“Yangi Oʻzbekiston bunyodkorlari” koʻkrak nishonini taʼsis etish toʻgʻrisida (68-son)
19.02.2026
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASINING
QARORI
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Prezident iqtidorli farzandlari” tashabbusini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2025-yil 15-maydagi PF-86-son Farmoni ijrosini taʼminlash, shuningdek, Yangi Oʻzbekistonni barpo etish yoʻlida faol fuqarolik pozitsiyasini namoyon etib kelayotgan, mamlakatimiz taraqqiyotiga katta hissa qoʻshayotgan, barcha sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlarda ilgʻor tashabbuslari va namunali faoliyati bilan ajralib turgan fuqarolarni ragʻbatlantirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. “Yangi Oʻzbekiston bunyodkorlari” koʻkrak nishoni taʼsis etilsin.
2. Quyidagilar:
“Yangi Oʻzbekiston bunyodkorlari” koʻkrak nishoni toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq;
“Yangi Oʻzbekiston bunyodkorlari” koʻkrak nishoni va uning guvohnomasi tavsiflari 2 va 3-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining “Davlat belgisi” davlat unitar korxonasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligining buyurtmasiga asosan “Yangi Oʻzbekiston bunyodkorlari” koʻkrak nishoni va uning guvohnomasi tayyorlanishini belgilangan tartibda taʼminlasin.
4. Belgilansinki, “Yangi Oʻzbekiston bunyodkorlari” koʻkrak nishoni hamda uning guvohnomasini tayyorlash bilan bogʻliq xarajatlar Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligining Taʼlim sohasidagi islohotlarga koʻmaklashish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
5. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri E.G. Karimova zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2026-yil 19-fevral,
68-son
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 19-fevraldagi 68-son qaroriga 1-ILOVA
“Yangi Oʻzbekiston bunyodkorlari” koʻkrak nishoni toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom “Yangi Oʻzbekiston bunyodkorlari” koʻkrak nishoni (keyingi oʻrinlarda — koʻkrak nishoni) bilan taqdirlash tartibini belgilaydi.
2. Koʻkrak nishoni bilan Yangi Oʻzbekistonni barpo etish yoʻlida faol fuqarolik pozitsiyasini namoyon etib kelayotgan, mamlakatimiz taraqqiyoti uchun kuch-gʻayrati, zamonaviy bilim va malakasi, maʼnaviy-intellektual salohiyatini namoyon etayotgan, Vatanimizning xalqaro miqyosdagi nufuzini yuksaltirishga va shon-shuhratini oshirishga munosib hissa qoʻshayotgan, barcha sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonida ilgʻor tashabbuslari, vatanparvarligi, fidoyiligi va namunali faoliyati bilan ajralib turgan fuqarolar taqdirlanadi.
Koʻkrak nishoni bilan chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar ham taqdirlanishi mumkin.
3. Koʻkrak nishoni bilan taqdirlash boʻyicha hujjatlarni taqdim etish va koʻrib chiqish ushbu Nizomga ilovada keltirilgan sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.
2-bob. Koʻkrak nishoni bilan taqdirlash uchun nomzodlar roʻyxatini shakllantirish, taqdim etish va koʻrib chiqish tartibi
4. Koʻkrak nishoniga nomzodlar roʻyxati Istiqbolli kadrlarni tayyorlash boʻyicha “El-yurt umidi” jamgʻarmasi stipendiatlari, maktablar, Prezident maktablari va “Yangi Oʻzbekiston” universiteti bitiruvchilari, “Prezident iqtidorli farzandlari” tashabbusi va uni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha milliy dasturi ishtirokchilari, shuningdek, dunyoning nufuzli oliy taʼlim va boshqa tashkilotlarida bilim va tajriba orttirgan iqtidorli vatandoshlarni birlashtiruvchi platforma sifatida faoliyat yurituvchi — Iqtidorli yoshlarni qoʻllab-quvvatlash hamjamiyati doirasida shakllantiriladi.
