Qurilish obyektlarining arzon qum-shagʻal materiallariga boʻlgan talabini qondirish hamda ularning narxi barqaror boʻlishini taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida (39-son)
30.01.2026
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASINING
QARORI
Respublika hududida noruda materiallarni qazib olishni tartibga solish, qurilish obyektlarining arzon qum-shagʻal materiallariga boʻlgan talabini qondirish hamda noruda materiallarning narxi barqaror boʻlishini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
a) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Suv havzalarida noruda materiallarni qazib olishni tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2024-yil 17-yanvardagi PF-14-son Farmoniga muvofiq:
2024-yil 1-maydan boshlab Chirchiq, Sirdaryo, Sangzor, Zarafshon, Norin, Qashqadaryo va Surxondaryo daryolari oʻzanlaridagi noruda materiallarni qazib olishga muddatsiz moratoriy joriy qilingani;
Vazirlar Mahkamasi tomonidan moratoriy tatbiq etiladigan hududlar chegaralari belgilangani;
togʻ va togʻoldi hududlarda muqobil noruda foydali qazilma konlari va kichik sanoat zonalarini tashkil qilish nazarda tutilgani;
moratoriy davrida daryo oʻzanlari, sohilboʻyi mintaqalar va suvni muhofaza qilish zonalaridan qum-shagʻal materiallarini noqonuniy qazib olish natijasida tabiatga yetkazilgan zarar uchun undirish summalarini oʻn baravarga oshirilgan holda qoʻllash belgilangani;
b) daryolar oʻzanlaridan noruda materiallar qazib olinishini tartibga solish hamda muqobil noruda foydali qazilma konlari va kichik sanoat zonalarini tashkil qilish ishlari kechikishi natijasida qurilish-taʼmirlash ishlarida asosiy xomashyolardan boʻlgan noruda materiallarning tanqisligi yuzaga kelib, narxi oshib borayotgani;
v) Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi tomonidan Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi hamda Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi bilan birgalikda oʻtkazilgan oʻrganishlar davomida daryo va soy oʻzanlaridagi qum-shagʻal materiallari toʻplanib qolgan va tozalanishi lozim boʻlgan, toshqin xavfi boʻlgan sel suv omborlari hamda boshqa suv obyektlari, shuningdek, noruda materiallar mavjud muqobil kon va uchastkalar aniqlangani maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi hamda Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasining takliflariga muvofiq quyidagilar:
Daryo va soy oʻzanlarida qum-shagʻal materiallari toʻplanib qolgan va tozalanishi lozim boʻlgan uchastkalar roʻyxati 1-ilovaga muvofiq;
Respublikaning togʻ va togʻoldi hududlarida joylashgan noruda materiallarning mavjud muqobil kon va uchastkalari roʻyxati 2-ilovaga muvofiq;
Toshqin xavfi boʻlgan sel suv omborlari, daryolar oʻzanlari va boshqa suv obyektlarida qum-shagʻal materiallari toʻplanib qolgan va tozalanishi lozim boʻlgan dastlabki uchastkalar roʻyxati 3-ilovaga muvofiq;
Moratoriy hududiga tushgan noruda materiallar mavjud kon va uchastkalar roʻyxati 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi hamda Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligiga Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi bilan birgalikda daryo va soylar oʻzanini toʻplanib qolgan qum-shagʻal materiallaridan tozalash hamda qirgʻoqlarni mustahkamlash ishlarini jadallashtirish maqsadida, istisno tariqasida, ushbu qarorga:
1 va 3-ilovalarga muvofiq daryo va soy oʻzanlarida qum-shagʻal materiallari toʻplanib qolgan va tozalanishi lozim boʻlgan uchastkalar boʻyicha auksion savdolarini tashkil etishga;
1, 2 va 3-ilovalarga muvofiq uchastkalar boʻyicha taqdim etilgan atrof-muhitga taʼsirni baholash loyiha hujjatlarini davlat ekologik ekspertizasidan oʻtkazish hamda ular boʻyicha xulosalar berish muddatini yigirma kalendar kundan oʻn kalendar kungacha qisqartirishga ruxsat berilsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi ushbu qarorga 1 va 3-ilovalarda nazarda tutilgan daryo va soy oʻzanlarida qum-shagʻal materiallari toʻplanib qolgan hamda tozalash lozim boʻlgan uchastkalarga tadbirkorlik subyektlarini jalb qilish boʻyicha auksion oʻtkazilishi haqidagi xabarnomani eʼlon qilish muddatini oʻn besh kungacha (takroriy savdoda besh kun) qisqartirish choralarini koʻrsin.
