2026-yilda Navoiy viloyatini barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (PQ-58-son)
11.02.2026
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING
QARORI
Navoiy viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishni jadallashtirish, tadbirkorlarga yanada qulay shart-sharoitlar yaratish, investitsiyalarni jalb qilish, har bir tuman va shaharni ixtisosligidan kelib chiqib rivojlantirish, mavjud zaxira va imkoniyatlardan samarali foydalanish, aholi daromadlarini oshirish va turmush darajasini yanada yaxshilash maqsadida qaror qilaman:
I. Maqsadlar
1. Quyidagilar Navoiy viloyatini 2026-yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosiy maqsadli koʻrsatkichlari etib quyidagilar belgilansin:
(a) yalpi hududiy mahsulot hajmi yillik oʻrtacha 7,9 foizga, sanoat 7,8 foizga, bozor xizmatlari 15,6 foizga, qishloq xoʻjaligi 5,7 foizga oʻsishini taʼminlash;
(b) viloyatni kambagʻallik va ishsizlikdan holi hududga aylantirish hamda aholi daromadlari barqaror oʻsishini taʼminlash, 4,5 ming nafar aholini mehnat bozorida talab yuqori boʻlgan kasblarga oʻqitish;
(v) xorijiy investitsiyalar hajmini 4,9 mlrd AQSH dollariga, eksport hajmini 1,5 mlrd AQSH dollariga yetkazish;
(g) togʻ-kon va geologiya sohasini rivojlantirish va yer qaʼri uchastkalaridan samarali foydalanish maqsadida 42 ta yangi konlarni ishga tushirish;
(d) suv resurslaridan oqilona foydalanish va suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish hisobiga 440 mln metr kub suv iqtisod qilish;
(j) xorijiy turistlar oqimini 600 ming nafarga, mahalliy sayyohlar sonini 3 mln nafarga yetkazish.
2. Quyidagilar:
(a) Navoiy viloyatining yalpi hududiy mahsulot hajmi va uning tarkibi boʻyicha prognoz parametrlari 1-ilovaga muvofiq;
(b) Navoiy viloyatida aholini doimiy ishga joylashtirish, daromadini oshirish va norasmiy ish oʻrinlarini legallashtirish boʻyicha maqsadli koʻrsatkichlar 2-ilovaga muvofiq;
(v) Navoiy viloyati tuman (shahar)larini ixtisoslashuvi, geografik joylashuvi, tabiiy xomashyo va yer resurslari hamda infratuzilmaviy imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda ularning solishtirma ustunligi asosida namunali hududga aylantirish boʻyicha yoʻnalishlar 3-ilovaga muvofiq;
(g) Navoiy viloyatining xorijiy investitsiyalarni oʻzlashtirish boʻyicha prognoz parametrlari 4-ilovaga muvofiq;
(d) Navoiy viloyatida turizm sohasini rivojlantirish boʻyicha maqsadli koʻrsatkichlar 5-ilovaga muvofiq;
(j) Navoiy viloyatida ijtimoiy sohani rivojlantirish boʻyicha maqsadli koʻrsatkichlar 6-ilovaga muvofiq;
(z) 2026-yilda Navoiy viloyatini barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” 7-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
II. Viloyatning tuman va shaharlarini milliylik bilan uygʻunlashgan zamonaviy qiyofaga keltirish
3. 2300-yillik tarixga ega boʻlgan Karmana shahrini milliylik bilan uygʻunlashgan zamonaviy qiyofaga keltirish, aholi va sayyohlar uchun qulay shart-sharoit hamda ilgʻor arxitektura yechimlariga asoslangan infratuzilmani yaratish maqsadida Navoiy viloyati hokimligi, Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligining quyidagi takliflari maʼqullansin:
(a) Karmana koʻchasini renovatsiya asosida milliy uslubdagi madaniy, turizm va xizmat koʻrsatish markaziga aylantirish maqsadida:
(i) Qosim shayx xonaqohi va Mirsaid Bahrom tarixiy ziyoratgohlarini restavratsiya qilgan holda oʻzaro bogʻlash hamda “Yangi avlod” istirohat bogʻi va “Karmana dehqon bozori” bilan uygʻunlashtirgan holda “Qadimiy Karmana” turistik markazni (keyingi oʻrinlarda — turistik markaz) tashkil qilish;
(ii) koʻchaning 2,4 km qismini piyodalar va sayyohlar uchun qulay va xavfsiz boʻlishini taʼminlagan holda rekonstruksiya qilish;
(b) Karmana shahri bosh rejasiga muvofiq tirbandliklarning oldini olish va sayyohlar uchun harakat xavfsizligini taʼminlash maqsadida:
(i) “M-37” xalqaro avtomobil yoʻlidan “Kalovat” MFY orqali Yangi Navoiy shaharchasiga olib boruvchi 1,5 km avtomobil yoʻlini qurish;
(ii) A. Navoiy koʻchasini “M-37” avtomobil yoʻli orqali “A-379” avtomobil yoʻli bilan bogʻlovchi 0,5 km avtomobil yoʻlini qurish;
(v) mazkur bandda nazarda tutilgan loyihalarni amalga oshirish uchun 8-ilovaga muvofiq turar va noturar obyektlarni koʻchirish maqsadida mulkdorlarga ushbu qarorning 32-bandiga muvofiq kompensatsiya toʻlovlarini qoplab berish.
