ShNQ 1.02.05-24 “Qurilish uchun muhandislik-ekologiya izlanishlari” shaharsozlik normalari va qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida (01/2-1-son)
06.01.2026
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI QURILISH VA UY-JOY KOMMUNAL XOʻJALIGI VAZIRINING
BUYRUGʻI
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2026-yil 31-yanvarda hisobga olindi, hisob raqami 385]
Oʻzbekiston Respublikasining Shaharsozlik kodeksi hamda Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 23-apreldagi 231-son “Qurilish sohasidagi normativ hujjatlarni xalqaro standartlar bilan uygʻunlashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq buyuraman:
1. ShNQ 1.02.05-24 “Qurilish uchun muhandislik-ekologiya izlanishlari” shaharsozlik normalari va qoidalari ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi raisining 2015-yil 27-oktabrdagi 153-son buyrugʻi bilan tasdiqlangan “ShNQ 1.02.11-15 “Qurilish uchun muhandislik ekologiya izlanishlari” shaharsozlik normalari va qoidalari oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin.
3. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi hamda Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi bilan kelishilgan.
4. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Vazir SH. XIDOYATOV
Toshkent sh.,
2026-yil 6-yanvar,
01/2-1-son
Kelishildi:
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi raisi B. YUSUPALIYEV
2025-yil 11-dekabr
Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi raisi A. ABDUXAKIMOV
2025-yil 27-noyabr
Oʻzbekiston Respublikasi qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirining 2026-yil 6-yanvardagi 01/2-1-son buyrugʻiga ILOVA
ShNQ 1.02.05-24 “Qurilish uchun muhandislik-ekologiya izlanishlari” shaharsozlik normalari va qoidalari
Mazkur shaharsozlik normalari va qoidalari (bundan buyon matnda ShNQ deb yuritiladi) shaharsozlik faoliyati obyektlarini loyihalash hamda ularni rekonstruksiya qilish bosqichlarida muhandislik-ekologiya izlanishlarini oʻtkazishga oid talablarni belgilaydi.
1-bob. Normativ-huquqiy hujjatlar, shaharsozlik normalari va qoidalari, sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari hamda texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarga havolalar
1. Mazkur ShNQda quyidagi normativ-huquqiy hujjatlar, shaharsozlik normalari va qoidalari, sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari hamda texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarga havolalar keltirilgan:
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 15-oktabrdagi 869-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasida radiatsiyaviy avariyalarni prognoz qilish, barvaqt aniqlash va harakat qilish hamda radiatsiyaviy vaziyatni kuzatuv qilish boʻyicha yagona davlat tizimi toʻgʻrisidagi nizom;
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 11-dekabrdagi 981-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi hududidagi suv obyektlarining suvni muhofaza qilish va sanitariya-muhofaza zonalarini belgilash tartibi toʻgʻrisidagi nizom;
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 19-fevraldagi 99-son qarori bilan tasdiqlangan Fitosanitar xavfni tahlil qilish, fitosanitariya choralarini qoʻllash va bekor qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizom;
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 3-iyundagi 343-son “Atrof-muhitning ifloslanish darajasini baholash tizimini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qarori;
ShNQ 1.02.07-19 “Qurilish uchun muhandislik texnik izlanishlar. Asosiy qoidalar”;
ShNQ 1.02.22-19 “Uchuvchisiz uchish apparatlari (UUA) yordamida topografik kartalar va planlar tuzish maqsadida bajariladigan aerofototopografik syomka texnologiyasi qoidalar toʻplami”;
ShNQ 2.01.01-22 “Loyihalash uchun iqlimiy va fizikaviy-geologik maʼlumotlar”;
SanQvaN 0272-09 “Oʻzbekiston sharoitida tuproqni ifloslanishdan himoya qilish sxemalariga gigiyenik asoslashlar tuzishning sanitariya qoidalari va normalari”;
SanQvaN 0191-05 “Tuproqdagi ekzogen zararli moddalarning oxirgi yoʻl qoʻyiladigan va taxminiy yoʻl qoʻyiladigan sanitar konsentratsiyalari”;
SanQvaN 0083-24 “Yer osti va yer usti suv obyektlarini muhofaza qilish boʻyicha sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari”;
SanQvaN 0182-05 “Oʻzbekiston sharoitida markazlashmagan suv taʼminoti hamda suv manbalarining sanitar qoʻriqlashga gigiyenik talablar”;
SanQvaN 0200-06 “Oʻzbekiston aholisini markazlashtirilgan xoʻjalik ichimlik suvi bilan taʼminlash uchun yer usti va yer osti suv manbalari sinflarini aniqlash, gigiyenik baholashning sanitariya qoidalari va normalari”;
SanQvaN 0211-06 “Oʻzbekiston aholisining xoʻjalik-ichimlik suv taʼminoti markazlashtirilgan tizimi suvining gigiyenik mezonlari va ular sifatining nazorati”;
SanQvaN 0244-07 “Xoʻjalik ichimlik suvi quvurlari va suv taʼminoti uchun moʻljallangan sanitar qoʻriqlanadigan zonalardan foydalanish va loyihalashtirishning sanitariya qoidalari va normalari”;
SanQvaN 0193-06 “Radiatsiya xavfsizligi normalari” (RXN 2006) va “Radiatsiya xavfsizligini taʼminlashning asosiy sanitar qoidalari” (RXTASQ 2006);
SanQvaN 0360-18 “Geotexnologik ruda konlarini ishlatish sanitariya qoidalari”;
SanQvaN 0361-18 “Uran ishlab chiqarishi radioaktiv chiqindilarini joylashtirish obyektlarida atrof-muhitning radioekologik kuzatuvi”;
SanQvaN 0019-21 “Radiotexnik inshootlarni joylashtirish va ulardan foydalanishga qoʻyiladigan gigiyenik talablar”;
GOST 21.301-2014 “Muhandislik izlanishlari boʻyicha hisobot hujjatlarini rasmiylashtirishga qoʻyiladigan asosiy talablar.” (rasmiy manba: Основные требования к оформлению отчетной документации по инженерным изысканиям);
GOST 17.2.3.01-86 “Tabiatni muhofaza qilish. Atmosfera. Aholi punktlarida havo sifatini nazorat qilish qoidalari” (rasmiy manba: Охрана природы. Атмосфера. Правила контроля качества воздуха населенных пунктов);
GOST 12071-2014 “Gruntlar. Namunalarni olish, qadoqlash, tashish va saqlash” (rasmiy manba: Грунты. Отбор, упаковка, транспортирование и хранение образцов);
GOST 17.4.2.01-81 “Tuproqlar. Sanitariya holati koʻrsatkichlari nomenklaturasi” (rasmiy manba: Почвы. Номенклатура показателей санитарного состояния);
GOST 5180-2015 “Gruntlar. Fizik xususiyatlarni laboratoriya sharoitida aniqlash usullari” (rasmiy manba: Грунты. Методы лабораторного определения физических характеристик);
GOST 31861-2012 “Suv. Namuna olish uchun umumiy talablar” (rasmiy manba: Вода. Общие требования к отбору проб);
GOST 17.1.5.01-80 “Tabiatni muhofaza qilish. Gidrosfera. Ifloslanishni tahlil qilish uchun suv havzalarining tub choʻkindilaridan namuna olish uchun umumiy talablar” (rasmiy manba: Охрана природы. Гидросфера. Общие требования к отбору проб донных отложений водных объектов для анализа на загрязненность);
GOST 17.1.5.04-81 “Tabiatni muhofaza qilish. Gidrosfera. Tabiiy suv namunalarini namuna olish, birlamchi qayta ishlash va saqlash uchun asboblar va qurilmalar. Umumiy texnik shartlar” (rasmiy manba: Охрана природы. Гидросфера. Приборы и устройства для отбора, первичной обработки и хранения проб природных вод. Общие технические условия);
GOST 31862-2012 “Ichimlik suvi. Namuna olish” (rasmiy manba: Вода питьевая. Отбор проб);
GOST 31942-2012 (ISO 19458:2006) “Suv. Mikrobiologik tahlil uchun namuna olish” (rasmiy manba: Вода. Отбор проб для микробиологического анализа);
GOST 17.4.4.02-2017 “Tabiatni muhofaza qilish. Tuproqlar. Namuna olish va namunalarni kimyoviy, bakteriologik va gelmintologik tahlillar uchun tayyorlash usullari” (rasmiy manba: Охрана природы. Почвы. Методы отбора и подготовки проб для химического, бактериологического и гельминтологического анализа);
GOST 30672-2019 “Gruntlar. Dala tadqiqotlari. Umumiy qoidalar” (rasmiy manba: Грунты. Полевые испытания. Общие положения);
GOST 8.087-2000 “Oʻlchashlar birliligini taʼminlash davlat tizimi. Rentgen va gamma nurlanish dozimetrik qurilmalari etaloni. Doza tezligi hamda havodagi kerma quvvati boʻyicha tekshirish (kalibrlash) uslubi (rasmiy manba: Государственная система обеспечения единства измерений. Установки дозиметрические рентгеновского и гамма-излучений эталонные. Методика поверки по мощности экспозиционной дозы и мощности кермы в воздухе);
OʻzMSt 133:2024 “Ichimlik suvi. Gigiyenik talablar va sifatini nazorat qilish”;
OʻzDST 3627:2023 “Oʻzbekiston Respublikasining oʻlchashlar birliligini taʼminlash davlat tizimi. Foton nurlanishning doza quvvati oʻlchagichlari va dozimetrlar. Qiyoslash usullari va vositalari”;
OʻzMSt ISO 14064-2:2024 (ISO 14064-2:2019, IDT) Issiqxona gazlari. 2-qism: Issiqxona gazlarining kamayishi yoki koʻpayishi miqdorini baholash, kuzatuv qilish va hisobini yuritishni loyihalar darajasida koʻrsatkich bilan tavsiflash;
OʻzMSt ISO 9697:2025 (ISO 9697:2018, IDT) Suv sifati — Umumiy beta faolligi — Yuqori zichlikli manba yordamida aniqlash usuli.
2-bob. Atama va taʼriflar
2. Ushbu ShNQda quyidagi atamalar va ularning taʼriflari qoʻllanilgan:
shaharsozlik faoliyati obyektlari — Oʻzbekiston Respublikasining hududi va hududining qismlari, aholi punktlarining hududlari va hududlarining qismlari, aholini joylashtirishning umumdavlat hamda hududiy tizimlari, yer uchastkalari, binolar va inshootlar, hududiy-ishlab chiqarish, shaharsozlik hamda landshaft majmualari, rekreatsiya va ishlab chiqarish zonalari, madaniy meros obyektlari hamda ularning muhofaza zonalari, aholi punktlari chegaralaridagi va aholi punktlariaro hududlardagi akvatoriyalar, muhandislik va transport kommunikatsiyalari, reklama va axborot obyektlaridir (konstruksiyalari);
atrof-muhitga taʼsirni baholash — moʻljallanilayotgan va (yoki) rejalashtirilayotgan yoki amalga oshirilayotgan xoʻjalik faoliyatining hamda boshqa faoliyatning atrof-muhitga taʼsiri xususiyatlarini va darajasini, uning ehtimoliy ekologik oqibatlarini aniqlashga hamda atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish chora-tadbirlarini ishlab chiqishga qaratilgan tartib-taomil;
muhandislik-ekologiya izlanishlari — tabiatga antropogen taʼsirlar natijasida shakllangan atrof-muhitning hozirgi holatini baholash, shuningdek shaharsozlik faoliyati obyektlarining loyihaoldi va loyiha hujjatlarini, strategik rejalashtirish hujjatlari loyihalarini amalga oshirish jarayonida atrof-muhitda yuzaga kelishi mumkin boʻlgan oʻzgarishlarni aniqlash va prognoz qilish maqsadida olib boriladigan dala tadqiqotlari, izlanishlar, maxsus tahlillar hamda tajribalar majmuasidir;
fatsiyalar — litologik va paleontologik xususiyatlari bilan farqlanuvchi, hosil boʻlish sharoitlarini aks ettiruvchi turli xil choʻkindi togʻ jinslari majmuasi;
chiziqli inshoot trassalari — avtomobil, temir yoʻl liniyalari, havo, yer usti va yer osti elektr uzatish, aloqa liniyalari va inshootlari, yer usti va yer osti quvurlari, irrigatsiya va melioratsiya, suv taʼminoti va oqova suvlarni chiqarib tashlash va boshqa muhandislik tarmoqlari.
3. Ushbu ShNQda quyidagi qisqartmalar qoʻllanilgan:
ChYQK — chegaraviy yoʻl qoʻyiluvchi konsentratsiya;
EDQ — ekvivalent dozasi quvvati;
REMK — ruxsat etilgan maksimal konsentratsiya;
REMD — ruxsat etilgan maksimal darajasi.
3-bob. Umumiy qoidalar
4. Muhandislik-ekologiya izlanishlari shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish jarayonida amalga oshirilishi lozim.
5. Muhandislik-ekologiya izlanishlari ShNQ 1.02.07-19 ga muvofiq izlanishlarning boshqa turlari (muhandislik-geodeziya, muhandislik-geologiya, muhandislik-gidrometeorologiya hamda gidrogeologik tadqiqotlar) bilan oʻzaro bogʻliq holda kompleks tarzda amalga oshirilishi zarur.
6. Muhandislik-ekologiya izlanishlari natijalari boʻyicha quyidagi vazifalar hal etilgan boʻlishi kerak:
shaharsozlik faoliyati obyektlari qurilishining ekologik, iqtisodiy va ijtimoiy oqibatlarini baholash, atrof-muhitga salbiy taʼsirni kamaytirish, oldini olish yoki bartaraf etish hamda aholining hayoti va sogʻligʻi uchun qulay va xavfsiz yashash sharoitlarini taʼminlash;
shaharsozlik faoliyati obyektlarini qurishdan oldin taʼsir skriningini oʻtkazish orqali ularning atrof-muhitga boʻlishi mumkin boʻlgan real va potensial ekologik taʼsirlarini baholash hamda atrof-muhitga taʼsirni baholashdan oʻtkazish zarurati mavjud yoki mavjud emasligini aniqlash;
tabiiy muhitning tarkibiy qismlari, tabiiy landshaftlar va ekotizimlarning holatini, ularning antropogen taʼsirlarga chidamliligi hamda tabiiy tiklanish qobiliyatini baholash;
atrof-muhitga taʼsirni minimallashtirish maqsadida shaharsozlik faoliyati obyektlarini joylashtirish boʻyicha muqobil variantlarni tanlash;
atmosfera havosi, yer va tuproq, yer osti boyliklari, suv resurslari, oʻsimlik va hayvonot dunyosi obyektlari, biologik xilma-xillik, landshaftlar, muhofaza etiladigan tabiiy hududlar hamda moddiy madaniy meros obyektlariga yetkazilishi mumkin boʻlgan salbiy taʼsirlarining oldini olish va kamaytirish;
shaharsozlik faoliyati obyektlarini qurish, ulardan foydalanish va tugatish (rekultivatsiya) bosqichlarida atrof-muhitni muhofaza qilish hamda tabiiy resurslardan oqilona foydalanish nazarda tutilgan chora-tadbirlarning yetarliligi, samaradorligi va ilmiy-texnik asoslanganligini aniqlash.
7. Muhandislik-ekologiya izlanishlarida quyidagilar amalga oshirilishi lozim:
atrof-muhitga taʼsirni baholash boʻyicha ishlar;
qurilish faoliyatining atrof-muhitga taʼsirini baholash va oʻrganish ishlari;
dala sharoitida muhandislik-ekologik izlanishlar;
geoekologik va biologik tahlillar;
laboratoriya tajribalari va sinovlar;
ekologik asoslovchi materiallarni tayyorlash.
8. Muhandislik-ekologiya izlanishlarida quyidagilar oʻrganilishi kerak:
hududdan foydalanishning tarixi, tavsifi hamda ijtimoiy-iqtisodiy sharoitlar va rivojlanish darajasi;
ShNQ 2.01.01-22 ga muvofiq hududning iqlimiy va fizikaviy-geologik sharoitlari, meteorologik koʻrsatkichlari va ularning oʻzgarishlari (havo harorati, atmosfera bosimi, shamol yoʻnalishi va tezligi, yogʻingarchilik miqdori, havoning nisbiy namligi, quyosh radiatsiyasi parametrlari);
atrof-muhit tarkibiy qismlarining holati (tuproq qoplami (quruqlik uchastkalarida), ochiq suv havzalarining (akvatoriyaning) gidrologik, gidroximik va gidrobiologik xususiyatlari, yer osti sizot suvlari, yer osti suvlari holati va sifat koʻrsatkichlari, hududning oʻsimlik qoplami va landshaft tuzilishi, oʻrmonlarning holati, hayvonot olami holati, atmosfera havosining sifat koʻrsatkichlari va ifloslanish darajasi dinamikasi);
xavfli gidrometeorologik hodisalar (sel oqimlari, suv toshqinlari, qor koʻchkilari, kuchli shamollar (dovullar), changli (qumli) boʻron, jala yogʻinlar) hamda geologik jarayonlar (zilzilalar, yer yuzasining oʻpirilishi, koʻchki, choʻkish xavfi);
iqlim oʻzgarishi va xavfli gidrologik hodisalar bilan bogʻliq suv havzalarining gidrologik rejimi;
hududdagi radiatsiyaviy holat, shu jumladan atrof-muhitning antropogen manbalardan radionuklidlar bilan ifloslanishi, aholi punktlarida, ishlatib boʻlingan uran konlarida, shuningdek chiqindi poligonlari va balansdan tashqari rudalar hududlarida radioekologik nazorat boʻyicha maʼlumotlar tahlili;
hududda xoʻjalik faoliyati natijasida yuzaga kelgan oqova suvlar, sanoat, qattiq maishiy va boshqa chiqindilar, radionuklidlar, toksikantlar, ogʻir metallar, neft mahsulotlari, pestitsidlar zaharli moddalar bilan ifloslanish holatlari va ular bilan bogʻliq vaziyatlar tahlili.
