Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari huzuridagi mediatorlar malaka komissiyalari toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida (3767-son)
02.02.2026
Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining
buyrugʻi
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2026-yil 2-fevralda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3767]
Oʻzbekiston Respublikasining “Mediatsiya toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq buyuraman:
1. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari huzuridagi mediatorlar malaka komissiyalari toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Ushbu buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Vazir A. TASHKULOV
Toshkent sh.,
2026-yil 30-yanvar,
3-mh-son
Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2026-yil 30-yanvardagi 3-mh-son buyrugʻiga ILOVA
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari huzuridagi mediatorlar malaka komissiyalari toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari huzuridagi mediatorlar malaka komissiyalari (bundan buyon matnda malaka komissiyalari deb yuritiladi) faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
murojaat — mediatorlarning noqonuniy xatti-harakatlari yuzasidan jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari, shuningdek huquqni muhofaza qiluvchi organlarning taqdimnomalari va xat-xabarlari;
malaka imtihoni — Mediatorlar reyestriga (bundan buyon matnda Reyestr deb yuritiladi) kirish istagida boʻlgan shaxslarning mediatsiya toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlari hamda mediatsiyani amalga oshirish boʻyicha bilim va malakasini aniqlash jarayoni;
intizomiy ish yuritish — mediatorlar tomonidan mediatsiya toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlari, Mediatorning kasb etikasi qoidalari (roʻyxat raqami 3741, 2026 yil 5 yanvar) (bundan buyon matnda Mediatorning kasb etikasi qoidalari deb yuritiladi) buzilishi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari (bundan buyon matnda hududiy adliya organlari deb yuritiladi) tomonidan aniqlanganligi, mediatorlarning noqonuniy xatti-harakatlari yuzasidan murojaatlar, sudning mediatorlarga nisbatan chiqargan xususiy ajrimi boʻyicha malaka komissiyasi tomonidan oʻtkaziladigan oʻrganish;
talabgor — Reyestrga kirish maqsadida malaka imtihonida ishtirok etish uchun murojaat qilgan jismoniy shaxs.
2. Malaka komissiyalari mediatorlarni Reyestrga kiritish uchun malaka imtihonini oʻtkazish va ularning intizomiy javobgarligi bilan bogʻliq ishlarni koʻrib chiqish maqsadida tuziladi.
3. Malaka komissiyalari oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasining qonunchilik hujjatlariga, Mediatorning kasb etikasi qoidalariga va mazkur Nizomga amal qiladi.
4. Malaka komissiyasi oʻz vakolatlari doirasida qarorlar qabul qilishda mustaqil hisoblanadi va uning faoliyatiga aralashishga yoʻl qoʻyilmaydi.
5. Malaka komissiyalarining moddiy-texnika taʼminoti tegishliligi boʻyicha hududiy adliya organlari tomonidan amalga oshiriladi.
2-bob. Malaka komissiyalarining huquq va majburiyatlari
6. Malaka komissiyasi oʻz zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarish uchun quyidagi huquqlarga ega:
mazkur Nizomda nazarda tutilgan murojaatlarni koʻrib chiqish;
zarur boʻlganda, mediatorlar, manfaatdor shaxslar va tegishli tashkilotlardan qoʻshimcha hujjatlarni soʻrab olish;
malaka imtihonlari natijalari boʻyicha qarorlar qabul qilish;
intizomiy ish yuritishni koʻrib chiqish natijalari boʻyicha qarorlar qabul qilish.
7. Malaka komissiyalari oʻz zimmalariga yuklatilgan vazifalarni bajarishda quyidagilarga majbur:
malaka komissiyasiga kiritilgan masalalarni har tomonlama va xolisona koʻrib chiqish;
qonunchilik hujjatlariga, Mediatorning kasb etikasi qoidalariga va mediatsiyaning asosiy prinsiplariga qatʼiy rioya etish;
mediatsiyaning maxfiyligini taʼminlash choralarini koʻrish;
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Mediatorlar oliy malaka komissiyasining (bundan buyon matnda Oliy malaka komissiyasi deb yuritiladi) qarorlarini ijro etish.
3-bob. Malaka komissiyalarining faoliyatini tashkil etish
8. Malaka komissiyasi mediatorlar, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari, hududiy adliya organlarining hamda boshqa tashkilotlarning huquq sohasida tajribaga ega boʻlgan xodimlari orasidan yetti nafar aʼzodan iborat boʻlgan tarkibda hududiy adliya organlari birinchi rahbarining buyrugʻi bilan uch yil muddatga tasdiqlanadi.
Bunda, malaka komissiyasining aʼzoligiga mediatorlardan nomzodlar mediatorlik faoliyati boʻyicha kamida ikki yillik ish stajiga ega boʻlgan mediatorlar orasidan tanlab olinadi.
