Oʻzbekiston Respublikasi hududida Milliy koordinatalar tizimini joriy etish toʻgʻrisida (49-son)
10.02.2026
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasining “Geodeziya va kartografiya faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi hududida Milliy koordinatalar tizimini joriy etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Oʻzbekiston Respublikasi Milliy koordinatalar tizimi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
Milliy koordinatalar tizimini ishlab chiqish va joriy etish tartibi;
Milliy koordinatalar tizimi maʼlumotlar bazasini shakllantirish va yuritish tartibi;
Milliy koordinatalar tizimi maʼlumotlar bazasidan foydalanish tartibi;
Milliy koordinatalar tizimini rivojlantirish va metrologik taʼminlash tartibi.
2. Belgilansinki:
Oʻzbekiston Respublikasi Milliy koordinatalar tizimi toʻgʻrisidagi nizom talablari davlat organlari, xoʻjalik yurituvchi subyektlar va boshqa manfaatdor tashkilotlar uchun majburiy hisoblanadi;
Oʻzbekiston Respublikasi Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qoʻmitasi huzuridagi Kadastr agentligi (keyingi oʻrinlarda — Kadastr agentligi) Milliy koordinatalar tizimi maʼlumotlar bazasini shakllantirish va yuritishga masʼul hisoblanadi;
Milliy koordinatalar tizimi maʼlumotlar bazasini shakllantirish va yuritish ishlari Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti parametrlarida Kadastr agentligi uchun nazarda tutiladigan mablagʻlar doirasida moliyalashtiriladi.
3. Kadastr agentligi uch oy muddatda Milliy koordinatalar tizimi maʼlumotlar bazasini shakllantirish hamda veb-sahifasini ishlab chiqish va joriy etish boʻyicha texnik topshiriq tasdiqlanishini hamda 2026-yil 1-sentabrga qadar axborot tizimining toʻliq ishga tushirilishini taʼminlasin.
4. Davlat organlari, xoʻjalik yurituvchi subyektlar va boshqa manfaatdor tashkilotlar Kadastr agentligi bilan hamkorlikda 2030-yil 1-yanvarga qadar foydalanishda boʻlgan koordinata tizimlarini Milliy koordinatalar tizimi maʼlumotlar bazasiga kiritilishini taʼminlasin.
2030-yil 1-yanvardan faqat Milliy koordinatalar tizimi maʼlumotlar bazasiga kiritilgan koordinata tizimlaridan foydalaniladi.
5. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi hududida koordinatalar xalqaro geodeziya tizimlarini qoʻllash va ulardan ochiq foydalanish toʻgʻrisida” 2017-yil 26-dekabrdagi 1022-son qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qoʻmitasi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarning ikki oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirilishini taʼminlasin.
7. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari A.J. Ramatov va J.A. Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2026-yil 10-fevral,
49-son
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 10-fevraldagi 49-son qaroriga ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Milliy koordinatalar tizimi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Milliy koordinatalar tizimi va uning parametrlarini oʻrnatish, joriy etish hamda foydalanish, shuningdek, Milliy koordinatalar tizimining maʼlumotlar bazasini shakllantirish, yuritish, foydalanish, Milliy koordinatalar tizimiga asoslangan yangi koordinatalar tizimini ishlab chiqish va joriy etish, Milliy koordinatalar tizimini rivojlantirish hamda metrologik taʼminlash tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllanadi:
boshlangʻich nol nuqta — Oʻzbekiston Respublikasining Milliy koordinatalar tizimi uchun bosh geodeziya tayanch punkti hisoblanadi;
Buyurtmachi — geodeziya, kartografiya, kadastr yoki boshqa fazoviy maʼlumotlarga oid ishlarni buyurtma qiluvchi va texnik topshiriq beruvchi jismoniy yoki yuridik shaxs;
geoid — dengiz sathini eng yaxshi tarzda ifodalovchi sathiy yuza, u har qanday nuqtada shovun chiziqqa perpendikulyar boʻladi;