9. Muhandislik-ekologiya izlanishlarining vazifalarini hal etish uchun quyidagi maʼlumotlarni olish imkonini beradigan muhandislik-geodeziya, muhandislik-geologiya va muhandislik-gidrometeorologiya izlanishlari materiallari va natijalaridan foydalanish lozim:
iqlim sharoitlari va meteorologik koʻrsatkichlar toʻgʻrisidagi;
geologik shart-sharoitlar toʻgʻrisidagi;
gidrogeologik shart-sharoitlar toʻgʻrisidagi;
geomorfologik shart-sharoitlar toʻgʻrisidagi;
gidrologik shart-sharoitlar toʻgʻrisidagi;
xavfli gidrometeorologik hodisalar va geologik jarayonlar toʻgʻrisidagi.
10. Muhandislik-ekologik izlanishlarini amalga oshirish jarayonida tuproq, yer usti suv obyektlari va ularning choʻkindilari hamda yer osti suv quduqlaridan namunalar olish ishlari ham amalga oshirilishi lozim.
11. Shaharsozlik faoliyati obyektini joylashtirish (yer uchastkasini tanlash) boʻyicha loyiha hujjatlarini asoslash uchun maʼlumotlar quyidagilarni oʻz ichiga olishi kerak:
shaharsozlik faoliyati obyekti joylashishi yoki tanlab olingan yer uchastkasi maydoni boʻyicha muqobil variantlarni aniqlash va tanlashga doir maʼlumotlar;
tabiiy muhit holati va resurslar (tuproq, yer usti va yer osti suvlari, oʻsimliklar hamda foydali qazilmalar) toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, shuningdek qishloq xoʻjaligi va oʻrmon fondi yerlariga taalluqli holatni tahlil qiluvchi maʼlumotlar;
loyiha natijasida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan zararli ekologik taʼsirlar toʻgʻrisidagi dastlabki maʼlumotlar (ifloslantiruvchi manbalar, ularning joylashuvi, taʼsir zonalari, tarkibi, chiqariladigan zarralar intensivligi hamda taʼsirning takrorlanish chastotasi);
loyihalanayotgan texnologik jarayonlarning umumiy texnik yechimlari va parametrlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar (xomashyo va yoqilgʻi turi hamda miqdori, manbalari, atmosfera havosiga tashlamalar hajmi, tozalash tizimlari, tutun gazlari moʻrilari balandligi, suv taʼminoti manbalari, oqova suvlar hosil boʻlish manbalari, yomgʻir suvlarini toʻplash va ulardan foydalanish, oqova suvlarning kimyoviy tarkibi, tozalash usullari, oqova suvlarni tozalash inshootlari quvvati, aylanma va takroriy suv taʼminoti tizimlaridan foydalanish);
atmosfera havosi, yer usti va yer osti suvlariga taʼsir etish ehtimoli boʻlgan hududlar (taʼsir zonalari) hamda ularning oldini olish va bartaraf etish boʻyicha chora-tadbirlar tavsifi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
qattiq maishiy chiqindilar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar (turlari, miqdori, morfologik va kimyoviy tarkibi, zaharliligi, joylashtirish, saqlash, zararsizlantirish, utilizatsiya qilish va qayta ishlash usullari).
12. Muhandislik-ekologiya izlanishlari uchun dastlabki maʼlumotlar tarkibi quyidagilarni oʻz ichiga olishi kerak:
shaharsozlik faoliyati obyekti joylashadigan hududning tabiiy sharoiti va xoʻjalik faoliyati boʻyicha umumiy maʼlumotlar;
mavjud hamda loyiha doirasida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan ekologik taʼsir manbalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar (sifat koʻrsatkichlari va mavjud boʻlsa miqdoriy koʻrsatkichlar bilan);
hududning biologik resurslari oʻsimlik (flora) va hayvon (fauna) hamda ularning oʻrganilganlik darajasi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
hududning sanitariya-epidemiologik holati toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
hududdagi suvli gorizontlar, yer osti suvlarining joylashish chuqurligi va muhofazalanganlik darajasi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
hududning seysmik faolligi (seysmik hududlashtirish) toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
taʼsir zonalarining taxminiy chegaralari hamda muhandislik-ekologik izlanishlar hududi chegaralarini asoslash;
muhandislik-ekologiya izlanishlari tarkibi va hajmini asoslash;
muayyan ish turlarini bajarish uslubiyoti, prognozlash va modellashtirish boʻyicha tavsiya etiladigan koʻrsatmalar.
13. Hududning ekologik holatini kompleks baholash, moʻljallanayotgan xoʻjalik faoliyatining atrof-muhitga taʼsirini aniqlash hamda salbiy oʻzgarishlarni prognoz qilish uchun quyidagi maʼlumotlar keltirilishi kerak:
a) ekologik sharoitlarning oʻrganilganlik darajasi:
hududda ilgari bajarilgan muhandislik-ekologiya izlanishlari materiallari va maʼlumotlaridan oʻtkazilgan davrdan keyingi oʻzgarishlarni hisobga olgan holda foydalanish;
tabiiy resurslardan foydalanish, ularni qayta tiklash va muhofaza qilish hamda aholi sanitariya-epidemiologik osoyishtaligini taʼminlash sohasidagi mavjud materiallardan foydalanish;
b) hududning tabiiy va antropogen shart-sharoitlarning qisqacha tavsifi:
iqlim, landshaft, geomorfologik, seysmik, gidrologik, gidrogeologik, geologik va muhandislik-geologik sharoitlar;
hududning ijtimoiy-iqtisodiy sharoitlari, shu jumladan tabiiy resurslar (suv, biologik resurslar, foydali qazilmalar) hamda ulardan xoʻjalik maqsadlarida foydalanish;
mavjud sanoat obyektlari, bino va inshootlar hamda muhandislik, transport infratuzilmalari, suv taʼminoti va oqova suvlarni tozalash inshootlari hamda chiziqli inshootlar trassalari;
muhofaza etiladigan tabiiy hududlar, oʻrmonlar, rekreatsiya zonalari va obodonlashtirish-koʻkalamzorlashtirish maydonlari koʻrsatkichlari;
hayvonot va oʻsimlik dunyosi, shu jumladan Qizil kitobga kiritilgan turlar roʻyxati va ularning tarqalish areallari;
tabiiy va texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlar taʼsiriga uchragan hududlar, xavfli gidrometeorologik va geologik jarayonlar hamda ulardan himoyalanish boʻyicha mavjud maʼlumotlar;
suv obyektlarining suvni muhofaza qilish zonalari va qirgʻoqboʻyi mintaqalari, yer osti suvlarining sanitariya muhofaza zonalari hamda yer osti suvlarining hosil boʻlish zonalari;
v) izlanishlarni bajarish usullari:
muhandislik-ekologiya izlanishlarining tarkibi, usullari va hajmi;
dala tadqiqotlari va kameral ishlar tavsifi;
qoʻllaniladigan uslublar va usullar, shuningdek dasturiy mahsulotlar (havolalar bilan);
texnika, asbob-uskunalar va boshqa qoʻllaniladigan vositalar;
g) muhandislik-ekologiya izlanishlari natijalari:
hududning tabiiy sharoitlarini oʻrganish va unga texnogen taʼsirlarni baholash;
dala va kameral ishlar natijalarini tahlil qilish va baholash;
obyektni qurish va foydalanish jarayonida atrof-muhitda yuzaga kelishi mumkin boʻlgan oʻzgarishlar hamda texnogen taʼsir oqibatlarini prognozlash;
d) maxsus huquqiy rejim belgilangan hududlar va cheklovlar:
ekologik toza hududlar hamda maxsus huquqiy rejim belgilangan hududlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
moddiy madaniy meros obyektlari, ularning muhofaza chegaralari hamda xoʻjalik faoliyatini tartibga solish chegaralari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
sanoat (konchilik) chiqindilari obyektlari, poligonlar, radioaktiv chiqindilarni saqlash (koʻmish) joylari, zaharli moddalar koʻmilgan hududlar, qabristonlar, hayvon qabristonlari va biotermik oʻralar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
asosiy va noruda foydali qazilmalar konlari joylashgan yer qaʼri uchastkalari hamdа ishlab chiqarish korxonalarining sanitariya-muhofaza zonalari;
e) hududning ekologik holatini baholash:
hududning funksional ahamiyatini hisobga olgan holda tabiiy landshaft, tabiiy muhit tarkibi, quruqlik va suv ekotizimlarining holati, bardoshliligi va tiklanish imkoniyatlarini baholash;
hududdagi radiatsiyaviy vaziyat va atrof-muhitga kimyoviy, biologik va fizik taʼsirlar, atmosfera havosi, yer (gruntlar), tuproq, yer usti suv obyektlari suvi va ulardagi choʻkindi qatlamining, yer osti suvlarining kimyoviy va boshqa turdagi ifloslanishlari boʻyicha maʼlumotlar;
suv resurslaridan, shu jumladan ochiq suv havzalari va yer osti suvlardan ichimlik suvi sifatida foydalanish holati, yer osti suvlari muhofazalanganlik darajasi, yomgʻir suvlarini toʻplash va ishlatish imkoniyatlari boʻyicha baholash;
j) noqulay oʻzgarishlarning dastlabki prognozi:
atmosfera havosining ifloslanishi prognozi;
yerlar sifati yomonlashishi hamda tuproq, yer usti va yer osti suvlarining ifloslanishi prognozi;
alohida muhofaza qilinadigan obyektlarga (muhofaza etiladigan tabiiy hududlar, rekreatsiya zonalari, moddiy madaniy meros obyektlari) taʼsiri prognozi;
xavfli tabiiy jarayonlar va texnogen taʼsirlar bilan bogʻliq zararli ekologik oqibatlar prognozi;
hududning kompleks rivojlanishiga taʼsir etishi mumkin boʻlgan omillar, shu jumladan hududning funksional ahamiyatida kutilayotgan ehtimoliy oʻzgarishlar prognozi.
4-bob. Muhandislik-ekologiya izlanishlari tarkibi
14. Muhandislik-ekologiya izlanishlarida quyidagi ishlar amalga oshirilishi kerak:
a) kameral (fond) materiallari bilan ishlash va analog obyektlar:
atrof-muhit holati boʻyicha avvalgi yillardagi mavjud fond materiallari hamda ilgari bajarilgan muhandislik-ekologiya izlanishlari materiallarini yigʻish, tahlil qilish, qayta ishlash va umumlashtirish;
oʻxshash tabiiy sharoitlarda faoliyat yuritayotgan analog obyektlarni aniqlash;
b) aerokosmik tasvirlar va geoaxborot tizimi asosida tahlil:
turli turdagi suratga olish materiallari (oq-qora, koʻpzonali/multispektral, radiolokatsiya, issiqlik) asosida aerokosmik tasvirlarni deshifrlash (talqin qilish);
fazoviy maʼlumotlarni kartografik koʻrinishda vizuallashtirish, ularni rastr yoki vektor shaklida, shuningdek toʻrli (matritsali) shakllarda hamda turli aniqlikdagi aerokosmik suratlar va ortofotorejalar (ortomozaikalar) koʻrinishida rasmiylashtirish;
v) hududni oʻrganish (rekognossirovka qilish) va kuzatuvlar:
rekognossirovka va marshrutli (yoʻnalishli) kuzatuvlar orqali atrof-muhit tarkibi, tabiiy landshaftlar, quruqlik va suv ekotizimlari holatini baholash, ifloslanish belgilari va manbalarini aniqlash hamda tasniflash;
doimiy (statsionar) va yoʻnalishli (marshrutli) kuzatuvlarni oʻtkazish;
g) atrof-muhit tarkibini oʻrganish:
tuproq qatlamining ifloslanishini oʻrganish;
yer usti suv obyektlari va ulardagi choʻkindi qatlamining ifloslanishini oʻrganish;
yer osti suvlarining ifloslanishini oʻrganish;
radiatsiyaviy holatni oʻrganish;
fizikaviy taʼsirlarni oʻrganish;
hududning ekologik hamda tabiiy landshaft sharoitlarini oʻrganish;
oʻsimlik dunyosini oʻrganish;
hayvonot dunyosini oʻrganish;
sanitariya-epidemiologik hamda tibbiy-biologik holatni oʻrganish;
ijtimoiy-iqtisodiy sharoitlarni oʻrganish;
xavfli tabiiy jarayonlar va texnogen taʼsirlarga, shuningdek choʻllanish, shamol va suv eroziyasiga moyil hududlarni oʻrganish;
d) namuna olish va laboratoriya tahlillari:
ekologik sinovlar uchun atrof-muhit tarkibidan (atmosfera havosi, tuproq, yer usti suv obyektlari suvlari va choʻkindi qatlami, yer osti suvlari) namunalar olish va kimyoviy-analitik usullar bilan laboratoriya tahlillarini bajarish;
tuproq qatlamida gaz-geokimyoviy tadqiqotlarni oʻtkazish;
e) modellashtirish, maʼlumotlar bazasi va yakuniy tahlil:
kompyuter dasturlaridan foydalangan holda gidrogeologik va geologik jarayonlar rivojlanishini matematik modellashtirish;
gidrogeologik, geologik va gidrokimyoviy parametrlar boʻyicha maʼlumotlar bazasini shakllantirish;
olingan materiallarni tahlil qilish, baholash va xulosalash.
15. Muhandislik-ekologiya izlanishlari natijalari boʻyicha texnik hisobot (bundan buyon matnda texnik hisobot deb yuritiladi) tayyorlanishi kerak.
16. Muhandislik-ekologiya izlanishlari natijalari boʻyicha tuzilgan texnik hisobotning tarkibi va mazmuni qurilish turiga, loyiha-qidiruv ishlarining bosqichiga hamda hududning tabiiy-texnogen sharoitlarini inobatga olgan holda mazkur ShNQning 1-ilovasi hamda GOST 21.301-2014 ga muvofiq boʻlishi lozim.
17. Buyurtmachi tomonidan quyidagi qoʻshimcha muhandislik-ekologiya izlanishlarini amalga oshirishga yoʻl qoʻyiladi:
sanitariya-epidemiologiya hamda tibbiy-biologik tadqiqotlarni oʻtkazish;
tabiiy muhitning alohida tarkibiy qismlari boʻyicha kuzatuv tadbirlarini amalga oshirish;
gaz-geokimyoviy tadqiqotlarni oʻtkazish;
gidrobiologik tadqiqotlarni oʻtkazish;
tabiiy oʻsimlik jamoalari uchun fitosanitar xavfni baholash;
ekologik-geokimyoviy tadqiqotlarni oʻtkazish.
18. Aerokosmik tasvirlarni deshifrovka qilish natijalari asosida yigʻilgan umumiy geografik, kartografik va tematik maʼlumotlar grafik, raqamli yoki matn koʻrinishida rasmiylashtirilishi lozim. Bunda, aerokosmik tasvirlarni deshifrovkasi quyidagilarni taʼminlashi kerak:
aerokosmik tasvirlarni deshifrovka natijalarini turli masshtablardagi topografik asoslar, shuningdek mavjud tabiiy landshaft, geologik tuzilma, muhandislik-geologik va hududlashtirish sxemalari hamda boshqa turdagi kartografik materiallarga bogʻlash;
xavfli gidrometeorologik va texnogen hodisalar, shuningdek geologik jarayonlar rivojlangan uchastkalarni aniqlash;
atrof-muhit holatiga taʼsir koʻrsatuvchi sanoat obyektlari, binolar va inshootlar, muhandislik infratuzilmalari, transport magistrallari, quvur oʻtkazgichlar va boshqa chiziqli inshootlar trassalari, karyerlar hamda boshqa elementlarni aniqlash;
toʻgʻridan-toʻgʻri antropogen taʼsirlarning zararli oqibatlarini dastlabki oʻrganish, jumladan turar joylar konturlari va shahar hamda qishloqlar aglomeratsiyalari konturlarining oʻzgarishlari, ifloslanish areallari, yongʻinlar, daraxtlar kesilgan uchastkalar hamda oʻsimlik qoplamining boshqa buzilishlarini belgilash;
ekologik holatning oʻzgarish dinamikasini kuzatib borish.
19. Fazoviy maʼlumotlarni vizuallashtirish ularni kartografik tasvirlar koʻrinishidagi rastr yoki vektor shaklida, shuningdek aero yoki kosmik surat, ortofotoreja koʻrinishida qabul qilinishi kerak.
20. Yoʻnalishli (marshrutli) kuzatuvlar hududning kompleks landshaft tavsifini, shu jumladan uning funksional ahamiyati va ekotizimlarning umumiy holatini hisobga olgan holda bajarilishi hamda quyidagilarni oʻz ichiga olishi kerak:
hududni tekshirish orqali tabiiy muhitning tarkibiy qismlarida uzoq muddatli ifloslanish uchastkalarini, oʻsimlik qoplamining shikastlanish holatlarini, shuningdek joy relyefi oʻzgarishlarining sabablari va xususiyatini aniqlash;
sanoat korxonalari, sanoat chiqindilarini toʻplash va koʻmib tashlash joylari, chiqindi poligonlari va ruxsat etilmagan chiqindi tashlash joylari, kimyoviy oʻgʻitlar hamda zaharli kimyoviy moddalarni saqlash omborlari, tindirgichlar, neft omborlari va boshqa ifloslantiruvchi manbalar joylashuvining sxemalarini tuzish;
koʻzga koʻrinadigan ifloslanish belgilari va oʻtkir kimyoviy hid manbalari joylarini (neft mahsulotlari dogʻlari, pestitsidlar, insektitsidlar va boshqa zaharli preparatlar), ruxsat etilmagan chiqindi tashlash joylarini, metan chiqish nuqtalarini, oqova suvlarni yer usti suv obyektlariga yoki joy relyefiga tashlash uchastkalarini sxemalar hamda faktik materiallar xaritalariga kiritish;
hududdagi yovvoyi hayvon va oʻsimlik turlarining tarqalishi, hududga xos boʻlmagan yangi, ilgari uchramagan yovvoyi hayvon va oʻsimlik turlarining paydo boʻlish holatlari aniqlanishi;
xavfli tabiiy jarayonlar va texnogen taʼsirlarga hamda choʻllanish, shamol va suv eroziyasiga moyil boʻlgan hududlarning tashqi koʻrinishlari aniqlanishi.