4. Belgilansinki:
(a) turistik markaz “Business city” zamonaviy ishbilarmonlik markazlari roʻyxatiga kiritiladi;
(b) “Yangi Navoiy shaharchasi” ishbilarmonlik markazi direksiyasi” davlat muassasasi (keyingi oʻrinlarda — Direksiya) turistik markazning direksiyasi vazifasini bajaradi;
(v) Direksiya turistik markaz hududida quriladigan bino va inshootlarni loyihalash, qurish va taʼmirlash boʻyicha buyurtmachi hisoblanadi hamda turistik markaz obyektlarini qurishda qonunchilik hujjatlariga muvofiq “Yangi Navoiy shaharchasi” ishbilarmonlik markazini barpo etish ishlari doirasida berilgan barcha huquq, vakolat va imtiyozlardan foydalanadi;
(g) Direksiyaga quyidagi huquqlar beriladi:
(i) “Yangi Oʻzbekiston” bogʻi va turistik markaz hududida mazkur qarorga muvofiq ajratiladigan mablagʻlar hisobidan savdo, turizm va xizmat koʻrsatish obyektlarini qurish, shuningdek, quriladigan va qurib bitkazilgan turizm va xizmat koʻrsatish obyektlarini elektron onlayn auksion savdolari orqali sotish;
(ii) savdo, turizm va xizmat koʻrsatish obyektlarini elektron onlayn auksion savdolari orqali sotishdan tushgan mablagʻlarni (auksion xarajatlarini chegirib qolgan holda) “Yangi Oʻzbekiston” bogʻi va turistik markazni barpo etish va saqlash xarajatlariga yoʻnaltirish.
5. “Sanoat qurilish banki” ATB Davlat aktivlari boshqarish agentligi va Navoiy viloyati hokimligi birgalikda Karmana tumanidagi “Yangi avlod” istirohat bogʻining yer uchastkalarini vaqtinchalik ijaraga berish muddati tugayotganligi munosabati bilan mazkur istirohat bogʻini bir oy muddatda Karmana tumani Obodonlashtirish boshqarmasiga qaytarib berilishini taʼminlasin.
6. Navoiy viloyatida rekreatsiya va yashil hududlarni koʻpaytirish maqsadida:
(a) Navoiy viloyati hokimligi Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi bilan kelishgan holda 2026-2027-yillarda “Kapital qurilish sohasida buyurtmachi xizmati” davlat muassasasi buyurtmachiligida Navoiy shahrida joylashgan Alisher Navoiy nomidagi markaziy madaniyat va istirohat bogʻi, “Yoshlik” koʻli va ular atrofidagi eskirgan, samarali foydalanilmayotgan obyektlar joylashgan hududni yagona majmua (keyingi oʻrinlarda — Markaziy istirohat bogʻi) sifatida zamonaviy koʻrinishda rekonstruksiya qilishni taʼminlasin;
(b) “Alisher Navoiy nomidagi markaziy madaniyat va istirohat bogʻi” davlat muassasasiga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 26-dekabrdagi “Mahalliy budjetlar va budjet tashkilotlarining moliyaviy barqarorligini oshirish, budjet intizomini kuchaytirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-387-son qaroriga muvofiq Obodonlashtirish boshqarmalariga berilgan barcha huquq va vakolatlar tatbiq etilsin;
(v) Navoiy viloyati hokimligi 2026-2027-yillarda Navoiy va Uchquduq shaharlarida yashillik darajasini oshirish, umumiy foydalanishdagi hududlarda joylashgan barcha koʻp yillik daraxtlarni suv bilan taʼminlash, suv resurslaridan samarali foydalanish, ekologik holatni yaxshilash va barqaror saqlash maqsadida zamonaviy sugʻorish tizimini joriy etsin.
7. Belgilab qoʻyilsinki, “Yangi Oʻzbekiston” bogʻi, turistik markaz va Markaziy istirohat bogʻini qurish-taʼmirlash ishlari uchun chetdan olib kelinadigan qurilish texnikasi, attraksionlar, asbob-uskuna va jihozlar, butlovchi buyumlar, ehtiyot qismlari, qurilish materiallari, metall konstruksiyalar, noyob daraxt va buta koʻchatlari hamda boshqa tovarlar boʻyicha bojxona toʻlovlarini 120 kunga kechiktirib yoki boʻlib toʻlashga ruxsat beriladi.
8. “Oʻzsuvtaʼminot” AJ, Iqtisodiyot va moliya vazirligi Karmana tumanida Fransiya taraqqiyot agentligi mablagʻlari hisobidan amalga oshirilayotgan oqova suv tizimlarini qurish loyihasini turistik markaz loyihasi bilan uygʻunlashtirgan holda jadallashtirish chorasini koʻrsin.
9. Navoiy viloyati hokimligi Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda Islom taraqqiyot banki ishtirokidagi “Qishloq infratuzilmasini rivojlantirish” loyihasi doirasida 33,7 mln AQSH dollari miqdoridagi mablagʻlar hisobidan 34 ta mahalladagi 159 ta obyektni qurish-taʼmirlash ishlarini jadallashtirsin.
10. Navoiy viloyati hokimligining quyidagi takliflariga rozilik berilsin:
(a) 2026-yilda mazkur qarorning 9-ilovasiga muvofiq davlat mulkida boʻlgan ijtimoiy soha obyektlaridagi taʼmirtalab sanitariya-gigiyena shoxobchalari holatini viloyat mahalliy budjeti va uning qoʻshimcha daromadlari hisobidan zamonaviy talablar asosida yaxshilash (yangidan qurish, rekonstruksiya qilish);
(b) mazkur qarorning 10-ilovasiga muvofiq tuman (shahar) hokimliklari tashabbusi asosida shakllantirilgan muhim loyihalar (obyektlar)da qurilish-taʼmirlash ishlarini amalga oshirish;
(v) ushbu qarorga 10a-ilovaga muvofiq 2027-2028-yillardagi ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturlari doirasida qurilish-taʼmirlash ishlarini amalga oshirish.
11. Belgilansinki, mazkur qarorning 10- va 10a-ilovalaridagi yildan-yilga oʻtuvchi loyihalar (obyektlar) keyingi yillar uchun moʻljallangan ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturlariga kiritilgan holda amalga oshiriladi. Bunda ushbu loyihalar mazkur qarorga asosan ajratilgan mablagʻlar va boshqa tegishli manbalar hisobidan moliyalashtirib boriladi.
