Qoraqalpogʻiston Respublikasini 2026-yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va kelgusi yillar uchun moʻljallangan dasturlarni tasdiqlash toʻgʻrisida (PQ-70-son)
21.02.2026
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING
QARORI
Qoraqalpogʻiston Respublikasining ijtimoiy infratuzilmasi va meʼmoriy qiyofasini yaxshilash, shuningdek, aholi yashashi va tadbirkorlik uchun qulay infratuzilmaviy loyihalarga davlat va xususiy sektor mablagʻlarini jalb qilish orqali yuqori iqtisodiy oʻsishni taʼminlash, loyihaviy yondashuv asosida mahallalar ixtisoslashuvini chuqurlashtirish maqsadida qaror qilaman:
I. Maqsadlar
1. Quyidagilar Qoraqalpogʻiston Respublikasini barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosiy maqsadlari etib belgilansin:
(a) 2026-yil yakuniga qadar:
(i) yalpi hududiy mahsulot hajmini 8,1 foizga, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini 8 foizga oshirish;
(ii) toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar hajmini 3,5 milliard AQSH dollariga yetkazish;
(iii) ishsizlik darajasini 4,2 foizgacha, kambagʻallik darajasini 3,2 foizgacha pasaytirish, Nukus shahri, Qoʻngʻirot va Chimboy tumanlari hamda 109 ta mahallani ishsizlik va kambagʻallikdan xoli hududga aylantirish, 5 400 nafar mutaxassisni mehnat bozorida talab yuqori boʻlgan kasblarga oʻqitish;
(iv) “ogʻir” toifadagi Boʻzatov, Qonlikoʻl, Moʻynoq va Shumanay tumanlarida hamda kambagʻallik darajasi yuqori boʻlgan 90 ta mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish va infratuzilmani yaxshilash orqali kambagʻallik darajasini ikki barobar qisqartirish;
(b) 2030-yilga qadar:
(i) yalpi hududiy mahsulot hajmini 102,4 trillion soʻmga, qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishini 28,9 trillion soʻmga yetkazish hamda sanoat va xizmatlar sohasida jami 7,2 milliard AQSH dollari ekvivalentidagi loyihalarni amalga oshirish;
(ii) eksport hajmini 900 million AQSH dollariga yetkazish;
(iii) sunʼiy intellekt texnologiyalarini rivojlantirishga 5 milliard AQSH dollaridan ortiq xorijiy investitsiyalarni jalb qilish orqali maʼlumotlarni qayta ishlash, modulli intellektual hisoblash hamda “bulutli” maʼlumotlar va hisoblash markazlari imkoniyatlaridan foydalanish darajasini oʻn baravarga oshirish;
(iv) qayta tiklanuvchi energiya manbalari (quyosh va shamol) ulushining umumiy generatsiya quvvatidagi salmogʻini 70 foizga yetkazish;
(v) aholi punktlarining markazlashgan ichimlik suvi taʼminotini 83,5 foizga yetkazish.
2. Quyidagilar:
(a) 2026-yilda Qoraqalpogʻiston Respublikasini rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlari 1-ilovaga muvofiq;
(b) har bir tuman (shahar)ning ixtisoslashuvi, geografik joylashuvi, tabiiy xomashyo va yer resurslari hamda infratuzilmaviy imkoniyatlari asosida Qoraqalpogʻiston Respublikasi tuman (shahar)larining qiyosiy ustunligi asosida namunali va metodik hududga aylantirish yoʻnalishlari 2-ilovaga muvofiq;
(v) Qoraqalpogʻiston Respublikasini 2026-yil va kelgusi yillarda kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar dasturi 3-ilovaga muvofiq;
(g) 2026-yilda Qoraqalpogʻiston Respublikasida oʻzlashtiriladigan investitsiyalarning maqsadli koʻrsatkichlari 4-ilovaga muvofiq;
(d) 2030-yilgacha Qoraqalpogʻiston Respublikasini rivojlantirishning asosiy maqsadli koʻrsatkichlari 5-ilovaga muvofiq;
(j) 2026 — 2030-yillarda Qoraqalpogʻiston Respublikasida zamonaviy sunʼiy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish maqsadida amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan loyihalar roʻyxati 6-ilovaga muvofiq;
(z) 2026 — 2030-yillarda Qoraqalpogʻiston Respublikasidagi aholi punktlarining markazlashgan ichimlik suvi taʼminoti tizimlarini bosqichma-bosqich kompleks rivojlantirishga moʻljallangan yigʻma parametrlar 7-ilovaga muvofiq;
