Davlat organlari va tashkilotlarning ijro intizomiga masʼul tuzilmasi xodimlarining malakasini oshirish tartibini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (72-son)
20.02.2026
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat organlari va tashkilotlarda ijro intizomini yanada mustahkamlashning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2025-yil 25-iyuldagi PF-117-son Farmoni ijrosini taʼminlash hamda davlat organlari va tashkilotlar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, xoʻjalik birlashmalari hamda boshqa tashkilotlarning ijro intizomiga masʼul tuzilmasi xodimlarining kasbiy koʻnikmalarini rivojlantirishni samarali tashkil etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 25-iyuldagi PF-117-son Farmoniga muvofiq davlat organlari va tashkilotlarning ijro intizomiga masʼul tuzilmasi xodimlarining (keyingi oʻrinlarda — ijro intizomiga masʼul xodimlar) Hisob palatasi, Vazirlar Mahkamasi hamda Adliya vazirligida reja-jadval asosida har uch yilda bir marotaba malakasini oshirish amaliyotini yoʻlga qoʻyish belgilangani maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Belgilansinki:
ijro intizomiga masʼul xodimlarning malakasini oshirish nazariy va amaliy mashgʻulot shaklida amalga oshiriladi;
nazariy mashgʻulotlar Adliya vazirligi huzuridagi Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish institutida, amaliy mashgʻulotlar esa Hisob palatasi, Vazirlar Mahkamasi, Adliya vazirligi va ijro intizomi namunali davlat organida tashkil etiladi;
malaka oshirishning umumiy muddati 40 soatni, shu jumladan, Adliya vazirligi huzuridagi Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish institutida 24 soat nazariy mashgʻulotni tashkil etadi;
2026-yilda ijro intizomiga masʼul xodimlarning malakasini oshirish joriy yilning aprel oyidan boshlanadi;
ijro intizomiga masʼul xodimlarning maʼlumotlar bazasi Adliya vazirligi tomonidan shakllantiriladi va yuritiladi;
malaka oshirish natijalari boʻyicha belgilangan tartibda sertifikat beriladi;
xodimlarning malakasini oshirish bilan bogʻliq xarajatlar ularni malaka oshirishga yuborgan tashkilotning budjet va budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan qoplanadi.
3. Quyidagilar:
Davlat organlari va tashkilotlarning ijro intizomiga masʼul tuzilmasi xodimlarining malakasini oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq;
Davlat organlari va tashkilotlarning ijro intizomiga masʼul tuzilmasi xodimlari malakasini oshirishning namunaviy grafigi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Davlat organlari va tashkilotlar rahbarlari ushbu qaror bilan tasdiqlangan Nizomga muvofiq xodimlarning malakasini oshirish ishlarini tashkil etish boʻyicha zarur choralarni koʻrsin.
5. Adliya vazirligi har yil yakunida ijro intizomiga masʼul xodimlarning malakasini oshirish holati boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasiga axborot kiritib borsin.
6. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi adliya vaziri A.D. Tashkulov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2026-yil 20-fevral,
72-son
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 20-fevraldagi 72-son qaroriga 1-ILOVA
Davlat organlari va tashkilotlarning ijro intizomiga masʼul tuzilmasi xodimlarining malakasini oshirish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat organlari va tashkilotlarda ijro intizomini yanada mustahkamlashning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2025-yil 25-iyuldagi PF-117-son Farmoniga muvofiq davlat organlari va tashkilotlar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, xoʻjalik birlashmalari hamda boshqa tashkilotlarning (keyingi oʻrinlarda — davlat organlari va tashkilotlar) ijro intizomiga masʼul tuzilmasi xodimlarining (keyingi oʻrinlarda — ijro intizomiga masʼul xodimlar) malakasini Hisob palatasi, Vazirlar Mahkamasi, Adliya vazirligi va ijro intizomi namunali davlat organida oshirish tartibini belgilaydi.