9. Bir shaxs bir vaqtning oʻzida malaka komissiyasining va Oliy malaka komissiyasi aʼzosi boʻlishi mumkin emas.
10. Hududiy adliya organlarining notariat, advokatura va mediatsiya sohasiga rahbarlik qiluvchi oʻrinbosari malaka komissiyasi raisi hisoblanadi.
Hududiy adliya organlari notariat, advokatura va mediatsiya boʻlimining (shoʻbasining) mediatsiya sohasi boʻyicha masʼul xodimi malaka komissiyasi kotibi (bundan buyon matnda kotib deb yuritiladi) etib tayinlanadi.
Kotib malaka komissiyasi aʼzosi hisoblanmaydi va majlislarda ovoz berish huquqiga ega boʻlmaydi.
11. Quyidagi holatlarda malaka komissiyasi aʼzosi malaka komissiyasi tarkibidan chiqariladi:
oʻz arizasiga binoan;
mediatorning faoliyati toʻxtatib turilganda yoki mediator Reyestrdan chiqarilganda;
hududiy adliya organlari va boshqa tashkilotlar xodimlarining ish joyi oʻzgarganda yoki xodimlar ishdan boʻshatilganda;
malaka komissiyasi aʼzosi tomonidan mazkur Nizom talablari qoʻpol ravishda buzilganda;
malaka komissiyasi aʼzosi sogʻligʻining holatiga koʻra vazifalarini bajarish imkoni boʻlmaganda;
malaka komissiyasi aʼzosi komissiya yigʻilishlarida ketma-ket uch marta uzrli sabablarsiz ishtirok etmagan taqdirda.
Ushbu bandning beshinchi — yettinchi xatboshilarida nazarda tutilgan asoslar boʻyicha malaka komissiyasi aʼzosini malaka komissiyasi tarkibidan chiqarish masalasi komissiya raisi tomonidan navbatdagi malaka komissiyasi majlisiga kiritiladi.
Malaka komissiyasi aʼzosini komissiya tarkibidan chiqarish toʻgʻrisidagi qaror komissiya aʼzolarining koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi.
Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran uch ish kuni ichida komissiya tarkibidan chiqarilgan komissiya aʼzosiga yozma ravishda maʼlum qilinadi.
Malaka komissiyasi aʼzosi komissiya tarkibidan chiqarilganligi toʻgʻrisidagi qarorni olgan kundan eʼtiboran bir oy muddatda Oliy malaka komissiyasiga yoki sudga shikoyat qilishi mumkin.
Malaka komissiyasi aʼzosini ushbu bandning ikkinchi — yettinchi xatboshilarida nazarda tutilmagan asoslar boʻyicha komissiya tarkibidan chiqarilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Malaka komissiya tarkibidan chiqarilgan aʼzo oʻrniga malaka komissiyasi raisi taqdimnomasiga koʻra, hududiy adliya organi rahbarining buyrugʻi bilan yangi komissiya aʼzosi kiritiladi.
12. Malaka komissiyasining aʼzosi boʻlgan mediatorga nisbatan intizomiy ish yuritish koʻrib chiqilayotganda yoki malaka komissiyasi aʼzosidan malaka imtihoni qabul qilinayotganda ular tegishli malaka komissiyasi majlisida qatnashishga haqli emas.
Malaka komissiyasi aʼzosi:
malaka komissiyasi majlisida koʻrilayotgan masalalar boʻyicha talabgor, mediator va boshqa manfaatdor shaxsning yaqin qarindoshi boʻlsa;
malaka komissiyasi majlisining natijasidan va unda qabul qilinadigan qarordan bevosita yoki bilvosita manfaatdor boʻlsa yoxud uning begʻarazligiga shubha tugʻdiradigan boshqa holatlar mavjud boʻlsa, malaka komissiyasi majlisida ishtirok etishi mumkin emas va u rad etilishi lozim.
Mazkur bandning uchinchi va toʻrtinchi xatboshilarida koʻrsatilgan holatlar mavjud boʻlgan taqdirda, malaka komissiyasi aʼzosi oʻzini oʻzi rad etishi shart. Agar u bunday qilmasa, ayni shu asoslar boʻyicha malaka komissiyaning boshqa aʼzolari tomonidan, shuningdek masalasi koʻrilayotgan talabgorlar, mediatorlar va boshqa manfaatdor shaxslar tomonidan rad etilishi mumkin.
Rad etish haqidagi bayonot asoslantirilgan boʻlishi kerak.
Rad etilishi bildirilgan malaka komissiyasi aʼzosi rad etish toʻgʻrisidagi masala koʻrilishidan oldin oʻz tushuntirishini berishga haqli.