21. Hududni oʻrganish (rekognossirovka qilish) yoʻnalishli (marshrutli) kuzatuvlar orqali yoki uchuvchisiz uchish apparatlari yordamida ShNQ 1.02.22-19 ga muvofiq amalga oshirilishi lozim.
22. Kuzatish punktlarida doimiy (statsionar) kuzatuvlar quyidagi maqsadlarda oʻtkazilishi lozim:
hududning funksional va shaharsozlik zonalashini hisobga olgan holda uning kompleks tabiiy-landshaft tavsifini baholash uchun;
hududiy birliklar chegaralarini (geografik koordinatalarini qayd etgan holda), shuningdek tuproq va oʻsimlik qoplami, ajralib turadigan tabiiy landshaftlar hamda yovvoyi hayvonlar yashash joylari chegaralarini aniqlash uchun;
atrof-muhit tarkibiy qismlarining holatini baholash, (atmosfera havosi, tuproq (gruntlar), yer usti va yer osti suvlari, oʻsimlik qoplami va hayvonot dunyosi holatini tavsiflash uchun;
atrof-muhit tarkibiy qismlarini oʻrganish uchun tadqiqot maydonchalarining joylashuvini belgilash hamda geografik koordinatalarni koʻrsatgan holda namuna olish nuqtalarini aniqlash uchun;
mahalliy sharoitlar xususiyatlarini hisobga olgan holda ifloslantiruvchi zararli moddalarning atrof-muhitga chiqarilishi, migratsiya yoʻllari va ularning tutash tabiiy landshaftlarga oʻtishi ehtimolini tahlil qilish uchun;
hududdagi oʻsimlik va hayvonot dunyosi hamda boshqa biologik organizmlar (biota) uchun oqibatlarini koʻrsatgan holda xavfli tabiiy jarayonlar va texnogen taʼsirlarning atrof-muhit tarkibiy qismlariga hamda ekotizimlarga taʼsir darajasini tahlil qilish uchun.
23. Kuzatish punktlarida (postlarida) doimiy (statsionar) kuzatuvlar topografik rejalar va xaritalar, aero suratlar va kosmik tasvirlar, shuningdek avvalgi yillarda bajarilgan muhandislik izlanishlari hamda tadqiqotlar materiallaridan foydalangan holda amalga oshirilishi lozim.
24. Kuzatish punktlarida (postlarida) doimiy (statsionar) kuzatuvlar quyidagilarni oʻz ichiga olishi kerak:
muhandislik-ekologik izlanishlar olib boriladigan maydonda dala tekshiruvlarini rejalashtirilayotgan shaharsozlik faoliyati va boshqa taʼsir zonalarini inobatga olgan holda, atrof-muhit hamda tabiiy landshaftning har bir tarkibiy qismi boʻyicha antropogen ifloslanish manbalarini hisobga olib amalga oshirish;
ifloslanishning tashqi vizual belgilari (kimyoviy dogʻlar, oʻtkir kimyoviy hid) hamda atrof-muhitga taʼsir koʻrsatuvchi manbalarni (shlam, kul, fosfogips va boshqa xavfli sanoat chiqindilarini saqlash joylari, neft mahsulotlari saqlanadigan joylar, mineral oʻgʻitlar va zaharli kimyoviy moddalar omborlari, shuningdek boshqa ifloslanish manbalari) aniqlash, ifloslanish koʻlami va ehtimoliy sabablarini koʻrsatish;
choʻllanish, shamol va suv eroziyasi, yer osti sizot suvlari sathining koʻtarilishi, yer sathining choʻkishi hamda boshqa xavfli tabiiy jarayonlar va texnogen taʼsirlarning rivojlanish uchastkalarini aniqlash (mazkur turdagi tadqiqotlar muhandislik-geologik hamda muhandislik-gidrometeorologik izlanishlar bilan birgalikda olib borilishi lozim);
tahlil oʻtkazish uchun atmosfera havosi, tuproq, yer usti suv obyektlarining suvi va ularning choʻkindi qatlamidan, yer osti suvlari, oqova suvlar hamda chiqindilardan namuna olish;
radioekologik tekshiruvlarni oʻtkazish;
zararli fizik taʼsirlarni oʻrganish.
25. Togʻ kavlamalarini (shurflar, transheyalar, burgʻilash quduqlarini) qazish quyidagi maqsadlarda amalga oshirilishi lozim:
maydonchaning muhandislik-geologik sharoitlarini (tuproqlarning, aeratsiya zonasidagi va oʻzida suv tutib turuvchi togʻ jinslarining, gruntlar va togʻ jinslarining tarkibi va filtratsiya xususiyatlarini, suv oʻtkazmas (suvbardosh) qatlamlar mavjudligi va suvli gorizontlar va yer usti suvlari orasida, grunt suvlari oqimining yoʻnalishi va harakat tezligi orasida oʻzaro gidravlik bogʻliqlik mavjudligi) hamda ifloslanishning tezkor tarqalishi ehtimoli va akkumulyatsiyalanishini aniqlash uchun;
tuproqlar, gruntlar hamda yer osti suvlari boʻyicha ularning kimyoviy tarkibi, fizik-mexanik va suvli-fizik xususiyatlari, shuningdek zararli tarkiblar konsentratsiyasini aniqlash maqsadida namuna olish uchun;
atmosfera havosi va grunt suvlariga gazsimon ifloslantiruvchi moddalar chiqarilishining xavflilik darajasini aniqlash uchun;
terrikonlar, togʻ-kon sanoati kavlamalaridan chiqariladigan qoplama va aralashma togʻ jinslari, sanoat chiqindi uyumlari hamda toʻkma grunt massivlarining yirik uyumlaridan sizib chiqadigan suvlarning xavfliligini aniqlash uchun.
26. Togʻ kavlamalarini stvorlar boʻylab, geomorfologik elementlar chegarasiga perpendikulyar ravishda, ifloslanish manbalari joylashishiga hamda havo oqimlarining, yer osti va yer usti suv oqimlarining, yer yuzasi qiyaligining asosiy yoʻnalishlariga, yer yuzasidagi yotqiziqlarga bogʻliq ravishda joylashtirish kerak.
27. Togʻ kavlamalari orasidagi masofa ularning kovlanish maqsadi, muhandislik izlanishlarining bosqichi hamda mahalliy sharoitlarning xususiyatlarini hisobga olgan holda belgilanishi, bunda togʻ kavlamalari orasidagi masofa bajariladigan tadqiqotlar masshtabiga mos boʻlishi zarur.
28. Togʻ kavlamalarining chuqurligi yer yuzasidan hisoblaganda birinchi suvli gorizontning qalinligi, suvbardosh qatlam tomining chuqurligi, ifloslangan zonaning qalinligi hamda tektonik buzilishlar mavjudligini hisobga olgan holda belgilanishi lozim.
29. Kuzatuv burgʻilash quduqlari quyidagi maqsadlarda joylashtirilishi zarur:
yer uchastkasi hududida aeratsiya zonasining pastki qismi boʻyicha geologik-litologik qirqimni oʻrganish uchun;
suv taʼminoti (ichimlik, xoʻjalik-maishiy, ishlab chiqarish, sanoat-texnika hamda qishloq xoʻjaligi) ehtiyojlari uchun suvli gorizontlarning filtratsiya parametrlarini va hajmiy koʻrsatkichlarini aniqlash, shuningdek suvli qatlamlar bilan yer usti suvlari oʻrtasidagi gidravlik bogʻliqlikni belgilash uchun;
hudud yer osti suvlari rejimini mavsumlar boʻyicha oʻrganish hamda yer osti suvlari kuzatuvi tarmogʻini shakllantirish, grunt suvlari yotish chuqurligini aniqlash, sugʻorish tizimlari (filtratsiya yoʻqotishlar hajmi) va kollektor-drenaj tizimlari (drenajlash hajmi) bilan grunt suvlari oʻrtasidagi oʻzaro bogʻliqlik xususiyatlarini aniqlash uchun;
istiqbolli suvli gorizontlarda yer osti suvlari sifatini oʻrganish uchun.
30. Kuzatuv burgʻilash quduqlari stvorlar boʻylab joylashtirilishi, bunda quduqlar yer osti suvlari oqimining regional yoʻnalishiga koʻndalang, suv eltuvchilar (suv oqimlari) yoʻnalishiga perpendikulyar holatda, shuningdek loyihalanayotgan bino va inshootlarning joylashuvi hisobga olingan holda joylashtirilishi lozim.
31. Ekologik-gidrogeologik tadqiqotlar muhandislik-geologik izlanishlari jarayonida gidrogeologik tadqiqotlar bilan birgalikda amalga oshirilishi lozim.
32. Ekologik-gidrogeologik tadqiqotlarni oʻtkazishda suvli gorizontlar mavjudligi aniqlanishi kerak.
33. Suvli gorizontlarning yotish, tarqalish sharoitlari va ularning (yer yuzasidan hisoblaganda birinchi suvli gorizontlar) tabiiy ravishda muhofazalanganligi, shuningdek aeratsiya zonasidagi gruntlarning va oʻzida suv sigʻdiradigan togʻ jinslarining filtratsiya va sorbsiya xususiyatlari aniqlanishi kerak.
34. Ekologik-gidrogeologik tadqiqotlarni oʻtkazishda muhandislik-ekologik izlanishlar vazifalaridan kelib chiqqan holda qoʻshimcha ravishda quyidagilarni aniqlashga yoʻl qoʻyiladi:
yuzaki suv obyektlarining mavjudligi;
yer yuzasidan hisoblaganda birinchi suvbardosh qatlamning joylashish chuqurligi;
grunt suvlari harakatlanish xususiyatlari, ularning toʻyinish va boʻshanish sharoitlari, rejimi, gorizontlararo hamda yer usti suvlari bilan oʻzaro gidravlik bogʻliqligi;
grunt suvlari kimyoviy tarkibi, ularning zararli tarkiblar bilan ifloslanganlik darajasi hamda aholi yashash sharoitlariga taʼsiri;
texnogen omillarning gidrogeologik sharoitlar oʻzgarishiga taʼsiri;
foydalanishga yaroqli chuchuk suv resursi mavjudligi.
35. Kompleks izlanishlar oʻtkazilganda filtratsiya koeffitsiyentlari hamda dala sharoitida tajriba-filtratsiya ishlarini oʻtkazishni talab qiladigan boshqa koʻrsatkichlar gidrogeologik tadqiqotlar tarkibida aniqlanishi lozim.
36. Gidrokimyoviy tadqiqotlar yer usti suvlarining ifloslanganlik darajasini baholash, grunt suvlari ifloslanish arealini, ifloslantiruvchi moddalarning tarkibi va konsentratsiyasini aniqlash, ifloslanish manbalarini belgilash, aniqlangan ifloslanishning ekotizim holatiga hamda aholi sogʻligʻiga taʼsirini baholash uchun amalga oshirilishi lozim.
37. Yer usti va yer osti suvlarining ifloslanishini oʻrganish ushbu ShNQning 57-bandiga muvofiq amalga oshirilishi kerak.
38. Tuproq tadqiqotlari quyidagilar uchun bajarilishi lozim:
qurilish maydonchasi uchun yer uchastkasini qishloq xoʻjaligida foydalanilmaydigan yoki unumdorligi past boʻlgan yerlardan tanlashni asoslash hamda tabiiy landshaftlar, oʻsimlik qoplami va oʻrmonlarni saqlab qolish uchun;
loyihalanayotgan bino va inshootlarning ularga tutash qishloq xoʻjalik ekinlari, oʻsimlik dunyosi va oʻrmonzorlarga taʼsirini aniqlash, shuningdek ularni sanoat chiqindilari va zaharli moddalarning zararli taʼsiridan himoya qilish boʻyicha chora-tadbirlarni ishlab chiqish uchun;
aholi punktlarining obodonlashtirish, koʻkalamzorlashtirish va rekreatsiya zonalarini yaratish sxemalarini ishlab chiqish uchun;
qishloq xoʻjalik yerlaridagi va qurilish maydonchasidagi tuproqlarning ifloslanganlik darajasini baholash uchun.
39. Tuproq tadqiqotlari jarayonida quyidagi maʼlumotlar yigʻilishi va tahlil qilinishi kerak:
tuproqlarning turlari va kichik turlari haqida;
tuproqlarning joy relyefida yotish holati;
tuproq hosil qiluvchi va ular ostidagi togʻ jinslari haqida;
geokimyoviy tarkibi haqida;
tuproq jarayonlari (shoʻrlanish, yer osti sizot suvlarining koʻtarilishi, deflyatsiya, eroziya, choʻllanish jarayonlari) haqida;
degradatsiya darajasi (tuproqning oriqlanishi, fizik yemirilishi (buzilish), kimyoviy ifloslanish) haqida.
Bunda, mazkur maʼlumotlar yetarli boʻlmaganda, tuproq syomkasi yoki tuproq-geomorfologik profillash ishlari amalga oshirilishi lozim.
Mazkur tadqiqotlar tuproqlarning funksional jihatdan ahamiyatini, ulardan amaldagi hamda istiqboldagi foydalanish qobiliyatini, tuproq qatlamining qalinligini, eroziyaning xavfini, deflyatsiya jarayonlarini, shuningdek tuproqning turli moddalar bilan ifloslanish koʻrsatkichlarini hisobga olgan holda tabiiy landshaftlarni oʻrganish bilan birgalikda olib borilishi lozim.
40. Tuproqlarni tarqalgan areallar boʻyicha ularni xaritalash SanQvaN 0272-09 ga muvofiq amalga oshirilishi kerak.
41. Tuproqlardan namunalar olish va ularning ifloslanishini baholash ushbu ShNQning 45 — 56-bandlari boʻyicha amalga oshirilishi lozim.
42. Atmosfera havosining ifloslanishi darajasini, shuningdek issiqxona gazlari chiqarilishini qisqartirishni oʻrganish quyidagi maqsadlarda amalga oshirilishi lozim:
shaharsozlik faoliyati obyektlarini loyihalash rejalashtirilayotgan hududda atmosfera havosi ifloslanishining asosiy tabiiy va texnogen manbalarini, shuningdek atmosfera havosining ifloslanish darajasini aniqlash uchun;
atmosfera havosiga issiqxona gazlarining (karbonat angidrid (CO2), metan (CH4), azot oksidi (N2O), xloroftoruglerod (NFC5), perftoruglerod (PFC5) va oltingugurt ftoridi (SF6)) chiqarilishi va ularni qisqartirishni aniqlash uchun (OʻzMSt ISO 14064-2:2024 (ISO 14064-2:2019, IDT)ga muvofiq);
shaharsozlik faoliyati obyektlarini loyihalash natijasida atmosfera havosi ifloslanishining ChYQK dan ortib ketishni prognoz qilish uchun;
atmosfera havosiga kimyoviy, biologik va fizik taʼsirlarning ekologik vaziyat rivojlanishining umumiy tendensiyalariga taʼsirini tahlil qilish uchun.
43. Atmosfera havosini oʻrganish ishlari gidrometeorologik izlanishlar doirasida doimiy (statsionar), yoʻnalishli (marshrutli) hamda koʻchma kuzatuv punktlarida tashkil etilishi lozim.
44. Kuzatuvlar natijalarini qayta ishlash va havoning ifloslanishini baholash GOST 17.2.3.01-86 ga muvofiq amalga oshirilishi kerak.
45. Tuproqlardan namunalar olish va ularni oʻrganish ishlari tuproqda toʻplanuvchi ifloslantiruvchi moddalarning aholi sogʻligiga taʼsirini aniqlash uchun bajarilishi kerak.
46. Tuproq namunalarini olish GOST 17.4.4.02-2017 va GOST 12071-2014 larga muvofiq amalga oshirilishi kerak.
47. Tuproq namunalarining soni, joylashuvi va namuna olinadigan nuqtalar orasidagi masofa loyihaning maqsadi, obyekt turi, oʻrganilayotgan hududning tabiiy va texnogen sharoitlari, shuningdek loyiha-izlanish ishlarining bosqichini hisobga olgan holda belgilanishi lozim.
48. Kimyoviy ifloslanishning har bir modda uchun konsentratsiya koeffitsiyentlari yigʻindisini hisoblash quyidagi formula orqali aniqlanishi lozim:
Zc = Kcn +...+ Kcn +...+ Kcn − (N -1),
Bu yerda:
Zc — kimyoviy ifloslanishning jamlangan koʻrsatkichi;
N — aniqlanadigan moddalar soni;
Kcn — turli ifloslantiruvchi moddalarning konsentratsiya koeffitsiyenti. Bunda, mazkur koeffitsiyent uning tuproqdagi real miqdorining (Cn) fon miqdoriga (Sf) nisbati orqali quyidagi formulaga asosan aniqlanishi kerak:
Kcn = Cn/Sf
bu yerda:
Cn — moddaning tuproqda aniqlangan real miqdori;
Sf — shu moddaning tabiiy (fon) miqdori.
49. Tuproqlar ifloslanishining muayyan hududdagi tabiiy (fon) miqdorlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni olish uchun tabiiy (fon) namunalari atrof-muhitga antropogen taʼsirlarning lokal doirasidan tashqarida olinishi lozim.
Tabiiy (fon) namunalari aholi punktlarida shamolning ustuvor yoʻnalishiga nisbatan shamolga roʻpara tomonda joylashgan hududlardan olinishi kerak.
Tabiiy (fon) namunalari avtoyoʻllardan kamida 500 m masofada joylashgan, pestitsidlar va gerbitsidlar qoʻllanilmagan yerlardan, jumladan oʻtloqlar hamda foydalanilmaydigan (zaxira) yerlardan olinishi lozim.
Tuproqlardagi ogʻir metallar va margimush (mishyak) fonini global va zonal baholash mazkur ShNQning 1-jadvaliga muvofiq amalga oshirilishi kerak.
50. Nazorat qilinadigan kimyoviy moddalarning tuproqdagi muayyan hudud boʻyicha tabiiy (fon) koʻrsatkichlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar mavjud boʻlmaganda, taqdim etilgan materiallarda keltirilgan maʼlumotlardan, shuningdek quyidagi jadvalda keltirilgan maʼlumotlardan foydalanishga yoʻl qoʻyiladi.