III. Tadbirkorlar va aholi uchun munosib sharoit yaratish, xizmat koʻrsatish va turizm sohalarini rivojlantirish, hududlarning “solishtirma ustunligi” asosida shakllantirilgan loyihalarni amalga oshirish uchun zarur infratuzilmaviy shart-sharoitlar yaratish
12. Belgilansinki, 2026-yilda Navoiy viloyatida tadbirkorlikni rivojlantirish, aholining daromadini oshirish, kambagʻallikni qisqartirish, loyihaviy yondashuv asosida ixtisoslashuvni chuqurlashtirish maqsadida:
(a) “Yangi Oʻzbekiston qiyofasidagi mahalla” maqomi berilgan 8 ta qishloq tumanidan tanlab olingan 16 ta mahallada shahar muhiti va qulay yashash sharoitlari yaratiladi;
(b) ogʻir toifadagi Konimex va Navbahor tumanlari hamda kambagʻallik darajasi yuqori boʻlgan 12 ta ogʻir toifadagi mahallada aholi yashashi va tadbirkorlik faoliyati uchun qulay muhit yaratishga qaratilgan kompleks infratuzilmaviy va ijtimoiy-iqtisodiy chora-tadbirlar amalga oshiriladi;
(v) viloyatdagi 40 ta mahallani ixtisoslashtirish uchun ushbu mahallalarga 60 ta tik quduq qazish, transformator oʻrnatish, elektr tarmogʻi tortish va sugʻorish tarmoqlarini betonlash tadbirlari amalga oshiriladi;
(g) tuman (shahar) markazlaridagi 65 ta mahallani bogʻlovchi gavjum koʻchalar, sohil va yoʻlboʻyi, savdo, koʻngilochar va dam olish markazlari hamda turizm salohiyat yuqori boʻlgan 18 ta mahallada mehmon uylari, turizmga xizmat koʻrsatuvchi obyektlar tashkil etiladi;
(d) xalqaro (tranzit) avtomobil yoʻllari boʻylaridagi 15 ta mahallada savdo va xizmat koʻrsatish obyektlari faoliyati yoʻlga qoʻyiladi;
(j) tumanlardagi 78 ta mahallada ixtisoslashuvni chuqurlashtirish uchun “Uzagrostar xolding” kompaniyasi, Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi instrumentlaridan foydalaniladi.
13. Navoiy viloyatidagi iqtisodiy oʻsishga turtki beruvchi 39 ta drayver loyihalarning infratuzilmasini yaxshilash maqsadida:
(a) Iqtisodiyot va moliya vazirligi talab etiladigan mablagʻning 50 foizini respublika budjetidan 2026-yil 20-fevralga qadar ajratsin;
(b) Navoiy viloyati hokimligi drayver loyihalar dasturiga kiritilgan obyektlarning loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqib, 2026-yil 1-mayga qadar qurilish ishlarini boshlasin.
14. Iqtisodiyot va moliya vazirligi “Uzagrostar xolding” kompaniyasi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi va Navoiy viloyati hokimligi bilan birgalikda agrosanoatning asosiy tarmoqlaridan boʻlgan chorvachilik, uzumchilik va anorchilikni rivojlantirish maqsadida:
(a) “Uzagrostar xolding” kompaniyasining taʼsischiligida Qiziltepa tumanida chorvachilik yoʻnalishida “Navoiy agrostar” MCHJ ixtisoslashgan kompaniyasini tashkil etsin va Qiziltepa tumanini bazaviy hudud sifatida belgilasin. Bunda “Navoiy agrostar” MCHJ chorvachilik rivojlangan Tomdi, Navbahor, Uchquduq va Konimex tumanlari hamda qoʻshni viloyatlar tumanlarini ham qamrab oladi;
(b) “Uzagrostar xolding” kompaniyasining taʼsischiligida Xatirchi tumanidagi 20 ta mahallada “Qoʻshrabot agrostar” MCHJ bilan birga Xatirchi mayizchilik klasterini tashkil etsin. Bunda quyidagilar nazarda tutiladi:
(i) uzum yetishtirishdan tortib, qayta ishlash, quritish, saralash, qadoqlash va eksportga chiqarishgacha boʻlgan yagona tizimni shakllantirish;
(ii) mayizchilikda yuqori navli uzumlarni ekishni tashkil etish;
(iii) uzumzorlarda tomchilatib sugʻorish va klasterni rivojlantirish uchun infratuzilmalarni barpo etish;
(v) Sirdaryo viloyati Mirzaobod tumanida anorchilik yoʻnalishida tashkil etilishi rejalashtirilgan “Sirdaryo agrostar” MCHJ ixtisoslashgan kompaniyasi Navoiy viloyatining Karmana, Navbahor va Qiziltepa tumanlarini qamrab oladi.
15. Navoiy viloyatining turizm salohiyatidan samarali foydalanish maqsadida Turizm qoʻmitasi va Navoiy viloyati hokimligining quyidagi takliflariga rozilik berilsin:
(a) 2026-yil yakuniga qadar Nurota tumanidagi markaziy istirohat bogʻida “Naqshlar va nurlar” milliy kashtachilik markazini qurish;
(b) “Chashma” ziyoratgohini “Naqshlar va nurlar” milliy kashtachilik markazi bilan bogʻlagan holda yagona turizm halqasini tashkil etish;
(v) yagona turizm halqasi doirasida hunarmandchilik, savdo va xizmat koʻrsatish sohalarida yangi loyihalarni amalga oshirish, sayyohlarning kamida bir kun tunab qolishini nazarda tutuvchi turistik marshrutlar ishlab chiqish.