2. Ijro intizomiga masʼul xodimlarni oʻqitish va ularning malakasini oshirishdan maqsad xodimlarning ijro intizomini tashkil qilish, qonunlar, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmon, qaror, farmoyish va topshiriqlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining farmoyishlari va topshiriqlari hamda Vazirlar Mahkamasi qarorlari (keyingi oʻrinlarda — qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar) ijrosini monitoring, tahlil va nazorat qilishdagi nazariy hamda amaliy bilimlari, kasbiy mahorat va koʻnikmalarini shakllantirish hamda muntazam rivojlantirib borishni samarali tashkil etishdan iborat.
3. Quyidagilar ijro intizomiga masʼul xodimlarning malakasini oshirish va ularni oʻqitish boʻyicha asosiy vazifalar hisoblanadi:
ijro intizomi boʻlinmasining asosiy maqsad va vazifalari toʻgʻrisida aniq tushunchalarni shakllantirish;
ijro intizomi boʻlinmasi xodimlarining ijro intizomini taʼminlashdagi nazariy bilimlari va amaliy koʻnikmalarini oshirish;
qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijrosini nazorat qilishning tashkiliy-huquqiy masalalari boʻyicha tahliliy koʻnikmalarni shakllantirish va kasbiy tayyorgarlikning bajariladigan vazifalar va funksiyalarga muvofiqligini taʼminlash;
ijro intizomiga rioya qilinishi ustidan tizimli kunlik nazorat va monitoringni amalga oshirish, ijro intizomida yuzaga kelgan muammolarni bartaraf etishda xodimlarga amaliy yordam koʻrsatish, xodimlar uchun tizimli ravishda oʻquv seminarlari hamda mashgʻulotlarni tashkil etish koʻnikmalarini shakllantirish.
4. Davlat organlari va tashkilotlar rahbarlari ijro intizomiga masʼul xodimlarning oʻz vaqtida malakasini oshirishlari uchun masʼul hisoblanadi.
5. Davlat organlari va tashkilotlarning ijro intizomiga masʼul xodimlari haqidagi maʼlumotlarning toʻliq roʻyxatini yuritish va doimiy yangilab borish Adliya vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.
6. Ijro intizomiga masʼul xodimlar malakasini oshirish bilan bogʻliq xarajatlar ularni malaka oshirishga yuborgan davlat organlari va tashkilotlarning budjet va budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan qoplanadi.
2-bob. Malaka oshirishni tashkil etish tartibi
1-§. Malaka oshirish bosqichlari
7. Ijro intizomiga masʼul xodimlarning malakasi quyidagi bosqichlarda oshiriladi:
a) birinchi bosqich — har yili 10-yanvarga qadar davlat organlari va tashkilotlarning ijro intizomiga masʼul xodimlari roʻyxati Adliya vazirligiga taqdim etiladi.
Adliya vazirligi har yili 20-yanvarga qadar Vazirlar Mahkamasiga, Hukumat tizimiga kirmaydigan davlat organlari va tashkilotlarning ijro intizomiga masʼul xodimlari roʻyxatini Hisob palatasiga taqdim etadi;
b) ikkinchi bosqich — Vazirlar Mahkamasi har yili 1-fevralga qadar malaka oshirishda ishtirok etadigan ijro intizomiga masʼul xodimlarning roʻyxatini shakllantiradi va malaka oshirish reja-grafigini tasdiqlaydi.
Bunda Hukumat tizimiga kirmaydigan davlat organlari va tashkilotlarning malaka oshirishda ishtirok etadigan ijro intizomiga masʼul xodimlarining roʻyxati va malaka oshirish reja-grafigi Hisob palatasi tomonidan tasdiqlanadi;
v) uchinchi bosqich — davlat organlari va tashkilotlar reja-grafik asosida ijro intizomiga masʼul xodimlarni malaka oshirishga yuboradi;
g) toʻrtinchi bosqich — ijro intizomiga masʼul xodimlar reja-grafik asosida Hisob palatasi, Vazirlar Mahkamasi, Adliya vazirligi va ijro intizomi namunali davlat organida malaka oshiradi.