Tuproqlardagi ogʻir metallar va margimush (mishyak) fonini global va zonal baholash, (mg/kg)
51. Aholi punktlari hududidagi tuproqlarning ekologik holatini baholashda qoʻshimcha koʻrsatkichlar sifatida quyidagilarni inobatga olishga yoʻl qoʻyiladi:
genotoksiklik;
biologik ifloslanish koʻrsatkichlari.
52. Aholi punktlari hududlaridagi tuproqlar ekologik jihatdan quyidagi shartlarga muvofiq boʻlganda qoniqarli deb baholanishi lozim:
kimyoviy ifloslanishning yigʻindi koʻrsatkichi (Zc) 16 dan oshmaganda;
patogen mikroorganizmlar soni 1 g tuproqda 10⁴ (10000) dan kam boʻlganda;
koli-titr 1,0 dan katta boʻlganda;
gelmintlar soni 1 kg tuproqda aniqlanmaganda;
genotoksiklik darajasi 2 dan kam boʻlganda.
53. Tuproq noorganik tabiatga ega boʻlgan bitta modda bilan ifloslanganda tuproqning ifloslanish darajasi moddaning xavflilik sinfi, ChYQK hamda Kmax ekologik-toksikologik koʻrsatkichlari tuproq ifloslanishining zararliligini baholash mezonlaridan biri boʻyicha, K1, K2, K3 yoki K4 mezonlaridan bittasi asosida baholanishi lozim.
Moddaning tuproqdagi aniqlangan miqdoriga asosan quyidagi jadvallar asosida tuproqning ifloslanish holati baholanishi zarur.
Tuproqning noorganik moddalar bilan ifloslanish darajasini baholash
Tuproqning organik moddalar bilan ifloslanish darajasini baholash
54. Tuproq organik tabiatga ega boʻlgan bitta modda bilan ifloslanganda ifloslanish darajasi ushbu moddaning ChYQK hamda xavflilik sinfidan kelib chiqqan holda aniqlanishi lozim.
Koʻp tarkibli ifloslanish holatida ifloslanish darajasi eng yuqori miqdorga ega boʻlgan modda boʻyicha aniqlanishi kerak.
55. Ifloslantiruvchi moddalarning xavflilik sinfini, ChYQKni aniqlash GOST 17.4.2.01-81, SanQvaN 0191-05, GOST 5180-2015 larga muvofiq amalga oshirilishi lozim.
56. Tuproqlarning ifloslanishini hamda ekologik-gigiyenik nuqtayi nazardan xavfliligini baholash ishlari SanQvaN 0191-05, GOST 17.4.4.02-2017 talablariga muvofiq amalga oshirilishi lozim.
57. Suv taʼminoti uchun foydalanilmaydigan yer usti va yer osti suvlarining ifloslanganligini baholash va tekshirish quyidagi maqsadlarda amalga oshirilishi lozim:
xoʻjalik-ichimlik suv taʼminoti maqsadlarida foydalaniladigan yer usti va yer osti suv manbalarining SanQvaN 0200-06, SanQvaN 0211-06, SanQvaN 0182-05 hamda OʻzMSt 133:2024 talablariga muvofiqligini aniqlash uchun;
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 11-dekabrdagi 981-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi hududidagi suv obyektlarining suvni muhofaza qilish va sanitariya-muhofaza zonalarini belgilash tartibi toʻgʻrisidagi nizom hamda SanQvaN 0244-07, SanQvaN 0083-24 ga muvofiq suvni muhofaza qilishni baholash uchun;
suv taʼminoti uchun ishlatilmaydigan, biroq atrof-muhitning tarkibiy qismi hisoblangan, ifloslanishga duchor boʻlgan hamda ifloslantiruvchi moddalarni tashuvchi va tarqatuvchi omil boʻlib xizmat qiladigan suvlarning ifloslanganlik darajasini baholash uchun.
58. Yer osti va yer usti suv obyektlarini muhofaza qilish hamda ulardagi suv sifatini nazorat qilish, shuningdek suv taʼminoti manbalarini, markazlashtirilgan ichimlik suvi taʼminoti tizimlarini va ularning atrofidagi hududlarni ifloslanishdan himoya qilish ishlari SanQvaN 0083-24, OʻzMSt 133:2024 hamda SanQvaN 0244-07 talablariga muvofiq amalga oshirilishi lozim.
59. Qurilish-muhandislik-ekologik izlanishlar doirasida xoʻjalik-ichimlik, kommunal-maishiy, rekreatsiya va boshqa maqsadlar uchun foydalaniladigan yer osti va yer usti suv taʼminoti manbalarining sifati SanQvaN 0191-05, SanQvaN 0272-09, SanQvaN 0083-24 talablariga muvofiq amalga oshirilishi kerak.
60. Xoʻjalik-ichimlik suv taʼminoti maqsadlarda foydalaniladigan yer osti va yer usti suvlarining sifatini baholash va tekshirish GOST 31861-2012, GOST 17.1.5.01-80, GOST 17.1.5.04-81, GOST 31862-2012 hamda GOST 31942-2012 (ISO 19458:2006) talablariga muvofiq bajarilishi kerak.
61. Markazlashtirilgan xoʻjalik-ichimlik suv taʼminoti uchun yer osti suv manbasining sifatini nazorat qilish koʻrsatkichlari ushbu ShNQning 2-ilovasiga asosan qabul qilinishi lozim.
62. Quyidagi talablarga asosan suvning ichimlik va maishiy maqsadlar uchun yaroqliligini aniqlash kerak:
sanitariya-epidemiologik xavfsizligi (inson salomatligi uchun xavfli boʻlgan patogen bakteriyalar va enteroviruslarning yoʻqligi);
kimyoviy tarkibining zararsizligi;
qulay organoleptik xususiyatlar;
radiatsiyaviy xavfsizlik.
63. Xoʻjalik-ichimlik suv taʼminoti maqsadlarida foydalaniladigan suvlarning sanitariya-epidemiologik, parazitologik va toksikologik koʻrsatkichlari OʻzMSt 133:2024 ga muvofiq baholanishi kerak.
64. Ichimlik suvining radioaktiv ifloslanishdan xavfsizligi boʻyicha, alfa va beta nurlanish koʻrsatkichlari meʼyordan oshganda, GOST 31862-2012 hamda OʻzMSt ISO 9697:2025 (ISO 9697:2018, IDT) talablariga muvofiq qoʻshimcha baholash amalga oshirilishi lozim.
65. Respublikadagi yer usti suvlarining (koʻllar tizimi va suv omborlari kesimida) roʻyxati Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 3-iyundagi 343-son “Atrof-muhitning ifloslanish darajasini baholash tizimini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq tuzilishi kerak.
66. Suv taʼminoti uchun foydalanilmaydigan yer osti sizot (grunt) suvlarini geoekologik tekshirish ishlari quyidagi maqsadlarda amalga oshirilishi lozim:
turar joylar qurilishi moʻljallangan hududlarda yer osti suvlari ifloslanganlik darajasini baholash hamda ularni zararsizlantirish boʻyicha chora-tadbirlarni belgilash uchun;
xoʻjalik obyektlari taʼsiri ostidagi hududlarda yer osti suv muhitiga taʼsir darajasini aniqlash hamda ekologik holatni baholash uchun.
67. Yer osti sizot (grunt) suvlari qudugʻi (shurf) burgʻilangandan va tozalangandan, shuningdek suv sathi tiklangandan soʻng yuzaki suvli gorizontdan hamda yer sirtidan hisoblaganda birinchi suvli gorizontdan suv namunalari olinishi lozim.
Bunda, namuna uchun olinadigan suv hajmi 3 litrdan kam boʻlmasligi kerak.
68. Turar joy binolari qurilishi moʻljallangan uchastkalarda, shuningdek xoʻjalik obyektlari taʼsiri zonalarida suv taʼminoti uchun foydalanilmaydigan yer osti sizot (grunt) suvlari ifloslanganligini baholash ishlari quyidagi jadvalga muvofiq amalga oshirilishi lozim.
Xoʻjalik obyektlari taʼsiri zonalaridagi yer osti suvlari ifloslanish darajasini baholash
69. Muhandislik-ekologiya izlanishlari doirasida laboratoriya tadqiqotlari quyidagi maqsadlarda amalga oshirilishi lozim:
tuproq, gruntlar, yer usti hamda yer osti suvlari tarkibida zararli kimyoviy moddalar, shu jumladan noorganik va organik modda va birikmalar, shuningdek patogen mikroflora bilan ifloslanganlik mavjudligini aniqlash uchun;
tuproq, gruntlar, yer usti hamda yer osti suvlari muhitlarining turli zaharlilik sinfiga mansub moddalarga nisbatan toksikologik holatini baholash uchun;
tabiiy muhit tarkibining sorbsiya xususiyatlarini (zararli moddalarni oʻzlashtirish va ushlab qolish qobiliyatini) oʻrganish uchun.
70. Tuproq, gruntlar, yer usti hamda yer osti suvlarning ifloslanganligini laboratoriya sharoitlarida oʻrganish GOST 17.4.4.02-2017, GOST 30672-2019, GOST 5180-2015 hamda GOST 17.1.5.04-81 talablariga muvofiq bajarilishi kerak.
71. Laboratoriya tadqiqotlari jarayonida ogʻir metallar, margimush (mishyak), ftor, brom, oltingugurt, azot, fosfor, sianidlar, uglevodorodlar va boshqa uchuvchan organik birikmalar (fenol, benzol, toluol, ksilollar), politsiklik aromatik uglevodorodlar (benz(a)piren), alifatik va poliaromatik uglevodorodlar, xlororganik va fosfororganik birikmalar (pestitsidlar), neft va neft mahsulotlari aniqlanishi kerak.
72. Muhandislik-ekologiya izlanishlari tarkibida hududning radiatsiyaviy holatini oʻrganish GOST 8.087-2000, SanQvaN 0193-06 hamda OʻzDST 3627:2023 ga asosan amalga oshirilishi lozim.
73. Radiatsiyaviy-ekologik tadqiqotlarda quyidagilar amalga oshirilishi kerak:
qurilish hududida gamma nurlanish samarali dozasining tabiiy (fon) quvvatini baholash;
suv taʼminoti manbalarining radiatsiyaga oid koʻrsatkichlarini aniqlash;
hududning radon miqdori boʻyicha xavfliligini baholash.
74. Aholi uchun yil davomida olinadigan ionlashtiruvchi nurlanishning yoʻl qoʻyilgan dozasi miqdori, ketma-ket kelgan istalgan 5 yil davomida oʻrtacha hisobda yiliga 1 millizivert (mSv/yil) dan ortiq boʻlmasligi lozim.
Nurlanish yoʻl qoʻyilgan dozasining oʻrtacha yillik miqdori (tabiiy (fon) bundan mustasno) 5 — 10 mZv/yil diapazonida boʻlgan hududlarni favqulodda ekologik holat hududlariga, 10 mZv/yil dan ortigʻini esa ekologik halokat zonalariga kiritish zarur.
Ishlab chiqarish sharoitlarida (har qanday ishlab chiqarish va kasb boʻyicha) barcha xodimlar uchun tabiiy manbalardan yil davomida oladigan radioaktiv nurlanishning yoʻl qoʻyilgan dozasi miqdori yiliga 5 mZv dan ortiq boʻlmasligi kerak.
75. Tashqi gamma-nurlanish manbalarini aniqlash hamda ularning xavflilik darajasini baholash maqsadida quyidagi ishlar bajarilishi lozim:
radiatsiyaviy gamma-syomkasi (tashqi gamma-nurlanish quvvatining ekvivalent dozasini aniqlash);
radiometrik tekshirish va laboratoriyada namunalarni gamma-spektrometrik yoki radiokimyoviy tahlil qilish (ifloslanishning radionuklidli tarkibini va ularning faolligini aniqlash).
76. Qidiruv radiometrlari gamma-nurlanishning ekvivalent doza quvvati tabiiy (fon)idan oshgan zonalarni ovozli signal orqali aniqlash uchun qoʻllanilishi, bunda hudud radiometrni toʻgʻri chiziqli yoki Z-simon yoʻnalishda harakatlantirish orqali toʻliq qamrab olinishi va skanerlash davomida signal uzluksiz nazorat qilinishi kerak.
77. Oʻlchashlar nazorat nuqtalarini toʻrsimon (matritsali) sxema boʻyicha joylashtirish orqali amalga oshirilishi lozim.
Nazorat tarmogʻining qadami, nuqtalar orasidagi masofa syomka masshtabi hamda hududning muhandislik-geologik va relyef sharoitlaridan kelib chiqqan holda belgilanishi lozim.
Oʻlchashlar yer (tuproq) yuzasidan 0,1 m balandlikda, shuningdek toʻkma grunt qatlamlari ochib koʻrsatilgan burgʻilangan quduqlarda (kesimlar boʻyicha) bajarilishi zarur.
78. Rudali konlar hamda yer osti suv konlari mavjud hududlarda radiatsiyaviy-ekologik oʻlchash ishlari SanQvaN 0361-18 ga muvofiq bajarilishi lozim.
79. Yer osti hamda ishqoriy yigʻma yuvish (geotexnologik) ruda konlarini yoki ularning alohida obyektlarini joylashtirish uchun tanlangan maydonda radiatsiyaviy vaziyat (tabiiy radiatsiya foni) oʻrganilishi kerak.
Geotexnologik ruda konlarini loyihalash, qurish, foydalanish hamda tugatish (konservatsiya va rekultivatsiya) ishlari SanQvaN 0360-18 ga muvofiq amalga oshirilishi lozim.
80. Uran ishlab chiqarishida radioaktiv chiqindilarni koʻmish hamda saqlash joylarida radiatsiyaviy xavfsizlikni taʼminlash SanQvaN 0361-18 ga muvofiq amalga oshirilishi kerak.
81. Gamma-fon aniqlangan anomal zonalarda toʻrlar boʻyicha EDQ > 0,04 µSv/h boʻlgan miqdorgacha detallashtirish amalga oshirilishi lozim.
82. Dezaktivatsiya chora-tadbirlarining koʻlami va xususiyati xodimlar va aholiga ifloslanishning radiatsiyaviy taʼsirning intensivligini hisobga olgan holda aniqlanishi kerak.
83. Oʻlchashlarning barcha natijalari nazorat nuqtalarining joylashuvi topografik reja (xarita)ga bogʻlangan holda hamda gamma-nurlanish EDQning miqdori taqsimlanish xaritasiga (sxemasi) kiritilishi lozim.
84. Radiometrik tekshirishlarda quyidagilar oʻrganilishi kerak:
turli xildagi landshaftlarning yer usti va tuproq qatlami;
yer usti suv obyektlari va ulardagi choʻkindi qatlami hamda yer osti suvlari;
texnogen obyektlar (karyerlar, terrikonlar, ruxsat etilmagan chiqindi tashlash joylari, sanoat va maishiy qattiq chiqindi poligonlari, qurilish materiallari korxonalari va omborlari hamda yuqori radioaktivlikka ega boʻlgan, konservatsiya qilishga moʻljallangan obyektlar).
85. Aholi punktlarida radiometrik tekshirish hamda atmosfera havosidagi nurlanishni baholash va radionuklidlarni aniqlash Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 15-oktabrdagi 869-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasida radiatsiyaviy avariyalarni prognoz qilish, barvaqt aniqlash va harakat qilish hamda radiatsiyaviy vaziyatni kuzatuv qilish boʻyicha yagona davlat tizimi toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq amalga oshirilishi kerak.
86. Gamma nurlarini tarqatuvchi radionuklidlar mavjud boʻlgan tuproqlar, gruntlar, sanoat va boshqa chiqindilar bilan ishlashda ionlashtiruvchi nurlanishning tabiiy va texnogen manbalari hisobidan aholining nurlanishini cheklash boʻyicha chora-tadbirlar SanQvaN 0193-06 ga muvofiq amalga oshirilishi kerak.
87. Hududning radon miqdori boʻyicha xavflilik darajasi grunt yuzasidagi radon oqimi zichligi hamda bino va inshootlar ichki havosidagi radon konsentratsiyasi asosida aniqlanishi lozim.
88. Hududning potensial radon xavfliligini baholash geologik va geofizik belgilarni hisobga olgan holda amalga oshirilishi, bunda geologik belgilar sifatida maʼlum petrografik turga mansub togʻ jinslarining mavjudligi, geologik darsliklar, hududning seysmik faolligi, radonning yer osti suvlari tarkibida uchrashi hamda radonli buloqlarning yer yuzasiga chiqishi inobatga olinishi kerak.
Geofizik belgilar sifatida geologik qirqimni tashkil etuvchi togʻ jinslarida radiyning solishtirma faolligi yuqoriligi, shuningdek tuproq havosida radon konsentratsiyasining hajmiy faolligi va ularning tadqiqot hududi hamda unga yondosh zonalardagi bino va inshootlar ichki havosidagi radonning baravar keladigan hajmiy faolligi bilan ekvivalentligi inobatga olinishi kerak.
89. Izlanishlar olib borilayotgan hudud va unga yondosh zonalardagi bino va inshootlar ichki havosida radon konsentratsiyasi 200 Bk/m³ dan oshganda, mazkur hudud radon boʻyicha xavfli hudud sifatida qabul qilinishi lozim.
90. Muhandislik-ekologiya izlanishlari doirasida gaz-geokimyoviy tadqiqotlar quyidagi hollarda amalga oshirilishi kerak:
yerlarni qayta tiklash ishlari zarur boʻlgan holatlarda;
toʻkma grunt qatlami qalinligi 2,0 — 2,5 m va undan ortiq boʻlganda.
Gaz-geokimyoviy oʻlchovlar va radionuklidlar tarqalishini suratga olish ishlari havo harorati musbat boʻlganda, qor qoplami hamda yer muzlash chuqurligi 0,1 m dan kam boʻlganda va tuproq namligi eng kam nam sigʻimi darajasidan oshmagan sharoitda bajarilishi lozim.