(i) Qoraqalpogʻiston Respublikasida xalqaro moliya institutlarining 939 million AQSH dollari va 160 million yevro miqdoridagi mablagʻlari hisobidan amalga oshirilayotgan 11 ta yirik investitsiya loyihalarini jadallashtirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” 8-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
II. Qishloq xoʻjaligi va chorvachilikni rivojlantirish
3. Quyidagilar:
(a) Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining Ekologiya va Orolboʻyi hududini rivojlantirish masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosari lavozimi tugatilsin;
(b) Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining yaylovlardan samarali foydalanishni tashkil etish, chorva ozuqa bazasini mustahkamlash va chorvachilikni rivojlantirish masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosari lavozimi kiritilsin. Bunda yangi kiritilayotgan birinchi oʻrinbosarning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:
(i) yaylov va choʻl hududlarda iqlimga mos chorva ozuqa ekinlari, dorivor va ziravorlar urugʻlarini ekish orqali chorva ozuqa bazasini mustahkamlash hamda eksportbop oʻsimliklar yetishtirishni yoʻlga qoʻyish;
(ii) yaylov va choʻl hududlarda yerosti suv zaxiralarini aniqlash, ulardan samarali foydalanishni yoʻlga qoʻyish orqali hududlarda chorvachilik, tuyachilik, parrandachilik va quyonchilikni rivojlantirish boʻyicha istiqbolli loyihalarni amalga oshirish;
(iii) yaylovlarni muhofaza qilish, degradatsiyaga uchragan yaylovlarni qayta tiklash va global iqlim oʻzgarishlariga moslashuvchan ekotizimni yaratish.
4. Iqtisodiyot va moliya vazirligi “Oʻzagrostar xolding” kompaniyasi bilan birgalikda:
(a) “Beruniy Agro Star” MCHJ tomonidan loyihaviy yondashuv asosida Qoʻngʻirot, Chimboy, Beruniy, Kegeyli, Boʻzatov, Qonlikoʻl, Shumanay va Moʻynoq tumanlaridagi 33 ta mahallada tuproq va suv tahlilini oʻtkazish, arzon narxlarda sifatli chorva ozuqa urugʻlarini yetkazib berish hamda zarur texnika va agronom xizmatlarini koʻrsatish;
(b) Qoʻngʻirot, Chimboy, Beruniy, Boʻzatov va Qonlikoʻl tumanlarida chorva ozuqasini yetishtirish, saqlash, qadoqlash quvvatlarini ishga tushirish va aholiga yetkazib berish tizimini yoʻlga qoʻyish;
(v) 2026-yil yakuniga qadar Beruniy tumanida yillik quvvati 36 ming tonna boʻlgan chorva va baliq ozuqasini ishlab chiqarishga moʻljallangan zamonaviy Agromajmua loyihasini ishga tushirish;
(g) 2026 — 2028-yillarda Qoraqalpogʻiston Respublikasida oʻn ming gektar yer maydonlarida chorva ozuqasi yetishtirish choralarini koʻrsin. Bunda sunʼiy intellekt texnologiyalari yordamida oʻsimliklarning oʻsish jarayoni monitoring qilinadi va kasalliklarni erta aniqlash choralari koʻriladi, shuningdek, zamonaviy suv tejovchi texnologiyalardan foydalaniladi.
5. Suv resurslaridan oqilona foydalanish, ularning qoʻshimcha manbalarini jalb etish maqsadida shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:
(a) Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashiga Suv xoʻjaligi vazirligi bilan kelishgan holda sugʻorish va kollektor-drenaj tarmoqlaridan suvni chiqarib olish uchun qoʻshimcha nasos agregatlari oʻrnatilishini tashkil etish huquqi beriladi;
(b) ushbu obyektlardan foydalanish bilan bogʻliq xarajatlar Suv xoʻjaligi vazirligiga respublika budjetidan ajratilgan mablagʻlar doirasida amalga oshiriladi.
III. Urbanizatsiya jarayonlarini jadallashtirish, infratuzilma va ekologik vaziyatni yaxshilash
6. Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi ikki oy muddatda Jahon bankining “Oʻrta shaharlarni kompleks rivojlantirish” loyihasi doirasida Qoraqalpogʻiston Respublikasini hududiy rejalashtirish strategiyasi hamda “Yangi Oʻzbekiston qiyofasidagi tuman (shahar)” maqomi berilgan Qoʻngʻirot va Chimboy tumanlari, shuningdek, Nukus shahri boʻyicha fazoviy va master rejalarni ishlab chiqish uchun belgilangan tartibda nufuzli kompaniyalarni jalb etsin. Bunda ishlab chiqiladigan fazoviy va master rejalar ushbu tuman (shahar)larda amalga oshiriladigan infratuzilma loyihalarini tanlash va ularga oʻzgartirish kiritishga asos boʻlishi belgilab qoʻyilsin.
