Texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi islohotlarni ilgʻor xalqaro amaliyot asosida jadallashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (PF-25-son)
16.02.2026
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
Texnik jihatdan tartibga solish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarni yanada jadallashtirish, texnik reglamentlarni xalqaro talab va standartlarga asoslangan holda qabul qilish, bozor nazorati tamoyillarini joriy qilish, shuningdek, sohada raqobat muhitini shakllantirish uchun shart-sharoit yaratish maqsadida qaror qilaman:
I. Ustuvor yoʻnalishlar va maqsadlar
1. Quyidagilar texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi islohotlarning ustuvor yoʻnalishlari etib belgilansin:
(a) texnik jihatdan tartibga solish, metrologiya va muvofiqlikni baholash sohasida amaldagi samarasiz nazorat tizimini bekor qilish, mahsulotning bozor nazorati amaliyotini joriy etish;
(b) sanoatda toʻliq xalqaro standartlarni qoʻllashga oʻtish;
(v) milliy sifat infratuzilmasi ishtirokchilari mustaqil faoliyatiga shart-sharoit yaratish va manfaatlari toʻqnashuvini bartaraf etish;
(g) sanoat metrologiyasi, oʻlchash vositalari verifikatsiyasi va kalibrlashni keng joriy qilish, qiyoslash amaliyotidan voz kechish;
(d) ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish korxonalari, tadbirkorlikning barcha yoʻnalishlari hamda oddiy isteʼmolchilarni qamrab oluvchi “sifat madaniyati”ni shakllantirish.
2. Quyidagilar Milliy sifat infratuzilmasini rivojlantirishning 2026-yil uchun asosiy maqsadli koʻrsatkichlari etib belgilansin:
(a) Barqaror rivojlanish uchun sifat infratuzilmasi indeksida Oʻzbekiston Respublikasi oʻrnini kamida 20 pogʻonaga koʻtarish;
(b) Xalqaro tarozi va oʻlchovlar byurosi tomonidan eʼtirof etilgan kalibrlash imkoniyatlari sonini 2,5 barobarga oshirish;
(v) xalqaro darajada tan olingan akkreditatsiya xizmatlari ulushini kamida 80 foizga yetkazish.
II. Sohani isloh qilishning tashkiliy asoslari
3. Milliy sifat infratuzilmasi ishtirokchilarining mustaqil faoliyatini yoʻlga qoʻyish hamda sohada raqobat muhitini shakllantirish maqsadida:
(a) Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi tizimidagi Oʻzbekiston akkreditatsiya markazi, amaldagi faoliyat yoʻnalishi, shtat birliklari, mol-mulki hamda moliyalashtirish tartibi va manbalari saqlab qolingan holda Vazirlar Mahkamasi boʻysunuviga oʻtkazilsin;
(b) Oʻzbekiston ilmiy-sinov va sifat nazorati markazi faoliyati toʻxtatilsin hamda uning tarkibidagi mahsulotlarni sertifikatlashtirish idoralari tugatilsin;
(v) Oʻzbekiston standartlar instituti unga Oʻzbekiston ilmiy-sinov va sifat nazorati markazini qoʻshib olish orqali qayta tashkil etilsin.
4. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi (keyingi oʻrinlarda — Agentlik) bilan birgalikda 2026-yil 1-avgustga qadar, Oʻzbekiston standartlar institutiga oʻtkaziladigan sinov laboratoriyalari imkoniyatlaridan foydalanish samaradorligini oshirish hamda mahalliy bozorda xalqaro muvofiqlikni baholash va inspeksiya tashkilotlarining ishtirokini oshirish yuzasidan taklif kiritsin.
III. Bozor nazorati tizimini joriy etish
5. Ichki bozorni xavfsiz mahsulotlar bilan taʼminlashga qaratilgan hamda quyidagilarni nazarda tutuvchi bozor nazorati tizimi yaratilsin:
(a) bozor nazoratini mahsulot turi va xususiyatidan kelib chiqib xavf-tahlil natijalariga asoslangan holda tashkil etish;
(b) bozor nazoratini amalga oshiruvchi davlat organlari va ularning faoliyat sohalarini Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilash;
(v) idoralararo Bozor nazorati milliy axborot tizimini joriy etish;
(g) bozor nazoratiga oid faoliyatni Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan moliyalashtirish.