geodeziya referens datumi — yer bilan bogʻlangan ikki yoki uch oʻlchamli koordinata tizimi oʻrtasidagi oʻzaro bogʻliqlikni (aloqani) taʼriflab beruvchi referens asos yoki datum;
datum — koordinata tizimining bosh nuqtasi, masshtabi va yoʻnalishini aniqlovchi parametr yoki parametrlar toʻplami;
Yer gravitatsiya maydonining global modeli — Yerning gravitatsiya maydoni va geoid yuzasini ifodalovchi matematik model boʻlib, sunʼiy yoʻldosh kuzatuvlari va gravimetriya maʼlumotlari asosida shakllantiriladi hamda geodeziya, kartografiya va navigatsiyada balandlik va koordinata tizimlarini uygʻunlashtirish uchun qoʻllanadi;
koordinata epoxasi (coordinate epoch) — dinamik koordinata referens tizimidagi koordinatalar bogʻlangan epoxa vaqt nuqtasi;
koordinatalar turlari siljishi (grid modeli) — geoaxborot tizimlari, topografik xaritalar va rejalar koordinatalarini turli koordinata turlaridan yangi epoxadagi koordinatalarga aniq transformatsiya qilish uchun oldindan hisoblangan koordinata turlari siljishlari qiymatlari majmuasi;
mahalliy koordinatalar tizimi — davlat hududining cheklangan qismiga nisbatan oʻrnatiladigan shartli koordinatalar tizimi, uning koordinatalar sanoq boshi va koordinatalar oʻqlari yoʻnalishi davlat koordinatalar tizimining koordinatalar sanoq boshi va koordinatalar oʻqlari yoʻnalishiga nisbatan surilgan boʻladi;
Milliy geodeziya referens datumi (UZGD2024) — Oʻzbekiston Respublikasida geodeziya hisoblashlarini tartibga solish maqsadida qabul qilingan Milliy geodeziya referens datumi. Xalqaro geodeziya va geofizika ittifoqi Bosh assambleyasi tavsiyasiga koʻra GRS80 (Geodetic Reference System 1980) uning ellipsoidi sifatida qabul qilingan;
Milliy koordinatalar tizimi — Milliy geodeziya referens datumi asosida yaratilgan proyeksiyalangan referens koordinatalar va geodeziya modellari toʻplami;
Milliy koordinatalar tizimi maʼlumotlar bazasi — Milliy geodeziya referens datumi asosida shakllantirilgan proyeksiyalangan koordinata tizimlari, geodeziya punktlari, balandliklar va geoid modellari haqidagi maʼlumotlarni saqlaydigan hamda foydalanish uchun taqdim etuvchi davlat axborot manbai. Ushbu tizim ochiq va yopiq qismdan iborat boʻlib, davlat sirlari bilan bogʻliq maʼlumotlar va materiallar ushbu tizimning yopiq qismida saqlanadi;
Milliy koordinatalar tizimi maʼlumotlar bazasi operatori (keyingi oʻrinlarda — Operator) — Milliy koordinatalar tizimi maʼlumotlar bazasini shakllantirish, yuritish, xizmat koʻrsatish va maʼlumotlarning saqlanishini taʼminlashga masʼul Oʻzbekiston Respublikasi Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qoʻmitasi huzuridagi Kadastr agentligining (keyingi oʻrinlarda — Kadastr agentligi) “Respublika aerogeodeziya markazi” davlat muassasasi;
shaxsiy kabinet — Milliy koordinatalar tizimi maʼlumotlar bazasida maʼlumotlarni kiritish, yuklash, saqlash, yuborish va qayta ishlash funksiyalarini amalga oshirish maqsadida biriktirilgan sahifa;
ITRS (International Terrestrial Reference System) — Yerning ogʻirlik markaziga asoslangan, vaqt bilan muvofiqlashtirilgan, global geotsentrik koordinata tizimi boʻlib, geodeziya oʻlchashlari uchun nazariy asos hisoblanadi. Uning amaliyotdagi realizatsiyasi ITRF orqali taʼminlanadi;
ITRF (International Terrestrial Reference Frame) — ITRSning amaliyotdagi realizatsiyasi boʻlib, global GNSS va sunʼiy yoʻldosh geodeziya maʼlumotlari asosida yangilanib boradigan, Yer yuzasidagi geodeziya stansiyalarining aniq koordinatalari hamda ularning vaqt davomidagi harakatini ifodalaydi.
3. Amaldagi Davlat koordinatalari tizimini Milliy koordinatalar tizimiga kiritish parametrlarini ishlab chiqish va joriy qilish ushbu Nizomning 4-bobida belgilangan tartibda Kadastr agentligi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi bilan hamkorlikda amalga oshiriladi.
