2030-yilga qadar Oʻzbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasini 2025-yilda amalga oshirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar dasturida belgilangan vazifalarning ijrosi hamda 2026-yilda amalga oshirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar dasturini tasdiqlash toʻgʻrisida (SQ-245-V-son)
06.02.2026
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2025-yil 18-martdagi SQ-102-V-sonli Qarori bilan tasdiqlangan 2030-yilga qadar Oʻzbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasini (bundan buyon matnda Strategiya deb yuritiladi) 2025-yilda amalga oshirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar dasturida belgilangan vazifalar ijrosi doirasida muayyan ishlar amalga oshirilgan.
Xususan, xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni taʼminlashga, ularning iqtisodiy va ijtimoiy sharoitlarini yaxshilashga qaratilgan 15 ta normativ-huquqiy hujjat qabul qilindi.
Budjet mablagʻlarini rejalashtirish jarayonida gender yondashuvni joriy etishga qaratilgan indikatorlar ishlab chiqilib, budjet dasturlari loyihalarini tayyorlash va shakllantirishda foydalanish uchun vazirlik va idoralarga taqdim etildi.
Davlat organlari va tashkilotlarida genderga oid auditni oʻtkazish uslubiyati yangi tahrirda qabul qilinib, ijroga qaratildi. Mazkur uslubiyat asosida Ichki ishlar vazirligi hamda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligida genderga oid audit oʻtkazildi.
Shuningdek, agrar sohada 2025 — 2030-yillarga moʻljallangan gender tenglik strategiyasi ishlab chiqilib, ijroga qaratildi.
Milliy kadrlar zaxirasida xotin-qizlar salmogʻi 2024-yilga nisbatan 2 barobarga oshib, 1 267 nafarga yetdi (umumiy zaxiraning 27 foizi).
“Rahbar ayollar maktabi” oʻquv dasturining 4 ta mavsumi doirasida 244 nafar xotin-qiz oʻqitilib, ularning 60 nafari yuqori lavozimlarga tayinlandi.
Sudyalar oliy maktabiga 2025-2026-oʻquv yili uchun xotin-qizlarga 12 ta qoʻshimcha kvota ajratilishi natijasida 164 nafar tinglovchining 38 nafarini (23 foiz) xotin-qizlar tashkil etdi.
Oliy taʼlim tashkilotlarida tahsil olayotgan xotin-qizlarning ulushi 895,6 ming nafarni (bakalavrda 53,9 foiz, magistraturada 66,1 foiz), oliy taʼlimdan keyingi taʼlim tizimida 5 831 nafarni (52 foiz) tashkil etmoqda.
Oliy taʼlim tashkilotlarida oʻquv mashgʻulotlaridan tashqari soatlar doirasida “Ayollar huquqlari” va “Bola huquqlari”ga oid maxsus kurslar oʻtkazib borildi.
Qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarining oʻquv dasturlariga gender tenglik masalasi, oʻquv jarayoniga esa gender differensiyalangan xulq-atvorning taʼsiri boʻyicha mavzular kiritildi.
Xotin-qizlarning iqtisodiy faolligini ragʻbatlantirish doirasida 2025-yilda xotin-qizlarning 12,4 mlrd soʻmlik 21 ta startap loyihasi qoʻllab-quvvatlandi.
Oliy Majlis huzuridagi Jamoat fondi tomonidan oʻtkazilgan davlat ijtimoiy buyurtmasi va granti tanlovlarida xotin-qizlarning ijtimoiy masalalarini hal qilishga qaratilgan 3,1 mlrd soʻmlik 23 ta loyiha qoʻllab-quvvatlandi.
Nodavlat notijorat tashkilotlari tomonidan xorijiy donorlar moliyaviy koʻmagida 732 ming AQSh dollari miqdorida 10 ga yaqin ijtimoiy loyihalar amalga oshirilib, zoʻravonlikdan jabr koʻrgan xotin-qizlar va bolalarga manzilli ijtimoiy-huquqiy yordam koʻrsatildi.
Xotin-qizlarning huquqiy savodxonligini oshirishga qaratilgan “Gender-madad” elektron huquqiy platformasi orqali 2025-yilda fuqarolarga 2,1 mingdan ortiq huquqiy maslahat va amaliy koʻmak berildi.