Rad etish toʻgʻrisidagi masala rad qilinayotgan shaxsning yoʻqligida malaka komissiyasining qolgan aʼzolari tomonidan koʻpchilik ovozi bilan hal etiladi. Ovozlar teng boʻlib qolgan taqdirda ham, ushbu komissiya aʼzosi rad etilgan hisoblanadi.
13. Malaka komissiyasi raisi uzrli sabablarga koʻra (kasalligi, yaqin qarindoshlarining vafoti, mehnat taʼtili, Oʻzbekiston Respublikasidan tashqarida boʻlishi sababli) ishda boʻlmagan hollarda hududiy adliya organi rahbarining buyrugʻi bilan uning boshqa oʻrinbosari vaqtincha malaka komissiyasi raisi etib tayinlanadi.
14. Malaka komissiyasi raisi komissiyaning navbatdagi yigʻilishi oʻtkaziladigan kun va vaqtni belgilaydi, shuningdek komissiya yigʻilishlarini oʻtkazadi va ularga rahbarlik qiladi.
15. Malaka komissiyasi raisi komissiya ishini tashkil qilish hamda uning oʻz vaqtida, toʻgʻri va haqqoniy oʻtkazilishi uchun masʼul hisoblanadi.
16. Malaka komissiyasi majlisi, agar unda tegishli komissiya aʼzolarining kamida uchdan ikki qismi qatnashsa, vakolatli (kvorumga ega) hisoblanadi.
Vakolatli (kvorumga ega) boʻlmagan holda tegishli komissiyaning majlisda hozir boʻlgan aʼzolari tomonidan majlisni keyinga qoldirish toʻgʻrisida qaror qabul qilinadi hamda manfaatdor shaxslar majlis oʻtkaziladigan sana, vaqt va joy haqida qoʻshimcha ravishda xabar qilinadi.
17. Malaka komissiyasining majlislarida Oliy malaka komissiyasining aʼzolari ovoz berish huquqisiz kuzatuvchi sifatida ishtirok etishga haqli.
18. Malaka komissiyasining majlislari zaruratga qarab, lekin bir oyda kamida bir marta oʻtkaziladi.
Malaka komissiyasi raisi komissiya majlisi oʻtkazilishidan kamida yetti kun oldin majlisning kun tartibi, sanasi, vaqti va joyini belgilaydi.
Kotib komissiya majlisi oʻtkazilishidan kamida besh kun oldin majlis oʻtkaziladigan sana, vaqt va joy haqida komissiya majlisida ishtirok etadigan manfaatdor shaxslarni yozma yoki elektron shaklda xabardor qiladi.
19. Malaka komissiyasining qarorlari uning majlisida qatnashayotgan komissiya aʼzolarining oddiy koʻpchilik ovozi bilan, ochiq ovoz berish orqali qabul qilinadi. Ovozlar teng boʻlganda, raislik qiluvchining ovozi hal qiluvchi ovoz hisoblanadi.
Malaka komissiyasining qarorlari ular qaysi majlisda qabul qilingan boʻlsa, oʻsha majlisda raislik qiluvchi tomonidan eʼlon qilinadi.
20. Malaka komissiyasining ishini yuritish kotib tomonidan amalga oshiriladi.
21. Kotib:
malaka imtihonini topshirish boʻyicha talabgorlarning ariza va hujjatlarini oʻrganib chiqadi;
intizomiy ish yuritishga taalluqli hujjatlarni qabul qiladi;
malaka komissiyasi majlisida koʻrib chiqish uchun materiallarni tayyorlashni amalga oshiradi va ularning saqlanishini taʼminlaydi;
malaka komissiyasi aʼzolarini, shuningdek qaysi mediatorga nisbatan intizomiy ish yuritish olib borilayotgan boʻlsa, oʻsha mediatorni va boshqa manfaatdor shaxslarni komissiya majlisi oʻtkaziladigan sana, vaqt va joy toʻgʻrisida xabardor qiladi;
malaka komissiyasi aʼzolari va manfaatdor shaxslarning majlisda hozir boʻlganligini tekshiradi, hozir boʻlmaganlik sabablarini aniqlaydi va bu haqida malaka komissiyasiga axborot beradi;
intizomiy ish yuritish bilan bogʻliq maʼlumot olish uchun tegishli tashkilotlar yoki shaxslarga soʻrovnoma yuborilishini tashkil etadi;
malaka komissiyasi majlislarining bayonnomalarini yuritadi;
malaka imtihonini topshirgan va topshirmagan talabgorlarning hisobini yuritadi;
raislik qiluvchining malaka komissiyasi majlisiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish bilan bogʻliq boshqa topshiriqlarini, shuningdek mazkur Nizomga muvofiq boshqa vazifalarni ham bajaradi.
22. Malaka komissiyasi majlislarida manfaatdor shaxslar, shu jumladan talabgorlar videokonferensaloqa tizimida ishtirok etishi mumkin.
