tutilgan majburiyatlarning bajarilmasligi Kreativ park rezidenti maqomidan mahrum boʻlishni anglatadi va Direksiya tomonidan xabarnoma yuborilganidan soʻng davlat soliq xizmati organlari ularga mazkur Nizomning 28-bandida koʻrsatilgan soliq imtiyozlarini qoʻllashni bekor qilish choralarini koʻradi, shuningdek, ularning Davlat budjetiga toʻlov majburiyatlarini belgilangan tartibda tiklashni taʼminlaydi.
31. Yuridik yoki jismoniy shaxs Kreativ park rezidenti maqomidan mahrum qilingan oydan keyingi oyning 1-sanasidan boshlab soliqlar va yigʻimlar boʻyicha imtiyozlardan foydalana olmaydi. Bunda yuridik yoki jismoniy shaxsning Direksiyaga taqdim etgan arizasi sanasi, Kreativ park rezidentining maqomidan ixtiyoriy ravishda voz kechganligi sanasi hisoblanadi.
6-bob. Yakunlovchi qoidalar
32. Kreativ park faoliyati mazkur Nizom va qonunchilik hujjatlariga muvofiq qayta tashkil etiladi va toʻxtatiladi.
33. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar boʻladilar.
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 3-martdagi 90-son qaroriga 3-ILOVA
Kreativ industriya sohalaridagi iqtisodiy faoliyat turlari
ROʻYXATI
