Oʻzbekiston Respublikasida tan olinadigan xalqaro, xorijiy va nodavlat akkreditatsiya tashkilotlari reyestrini yuritish hamda ularning taʼlim dasturlarini akkreditatsiyadan oʻtkazish boʻyicha faoliyatini monitoring qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida (3774-son)
13.02.2026
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Taʼlim sifatini taʼminlash milliy agentligi direktorining
buyrugʻi
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2026-yil 13-fevralda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3774]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 5-maydagi PF-76-son “Taʼlim sifatini taʼminlash va taʼlim xizmatlari koʻrsatish tizimini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoni hamda Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 6-avgustdagi 498-son “Oʻrta maxsus, kasbiy, oliy va oliy taʼlimdan keyingi taʼlim, shuningdek, kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tashkilotlarini kompleks hamda maxsus davlat akkreditatsiyasidan oʻtkazish tizimini joriy etish toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq buyuraman:
1. Oʻzbekiston Respublikasida tan olinadigan xalqaro, xorijiy va nodavlat akkreditatsiya tashkilotlari reyestrini yuritish hamda ularning taʼlim dasturlarini akkreditatsiyadan oʻtkazish boʻyicha faoliyatini monitoring qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan kelishilgan.
3. Ushbu buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Direktor B. YULDASHEV
Toshkent sh.,
2026-yil 27-yanvar,
9-son
Kelishildi:
Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri K. SHARIPOV
2026-yil 12-yanvar
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Taʼlim sifatini taʼminlash milliy agentligi direktorining 2026-yil 27-yanvardagi 9-son buyrugʻiga ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasida tan olinadigan xalqaro, xorijiy va nodavlat akkreditatsiya tashkilotlari reyestrini yuritish hamda ularning taʼlim dasturlarini akkreditatsiyadan oʻtkazish boʻyicha faoliyatini monitoring qilish tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Taʼlim sifatini taʼminlash milliy agentligi (bundan buyon matnda Agentlik deb yuritiladi) tomonidan Oʻzbekiston Respublikasida tan olinadigan xalqaro, xorijiy va nodavlat akkreditatsiya tashkilotlarining reyestrini yuritish hamda ularning taʼlim dasturlarini akkreditatsiyadan oʻtkazish boʻyicha faoliyatini monitoring qilish tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Oʻzbekiston Respublikasida tan olinadigan xalqaro, xorijiy va nodavlat akkreditatsiya tashkilotlarining reyestri (bundan buyon matnda reyestr deb yuritiladi) xalqaro, xorijiy va nodavlat akkreditatsiya tashkilotlarining Agentlik tomonidan yuritiladigan roʻyxati hamda ular haqida maʼlumotlardan iborat yagona maʼlumotlar banki hisoblanadi.
2. Xalqaro, xorijiy va nodavlat akkreditatsiya tashkilotlarini (bundan buyon matnda akkreditatsiya tashkilotlari deb yuritiladi) reyestrga kiritish Akkreditatsiya tashkilotlari reyestrini yuritish komissiyasining (bundan buyon matnda Komissiya deb yuritiladi) qaroriga asosan amalga oshiriladi.
3. Taʼlim tashkilotlarini kompleks davlat akkreditatsiyasidan oʻtkazish davrida reyestrga kiritilgan akkreditatsiya tashkilotlari tomonidan akkreditatsiyadan oʻtkazilgan taʼlim dasturlari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 6-avgustdagi 498-son “Oʻrta maxsus, kasbiy, oliy va oliy taʼlimdan keyingi taʼlim, shuningdek, kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tashkilotlarini kompleks hamda maxsus davlat akkreditatsiyasidan oʻtkazish tizimini joriy etish toʻgʻrisida”gi qarorida belgilangan mezonlar boʻyicha ijobiy baholangan deb hisoblanadi.