23. Malaka komissiyasining majlislarida bayonnoma yuritiladi, u majlisda raislik etuvchi va kotib tomonidan imzolanadi.
Malaka komissiyasining qaroridan norozi boʻlgan malaka komissiyasining aʼzosi komissiya majlisining bayonnomasiga kiritiladigan oʻzining nuqtai nazarini yozma yoki elektron shaklda bayon etishga haqli.
Malaka komissiyasi majlislari bayonnomasi yozma yoki elektron shaklda rasmiylashtirilishi mumkin.
24. Malaka komissiyasi majlisining kun tartibiga kiritilgan masalalarga qarab, bayonnomada:
majlis oʻtkazilgan sana va joy (videokonferensaloqa orqali majlis oʻtkazilganda, bu haqida alohida koʻrsatiladi);
majlisda qatnashgan malaka komissiyasi aʼzolarining roʻyxati;
majlisning kun tartibi;
talabgorlar toʻgʻrisidagi maʼlumot;
talabgor tomonidan malaka imtihonini topshirish uchun tasodifiy tanlangan savollar mazmuni va javoblari;
malaka komissiyasi aʼzolari tomonidan berilgan qoʻshimcha savollar va talabgorning javoblari;
baholash byulletenlaridagi ballarni hisoblash natijalari, shu jumladan talabgor tomonidan toʻplangan ballar;
murojaatlar mazmuni;
intizomiy ish yuritishga oid holatlar, malaka komissiyasi aʼzolarining, manfaatdor shaxslarning soʻzga chiqishlari hamda tegishli tashkilotlar tomonidan taqdim etilgan hujjatlarning asosiy mazmuni;
intizomiy ish yuritishni koʻrib chiqish natijalari boʻyicha ovoz berish yakunlari;
malaka komissiyasi aʼzolari tomonidan bildirilgan fikrlar;
majlisning kun tartibiga kiritilgan har bir masala boʻyicha qarorlar;
malaka komissiyasi qarorlari ustidan shikoyat qilish tartibi;
qaror qabul qilish uchun zarur boʻlgan boshqa maʼlumotlar aks ettiriladi.
Baholash byulletenlari va malaka komissiyasi aʼzolari roʻyxati majlis bayonnomasiga ilova qilinadi.
25. Malaka komissiyasi majlisining bayonnomasidan koʻchirmalar qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran uch ish kunidan kechiktirmay kotibning imzosi (elektron imzosi) bilan manfaatdor shaxslarga yozma yoki elektron shaklda yuboriladi.
Malaka komissiyasi majlisi bayonnomasidan koʻchirmalarda komissiya majlisi oʻtkazilgan sana va joy toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, komissiya majlisining kun tartibiga kiritilgan qismidagi, tegishli manfaatdor shaxslarga taalluqli boʻlgan masala boʻyicha qaror va ushbu qaror ustidan shikoyat qilish tartibi bayon etiladi.
4-bob. Talabgorlardan malaka imtihonini qabul qilish
26. Malaka imtihoni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 1-apreldagi 140-son qarori bilan tasdiqlangan Jismoniy shaxslarni Mediatorlar reyestriga kiritish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatishning maʼmuriy reglamentiga muvofiq talabgorlar hujjat topshirgan kundan eʼtiboran bir oy ichida oʻtkaziladi.
27. Talabgorlar malaka komissiyasining majlisiga uzrli sabablarga koʻra (kasalligi, yaqin qarindoshlarining vafoti, mehnat taʼtili, Oʻzbekiston Respublikasidan tashqarida boʻlishi sababli) ishtirok eta olmasa, bu haqida malaka komissiyasi majlisi boshlanishidan avval, uzrli sabablarni bayon qilgan holda xabar berishi shart. Bunda, kotib talabgorga navbatdagi malaka komissiyasida mazkur Nizomning 18-bandida belgilangan muddatda majlis oʻtkaziladigan sana, vaqt va joy toʻgʻrisida xabardor qiladi.
28. Kotib malaka imtihonida ishtirok etadigan talabgorlar roʻyxatini va talabgorlar haqidagi maʼlumotlarni malaka komissiyasi aʼzolariga malaka imtihoni oʻtkaziladigan kundan kamida bir ish kuni oldin taqdim etadi.
Malaka imtihonida ishtirok etadigan talabgorlar roʻyxatiga avvalgi malaka imtihonida uzrli sabablarga koʻra ishtirok etmagan talabgorlar ham kiritiladi.
29. Malaka imtihoni barcha talabgorlar uchun bitta xonada, ogʻzaki suhbat tarzida oʻtkaziladi.
Malaka imtihoni oʻtkazilayotgan xonada begona shaxslarning boʻlmasligi ular joylashgan joy shovqindan holi, yorugʻ boʻlishi va videotasvir tiniq koʻrinishi lozim.