4. Xalqaro kelishuvlar boʻlganda, boshqa koordinatalar tizimidan foydalanish uchun shartnoma imzolagan tashkilotlar tomonidan transformatsiya parametrlari Kadastr agentligiga taqdim etiladi va Operator tomonidan Milliy koordinatalar tizimining maʼlumotlar bazasiga kiritiladi.
2-bob. Milliy koordinatalar tizimini ishlab chiqish va joriy etish tartibi
5. Milliy koordinatalar tizimi Oʻzbekiston Respublikasida bajariladigan geodeziya va kartografiya faoliyatiga oid ishlarni xalqaro normalar talablariga muvofiqlashtirish, barcha geofazoviy maʼlumotlarni yagona koordinatalar tizimida integratsiya qilish, ularni aniq va ishonchli boshqarish, geodeziya, kartografiya hamda navigatsiya sohalarida geodeziya oʻlchovlarini tartibga solish, shuningdek, Milliy koordinatalar tizimi maʼlumotlar bazasini shakllantirish maqsadida ishlab chiqiladi.
6. Milliy koordinatalar tizimi quyidagi asosiy tarkibiy qismlardan iborat boʻladi:
Milliy geodeziya referens datumi;
Yer gravitatsiya maydonining global modeli;
Milliy koordinatalar tizimining boshlangʻich nol nuqtasi;
Davlat geodeziya tarmogʻi punktlari kataloglari;
Milliy koordinatalar tizimi maʼlumotlar bazasi.
7. Milliy koordinatalar tizimining boshlangʻich nol nuqtasi Samarqand viloyati Samarqand shahridagi Choʻponota tepaligida joylashgan Davlat geodeziya punkti hisoblanadi.
8. Milliy geodeziya referens datumi ushbu Nizomga 1-ilovadagi jadvalda keltirilgan parametrlar asosida ishlab chiqiladi.
9. EGM2008 Milliy koordinatalar tizimining Yer gravitatsiya maydonining global modeli hisoblanadi.
Yer gravitatsiya modelining Oʻzbekiston Respublikasi hududiga mos raqamli modeli uchun ilmiy-tadqiqot ishlari Kadastr agentligi tomonidan vazirlik va idoralar mutaxassislari hamda soha olimlarini jalb qilgan holda olib boriladi.
10. Milliy koordinatalar tizimining boshlangʻich nol nuqtasi Xalqaro geodeziya assotsiatsiyasi (IAG) tomonidan taklif etilgan ITRF2020 global geotsentrik koordinata tizimiga asoslanadi. Ushbu nuqta global geodeziya tizimlari bilan Milliy koordinatalar tizimini birlashtiradi.
11. Oʻzbekiston Respublikasi hududida joylashgan Davlat geodeziya tarmogʻi punktlari Milliy koordinatalar tizimining asosiy geodeziya infratuzilmasi hisoblanadi. Milliy koordinatalar tizimidagi barcha geodeziya punktlari koordinatalari ITRF2020 global geotsentrik koordinata tizimida 2025-yil 1-oktabr epoxasiga muvofiq qayta hisoblanadi va yangilangan koordinatalar roʻyxati tuziladi.
12. Global geoid modeli maʼlumotlari, davlat geodeziya, nivelir va gravimetriya tarmoqlarida amalga oshirilgan oʻlchov ishlari natijalari Milliy koordinatalar tizimi parametrlarini hisoblash uchun asos boʻladi.
13. ITRF2020 global geotsentrik tizimidagi koordinata epoxasi oʻzgargan taqdirda, Milliy koordinatalar tizimida qayd etilgan barcha geodeziya punktlari koordinatalari qayta hisoblanadi va yangi koordinata epoxasiga transformatsiya qilinadi. Ushbu jarayonda transformatsiya parametrlari va qayta hisoblash natijalari Milliy koordinatalar tizimi maʼlumotlar bazasiga kiritiladi.
14. Milliy koordinatalar tizimi Milliy geodeziya referens datumi asosida ishlab chiqilgan proyeksiyalangan referens koordinatalar tizimlari va geodeziya modellarini yagona maʼlumotlar bazasiga kiritish orqali amalga oshiriladi.