16. Navoiy viloyati hokimligi:
(a) Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi bilan birga Xatirchi tumanining Langar va Angidon qishloqlari boʻyicha ishlab chiqilgan master-reja asosida yer uchastkalarini elektron onlayn auksion savdolariga chiqarsin;
(b) Turizm qoʻmitasi bilan birga 2026-2027-yillarda Xatirchi tumanining Langar va Angidon qishloqlarida turizm va xizmat koʻrsatish sohalarida investitsiya loyihalarini amalga oshirish choralarini koʻrsin;
(v) ATB “Turon bank” bilan birga bir oy muddatda ushbu hududlarda tadbirkorlik va turizmni rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash maqsadida imtiyozli shartlarga ega, qulay va jozibador kredit paketini ishlab chiqsin va amaliyotga joriy etsin;
(g) manfaatdor idoralar bilan birga Zarafshon daryosining Navbahor, Karmana va Qiziltepa tumanlari hududidan oqib oʻtuvchi qismlarida, birinchi bosqichda kamida 20 gektar maydonga sohil boʻyini rivojlantirish boʻyicha master-reja ishlab chiqilishini taʼminlasin.
IV. Investitsiyalarni oʻzlashtirish, eksport va sanoatni rivojlantirish
17. Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligining Navoiy viloyatida tadbirkorlik subyektlariga yangi loyihalarni amalga oshirish uchun xorijiy banklar va xalqaro moliya institutlari mablagʻlarini jalb etish samaradorligini oshirish maqsadida tajriba-sinov tariqasida quyidagilarni nazarda tutuvchi mahalliy tadbirkorlar bilan ishlash dasturini amalga oshirish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin:
(a) tadbirkorlik loyihalarini tayyorlash, ekologiyaga oid va ijtimoiy talablar, xarid rejalari, xalqaro moliyaviy hisobot (IFRS) va audit tizimlarini joriy etish uchun xorijiy tajribaga ega konsalting kompaniyalarini jalb qilish hamda mahalliy audit-konsalting kompaniyalarini rivojlantirish;
(b) tadbirkorlik subyektlarining xalqaro moliyaviy hisobot va sifat tizimlarini joriy etish bilan bogʻliq xarajatlarning 30 foizini “Savdoni rivojlantirish kompaniyasi” AJ mablagʻlari hisobidan kompensatsiya qilish.
18. Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Markaziy bank bilan birgalikda bir oy muddatda mahalliy tadbirkorlar bilan ishlash dasturini amalga oshirish tartiblarini nazarda tutuvchi Hukumat qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
19. Navoiy viloyati hokimligining Xatirchi tumanidagi Baxshijar mavzesida 50 gektar yer maydonida kichik sanoat zonasi tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin. Bunda:
(a) Navoiy viloyati hokimligi 2026-yil yakuniga qadar tadbirkorlik infratuzilmasini rivojlantirish jamgʻarmasi va boshqa manbalar hisobidan kichik sanoat zonasi uchun zarur muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini (avtomobil yoʻli, elektr taʼminoti, gaz va suv tarmoqlari) toʻliq qurib bitkazish choralarini koʻrsin;
(b) Navoiy viloyati hokimligi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi ikki oy muddatda 2026-2027-yillarda ushbu kichik sanoat zonasida qiymati kamida 100 mln AQSH dollari boʻlgan investitsiya loyihalarini joylashtirish boʻyicha aniq manzilli chora-tadbirlar rejasini tasdiqlasin va amalga oshirsin.
20. Navoiy viloyati hokimligi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda Nurota tumanida granitni qazib olish va qayta ishlash boʻyicha amalga oshirilayotgan loyihalarda tannarxni kamaytirish hamda qoʻshilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish maqsadida 2026-yilda:
(a) “Istiqlol” MFY hududidagi 50 gektar yer maydonida “Nurota granit parki” kichik sanoat zonasini tashkil etsin;
(b) “Nurfaxr” MFY hududida 50 gektar yer maydonida granitni qayta ishlash klasterini tashkil etsin;
(v) “Istiqlol” MFY hududida pardozbop toshlar bozorini tashkil etsin, ushbu bozorda Xitoy Xalq Respublikasining Nanʼan shahri tajribasi (Xitoy Xalq Respublikasi) asosida xomashyo va yarim tayyor pardozbop tosh mahsulotlarini qayta ishlash, savdoga chiqarish va eksport qilish tizimini joriy etsin;
(g) mazkur bandning “a” va “b” kichik bandlarida nazarda tutilgan kichik sanoat zonalarida qoʻshilgan qiymatli eksportbop tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan investitsiya loyihalarini joylashtirsin.
21. Markaziy bank, “Oʻzsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Navoiy viloyati hokimligining tadbirkorlik subyektlari tomonidan pardozbop toshlar qazib olish va qayta ishlash natijasida hosil boʻlayotgan sanoat chiqindilaridan sement xomashyosi, ohak, gips, yoʻlak plitalari, gazblok va boshqa turdagi tayyor qurilish materiallari ishlab chiqarish loyihalarini moliyalashtirish uchun Markaziy bankning asosiy stavkasining ikki baravaridan ortiq boʻlmagan stavkada milliy valyutada kreditlar ajratish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin. Bunda ushbu kreditlar boʻyicha foizlarning Markaziy bankning asosiy stavkasidan 4 foiz punktdan yuqori, biroq 10 foiz punktdan oshmagan qismi “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” AJ tomonidan Kredit foiz xarajatlarini kompensatsiya qilish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan uch yil muddatgacha qoplab beriladi.