Bunda namunali davlat organi Vazirlar Mahkamasi tomonidan Hisob palatasi bilan kelishilgan holda belgilanadi;
d) beshinchi bosqich — malaka oshirish kursi yakunida sinov imtihoni oʻtkaziladi va natijasi boʻyicha sertifikat yoki malaka oshirish kursida qatnashganlik toʻgʻrisida maʼlumotnoma beriladi.
8. Ijro intizomiga masʼul xodim reja-grafik asosida har uch yilda bir marotaba malakasini oshiradi.
Bunda xodim birinchi marta ijro intizomiga masʼul tuzilmaga lavozimga tayinlangan vaqtdan boshlab olti oy ichida malakasini oshirishi lozim.
9. Ijro intizomiga masʼul xodimlarning Hisob palatasi, Vazirlar Mahkamasi, Adliya vazirligi va ijro intizomi namunali davlat organida malakasini oshirishning umumiy muddati 40 soatni, shu jumladan, Adliya vazirligi huzuridagi Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish institutida (keyingi oʻrinlarda — Institut) 24 soat nazariy mashgʻulotni tashkil etadi.
Bunda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Vazirlar Mahkamasi, Hisob palatasi va Adliya vazirligining ijro intizomiga masʼul xodimlarining malakasini oshirish faqat nazariy shaklda amalga oshiriladi.
2-§. Nazariy mashgʻulotlarni tashkil etish
10. Nazariy oʻquv mashgʻuloti malaka oshirishning birinchi — toʻrtinchi kunlari kunning birinchi yarmida Institutda shartnoma asosida tashkil etiladi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda faoliyat yurituvchi ijro intizomiga masʼul xodimlar malakasini oshirish Institut tomonidan masofaviy shaklda shartnoma asosida tashkil etiladi.
11. Institutda nazariy oʻquv mashgʻulotining davomiyligi 24 soatni tashkil etadi.
12. Ijro intizomiga masʼul xodimlar malakasini oshirishning oʻquv rejasi va dasturi Institut tomonidan ishlab chiqilib, Adliya vazirligi hamda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi.
13. Institutda malaka oshirish kursiga tinglovchilarni qabul qilish tasdiqlangan reja-grafik asosida Institut direktorining buyrugʻi bilan rasmiylashtiriladi.
14. Institut tinglovchilarning malaka oshirish kurslariga oʻz vaqtida kelmagani yoki qatnashmagani haqida davlat organlari va tashkilotlarga xabar beradi.
Malaka oshirish kurslarida uzrli sabablarga (kasalligi (tibbiy xulosaga asosan), oila aʼzolari va yaqin qarindoshlarining vafoti, chet el xizmat safari hamda mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa asoslar) koʻra qatnashmagan tinglovchilarga navbatdagi malaka oshirish kurslarida oʻqishga ruxsat beriladi.
15. Malaka oshirish kurslari oʻquv dasturi asosida Institut direktori tomonidan tasdiqlanadigan mashgʻulotlar jadvali boʻyicha oʻtkaziladi.
16. Malaka oshirish oʻquv mashgʻuloti Adliya vazirligining Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Hukumat hujjatlari ijrosini nazorat qilish boshqarmasi masʼul xodimlari hamda Institut oʻqituvchilari tomonidan oʻquv dasturi asosida tashkil etiladi.
Bunda qonunchilik hujjatlari va topshiriqlarni “Ijro.gov.uz” ijro intizomi idoralararo yagona elektron tizimida roʻyxatga olishdan nazoratdan yechishgacha boʻlgan barcha jarayonlar tushuntiriladi.
