“Kosonsoy-tekmen” qoʻshma korxonasi faoliyatini taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida (276-son)
17.06.2003
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
[Koʻchirma]
Vazirlar Mahkamasi qayd etadiki, Turkiyaning “Timi” firmasi – “Kosonsoy—Tekmen” qoʻshma aksiyadorlik korxonasining xorijiy muassisi korxonani tasdiqlangan texnik-iqtisodiy asoslashlarga muvofiq zarur darajada boshqarishni taʼminlamadi, bu uning faoliyati toʻxtashiga olib keldi.
Qoʻshma korxona faoliyatini tiklash, mahalliy xom ashyoni qayta ishlash asosida yaratilgan ishlab chiqarish quvvatlaridan samarali foydalanishni tashkil etish, raqobatbardoshli, yuqori sifatli jun gazlamalar va tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishni amalga oshirish, ular bilan ichki isteʼmol bozorini toʻldirishni taʼminlash hamda eksportga mahsulot yetkazib berishni kengaytirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
kreditorlar (Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi) yigʻilishi qaroriga koʻra Namangan viloyati xoʻjalik sudi tomonidan “Kosonsoy—Tekmen” qoʻshma aksiyadorlik korxonasi, tashqi boshqaruv tartibotini joriy etgan holda, bankrot deb eʼlon qilinganligi;
tashqi boshqaruv davriga kreditorlar yigʻilishi tomonidan jun gazlamalar ishlab chiqarish va sotishning xalqaro tarmogʻiga ega boʻlgan Avstriyaning “Tiroler Loden” kompaniyasi tender asosida, keyinchalik loyihada aksiyador sifatida qatnashish huquqi bilan “Kosonsoy—Tekmen” qoʻshma aksiyadorlik korxonasining bosh boshqaruvchisi etib tayinlanganligi;
Avstriyaning “Tiroler Loden” kompaniyasi tomonidan korxonani ikki yil mobaynida moliyaviy barqaror korxonalar razryadiga chiqarishni, 600 dan ziyod ish oʻrinlarini tiklashni, jun gazlamalar ishlab chiqarishni yiliga 2 million pogon metrdan koʻproqqa (ulardan kamida 500 ming pogon metri kompaniya tomonidan eksportga sotiladi) yetkazishni nazarda tutuvchi biznes-reja ishlab chiqilganligi, shuningdek kasanachilik tartibida qoʻlda gilam toʻqish uchun ip kalavalari ishlab chiqarishni tashkil etishi;
“Tiroler Loden” kompaniyasi yakunlovchi texnologik sikllarda mahsulot sifatini yaxshilaydigan maxsus asbob-uskunalar, shuningdek ishlab chiqarishning toʻliq tiklanishini taʼminlovchi ehtiyot qismlar va asbob-uskunalar yetkazib berish majburiyatini olganligi;
“Oʻzbekyengilsanoat” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi tomonidan “Tiroler Loden” kompaniyasi bilan birgalikda tarmoq korxonalarida tayyor tikuvchilik buyumlari, shu jumladan jun gazlamalardan foydalangan holda respublikaning ichki maxsus isteʼmolchilari uchun xizmat kiyim-boshlari tikish boʻyicha zarur chora-tadbirlar kompleksi ishlab chiqilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Ishlab chiqarish faoliyatini tiklash davrida moliyaviy qoʻllab-quvvatlash va kelgusida qoʻshma korxonaning moliyaviy barqarorligini taʼminlash maqsadida “Kosonsoy—Tekmen” qoʻshma aksiyadorlik korxonasi uchun 5 yil muddatga:
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1996-yil 8-yanvardagi 14-son qaroriga muvofiq qoʻshma korxonaga berilgan imtiyozlar saqlanib qolishi;
“Navoiyazot” aksiyadorlik jamiyatidan xohishga koʻra yo milliy valyutaga ichki bozor narxlari boʻyicha, yoxud erkin muomaladagi valyutaga tolani eksportga sotish narxlari boʻyicha poliakril (nitron) tola sotib olishga;
tasdiqlangan biznes-rejaga muvofiq asbob-uskunalar, ehtiyot qismlar, xom ashyo va boshqa moddiy-xom ashyo resurslari xarid qilishni moliyalashtirish uchun asoslangan hisob-kitoblar boʻyicha xorijiy banklardan hamda respublika tijorat banklaridan milliy va xorijiy valyutada kreditlar olishga ruxsat berilishi belgilab qoʻyilsin.
3. “Kosonsoy—Tekmen” qoʻshma aksiyadorlik korxonasi yer, mulk soliqlaridan, suv resurslaridan foydalanish, infratuzilmani rivojlantirish, reklama, ekologiya soliqlaridan, shuningdek oʻz ishlab chiqarishi uchun respublikaga olib kelinadigan texnologik asbob-uskunalar, xom ashyo, materiallar, kimyoviy moddalar va boshqa moddiy-xom ashyo resurslari uchun bojxona toʻlovlaridan (bojxonada rasmiylashtirish uchun yigʻimlardan tashqari) istisno tariqasida 5 yil muddatga ozod qilinsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi Namangan viloyatining Kosonsoy shahridagi kamvol va kard gazlamalar, jun adyollar hamda qoʻlda gilam toʻqish uchun ip kalavalari ishlab chiqaruvchi korxonani zamonaviylashtirish va tiklash loyihasini toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar va kreditlar hisobiga Oʻzbekiston Respublikasining 2003-2004-yillar uchun investitsiya dasturiga kiritsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Davlat bojxona qoʻmitasi, Davlat soliq qoʻmitasi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi, Bosh prokuratura, Davlat chegaralarini himoya qiluvchi qoʻmita, Milliy xavfsizlik xizmati “Kosonsoy—Tekmen” qoʻshma aksiyadorlik korxonasidan respublikaning ichki maxsus isteʼmolchilari uchun jun va yarim jun gazlamalarni belgilangan tartibda xarid qilishni amalga oshirsinlar.
6. “Oʻzbekyengilsanoat” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi “Tiroler Loden” kompaniyasi ofisini joylashtirish uchun zarur maydonlar, koʻrgazma maydonlari va namoyish zali ajratishda koʻmaklashsin.
7. Namangan viloyati va Kosonsoy tumani hokimliklari korxonaga va xorijiy investorga — Avstriyaning “Tiroler Loden” kompaniyasiga ishlab chiqarish faoliyatini, infratuzilma obyektlarining uzluksiz ishlashini hamda transport xizmati koʻrsatishni tashkil etishda doimiy ravishda koʻmaklashsinlar.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi va Ichki ishlar vazirligi “Tiroler Loden” kompaniyasi buyurtmanomalariga binoan “Tiroler Loden” kompaniyasining “Kosonsoy—Tekmen” qoʻshma aksiyadorlik korxonasida ishlash uchun jalb etilgan xorijiy xodimlariga, ularni davlat boji toʻlashdan ozod qilgan holda koʻp martalik vizalar berilishini amalga oshirsinlar.
10. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari R.S. Azimov va M.Z. Usmonov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2003-yil 17-iyun,
276-son