22. Sanoat kooperatsiyasi va davlat xaridlari agentligi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda Navoiy viloyati hokimligi bilan birgalikda viloyatda mahalliylashtirilgan sanoat mahsulotlari hajmini koʻpaytirish hamda sanoat korxonalari oʻrtasida kooperatsiya aloqalarini yanada kengaytirish maqsadida:
(a) 2026-yilda hududiy mahalliylashtirish dasturi doirasida 2,9 trln soʻmlik mahsulot ishlab chiqarilishi hamda import oʻrnini bosuvchi mahsulotlar hajmi 250 mln AQSH dollarga yetkazilishini;
(b) Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi, “Oʻzkimyosanoat” AJ, “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ, “Oʻzavtosanoat” AJ bilan hamkorlikda 90 ta kichik va oʻrta korxonalarni “shatakka olish”ni hamda hisobot davrida ularga 1,2 trln soʻmlik buyurtma berilishini taʼminlasin.
23. Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi va Navoiy viloyati hokimligining “Navoiy” erkin iqtisodiy zonasi direksiyasi” AJ tasarrufida boʻlgan yer maydonidan mazkur qarorning 11-ilovasiga muvofiq 9,19 gektar yer maydonini “Navoiy sanoatni rivojlantirish kompleksi” maxsus sanoat parkiga ajratish uchun tuman hokimligi tasarrufiga qaytarish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin. Bunda:
(a) “Navoiy” erkin iqtisodiy zonasi chegaralariga tegishli oʻzgartirishlar kiritilsin;
(b) Navoiy viloyati hokimligi bir oy muddatda qaytarilgan yer uchastkasini “Navoiy sanoatni rivojlantirish kompleksi” maxsus sanoat parkiga ajratilishini taʼminlasin.
24. Navoiy viloyati hokimligi Qishloq xoʻjaligi vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda Navoiy viloyatida tadbirkorlik, ijtimoiy va infratuzilma loyihalarini amalga oshirish uchun 12-ilovaga muvofiq yer uchastkalarining yer fondi toifasini oʻzgartirish boʻyicha takliflarni Qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan va oʻrmon fondi yerlarining yer fondi toifalarini oʻzgartirish masalalarini koʻrib chiqish boʻyicha Hukumat komissiyasiga kiritsin.
25. Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi Navoiy viloyati hokimligi bilan birgalikda uch oy muddatda investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun mazkur qarorning 13-ilovasiga muvofiq noruda foydali qazilma konlari va uchastkalarini belgilangan tartibda elektron onlayn auksion savdolariga chiqarsin.
V. Qishloq xoʻjaligi va chorvachilik sohasini rivojlantirish, suv resurslaridan oqilona foydalanishga qaratilgan chora-tadbirlar
26. Suv xoʻjaligi vazirligi 2026-yil 1-martdan boshlab “Navoiy issiqlik elektr stansiyasi” AJga texnik suv yetkazib berish boʻyicha koʻrsatilgan xizmatlar uchun Zarafshon magistral tizimidan foydalanish boshqarmasining rivojlantirish jamgʻarmasiga kelib tushadigan mablagʻlarning 50 foizigacha boʻlgan qismini har oy yakuni bilan belgilangan tartibda Quyi Zarafshon irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasining rivojlantirish jamgʻarmasiga oʻtkazib borsin.
27. 2026 — 2028-yillarda Navoiy viloyatidagi Suv xoʻjaligi vazirligi hamda qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilar tasarrufidagi nasos stansiyalari va tik quduqlarda sarflanayotgan elektr energiyasidan samarali foydalanish maqsadida 14-ilovaga muvofiq quyidagilarga quyosh panellari oʻrnatish bosqichma-bosqich amalga oshirilsin:
(a) Suv xoʻjaligi vazirligi Quyi Zarafshon irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi huzuridagi nasos stansiyalari va energetika boshqarmasi balansidagi nasos stansiyalariga;
(b) Navoiy viloyati hokimligi Suv xoʻjaligi vazirligi bilan birgalikda Quyi Zarafshon irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi huzuridagi nasos stansiyalari va energetika boshqarmasi balansidagi tik sugʻorish quduqlari va fermer xoʻjaliklariga qarashli nasos agregatlariga va ulardan foydalanuvchi fermer xoʻjaliklariga.
28. Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasi va Navoiy viloyati hokimligining:
(a) Qoʻmitaga doimiy foydalanish huquqi bilan berilgan 6 mln gektar yaylov yer maydonlarini ijaraga berishdan tushadigan ijara toʻlovlarini Navoiy viloyati yaylov xoʻjaliklari boshqarmasi hisob raqamiga tushirish;
(b) ushbu mablagʻlarni mayda shoxli mollarni sugʻorish uchun tik quduqlar qazish, degradatsiyaga uchragan yaylov yer maydonlariga ozuqabop choʻl oʻsimliklarini ekish ishlariga yoʻnaltirish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.
29. Navoiy viloyatida chorvachilik sohasini yanada rivojlantirish maqsadida shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:
(a) 2026-yilda Moʻgʻulistondan 70 ming bosh mayda shoxli mol olib kelishni qoʻllab-quvvatlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 17-iyuldagi “Moʻgʻulistonga oliy darajadagi tashrif davomida qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat sohalarida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-225-son qaroriga asosan mayda shoxli mollarni import qilishda qoʻllangan imtiyozlar 2026-2027-yillarda olib kelinadigan mayda shoxli mollar uchun ham tatbiq etiladi;
(b) Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasi hamda Navoiy viloyati hokimligi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 30-yanvardagi PQ-34-son qarori ijrosi doirasida Navoiy viloyati yaylov yerlari suv taʼminotini yaxshilash tadbirlariga, shu jumladan, 70 ta quduq burgʻilash ishlariga ajratilgan 33,8 mlrd soʻm mablagʻlarni moliyalashtirish hamda 2026-yil 1-iyunga qadar quduqlarni toʻliq ishga tushirish choralarini koʻradi;
(v) 2026-2027-yillarda Navoiy viloyatida tuyachilik va yilqichilik tarmogʻini rivojlantirish maqsadida xorijiy davlatlardan sut va goʻsht yoʻnalishidagi zotli tuya va otlar olib kelinadi;
(g) grant mablagʻlarini jalb etgan holda aholi va chorvachilik xoʻjaliklaridagi mavjud mayda shoxli mollar 2026-2027-yillar davomida toʻliq identifikatsiya qilinadi;
(d) viloyatda chorva mollari, ular uchun ozuqani saqlash, yetishtirish va koʻpaytirish uchun qishloq xoʻjaligi yerlari va qishloq xoʻjaligiga xizmat koʻrsatuvchi yerlar, shuningdek, qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yerlar ochiq elektron onlayn auksion savdolariga boshlangʻich narxining 10 foizi qiymatida, aniq ixtisoslik va ruxsat etilgan foydalanish turini belgilagan holda chiqariladi.
