“81-modda. Transport tizimini rejalashtirish
Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga transport xizmati koʻrsatishni tashkil etish tizimini takomillashtirishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (O‘RQ-1118-son) · Sana: 05.02.2026 · Amalda
Transport infratuzilmasini kengaytirish, rekonstruksiya qilish va qayta rejalashtirish ishlari faqat transport xizmatlariga boʻlgan talabni (joriy va prognoz koʻrsatkichlarni) kompleks oʻrganishlar natijalari asosida shakllantirilgan uzoq muddatli bosh rejalarga muvofiq amalga oshiriladi.
Transport infratuzilmasini rejalashtirish hamda loyihalashtirishda ekologiya va atrof-muhitga nisbatan salbiy taʼsir minimal boʻlishi kerak.
Transport infratuzilmasini rejalashtirish quyidagi ketma-ketlikdagi ustuvorliklarni inobatga olgan holda amalga oshiriladi:
piyodalar uchun;
velosiped va individual harakatlanish vositalari uchun;
jamoat transporti va maxsus transport uchun;
boshqa transport vositalari uchun.
Transport oqimiga taʼsir koʻrsatuvchi obyektlarning qurilishini rejalashtirish bosqichida transport tarmogʻiga tushadigan yuklamalarni hisobga olgan holda yechimlar ishlab chiqilishi kerak”.
5-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari ushbu Qonunga zid boʻlgan oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini qayta koʻrib chiqishlari va bekor qilishlarini taʼminlasin;
ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi oʻrtasida tushuntirilishini taʼminlasin.
6-modda. Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch oy oʻtgach kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2026-yil 5-fevral,
OʻRQ-1118-son