2-bob. Akkreditatsiya tashkilotlarini reyestrga kiritish shartlari va ariza berish tartibi
4. Akkreditatsiya tashkilotlarini reyestrga kiritish shartlari quyidagilardan iborat:
akkreditatsiya tashkiloti sifatida faoliyat yuritishi uchun tegishli vakolat (hujjat)ga ega boʻlishi;
akkreditatsiya tashkilotining xalqaro akkreditatsiyadan oʻtkazish talablari, baholash mezonlari va oʻtkazish tartiblari Oʻzbekiston Respublikasining davlat akkreditatsiyasidan oʻtkazish talablari, baholash mezonlari va oʻtkazish tartiblariga zid boʻlmasligi;
taʼlim sifatini taʼminlash tarmoqlarining toʻla huquqli aʼzosi boʻlishi (nufuzli xalqaro taʼlim sifatini taʼminlash assotsiatsiyalaridan kamida bittasiga aʼzo boʻlishi);
nufuzli xalqaro reytinglarning TOP-300 talik roʻyxatida boʻlgan kamida 5 ta oliy taʼlim tashkilotining taʼlim dasturlarini xalqaro akkreditatsiyadan oʻtkazgan boʻlishi;
umumiy ekspertlarining kamida 30 foizi xorijiy ekspert boʻlishi (xalqaro va xorijiy akkreditatsiya tashkilotlari uchun);
akkreditatsiya tashkiloti Oʻzbekiston Respublikasining huquqiy va maʼnaviy asoslariga mutanosib boʻlishi, milliy qadriyatlar va ijtimoiy-siyosiy hayotiga qarshi boʻlmasligi;
oʻzining rasmiy veb-saytida xalqaro akkreditatsiyadan oʻtkazgan taʼlim tashkilotlari toʻgʻrisida maʼlumotlarning mavjudligi.
5. Akkreditatsiya tashkilotini reyestrga kiritish mazkur akkreditatsiya tashkilotining yozma yoki elektron shakldagi arizasi asosida amalga oshiriladi.
Reyestrga kiritish shartlariga toʻliq mos keladigan xalqaro akkreditatsiya tashkiloti Agentlik tashabbusi asosida reyestrga kiritilishi mumkin.
6. Akkreditatsiya tashkilotini reyestrga kiritish boʻyicha arizaga quyidagilar ilova qilinishi lozim:
akkreditatsiya tashkilotining taʼsis hujjatlari nusxalari (xalqaro va xorijiy akkreditatsiya tashkilotlari uchun);
xorijiy akkreditatsiya tashkiloti uchun u joylashgan xorijiy davlatning vakolatli organi yoki xalqaro tashkilotlar tomonidan tan olinganligini (faoliyat yuritishga ruxsat berilganligi) tasdiqlovchi hujjatlar;
akkreditatsiyadan oʻtkazish talablari, baholash mezonlari va oʻtkazish tartiblari, shu jumladan akkreditatsiya standartlari va metodologiyasi;
nufuzli xalqaro reytinglarning TOP-300 talik roʻyxatida boʻlgan kamida 3 ta oliy taʼlim tashkilotining taʼlim dasturlarini xalqaro akkreditatsiyadan oʻtkazganligi boʻyicha hisobotlar.
7. Akkreditatsiya tashkilotini reyestrga kiritish boʻyicha ariza va unga ilova qilingan hujjatlar Agentlik tomonidan ariza kelib tushgan kundan boshlab besh ish kuni ichida koʻrib chiqiladi.
Agentlik akkreditatsiya tashkilotini reyestrga kiritish boʻyicha taqdim etilgan hujjatlarning toʻliqligini koʻrib chiqib, xato va kamchiliklar aniqlanmagan hollarda ariza va unga ilova qilingan hujjatlarni oʻrganib chiqish uchun Komissiyaga taqdim etadi hamda bir ish kuni ichida bu haqida akkreditatsiya tashkilotini xabardor qiladi.
Akkreditatsiya tashkilotini reyestrga kiritish boʻyicha taqdim etilgan hujjatlarda xato va kamchiliklar aniqlanganda, Agentlik oʻn ish kunidan kam boʻlmagan muddatda aniqlangan xato va kamchiliklarni bartaraf etish hamda yetishmayotgan hujjatlarni taqdim etish uchun bir ish kuni ichida akkreditatsiya tashkilotini xabardor qiladi.