5. Koʻkrak nishoni bilan taqdirlanadigan nomzodlar roʻyxatini shakllantirish, taqdim etish va koʻrib chiqish masalalarini tashkil etish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi ishchi organ vazifasini bajaradi.
6. Koʻkrak nishoni bilan taqdirlashga oid taqdimnomalarni koʻrib chiqish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Istiqbolli kadrlarni tayyorlash boʻyicha “El-yurt umidi” jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda — vakolatli organlar) tomonidan 9 kishidan iborat tarkibda ishchi guruh tashkil etiladi.
Ishchi guruh tarkibi vakolatli organlar rahbarlari tomonidan tasdiqlanadi va unga nomzodlarni tanlash jarayoni ochiqligi va shaffofligini taʼminlash vazifasi yuklanadi.
7. Vakolatli organlar, shuningdek, manfaatdor vazirlik va idoralar koʻkrak nishoni bilan taqdirlashga oid taqdimnomani har yili 1-martga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligiga kiritadi.
8. Koʻkrak nishoni bilan taqdirlashga oid taqdimnomaga (rasmiy xat) nomzodning maʼlumotnoma-obyektivkasi, uning Iqtidorli yoshlarni qoʻllab-quvvatlash hamjamiyati doirasida amalga oshirgan ishlari aks ettirilgan tavsifnoma, shaxsini tasdiqlovchi hujjat nusxasi (fuqarolik pasporti yoki ID-karta) ilova qilinadi.
9. Ishchi guruh tomonidan nomzodlarni koʻkrak nishoni bilan taqdirlashda quyidagi mezonlar inobatga olinadi:
Yangi Oʻzbekistonni barpo etish yoʻlida amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonida nomzodning faol fuqarolik pozitsiyasi va yondashuvlari;
davlat dasturlarini ishlab chiqish va strategik loyihalarni amalga oshirishda ishtirok etganligi;
oʻzining zamonaviy bilim va malakasi, maʼnaviy-intellektual salohiyati, ilmiy-innovatsion loyihalari, kreativ gʻoya va amaliy takliflari bilan mamlakatimiz taraqqiyotini yuksaltirish va uning xalqaro miqyosdagi nufuzini yanada oshirishga qoʻshgan hissasi;
davlat va jamiyat manfaatlariga daxldor boʻlgan iqtisodiy, ijtimoiy, huquqiy, ekologiya kabi sohalarda dolzarb muammolarni hal qilishdagi alohida tashabbuslari va faol ishtirok etganligi;
zamonaviy va ilmiy jihatdan asoslangan ilgʻor xorijiy tajribalarni oʻrganib, yurtimiz ravnaqi yoʻlida amaliyotga tatbiq etganligi;
nomzodning “Prezident iqtidorli farzandlari” tashabbusini amalga oshirishdagi ishtiroki va natijadorligi;
Iqtidorli yoshlarni qoʻllab-quvvatlash hamjamiyati faoliyatini yoʻlga qoʻyish va uning samarali ish yuritishini taʼminlashga qoʻshgan hissasi;
namunali xulq-atvori, vatanparvarligi, fidoyiligi, oʻqish va mehnat faoliyatidagi muvaffaqiyatlari hamda jamoatchilik faoliyatida erishgan alohida yutuqlari.
10. Ishchi guruh taqdimnomalar asosida hujjatlarni umumlashtirib, nomzodlar faoliyatini oʻrganadi va har yili 25-martga qadar ushbu Nizomda belgilangan talablar asosida eng munosib nomzodlar boʻyicha xulosa qabul qiladi.
11. Ishchi guruh xulosasi asosida nomzodlarning tegishli hujjatlari “Prezident iqtidorli farzandlari” tashabbusini amalga oshirish hamda ijrosini nazorat qilish boʻyicha respublika komissiyasiga (keyingi oʻrinlarda — Respublika komissiyasi) yuboriladi.
12. Respublika komissiyasi yigʻilishida nomzodlarning faoliyati atroflicha oʻrganilib, har yili 20-mayga qadar koʻkrak nishoni bilan taqdirlash toʻgʻrisida qaror qabul qilinadi va yigʻilish bayonnomasi bilan rasmiylashtiriladi.