Malaka imtihoni videokonferensaloqa rejimida oʻtkazilgan hollarda, malaka komissiyasi aʼzolari talabgor bilan videokonferensaloqa rejimida muloqot qilishni boshlashdan avval, talabgor joylashgan joyda boshqa shaxslarning yoʻqligiga ishonch hosil qilish uchun talabgordan joyning 360 gradus aylanasini koʻrsatishni talab qilishi lozim.
Malaka imtihoni jarayoni audio va videoyozuvlarda qayd etib boriladi hamda hududiy adliya organlarining ijtimoiy tarmoqlari va (yoki) rasmiy veb-saytida real vaqt rejimida translyatsiya qilinadi.
30. Malaka imtihoni uchun Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan mediatorlarni tayyorlash dasturi asosida oʻqitilgan mavzular doirasida savollar roʻyxati tuziladi hamda Oliy malaka komissiyasi raisi tomonidan tasdiqlanadi.
Savollar roʻyxati Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining rasmiy veb-saytida eʼlon qilinib, qonunchilikka kiritilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalarga asosan doimiy ravishda yangilab boriladi.
31. Malaka imtihoni uchta savoldan iborat boʻlib, savollar talabgor tomonidan malaka imtihoni topshirilayotgan vaqtda elektron dastur orqali tasodifiy tarzda tanlanadi hamda talabgorga imtihon savollariga tayyorlanish uchun 15 daqiqa vaqt beriladi.
Bunda, malaka imtihoni videokonferensaloqa rejimida oʻtkazilgan hollarda tayyorlanish uchun qoʻshimcha vaqt berilmaydi.
32. Imtihon savollariga javob berishga tayyorlanishda talabgorlarga:
boshqa talabgorlar bilan suhbatlashish;
axborot manbai sifatida xizmat qilishi mumkin boʻlgan qonunchilik hujjatlaridan, adabiyotlardan, har qanday turdagi texnika vositalari yoki boshqa hujjatlar va vositalardan foydalanish;
imtihon savollariga javob bermasdan oldin xonani tark etish yoki videokonferensaloqani cheklash (toʻxtatish) taqiqlanadi.
33. Videokonferensaloqa yordamida malaka imtihonini topshirish jarayonida savollar tanlangandan soʻng texnik nosozliklar sababli videokonferensaloqada uzilishlar yuzaga kelgan taqdirda, videokonferensaloqa qayta tiklangandan soʻng malaka imtihoni savollari takroran tanlanadi.
34. Malaka komissiyasi aʼzolari tomonidan elektron dastur orqali tanlangan savollarga berilgan javoblarni aniqlashtirish maqsadida qoʻshimcha savollar berilishi mumkin.
Bunda, qoʻshimcha savollar tanlangan savollar doirasidan chetga chiqmasligi lozim.
35. Malaka imtihoni natijasini aniqlash uchun komissiyaning har bir aʼzosi boshqa aʼzolardan mustaqil holda mazkur Nizomning 1-ilovasiga muvofiq shaklda baholash byulletenida talabgorning savollarga bergan javobini 10 ballik tizimda baholaydi.
Bunda, malaka komissiyasining har bir aʼzosi talabgorni quyidagi mezonlarga asosan baholaydi:
berilgan savollarga toʻliq va aniq javob berishi, faoliyat sohasi bilan bogʻliq tizimli bilimlarga ega boʻlishi, ulardan oʻz kasb faoliyatida mustaqil foydalanishni bilishi — 9-10 ball;
berilgan savollarga aniq, biroq toʻliq javob berolmasligi, faoliyat sohasi bilan bogʻliq bilimlarga ega boʻlishi, ulardan oʻz kasb faoliyatida foydalanishni bilishi — 7-8 ball;
berilgan savollarga toʻliq javob berolmasligi, faoliyat sohasi bilan bogʻliq bilimlarga yetarli darajada ega boʻlishi, ulardan oʻz kasb faoliyatida foydalanishni bilishi — 5-6 ball;
berilgan savollarga noaniq javob berishi, faoliyat sohasi bilan bogʻliq bilimlarga ega boʻlishi, ulardan oʻz kasb faoliyatida foydalanishni bilmasligi — 3-4 ball;
berilgan savollarga noaniq javob berishi, faoliyat sohasi bilan bogʻliq bilimlarga yetarli darajada ega emasligi — 1-2 ball;
berilgan savollarga umuman javob bera olmasligi — 0 ball.
36. Talabgorlar imtihon savollariga javob berib boʻlgandan keyin malaka imtihoni oʻtkazilgan xonani tark etishi kerak.
Videokonferensaloqa yordamida malaka imtihonida ishtirok etgan talabgorlar malaka imtihoni yakunlanguniga qadar videokonferensaloqada qolishi mumkin. Bunda, malaka komissiyasi aʼzolari tomonidan ovoz berish va baholash jarayonlari amalga oshirilayotgan vaqtda talabgorlar uchun audio va video aloqadan foydalanish cheklanadi.