Bunda, arizani koʻrib chiqish muddati mazkur bandning uchinchi xatboshisida belgilangan muddat mobaynida toʻxtatib turiladi.
8. Akkreditatsiya tashkiloti tomonidan mazkur Nizomning 7-bandi uchinchi xatboshisida belgilangan muddat mobaynida xato va kamchiliklarni bartaraf etilmagan yoki yetishmayotgan hujjatlar taqdim etilmagan hollarda arizani koʻrib chiqish rad etiladi hamda bir ish kuni ichida bu haqida akkreditatsiya tashkiloti xabardor qilinadi.
3-bob. Komissiyaning faoliyatini tashkil etish va akkreditatsiya tashkilotlarini reyestrga kiritish tartibi
9. Komissiya tarkibi rais, Komissiya aʼzolari va masʼul kotibdan iborat 5 nafardan kam boʻlmagan toq sonda Agentlik direktorining buyrugʻi asosida shakllantiriladi.
Komissiya tarkibiga jamoatchilik asosida tashqi ekspertlar jalb etilishi mumkin.
10. Komissiyaga Agentlik direktorining oʻrinbosari raislik qiladi.
Komissiya raisi Komissiya faoliyatini mustaqillik, xolislik, tenglik va dalillarga asoslanganlik tamoyillari asosida tashkil etilishini taʼminlaydi.
11. Manfaatlar toʻqnashuvi yoki akkreditatsiya tashkiloti bilan ziddiyatlar mavjudligi aniqlanganda yoxud Komissiya aʼzosining xolisligiga shubha tugʻilganda mazkur Komissiya aʼzosi Komissiya tarkibidan chiqariladi.
12. Komissiya yigʻilishlarida Komissiya aʼzolarining kamida uchdan ikki qismi ishtirok etgan taqdirda, Komissiya qaror qabul qilish uchun vakolatli (kvorumga ega) hisoblanadi.
13. Komissiya tomonidan akkreditatsiya tashkilotining mazkur Nizomning 4-bandida nazarda tutilgan shartlarga muvofiqligi oʻrganib chiqiladi.
14. Akkreditatsiya tashkilotini reyestrga kiritish yoki kiritishni rad etish toʻgʻrisidagi Komissiya qarori (bundan buyon matnda Komissiya qarori deb yuritiladi) Komissiya aʼzolarining uchdan ikki qismidan iborat koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi.
Ovozlar soni teng boʻlib qolgan taqdirda, Komissiya raisining ovozi hal qiluvchi hisoblanadi.
15. Komissiya qarori bayonnoma shaklida rasmiylashtiriladi hamda Komissiya raisi tomonidan imzolanadi.
16. Komissiya qarori ariza va unga ilova qilingan hujjatlar Komissiyaga kelib tushgan kundan boshlab o'ttiz kun ichida qabul qilinadi.
17. Reyestrga kiritilgan akkreditatsiya tashkilotiga Komissiya qarori qabul qilingan kundan boshlab uch ish kuni ichida ushbu Nizomning ilovasiga muvofiq Akkreditatsiya tashkilotining Oʻzbekiston Respublikasida tan olinadigan xalqaro, xorijiy va nodavlat akkreditatsiya tashkilotlari reyestriga kiritilganligi toʻgʻrisidagi guvohnoma (bundan buyon matnda guvohnoma deb yuritiladi) beriladi.
Akkreditatsiya tashkilotiga guvohnoma berilganligi Agentlikning rasmiy veb-saytida eʼlon qilinadi.
Akkreditatsiya tashkilotiga berilgan guvohnomaning amal qilish muddati besh yil hisoblanadi.
18. Quyidagi hollarda akkreditatsiya tashkilotini reyestrga kiritish rad etiladi:
taqdim etilgan hujjatlarda notoʻgʻri yoki buzib koʻrsatilgan maʼlumotlar mavjudligi aniqlansa;
akkreditatsiya tashkiloti sifatida faoliyat yuritishi uchun tegishli vakolat (hujjat)ga ega boʻlmasa;
taʼlim toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlarida belgilangan talablarga muvofiq boʻlmasa.