17. Institut:
malaka oshirish faoliyatiga oʻquv-metodik rahbarlik qiladi;
malaka oshirishning oʻquv dasturini ishlab chiqadi va uning muntazam yangilanishini taʼminlaydi;
malaka oshirish mexanizmlari va usullarini takomillashtirish choralarini koʻradi;
malaka oshirish tizimiga taʼlimning zamonaviy shakl va usullarini, axborot-kommunikatsiya va innovatsion texnologiyalarni joriy qiladi.
18. Davlat organlari va tashkilotlar:
ijro intizomiga masʼul xodimlar malakasini oshirish qamrovining toʻliqligi va oʻz vaqtida amalga oshirilgani uchun masʼul hisoblanadi;
ijro intizomiga masʼul xodimlar malakasini oshirishlari uchun zarur shart-sharoitlarni yaratib beradi;
Institutga statistik, axborot-tahliliy materiallarni, huquqni qoʻllash amaliyoti umumlashmalari va materiallarini taqdim etadi, axborot-resurs bazasini rivojlantirishga koʻmaklashadi.
19. Malaka oshirish kurslari yakunida (beshinchi kuni) oʻquv dasturiga muvofiq belgilangan mavzular (modullar) boʻyicha sinov imtihoni oʻtkaziladi. Sinov imtihoni test shaklida oʻtkaziladi.
20. Sinov imtihonidan muvaffaqiyatli oʻtgan ijro intizomiga masʼul xodimlarga sertifikat beriladi.
Sinov imtihonida yetarli ball toʻplay olmaganlarga sertifikat berilmaydi. Bu holda malaka oshirish kursida qatnashganlik toʻgʻrisida maʼlumotnoma beriladi.
21. Uzrli sabablarga koʻra sinov imtihonida qatnashmaganlarga sinov imtihonini topshirishga ruxsat berilishi mumkin.
Ijro intizomiga masʼul xodim kasalligi (tibbiy xulosaga asosan), oila aʼzolari va yaqin qarindoshlarining vafoti, chet el xizmat safari hamda mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa asoslar uzrli sabab deb topiladi.
22. Sinov imtihonida yetarli ball toʻplay olmagan tinglovchilarga bir marotaba qayta topshirish uchun uch ish kunigacha muddat beriladi.
23. Sinov imtihoni natijalaridan norozi boʻlgan tinglovchi natijalar eʼlon qilingan vaqtdan boshlab bir ish kuni ichida Institut rahbari nomiga apellyatsiya shikoyati bilan murojaat qilish huquqiga ega.
24. Apellyatsiya shikoyatini koʻrib chiqish uchun Institut rahbarining buyrugʻi bilan besh nafar aʼzodan iborat tarkibda Apellyatsiya komissiyasi tuziladi.
Apellyatsiya komissiyasi tarkibiga, qoida tariqasida, Institut rahbarining birinchi oʻrinbosari, boʻlim boshliqlari, shuningdek, tinglovchi natijalaridan norozi boʻlgan sinov imtihonida ishtirok etmagan pedagog xodimlar kiritiladi. Apellyatsiya komissiyasiga boshqa tashkilotlardan ham mutaxassislar jalb etilishi mumkin.
25. Apellyatsiya komissiyasi faoliyati uning ishida aʼzolardan uchdan ikki qismi ishtirok etgan taqdirda vakolatli hisoblanadi.
Apellyatsiya komissiyasining qarori oddiy koʻpchilik ovoz bilan qabul qilinadi va unda ishtirok etgan barcha aʼzolar tomonidan tasdiqlanadigan bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi.
26. Apellyatsiya komissiyasining ish tartibi apellyatsiya komissiyasini tashkil etish toʻgʻrisidagi qarorda belgilanadi.
27. Apellyatsiya shikoyati apellyatsiya komissiyasi tomonidan shikoyat berilgan kundan boshlab uch ish kuni ichida koʻrib chiqiladi.
Apellyatsiya shikoyatini koʻrib chiqishda apellyatsiya komissiyasi sinov imtihoni bilan bogʻliq materiallarni har tomonlama oʻrganadi.