37. Malaka imtihoni yakunlari boʻyicha malaka komissiyasi aʼzolari tomonidan talabgorga qoʻyilgan ballar komissiya kotibi tomonidan hisoblab chiqariladi. Hisoblash natijalari mazkur Nizomning 2-ilovasiga muvofiq shakldagi yigʻma baholash byulleteniga kiritiladi va komissiya aʼzolariga taqdim etiladi.
Talabgor toʻplagan ball toʻplanishi mumkin boʻlgan eng yuqori ballning 56 foizidan kam boʻlmagan taqdirda, talabgorni malaka imtihonini topshirgan deb topish toʻgʻrisida malaka komissiyasining qarori qabul qilinadi.
Talabgor toʻplagan ball toʻplanishi mumkin boʻlgan eng yuqori ballning 56 foizidan kam boʻlgan taqdirda, talabgorni malaka imtihonini topshirmagan deb topish toʻgʻrisida malaka komissiyasining qarori qabul qilinadi.
38. Malaka imtihoni natijalari talabgorlar ishtirokida malaka komissiyasi raisi tomonidan oʻqib eshittiriladi.
39. Malaka imtihoniga oid hujjatlar uch yil mobaynida hududiy adliya organlarida saqlanadi.
40. Malaka komissiyasining talabgorlarni malaka imtihonini topshirgan deb topish toʻgʻrisidagi qarori talabgorlarni Reyestrga kiritish uchun asos boʻladi.
5-bob. Mediatorlarga nisbatan intizomiy ish yuritish
41. Intizomiy ish yuritishni qoʻzgʻatish uchun quyidagilar asos boʻladi:
mediatsiya toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlarining, Mediatorning kasb etikasi qoidalarining mediatorlar tomonidan buzilish holatlari hududiy adliya organlari tomonidan aniqlanganligi;
murojaatlar;
sudning mediatorga nisbatan chiqargan xususiy ajrimi.
42. Intizomiy ish yuritishni qoʻzgʻatish masalasini koʻrib chiqish boʻyicha murojaatlar hududiy adliya organlari tomonidan roʻyxatga olinadi hamda barcha hujjatlar bilan birga kotibga topshiriladi.
Kotib intizomiy ish bilan bogʻliq hujjatlarni oʻrganib chiqib, mediator tomonidan mediatsiya toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlarining, Mediatorning kasb etikasi qoidalarining buzilganligini koʻrsatuvchi asoslar mavjud yoki mavjud emasligi haqida malaka komissiyasi raisiga axborot beradi.
Malaka komissiyasi raisi mediator tomonidan mediatsiya toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlarining, Mediatorning kasb etikasi qoidalarining buzilganligini koʻrsatuvchi asoslar mavjud boʻlgan hollarda murojaatni navbatdagi malaka komissiyasida koʻrib chiqish haqida qaror qabul qiladi va bu haqda murojaat muallifi xabardor qilinadi.
Murojaat malaka komissiyasi majlisida koʻrib chiqilmasligi haqida qaror qabul qilingan taqdirda, murojaat muallifiga asoslantirilgan javob xati yuboriladi.
43. Mediatorlar yoki boshqa manfaatdor shaxslar malaka komissiyasi majlisining oʻtkaziladigan sanasi, vaqti va joyi toʻgʻrisida belgilangan tartibda xabardor qilinganligiga qaramasdan malaka komissiyasining majlisida ishtirok etmagan taqdirda, malaka komissiyasining qarori bilan murojaatni koʻrib chiqish keyingi majlisga qoldirilishi yoki uning ishtirokisiz koʻrib chiqilishi mumkin.
Murojaatni koʻrib chiqishni ikki martadan ortiq keyingi majlisga qoldirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Mediatorlarning noqonuniy harakatlari yuzasidan murojaatlarni koʻrib chiqish natijalari boʻyicha malaka komissiyasi intizomiy ish yuritishni qoʻzgʻatish yoki intizomiy ish yuritishni qoʻzgʻatishni rad qilish haqida qaror qabul qiladi.
Malaka komissiyasi intizomiy ish yuritishni qoʻzgʻatish haqida qaror qabul qilgan taqdirda, intizomiy ish yuritish komissiyaning mazkur majlisida koʻrib chiqiladi.
Agar intizomiy ish yuritishni koʻrib chiqishda malaka komissiyasi ayrim masalalarni qoʻshimcha oʻrganish talab qilinadi degan xulosaga kelsa, komissiya qarori bilan intizomiy ish yuritish qoʻzgʻatilib, qoʻshimcha oʻrganish uchun kotibga qaytariladi va intizomiy ishni koʻrib chiqish keyingi malaka komissiyasiga qoldiriladi.