“Gender.stat.uz” platformasiga 217 dan ziyod gender statistikasiga oid koʻrsatkichlar (3 ta tilda, 5 xil formatda) joylashtirildi.
Siyosiy partiyalar tomonidan jamiyatda “ayol siyosatchi” obrazi toʻgʻrisida ijobiy fikrni shakllantirishga qaratilgan 105 tadan ortiq targʻibot tadbirlari oʻtkazilib, ularga 27 mingdan ziyod kishi qamrab olindi.
Oʻzbekistonda xotin-qizlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ularning huquq va manfaatlarini taʼminlash borasida olib borilgan ishlar xalqaro hamjamiyat tomonidan eʼtirof etildi.
Jumladan, BMT Taraqqiyot dasturining (UNDP) “Gender tenglik nishoni” xalqaro tanlovi doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qoʻmitasi MDH va Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida birinchilardan boʻlib kumush nishon bilan taqdirlandi.
Ochiq gender maʼlumotlari (Open Data) indeksida esa Oʻzbekiston dunyoning eng yaxshi 20 ta mamlakati roʻyxatidan joy oldi.
Parlamentlararo ittifoqning Siyosatda ayollar indeksida Oʻzbekiston parlamentlarning quyi palatalaridagi xotin-qizlar faolligi boʻyicha dunyoda 15-oʻrinni egalladi.
Gender tenglikni taʼminlash va xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash maqsadida 2025-yil may oyida “BMT-ayollar” tuzilmasining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi ochildi.
Strategiya doirasida muayyan ishlar amalga oshirilgan boʻlsa-da, eʼtibor qaratilishi lozim boʻlgan ayrim masalalar hamon saqlanib qolmoqda.
Jumladan, boshqaruv tizimida xotin-qizlar ishtirokini taʼminlash boʻyicha belgilangan maqsadli koʻrsatkichlarga toʻliq erishilmagan. Vazir va vazirga tenglashtirilgan lavozimlarda 2 nafar (rejada 10 nafar), mahalliy ijroiya hokimiyati rahbarlari (hokimlar) orasida 6 nafar (rejada 10 nafar) ayol kishi faoliyat yuritmoqda. Sud tizimida ayol sudyalar ulushi 15 foizni (rejada 20 foiz) tashkil etmoqda, diplomatik korpusda esa hozircha ayol elchilar yoʻq. Yuridik shaxs tashkil etgan korxona rahbarlari orasida ayollar ulushi 13,2 foiz boʻlib, belgilangan 17 foizga yetmaydi.
Iqtisodiy tarmoqlarda ham xotin-qizlarning qaror qabul qilish jarayonlaridagi ishtiroki yetarli darajada emas. Qurilish sohasida atigi 9,3 foizni, qishloq, oʻrmon va baliq xoʻjaliklarida 13,4 foizni, tashish va saqlash sohasida 15,8 foizni, sanoat sohasida 17,7 foizni, bank, sugʻurta, lizing, kredit va vositachilik sohalarida 21,2 foizni, savdo sohasida 22,4 foizni rahbar xotin-qizlar tashkil etmoqda.
Ustav kapitalida davlat ulushi boʻlgan 1 944 ta korxonadagi kuzatuv kengashi aʼzolarining atigi 130 nafari (6,7 foizi) xotin-qizlar hisoblanadi.
Mamlakatimizda xotin-qizlarning ishsizlik darajasi erkaklarga nisbatan 1,8 baravarga yuqori (7,4 foiz/4,1 foiz), iqtisodiy faol xotin-qizlar ulushi (66 foiz) erkaklarga nisbatan (78 foiz) pastroq.
Xalqaro amaliyotlar asosida kompaniyalarda gender tenglikni baholash, gender maosh tafovuti boʻyicha majburiy hisobot yuritish hamda kuzatuv kengashlarida xotin-qizlar vakillarini koʻpaytirishga doir takliflar ishlab chiqilgan boʻlsa-da, ularni amaliyotga joriy etish boʻyicha aniq chora-tadbirlar belgilanmagan.
Qayd etilgan muammolar xalqaro reyting va indekslardagi koʻrsatkichlarga ham salbiy taʼsir koʻrsatmoqda.