7. 2026-yilda Qoraqalpogʻiston Respublikasining iqtisodiy oʻsishiga turtki beruvchi drayver loyihalarning infratuzilmasini yaxshilash maqsadida:
(a) Iqtisodiyot va moliya vazirligi 2026-yil 1-martga qadar talab etiladigan mablagʻlar boʻyicha boʻnak toʻlovlarini respublika budjetidan ajratsin;
(b) Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi 2026-yil 20-martga qadar infratuzilma loyihalari manzilli roʻyxatiga kiritilgan obyektlarning loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqsin hamda obyektlarda qurilish ishlari 2026-yil 10-aprelga qadar boshlanishini taʼminlasin.
8. Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qoʻmitasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi bilan birgalikda 2027-yil 1-aprelga qadar xalqaro moliya institutlari koʻmagida shaharsozlik va urbanizatsiya sohasida ilgʻor kompaniyalarni jalb qilgan holda Nukus shahrining arxitekturaviy qiyofasini yangilash, qulay va zamonaviy shahar konsepsiyasini ishlab chiqsin.
9. Qoraqalpogʻiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish maqsadida:
(a) Iqtisodiyot va moliya vazirligi va Osiyo taraqqiyot banki oʻrtasida erishilgan kelishuvlar doirasida Qoraqalpogʻiston Respublikasini rivojlantirish dasturini 2027-yildan boshlab natijaga asoslangan moliyalashtirish tizimi (PforR) boʻyicha jalb etiladigan 200 million AQSH dollari hisobiga amalga oshiriladigan loyihalarning manzilli roʻyxati 9-ilovaga muvofiq tasdiqlansin. Bunda ushbu mablagʻlar:
(i) Nukus shahrida tirbandliklarni kamaytirish maqsadida Nukus shahri va Taxiatosh tumanini bogʻlovchi 2,2 kilometr avtomobil yoʻli, 1 ta koʻprik hamda “D 234 (4R176)” Nukus — Chimboy — Taxtakoʻpir avtomobil yoʻlining 4 kilometr qismida yangidan yoʻl oʻtkazgich qurishga;
(ii) Amudaryo tumanida 6 ta mahalla fuqarolar yigʻiniga 107,1 kilometr ichimlik suv tarmogʻini yangidan qurish, umumfoydalanishdagi avtomobil yoʻllarining 110,5 kilometr qismini, 1 ta nasos stansiyasini hamda tuman markazidagi mavjud lokal oqova suv tozalash inshootini rekonstruksiya qilishga;
(iii) Shumanay tumanida umumfoydalanishdagi “D 235 (4P177)” avtomobil yoʻlining 31 kilometr qismini rekonstruksiya qilishga;
(iv) Taxiatosh tumanining 2 ta mahalla fuqarolar yigʻiniga 89,8 kilometr ichimlik suv tarmogʻi hamda 2 ta suv taqsimlash inshootini qurishga;
(v) Toʻrtkoʻl tumani markazidagi koʻchalar hamda 11 ta mahalla fuqarolar yigʻinining 389,3 kilometr ichimlik suv tarmoqlarini hamda 3 ta suv taqsimlash inshootini qurish va rekonstruksiya qilishga;
(vi) Ellikqalʼa tumani markazi Boʻston shahrida 35,7 kilometr markazlashgan kanalizatsiya tizimini hamda 5 ta oqova suv tozalash inshootlarini qurishga;
(vii) Beruniy tumani markaziga 35,7 kilometr markazlashgan kanalizatsiya tizimi hamda 4 ta oqova suv tozalash inshootlarini yangidan qurishga yoʻnaltirilishi belgilab qoʻyilsin;
(b) Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesiga Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan kelishgan holda loyihalarni amalga oshirish uchun zarur infratuzilmani yaratish yuzasidan jalb qilinadigan qarz mablagʻlarining tegishli xarajat yoʻnalishlarini belgilash va qayta taqsimlash hamda loyihalar va ularning parametrlariga oʻzgartirishlar kiritish vakolati berilsin.
10. Qoraqalpogʻiston Respublikasidagi aholi punktlarining markazlashgan ichimlik suv taʼminoti tizimlarini kompleks rivojlantirish maqsadida “Oʻzsuvtaʼminot” AJ Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi bilan birgalikda:
(a) ushbu qarorga 7-ilova bilan tasdiqlangan yigʻma parametrlar doirasida har yili manzilli roʻyxatlar shakllantirish;
(b) xalqaro moliya institutlari, Davlat budjeti, mahalliy budjetlar va homiylik mablagʻlari hisobidan jami 2,2 trillion soʻm mablagʻ yoʻnaltirish choralarini koʻrsin.
11. Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi huzuridagi Umummilliy ekologik muammolarni bartaraf etish davlat maqsadli jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan 2026 — 2028-yillarda Qoraqalpogʻiston Respublikasida maishiy chiqindilarni boshqarish tizimini modernizatsiya qilish dasturi 10-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
12. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi bilan birgalikda 2026 — 2030-yillarda Nukus shahri atrofida 15 ming gektar (shundan daraxt va butalar ekiladigan maydon 3 ming gektar) maydonda “yashil belbogʻ”lar barpo etsin va choʻllanishga qarshi kurashish tadbirlarini amalga oshirsin.
Bunda ushbu tadbirlar Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi huzuridagi Umummilliy ekologik muammolarni bartaraf etish davlat maqsadli jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan moliyalashtirilishi belgilab qoʻyilsin.
13. Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashining 2026 — 2028-yillarda Xitoy Xalq Respublikasining Futszyan qishloq va oʻrmon xoʻjaligi universiteti huzuridagi Milliy muhandislik ilmiy-tadqiqot markazi hamkorligida kamida 100 gektar yer maydonida choʻllanish jarayonlarini kamaytirishga qaratilgan va iqtisodiy ahamiyatga ega junsao oʻsimligini yetishtirish loyihasini Kambagʻallikni qisqartirish davlat maqsadli jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan “Kambagʻallik va mehnat sohasidagi loyihalarni boshqarish markazi” MCHJ orqali amalga oshirish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
IV. Sanoatni rivojlantirish
14. Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashining Beruniy tumanidagi qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan 13 gektar boʻsh yer uchastkasini ajratish hisobidan “Nukus” erkin iqtisodiy zonasi (keyingi oʻrinlarda — “Nukus” EIZ) hududini kengaytirish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin. Bunda:
(a) “Nukus” EIZga ajratilayotgan qoʻshimcha yer uchastkasining chegaralari 11-ilovaga muvofiq tasdiqlansin;
(b) mazkur yer uchastkasini avtomobil yoʻllari infratuzilmasi bilan taʼminlash uchun zarur mablagʻlar 2026-yil ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi doirasida ajratilishi taʼminlansin.
15. Qoraqalpogʻiston Respublikasida avtomobil sanoati uchun butlovchi qismlar ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilgan texnologik klaster (keyingi oʻrinlarda — texnologik klaster) tashkil etilsin. Bunda:
(a) texnologik klasterda loyihalarni amalga oshiruvchilarga “Nukus” EIZ ishtirokchisi maqomi beriladi;
(b) texnologik klaster Davlat budjeti parametrlarida maxsus sanoat zonalari hamda toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi yirik ishlab chiqarish loyihalarining infratuzilmasini rivojlantirish uchun nazarda tutilgan mablagʻlar hisobidan zarur tashqi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari bilan belgilangan tartibda taʼminlanadi;
(v) Sanoatni rivojlantirish jamgʻarmasiga Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan 60,1 million AQSH dollari miqdorida mablagʻlar ajratgan holda 10 yil muddatga, 3 yillik imtiyozli davr bilan, yillik 7 foiz stavkada (bank marjasi bilan birga) ishlab chiqarish dastgohlari xaridi uchun kredit liniyasi ajratiladi.
16. 2026 — 2030-yillarda Qoraqalpogʻiston Respublikasida istiqbolli konlarni oʻzlashtirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” 12-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi bilan birgalikda “yoʻl xaritasi”ga muvofiq noruda yer qaʼri uchastkalari elektron onlayn auksion savdolariga chiqarilishini taʼminlasin.
17. Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi 2027-yildan boshlab Qoʻngʻirot tumanida xalqaro standartlarga javob beruvchi “quruq port” maqomiga ega Orol logistika markazi faoliyatini yoʻlga qoʻyish uchun xorijiy investorlarni jalb qilsin.
V. Turizm sohasidagi loyihalarni amalga oshirish
18. Quyidagilar:
(a) “Barsakelmes” tuz konining ekologik va sarguzasht turizmi sohasidagi imkoniyatlarini xalqaro turizmga integratsiya qilish maqsadida tuz koni hududida tabiiy muhitga minimal taʼsir koʻrsatgan holda turli tadbirlar oʻtkazish uchun ramziy maydonchalarga ega boʻlgan hududni belgilash va turistik-rekreatsion zona tashkil qilinsin;
(b) Qoraqalpogʻiston Respublikasi hududining noodatiy landshaftli nuqtalariga tashrif buyuruvchilar sonini oshirish hamda astroturizmni rivojlantirish maqsadida Orolboʻyi va Ustyurt platosining noodatiy manzaralarini kuzatish mumkin boʻlgan nuqtalarda atrof-muhitga minimal taʼsir koʻrsatuvchi yengil infratuzilma yechimlarini qoʻllagan holda turistik-glemping zonasi tashkil qilinsin;
(v) turistik-rekreatsion va turistik-glemping zonalarini infratuzilma obyektlari bilan taʼminlash, shuningdek, Orol dengizi tarixi muzeyini zamonaviy texnologiyalar bilan qayta jihozlash hamda modernizatsiya qilish uchun 2026-yilda Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjetidan hisob-kitoblarga koʻra mablagʻ ajratilsin.