6. Belgilansinki, bozor nazorati hamda muvofiqlikni baholash tizimlarini xalqaro amaliyotga muvofiq tashkil etish maqsadida:
(a) 2027-yil 1-yanvardan boshlab texnik reglamentlarning obyekti hisoblangan mahsulotlar uchun “milliy muvofiqlik belgisi” (Conformity Uzbekistan) joriy qilinadi hamda ularning muvofiqligi xavf-xatarga asoslangan yondashuv asosida baholanadi;
(b) mazkur Farmonga muvofiq yangi texnik reglamentlar qabul qilinishi yoki amaldagilari bekor boʻlishi natijasida, texnik reglamentlar obyekti hisoblangan mahsulotlar muvofiqligi majburiy baholanadigan mahsulotlar roʻyxatidan chiqariladi.
IV. Sohada biznes muhitini rivojlantirish
7. 2026-yil 1-apreldan boshlab muvofiqlikni baholash sohasida tadbirkorlik subyektlariga quyidagi yengilliklar joriy etilsin:
(a) muvofiqlikni baholash organlari tomonidan akkreditatsiya sohasida koʻrsatilgan pullik xizmatlar tushumidan ajratmalar 2,5 barobarga kamaytirilib, 2 foiz miqdorida belgilanadi hamda toʻliqligicha Oʻzbekiston akkreditatsiya markazi ixtiyorida qoldiriladi;
(b) tadbirkorlik subyektlari tomonidan ikki va undan ortiq akkreditatsiyadan oʻtgan holda muvofiqlikni baholash xizmatlari yoʻlga qoʻyilgan sohada davlat organlari va tashkilotlari tomonidan ushbu sohada sinov laboratoriyalari va sertifikatlash organlari tashkil etilishiga yoʻl qoʻyilmaydi;
(v) veterinariya, oʻsimliklar karantini, sanitariya va muvofiqlikni baholash sohasi mutaxassislarining malakasini oshirishda oʻquv dasturi va taʼlim tashkilotini mustaqil tanlash imkoni beriladi;
(g) muvofiqlikni baholash organlariga Milliy akkreditatsiya tizimida akkreditatsiya oʻtgan holda eksport bozorlarida talab etilayotgan xorijiy standartlar asosida muvofiqlikni baholash ishlarini oʻtkazishga ruxsat etiladi.
V. Sifat boʻyicha koʻmakchi
8. 2026-yil 1-apreldan boshlab shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:
(a) mazkur Farmonning 1-ilovasida keltirilgan davlat organlari va davlat ishtirokidagi korxonalarning amaldagi rahbar oʻrinbosarlaridan biriga texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish va metrologiya sohalaridagi ishlarni muvofiqlashtiruvchi — sifat menejeri (quality manager) vazifalari yuklatiladi;
(b) tuman (shahar) hokimlari yordamchilarining faoliyatini eng muhim samaradorlik koʻrsatkichlari (KPI) asosida baholashda, korxonalarda xalqaro standartlar va menejment tizimlarini joriy etish koʻrsatkichi kiritiladi;
(v) sifat menejeri hamda hokim yordamchilarining korxonalarda xalqaro standartlar va menejment tizimlarini joriy etish bilan bogʻliq faoliyatiga oid masalalar Agentlik tomonidan “Sifat boʻyicha koʻmakchi” elektron platformasi orqali muvofiqlashtiriladi.