91. Toʻkma gruntlarning gaz-geokimyoviy nuqtayi nazardan xavfliligini baholash, hududning qurilish uchun foydalanish imkoniyatlari va sharoitlarini aniqlash, bino va inshootlarni biogazdan muhofaza qilish boʻyicha chora-tadbirlar tizimini ishlab chiqish hamda aholi yashashi uchun ekologik jihatdan qulay sharoitlarni taʼminlash maqsadida quyidagi ishlar bajarilishi lozim:
har xil turdagi gaz namunalarini, shu jumladan yer sathi yaqinidagi havodan namunalar olish, shuningdek yer yuzasida bajariladigan gaz syomkalari (shpur va emissiya syomkalari);
burgʻilash quduqlarida bajariladigan gaz-geokimyoviy tadqiqotlar (grunt havosi, gruntlar hamda yer osti suvlarining har bir gorizontidan namunalar olish bilan);
boʻsh grunt havosining kimyoviy tarkibi, gruntlarning gaz fazasi, erigan gazlar hamda yer sathi atmosferasiga tarqaladigan biogaz laboratoriya sharoitida tadqiq qilinishi.
92. Ekologik jihatdan xavfli hududlarda (agar metan (CH₄) miqdori 1,0 foizdan, uglerod ikki oksidi (CO2) miqdori esa 10 foizdan oshsa) quyidagi choralar koʻrilishi kerak:
gruntlar toʻliq chiqarib tashlanishi;
gruntlar gaz-geokimyoviy jihatdan inert xavfsiz gruntlarga almashtirilishi;
gazdrenaj tizimlari yoki gaz oʻtkazmaydigan ekranlar oʻrnatilishi (sanoat obyektlari, muhandislik infratuzilmalari, transport magistrallari quriladigan uchastkalarda).
93. Zararli fizik omillarni (elektromagnit nurlanish, shovqin, tebranish, issiqlik taʼsiri) oʻrganish ishlari shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish jarayonida, shuningdek oʻzlashtirilgan hududlarda turar joy binolari va inshootlarini loyihalashda amalga oshirilishi, bunda zararli fizik taʼsirlarning asosiy manbalari hamda ularning taʼsir intensivligi (darajasi) qayd etilishi, REMDdan oshadigan hududlar zonalari aniqlanishi kerak.
94. Zararli fizik taʼsirlarni bevosita baholash maqsadida muhandislik-ekologiya izlanishlari tarkibida sanoat, transport va maishiy manbalar taʼsiridan shakllanuvchi elektromagnit maydonlarning turli chastota diapazonlaridagi koʻrsatkichlari oʻlchanishi, ularning kuchlanganligi (intensivligi) darajalari aniqlanishi, shuningdek shovqin va tebranish darajalari hamda tebranishning chastota tarkibi maxsus oʻlchovlar orqali oʻlchanishi kerak.
95. Elektromagnit toʻlqinlarning insonga taʼsirini baholashda quyidagilar oʻrganilishi kerak:
elektr uzatish liniyalaridan hosil boʻladigan elektr va magnit maydonlar;
televideniye va radiostansiyalar tomonidan tarqatiladigan elektromagnit toʻlqinlar;
elektrostatik maydon hosil qiluvchi qurilmalar (doimiy tok manbalari bilan bogʻliq).
96. Sanoat chastotasidagi (50 Hz) elektr maydon kuchlanishining yoʻl qoʻyiladigan chegaraviy qiymatlari SanQvaN 0236-07 ga muvofiq hamda quyidagi jadvalda keltirilgan koʻrsatkichlar boʻyicha qabul qilinishi lozim.
Elektr maydon kuchlanishining yoʻl qoʻyiladigan chegaraviy qiymati (yer sathidan yoki xonaning pol sathidan 1,8 m balandlikda)
97. Aholini elektr uzatish liniyalaridan hosil boʻladigan elektromagnit maydonlarning zararli taʼsiridan himoya qilish maqsadida elektr maydon kuchlanganligi 1 kV/m dan oshadigan hududlarda, shu jumladan havo elektr uzatish liniyalari ostida 5 kV/m dan ortiq boʻlmagan zonalarda elektr uzatish liniyasi boʻylab sanitariya-muhofaza zonalari tashkil etilishi lozim.
98. Havo elektr uzatish liniyalari uchun sanitariya muhofaza zonasi ulardagi kuchlanish darajasiga koʻra belgilanishi, bu zona elektr uzatish liniyalarining chekkadagi fazali simlarining yer sathiga tushirilgan vertikal izi (soyasi)dan har ikki tomonga, perpendikulyar yoʻnalishda belgilanishi kerak.
99. Sanitariya muhofaza zonasi masofalari mazkur ShNQning 6-jadvaliga muvofiq qabul qilinishi, bunda elektr liniyasidagi kuchlanish qanchalik yuqori boʻlsa, sanitariya muhofaza zonasi ham shunchalik keng boʻlishi kerak.
100. Aholi punktlari chegarasidan loyihalanayotgan 750 — 1150 kV kuchlanishli elektr uzatish liniyalarining oʻqigacha boʻlgan masofa 250 — 300 m dan kam boʻlmasligi kerak.
101. Sanitariya muhofaza zonalarida quyidagilarga yoʻl qoʻyilmaydi:
turar joy hamda jamoat binolari va inshootlarini qurish, aholining doimiy yashashi, shuningdek dam olish maskanlarini (jumladan dala hovlilarini) joylashtirish uchun yer ajratishga;
avtotransport vositalariga texnik xizmat koʻrsatish korxonalarini joylashtirishga, shuningdek yonuvchan va portlovchi materiallarni saqlash hamda ular bilan muomala qilishga;
uzoq masofaga oʻtkazgichlarni, shuningdek sim toʻsiqlarni tortib oʻtkazishga;
bir vaqtning oʻzida bir nechta daraxtlarni kesishga;
ish joyida sanoat chastotasidagi elektr maydon kuchlanganligi darajasini pasaytirishni taʼminlaydigan himoya ekranlari bilan jihozlanmagan uskuna va mexanizmlardan foydalanishga.
102. Sanitariya muhofazasi zonasida quyidagilarga yoʻl qoʻyiladi:
qayta ishlash jarayonida odamlarning uzoq vaqt turishini talab qilmaydigan qishloq xoʻjaligi ekinlarini joylashtirishga;
turar joy binolari ichida va ochiq hududlarda elektr maydon kuchlanishini yoʻl qoʻyilgan darajagacha pasaytirish sharti bilan mavjud turar joy binolari, tomorqa va bogʻ uchastkalaridan foydalanishga.
103. Oʻzgaruvchan magnit maydonning intensivligi magnit induksiya qiymati (T) yoki magnit maydon kuchlanganligining amplituda qiymati (A/m) orqali baholanishi, bunda magnit maydon taʼsirining taxminiy xavfsiz darajasi (TXD) quyidagicha qabul qilinishi kerak:
TXD 4,0 — 6,5 mT;
1 mT = 800 A/m;
TXD 3,2 — 5,2 kA/m.
104. Aholi uchun 500 kV gacha boʻlgan yuqori kuchlanishli elektr uzatish liniyalaridan hosil boʻladigan sanoat chastotali elektr maydonining yoʻl qoʻyiladigan eng yuqori kuchlanish darajalari quyidagicha belgilanishi lozim:
turar joy binolari ichida — 0,5 kV/m dan oshmasligi;
tashqi turar joy hududlarida — 1,0 kV/m dan oshmasligi;
avtomobil yoʻllari elektr uzatish liniyalari bilan kesishgan joylarda — 10 kV/m dan oshmasligi.
105. Aholi yashamaydigan, borish qiyin boʻlgan hududlarda — 20 kV/m dan oshmasligi kerak.
Aholi uchun 500 kV gacha boʻlgan yuqori kuchlanishli elektr uzatish liniyalari tomonidan hosil qilingan magnit maydon kuchi sanoat chastotasining elektr maydoni kuchlanishining REMD 80 Om (100 mkT) dan oshmasligi kerak.
106. Turar joy hududida turli radiotexnik obyektlar (RTO), radioaloqa, radiotelevideniye stansiyalari (RTS), radiolokatsiya uskunalari tomonidan yaratilgan 30 kGs — 300 gigagersli (GGs) radiochastotalarning elektromagnit nurlanishining inson salomatligiga zararli taʼsirini oldini olishda SanQvaN 0019-21 talablariga rioya etilishi lozim.
107. Oʻzgarmas tokli yuqori kuchlanishli qurilmalar yordamida hosil qilinadigan elektromagnit maydonning yoʻl qoʻyiladigan eng yuqori kuchlanish darajasi 60 kV/m ni tashkil qilishi kerak.
108. Elektromagnit maydon taʼsirini baholashda quyidagi koʻrsatkichlarning normativ qiymatlari belgilanishi lozim:
elektr maydonining kuchlanishi (Ye);
energetik bosim (Ye2T);
energiya oqimining sirtqi zichligi.
Aholi uchun yoʻl qoʻyiladigan kuchlanish darajalari quyidagi chastotalar diapazonlari boʻyicha belgilanishi lozim:
a) 0,06 — 3 MGs chastota oraligʻida:
Ye ≤ 600 V/m;
Ye2T ≤ 28800 (V/m)2h;
b) 3 — 30 MGs chastota oraligʻida:
Ye ≤ 300 V/m;
Ye2T ≤ 7200 (V/m)2h;
v) 30 — 300 MGs chastota oraligʻida:
Ye 5 V/m dan 2,5 V/m gacha kamayishi lozim (chastotaga mos holda);
g) 300 — 3000 MGs chastota oraligʻida:
energiya oqimining sirtqi zichligi ≤ 10 µVt/sm².
109. Qurilish hududida radiatsiya, shovqin, issiqlik taʼsiri hamda elektromagnit nurlanish kabi fizik omillarning mavjudligi va tarqalish zonalari loyiha bosqichida aniqlanishi hamda xarita va sxemalarda keltirilishi lozim.
110. Oʻsimlik qoplamini oʻrganish quyidagi yoʻnalishlar boʻyicha amalga oshirilishi lozim:
muhandislik-geologik sharoitlarning tabiatga antropogen taʼsirlar (choʻllanish, qurgʻoqchilik, yerlarning degradatsiyasi, shamol va suv eroziyasi, yer osti suvlarining koʻtarilishi) natijasida oʻzgarishlarining koʻrsatkichi (indikator) sifatida;
tabiiy muhitga antropogen bosim (chorva mollarini haddan ziyod oʻtlatish, daraxtlarni kesib yoʻq qilish, yongʻinlar, mexanik buzish oqibatida yerlarning hosildorligini pasayish, sanoat va maishiy qattiq chiqindilar taʼsirida turlar tarkibini kamayishi) koʻrsatkich sifatida.
111. Oʻsimlik dunyosi qoplamini toʻliq oʻrganishni geobotanik tadqiqotlar asosida, oʻsimliklarning asosiy turlari uchun vegetatsiya davrida amalga oshirish lozim.
Oʻsimlik dunyosi qoplamini oʻrganishda quyidagi ishlar amalga oshirilishi kerak:
fazoviy maʼlumotlarni vizuallashtirish, aerokosmik materiallarni deshifrovka qilish;
dala geobotanik tadqiqotlari, doimiy (statsionar) va yoʻnalishli (marshrutli) kuzatuvlarni olib borish;
oʻsimliklar dunyosini oʻrganish, jumladan kamyob hamda yoʻqolib ketish xavfi ostidagi turlarning tarqalishi, soni va holatini, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasining Qizil kitobiga kiritilgan turlarning mavjudligi va holatini aniqlash.
112. Oʻsimlik dunyosi qoplamidagi salbiy oʻzgarishlarning areallari yordamchi tematik va yakuniy sintetik geobotanik xaritalarda koʻrsatilishi lozim.
113. Tabiiy oʻsimlik jamoalarida fitosanitar xavfini Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 19-fevraldagi 99-son qarori bilan tasdiqlangan Fitosanitar xavfni tahlil qilish, fitosanitariya choralarini qoʻllash va bekor qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq baholash kerak.
114. Hayvonot dunyosini oʻrganish quyidagi asosiy maqsadlarda amalga oshirilishi lozim:
tabiatga inson faoliyati taʼsiri (relyefning oʻzgarishi, daraxtzorlarning kesilishi, hududlarni quritish yoki suv bosishi) natijasida muhandislik-geologik sharoitlar oʻzgarishini aniqlashda koʻrsatkich sifatida;
ekotizimlarning tarkibi va funksiyalarini tavsiflash hamda ularning chegaralarini aniqlashda muhim biologik omil sifatida;
atrof-muhitga inson taʼsiri darajasini hayvonot dunyosidagi belgilar (hayvonlarning yashash hududini tark etishi, tur tarkibi va sonining, shuningdek yashash hududining oʻzgarishi) orqali baholash uchun.
115. Hayvonot dunyosini oʻrganish materiallari quyidagilarni oʻz ichiga olishi lozim:
shaharsozlik faoliyati obyekti taʼsir zonasidagi yovvoyi hayvon turlari, shu jumladan Oʻzbekiston Respublikasining Qizil kitobiga hamda Xalqaro Qizil roʻyxatga kiritilgan turlar boʻyicha roʻyxat, tarkib, son va tarqalish maʼlumotlari;
yovvoyi hayvonlarning yashash joylari (doimiy yashash, uya qurish/koʻpayish, qishlash hududlari), baliqlar uchun esa uvuldiriq sochish va oziqlanish joylari, shuningdek migratsiya xususiyatlari;
hudud uchun xos boʻlgan yovvoyi hayvonlarning joriy holati, tabiiy hamda antropogen omillar taʼsirida oʻzgarish tendensiyalari, koʻpayish dinamikasi, yashash muhitining tuzilmasi, sifati va maydon koʻrsatkichlari holati, shuningdek yovvoyi hayvonlarning maqomi (qoʻriqlanadigan, ovchilik ahamiyatiga ega, sanoat ahamiyatiga ega va boshqalar) boʻyicha tavsif va baholash.
116. Ornitologik oʻrganishlar hududda yashovchi (vaqtincha boʻluvchi) qushlarning yil davomidagi turlari tarkibi va soni dinamikasi, ommaviy toʻplanish joylari (chiqindi poligonlari, aerodromlar atrofi), mavsumiy migratsiyasi, asosiy uchib oʻtish yoʻllari, balandligi va yoʻnalishlarini kuzatish va aniqlash orqali amalga oshirilishi lozim.
117. Qushlarning bahorgi migratsiyasi va koʻpayish davrini toʻliq qamrab olish maqsadida ornitologik kuzatuvlar bahor-yoz mavsumida mart oyining boshidan iyul oyining oxirigacha amalga oshirilishi lozim.
Kuz va qish mavsumidagi kuzatuvlar esa qushlarning kuzgi migratsiyasi hamda qishlovchi qushlar turlar tarkibini hisobga olgan holda oʻtkazilishi kerak.
118. Doimiy (statsionar) ekologik kuzatuvlar quyidagilarni oʻz ichiga olishi kerak:
ehtimoliy taʼsir manbalari joylashgan uchastkalarda atrof muhit holati oʻzgarishi koʻrsatkichlarini va uning tarqalish ehtimoli boʻlgan hududlarni nazorat qilish;
aniqlangan tendensiyalar asosida atrof-muhitning tarkibiy qismlari holatining oʻzgarish ehtimolini prognoz qilish.
119. Doimiy (statsionar) ekologik kuzatuvlar quyidagi holatlarda amalga oshirilishi lozim:
atrof-muhitga taʼsirning I, II, III va IV-toifalariga mansub obyektlarni (neft-gaz, kimyo, qora va rangli metallurgiya, sellyuloza-qogʻoz, togʻ-kon sanoati va mashinasozlik, issiqlik elektr stansiyalari va markazlari, mikrobiologiya hamda sement ishlab chiqarish korxonalari, parrandachilik fabrikalari va boshqalar) loyihalash va qurishda;
noqulay ekologik holatdagi zonalarda turar joy obyektlari va komplekslarini loyihalash va qurishda;
tashqi taʼsirlarga yuqori darajada sezgir tabiiy muhitga ega hududlarda obyektlarni loyihalash va qurishda (xavfli geologik, gidrometeorologik va texnogen jarayonlar hamda hodisalarga moyil hududlarda, alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlar yaqinida, suv obyektlarining suvni muhofaza qilish va sanitariya-muhofaza zonalarida).
120. Doimiy (statsionar) ekologik kuzatuvlarni tashkil etishda quyidagi bosqichlar amalga oshirilishi kerak:
doimiy (statsionar) ekologik kuzatuvlar oʻtkazilishi zarur boʻlgan atrof-muhit tarkibini aniqlash;
dastlabki tekshiruvlarni oʻtkazish, kuzatiladigan komponentlar va koʻrsatkichlarni belgilash, shuningdek tabiiy (fon) qiymatlarini oʻlchash;
ekologik holatni kuzatish, undagi oʻzgarishlar tendensiyalarini aniqlash va modellashtirish.
121. Ekologik kuzatuv doirasida kuzatiladigan parametrlar roʻyxati texnogen taʼsirlarning (fizik, kimyoviy, biologik) xususiyati hamda taʼsir tarqaladigan tabiiy muhit tarkibi (atmosfera havosi, tuproqlar, yer usti va yer osti suvlari, oʻsimlik va hayvonot) boʻyicha aniqlanishi kerak.
122. Doimiy (statsionar) kuzatuvlar mazkur ShNQning 22 — 24-bandlariga muvofiq amalga oshirilishi kerak.
123. Doimiy (statsionar) kuzatuvlarning davriyligi, vaqt boʻyicha rejimi va davomiyligi taʼsirlarning xususiyati, intensivligi hamda davomiyligini, ishlab chiqarish obyektlarining ishlash sharoitlari va ulardan foydalanish muddatini, shuningdek zararli taʼsirlarning tarqalish tezligi va oqibatlarining ehtimolini belgilovchi tabiiy muhit xususiyatlarini hisobga olgan holda aniqlanishi lozim.
124. Doimiy (statsionar) kuzatuvlarni loyihalash jarayonining dastlabki bosqichlarida bajarilishi kerak.
125. Doimiy (statsionar) kuzatish punktlarida (postlarda) kuzatuvlarning texnik taʼminoti quyidagilarni koʻzda tutishi lozim:
dastlab tayyorgarlik ishlarini amalga oshirish (quduqlarni burgʻilash va jihozlash, reper tarmoqlarini oʻrnatish);
parametrlarni avtomatik tarzda qayd etuvchi asbob-uskunalar va texnik qurilmalarni oʻrnatish hamda sozlash.