19. Belgilansinki, Qoraqalpogʻiston Respublikasida davlat roʻyxatidan oʻtgan hamda litsenziyaga ega boʻlgan turoperatorlarga 2029-yil 1-yanvarga qadar oʻz ehtiyojlari uchun, istisno tariqasida, ekstremal turlarni tashkil qilish uchun dvigatel hajmi 2,4 litrdan kam boʻlmagan yuqori oʻtish qobiliyatiga ega transport vositalari import qilinayotganda bir kalendar yilda soddalashtirilgan tartibda 5 tagacha boʻlgan transport vositasini sertifikatlashga ruxsat etiladi.
VI. Mahallalar faoliyatini qoʻllab-quvvatlash
20. “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish” yilida aholi muammolarini hal etishda birinchi boʻgʻin hisoblangan mahalla fuqarolar yigʻinlarini zamonaviy binolar bilan taʼminlash maqsadida:
(a) 2026 — 2028-yillarda Qoraqalpogʻiston Respublikasining tuman (shahar)larida davlat-xususiy sheriklik asosida mahalla fuqarolar yigʻinlarini yangi binolarga joylashtirish boʻyicha manzilli roʻyxat 13-ilovaga muvofiq tasdiqlansin;
(b) Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi 14-ilovaga muvofiq davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida mahalla fuqarolar yigʻinlarini zamonaviy koʻp qavatli binolarga joylashtirish uchun tashabbuskor investorlarni (keyingi oʻrinlarda — investor) jalb qilsin. Bunda maydoni 120 kv metrdan kichik boʻlmagan mahalla fuqarolar yigʻini binosini qurib foydalanishga topshirgan investorga ushbu binoning taraflar oʻrtasida kelishilgan bitimga muvofiq investorga tegishli boʻladigan qismiga mulk huquqi eʼtirof etiladi.
21. 2026-yil 1-apreldan boshlab maʼmuriy boshqaruv jihatdan Nukus shahri tarkibiga kiruvchi “Qaratau” va “Bestobe” mahalla fuqarolar yigʻinlari aholisiga davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarida bola taʼminoti uchun ota-onalar toʻlovi miqdorlariga shahar (tuman)larning toifasidan qatʼi nazar 50 foiz kamaytiruvchi koeffitsiyentlar qoʻllanilsin.
VII. Imtiyozlar va moliyaviy resurslar
22. Qoraqalpogʻiston Respublikasida aholi va tadbirkorlar uchun qulay infratuzilmaviy imkoniyatlarni yaratish maqsadida:
(a) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti topshiriqlariga asosan hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish uchun nazarda tutilgan mablagʻlar hisobidan 150 milliard soʻm Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashiga ajratilsin;
(b) Iqtisodiyot va moliya vazirligi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi bilan birgalikda ushbu qarorda nazarda tutilgan infratuzilma obyektlarining manzilli roʻyxati shakllantirilishini hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesida maʼqullangandan soʻng Vazirlar Mahkamasi Rayosatiga belgilangan tartibda tasdiqlash uchun kiritilishini taʼminlasin.
23. Belgilansinki:
(a) 2026-yil 1-martdan — 2027-yil 31-dekabrga qadar Qoraqalpogʻiston Respublikasida eng yaxshi loyihalarni tanlab olish yoʻli bilan aniqlanadigan investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun pichanzorlar va yaylov yer uchastkalarini ajratishda ularning yer fondi toifasini oʻzgartirish hisobiga yuzaga keladigan qishloq xoʻjaligi va oʻrmon xoʻjaligi ishlab chiqarishi nobudgarchiliklarining oʻrnini qoplash boʻyicha toʻlovlarda lalmi yerlar, pichanzorlar va yaylovlar holatini tubdan yaxshilash bilan bogʻliq xarajatlarning 20 barobarida oshiruvchi miqdorlar, istisno tariqasida, qoʻllanilmaydi (bundan lalmi yerlar va sugʻorilmaydigan koʻp yillik daraxtzorlar egallagan yerlar mustasno);
(b) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 31-avgustdagi “Qoraqalpogʻiston Respublikasida tadbirkorlik, innovatsion texnologiyalar va infratuzilmalarni jadal surʼatlarda rivojlantirish orqali aholi farovonligini oshirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-213-son Farmoni 2-bandining “a” kichik bandida nazarda tutilgan soliq imtiyozlarining (bundan aylanmadan olinadigan soliq mustasno) amal qilish muddati 2028-yil 1-yanvardan 2040-yil 1-yanvarga qadar uzaytiriladi. Bunda ushbu imtiyoz har bir xodimga ish haqi miqdori har oyda mehnatga haq toʻlash eng kam miqdorining ikki baravaridan kam boʻlmagan miqdorda hisoblangan yuridik shaxslarga nisbatan tatbiq etiladi;
(v) Qoraqalpogʻiston Respublikasida turizm va xizmatlar sohasini qoʻllab-quvvatlash maqsadida maydoni besh ming kvadrat metrdan yuqori boʻlgan savdo komplekslari va mehmonxona (joylashtirish vositalari) xizmatlari boʻyicha mazkur hududda faoliyatini amalga oshirayotgan tadbirkorlik subyektlariga 2027-yil 1-yanvardan 2040-yil 1-yanvarga qadar boʻlgan davrda yer soligʻi va mol-mulk soligʻi stavkalari 90 foizga kamaytirilgan holda qoʻllaniladi.