VI. Texnik reglamentlar va standartlar
9. Quyidagilar:
(a) Xalqaro amaliyot hamda texnik jihatdan tartibga solish taʼsirini baholash natijalari asosida texnik reglamentlarni qayta koʻrib chiqish dasturi 2-ilovaga muvofiq;
(b) 2026 — 2028-yillarga moʻljallangan xalqaro standartlarni qabul qilish boʻyicha maqsadli koʻrsatkichlar 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
10. Belgilansinki, standart va texnik reglament ishlab chiqish va qabul qilish amaliyotini xalqaro talablar asosida tashkil etish maqsadida:
(a) 2026-yil 1-maydan boshlab har qanday darajadagi standartlardan foydalanishga ixtiyoriy tus beriladi, xalqaro (mintaqaviy, xorijiy) standartlarni respublika hududida qabul qilishning xalqaro amaliyoti joriy etiladi hamda standartlaring rasmiy roʻyxati milliy standartlar darajasida shakllantiriladi;
(b) 2027-yil 1-yanvardan boshlab texnik reglamentlarni sunʼiy intellektni qoʻllagan holda sanoat, tadbirkorlik va mahsulot xavfsizligini taʼminlashga taʼsirni va kutilayotgan samaradorlikni oldindan baholash “regulation impact assessment” (texnik jihatdan tartibga solish taʼsirini baholash) natijalariga asoslangan holda qabul qilish amaliyoti joriy etiladi.
11. Agentlik hamda Oʻzbekiston standartlar institutiga standartlashtirish boʻyicha texnik qoʻmitalar mavjud sohalar uchun standartlar ishlab chiqish majburiyatini yuklash taqiqlansin.
12. Quyidagi iqtisodiyot tarmoqlarida ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish toʻliq xalqaro standartlar asosida tashkil etilsin:
(a) 2026-yil 1-iyuldan toʻqimachilik, charm, mebel, elektrotexnika, avtomobilsozlik, axborot texnologiyalari;
(b) 2027-yil 1-yanvardan neft va gaz, metallurgiya, transport, qurilish mahsulotlari, tibbiy buyumlar;
(v) 2028-yil 1-yanvardan energetika, kimyo, ekologiya, xizmat koʻrsatish sohalari.
VII. Metrologiya
13. Metrologiya sohasini xalqaro talablar bilan muvofiqlashtirish maqsadida 2027-yil 1-yanvardan boshlab:
(a) oʻlchash vositalarini qiyoslash amaliyotidan voz kechgan holda, qonunlashtiruvchi metrologiya doirasida verifikatsiyalash tizimi joriy etiladi;
(b) sanoatda foydalanilayotgan va mahsulot sifatiga bevosita taʼsir qiladigan oʻlchash vositalari kalibrlashga oʻtkaziladi va standart namunalarni attestatsiyadan oʻtkazish tartibi bekor qilinadi;
(v) kalibrlash laboratoriyalarining Xalqaro tarozi va oʻlchashlar byurosi bazasida eʼtirof etilgan kalibrlash imkoniyatlari qayd etilgan yoʻnalishlari akkreditatsiyadan oʻtishdan ozod qilinadi.
14. 2026-yilda xarid qilinadigan etalonlar va yuqori aniqlikdagi oʻlchash vositalari roʻyxati 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
VIII. Akkreditatsiya
15. Akkreditatsiya tizimining xalqaro talablarga muvofiq mustaqil va betaraf faoliyat yuritishini taʼminlash maqsadida:
(a) Agentlikning akkreditatsiya sohasidagi vakolatlari bekor qilinadi;
(b) qonunchilik va ijro etilishi majburiy boʻlgan boshqa hujjatlarda akkreditatsiya organiga biror-bir tashkilotni akkreditatsiyadan oʻtkazish majburiyatini yuklovchi normalar kiritish taqiqlanadi;
(v) akkreditatsiya boʻyicha kengash nizomini va tarkibini tasdiqlash vakolatlari akkreditatsiya organiga oʻtkaziladi.
16. 2026-yil 1-sentabrdan boshlab akkreditatsiya qilingan laboratoriyalarning sinov bayonnomalari (ishlab chiqarishdagi laboratoriyalar ichki ehtiyojlari uchun oʻtkazgan sinovlari bundan mustasno) “e-akkreditatsiya” axborot tizimida roʻyxatga olingan holda rasmiylashtiriladi hamda akkreditatsiya organiga “Texnik jihatdan tartibga solish” milliy axborot tizimidan moneliksiz foydalanish imkoniyati yaratiladi.