126. Ekologik kuzatuvni olib borishda dala sharoitida olingan namunalar mazkur ShNQning 70 — 72-bandlariga muvofiq doimiy (statsionar) laboratoriya sharoitlarida tekshirilishi oʻsimlik (flora) va hayvonot (fauna) dunyosidagi oʻzgarishlar taʼsir zonasi doirasida, tipik yashash sharoitlarida qayd etilishi kerak.
127. Gidrobiologik tadqiqotlar ichimlik suvi manbalari bilan bogʻliq yer usti va yer osti suvlarining tozaligi hamda oʻz-oʻzini tozalash imkoniyatini, shuningdek suv orqali yuqadigan kasalliklar xavfi va xoʻjalik faoliyati natijasida paydo boʻladigan toksik moddalar hamda radionuklidlarning suv organizmlari (gidrobiontlar) va ekotizimga taʼsirini oʻrganish uchun amalga oshirilishi lozim.
128. Suvning gidrokimyoviy tadqiqotlari yer usti suvlarining (koʻllar tizimi va suv omborlari kesimida) ifloslanish darajasini oʻrganish, ifloslanish arealini hamda ifloslanish manbalarini aniqlash, ifloslantiruvchi moddalarning tarkibi va konsentratsiyasini belgilash, shuningdek ushbu ifloslanishning ekotizim holati va aholi sogʻligʻiga taʼsirini baholash maqsadida amalga oshirilishi kerak.
129. Gidrogeologik tadqiqotlar injenerlik-geologik izlanishlar jarayonida kompleks tarzda oʻtkazilishi lozim.
130. Muhandislik-ekologiya izlanishlarining aniq vazifalaridan kelib chiqib, hududning gidrogeologik sharoitlarini oʻrganishda suvli gorizontlarning mavjudligi aniqlanishi, bunda suvli gorizontlarning shaharsozlik faoliyati obyektlarini qurish va ulardan foydalanish davrida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan zararli taʼsirlardan, jumladan ifloslanish va kamayib ketishdan muhofazalanishi hisobga olinishi lozim.
131. Suvli gorizontlarning yotish chuqurligi, tarqalish sharoitlari va ularning (yer sathidan birinchi suvli gorizonti) tabiiy ravishda muhofazalanganligi, shuningdek aeratsiya zonasidagi tuproqlarning va togʻ jinslarining oʻtkazuvchanlik (filtratsiya va sorbsiya) xususiyatlari aniqlanishi kerak.
132. Gidrogeologik tadqiqotlar jarayonida qoʻshimcha ravishda quyidagilar aniqlanishiga yoʻl qoʻyiladi:
yuzaki suvlar mavjudligi hamda yer sathidan hisoblanganda birinchi suvli gorizont ostidagi suv oʻtkazmaydigan qatlamning joylashish chuqurligi;
yer osti sizot suvlarining harakatlanish qonuniyatlari, ularning toʻyinish, koʻtarilish va pasayish rejimi, gorizontlararo hamda yer usti suvlari bilan oʻzaro gidravlik bogʻliqligi mavjudligi;
yer osti sizot suvlarining kimyoviy tarkibi, zararli moddalar bilan ifloslanganlik darajasi, shuningdek aholining yashash sharoitlariga, bino va inshootlarga hamda chiziqli inshootlar trassalariga taʼsir etish ehtimoli;
texnogen omillarning hudud gidrogeologik sharoitlarining oʻzgarishiga taʼsir etish ehtimoli;
yer osti ichimlik, termal, geotermal va shifobaxsh suv resurslarining mavjudligi.
133. Muhandislik izlanishlari kompleks ravishda amalga oshirilganda, suv rejimi hamda suv obyektlarining gidrokimyoviy va gidrobiologik koʻrsatkichlarini oʻrganish boʻyicha tadqiqotlar muhandislik-gidrometeorologik izlanishlar tarkibida bajarilishi lozim.
134. Ekologik-geokimyoviy tadqiqotlar geoekologik jarayonlar va hodisalarni oʻrganish, toksik moddalar bilan ifloslanish darajasini oʻrganish, ifloslanish manbalarini aniqlash hamda ifloslanishning rivojlanishini prognoz qilish uchun zarur boʻlgan geoekologik axborotni olish maqsadida oʻtkazilishi kerak.
135. Bino va inshootlardan foydalanish jarayonida ekologik kuzatuv ishlari lokal (muayyan hududda) tarzda tashkil etilishi hamda quyidagilarni oʻz ichiga olishi lozim:
hududdagi oʻzgarishlar, ularning sabablari va omillari, shuningdek atrof-muhitga texnogen taʼsirning qaytarilish darajasi va koʻlami (tuproq hamda oʻsimlik majmualarining buzilish darajasi va koʻlami)ni koʻrsatgan holda joyida oʻtkazilgan tadqiqotlar natijalari;
tabiiy jarayonlarning faollashuvi, yer usti va yer osti suvlari orqali ifloslantiruvchi moddalarning migratsiya yoʻnalishlari oʻzgarishi;
hududdagi oʻsimlik va hayvonot dunyosi hamda boshqa biologik organizmlar (biota) holatini oʻrganish, shu jumladan oʻsimliklar va yovvoyi hayvon turlarining tarqalish maydonlari boʻyicha sifat va son koʻrsatkichlari hamda ularning migratsiyasi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
atrof-muhitga taʼsir manbalari, atmosfera havosi, tuproqlar, yer usti va yer osti suvlarining kimyoviy, biologik hamda radioaktiv ifloslanish darajasi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
atrof-muhit holatini kuzatish dasturiga kiritilgan oʻzgartirishlar natijalari.
136. Bino va inshootlarni buzish (demontaj qilish) jarayonida bajariladigan ishlar obyektning foydalanish davriga oid ekologik kuzatuv materiallarini toʻplash va tahlil qilish, shuningdek muayyan turdagi ishlarni bajarish, jumladan buzilgan yer uchastkalarini oʻrganish, dala tadqiqotlarini oʻtkazish hamda laboratoriya tahlillarini bajarish orqali amalga oshirilishi kerak.
Ekologik kuzatuv ishlari natijalarida quyidagilar amalga oshirilishi lozim:
bino va inshootlarni buzish (demontaj qilish) hamda chiqindilar, material qoldiqlari va qurilish chiqindilarini yigʻishtirish jarayonida chang hosil boʻlishining oldini olish boʻyicha chora-tadbirlar;
bino va inshootlar buzilgandan (demontaj qilinganda) soʻng yerlarni rekultivatsiya qilish (qayta tiklash) loyihasini ishlab chiqish uchun zarur boʻlgan maʼlumotlar;
obyektni buzish (demontaj qilish)ning ekologik oqibatlari, jumladan atrof-muhit holatidagi oʻzgarishlarni oʻrganish, tuproq hamda yer usti va yer osti suvlarining kimyoviy, biologik va radioaktiv ifloslanish darajasini baholash natijalari;
qoplama togʻ jinslari, aralash togʻ jinslari va ularning aralashmalarining biologik rekultivatsiya uchun yaroqliligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar (kimyoviy va granulometrik tarkibi, agrokimyoviy hamda agrofizik xususiyatlari boʻyicha aniqlashtirilgan baholash koʻrsatkichlari asosida);
tuproqning gaz-geokimyoviy holati va tuproqdan gaz ajralib chiqishi xavflilik darajasini aniqlash boʻyicha gaz-geokimyoviy tadqiqotlar, shuningdek radionuklidlar (radiy, seziy, stronsiy) hamda kimyoviy moddalar bilan ifloslanish darajasini hisobga olgan holda hududni hududlashtirish natijalari.
5-bob. Loyihaoldi hujjatlarini ishlab chiqish uchun muhandislik-ekologiya izlanishlari
137. Loyihaoldi hujjatlarini ishlab chiqishni asoslash maqsadida muhandislik-ekologiya izlanishlarining vazifasi aholining ekologik xavfsizligini taʼminlash, aholi punkti joylashgan hududda tabiatni muhofaza qilish hamda moddiy madaniy meros obyektlarini saqlash boʻyicha chora-tadbirlarni hisobga olgan holda shaharsozlik va boshqa loyiha yechimlarining maqbul variantini tanlash imkonini taʼminlashi lozim.
138. Loyihaoldi hujjatlarini ekologik jihatdan asoslash uchun muhandislik-ekologiya izlanishlari materiallari quyidagilarni oʻz ichiga olishi lozim:
aholi punkti joylashgan hududning tabiiy sharoitlarini tahlil qilish va baholash, aholi punkti joylashgan hududning tabiiy sharoitlarini oʻrganish, moddiy madaniy meros obyektlari, transport magistrallari, muhandislik infratuzilmalari, shu jumladan suv taʼminoti hamda oqova suvlarni tozalash inshootlarining imkoniyatlari (miqdor va sifat koʻrsatkichlari), shuningdek chiziqli inshootlar trassalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni;
shahar muhitining ekologik holatini oʻrganish (turar joy, sanoat va tabiiy landshaftlar hamda rekreatsiya zonalarida), shuningdek sanoat obyektlari, transport vositalari va maishiy chiqindilar taʼsiri, fizik omillarni;
hududni tuzilmaviy-funksional tashkillashtirish amalga oshirilishi jarayonida uning funksional ahamiyati va ekologik sharoitlarining oʻzgarishini prognoz qilishni.
139. Loyihaoldi hujjatlarini asoslash uchun oʻtkaziladigan muhandislik-ekologiya izlanishlari natijalaridan atrof-muhitga taʼsirni baholash materiallarini tayyorlashda, shuningdek aholi punktini loyihalashda atrof-muhitga salbiy taʼsirini kamaytirish boʻyicha chora-tadbirlar kompleksini ishlab chiqishda foydalanilishi lozim.
140. Ekologik holatni regional baholash zarurligini hisobga olgan holda, loyihaoldi bosqichlarda muhandislik-ekologiya izlanishlari katta hududlarni qamrab oluvchi maydonlarda bajarilishi lozim (loyihalanayotgan shaharsozlik faoliyati obyektidan 100 m dan 25 — 30 km gacha radiusda).
141. Ekologik holatni qurilish turi, bino va inshootlarning aniqlik sinfi hamda toifasi, shuningdek loyihalanayotgan korxonalar, bino hamda inshootlardan foydalanishning texnik xususiyatlariga bogʻliq ravishda hududiy baholash quyidagilarni oʻz ichiga olishi lozim:
hududga tushadigan qoʻshimcha texnogen bosimlarni baholashni;
taʼsir zonasining chegaralarini (oʻlchami, konfiguratsiyasi) aniqlashni;
zararli oqibatlar ehtimoli mavjud boʻlgan hududlarni, ularning keyinchalik tarqalishi va qayta taqsimlanishini hisobga olgan holda aniqlashni;
ekologik nuqtayi nazardan noxush, ekologik holati ogʻir hamda texnogen zararlangan hududlarni aniqlashni;
yuqori darajada ekologik xavfli zonalarni aniqlash (seysmik zonalar, xavfli gidrometeorologik hodisalar va geologik jarayonlar taʼsiriga uchragan uchastkalar, yer maydoni va chiziqli inshoot trassalarining tektonik darsliklar bilan kesishgan joylari);
ifloslanishlarning asosiy yoʻnalishlari va migratsiya yoʻllarini, shuningdek ularning taqsimlanishi hamda toʻplanishni aniqlash (havo massalarining harakati, infiltratsiya va oqim xususiyatlari, shamolsiz davrlar, tumanlar, oʻziga xos tabiiy landshaftlar, gruntlarning tarkibi, filtratsiya va sorbsiya xususiyatlari, geokimyoviy toʻsiqlar, grunt va yer osti suvlari oqimlarining harakati, yer usti va yondosh suvli gorizontlar bilan oʻzaro gidravlik bogʻliqligi, regional suv bardosh qatlamlarning mavjudligi va yotish sharoitlari, mahsuldor suvli gorizontlarning suv taʼminoti hamda ifloslanishning manbalari boʻyicha prognoz resurslarini baholash);
tabiiy va sunʼiy gidrodinamik chegaralarni aniqlash;
qurilish va yashash uchun qulaylik darajasi boʻyicha ekologik hududlashtirish.
142. Loyihaoldi hujjatlarini ishlab chiqish bosqichlarida masofadan turib zondlash tadqiqotlari amalga oshirilganda oq-qora, koʻp zonali, spektr zonali va radiolokatsiya aerokosmik tasvirlardan, shuningdek fazoviy maʼlumotlardan foydalanilishi kerak.
143. Foydalaniladigan aerokosmik tasvirlarning generalizatsiya, fazoviy maʼlumotlarni vizuallashtirish darajasi hamda masshtabi muhandislik-ekologiya izlanishlarining regional xususiyati asosida belgilanishi lozim. Loyihaoldi hujjatlarini ishlab chiqishda masshtabi 1:200 000 — 1:125 000 boʻlgan kosmik tasvirlardan foydalanilishi, bunda ushbu masshtabdagi tasvirlarni besh martagacha kattalashtirishga (zarur uchastkalar uchun sifatini yoʻqotmasdan) (1:20 000 — 1:25 000 masshtablargacha) yoʻl qoʻyiladi.
Deshifrovka maʼlumotlarini detallashtirish uchun mayda va oʻrta standart masshtablardagi aerofototasvirlardan (1:35 000, 1:17 000, 1:12 000) foydalanilishi lozim.
144. Aerokosmik tasvirlar deshifrovkasi shaharsozlik faoliyati obyektlarida olib borilgan kuzatuvlar, hududni oʻrganish yoki muhandislik-geologik syomka natijalariga asoslanishi kerak.
Ushbu usulda bajarilgan izlanishlar deshifrovka natijalarining aniqligi va ishonchliligini nazorat qilish, shuningdek ekologik ekspress-tekshiruv bilan birgalikda olib borilishi lozim.
145. Yoʻnalishli (marshrutli) kuzatuvlar ushbu ShNQning 20, 21-bandlariga muvofiq amalga oshirilishi lozim. Kompleks muhandislik-geologik va muhandislik-ekologiya izlanishlari bir vaqtda olib borilganda hududning yoʻnalishli (marshrutli) kuzatuvlari loyihaoldi hujjatlarini ishlab chiqish bosqichlarida oʻtkaziladigan, 1:50 000 — 1:25 000 masshtablar detalliligiga javob beradigan muhandislik-geologik syomka tarkibida (hudud maydonlari uncha katta boʻlmagan va ekologik sharoitlar hal qiluvchi taʼsirga ega boʻlgan hollarda 1:10 000 — 1:5 000 masshtablarda) yoki u bilan parallel ravishda bajarilishi kerak.
146. Chiziqli inshoot trassalari uchun ishlar dasturi asoslangan taqdirda, kichikroq masshtablarni qoʻllashga yoʻl qoʻyiladi.
Bunda, muhandislik-geologik kuzatuvlarning anʼanaviy kompleksi kengaytirilishi hamda atrof-muhitning tarkibiy qismlari va hududning ekologik holatini kompleks baholash uchun zarur boʻlgan antropogen omillar tavsifi bilan toʻldirilishi lozim.
147. Loyihalanayotgan shaharsozlik faoliyati obyektlarning atrof-muhitga taʼsirini baholashda quyidagi asosiy talablar hisobga olinishi kerak:
aholi yashash punktlariga taʼsiri;
yer usti va yer osti suvlarining muhofaza etiladigan hududlarga taʼsiri;
muhofaza etiladigan tabiiy hududlarga taʼsiri;
faoliyat yuritayotgan boshqa korxonalar, shu jumladan xavfli ishlab chiqarish obyektlariga taʼsiri.
148. Qoplama va aralash togʻ jinslarini oʻtish, shuningdek kuzatuv quduqlarini burgʻilash ishlari yechiladigan vazifalarning xususiyati, uchastkaning geologik sharoitlari va zararlanish (zaharlanish) maydonining taxminiy tuzilishini hisobga olgan holda amalga oshirilishi lozim.
Bunda, ilgari oʻtilgan qoplama va aralash togʻ jinslari boʻyicha olingan maʼlumotlar, shuningdek ularni geoekologik, muhandislik-geologik va muhandislik-gidrogeologik izlanishlarda kompleks qoʻllash imkoniyati inobatga olinishi kerak.
Loyihaoldi hujjatlarni ishlab chiqish bosqichlarida togʻ kavlamalari orasidagi masofa 450 — 500 m dan ortiq boʻlmasligi lozim.
149. Qoplama va aralash togʻ jinslarining oʻtilish chuqurligi tanlanadigan maydon variantlari boʻyicha geologik qirqimning litologik-fatsial xususiyatlari hamda gidrogeologik sharoitlarini oʻrganishni taʼminlashi lozim.
Mazkur oʻrganishlar ifloslanishning infiltratsiya sharoitlari, migratsiyasi va lokallashuvini, shuningdek gruntlar va yer osti suvlari boʻyicha ekologik holatni hamda ifloslanishning joriy darajasi va tarqalish chuqurligini aniqlashni taʼminlashi kerak.
Loyihaoldi hujjatlarini ishlab chiqish bosqichlarida qoplama va aralash togʻ jinslari yer yuzasidan pastdagi birinchi suv oʻtkazmas qatlamning yotish chuqurligigacha oʻtilishi, oddiy sharoitlarda esa oʻtilish chuqurligi 10 — 15 m gacha qabul qilinishi mumkin.
150. Loyihaoldi hujjatlarini ishlab chiqish bosqichlarida ekologik-gidrogeologik tadqiqotlar ushbu ShNQning 31 — 34-bandlariga muvofiq amalga oshirilishi lozim.
Gidrogeologik va gidrokimyoviy holat boʻyicha maʼlumotlarning darajasi hamda toʻliqligi muhandislik-geologik xaritaning qabul qilingan masshtabiga mos boʻlishi kerak.
Geologik qirqimni oʻrganish chuqurligi regional suv oʻtkazmas qatlamning yotish chuqurligi yoki suvning faol almashinuv zonasi chuqurligi bilan belgilanishi lozim.