24. Iqtisodiyot va moliya vazirligi Soliq qoʻmitasi va Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi bilan birgalikda uch oy muddatda mazkur qarorning 23-bandining “b” va “v” kichik bandlaridan kelib chiqib, Soliq kodeksiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
25. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Markaziy bank, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligining 2028-yil 1-yanvarga qadar quyidagilarni nazarda tutuvchi takliflari maʼqullansin:
(a) Qoraqalpogʻiston Respublikasi hududida joylashgan tijorat banklarining balansida boʻlgan mol-mulk obyektlarini bozor narxida qayta baholab, 10 yil davomida foizsiz boʻlib-boʻlib toʻlash sharti bilan toʻgʻridan-toʻgʻri realizatsiya qilish;
(b) realizatsiya qilingan mol-mulk obyektlari boʻyicha tuzilgan oldi-sotdi shartnomalariga muvofiq toʻlovlar olti oy ichida toʻliq toʻlanganda shartnoma qiymatining 25 foiziga teng miqdorda chegirmalar berish.
VIII. Qaror ijrosini tashkil etish, taʼminlash va nazorat
26. Bosh vazir oʻrinbosari J. Qoʻchqorov mazkur qarorni amalga oshirish uchun talab etiladigan mablagʻlarning belgilangan tartibda toʻliq va oʻz muddatida moliyalashtirilishini nazorat qilib borsin.
27. Mazkur qaror ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib Bosh vazir oʻrinbosarlari J.A. Qoʻchqorov, J.A. Xodjayev va A.J. Ramatov hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi F.U. Ermanov belgilansin.
28. Qaror ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari S.Sh. Mirziyoyeva zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2026-yil 21-fevral,
PQ-70-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 21-fevraldagi PQ-70-son qaroriga 1-ILOVA
2026-yilda Qoraqalpogʻiston Respublikasini rivojlantirishning
ASOSIY YOʻNALISHLARI
1. Qishloq xoʻjaligida yuqori daromadli va kam suv talab qiladigan ekinlar ulushini koʻpaytirish orqali sohaning samaradorligini yanada oshirish.
2. Yaylovlardan samarali foydalanishni tashkil etish, chorva ozuqa bazasini mustahkamlash va chorvachilikni rivojlantirish.
3. Yangi sanoat quvvatlarini ishga tushirish va qayta ishlash tarmoqlarini rivojlantirish orqali hududning industrial imkoniyatlarini kengaytirish.
4. Suv, elektr taʼminoti, transport va kommunal xizmatlar infratuzilmasini yangilash orqali aholi va tadbirkorlar uchun qulay sharoitlar yaratish.
5. Maʼlumotlarni qayta ishlash markazlari, “bulutli” maʼlumotlar hamda hisoblash markazlari, modulli intellektual hisoblash markazlari va boshqa shu kabi zamonaviy sunʼiy intellekt infratuzilmasini rivojlantirish imkoniyatlarini kengaytirish.
6. Hududning madaniy va tabiiy merosini keng targʻib etish hamda zamonaviy turistik xizmatlar yaratish orqali turizm salohiyatini yuksaltirish.