19. Agentlik tomonidan akkreditatsiya tashkilotini reyestrga kiritish rad etilgan taqdirda, bu haqida Komissiya qarori qabul qilingan kundan boshlab bir ish kuni ichida akkreditatsiya tashkilotini xabardor qiladi.
20. Arizani koʻrib chiqish, akkreditatsiya tashkilotini reyestrga kiritish va guvohnoma berish uchun yigʻim undirilmaydi.
4-bob. Taʼlim dasturlarini akkreditatsiyadan oʻtkazish boʻyicha akkreditatsiya tashkilotlarining faoliyatini monitoring qilish va ularni reyestrdan chiqarish
21. Agentlik reyestrga kiritilgan akkreditatsiya tashkilotlarining taʼlim dasturlarini akkreditatsiyadan oʻtkazish boʻyicha faoliyatini har uch yilda bir marotaba monitoringdan oʻtkazadi.
22. Monitoring doirasida quyidagilar amalga oshirilishi mumkin:
manfaatdor tomonlardan (taʼlim tashkilotlari, ish beruvchilar, taʼlim oluvchilar va boshqalar) Agentlikka kelib tushayotgan yoki Internet jahon axborot tarmogʻida keng muhokamaga sabab boʻlgan ariza va shikoyatlarni oʻrganish;
akkreditatsiya tashkiloti tomonidan belgilangan akkreditatsiyadan oʻtkazish talablari, baholash mezonlari va oʻtkazish tartiblari, shu jumladan akkreditatsiya standartlari va metodologiyasi asosida akkreditatsiya faoliyati amalga oshirilayotganligini tahlil qilish.
Monitoring oʻtkazish muddati bir oydan oshmasligi lozim.
23. Monitoring natijasida akkreditatsiya tashkiloti faoliyatida kamchiliklar aniqlangan hollarda akkreditatsiya tashkilotiga ushbu kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha xabarnoma yuboriladi, bundan mazkur Nizomning 24-bandida nazarda tutilgan hollar mustasno.
Xabarnomada akkreditatsiya tashkiloti faoliyatida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan Agentlikning tavsiyalari bayon etilishi mumkin.
Akkreditatsiya tashkiloti oʻz faoliyatida aniqlangan kamchiliklarni Agentlik tomonidan belgilagan muddatda bartaraf etishi hamda bu haqida Agentlikni xabardor qilishi lozim. Bunda, kamchiliklarni bartaraf etish muddati bir oydan kam boʻlmasligi kerak.
Mazkur bandning uchinchi xatboshisida belgilangan muddatda akkreditatsiya tashkiloti tomonidan kamchiliklar bartaraf etilmagan hollarda Agentlik monitoring natijalari boʻyicha maʼlumotnomani asoslantiruvchi hujjatlar bilan birga Komissiyaga taqdim etadi hamda bir ish kuni ichida bu haqida akkreditatsiya tashkilotini xabardor qiladi.
24. Monitoring natijasi boʻyicha ushbu Nizomning 26-bandi toʻrtinchi — oltinchi xatboshilarida nazarda tutilgan holatlar aniqlanganda Agentlik monitoring natijalari boʻyicha maʼlumotnomani asoslantiruvchi hujjatlar bilan birga Komissiyaga taqdim etadi hamda bir ish kuni ichida bu haqida akkreditatsiya tashkilotini xabardor qiladi.
25. Akkreditatsiya tashkilotini reyestrdan chiqarish toʻgʻrisidagi masalani Komissiya tomonidan koʻrib chiqishda Komissiya yigʻilishi oʻtkazilishidan kamida bir hafta oldin Komissiya yigʻilishining joyi, sanasi va vaqti toʻgʻrisida akkreditatsiya tashkiloti xabardor qilinadi. Bunda, akkreditatsiya tashkilotining vakili Komissiya yigʻilishida ishtirok etib, oʻzining fikr-mulohazalari va eʼtirozlarini bildirishga haqli.