28. Tinglovchilar apellyatsiya komissiyasi tomonidan shikoyati koʻrib chiqilishi jarayonida ishtirok etishga haqli.
29. Apellyatsiya komissiyasi apellyatsiya shikoyatini koʻrib chiqish natijasi boʻyicha quyidagi qarorlardan birini qabul qiladi:
qoʻyilgan ballarni oʻzgarishsiz qoldirish;
qoʻyilgan ballarni oʻzgartirish.
Tinglovchining apellyatsiya shikoyatini koʻrib chiqishda uning ilgari olgan ballini pasaytirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
3-§. Amaliy mashgʻulotlarni tashkil etish
30. Amaliy mashgʻulot malaka oshirishning birinchi kuni kunning ikkinchi yarmida Adliya vazirligida oʻtkaziladi.
Ijro intizomiga masʼul xodimlar ish yuritish, hujjat aylanishini samarali yoʻlga qoʻyish, ijro intizomini mustahkamlash, hujjatlar va topshiriqlar ijrosi boʻyicha nazorat va hisobdorlikni tashkil etish masalalari bilan tanishtiriladi.
31. Amaliy mashgʻulot malaka oshirishning ikkinchi kuni kunning ikkinchi yarmida ijro nazorati namunali davlat organining markaziy apparatida oʻtkaziladi.
Ijro intizomiga masʼul xodimlar ish yuritish, hujjat aylanishini samarali yoʻlga qoʻyish, ijro intizomini mustahkamlash, hujjatlar va topshiriqlar ijrosi boʻyicha nazorat va hisobdorlikni tashkil etish masalalari bilan tanishtiriladi.
32. Ijro nazorati namunali davlat organida qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar nazoratini yuritish boʻyicha oʻzaro tajriba almashiladi.
33. Amaliy mashgʻulot malaka oshirishning uchinchi kuni kunning ikkinchi yarmida Vazirlar Mahkamasida oʻtkaziladi.
Ijro intizomiga masʼul xodimlar ish yuritish, hujjat aylanishini samarali yoʻlga qoʻyish, ijro intizomini mustahkamlash, hujjatlar va topshiriqlar ijrosi boʻyicha nazorat va hisobdorlikni tashkil etish masalalari bilan tanishtiriladi.
34. Amaliy mashgʻulot malaka oshirishning toʻrtinchi kuni kunning ikkinchi yarmida Hisob palatasida oʻtkaziladi.
Ijro intizomiga masʼul xodimlar hujjatlar va topshiriqlar ijrosi boʻyicha nazorat va hisobdorlikni tashkil etish masalalari bilan tanishtiriladi.
35. Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda faoliyat yurituvchi ijro intizomiga masʼul xodimlarga amaliy mashgʻulotlar mazkur paragrafda belgilangan xususiyatlarni inobatga olgan holda, ikki ish kuni davomida oʻtkaziladi.
Bunda amaliy mashgʻulot malaka oshirishning birinchi kuni Adliya vazirligi va namunali davlat organining markaziy apparatida oʻtkaziladi, ikkinchi kuni esa Vazirlar Mahkamasi hamda Hisob palatasida oʻtkaziladi.
3-bob. Ijro intizomiga masʼul xodimlarning maʼlumotlar bazasini shakllantirish va yuritish tartibi
36. Ijro intizomiga masʼul xodimlarning maʼlumotlar bazasi tegishli ravishda Adliya vazirligi va Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar, Toshkent shahri adliya boshqarmalari (keyingi oʻrinlarda — hududiy adliya organlari) tomonidan shakllantiriladi hamda yuritiladi.
37. Adliya vazirligi va hududiy adliya organlari ijro intizomiga masʼul xodimlar faoliyatini muvofiqlashtirish maqsadida davlat organlari va tashkilotlar tomonidan mazkur Nizomga muvofiq taqdim etiladigan ijro intizomiga masʼul xodimlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlardan tashqari ulardan ijro intizomini tashkil etish va nazorat qilish faoliyatiga doir boshqa tegishli hujjatlar va maʼlumotlarni soʻrab olishga haqli.