151. Loyihaoldi hujjatlarni ishlab chiqish bosqichlarida quyidagi materiallardan foydalanilishi kerak:
1:200 000 — 1:100 000 masshtablardagi muhandislik-geologik va muhandislik-gidrogeologik syomka materiallari;
1:50 000 masshtabdagi meliorativ qurilish maqsadlarida oʻtkaziladigan kompleks muhandislik-geologik va muhandislik-gidrogeologik syomka materiallari;
1:200 000 — 1:25 000 masshtablardagi geoekologik va kartografik materiallar.
152. Kichik maydonli hududlarda, shuningdek baliq xoʻjaligi obyektlari mavjud boʻlgan yoki qurilishi moʻljallangan uchastkalarda ishlarning detalligi 1:10 000 — 1:5 000 masshtablarga mos boʻlishi lozim.
153. Loyihaoldi hujjatlarni ishlab chiqish bosqichida ekologik-gidrogeologik tadqiqotlarda quyidagilar taʼminlanishi kerak:
gidrokimyoviy holatni umumiy baholash hamda texnogen omillarning yer osti suvlari sifatining shakllanishiga taʼsiri darajasini aniqlash;
yer osti suvlarining ifloslanishdan muhofazalanganlik darajasi boʻyicha hududlashtirish;
shaharsozlik faoliyati obyektini qurish va undan foydalanish oqibatida yer osti suvlarining sathi, kimyoviy tarkibi, harorati va rejimining oʻzgarish ehtimolini dastlabki prognoz qilish hamda modellashtirish uchun zarur boʻlgan hisobiy parametrlarni aniqlash.
154. Loyihaoldi hujjatlarini ishlab chiqish bosqichlarida tuproq tadqiqotlari ushbu ShNQning 45 — 56-bandlariga muvofiq amalga oshirilishi lozim.
155. Atrof-muhitga taʼsirni baholash loyihasida obyekt joylashgan hududdagi tuproq qatlamining holati quyidagi maʼlumotlarni oʻz ichiga olishi kerak:
tuproq turlari va guruhlarining tarqalishi;
tuproq profilining tuzilishi;
geokimyoviy tarkibi;
gumus, umumiy azot, harakatchan fosfor va kaliy miqdori;
suv-fizik xossalari va suv rejimi;
elektr oʻtkazuvchanligi, ishqoriylik yoki kislotalilik (pH);
kation almashinuv sigʻimi;
suv bilan ajraladigan tuzlar miqdori;
eroziya holati va uning xavfi;
biologik faollik, ifloslanish darajasi va sanitariya holati.
156. Loyihalanayotgan obyektni qurish va undan foydalanish natijasida tuproq qatlamida yuz berishi mumkin boʻlgan oʻzgarishlarni prognoz qilish quyidagilarni oʻz ichiga olishi kerak:
tuproqlarning fizik taʼsirlar va kimyoviy ifloslanishga chidamliligini aniqlash;
shaharsozlik faoliyati obyekti taʼsir zonasida tuproq degradatsiyasi xavfini aniqlash;
eroziya, deflyatsiya, yer osti suvlari sathining koʻtarilishi kabi salbiy jarayonlar rivojlanish ehtimolini aniqlash;
texnogen omillar taʼsirida buzilgan yerlarning holatini aniqlash;
kimyoviy oʻzgarishlar (sulfatlar miqdorining kamayishi va boshqalar) yuz berish ehtimolini aniqlash;
shaharsozlik faoliyati obyektning normal faoliyati hamda avariya holatlarida tuproqlarning ifloslanish xavfini aniqlash.
157. Geologiya-qidiruv, sinov va loyiha-tadqiqot ishlari amalga oshirilganda, shuningdek qurilish davrida hamda muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini (shaxtali qazish ishlari, saqlagichlar, metropoliten, oqova suvlarni tozalash inshootlari, chiziqli inshootlar trassalari va boshqalar) qurish, ulardan foydalanish va konservatsiyalash jarayonida unumdor tuproq qatlamini sidirib olish, uni vaqtinchalik joylashtirish va saqlash uchun joy tanlash ishlari amalga oshirilishi lozim.
158. Muhandislik-ekologiya izlanishlarini amalga oshirish jarayonida barcha toifadagi buzilgan yerlar aniqlanishi lozim.
159. Loyihaoldi hujjatlarni ishlab chiqish bosqichlarida tuproq, grunt hamda yer usti va yer osti suvlarini tekshirish ifloslanishning regional tabiiy (fon) darajasini baholash va asosiy ifloslantiruvchi moddalarni aniqlash maqsadida bajarilishi lozim.
160. Tuproqlarda va grunt suvlarida nazorat qilinadigan kimyoviy moddalar hamda birikmalar miqdori toʻgʻrisida ishonchli (haqiqiy) maʼlumotlar mavjud boʻlmaganda, tanlangan uchastkalarning muqobil variantlari uchun bitta “bazaviy” nuqtada tuproq va grunt suvlaridan namunalar olinishi lozim.
Olingan namunalar har bir yer uchastkasi uchun xos boʻlgan ifloslanish koʻrsatkichlarining asosiy toʻplamini aniqlashda foydalanilishi kerak.
Bunday koʻrsatkichlarga mishyak, ogʻir metallar, neft va neft mahsulotlari, pestitsidlar, ammoniy azoti, oltingugurt birikmalari, nitratlar, sianidlar, aromatik uglevodorodlar, benz(a)piren, polixlorbifenillar hamda yengil uchuvchan xloroorganik uglevodorodlar kirishi kerak.
161. “Bazaviy” nuqta uchun maydoncha ifloslanish maydonining koʻzda tutilgan tuzilmasidan kelib chiqqan holda alohida (individual) tarzda tanlanishi lozim.
162. Tuproq va grunt suvlarining ifloslanishi boʻyicha kimyoviy tarkib va konsentratsiyaning kompleks koʻrsatkichlarini laboratoriya sharoitida aniqlash hajmi aniqlangan (qidirib topilgan) ifloslanish manbalaridan kelib tushadigan ifloslantiruvchi moddalarning tarkibini hisobga olgan holda belgilanishi kerak.
163. Radiatsiyaviy holatni oʻrganish va baholash ushbu ShNQning 72 — 74-bandiga muvofiq amalga oshirilishi lozim.
Aholi punktlarida yangi shaharsozlik faoliyati obyektlarini qurish uchun maydonlar tanlanayotganda piyoda usulda gamma-syomka bajarilishi lozim.
164. Piyoda gamma-syomka qadami 50 × 50 m dan oshmaydigan nuqtalar toʻri boʻyicha amalga oshirilishi kerak.
Ifloslanish ehtimoli mavjud boʻlgan joylarda nuqtalar toʻrini yanada zichlashtirishga yoʻl qoʻyiladi.
Nazorat nuqtalari masshtabi 1:10 000 dan kichik boʻlmagan topografik rejaga tushirilishi lozim.
165. Toʻkma gruntlar tarqalgan uchastkalarda muhandislik-geologik burgʻ quduqlarida gamma-nurlanishning maksimal dozasi (gamma-karotaj) hamda yer sathidan pastda joylashgan birinchi suvli gorizontdagi alfa-nurlanishning umumiy solishtirma faolligi aniqlanishi kerak.
166. Hududda radon xavfining mavjudligi yoki mavjud emasligi yer osti suvlari va tuproqda radon hamda radionuklidlarning alfa-faolligi miqdorini oʻlchash orqali baholanishi lozim.
Radon xavfi aniqlanganda gruntdan ajralib chiqadigan radon oqimi (emanatsiya) zichligi emanatsiya syomkasi orqali aniqlanishi, bunda radon radiometrlari yordamida gazsimon radon mahsulotlarining quduqlar, konlar yoki binolarga tarqalishi oʻrganilishi kerak.
Grunt yuzasidan ajralib chiqadigan radon oqimi zichligi erigan qor suvlari yoki grunt suvlari bosmagan uchastkalarda oʻlchanishi lozim.
167. Loyihaoldi hujjatlarini ishlab chiqish bosqichlarida gaz-geokimyoviy tadqiqotlarning vazifasi qurilish loyihalanayotgan hududda gazlar generatsiya qiluvchi gruntlar mavjud boʻlgan chiqindixonalarni aniqlash hamda ularning chegaralarini belgilashdan iborat boʻlishi kerak.
Ushbu vazifalarni bajarish uchun turli yillarda tuzilgan topografik xaritalarning retrospektiv tahlili (relyef shakllari oʻzgarishlarini aniqlash maqsadida) bajarilishi lozim.
Qalinligi 2,0 — 2,5 m dan kam boʻlmagan toʻkma gruntlar mavjud boʻlganda gaz-geokimyoviy tadqiqotlar dala sharoitida oʻtkazilishi kerak. Mazkur tadqiqotlar quyidagilarni oʻz ichiga olishi kerak:
profillar va nuqtalar toʻri boʻyicha grunt havosining shpur syomkasini (shpurlar chuqurligi 0,8 — 1,0 m boʻlganda);
yer yuzasiga yaqin qatlamdagi atmosfera havosining grunt qatlamidan yer yuzasiga ajralib chiqadigan biogaz oqimi faolligini oʻlchash orqali (l/s·sm²) emissiya syomkasi bilan birgalikda gaz syomkasini.
Loyihaoldi hujjatlarni ishlab chiqish bosqichlarida syomkalar 1:10 000 — 1:5 000 masshtablarda qabul qilinishi lozim.
168. Zararli fizik taʼsirlar ushbu ShNQning 93 — 98-bandlari hamda 100 — 108-bandlariga muvofiq oʻrganilishi va baholanishi kerak.
6-bob. Loyiha hujjatlarini ishlab chiqish uchun muhandislik-ekologiya izlanishlari
169. Loyiha hujjatlarini ishlab chiqish uchun muhandislik-ekologiya izlanishlari qurilish loyihasini (ishchi loyiha) ishlab chiqish bosqichida yoki ishchi hujjatlarni ishlab chiqish bosqichida bajarilishi lozim.
170. Loyiha hujjatlarini tayyorlash uchun muhandislik-ekologiya izlanishlari quyidagi maqsadlarda amalga oshirilishi lozim:
loyihaoldi hujjatlarni ishlab chiqish bosqichlarida olingan atrof-muhit holati boʻyicha maʼlumotlar va materiallarni aniqlashtirish, taʼsir zonalari chegaralarini aniqlashtirish;
ekologik tavakkalchilikni (riskni) baholash hamda korxonalar, bino va inshootlar qurilishi loyihasida “Atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish” boʻlimini ishlab chiqish uchun zarur materiallarni olish.
171. Loyiha hujjatlarini asoslash uchun muhandislik-ekologiya izlanishlari materiallari quyidagilarni oʻz ichiga olishi lozim:
obyekt qurilishi boshlanguniga qadar atrof-muhit tarkibiy qismlarining holati hamda ifloslanishning tabiiy (fon) koʻrsatkichlari;
ekotizimlar holatini baholash, ularning taʼsirlarga bardoshliligi va tiklanish qobiliyatini aniqlash;
tabiiy sharoitlarning taxmin qilinayotgan taʼsirlarga sezgir boʻlgan asosiy atrof-muhit tarkibiy qismlari boʻyicha taʼsir zonasining chegaralarini aniqlashtirish;
atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish boʻyicha chora-tadbirlarni belgilash (tashkil etish);
lokal ekologik kuzatuv dasturi boʻyicha takliflar, shuningdek loyihaoldi bosqichida kuzatuvlar olib borilgan boʻlsa, kuzatuvlarning birinchi sikli natijalarini tahlil qilish.
172. Shaharsozlik faoliyati obyekt tugatilganda (demontaj qilinganda) materiallar tarkibida quyidagi maʼlumotlar oʻrganilishi kerak:
shaharsozlik faoliyati obyekti faoliyati natijasida atrof-muhit degradatsiyasini baholash;
ekologik holat yomonlashuvi oqibatlarini hamda ularning aholi sogʻligʻiga taʼsirini baholash.
173. Loyiha hujjatlarini asoslashda muhandislik-ekologiya izlanishlari materiallaridan loyiha yechimlariga mos ravishda tuzatishlar kiritish uchun foydalanilishi lozim.
174. Quyidagi yoʻnalishlar boʻyicha qoʻshimcha maʼlumotlar toʻplanishiga yoʻl qoʻyiladi:
izlanishlar olib boriladigan yer uchastkasi hududida joylashgan ishlab chiqarish obyektlarida qoʻllaniladigan moddalar va texnologiyalar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, shuningdek qattiq maishiy chiqindilarning morfologik tarkibi tafsilotlari;
oʻrganilayotgan hududlarning kimyoviy va radioaktiv ifloslanish darajasi;
yaqin atrofda joylashgan korxonalardan chiqarib tashlanadigan oʻziga xos zaharli moddalarning tarkibi va miqdori;
qishloq xoʻjaligida qoʻllanilgan zaharli kimyoviy preparatlar (ximikatlar) va pestitsidlarning nomenklaturasi hamda qoʻllanilgan miqdori;
atrof-muhitning avariyalar oqibatida ifloslanishi faktlari;
texnogen obyektlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar (karyerlar, terrikonlar, ruxsat etilmagan chiqindi tashlash joylari, sanoat va maishiy qattiq chiqindi poligonlari, qurilish materiallari korxonalari va omborlari, shuningdek yuqori radioaktivlikka ega boʻlgan va konservatsiyaga moʻljallangan obyektlar);
yer osti oqova suv kollektorlari hamda mahsulot eltuvchi quvurlar sxemalari, ularning texnik holati va ulardan suyuqlik sizib chiqishi faktlari;
oʻrganilayotgan yer uchastkasiga yaqin joylashgan obyektlarda sodir boʻlgan yirik avariyalar, zaharli modda va chiqindilarning sizib chiqishi faktlari.
175. Masofadan turib zondlash tadqiqotlari (yirik masshtabli syomkalarni deshifrovka qilish) ushbu bosqichda yordamchi usul hisoblanadi hamda qurilish maydonchalari va ularning atrofidagi 8 — 10 km zona doirasida yoʻnalishli kuzatuvlar olib borish nazarda tutilgan taqdirda bajarilishi lozim.
176. Yoʻnalishli (marshrutli) kuzatuvlar mazkur ShNQning 20, 21-bandlari talablariga muvofiq qabul qilingan muhandislik-geologik syomka masshtablariga mos aniqlikda amalga oshirilishi lozim.
177. Qurilish maydoni va uning atrof hududlarini oʻrganish quyidagilarni oʻz ichiga olishi kerak:
Loyihalanayotgan shaharsozlik faoliyati obyektining atrof-muhitga taʼsirini belgilovchi tabiiy landshaft, geomorfologik, muhandislik-geologik va gidrogeologik sharoitlarni aniqlash;
hududdan hozirgi va bundan 40 — 50 yil avval foydalanilganlik holatini hisobga olgan holda tuproq, grunt va yer osti suvlari uchun ifloslanish manbai boʻlishi ehtimoli mavjud shaharsozlik faoliyati obyektlarini aniqlash (sanoat va qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishlari, omborxonalar, sanoat hamda chiqindi poligonlari, yakka va guruh suv tortib olish inshootlari, oqova suvlarni chiqarib tashlash kollektorlari, yer osti muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari, mahsulot eltuvchi quvurlar, suyuqlik tindirgichlari, oqova suvlarni tozalash inshootlari, sodir boʻlgan avariyalar, radioaktiv va zaharli moddalarning oqib (sizib) chiqishi);
ifloslantiruvchi moddalarning migratsiyasi mumkin boʻlgan yoʻnalishlarni, ularning uchastka doirasida cheklanishi (lokallashuvi) va tashqariga chiqarilishi ehtimolini aniqlash.
178. Togʻ kavlamalari, razvedka va kuzatuvlar uchun moʻljallangan burgʻilash quduqlari geoekologik hamda muhandislik-geologik izlanishlarda birgalikda foydalanish imkoniyati hisobga olingan holda kavlanishi lozim.
Qoʻshimcha togʻ kavlamalari geokimyoviy, gidrokimyoviy va geofizik anomaliyali uchastkalarda hamda ifloslanish toʻplanishi taxmin qilinadigan joylarda, ifloslanishning yer yuzasi boʻylab va chuqurlik boʻyicha tarqalishini aniqlash maqsadida oʻtilishi kerak.
179. Tajriba-filtratsiya ishlari natijalari quyidagi maqsadlarda qoʻllanilishi lozim:
hisobiy parametrlarni aniqlash uchun maxsus hisobiy sxemalar va modellarni tuzish;
obyektni qurish va undan foydalanish jarayonida ekologik holatga taʼsir etuvchi gidrogeologik va gidrokimyoviy sharoitlarning oʻzgarish ehtimolini prognoz qilish.
180. Suv taʼminoti uchun foydalanilmaydigan yer osti sizot (grunt) suvlari sifatini geoekologik tekshirish va baholash ushbu ShNQning 57-bandiga muvofiq amalga oshirilishi kerak.
181. Tuproq va gruntlarning kimyoviy tarkibi hamda ifloslanish konsentratsiyasini aniqlash boʻyicha geoekologik tekshirishlar amalga oshirilishi kerak.
182. Loyihaoldi hujjatlarini tayyorlash bosqichida oʻtkazilgan tuproq tadqiqotlari natijalariga koʻra, ifloslantiruvchi moddalarning miqdori tabiiy (fon) miqdorlaridan, REMKdan yoki REMDdan (SanQvaN 0191-05) yuqori boʻlsa, bunday uchastkalar qoʻshimcha oʻrganilishi lozim.
Tuproq va gruntlarning fizik-mexanik hamda filtratsiya koʻrsatkichlarini aniqlash ishlari muhandislik-geologik izlanishlar tarkibida amalga oshirilishi kerak.
183. Tuproq, yer osti va yer usti suvlari, shuningdek oqova suvlardagi ifloslanishni laboratoriya sharoitida oʻrganish ushbu ShNQning 70-bandiga muvofiq bajarilishi hamda kimyoviy elementlar va birikmalar tarkibini aniqlashni taʼminlashi kerak.
Tahlil qilinadigan moddalar roʻyxati “bazaviy” tekshiruvlar hamda loyihaoldi bosqichda olingan maʼlumotlar asosida belgilanishi, bunda yer uchastkasi joylashgan hududdagi sanoat korxonalarining xususiyatlari, shuningdek uchastka va unga yondosh hududlarda oʻtkazilgan yoʻnalishli (marshrutli) kuzatuvlar natijalari inobatga olinishi lozim.