7. Davlat boshqaruvini takomillashtirish va kadrlar salohiyatini oshirish orqali hududiy rivojlanish jarayonlarining samaradorligini kuchaytirish.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 21-fevraldagi PQ-70-son qaroriga 2-ILOVA
Har bir tuman (shahar)ning ixtisoslashuvi, geografik joylashuvi, tabiiy xomashyo va yer resurslari hamda infratuzilmaviy imkoniyatlari asosida Qoraqalpogʻiston Respublikasi tuman (shahar)larining qiyosiy ustunligi asosida namunali va metodik hududga aylantirish
YOʻNALISHLARI
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 21-fevraldagi PQ-70-son qaroriga 3-ILOVA
Qoraqalpogʻiston Respublikasini 2026-yil va kelgusi yillarda kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan
CHORA-TADBIRLAR DASTURI
Izoh: normativ-huquqiy hujjatlarning turlari tegishli huquqiy munosabatlarni tartibga solish sohasi va predmetiga qarab qayta koʻrib chiqilishi yoki yagona hujjatga birlashtirilishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 21-fevraldagi PQ-70-son qaroriga 4-ILOVA
2026-yilda Qoraqalpogʻiston Respublikasida oʻzlashtiriladigan investitsiyalarning
MAQSADLI KOʻRSATKICHLARI
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 21-fevraldagi PQ-70-son qaroriga 5-ILOVA
2030-yilgacha Qoraqalpogʻiston Respublikasini rivojlantirishning
ASOSIY MAQSADLI KOʻRSATKICHLARI
Izoh:
* Yildan-yilga oʻsib boruvchi yoki kamayib boruvchi koʻrsatkich.
** Yillik koʻrsatkich.
*** Tarmoq, vazirlik va idoralar loyihalaridan tashqari
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 21-fevraldagi PQ-70-son qaroriga 6-ILOVA
2026 — 2030-yillarda Qoraqalpogʻiston Respublikasida zamonaviy sunʼiy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish maqsadida amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan loyihalar
ROʻYXATI
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 21-fevraldagi PQ-70-son qaroriga 7-ILOVA
2026 — 2030-yillarda Qoraqalpogʻiston Respublikasidagi aholi punktlarining markazlashgan ichimlik suvi taʼminoti tizimlarini bosqichma-bosqich kompleks rivojlantirishga moʻljallangan
YIGʻMA PARAMETRLAR
Izoh. Aholining markazlashgan ichimlik suvi bilan taʼminlanganlik darajasini oshirish, koʻrsatilgan moliyaviy resurslarni toʻliq ajratish hisobiga amalga oshiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 21-fevraldagi PQ-70-son qaroriga 8-ILOVA
Qoraqalpogʻiston Respublikasida xalqaro moliya institutlari mablagʻlarini jalb etish hisobiga amalga oshirilayotgan loyihalarni jadallashtirish boʻyicha
“YOʻL XARITASI”
Izoh: Favqulodda shtab* — Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 11-fevraldagi PQ-51-son qarorining 1-ilovasi bilan tasdiqlangan — Xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlari ishtirokidagi investitsiya loyihalari bilan ishlash boʻyicha Favqulodda shtab.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 21-fevraldagi PQ-70-son qaroriga 9-ILOVA
2027-2028-yillarda Qoraqalpogʻiston Respublikasida Xalqaro moliya institutlari mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladigan ijtimoiy va infratuzilma loyihalarining
MANZILLI ROʻYXATI
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 21-fevraldagi PQ-70-son qaroriga 10-ILOVA
2026 — 2028-yillarda Qoraqalpogʻiston Respublikasida maishiy chiqindilarni boshqarish tizimini modernizatsiya qilish
DASTURI
Izoh. Amalga oshiriladigan tadbirlar, ularning narxlari va moliyalashtirish manbalariga xaridlarni amalga oshirish jarayonlarida aniqlik kiritilishi mumkin.
Yuqoridagi tadbirlarni moliyalashtirish uchun Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi huzuridagi Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi buyurtmachi sifatida belgilanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 21-fevraldagi PQ-70-son qaroriga 11-ILOVA
“Nukus” erkin iqtisodiy zonasiga ajratilayotgan qoʻshimcha yer uchastkasining chegaralari
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 21-fevraldagi PQ-70-son qaroriga 12-ILOVA
2026 — 2030-yillarda Qoraqalpogʻiston Respublikasida istiqbolli konlarni oʻzlashtirish boʻyicha
“YOʻL XARITASI”
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 21-fevraldagi PQ-70-son qaroriga 13-ILOVA
2026 — 2028-yillarda Qoraqalpogʻiston Respublikasining tuman (shahar)larida davlat-xususiy sheriklik asosida mahalla fuqarolar yigʻinlarini yangi binolarga joylashtirish boʻyicha
MANZILLI ROʻYXAT
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 21-fevraldagi PQ-70-son qaroriga 14-ILOVA
Tanlangan hududlarda mahalla fuqarolar yigʻinlari binolarini barpo etishda davlat-xususiy sheriklikning asosiy shartlari
1. Mahalla fuqarolar yigʻinlari binolarini qurish uchun zarur yer uchastkalari tuman (shahar) hokimliklari tomonidan tegishli mahalla fuqarolar yigʻini hududidagi aholi bilan kelishilgan holda, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi maʼqullagandan soʻng tanlab olinadi.