15. Milliy koordinatalar tizimi quyidagilar orqali joriy etiladi:
mavjud koordinata tizimlarining yangi datumga asoslangan koordinatalar tizimini yaratish va oʻtish parametrlarini ishlab chiqish;
geodeziya punktlari koordinatalarini Milliy geodeziya referens datumi asosida qayta hisoblash va koordinatalar kataloglarini (roʻyxatlarini) tuzish;
dasturiy taʼminotlarga hamda global navigatsiya sunʼiy yoʻldosh tizimlari geodeziya oʻlchov vositalariga tegishli koordinata parametrlarini kiritish;
geoaxborot tizimlari, topografik xarita va rejalarni Milliy koordinatalar tizimiga transformatsiya qilish grid modelini yangi epoxada yaratish va uni hisobga olish.
16. Davlat topografik xaritalari va rejalarini Milliy koordinatalar tizimida yangilash davriyligi quyidagicha belgilanadi:
1:25 000 va 1:50 000 masshtabdagi xaritalar — har 10 — 15 yilda;
1:10 000 masshtabdagi xaritalar — har 5 — 10 yilda kamida bir marta;
1:10 000, 1:25 000 masshtabdagi qishloq xoʻjaligi xaritalari — har 5 yilda kamida bir marta;
1:2 000 va 1:5 000 masshtabdagi rejalar — umumiy kartografiya monitoringi asosida.
17. Oʻzbekiston Respublikasi hududida davlat axborot resurslarining maydon oʻlchamlariga oid geodeziya oʻlchov ishlari va kartografiya materiallari Milliy koordinatalar tizimining UzREF24 proyeksiyalangan koordinatalar tizimi asosida ishlab chiqiladi.
Maʼlumotlar va materiallar ochiq foydalanishda boʻladi hamda ushbu Nizomga 2-ilovada keltirilgan jadvaldagi parametrlarga asoslanadi.
18. Mahalliy koordinatalar tizimi oʻrnatilgan hududlarda (shaharlar va aholi punktlari) Milliy koordinatalar tizimining hududga mos yangi proyeksiyalangan koordinatalar tizimi Kadastr agentligi tomonidan ishlab chiqiladi.
3-bob. Milliy koordinatalar tizimi maʼlumotlar bazasini shakllantirish va yuritish tartibi
19. Milliy koordinatalar tizimi maʼlumotlar bazasi yagona Milliy geodeziya referens datumi asosida shakllantirilgan proyeksiyalangan koordinata tizimlari, geodeziya punktlari, balandliklar va geoid modellari haqidagi maʼlumotlarni kiritish, saqlash hamda foydalanish uchun taqdim etish imkoniyatini beruvchi axborot resursi hisoblanadi.
20. Milliy koordinatalar tizimi maʼlumotlar bazasi quyidagilardan tashkil topadi:
UZGD2024 datum parametrlari — ellipsoid oʻlchamlari, transformatsiya maʼlumotlari va ularning texnik fayllari;
Yer gravitatsiya maydonining modellari — Yer gravitatsiya maydonining global modeli, milliy geoid modeli, ularning raqamli maʼlumotlari va izohlovchi hujjatlar;
ITRF global geotsentrik koordinata tizimiga bogʻlangan maʼlumotlar — koordinatalar, ortometrik balandlik parametrlari va monitoring natijalari;
geodeziya tarmogʻi ochiq maʼlumotlari — respublika hududidagi geodeziya punktlarining koordinatalari, balandliklari, texnik tavsiflari va ularning davriy yangilanishi toʻgʻrisidagi ochiq foydalanishdagi maʼlumotlar;
koordinata tizimlari va proyeksiyalar — amaldagi barcha koordinata tizimlari, geodeziya maʼlumotlari va kartografiya proyeksiyalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
Milliy koordinatalar tizimini yuritish va rivojlantirish uchun zarur boʻlgan qoʻshimcha maʼlumotlar.
21. Milliy koordinatalar tizimi maʼlumotlar bazasida foydalanilishi yopiq koordinatalar tizimi toʻgʻrisida metamaʼlumotlar keltiriladi.
4-bob. Milliy koordinatalar tizimiga asoslangan yangi koordinatalar tizimini ishlab chiqish va joriy etish tartibi
22. Milliy koordinatalar tizimiga asoslangan yangi koordinatalar tizimini ishlab chiqish uchun Buyurtmachi Operatorga Milliy koordinatalar tizimining veb-sahifasi orqali texnik topshiriqni ushbu Nizomga 3-ilovada keltirilgan sxemaga muvofiq yuboradi.
