Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 28-fevraldagi 72-F-son farmoyishi (72-F-son)
28.02.2026
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
Farmoyishi
“Oʻzbekiston — 2030” strategiyasini “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish” yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi hamda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida “Yurt obodligi, avvalo, mahalladan boshlanadi!” shiori ostida mahallalar, xiyobonlar, aholi turar joylari, ziyoratgohlar, qabristonlar hamda bolalar maydonchalarini obodonlashtirish tadbirlarini amalga oshirish, sogʻlom turmush tarzi hamda sanitariya-gigiyenik madaniyatni targʻib qilish, xalqimiz uchun ezgulik, birdamlik, oliyjanoblik va shukronalik timsoli boʻlgan qutlugʻ Ramazon oyida aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini koʻllab-quvvatlash maqsadida:
1. Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi, Oʻzbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini koʻllab-quvvatlash “Nuroniy” jamgʻarmasi, Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi va jamoatchilik vakillarining 2026-yil 13-14-mart kunlari “Yurt obodligi, avvalo, mahalladan boshlanadi!” shiori ostida umumxalq xayriya hasharini (keyingi oʻrinlarda — xayriya hashari) oʻtkazish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
2. “Yurt obodligi, avvalo, mahalladan boshlanadi!” shiori ostida umumxalq xayriya hasharini oʻtkazish boʻyicha ishchi guruh (keyingi oʻrinlarda — Ishchi guruh) tarkibi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Ishchi guruh (A. Ramatov), Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari xayriya hasharini oʻtkazish doirasida kuyidagi tadbirlarni amalga oshirish choralarini koʻrsin:
mahallalar, aholi punktlari, koʻp qavatli turar joylar, hovlilar atrofi, guzarlar, ziyoratgohlar, qabristonlar, koʻcha va yoʻlaklarni hamda bolalar maydonchalarini tartibga keltirish, daraxtlarni oqlash va butash ishlarini tashkil etish;
Toshkent, Samarqand, Shahrisabz shaharlarida Amir Temur haykallari oʻrnatilgan xiyobonlar atrofida, ulugʻ ajdodimiz nomi berilgan yurtimizdagi koʻplab koʻchalarda obodonlashtirish ishlarini tashkil etish;
“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida mahallalar va aholi xonadonlari atrofiga mevali va manzarali daraxt koʻchatlari ekish;
ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlari, ayniqsa ehtiyojmand, mehr-muruvvatga muhtoj, boquvchisiz qolgan keksa va nogironligi boʻlgan fuqarolarning uy-joy sharoitlarini yaxshilashga koʻmaklashish;
obodonlashtirish tadbiri ishtirokchilarini zarur texnika vositalari va anjomlar bilan taʼminlash;
joylarda obodonlashtirish ishlarini oʻtkazish jarayonida toʻplangan chiqindilar mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va boshqa mutasaddi tashkilotlar tomonidan alohida belgilangan joylarga olib chiqilishini taʼminlash;
avtomobil yoʻllari, harakatlanish tigʻiz boʻlgan koʻchalar, suv obyektlari, qirgʻoqboʻyi hududlari, qurilish maydonlari, bino va inshootlar tomlari, xavfli ishlab chiqarish obyektlari, shuningdek insonlarning hayoti yoki sogʻligʻiga xavf tugilishi mumkin boʻlgan boshqa joylarda ixtiyoriy tashabbus bilan tadbirlar va boshqa ishlarni amalga oshirish taqiqlanganini qatʼiy nazoratga olish;
Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasida majburiy mehnatga barham berishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2018yil 10-maydagi 349-son qaroriga muvofiq xayriya hasharini oʻtkazishda aholini boshqa turdagi jamoat ishlari, shu jumladan, qurilish-taʼmirlash va qishloq xoʻjaligi ishlariga majburiy jalb etishga qatʼiy yoʻl qoʻyilmasligini hamda tegishli tashkilotlar hududida obodonlashtirish ishlarida mehnat muhofazasi va texnika xavfsizligi qoidalariga rioya etilishini taʼminlash.
4. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi, Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi, Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi, Din ishlari boʻyicha qoʻmita, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi bilan birgalikda aholi oʻrtasida respublikada amalga oshirilayotgan obodonlashtirish ishlari, sogʻlom turmush tarzi hamda sanitariya-gigiyenik madaniyatni targʻib qilish maqsadida joylarda davra suhbatlari, tushuntirish ishlari va boshqa tadbirlarni tashkil etsin.
5. Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi, Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi, Oʻzbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qoʻllab-quvvatlash “Nuroniy” jamgʻarmasiga xayriya hasharini oʻtkazish doirasida Ishchi guruhga belgilangan vazifalarni amalga oshirishda koʻmaklashish tavsiya etilsin.
6. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari:
xayriya hasharini yuqori saviyada tashkil etish va aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida har bir mahallada amalga oshiriladigan chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqib, tasdiqlasin;
xayriya hashari davomida har bir koʻcha va koʻp kvartirali turar joylarda amalga oshiriladigan ishlar hajmini “koʻchabay” hamda koʻp kvartirali turar joylarda “xonadonbay” shakllantirsin hamda unga “mahalla yettiligi” va faollarini biriktirsin;
Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi, Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi, Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi bilan birgalikda xayriya hasharini oʻtkazishga fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, koʻp qavatli uylarni boshqaruvchi tashkilotlar, shuningdek respublikaning barcha aholisi, ayniqsa yoshlarni jalb etishda ixtiyoriylikni taʼminlasin.
7. Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiya, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi xayriya hashari davomida sanitariya normalari, qoidalari va gigiyena normativlariga rioya etilishini, jamoat tartibini saqlash va yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash choralarini koʻrsin hamda texnik jihatdan soz boʻlgan texnika vositalaridan foydalanilishini nazoratga olsin.
8. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga xayriya hasharini yoritish tavsiya etilsin.
9. Ushbu farmoyishning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.J. Ramatov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2026-yil 28-fevral,
72-F-son
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 28-fevraldagi 72-F-son farmoyishiga ILOVA
“Yurt obodligi, avvalo, mahalladan boshlanadi!” shiori ostida umumxalq xayriya hasharini oʻtkazish boʻyicha ishchi guruh
TARKIBI