13. Koʻkrak nishoni bilan chet el fuqarolari Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi bilan kelishilgan holda taqdirlanadi.
3-bob. Koʻkrak nishoni bilan taqdirlash tartibi
14. Koʻkrak nishoni har yili Iqtidorli yoshlarni qoʻllab-quvvatlash hamjamiyatining qurultoyida topshiriladi.
15. Koʻkrak nishoni bilan taqdirlangan shaxslarga belgilangan shakldagi guvohnoma ham beriladi.
16. Koʻkrak nishoni bilan taqdirlanganlar roʻyxati vakolatli organlarning rasmiy veb-saytlarida va boshqa ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilinadi.
17. Bir shaxs koʻkrak nishoni bilan bir marta taqdirlanadi.
18. Koʻkrak nishoni davlat mukofotlaridan keyin koʻkrakning chap tomoniga taqiladi.
4-bob. Yakunlovchi qoidalar
19. Vakolatli organlar ushbu Nizomga muvofiq koʻkrak nishoniga tavsiya etilgan nomzodlar hujjatlarining xolis koʻrib chiqilishi uchun bevosita masʼuldir.
20. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
“Yangi Oʻzbekiston bunyodkorlari” koʻkrak nishoni toʻgʻrisidagi nizomga ILOVA
“Yangi Oʻzbekiston bunyodkorlari” koʻkrak nishoni bilan taqdirlash boʻyicha hujjatlarni taqdim etish va koʻrib chiqish
SXEMASI
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 19-fevraldagi 68-son qaroriga 2-ILOVA
“Yangi Oʻzbekiston bunyodkorlari” koʻkrak nishonining
TAVSIFI
“Yangi Oʻzbekiston bunyodkorlari” koʻkrak nishoni (keyingi oʻrinlarda — koʻkrak nishoni) diametri 34 millimetrli doira shaklida boʻlib, mis qotishmasidan tayyorlanadi.
Koʻkrak nishoni markazida, diametri 24 millimetrli doira ichida yer sharining meridian chiziqlari fonida “Yangi Oʻzbekiston” bogʻidagi “Istiqlol” majmuasida aks ettirilgan Humo qushi qanotlarini keng yoygan holda samoga parvoz etayotgani tasvirlangan. Uning quyi qismida maʼrifat va bilimni ifodalovchi ramziy maʼnodagi kitob shakli joylashgan.
Koʻkrak nishonining aylanasi boʻylab zarhal hoshiya bilan oʻralgan doiraning yuqori qismida balandligi 2,2 millimetr boʻlgan “YANGI OʻZBEKISTON” soʻzlari hamda oʻng va chap tomonda joylashgan ikkita sakkiz qirrali yulduzning quyi qismida “BUNYODKORLARI” yozuvi aks ettirilgan.
Koʻkrak nishonining orqa tomonida Oʻzbekiston Respublikasining Davlat gerbi tasvirlangan.
Koʻkrak nishonining qalinligi 2,5 millimetr. Tasvirlar va yozuvlar qavariqdir.
Koʻkrak nishoni old va orqa tomonlarining chetlari qavariq doira bilan oʻralgan.
Koʻkrak nishoni ilmoqcha va halqa yordamida besh burchakli qadagʻichga ulanadi. Qadagʻichning kengligi — 28 millimetr, balandligi — 47 millimetr.
Qadagʻich markazida kengligi 24 millimetr, uzunligi 33 millimetr boʻlgan tasma joylashgan boʻlib, milliy uslubdagi geometrik naqsh bilan bezatilgan. Naqsh zarhal va koʻk ranglarda ishlangan boʻlib, Oʻzbekiston taraqqiyotini boy madaniy merosimiz va tarixiy-anʼanaviy qadriyatlarimiz bilan uzviy bogʻliq holda ifodalaydi.
Qadagʻichning orqa tomoniga koʻkrak nishonini kiyimga taqib qoʻyish uchun toʻgʻnogʻich koʻrinishidagi moslama oʻrnatilgan.