38. Adliya vazirligida ijro intizomiga masʼul xodimlarning maʼlumotlar yigʻma bazasi, hududiy adliya organlarida esa hududiy maʼlumotlar bazasi yuritiladi.
39. Maʼlumotlar bazalari davlat tilida elektron shaklda yuritiladi hamda ulardan malaka oshirish kurslari davomida, jumladan, uning davriyligi va uzluksizligini taʼminlash maqsadida foydalaniladi.
40. Davlat organlari va tashkilotlar ijro intizomiga masʼul xodimlar toʻgʻrisidagi maʼlumotni Adliya vazirligiga, viloyat va tuman (shahar) darajasidagi davlat organlari va tashkilotlar hududiy adliya organlariga har yili taqdim etib boradi.
Bunda davlat organlari va tashkilotlar rahbarlari ijro intizomiga masʼul xodimlar tarkibida oʻzgarish boʻlgan hollarda, bu haqida 3 ish kunida tegishlicha Adliya vazirligi va hududiy adliya organlarini xabardor qiladi.
41. Davlat organlari va tashkilotlar har yili 10-yanvarga qadar tegishli adliya organiga mazkur Nizomga 1-ilovaga muvofiq shakldagi maʼlumotlarni yozma yoki elektron shaklda taqdim etadi.
Hududiy adliya organlari har yili 20-yanvarga qadar hududiy bazadagi maʼlumotlarni Adliya vazirligiga elektron shaklda taqdim etadi.
42. Institut mazkur Nizomga 2-ilovaga muvofiq shakldagi maʼlumotni har chorak yakuni boʻyicha keyingi oyning 5-sanasiga qadar Adliya vazirligiga elektron shaklda taqdim etadi.
43. Taqdim etilgan maʼlumotlar Adliya vazirligiga kelib tushgandan soʻng ular ikki ish kuni ichida maʼlumotlar yigʻma bazasiga joylashtiriladi va muntazam ravishda yangilab boriladi.
4-bob. Yakunlovchi qoidalar
44. Ushbu Nizom talablarining davlat organlari va tashkilotlar tomonidan bajarilishi Hisob palatasi, Vazirlar Mahkamasi va Adliya vazirligi tomonidan muvofiqlashtiriladi.
45. Malaka oshirish yakunlangandan soʻng malaka oshirish kurslarini tamomlagan ijro intizomiga masʼul xodimlarga tegishlicha ushbu Nizomga 3-ilovaga muvofiq shaklda Adliya vazirligi va Institut tomonidan tasdiqlangan sertifikat yoki malaka oshirish kursida qatnashganligi toʻgʻrisida maʼlumotnoma beriladi.
46. Malaka oshirish davrida ijro intizomiga masʼul xodimlarning ish joyi boʻyicha oʻrtacha oylik ish haqi va lavozimi saqlanadi.
47. Ushbu Nizomni qoʻllashda yuzaga keladigan nizolar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
48. Mazkur Nizom talablarining buzilishida aybdor shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javobgar boʻladilar.
Davlat organlari va tashkilotlarning ijro intizomiga masʼul tuzilmasi xodimlarining malakasini oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
Davlat organlari va tashkilotlarning ijro intizomiga masʼul tuzilmasi xodimlarining malakasini oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA
Davlat organlari va tashkilotlarning ijro intizomiga masʼul tuzilmasi xodimlarining malakasini oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 3-ILOVA
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 20-fevraldagi 72-son qaroriga 2-ILOVA
Davlat organlari va tashkilotlarning ijro intizomiga masʼul tuzilmasi xodimlari malakasini oshirishning
NAMUNAVIY GRAFIGI
* Malaka oshirish oʻtkaziladigan namunali davlat organlari Hisob palatasi hamda Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