VI. Ijtimoiy sohani rivojlantirish va mavjud resurslardan samarali foydalanish:
30. Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi:
(a) Raqamli texnologiyalar vazirligi va Navoiy viloyati hokimligi bilan birgalikda IT va sunʼiy intellekt sohasini samarali rivojlantirish uchun 2026-2027-yillarda tajriba-sinov tariqasida Navoiy va Zarafshon shaharlari umumtaʼlim maktablarida “Bir maktab — bir IT sinf” tamoyili asosida IT va sunʼiy intellektga ixtisoslashgan sinflarni tashkil etsin. Bunda:
(i) ushbu sinflar IT va sunʼiy intellekt talablari asosida moslashtirilib, zamonaviy jihozlar bilan taʼminlanadi;
(ii) ushbu sinflarga 9-sinfning IT va sunʼiy intellektga qiziquvchi oʻquvchilari saralab olinadi;
(b) Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi Muhammad Al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalar universiteti (keyingi oʻrinlarda — TATU) bilan birgalikda 2026/2027 oʻquv yilidan boshlab:
(i) Navoiy viloyatidagi umumtaʼlim maktablarining 100 nafar mutaxassis pedagoglarini IT va sunʼiy intellekt yoʻnalishida TATU va xorijda malakasini oshirish;
(ii) TATUning Zarafshon fakultetida kunduzgi taʼlim shaklida “Sunʼiy intellekt va kiberxavfsizlik” taʼlim yoʻnalishida oʻqitishni yoʻlga qoʻyish chorasini koʻrsin.
31. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Kasbiy taʼlim agentligi va Navoiy viloyati hokimligining “Kasbiy taʼlim tizimini takomillashtirish” loyihasi asosida 2026/2027 oʻquv yilidan Germaniya taraqqiyot banki (KfW) bilan hamkorlikda Qiziltepa tumani 2-son texnikumida Germaniya tajribasi asosida, Xitoy davlatining Chunsin Gʻarbiy ishlab chiqarish va taʼlim integratsiyasi tadqiqot instituti bilan hamkorlikda Zarafshon shahar 1-son texnikumida Xitoy tajribasi asosida zamonaviy dasturlar va texnologiyalarni joriy etgan holda dual taʼlimni yoʻlga qoʻyish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin. Bunda:
(a) texnikumni zamonaviy uskuna va jihozlar bilan taʼminlash, ilgʻor kasbiy tayyorgarlik xonalarini tashkil etish;
(b) mehnat bozori talabidan kelib chiqib (konchilik, arxitektura-qurilish, energetika, yengil sanoat va transport yoʻnalishlari) malakali va raqobatbardosh kadrlarni tayyorlash;
(v) pedagog va ishlab chiqarish taʼlimi ustalarining malakasini oshirish;
(g) Germaniya va Xitoy davlatlarining nufuzli korxona va tashkilotlari bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish masalalariga alohida eʼtibor qaratish.
VII. Moliyaviy resurslar
32. Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Navoiy viloyati hokimligi:
(a) ushbu qarorning 3-bandida nazarda tutilgan obyektlarning qurilishi hududiga tushgan yer uchastkalari Oʻzbekiston Respublikasining “Yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyish tartib-taomillari toʻgʻrisida”gi Qonuniga asosan jamoat ehtiyoji uchun olib qoʻyilishi natijasida jismoniy va yuridik shaxslarga yetkaziladigan zararlar Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan mulkiy zararlarni kompensatsiya qilish boʻyicha respublika maqsadli jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda — respublika kompensatsiya jamgʻarmasi) mablagʻlari hisobidan hamda boshqa maqsadlar uchun olib qoʻyiladigan koʻchmas mulk obyektlari uchun kompensatsiya toʻlovi tashabbuskorlar mablagʻlari hisobidan qoplash choralarini koʻrsin;
(b) respublika kompensatsiya jamgʻarmasidan mablagʻ ajratish uchun tegishli hujjatlar toʻplamini bosqichma-bosqich Iqtisodiyot va moliya vazirligiga taqdim etsin;
(v) tegishli hujjatlar toʻplami taqdim etilgan kundan boshlab oʻn ish kunida respublika kompensatsiya jamgʻarmasi kuzatuv kengashi yigʻilishida koʻrib chiqilishi va qaror qabul qilinishini taʼminlasin;
(g) respublika kompensatsiya jamgʻarmasi kuzatuv kengashining mablagʻ ajratish toʻgʻrisidagi tegishli qarori qabul qilingandan soʻng bir hafta muddatda ushbu qarorga asosan respublika kompensatsiya jamgʻarmasi hisobidan Navoiy viloyati hokimligi huzuridagi hududiy kompensatsiya jamgʻarmasiga mablagʻ ajratilishini taʼminlasin.