IX. Kadrlar salohiyatini oshirish
17. Texnik jihatdan tartibga solish sohasida kadrlar tayyorlash tizimini rivojlantirishni yangi bosqichga olib chiqish maqsadida:
(a) Istiqbolli kadrlarni tayyorlash boʻyicha “El-yurt umidi” jamgʻarmasining magistratura va doktorantura dasturlari boʻyicha taʼlim olish uchun stipendiya kvotalarini ajratishda texnik jihatdan tartibga solish (shu jumladan, standartizatsiya, metrologiya va akkreditatsiya) sohasiga ham maqsadli asosda ustuvorlik beriladi;
(b) 2026/2027 oʻquv yilidan boshlab standartlashtirish, metrologiya va muvofiqlikni baholash yoʻnalishlarida tahsil olayotgan oliy taʼlim muassasalari talabalari uchun:
(i) Agentlik va uning tizim tashkilotlarining mablagʻlari hisobidan “Maxsus stipendiya” taʼsis etiladi;
(ii) rivojlangan davlatlar, xususan Yevropa Ittifoqining texnik jihatdan tartibga solish (Technical Regulation) tizimini oʻrganish modeli asosida dars soatlari joriy qilinadi;
(iii) soʻnggi 2 yilni xorijiy universitetda davom ettirishni nazarda tutuvchi “2+2” shaklidagi qoʻshma taʼlim dasturlari ishlab chiqiladi.
X. Farmon ijrosini tashkil etish, taʼminlash va nazorat
18. Texnik jihatdan tartibga solish sohasini ilgʻor xorijiy tajriba asosida takomillashtirishga qaratilgan chora-tadbirlar dasturi 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
19. Iqtisodiyot va moliya vazirligi Davlat budjeti hisobidan quyidagi vazifalarni bajarish uchun mablagʻlar ajratilishini taʼminlasin:
(a) mazkur Farmonga 3-ilovada keltirilgan xalqaro standartlar qabul qilish uchun 2026 — 2028-yillarda Oʻzbekiston standartlar institutiga 78,8 mlrd soʻm;
(b) mazkur Farmonga 4-ilovada koʻrsatilgan etalonlar va yuqori aniqlikdagi oʻlchash vositalarini xarid qilish uchun 2026-yilda Oʻzbekiston milliy metrologiya institutiga 250 mlrd soʻm.
20. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim hujjatlariga 6-ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar va qoʻshimcha kiritilsin.
21. Agentlik manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda qonunchilik hujjatlariga mazkur Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
22. Mazkur Farmonning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib Bosh vazir oʻrinbosarlari J.A. Qoʻchqorov hamda J.A. Xodjayev belgilansin.