Qoʻshimcha oʻrganish natijalari malaka komissiyasiga kotib tomonidan navbatdagi malaka komissiyasi majlisidan kamida bir ish kuni avval taqdim qilinishi kerak.
44. Kotib qaysi mediatorga nisbatan intizomiy ish yuritish qoʻzgʻatilgan boʻlsa, mediatorning soʻroviga koʻra, oʻsha mediatorni ish materiallari bilan tanishtirishi kerak.
Mediatorga nisbatan intizomiy ish qoʻzgʻatilishiga asos boʻlgan murojaat muallifini intizomiy ish yuritish toʻgʻrisidagi materiallar bilan tanishtirish va ulardan nusxa berish mediatsiyaning maxfiylik prinsiplariga qatʼiy rioya etilgan holda amalga oshirilishi lozim.
45. Oʻziga nisbatan intizomiy ish koʻrib chiqilayotgan mediator:
intizomiy ish yuritishga asos boʻlgan barcha materiallar bilan tanishib chiqishga va oʻz hisobidan qogʻoz yoki elektron shaklda nusxa olishga;
intizomiy ish yuritish holatlari boʻyicha yozma yoki elektron shaklda tushuntirishlar berishga, qoʻshimcha maʼlumotlar taqdim etishga;
malaka komissiyasiga holat yuzasidan aniqlik kiritish uchun zarur boʻlgan maʼlumotga ega boʻlgan shaxslarni komissiya yigʻilishiga taklif qilish va tushuntirishlarini eshitish toʻgʻrisida iltimosnoma kiritishga;
malaka komissiyasi yoki Oliy malaka komissiyasi qaror qabul qilguniga qadar (agar bu uning koʻrib chiqish predmeti boʻlsa) intizomiy ish qoʻzgʻatilishiga sabab boʻlgan shikoyatni bergan shaxs bilan yarashuv choralarini koʻrishga;
intizomiy ish yuritish jarayonida advokat xizmatidan foydalanishga haqli.
Mediatorga nisbatan intizomiy ish yuritish qoʻzgʻatish uchun asos boʻlgan murojaat muallifi:
mazkur Nizomning 44-bandiga asosan intizomiy ish yuritish qoʻzgʻatilishiga asos boʻlgan barcha materiallar bilan tanishib chiqishga va qogʻoz yoki elektron shaklda oʻz hisobidan nusxa olishga;
intizomiy ish yuritish holatlari boʻyicha yozma shaklda tushuntirishlar berishga, qoʻshimcha maʼlumotlar taqdim etishga;
malaka komissiyasiga holat yuzasidan aniqlik kiritish uchun zarur boʻlgan maʼlumotga ega boʻlgan shaxslarni komissiya yigʻilishiga taklif qilish va tushuntirishlarini eshitish toʻgʻrisida iltimosnoma kiritishga;
intizomiy ish yuritish jarayonida advokat xizmatidan foydalanishga haqli.
46. Malaka komissiyasi tomonidan mediatorlar mediatsiya toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlari talablari, Mediatorning kasb etikasi qoidalarini muntazam ravishda yoki bir marta qoʻpol ravishda buzgan, mediatorlarning shaʼni va qadr-qimmatiga dogʻ tushiradigan hamda mediatsiya sohasining obroʻsini tushiradigan qilmish sodir etgan deb topilgan taqdirda, yarashuv qabul qilinmasdan, intizomiy ish yuritish mazmunan koʻrib chiqiladi.
47. Mediatorlarning noqonuniy xatti-harakatlari yuzasidan murojaatlarni koʻrib chiqishda, shuningdek intizomiy ish yuritish jarayonida quyidagi holatlar aniqlangan taqdirda, intizomiy ish yuritishni qoʻzgʻatish rad etiladi, qoʻzgʻatilgan intizomiy ish yuritish tugatiladi:
koʻrib chiqilayotgan yoki intizomiy ish yuritishni qoʻzgʻatish uchun asos boʻlgan murojaat anonim ekanligi yoki unda koʻrsatilgan muallif haqidagi maʼlumotlar haqiqatga toʻgʻri kelmasligi;
murojaat mediatsiya taraflari boʻlmagan uchinchi shaxslar tomonidan asossiz maʼlumotlar asosida berilganligi;
koʻrib chiqilayotgan holat yuzasidan mediatorni intizomiy javobgarlikka tortish muddati oʻtib ketganligi;
aynan shu mediatorga nisbatan aynan shu holatlar boʻyicha muqaddam tegishli qaror qabul qilinganligi;
aynan shu mediatorga nisbatan aynan shu holatlar boʻyicha muqaddam advokat yoki notarius sifatida intizomiy javobgarlikka tortilganligi;
koʻrib chiqilayotgan holat mediatorlik faoliyatiga taalluqli emasligi;
murojaatda koʻrsatilgan mediator Reyestrda mavjud emasligi.
