Kreativ iqtisodiyotni rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (PQ-64-son)
16.02.2026
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING
QARORI
Kreativ industriya sohalarini qoʻllab-quvvatlash va Oʻzbekiston Respublikasining “Kreativ iqtisodiyot toʻgʻrisida”gi Qonuni ijrosini taʼminlash maqsadida qaror qilaman:
I. Asosiy maqsadlar
1. Quyidagilar 2030-yilga qadar kreativ iqtisodiyotni rivojlantirishning asosiy maqsadli koʻrsatkichlari etib belgilansin:
(a) kreativ iqtisodiyotning yalpi ichki mahsulotdagi ulushini 5 foizga — 145 trillion soʻmga yetkazish;
(b) kreativ industriya mahsulotlari va xizmatlari eksportini 1 milliard AQSH dollaridan oshirish;
(v) sohada amalga oshirilayotgan loyihalar doirasida ish oʻrinlarini 500 mingtaga yetkazish.
II. Kreativ iqtisodiyotni rivojlantirish boʻyicha tashkiliy va amaliy chora-tadbirlar
2. Kreativ iqtisodiyotni rivojlantirish boʻyicha respublika kengashi 1-ilovaga muvofiq tarkibda tuzilsin va uning asosiy vazifalari 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma)ga tegishli Toshkent shahri Shayxontohur tumani Forobiy koʻchasida joylashgan bino va inshootlar hamda hudud negizida 2026-2027-yillarda birinchi bosqichda quyidagilardan iborat Kreativ industriya parki (keyingi oʻrinlarda — Kreativ park) infratuzilmalari davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil etilsin:
(a) sayr etish, dam olish va hordiq chiqarish, art-obyekt va monumental sanʼat asarlari hududlaridan iborat yashil bogʻ;
(b) raqamli dizayn va dasturlash yoʻnalishida nufuzli xalqaro maktab;
(v) buk-kafe, sport va vorkaut maydonchalari, mehmonxona;
(g) badiiy ijodkorlar pavilyoni, kreativ ustaxonalar, ekologik ofis xonalari va kovorking markazi;
(d) kino va videomahsulotlarni ishlab chiqarish zonalari hamda ovoz yozish studiyalari;
(j) Jamgʻarma bilan kelishilgan holda ijodkorlar va kreativ kompaniyalar uchun zamonaviy ekologik makon — Kreativ industriyalar kampusi. Bunda Kreativ park hududi xavfsizlik, inklyuzivlik va ekologik tozalik talablariga javob bergan holda 24/7 rejimida faoliyat yuritadigan ochiq jamoat makoni sifatida tashkil etiladi.
4. Kreativ industriya parki direksiyasi (keyingi oʻrinlarda — Direksiya) faoliyati 3-ilovadagi manbalar hisobidan moliyalashtirilishi belgilansin.
5. Belgilansinki, Direksiya:
(a) shartnoma asosida Kreativ park rezidentlari va boshqa xoʻjalik yurituvchi subyektlarga ishlab chiqarish maydonlari, ofislar, oʻquv xonalari, konferens-zallar, auditoriyalar va boshqa xonalarni ijaraga beradi;
(b) mazkur qarorning 4-ilovasidagi hududlarda kreativ industriya klasterlarini tashkil qilish uchun ularni ijaraga beradi. Bunda Kreativ park rezidentlari uchun auksion savdolariga qoʻyiladigan ijara haqi summasining boshlangʻich bahosi 50 foizga pasaytiriladi.
III. Qaror ijrosini tashkil etish, taʼminlash va nazorat
6. Kreativ iqtisodiyotni rivojlantirish boʻyicha 2026-2027-yillarga moʻljallangan chora-tadbirlar dasturi 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 16-oktabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzurida Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasini tashkil etish toʻgʻrisida”gi PQ-3325-son qarori 4-bandining toʻrtinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Jamgʻarma tomonidan amalga oshiriladigan loyihalarda chet ellik kontragentlarni soliqlar va toʻlovlardan 2030-yil 1-yanvarga qadar boʻlgan davrda ozod qilish”.
8. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsan javobgar etib Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi raisi G.O. Umerova belgilansin.
9. Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2026-yil 16-fevral,
PQ-64-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 16-fevraldagi PQ-64-son qaroriga 1-ILOVA
Kreativ iqtisodiyotni rivojlantirish boʻyicha respublika kengashi
TARKIBI
Izohlar:
Kengash aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimlarga yangi tayinlangan yoki zimmasiga tegishli funksiyalarni bajarish yuklangan shaxslar kiritiladi;
Kengash faoliyatiga vazirlik va idoralar rahbarlari, tegishli soha vakillari va mutaxassislar jalb etilishi mumkin.
* Kengash raisi tomonidan aniqlanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 16-fevraldagi PQ-64-son qaroriga 2-ILOVA
Kreativ iqtisodiyotni rivojlantirish boʻyicha respublika kengashining
ASOSIY VAZIFALARI
1. Kreativ iqtisodiyotni rivojlantirish va kreativ industriya sohalarini qoʻllab-quvvatlash yuzasidan takliflar ishlab chiqish.
2. Kreativ industriya sohalaridagi iqtisodiy faoliyat turlarini belgilash boʻyicha takliflar ishlab chiqish.
3. Kreativ industriyaning istiqbolli yoʻnalishlari va “oʻsish nuqtalari”ni aniqlash.
4. Kreativ industriya parki faoliyatini takomillashtirish yuzasidan tavsiyalar ishlab chiqish hamda ularning faoliyati toʻgʻrisidagi axborotni eshitish.
5. Kreativ industriya sohalarida investitsiyalarni jalb qilish, eksport salohiyatini oshirish va xalqaro bozorlarga chiqish choralarini koʻrish.
6. Kreativ industriya sohalarida adolatli monetizatsiya mexanizmlarini takomillashtirish hamda shu orqali intellektual mulk, shu jumladan, mualliflik huquqlarini himoya qilish yuzasidan takliflar ishlab chiqish.
7. Kreativ industriya sohasida kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va ular malakasini oshirish tizimini takomillashtirish yuzasidan tavsiyalar berish.
8. Kreativ industriya sohasida davlat organlari, xususiy sektor va nodavlat tashkilotlar oʻrtasida samarali hamkorlikni taʼminlashga qaratilgan chora-tadbirlarni muvofiqlashtirish.
9. Respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda boshqa tashkilotlarning mansabdor shaxslarining kreativ iqtisodiyot sohalariga taalluqli masalalar yuzasidan axborotlarini eshitish hamda tegishli qaror qabul qilish.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 16-fevraldagi PQ-64-son qaroriga 3-ILOVA
Kreativ industriya parki direksiyasi faoliyatini
MOLIYALASHTIRISH MANBALARI
1. Kreativ industriya parki rezidentlari tomonidan toʻlanadigan aʼzolik badallari.
2. Davlat budjetidan Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi orqali ajratiladigan mablagʻlar.
3. Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasining oʻz hisobidan ajratiladigan, shu jumladan, Kreativ industriya parki hududida joylashgan davlat sherigiga tegishli boʻlgan bino va inshootlarni ijaraga berishdan tushadigan mablagʻlar.
4. Tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) yaratish va realizatsiya qilish hamda boshqa faoliyat turlaridan olinadigan daromadlar.
5. Subsidiyalar, grantlar va ijtimoiy buyurtmalar.
6. Yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik xayriyalari.
7. Qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 16-fevraldagi PQ-64-son qaroriga 4-ILOVA
Kreativ industriya klasterlari tashkil etiladigan hududlar
ROʻYXATI
* Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 21-avgustdagi PQ-260-son qarori bilan tasdiqlangan Xalqaro zamonaviy sanʼat biyennalesi oʻtkaziladigan moddiy madaniy meros obyektlari roʻyxatida keltirilgan moddiy madaniy meros obyektlari joylashgan hudud.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 16-fevraldagi PQ-64-son qaroriga 5-ILOVA
Kreativ iqtisodiyotni rivojlantirish boʻyicha 2026-2027-yillarga moʻljallangan chora-tadbirlar
DASTURI