23. Texnik topshiriqda quyidagi maʼlumotlar aks ettiriladi:
yangi koordinatalar tizimini oʻrnatishning maqsadi;
yangi koordinatalar tizimi oʻrnatilayotgan hududning joylashuvi, shu jumladan, maʼmuriy joylashuvi, chegaralari va maydoni;
yangi koordinatalar tizimini amalga kiritish muddatlari;
oʻlchamlar aniqligiga qoʻyilgan talablar.
24. Operator texnik topshiriqni koʻrib chiqadi va ikki ish kunida texnik topshiriqqa muvofiq shartnomani shakllantiradi hamda Buyurtmachiga yuboradi.
25. Shartnomaga muvofiq Operator texnik loyihani ishlab chiqadi va Vazirlar Mahkamasining “Maxsus elektron tizim orqali ruxsat etish xususiyatiga ega ayrim hujjatlarni berish tartib-taomillari toʻgʻrisidagi yagona nizomni tasdiqlash haqida” 2022-yil 22-fevraldagi 86-son qaroriga muvofiq geodeziya va kartografiya ishlarini Kadastr agentligida roʻyxatdan oʻtkazadi.
26. Operator texnik loyihada koʻrsatilgan geodeziya va kartografiya ishlarini amalga oshiradi hamda texnik hisobotni Kadastr agentligiga yangi koordinatalar tizimini maʼlumotlar bazasiga kiritishga xulosa olish uchun taqdim qiladi.
27. Kadastr agentligi texnik hisobotni koʻrib chiqib, Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 28-iyundagi 395-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladigan, umumdavlat hamda maxsus (tarmoqqa oid) ahamiyatiga molik geodeziya va kartografiyaga oid ishlarni bajarish natijasida olingan geodeziya va kartografiyaga doir materiallarni (maʼlumotlarni) ekspertizadan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom talablariga muvofiq ekspertizadan oʻtkazadi.
Ijobiy xulosa berilgan taqdirda, maʼlumotlarni bazaga kiritish toʻgʻrisidagi xulosani Operatorga yuboradi.
Salbiy xulosa berilgan taqdirda, texnik hisobotni kamchiliklarni bartaraf etish uchun Operatorga qaytaradi.
28. Operator Milliy koordinatalar tizimi maʼlumotlar bazasini yangilaydi va Milliy koordinatalar tizimining veb-sahifasida yangi koordinata tizimi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni joylashtiradi hamda Buyurtmachiga uch ish kunida bu haqda axborot yuboradi.
5-bob. Milliy koordinatalar tizimi maʼlumotlar bazasidan foydalanish tartibi
29. Milliy koordinatalar tizimi maʼlumotlar bazasidan Milliy koordinatalar tizimining veb-sahifasi orqali foydalaniladi.
30. Milliy koordinatalar tizimi veb-sahifasining bosh sahifasida yangiliklar va Milliy koordinatalar tizimi hamda maʼlumotlar bazasi toʻgʻrisida umumiy maʼlumotlar beriladi.
31. Milliy koordinatalar tizimining veb-sahifasidan avtorizatsiyadan oʻtgan ixtisoslashgan tashkilotga shaxsiy kabineti orqali buyurtma berish, maʼlumotlarni yuklab olish, murojaat va arizalar qoldirish imkoniyati yaratiladi.
Shaxsiy kabinetga Raqamli hukumat foydalanuvchilarining Yagona identifikatsiya tizimi orqali kiriladi.
32. Buyurtmachi shaxsiy kabineti orqali maʼlumotlar bazasidan oʻziga zarur hududda joylashgan geodeziya punktlariga oid koʻchirma oladi, zarur boʻlganda, Milliy koordinatalar tizimining veb-sahifasi orqali ushbu Nizomga 4-ilovada keltirilgan sxemaga muvofiq avtorizatsiyadan oʻtadi va shaxsiy kabinetidan geodeziya punktlariga oid koʻchirma olish sahifasiga oʻtadi.
Sahifada obyektning chegarasi koʻrsatilgan, raqamli koʻrinishda DWG, ShP, KML vektor formatlarida fayl yuklanadi va koʻchirmani olishdan maqsad hamda asoslar izoh berish sahifasida keltiriladi.