“Yangi Oʻzbekiston bunyodkorlari” koʻkrak nishoni
Old tomoni Orqa tomoni
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 19-fevraldagi 68-son qaroriga 3-ILOVA
“Yangi Oʻzbekiston bunyodkorlari” koʻkrak nishoni guvohnomasining
TAVSIFI
“Yangi Oʻzbekiston bunyodkorlari” koʻkrak nishoni guvohnomasi (keyingi oʻrinlarda — guvohnoma) 160x110 millimetr oʻlchamdagi kitobcha shaklida boʻlib, ofset qogʻozdan tayyorlanadi.
Guvohnomaning tashqi tomoni (birinchi va toʻrtinchi betlari) toʻq koʻk rangda boʻlib, vinil qogʻozi bilan qoplangan.
Guvohnomaning birinchi beti yuqori chekkasidan 15 millimetr pastda, markazda Oʻzbekiston Respublikasining Davlat gerbi, undan 10 millimetr pastda uch satrda “YANGI OʻZBEKISTON”, “BUNYODKORLARI” (katta harflarda, “Times new Roman Bolt” shrifti, 14 kegl), “KOʻKRAK NISHONI” (katta harflarda, “Times new Roman Bolt” shrifti, 10 kegl) soʻzlari yozilgan.
Undan 16 millimetr pastda “GUVOHNOMASI” (katta harflarda, “Times new Roman Bolt” shrifti, 17 kegl) yozuvi joylashgan.
Yozuvlar oq rangda aks ettirilgan.
Guvohnomaning ichki tomoni (ikkinchi va uchinchi betlari) “Tangir” tasviri tushirilgan och moviy rangda boʻlib, ofset usulida chop etilgan.
Ichki tomonining chap qismida (ikkinchi beti), markazda koʻkrak nishonining asliga teng oʻlchamdagi rangli tasviri aks ettirilgan.
Guvohnomaning ichki oʻng tomoni (uchinchi beti) yuqori chekkasidan 8 millimetr pastda, markazda “GUVOHNOMA” (katta harflarda, “Times new Roman Bolt” shrifti, 10 kegl) soʻzi hamda guvohnomaning tartib raqami uchun “№” belgisi va 15 millimetrli chiziq joylashgan.
Undan 10 millimetr pastda mukofotlangan shaxsning familiyasi, ismi va otasining ismini qayd etish uchun oraligʻi 8 millimetrli uchta chiziq tortilgan.
Pastki chiziqdan 8 millimetr quyida, markazda toʻrt satrda “Prezident iqtidorli farzandlari”, “tashabbusini amalga oshirish hamda”, “ijrosini nazorat qilish boʻyicha”, “respublika komissiyasining” (kichik harflarda, “Times new Roman Bolt” shrifti, 10 kegl) soʻzlari yozilgan.
Undan 5 millimetr pastda oraligʻi 4 millimetr boʻlgan ikki satrdan iborat matn joylashgan. Birinchi satrda “20__ y. “___” ___________dagi”, ikkinchi satrda “___-son bayoniga asosan” (kichik harflarda, “Times new Roman Bolt” shrifti, 10 kegl) soʻzlari yozilgan.
Undan 5 millimetr pastda, markazda oraligʻi 4 millimetrli uch satrdan iborat matn joylashgan. Birinchi satrda “YANGI OʻZBEKISTON”, ikkinchi satrda “BUNYODKORLARI” (katta harflarda, “Times new Roman Bolt” shrifti, 14 kegl), uchinchi satrda “koʻkrak nishoni bilan taqdirlandi” (kichik harflarda, “Times new Roman Bolt” shrifti, 10 kegl) soʻzlari yozilgan.
Soʻnggi soʻzlardan 10 millimetr pastda, chap tomonda “Komissiya raisi” (“Times new Roman Bolt” shrifti, 10 kegl) soʻzi yozilgan.
“Yangi Oʻzbekiston bunyodkorlari” koʻkrak nishoni
GUVOHNOMASI