Ayollar, tinchlik va xavfsizlik indeksining 2025-yil hisobotiga koʻra Oʻzbekiston 181 ta mamlakat orasida 98-oʻrinni egallagan. Indeksda turmush oʻrtogʻi yoki sherigi tomonidan sodir etilgan zoʻravonlik holatlarining yuqoriligi, jamoat joylarida ayollar xavfsizligi qoniqarsizligi, ayollarning rasmiy moliyaviy xizmatlardan keng foydalana olmasligi, shuningdek, adolat tizimidan samarali foydalanish imkoniyatlarining cheklangani kabi koʻrsatkichlar boʻyicha natijalar past darajada saqlanib qolgan.
Jahon iqtisodiy forumi Gender tafovut indeksining 2025-yil hisobotiga koʻra Oʻzbekiston 148 ta mamlakat orasida 110-oʻrinni egallagan, bu esa 2024-yilgi hisobot natijasiga nisbatan ikki pogʻona pastdir (146 mamlakat orasida 108-oʻrin). Reytingga taʼsir etgan asosiy omillar sifatida xotin-qizlarning iqtisodiy faollik darajasi pastligi, qaror qabul qiluvchi lavozimlarda kam ishtirok etishi va daromadlar oʻrtasidagi tafovut qayd etilgan.
Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Reglamenti toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 321-moddasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari — Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi raisi Z. Mahkamovaning 2030-yilga qadar Oʻzbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasini 2025-yilda amalga oshirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar dasturida belgilangan vazifalarning ijrosi toʻgʻrisidagi axboroti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. 2030-yilga qadar Oʻzbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasini 2026-yilda amalga oshirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar dasturi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
har chorak yakunida keyingi oyning 5-sanasiga qadar Oʻzbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasini 2026-yilda amalga oshirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar dasturi ijrosi toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatiga tahliliy axborot kiritsin;
joriy yilning 15-dekabriga qadar Oʻzbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasini 2026-yilda amalga oshirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar dasturining ijrosi yuzasidan yakuniy tahliliy maʼlumotlarni hamda mavjud muammolarni batafsil oʻrganish asosida 2027-yilga moʻljallangan kompleks chora-tadbirlar dasturi loyihasini tasdiqlash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatiga kiritsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi:
bir oy muddatda xotin-qizlarning siyosiy jarayonlardagi ishtirokini kuchaytirish va yetakchilik salohiyatini qoʻllab-quvvatlash orqali ularga nisbatan jamiyatda shakllangan gender stereotiplarni bartaraf etish boʻyicha chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqsin va uning ijrosini taʼminlasin;
ikki oy muddatda Ichki ishlar vazirligi, Adliya vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Markaziy bank bilan birgalikda Ayollar, tinchlik va xavfsizlik indeksida Oʻzbekiston oʻrnini yaxshilashga toʻsqinlik qilayotgan omillarni tahlil qilsin hamda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etishga qaratilgan chora-tadbirlarni belgilasin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Boshqaruv samaradorligi agentligi ayol davlat xizmatchilarining salohiyati va kasbiy malakalarini muntazam baholab borsin, natijalari asosida ularning shaxsiy kasbiy portfoliosini shakllantirsin hamda aniqlangan bilimi va koʻnikmalari boʻyicha malakasini oshirish va rivojlantirish choralarini koʻrsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Yoshlar, xotin-qizlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi yilda kamida ikki marotaba Strategiyaning amalga oshirilishi yuzasidan masʼul vazirlik va idoralarning axborotlarini eshitib borsin.
7. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga Oʻzbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasini 2026-yilda amalga oshirish boʻyicha hududiy chora-tadbirlar dasturini tasdiqlash va belgilangan vazifalarning ijrosini muhokama qilish tavsiya etilsin.
8. Mazkur Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi oʻrinbosari S. Safoyev zimmasiga yuklansin.
9. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi T. NARBAYEVA
Toshkent shahri,
2026-yil 6-fevral,
SQ-245-V-son
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2026-yil 6-fevraldagi SQ-245-V-sonli qaroriga ILOVA
2030-yilga qadar Oʻzbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasini 2026-yilda amalga oshirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar
DASTURI