Kadastr agentligi taqdim qilingan hujjatlarni Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 14-yanvardagi 22-son qarori bilan tasdiqlangan Kartografiya va geodeziya materiallarining (maʼlumotlarining) cheklovchi griflarini belgilash, foydalanish uchun ochiq boʻlgan xaritalarni yaratish, maxfiy kartografiya va geodeziya materiallarini berish, hisobga olish va saqlash tartibi hamda geodeziya va kartografiya sohasidagi davlat sirlarining saqlanishini taʼminlash boʻyicha ruxsat berish tartibotlari toʻgʻrisidagi nizom talablariga asosan oʻrganadi hamda xulosa ijobiy boʻlgan taqdirda, veb-sahifa orqali Operatorga ruxsatnoma yuboradi.
Operator Buyurtmachi tomonidan soʻralgan maʼlumotlarni tayyorlaydi va Buyurtmachining shaxsiy kabinetiga tegishli faylni yuklab olish havolasini yuboradi.
33. Buyurtmachi Milliy koordinatalar tizimi veb-sahifasidagi shaxsiy kabinetidan buyurtmasi boʻyicha maʼlumotlarni yuklab oladi.
6-bob. Milliy koordinatalar tizimini rivojlantirish va metrologik taʼminlash tartibi
34. Milliy koordinatalar tizimi Kadastr agentligi tomonidan metrologik taʼminlanadi.
Bu jarayon Milliy koordinatalar tizimining boshlangʻich nol nuqtasini ishchi holatda saqlab turish, geodeziya etalon bazislarini yaratish va qoʻllab-quvvatlash, ilmiy-tadqiqot ishlarini yoʻlga qoʻyish, zamonaviy laboratoriyalar faoliyatini tashkil etish hamda ularning moddiy-texnik bazasini rivojlantirishni oʻz ichiga oladi.
35. Milliy koordinatalar tizimining boshlangʻich nol nuqtasi hamda geodeziya etalon bazislari metrologik taʼminlash boʻyicha davlat ahamiyatidagi obyektlar boʻlib, ular joylashgan hududlarning yer toifasi oʻzgartirilishi va yer uchastkasini ajratish talab etilmaydi hamda Kadastr agentligi tomonidan hisobga olinadi.
36. Geodeziya etalon bazislari va metrologik oʻlchov uskunalari kamida har besh yilda bir marta metrologik tekshiruvdan oʻtkaziladi hamda xalqaro etalonlar bilan taqqoslanadi (interkalibratsiya qilinadi).
37. Milliy koordinatalar tizimining metrologik taʼminotini ilmiy jihatdan rivojlantirish va innovatsiyalarni joriy etish fundamental hamda amaliy tadqiqotlarni bajarish orqali amalga oshiriladi.
7-bob. Yakunlovchi qoidalar
38. Milliy koordinatalar tizimining parametrlari va ulardan foydalanish tartibiga Kadastr agentligining taklifiga asosan, qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda oʻzgartirishlar kiritiladi.