2. Tegishli tuman (shahar) hokimliklari davlat sherigi hisoblanadi hamda noturar joy shaklida barpo etiladigan mahalla fuqarolar yigʻinlarining loyiha hujjatlari dastlab mahalliy hokimlik va mahalla fuqarolar yigʻini bilan kelishiladi.
3. Tashabbuskor investorlarni (keyingi oʻrinlarda — investor) tanlab olishning asosiy mezonlari quyidagilar hisoblanadi:
(a) mahalla fuqarolar yigʻini binolarini qurish muddati;
(b) taklif etiladigan kapital qoʻyilmalar;
(v) tashabbuskor investorning moliyaviy holati.
4. Mahalla fuqarolar yigʻinlari binolarini qurish uchun tanlangan yer uchastkalari davlat sherigi tomonidan investorga toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar bilan ijara huquqi asosida davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisida bitim rasmiylashtirilganligi uchun toʻlov undirilmagan holda beriladi.
5. Tanlangan yer uchastkalarida hududning arxitektura qiyofasiga mos ravishda investorning oʻz mablagʻi hisobidan barpo etiladigan koʻp qavatli binolarning 30 foizgacha qismi, pastki qavatlarida (yarim yertoʻla qismi bilan birga) mahalla fuqarolar yigʻinini joylashtirish uchun davlat sherigiga davlat mulki sifatida operativ boshqaruv huquqi asosida bepul beriladi.
6. Yangi barpo etiladigan mahalla fuqarolar yigʻinlari binolarining davlat sherigiga tegishli qismiga mahalla fuqarolar yigʻinlari bepul foydalanish huquqi asosida joylashtiriladi.
7. Investorning huquq va majburiyatlari, mahalla fuqarolar yigʻinlari binolariga tutash obyektlarda (xonalarda) amalga oshirilishi mumkin boʻlgan faoliyat turlari va yoʻnalishlari, shuningdek, davlat-xususiy sheriklikning boshqa shartlari investor, davlat sherigi hamda tegishli mahalla fuqarolar yigʻini oʻrtasida 3 yildan kam boʻlmagan muddatga tuziladigan uch tomonlama bitimda aks ettiriladi.
8. Qurilishi tugallangan mahalla fuqarolar yigʻinlari binolaridan keyinchalik foydalanish (ekspluatatsiya qilish) tartibi davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimda belgilanadi.
9. Mahalla fuqarolar yigʻinlari binolari davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimda qatʼiy belgilangan muddatlarda va maʼqullangan loyihalar asosida tutash hudud obod qilinishi, avtomototransport vositalarining zamonaviy bepul toʻxtab turish joylari barpo etilishini nazarda tutgan holda quriladi.
10. Investorning tashabbusi bilan bitim bekor qilinganda, uning mahalla fuqarolar yigʻinlari binolari qurilishiga sarflagan xarajatlari qoplanmaydi hamda qurilishi tugallanmagan obyekt davlat mulkiga oʻtkaziladi va ushbu qarorga muvofiq boshqa tashabbuskor investorga beriladi.
11. Yangi quriladigan mahalla fuqarolar yigʻinlari binolarini zarur tashqi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari bilan taʼminlash uchun davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimda belgilangan muddatlar hisobga olingan holda:
(a) elektr va gaz taʼminoti, aloqa tarmogʻini qurish — tegishlicha “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ, “Hududgaztaʼminot” AJ hamda “Oʻzbektelekom” AKning oʻz mablagʻlari hisobidan;
(b) ichki yoʻllar, ichimlik va oqova suv taʼminoti tarmoqlarini qurish — Qoraqalpogʻiston Respublikasi mahalliy budjetining qoʻshimcha manbalari hamda qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi.
12. Davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimga muvofiq mahalla fuqarolar yigʻinlari binolari investorning oʻz mablagʻlari hisobidan bir marotaba zarur mebel, texnika, jihoz va inventarlar bilan taʼminlanadi.
13. Yangidan barpo etiladigan mahalla fuqarolar yigʻinlari binolari qurib bitkazilib, belgilangan tartibda foydalanishga topshirilganidan soʻng davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimga muvofiq davlat sherigiga tegishli qismiga operativ boshqaruv huquqi va investorga tegishli qismiga mulk huquqi bilan ularning murojaati asosida belgilangan tartibda alohida kadastr hujjatlari rasmiylashtiriladi.
14. Mazkur qarorda belgilangan shartlarda rasmiylashtirilgan mahalla fuqarolar yigʻini binolarini qurish boʻyicha davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimlar qonunchilikda belgilangan tartibda Iqtisodiyot va moliya vazirligining davlat-xususiy sheriklik loyihalari reyestriga kiritiladi.