5. Qashqadaryo, Namangan, Samarqand va Toshkent viloyatlari hokimliklari, Oʻzbekiston Respublikasi Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi hamda Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qoʻmitasi huzuridagi Kadastr agentligi:
Qishloq xoʻjaligi vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda maydalash-saralash qurilmalarini joylashtirish uchun tanlangan hamda ushbu qarorga 2-ilovaga muvofiq qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan 169 gektar sugʻorilmaydigan yer uchastkalarini tuman (shahar) hokimliklari tasarrufida boʻlgan boʻsh turgan yer uchastkasi sifatida hisobga olgan holda, ushbu yer uchastkalarining yer fondi toifasini oʻzgartirish boʻyicha takliflarni Qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan va oʻrmon fondi yerlarining yer fondi toifalarini oʻzgartirish masalalarini koʻrib chiqish boʻyicha Hukumat komissiyasiga kiritsin;
ikki oy muddatda noruda materiallarning muqobil kon va uchastkalariga yaqin hududda yer maydonini tanlab, maydalash-saralash qurilmalarini joylashtirish orqali inert materiallar ishlab chiqarish zonasini tashkil etish toʻgʻrisida kelishilgan takliflarni belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
“Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ, Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ va “Oʻzsuvtaʼminot” AJ bilan birgalikda maydalash-saralash qurilmalarini joylashtirish uchun tanlangan yer maydonida ishtirokchilarning oʻz mablagʻlari hisobidan muhandislik infratuzilmasi (avtomobil yoʻllari, temir yoʻl, elektr energiyasi, suv taʼminoti) tashkil etilishini taʼminlasin.
Bunda loyihalashtirish hujjatlarida energiya tejamkor texnologiyalardan (geliokollektor, issiqlik nasosi, quyosh fotoelektr stansiyalari, issiqlikni qayta tiklash-rekuperatsiya qilish va boshqalar) foydalanilishi nazarda tutilsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi:
a) ushbu qarorga 2-ilovaga muvofiq muqobil uchastkalarning toifasi sanoat, transport, aloqa, mudofaa va boshqa maqsadlarga moʻljallangan yerlar toifasiga oʻtkazilgandan soʻng bir oy muddatda Qashqadaryo, Namangan, Samarqand va Toshkent viloyatlari hokimliklari bilan birgalikda 4-ilovaga muvofiq moratoriyga tushgan daryo oʻzanlarida joylashgan noruda materiallar kon va uchastkalari uchun oʻringa-oʻrin “birinchi ariza” tamoyili asosida tegishli ruxsatnomalarni berish boʻyicha ikki tomonlama kelishuv bitimlarini imzolash choralarini koʻrsin;
b) Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qoʻmitasi huzuridagi Kadastr agentligi hamda Qishloq xoʻjaligi vazirligi bilan birgalikda:
yer uchastkalari ushbu qarorga asosan yangi maqsadlar uchun ajratilgandan soʻng Yer resurslarining holati boʻyicha milliy hisobotga tegishli oʻzgartirishlar kiritilishini;
yer uchastkalaridan maqsadli foydalanilishi ustidan qatʼiy davlat nazorati oʻrnatilishini taʼminlasin.
7. Qashqadaryo, Namangan, Samarqand va Toshkent viloyatlari hokimliklari maydalash-saralash qurilmalarini joylashtirish uchun tanlangan yer uchastkalari toifasi belgilangan tartibda oʻzgartirilgandan soʻng:
Oʻzbekiston Respublikasi Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qoʻmitasi huzuridagi Kadastr agentligi hamda Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi bilan birgalikda ikki hafta muddatda yer uchastkalarining “Yerelektron” AT orqali vakolatli organlar bilan kelishilishini;
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bilan birgalikda maydalash-saralash qurilmalarini joylashtirish uchun tanlangan yer uchastkalarini alohida lotlarga ajratgan holda, ularning belgilangan tartibda ijara huquqi asosida elektron-onlayn auksion orqali savdolarga chiqarilishini taʼminlasin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi bilan birgalikda:
muntazam ravishda daryo oʻzanlaridan tashqarida joylashgan mavjud konlarda tadbirkorlik subyektlari tomonidan qum-shagʻal, qurilish qumlari va qurilish toshlarini qazib olish boʻyicha noruda foydali qazilmalarni oʻz ichiga olgan yer qaʼri uchastkalaridan foydalanish huquqi uchun ruxsatnomaning foydalanish shartlarida koʻrsatilgan hajmlar bajarilishi ustidan tegishli nazorat oʻrnatsin;
ushbu qarorga ilovalarga muvofiq tasdiqlangan yer uchastkalarining atrof-muhitga taʼsirini baholash boʻyicha loyiha hujjatlari belgilangan tartibda davlat ekologik ekspertizasidan oʻtkazilishini taʼminlansin hamda ekologik ekspertiza xulosalari talablari bajarilishi ustidan qatʼiy nazorat oʻrnatsin;
ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi qonunchilik talablariga rioya etilmagan holatlar boʻyicha huquqbuzarlarga nisbatan belgilangan tartibda choralar koʻrib borsin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi hamda Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi bilan birgalikda ruxsatnoma (litsenziya) asosida qazib olinadigan qum-shagʻal aralashmasi, qurilish qumlari hamda qurilish toshlaridan samarali va maqsadli foydalanilishi ustidan doimiy nazorat oʻrnatilishini taʼminlash tavsiya etilsin.
10. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari J.A. Xodjayev, Oʻzbekiston Respublikasi togʻ-kon sanoati va geologiya vaziri B.F. Islamov hamda suv xoʻjaligi vaziri Sh.R. Xamrayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2026-yil 30-yanvar,
39-son
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 30-yanvardagi 39-son qaroriga 1-ILOVA
Daryo va soy oʻzanlarida qum-shagʻal materiallari toʻplanib qolgan va tozalanishi lozim boʻlgan uchastkalar
ROʻYXATI
Izoh. Mazkur ilovada keltirilgan prognoz koʻrsatkichlar (uchastkaning uzunligi, hajmi va koordinata nuqtalari) loyihalashtirish jarayonida (topografik tasvir, dala sharoitida oʻlchov ishlarini bajarish davomida) oʻzgartirilishi mumkin. Agar ushbu roʻyxatdagi daryo va soy uchastkalari joylashgan hududning (QFY, MFY) nomi oʻzgarganligi aniqlansa (uchastka koordinata nuqtalari mos kelishi lozim), tegishli mahalliy davlat hokimiyati organlarining tasdiqlovchi hujjatlariga muvofiq loyiha hujjatlariga tegishli oʻzgartirishlar kiritilishi mumkin.
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 30-yanvardagi 39-son qaroriga 2-ILOVA
Respublikaning togʻ va togʻoldi hududlarida joylashgan noruda materiallarning mavjud muqobil kon va uchastkalari
ROʻYXATI
Izoh. Mazkur ilovada keltirilgan prognoz koʻrsatkichlar (uchastkaning uzunligi, hajmi va koordinata nuqtalari) loyihalashtirish jarayonida (topografik tasvir, dala sharoitida oʻlchov ishlarini bajarish davomida) oʻzgartirilishi mumkin. Agar ushbu roʻyxatdagi uchastkalar joylashgan hududning (QFY, MFY) nomi oʻzgarganligi aniqlansa (uchastka koordinata nuqtalari mos kelishi lozim), tegishli mahalliy davlat hokimiyati organlarining tasdiqlovchi hujjatlariga muvofiq loyiha hujjatlariga tegishli oʻzgartirishlar kiritilishi mumkin.
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 30-yanvardagi 39-son qaroriga 3-ILOVA
Toshqin xavfi boʻlgan sel suv omborlari, daryolar oʻzanlari va boshqa suv obyektlarida qum-shagʻal materiallari toʻplanib qolgan va tozalanishi lozim boʻlgan dastlabki uchastkalar
ROʻYXATI
Izoh. Mazkur ilovada keltirilgan prognoz koʻrsatkichlar (uchastkaning uzunligi, hajmi va koordinata nuqtalari) loyihalashtirish jarayonida (topografik tasvir, dala sharoitida oʻlchov ishlarini bajarish davomida) oʻzgartirilishi mumkin. Agar ushbu roʻyxatdagi daryo va soy uchastkalari joylashgan hududning (QFY, MFY) nomi oʻzgarganligi aniqlansa (uchastka koordinata nuqtalari mos kelishi lozim), tegishli mahalliy davlat hokimiyati organlarining tasdiqlovchi hujjatlariga muvofiq loyiha hujjatlariga tegishli oʻzgartirishlar kiritilishi mumkin.
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 30-yanvardagi 39-son qaroriga 4-ILOVA
Moratoriy hududiga tushgan noruda materiallar mavjud kon va uchastkalar
ROʻYXATI