26. Quyidagilar akkreditatsiya tashkilotini reyestrdan chiqarish toʻgʻrisidagi Komissiyaning qarorini qabul qilish uchun asos hisoblanadi:
akkreditatsiya tashkiloti tugatilganda;
akkreditatsiya tashkiloti ixtiyoriy ravishda reyestrdan chiqarish toʻgʻrisida ariza bilan murojaat qilganda;
taʼlim tashkilotlarini akkreditatsiyadan oʻtkazish boʻyicha qarorlarni qabul qilishda korrupsiya yoki boshqa noqonuniy xatti-harakatlar yuz berganligi aniqlanganda;
akkreditatsiya tashkilotining tashqi baholash boʻyicha hisoboti notoʻgʻri yoki qalbaki hujjatlar asosida shakllantirilganligi aniqlanganda;
akkreditatsiya tashkilotlari taʼlim tashkilotlarini taʼlim toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlari hamda ushbu Nizomda belgilangan talablarga zid ravishda akkreditatsiyadan oʻtkazayotganligi tasdiqlanganda;
akkreditatsiya tashkilotini monitoring qilish natijasida aniqlangan kamchiliklar akkreditatsiya tashkiloti tomonidan mazkur Nizomning 23-bandi uchinchi xatboshisida belgilangan muddatda bartaraf etilmagan taqdirda.
Akkreditatsiya tashkilotini reyestrdan chiqarish toʻgʻrisidagi qaror mazkur qaror qabul qilingan kunning oʻzida Agentlikning rasmiy veb-saytda eʼlon qilinadi.
5-bob. Reyestrga kiritilgan akkreditatsiya tashkilotining huquqlari va majburiyatlari
27. Reyestrga kiritilgan akkreditatsiya tashkiloti quyidagi huquqlarga ega:
akkreditatsiya oʻtkazish tartib-taomillari toʻgʻrisida Agentlikdan tavsiyalar olish;
taʼlim dasturlarini shartnoma asosida akkreditatsiyadan oʻtkazish;
akkreditatsiyadan oʻtkazish talablari, baholash mezonlari va oʻtkazish tartiblari, shu jumladan akkreditatsiya standartlari va metodologiyasini taʼlim toʻgʻrisidagi qonunchilikka zid boʻlmagan holda mustaqil ishlab chiqish va takomillashtirish.
Akkreditatsiya tashkiloti qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
28. Reyestrga kiritilgan akkreditatsiya tashkiloti quyidagilarni bajarishi lozim:
taʼlim toʻgʻrisidagi qonunchilik va ushbu Nizomda belgilangan talablarga zid boʻlmagan tarzda akkreditatsiya faoliyatini olib borish;
akkreditatsiya jarayonlarini qonuniy, xolis va manfaatlar toʻqnashuviga yoʻl qoʻymagan holda amalga oshirish;
akkreditatsiyadan oʻtkazish talablari, baholash mezonlari va oʻtkazish tartiblari, shu jumladan akkreditatsiya standartlari va metodologiyasini oʻzining rasmiy veb-saytida eʼlon qilish;
akkreditatsiya faoliyatida olingan maxfiy axborotni oshkor etmaslik;
akkreditatsiya qarorlarini asoslantirgan holda tizimli ravishda hujjatlashtirish;
akkreditatsiya hisoboti va akkreditatsiya qarorining bir nusxasini akkreditatsiya jarayonlari yakunlangandan soʻng ikki hafta muddatda Agentlikka taqdim etish.
Akkreditatsiya tashkiloti qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlarga ham ega boʻlishi mumkin.
6-bob. Yakuniy qoida
29. Ushbu Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar boʻladilar.
Oʻzbekiston Respublikasida tan olinadigan xalqaro, xorijiy va nodavlat akkreditatsiya tashkilotlari reyestrini yuritish hamda ularning taʼlim dasturlarini akkreditatsiyadan oʻtkazish boʻyicha faoliyatini monitoring qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga ILOVA
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.02.2026-y., 10/26/3774/0144-son)