48. Intizomiy ish yuritishni qoʻzgʻatish masalasini koʻrib chiqish yoki intizomiy ish yuritish jarayonida koʻrib chiqilayotgan murojaatda jinoyat toʻgʻrisidagi xabar mavjudligi aniqlansa, malaka komissiya qarori bilan intizomiy ish yuritishni toʻxtatadi va materiallarni tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organga yuboradi, natijasi boʻyicha maʼlumot olish choralarini koʻradi.
Huquqni muhofaza qiluvchi organ tomonidan mediatorga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatish rad etilgan taqdirda intizomiy ish yuritish tiklanadi va umumiy tartibda koʻrib chiqiladi.
49. Malaka komissiyasi tomonidan mediatorlarga nisbatan intizomiy jazo choralari qoʻllash toʻgʻrisida qaror qabul qilinishida sodir etilgan huquqbuzarlikning ogʻirligi, uning sodir etilgan holatlari, mediatorlarning oldingi faoliyati va xulq-atvori eʼtiborga olinadi.
Intizomiy javobgarlikka tortilgan kundan eʼtiboran bir yil ichida mediator tomonidan takroran mediatsiya toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlari talablari va Mediatorning kasb etikasi qoidalari buzilganligi aniqlanganligi muntazam ravishda sodir etilgan qoidabuzarlik deb hisoblanadi.
Quyidagi qoidabuzarliklar mediatorning bir marta qoʻpol ravishda qoidabuzarlik sodir etganligi deb hisoblanadi:
mediatsiyaning maxfiyligi prinsipini buzganligi, mediatsiyaga oid maʼlumotlarni taraflarning roziligisiz oshkor etganligi;
intizomiy ishni koʻrib chiqishda bir nechta qonunchilik hujjatlarining talablari yoki Mediatorning kasb etikasi qoidalari buzishda ifodalangan huquqbuzarlikni sodir etganligi;
mediator tomonidan mediatsiyani qoʻllash toʻgʻrisidagi kelishuv yoki mediativ kelishuv soxtalashtirganligi;
mediator faoliyati olti oygacha muddatga toʻxtatib turilgan davrda mediatorlik faoliyatini amalga oshirganligi.
50. Mediatorga nisbatan intizomiy ish yuritishni koʻrib chiqish natijalari boʻyicha malaka komissiyasi quyidagi qarorlardan birini qabul qiladi:
ogohlantirish toʻgʻrisida;
mediator faoliyatini olti oygacha muddatga toʻxtatib turish toʻgʻrisida;
mediatorni Reyestrdan chiqarish toʻgʻrisida;
qoʻshimcha oʻrganish zarurati tufayli intizomiy ishni koʻrib chiqishni keyingi malaka komissiyasiga qoldirish toʻgʻrisida;
intizomiy jazo choralari qoʻllashni rad etish va intizomiy ish yuritishni tugatish toʻgʻrisida.
51. Mediatorga nisbatan intizomiy jazo chorasi nojoʻya xatti-harakat sodir etilgan kundan eʼtiboran, davom etayotgan xatti-harakatlarda esa ular aniqlangan kundan eʼtiboran bir yildan kechiktirmay qoʻllanilishi mumkin.
52. Intizomiy jazo choralari qoʻllashni rad etish va intizomiy ish yuritishni tugatish toʻgʻrisidagi qaror malaka komissiyasi tomonidan, agar intizomiy ish yuritishni koʻrib chiqish vaqtida u mediatorga nisbatan intizomiy ish yuritishni koʻrib chiqish toʻgʻrisidagi masalada bayon etilgan vajlar tasdiqlanmadi degan xulosaga kelsa, shuningdek qilmishning kam ahamiyatliligi va mediatorning intizomiy ish qoʻzgʻatilishiga sabab boʻlgan shikoyatni bergan shaxs bilan yarashuvga erishganligi munosabati bilan qabul qilinadi.
6-bob. Yakunlovchi qoidalar
53. Manfaatdor shaxslar tomonidan malaka komissiyalarining qarorlari ustidan malaka komissiyasi majlisining bayonnomasidan koʻchirma olingan kundan eʼtiboran bir oy ichida Oliy malaka komissiyasiga shikoyat berilishi mumkin.
54. Malaka komissiyalarining qarorlari ustidan sudga shikoyat qilinishi mumkin.
55. Mazkur Nizomni buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javob beradi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari huzuridagi Mediatorlar malaka komissiyalari toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari huzuridagi Mediatorlar malaka komissiyasi aʼzosining
BAHOLASH BYULLETENI
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari huzuridagi Mediatorlar malaka komissiyalari toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari huzuridagi Mediatorlar malaka komissiyasi aʼzolarining
YIGʻMA BAHOLASH BYULLETENI