184. Radiatsiyaviy holat ushbu ShNQning 72 — 74-bandlariga muvofiq baholanishi lozim. Radiatsiyaviy syomka nuqtalar orasidagi masofa 50 × 50 m dan ortiq boʻlmagan toʻr boʻyicha amalga oshirilishi kerak.
185. Turar joy hamda ijtimoiy-maishiy bino va inshootlar uchun radonga qarshi zarur muhofaza sinfi tuproqdan ajralib chiqadigan radon oqimi zichligiga bogʻliq ravishda quyidagi jadvalga muvofiq aniqlanishi lozim.
Radonga qarshi muhofaza sinflari
186. Radon oqimi zichligi nazorat nuqtalarida oʻlchanishi, nazorat nuqtalari oldindan belgilangan nuqtalar toʻrining kesishish nuqtalarida joylashtirilishi hamda nuqtalar orasidagi masofa mazkur ShNQning 8-jadvaliga muvofiq uchastkaning radon boʻyicha xavflilik darajasini hisobga olgan holda belgilanishi lozim.
Qurilish maydoni doirasida nazorat nuqtalari soni 20 tadan kam boʻlmasligi kerak.
Toʻrdagi nazorat nuqtalari orasidagi masofa
187. Radon oqimi zichligi tuproq yuzasida, xandaq tubida yoki bino poydevorining pastki qismida oʻlchanishi lozim.
Muz yuzasida hamda suv bilan qoplangan maydonlarda oʻlchashlarni amalga oshirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
188. Radon oqimi zichligini oʻlchash nazorat nuqtalarida radon sorbenti bilan jihozlangan toʻplovchi kameralarda fotoplyonkani maʼlum vaqt davomida taʼsirga qoʻyish (ekspozitsiya) usuli bilan amalga oshirilishi lozim.
Radiometrik qurilmalarda sorbentga toʻplangan radondan hosil boʻlgan parchalanish mahsulotlarining beta yoki gamma-nurlanish faolligi boʻyicha oqim miqdori aniqlanishi kerak.
189. Gaz hosil qiluvchi toʻkma gruntlar tarqalgan uchastkalarda bajariladigan gaz-geokimyoviy tadqiqotlar loyiha bosqichlarida gaz-geokimyoviy anomaliyalar chegaralarini aniqlashtirish hamda grunt qatlamining vertikal boʻyicha gaz-geokimyoviy zonalligini belgilashga qaratilishi lozim. Bunda quyidagilar bajarilishi kerak:
yer yuzasiga yaqin qatlamlarda oʻtkaziladigan tadqiqotlar (shpurlar yordamida grunt gazining 1:2000 — 1:500 masshtablardagi syomkasi hamda emissiya syomkasi);
shpurlar yordamida turli chuqurliklarda tekshirishlar;
burgʻilash quduqlarida geokimyoviy tekshirishlar.
190. Yer yuzasiga yaqin qatlamlarda bajariladigan syomkalar natijalariga koʻra gaz maydoni tuzilmasining xususiyati biogazning alohida tarkibi boʻyicha aniqlashtirilishi lozim.
191. Burgʻilash quduqlarida olib boriladigan gaz-geokimyoviy tadqiqotlar quyidagilarni oʻz ichiga olishi kerak:
quduq ichidagi grunt havosidan namunalar olish;
gruntlardan namunalar olib, ularning gaz bilan toʻyinganlik darajasini, gaz hosil qilish qobiliyatini hamda Sorg miqdorini aniqlash;
qatlamma-qatlam namunalar olib, metan hosil qiluvchi va uni parchalovchi mikroflora faolligini (grunt tarkibi va namlik holati hisobga olingan holda) mikrobiologik tahlil qilish;
yer osti suvlaridan namunalar olib, ularda erigan biogaz miqdorini aniqlash.
192. Laboratoriya sharoitlarida quyidagi tarkibiy qismlarning kimyoviy tarkibi oʻrganilishi lozim:
grunt gʻovaklaridagi erkin gaz;
gruntlarning gaz fazasi;
erigan gazlar;
yer yuzasiga yaqin atmosfera havosiga asta-sekin oʻtuvchi (dissipatsiyalanuvchi) biogaz.
193. Chiqindixonalarning gaz hosil qiluvchi chegaralari hamda gaz maydonlarining tuzilmasi tekshirilgan nuqtalarni topografik bogʻlash asosida maydon rejalarida va geologik qirqimlarda keltirilishi lozim.
ShNQ 1.02.05-24 “Qurilish uchun muhandislik-ekologiya izlanishlari” shaharsozlik normalari va qoidalariga 1-ILOVA
Muhandislik-ekologiya izlanishlari natijalari boʻyicha tuzilgan texnik hisobotning tarkibi va mazmuni
1. Muhandislik-ekologiya izlanishlari natijalari boʻyicha texnik hisobot (bundan buyon matnda texnik hisobot deb yuritiladi) quyida keltirilgan mazmundagi boʻlimlarni oʻz ichiga olishi lozim:
a) kirish qismida quyidagilar keltiriladi:
muhandislik-ekologiya izlanishlarini amalga oshirish uchun asos;
muhandislik-ekologiya izlanishlari vazifalari;
muhandislik-ekologiya izlanishlari hududi (yer uchastkasi maydoni, chiziqli inshoot trassalari, ularning variantlari)ning joylashgan joyi;
loyihalanayotgan shaharsozlik faoliyati obyekti toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
bajariladigan ishlar turi, hajmi va bajarish muddatlari;
alohida ish turlarini amalga oshirish uslubi;
ijrochi tashkilotlar tarkibi;
muhandislik-ekologiya izlanishlari dasturidan chetga chiqishlar va ularni asoslash;
tabiiy landshaft, iqlimiy va fizikaviy-geologik sharoitlarda oʻxshash (analog) obyektlar maʼlumotlari;
b) tabiiy va texnogen sharoitlarning qisqacha tafsiloti boʻlimida quyidagilar keltiriladi:
joy relyefi, tabiiy landshaft va iqlim sharoitlari;
tabiiy chegaralari (togʻlar, daryolar, oʻrmonlar, fatsiyalar va ularning tarqalish xususiyatlari);
hududning oʻzlashtirilganlik darajasi (buzilganlik), botqoqlanish, eroziya, choʻllanish;
muhofaza etiladigan tabiiy hududlar (maqomi va rejimi);
gidrologik, geomorfologik, geologik, gidrogeologik hamda muhandislik-geologik sharoitlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
v) tuproq sharoitlari, oʻsimlik dunyosi boʻlimida quyidagilar keltiriladi:
tuproqlarning turlari, ularning yer uchastkasi maydoni boʻylab tarqalganligi;
fizikaviy-kimyoviy xususiyatlari;
oʻsimliklarning endemik, relikt turlari, asosiy turkumlari;
oʻsimliklarning agrosenozlari, ularning holati va qoʻriqlanish tizimi;
oʻsimliklarning kamyob va yoʻqolib ketish xavfi boʻlgan va Qizil kitobga kiritilgan turlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
g) hayvonot dunyosi boʻlimida quyidagilar keltiriladi:
yovvoyi hayvonlarning turlar boʻyicha tarkibi, yashash joylari boʻyicha tarqalganligi, migratsiya yoʻllari, kamyob va yoʻqolib ketish xavfi boʻlgan va Qizil kitobga kiritilgan turlari va ularning qoʻriqlanish tizimi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
d) hududdan xoʻjalik nuqtayi nazaridan foydalanish boʻlimida quyidagilar keltiriladi:
yer fondining tuzilmasi, infratuzilmasi, yerlarning meliorativ holati, melioratsiya toʻgʻrisida, ishlab chiqarish va noishlab chiqarish sohalari hamda ifloslanishning asosiy manbalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
e) ijtimoiy soha boʻlimida quyidagilar keltiriladi:
aholining soni, bandligi va hayot darajasi, demografik, sanitariya-epidemiologiya va tibbiy-biologik sharoitlari va kasallanish toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
j) moddiy madaniy meros obyektlari boʻlimida quyidagilar keltiriladi:
moddiy madaniy meros obyektlari holati, saqlanishi va restavratsiya qilinishi istiqboli;
muhandislik muhofazasining holati va uning samaradorligi, bino va inshootlar zaminining deformatsiyasi (agar u mavjud va aniqlangan boʻlsa) xususiyati va yuz berishining sabablari.
2. Texnik hisobot ushbu ilovaning 1-bandiga qoʻshimcha ravishda quyidagi boʻlimlar va maʼlumotlarni oʻz ichiga olishi kerak:
hududning hozirgi ekologik holati;
hudud ekologik holatining kompleks tavsifi, tabiiy landshaft tavsifi;
atrof-muhitning tarkibiy qismlari, yer usti va suv ekotizimlari holati, shuningdek ularning texnogen taʼsirlarga bardoshliligi hamda qayta tiklanish imkoniyatlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
atmosfera havosi, tuproq, yer osti suvlari va yer usti suvlarining kimyoviy, biologik, radiatsiyaviy hamda fizik (shovqin, elektromagnit va boshqa) ifloslanishi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
suv resurslari va suv bilan taʼminlash manbalari holati, yer usti suv obyektlarining suvni muhofaza qilish zonalari, yer osti suvlarining muhofazalanganlik darajasi va sanitariya muhofazasi zonalarining mavjudligi, shuningdek oqova suvlarni tozalash inshootlari samaradorligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
hududning sanitariya-epidemiologik holati, aholining yashash va dam olish sharoitlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
shaharsozlik faoliyati obyektining taʼsiri zonasida tuproq sifati yomonlashishi, oʻsimlik va hayvonot dunyosiga yetkazilishi mumkin boʻlgan zarar prognozi;
amalga oshirilishi moʻljallangan xoʻjalik va boshqa faoliyatning ijtimoiy oqibatlari, shuningdek muhofaza etiladigan tabiiy hududlar, moddiy madaniy meros obyektlari, rekreatsiya zonalari va boshqa obyektlarga taʼsirining prognozi.
3. Texnik hisobot ushbu ilovaning 1 va 2-bandlariga qoʻshimcha ravishda quyidagilarni oʻz ichiga olishi lozim:
a) hududning hozirgi ekologik holati boʻlimida quyidagilar keltiriladi:
atrof-muhitning kimyoviy, fizik, biologik va boshqa ifloslanishlari boʻyicha aniqlashtirilgan koʻrsatkichlar;
muhandislik muhofazasi boʻyicha amalga oshirilgan chora-tadbirlar hamda ularning samaradorligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
b) salbiy oʻzgarishlar ehtimolini prognoz qilish boʻlimida quyidagilar keltiriladi:
atrof-muhit ifloslanishining tarkibiy qismlari boʻyicha prognoz qilingan koʻrsatkichlar miqdori toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
atrof-muhitga taʼsirning prognoz qilingan hisob-kitoblari va modellashtirish natijalari asosida taʼsir zonasi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
moʻljallangan xoʻjalik va boshqa faoliyat natijasida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan salbiy taʼsirlar (ifloslanish) tarqalishi ehtimoli mavjud hududlarning chegaralari, oʻlchami hamda konfiguratsiyasi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar.
4. Mavjud shaharsozlik faoliyati obyektlarining ixtisoslashuvini oʻzgartirish, ularni qayta qurish, rekonstruksiya qilish yoki tugatish uchun bajarilgan muhandislik-ekologiya izlanishlari natijalari boʻyicha tuzilgan texnik hisobotda qoʻshimcha ravishda mazkur obyektdan foydalanish davrida yuz bergan tabiiy va texnogen muhitdagi oʻzgarishlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar keltirilishi lozim.
5. Texnik hisobot quyidagi ilovalarni oʻz ichiga olishi lozim:
ekologik vazifalarni yechish uchun oʻtilgan togʻ kavlamalari kataloglari, shuningdek atrof-muhit tarkibiy qismlarining (tuproqlar, gruntlar, yer usti va yer osti suvlari) ifloslanishini oʻrganish natijalari boʻyicha jadvallar;
sanitariya-epidemiologik va tibbiy-biologik holatning oʻrganilganligi toʻgʻrisidagi statistik maʼlumotlar hamda boshqa tadqiqot materiallari.
6. Texnik hisobotning chizma qismi quyidagilarni oʻz ichiga olishi lozim:
hududning hozirgi ekologik holati xaritasi;
prognoz qilingan ekologik holat xaritasi;
ekologik hududlashtirish xaritasi;
geoekologik xaritalar (xaritani tuzish usuli bayon qilingan holda) hamda ifloslantiruvchi moddalar migratsiyasi, akkumulyatsiyasi va chiqib ketish yoʻllari hisobga olingan holda obyekt va unga yondosh hududning taʼsir zonasi sxemasi;
faktik materiallar xaritasi, shuningdek tabiiy landshaft, tuproq, oʻsimlik, oʻrmon va yer tuzish xaritalari hamda boshqa yordamchi kartografik materiallar.
7. Muhandislik-ekologiya izlanishlari oʻtkazilayotgan hududning hozirgi va prognoz qilinayotgan ekologik holati xaritalari (sxemalari) quyidagi masshtablarda tuzilishiga yoʻl qoʻyiladi:
taʼsir zonasi radiusidan kelib chiqqan holda 1:50 000 dan 1:10 000 gacha masshtabdagi topografik kartalar asosida;
hududning ekologik xaritalari (sxemalari) 1:5 000 — 1:2 000 masshtablarda, shuningdek tanlab olingan yer uchastkasi maydoni boʻyicha 1:1 000 masshtabda, yondosh hududlar uchun esa 1:25 000 — 1:10 000 masshtabdagi topografik kartalar asosida.
8. Ekologik holat xaritasi (sxemasi)da quyidagilar koʻrsatilishi lozim:
turli xil landshaftlarning tarqalishi;
hududning funksional zonalashtirilishi;
ifloslantirishning asosiy manbalari joylashuvi hamda ularning tavsifi;
ifloslantiruvchi moddalar migratsiyasi mumkin boʻlgan yoʻllar, shuningdek ifloslantiruvchi moddalar akkumulyatsiyasi ehtimoli mavjud uchastkalar;
muhofaza etiladigan tabiiy hududlar, shu jumladan chuchuk yer osti suvlari konlari shakllanadigan zonalar hamda cheklangan foydalanish talab etiladigan zonalar (maxsus huquqiy rejimli hududlar, ekologik cheklov zonalari);
suv tortib olish inshootlari guruhlarining joylashuvi;
xavfli gidrometeorologik hodisalar, geologik jarayonlar va texnogen taʼsirlarga, shuningdek shamol hamda suv eroziyasiga moyil hududlar;
moddiy madaniy meros obyektlarining joylashuvi;
gidrokimyoviy, geokimyoviy va radiatsiyaviy tadqiqotlar natijalari (tuproqdagi zaharli moddalar konsentratsiyasi koeffitsiyentlari izoliniyalari, yer usti, yer osti suvlari va oqova suv namunalari tarkibidagi ifloslantiruvchi moddalar konsentratsiyasi, atmosfera havosi va tuproq qatlamining radiatsiyaviy ifloslanishi va boshqalar) diagrammalar koʻrinishida.
9. Prognoz qilingan ekologik holat xaritasi (sxemasi)da taʼsirlar xususiyati va mahalliy sharoitlarning oʻziga xos jihatlaridan kelib chiqqan holda quyidagilar koʻrsatilishi lozim:
hududning tabiiy landshaft tuzilmasida kutilayotgan oʻzgarishlar (tuproq degradatsiyasi, choʻllanish jarayonlari, oʻsimliklar dunyosining transformatsiyasi, oʻrmon maydonlarining qisqarishi);
atrof-muhitning alohida tarkibiy qismlarida kutilayotgan oʻzgarishlar (grunt suvlari sathining koʻtarilishi, suv va tuproq eroziyasi, botqoqlanish, yer osti suvlari sathining koʻtarilishi, shoʻrlanish, deflyatsiya hamda boshqa xavfli jarayonlarning rivojlanishi);
turli tip va turdagi ifloslanishlarning taxmin qilingan tarqalish dinamikasi;
tabiiy muhit barqarorligi darajasi boʻyicha hududning umumiy bahosida kutilayotgan oʻzgarishlar.
ShNQ 1.02.05-24 “Qurilish uchun muhandislik-ekologiya izlanishlari” shaharsozlik normalari va qoidalariga 2-ILOVA
Markazlashtirilgan xoʻjalik-ichimlik suv taʼminoti uchun yer osti suv manbasining sifatini nazorat qilish koʻrsatkichlari
1. Suvning organoleptik koʻrsatkichlariga quyidagilar kiradi:
namuna olish paytidagi harorat, °C;
20 °C da hidi (sifat koʻrsatkichi va ballarda);
20 °C da taʼmi (sifat koʻrsatkichi va ballarda);
60 °C da hidi (sifat koʻrsatkichi va ballarda);
rangi, graduslarda;
loyqaligi, mg/dm³.
2. Suvning kimyoviy tarkibi koʻrsatkichlariga quyidagilar kiradi:
vodorod koʻrsatkichi (pH);
berilliy, mg/dm³;
bor, mg/dm3;
temir, mg/dm3;
marganes, mg/dm3;
mis, mg/dm3;
molibden, mg/dm3;
margimush (mishyak), mg/dm³;
nitratlar, mg/dm3;
umumiy qattiqlik, mmol/dm3;
permanganat oksidlanish, mgO/dm³;
XPK (kimyoviy kislorod sarfi), mgO/dm³;
qoʻrgʻoshin, mg/dm3;
selen, mg/dm3;
sulfid vodorod (H2S), mg/dm³;
stronsiy, mg/dm3;
sulfatlar, mg/dm3;
quruq qoldiq, mg/dm3;
erkin uglerod dioksidi (CO2), mg/dm³;
ftor, mg/dm3;
xloridlar, mg/dm3;
rux, mg/dm³;
sanoat, qishloq xoʻjalik va maishiy ifloslanishlar.
3. Suvning mikrobiologik koʻrsatkichlariga quyidagilar kiradi:
saprofitli bakteriyalarning 1 sm3 dagi soni;
ichak tayoqchalari guruhidagi bakteriyalarning (BGKP) 1 dm3 dagi soni.