33. Navoiy viloyatini iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirish uchun zarur va barqaror infratuzilma bilan taʼminlashga 2026-yilda jami 455 milliard soʻm mablagʻ, shu jumladan mazkur qarorning 10-ilovasiga muvofiq Navoiy viloyatida amalga oshiriladigan muhim loyihalar (obyektlar) uchun viloyat mahalliy budjetiga bir oy muddatda:
(a) Iqtisodiyot va moliya vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti topshiriqlariga asosan hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish uchun nazarda tutilgan mablagʻlar hisobidan 150 mlrd soʻm mablagʻ;
(b) Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi 2 yillik imtiyozli davr bilan 7 yil muddatga 25 mln AQSH dollari ekvivalentidagi milliy valyutada foizsiz kredit mablagʻlari ajratsin. Bunda Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasidan olinadigan mablagʻlar 2027-yildan boshlab 2027 — 2032-yillarda teng ulushlarda Navoiy viloyati mahalliy budjetidan ularni har yilgi budjet parametrlarida nazarda tutgan holda qaytariladi.
34. Xalq deputatlari Navoiy viloyati kengashiga:
(a) mazkur qarorda nazarda tutilgan ijtimoiy va infratuzilma obyektlarini barpo etish ishlarini har chorakda kamida bir marotaba muhokama qilib, tegishli qarorlar qabul qilish;
(b) zaruratga koʻra, Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan kelishgan holda mazkur qarorga muvofiq ajratilayotgan mablagʻlarni qayta taqsimlash hamda loyihalar roʻyxati va ularning parametrlariga oʻzgartirish kiritish huquqi berilsin.
VIII. Qaror ijrosini tashkil etish, taʼminlash va nazorat
35. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga 15-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
36. Navoiy viloyatida ijtimoiy va infratuzilma obyektlari barpo etilishini nazorat qilish maqsadida 16-ilovaga muvofiq tarkibda shtab faoliyati tashkil etilsin hamda quyidagilar ustidan doimiy nazoratni amalga oshirish uning asosiy vazifasi etib belgilansin:
(a) mazkur qarorning 33-bandida koʻzda tutilgan mablagʻlar hisobidan amalga oshiriladigan ijtimoiy va infratuzilma loyihalari oʻz vaqtida amalga oshirilishi;
(b) Karmana tumanida turistik markaz, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari barpo etilishi, moliyalashtirilishi, pudrat tashkilotlari aniqlanishi, qurilish ishlari sifatli amalga oshirilib, obyektlar oʻz vaqtida foydalanishga topshirilishi.
37. Bosh vazir oʻrinbosari J.A. Qoʻchqorov mazkur qarorga muvofiq ajratilishi belgilangan mablagʻlarning toʻliq va oʻz muddatida moliyalashtirilishini nazorat qilib borsin.
38. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi mazkur qarorga muvofiq amalga oshirilayotgan ishlarning mazmun-mohiyati, maqsad va vazifalari ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishini tashkil etsin.
39. Qaror ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsan javobgar etib Bosh vazir oʻrinbosarlari A.J. Ramatov, J.A. Qoʻchqorov va J.A. Xodjayev hamda Navoiy viloyati hokimi N.T. Tursunov belgilansin.
40. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2026-yil 11-fevral,
PQ-58-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 11-fevraldagi PQ-58-son qaroriga 1-ILOVA
Navoiy viloyatining 2026-yilga moʻljallangan yalpi hududiy mahsulot hajmi va uning tarkibi boʻyicha
PROGNOZ PARAMETRLARI
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 11-fevraldagi PQ-58-son qaroriga 2-ILOVA
Navoiy viloyatida aholini doimiy ishga joylashtirish, daromadini oshirish va norasmiy ish oʻrinlarini legallashtirish boʻyicha
MAQSADLI KOʻRSATKICHLAR
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 11-fevraldagi PQ-58-son qaroriga 3-ILOVA
Navoiy viloyati tuman (shahar)larini ixtisoslashuvi, geografik joylashuvi, tabiiy xomashyo va yer resurslari hamda infratuzilmaviy imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda ularning qiyosiy ustunligi asosida namunali hududga aylantirish boʻyicha
YOʻNALISHLAR
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 11-fevraldagi PQ-58-son qaroriga 4-ILOVA
Navoiy viloyatining xorijiy investitsiyalarni oʻzlashtirish boʻyicha prognoz parametrlari
* Izoh: Ushbu parametrlar viloyat hokimi taklifiga asosan Investitsiyalarni jalb qilish, sanoatni rivojlantirish va savdoni tartibga solish boʻyicha Hukumat komissiyasining qarori bilan oʻzgartirilishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 11-fevraldagi PQ-58-son qaroriga 5-ILOVA
Navoiy viloyatida turizm sohasini rivojlantirish boʻyicha
MAQSADLI KOʻRSATKICHLARI
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 11-fevraldagi PQ-58-son qaroriga 6-ILOVA
Navoiy viloyatida ijtimoiy sohani rivojlantirish boʻyicha
MAQSADLI KOʻRSATKICHLAR
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 11-fevraldagi PQ-58-son qaroriga 7-ILOVA
2026-yilda Navoiy viloyatini barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha
“YOʻL XARITASI”
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 11-fevraldagi PQ-58-son qaroriga 8-ILOVA
Navoiy viloyatida shaharsozlik qiyofasi va yoʻl infratuzilmasini yaxshilash uchun respublika kompensatsiya jamgʻarmasidan mablagʻ ajratish boʻyicha
MANZILLI ROʻYXAT*
* obyektlar soni va qiymati xatlov natijalari va baholovchi tashkilotlarning hisob-kitoblari asosida aniqlashtiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 11-fevraldagi PQ-58-son qaroriga 9-ILOVA
2026-yilda Navoiy viloyatidagi barcha ijtimoiy soha obyektlarini zamonaviy sanitariya-gigiyena shoxobchalari bilan toʻliq taʼminlash boʻyicha
YIGʻMA KOʻRSATKICHLAR