39. Ushbu Nizom talablarining bajarilishi Kadastr agentligi tomonidan nazorat qilinadi.
40. Ushbu Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javob beradilar.
Oʻzbekiston Respublikasi Milliy koordinatalar tizimi toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
Milliy geodeziya referens datumi
PARAMETRLARI
T/rParametr nomlariOʻlchamlari1.NomlanishiUzbekistan Geodetic Datum 2024 (UZGD2024)2.Burchak birligi, radian0,0174532925199433 (1° = π/180 rad)3.Bosh meridianGrinvich4.EllipsoidGRS 19805.Ellipsoid katta yarim oʻqi, metr6378137.06.Ellipsoid kichik yarim oʻqi, metr6356752.3141403567.Qutbiy siqilish1:298.2572221018.Gravitatsiya doimiysi(GM)3.986005 × 1014 m³/c²9.Yerning aylanish burchak tezligi(Ω): 7.292115 × 10-5 rad/s10.EPSG bazasidagi kodlariEPSG:10723 UZGD2024 (Geocentric)EPSG:10724 UZGD2024 (Geographic 3D)EPSG:10725 UZGD2024 (Geographic 2D)
Oʻzbekiston Respublikasi Milliy koordinatalar tizimi toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA
UzREF24 proyeksiyalangan koordinata tizimi
PARAMETRLARI
T/rParametr nomlariUZREF2440-hudud41-hudud42-hudud43-hudud1.Geodeziya referens datumiUzGD20242.EllipsoidiGRS803.ProyeksiyasiKoʻndalang silindrik4.Meridian oʻqi, sharqqa surilish masofasi, (m)350000,05.Ekvatordan shimolga surilishi, (m)0,06.Meridian oʻqi, (gradus)57,063,069,075,07.Masshtab koeffitsiyenti0,99999849650,999997307380,99999624020,9999955468.Kenglik boshlanishi, (gradus)40,037,036,039,09.Chiziqli oʻlcham birligi (m)1,010.EPSG bazasidagi kodlariEPSG:10726EPSG:10727EPSG:10728EPSG:10729
Oʻzbekiston Respublikasi Milliy koordinatalar tizimi toʻgʻrisidagi nizomga 3-ILOVA
Milliy koordinatalar tizimi bazasiga kiritiladigan maʼlumotlarni ishlab chiqish
SXEMASI
BosqichlarSubyektlarTadbirlarIjro muddatlari1-bosqichBuyurtmachiMilliy koordinatalar tizimi bazasiga kiritiladigan maʼlumotlarni tavsiflovchi texnik topshiriqni ilova qilgan holda operatorga yozma murojaat qiladi.Ixtiyoriga koʻra2-bosqichOperatorTexnik topshiriqqa muvofiq xarajatlar smetasini shakllantiradi va buyurtmachiga joʻnatadi.2 ish kuni3-bosqichBuyurtmachiXarajatlar smetasini koʻrib chiqadi va tasdiqlangan xarajatlar smetasini operatorga taqdim qiladi.5 ish kuni4-bosqichOperatorTexnik loyihani ishlab chiqadi hamda license.gov.uz axborot tizimida geodeziya va kartografiya ishlarini roʻyxatdan oʻtkazadi.10 ish kuni5-bosqichOperatorTexnik loyihada koʻrsatilgan geodeziya va kartografiya ishlarini amalga oshiradi hamda texnik hisobotni Kadastr agentligiga ruxsat olish uchun kiritadi.Texnik loyihada koʻrsatilgan muddatda6-bosqichKadastr agentligiTexnik hisobotni koʻrib chiqib, maʼlumotlarni bazaga kiritish toʻgʻrisidagi qarorni operatorga yuboradi.10 ish kuni7-bosqichOperatorMilliy koordinatalar tizimi maʼlumotlar bazasini yangilaydi va veb-sahifada yangi koordinata tizimi toʻgʻrisidagi qaror maʼlumotlarini joylashtiradi hamda buyurtmachiga yozma axborotni yuboradi.1 ish kuni
Oʻzbekiston Respublikasi Milliy koordinatalar tizimi toʻgʻrisidagi nizomga 4-ILOVA
Milliy koordinatalar tizimi maʼlumotlar bazasidan geodeziya punktlariga oid koʻchirma berish
SXEMASI
BosqichlarSubyektlarTadbirlarIjro muddatlari1-bosqichBuyurtmachi1. Veb-sahifada avtorizatsiyadan oʻtadi.2. Shaxsiy kabinetidan geodeziya punktlariga oid koʻchirma olish sahifasiga oʻtadi.3. Sahifada obyektning chegarasi koʻrsatilgan, raqamli koʻrinishda DWG, ShP, KML vektor formatlarida fayl yuklanadi hamda koʻchirmani olishdan maqsad va asoslar izoh berish sahifasida keltiriladi.Ixtiyoriga koʻra2-bosqichKadastr agentligiTaqdim qilingan hujjatlarni oʻrganadi va xulosani sahifa orqali buyurtmachiga yuboradi.2 ish kuni3-bosqichKadastr agentligiTaqdim qilingan hujjatlarni Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 14-yanvardagi 22-son qarori bilan tasdiqlangan Nizom talablariga asosan oʻrganadi va xulosa ijobiy boʻlgan taqdirda, veb-sahifa orqali operatorga ruxsatnoma yuboradi.Xulosa bilan birga4-bosqichOperatorBuyurtmachining shaxsiy kabinetiga tegishli faylni yuklab olish havolasini yuboradi.1 ish kuni