23. Farmon ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2026-yil 16-fevral,
PF-25-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 16-fevraldagi PF-25-son Farmoniga 1-ILOVA
Rahbarining oʻrinbosariga texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish va metrologiya sohalaridagi ishlarni muvofiqlashtirish vazifalari yuklatiladigan davlat organlari va davlat ishtirokidagi korxonalar
roʻyxati
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 16-fevraldagi PF-25-son Farmoniga 2-ILOVA
Xalqaro amaliyot hamda texnik jihatdan tartibga solish taʼsirini baholash natijalari asosida texnik reglamentlarni qayta koʻrib chiqish
DASTURI
Izohlar:
1) amaldagi texnik reglamentlar qabul qilinishi natijasida erishilgan samara, shu jumladan, inson hayoti, sogʻligʻi va atrof-muhitga yetkazilishi mumkin boʻlgan zararning oldi olinganligi holati, baxtsiz hodisalar soni kamayishi tendensiyasi, ularning sanoat va tadbirkorlikka taʼsiri (salbiy/ijobiy) oʻrganiladi. Xalqaro talablar asosida qabul qilinishi rejalashtirilayotgan texnik reglament texnik jihatdan tartibga solish taʼsirini baholashdan oʻtkaziladi. Tayyorlangan tahliliy maʼlumotlar asosida Hukumatga tasdiqlash uchun belgilangan tartibda texnik reglament loyihasi yoki texnik reglament qabul qilish ehtiyoji mavjud emasligi yuzasidan asoslangan taklif kiritiladi;
2) Hukumatga kiritilayotgan texnik reglament nomiga va texnik jihatdan tartibga solish obyektlariga oʻzgartirishlar kiritilishi, texnik reglamentlar xorijiy tajriba asosida oʻzaro birlashtirilishi yoki alohida texnik reglamentlarga ajratilishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 16-fevraldagi PF-25-son Farmoniga 3-ILOVA
2026 — 2028-yillarga moʻljallangan xalqaro standartlarni qabul qilish boʻyicha
MAQSADLI KOʻRSATKICHLAR
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 16-fevraldagi PF-25-son Farmoniga 4-ILOVA
2026-yilda xarid qilinadigan etalonlar va yuqori aniqlikdagi oʻlchash vositalari
ROʻYXATI
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 16-fevraldagi PF-25-son Farmoniga 5-ILOVA
Texnik jihatdan tartibga solish sohasini ilgʻor xorijiy tajriba asosida takomillashtirishga qaratilgan
CHORA-TADBIRLAR DASTURI
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 16-fevraldagi PF-25-son Farmoniga 6-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim hujjatlariga kiritilayotgan oʻzgartirishlar va qoʻshimcha
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 2-iyundagi “Texnik jihatdan tartibga solish sohasida davlat boshqaruvini tubdan takomillashtirish toʻgʻrisida”gi PF-6240-son Farmonining 3 va 4-bandlari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 27-fevraldagi “Texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi davlat boshqaruvini yanada takomillashtirishga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-41-son Farmonining 3-bandi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 30-martdagi “Muvofiqlikni baholash organlarini akkreditatsiya qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-3643-son qarorida:
(a) 2-bandning uchinchi xatboshisidagi “bajarishi ustidan inspeksiya nazoratini” soʻzlari “bajarishini davriy baholashni” soʻzlari bilan almashtirilsin;
(b) 4-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“4. Markaz direktori Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi bilan kelishilgan holda Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi”.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 12-dekabrdagi “Texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, sertifikatlashtirish va metrologiya tizimlarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4059-son qarorining 1-bandida:
(a) ikkinchi xatboshi chiqarib tashlansin;
(b) uchinchi xatboshi ikkinchi xatboshi deb hisoblansin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 15-avgustdagi “Oʻzbekiston Respublikasida muvofiqlikni baholash tizimini yanada takomillashtirish va sinov laboratoriyalari kompleksini rivojlantirish toʻgʻrisida”gi PQ-4419-son qarorining 11-bandida:
(a) beshinchi xatboshi chiqarib tashlansin;
(b) oltinchi va yettinchi xatboshilar tegishlicha beshinchi va oltinchi xatboshilar deb hisoblansin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 22-iyundagi “Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalaridan va xalqaro tashkilotlarga aʼzolikdan kelib chiqadigan majburiyatlarini bajarish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4756-son qaroriga 1-ilovada:
(a) quyidagi mazmundagi 392-pozitsiya bilan toʻldirilsin:
(b) 52-pozitsiya quyidagi tahrirda bayon etilsin:
7. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 29-dekabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasining “2024-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti toʻgʻrisida”gi Qonuni ijrosini taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-422-son qaroriga 6-ilovaning 25-pozitsiyasi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
8. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 28-fevraldagi “Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligining faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-91-son qarorida:
(a) 1-bandda:
(i) uchinchi xatboshi chiqarib tashlansin;
(ii) toʻrtinchi xatboshi uchinchi xatboshi deb hisoblansin;
(b) 5-bandning ikkinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“akkreditatsiyadan oʻtkazilgan mahsulot, xizmat va menejment tizimlarini sertifikatlashtirish organlari, sinov laboratoriyalari va metrologiya xizmatlari tomonidan mos ravishda muvofiqlik sertifikatlari, sinov bayonnomalari va metrologiya tekshiruvi natijalari, shuningdek, muvofiqlik deklaratsiyalarini rasmiylashtirish faqat “Texnik jihatdan tartibga solish” milliy axborot tizimi orqali amalga oshiriladi”;
(v) 12-bandda “Oʻzbekiston ilmiy sinov va sifat nazorati markazi” soʻzlari “Oʻzbekiston standartlar instituti” soʻzlari bilan almashtirilsin;
(g) 2 va 2a-ilovalar oʻz kuchini yoʻqotdan deb hisoblansin;
(d) 3-ilovada 15, 20, 21, 26 va 32-pozitsiyalar chiqarib tashlansin;
(j) 5-ilova quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 28-fevraldagi PQ-91-son qaroriga 5-ILOVA
Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligining
TASHKILIY TUZILMASI
* Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar (12 ta) hamda Qoʻqon, Olmaliq, Bekobod va Chirchiq shaharlari filiallari”.
9. Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 24-apreldagi “Oʻzbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligining faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 348-son qarorining 6-bandida:
(a) oltinchi xatboshi chiqarib tashlansin;
(b) yettinchi xatboshi oltinchi xatboshi deb hisoblansin.
10. Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 24-apreldagi “Muvofiqlikni baholash organlarini akkreditatsiyadan oʻtkazish sohasidagi ishlarni takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi 349-son qarorining 6-bandi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
11. Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 1-iyuldagi “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi va uning tizimidagi tashkilotlari faoliyatini samarali yoʻlga qoʻyish choralari toʻgʻrisida”gi 370-son qarorida:
(a) 1-ilovada:
(i) 9-bandning yettinchi xatboshisi chiqarib tashlansin;
(ii) 10-bandda:
ikkinchi xatboshidagi “, “Muvofiqlikni baholash organlarini akkreditatsiya qilish toʻgʻrisida” soʻzlari chiqarib tashlansin;
oʻn toʻqqizinchi xatboshidagi “, akkreditatsiya” soʻzi chiqarib tashlansin;
(iii) 11-bandda:
“a” kichik bandda:
birinchi xatboshidagi “, “Muvofiqlikni baholash organlarini akkreditatsiya qilish toʻgʻrisida” soʻzlari chiqarib tashlansin;
oʻninchi xatboshidagi “va akkreditatsiya” soʻzlari chiqarib tashlansin;
“z” kichik bandning ikkinchi xatboshisidagi “, akkreditatsiya (ARAS, ILAC, IAF)” soʻzlari chiqarib tashlansin;
“t” kichik bandda:
birinchi xatboshidagi “, akkreditatsiya” soʻzi chiqarib tashlansin;
oʻninchi xatboshidagi “akkreditatsiyadan oʻtgan muvofiqlikni baholash organlarining faoliyat sohasini bosqichma-bosqich kengaytirish yuzasidan” soʻzlari chiqarib tashlansin;
(iv) 41-bandda:
toʻrtinchi xatboshi chiqarib tashlansin;
beshinchi va oltinchi xatboshilar tegishincha toʻrtinchi va beshinchi xatboshilar deb hisoblansin;
(v) 42-bandda:
ikkinchi xatboshidagi “, akkreditatsiya” soʻzi chiqarib tashlansin;
toʻrtinchi xatboshidagi “hamda akkreditatsiya qilish” soʻzlari chiqarib tashlansin;
(b) 2-ilovada:
(i) 14-bandning “v” kichik bandi ikkinchi xatboshisidagi “Muvofiqlikni baholash organlarini akkreditatsiya qilish toʻgʻrisida” soʻzlari chiqarib tashlansin;
(ii) 16-bandning oʻninchi xatboshisidagi “, akkreditatsiyadan oʻtgan sertifikatlashtirish organlari va laboratoriyalarning (metrologiya xizmatlarining) inspeksiya nazoratida” soʻzlari chiqarib tashlansin.