* Obyektlar soni va ajratilayotgan mablagʻlar loyiha-smeta hujjatlarini ekspertizadan oʻtkazish va tender (tanlov) savdolari natijalari boʻyicha aniqlashtiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 11-fevraldagi PQ-58-son qaroriga 10-ILOVA
Navoiy viloyatida amalga oshiriladigan muhim loyihalar (obyektlar)ning
MANZILLI ROʻYXATI
* obyektlar yildan-yilga oʻtuvchi obyektlar hisoblanadi va ularning qiymati loyiha-smeta hujjatlarini ekspertizadan oʻtkazish va tender (tanlov) savdolari natijalari boʻyicha aniqlashtiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 11-fevraldagi PQ-58-son qaroriga 10a-ILOVA
Navoiy viloyatida 2027-2028-yillardagi ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturlari doirasida amalga oshiriladigan loyihalar (obyektlar)ning
MANZILLI ROʻYXATI*
* dastlabki manzilli roʻyxatga Oʻzbekiston Respublika Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan kelishilgan holda Navoiy viloyat xalq deputatlari kengashining tegishli qaroriga muvofiq qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritilish mumkin;
** limitlar loyiha-smeta hujjatlarini ekspertizadan oʻtkazish va tender (tanlov) savdolari natijalari boʻyicha aniqlashtiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 11-fevraldagi PQ-58-son qaroriga 11-ILOVA
“Navoiy” erkin iqtisodiy zonasi hududidan chiqarilayotgan
MAYDONLAR ROʻYXATI
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 11-fevraldagi PQ-58-son qaroriga 12-ILOVA
Navoiy viloyatida investitsiya loyihalarini amalga oshirish sharti bilan toifasi oʻzgartirilishi taklif etilayotgan qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer maydonlarining
ROʻYXATI
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 11-fevraldagi PQ-58-son qaroriga 13-ILOVA
Navoiy viloyatidagi auksion savdolari orqali realizatsiya qilinadigan noruda foydali qazilma kon va uchastkalar
ROʻYXATI
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 11-fevraldagi PQ-58-son qaroriga 14-ILOVA
2026 — 2028-yillarda Navoiy viloyatida nasos stansiyalari, nasos agregatlari va tik quduqlarga quyosh panellari oʻrnatish prognoz koʻrsatkichlari
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 11-fevraldagi PQ-58-son qaroriga 15-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 29-iyundagi “Oʻzbekiston Respublikasining tashqi iqtisodiy faoliyatini yanada tartibga solish hamda bojxona-tarif jihatdan tartibga solish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-3818-son qaroriga 1-ilovaning 2515-pozitsiyasi quyidagi mazmundagi 2515 11 000 0, 2515 12 000 0 va 2515 20 000 0-pozitsiyalar bilan almashtirilsin:
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 12-dekabrdagi “Navoiy viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-430-son qarorida:
(a) 17-ilovada:
(i) 28-pozitsiya quyidagi tahrirda bayon etilsin:
(ii) 30-pozitsiyada “Ijro muddati” ustunidagi “2025-2026” raqamlari “2026 — 2028” raqamlari bilan almashtirilsin;
(iii) 31-pozitsiyaning “Ijro muddati” ustunidagi “2025-2026” raqamlari “2026 — 2028” raqamlari bilan almashtirilsin;
(iv) 44-pozitsiya quyidagi tahrirda bayon etilsin:
(v) 49-pozitsiyaning “Ijro uchun masʼullar” ustunidagi “Iqtisodiyot va moliya vazirligi, “Oʻzsuvtaʼminot” AJ, “Navoiy suv taʼminoti” AJ, Navoiy viloyati hokimligi” soʻzlari “Oʻzsuvtaʼminot” AJ, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Navoiy viloyati hokimligi” soʻzlari bilan almashtirilsin;
(vi) 51-pozitsiya quyidagi tahrirda bayon etilsin:
3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 17-iyuldagi “Moʻgʻulistonga oliy darajadagi tashrif davomida qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat sohalarida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-225-son qarorida:
(a) 1-bandda:
(i) birinchi xatboshidagi “2025-2026-yillarda” soʻzlari “2025 — 2027-yillarda” soʻzlari bilan almashtirilsin;
(ii) “(a)” kichik bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“(a) Moʻgʻulistondan Oʻzbekistonga 200 ming bosh, shundan 2026-2027-yillarda Navoiy viloyatiga qoʻshimcha 70 ming bosh mayda shoxli mollarni olib kelish va mahalliy sharoitda naslchilik-seleksiya ishlari yordamida koʻpaytirish orqali ularning sonini 2029-yil yakuniga qadar 1 mln boshga yetkazish;” ;
(b) 1-ilovaning matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Moʻgʻulistondan Oʻzbekistonga import qilinadigan mayda shoxli mollarning hududlar kesimidagi
TAQSIMOTI
Izoh: Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklarining taklifiga asosan Veterinariya qoʻmitasi tomonidan ushbu roʻyxatga oʻzgartirishlar kiritilishi mumkin”.
4. Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 5-iyundagi 461-son qarori bilan tasdiqlangan “Business city” zamonaviy ishbilarmonlik markazlari roʻyxati quyidagi mazmundagi 19-band bilan toʻldirilsin:
“19. “Qadimiy Karmana” turistik markazi”.
5. Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 19-iyundagi 383-son qarori bilan tasdiqlangan Togʻli va choʻl hududlarda ziplayn xizmatlari va kanatli park (taypark) ekstremal turizm majmuasi tashkil qilinishi rejalashtirilgan tuman va shaharlar roʻyxati quyidagi tahrirda bayon etilsin:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 11-fevraldagi PQ-58-son qaroriga 16-ILOVA
Navoiy viloyatida ijtimoiy va infratuzilma obyektlari barpo etilishini nazorat qiluvchi
SHTAB TARKIBI
Izoh: Shtab aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimlarga yangidan tayinlangan yoki tegishli funksiyalarni bajarish zimmasiga yuklangan shaxslar kiritiladi.
