Donor qoni va uning tarkibiy qismlarini keyinchalik, zarurat boʻlganda, donorning oʻziga ishlatilishini koʻzlab topshirish (autodonorlik) tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida (3763-son)
28.01.2026
Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vazirining
buyrugʻi
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2026-yil 28-yanvarda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3763]
Oʻzbekiston Respublikasining “Qon va uning tarkibiy qismlari donorligi toʻgʻrisida”gi Qonuni hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 8-sentabrdagi PF-161-son “Islohotlarni huquqiy jihatdan taʼminlash samaradorligini oshirish hamda ijtimoiy munosabatlarni tartibga solishda vazirlik va idoralarning masʼuliyati va tashabbuskorligini kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq buyuraman:
1. Donor qoni va uning tarkibiy qismlarini keyinchalik, zarurat boʻlganda, donorning oʻziga ishlatilishini koʻzlab topshirish (autodonorlik) tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Vazir A. XUDAYAROV
Toshkent sh.,
2026-yil 22-yanvar,
3-son
Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vazirining 2026-yil 22-yanvardagi 3-son buyrugʻiga ILOVA
Donor qoni va uning tarkibiy qismlarini keyinchalik, zarurat boʻlganda, donorning oʻziga ishlatilishini koʻzlab topshirish (autodonorlik) tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom donor qoni va uning tarkibiy qismlarini keyinchalik, zarurat boʻlganda, donorning oʻziga ishlatilishini koʻzlab topshirish (autodonorlik) (bundan buyon matnda autodonorlik deb yuritiladi) tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoida
1. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
donor — oʻz qoni va uning tarkibiy qismlaridan bir qismini tibbiyot ehtiyojlari uchun ixtiyoriy ravishda beruvchi jismoniy shaxs;
autodonorlik — donorning oʻz qoni va uning tarkibiy qismlari oldindan olinib, keyinchalik, zarurat boʻlganda, donorning oʻziga qayta quyish amaliyoti.
2-bob. Autodonorlikni amalga oshirish
2. Autodonorlik uchun donorning yoshi oʻn sakkizga toʻlgan boʻlishi kerak.
3. Autodonorlik donorning jarrohlik amaliyoti oʻtkazilishi rejalashtirilayotgan davlat sogʻliqni saqlash tizimidagi tibbiyot muassasalarida (bundan buyon matnda tibbiyot muassasalari deb yuritiladi) donor yoki uning qonuniy vakilining yozma roziligi asosida bepul amalga oshiriladi.
4. Autodonorlik quyidagi hollarda amalga oshiriladi:
donorga allogen qon quyishning imkoni mavjud boʻlmasa;
donorning qon guruhi kam uchraydigan boʻlsa;
donor yoki uning qonuniy vakili allogen qon quyishni rad etsa.
5. Autodonorlik uchun donordan qon va uning tarkibiy qismlarini olishdan oldin tibbiyot muassasasidagi donorning davolovchi shifokori tomonidan uning hayotiy koʻrsatkichlarining (arterial bosim, nafas olish tezligi, yurak urishi, tana harorati va boshqalar) barqarorligi taʼminlanishi lozim.
6. Autodonorlikdan oldin donorning qoni quyidagi koʻrsatkichlar boʻyicha laboratoriya tekshiruvlaridan oʻtkazilishi shart:
ABO tizimi boʻyicha qon guruhi va Rh tizimi boʻyicha rezus-mansubligi;
gemoglobin miqdori va gematokrit koʻrsatkichi;
OIV-1 va OIV-2 viruslariga qarshi antitelolar va antigenlar;
B gepatiti virusining yuzaki antigeni (HBsAg);
C gepatiti virusiga qarshi antitelolar (anti HCV);
xira treponemaga qarshi antitelolar;
qon zardobida oqsilning umumiy miqdori.
7. Donorning qonidan mazkur Nizomning 6-bandiga muvofiq oʻtkazilgan laboratoriya tekshiruvlari natijasida quyidagilar aniqlansa, autodonorlikka yoʻl qoʻyilmaydi:
OIV (OITS) infeksiya;
B yoki C virus markerlari;
zaxm kasalligi;
qondagi oqsil miqdori 60 g/l dan kamligi;
qonning kamligi (anemiya) (gemoglobin miqori 110 g/l kam boʻlganda);
gematokrit koʻrsatkichi 25 foizdan kamligi.
8. Autodonorlik uchun qon va uning tarkibiy qismlarini topshirish istagida boʻlgan shaxslar mazkur Nizomning ilovasida koʻrsatilgan roʻyxatda nazarda tutilgan qarshi koʻrsatmalar mavjud boʻlgan hollarda butunlay donorlikdan chetlashtiriladi.
9. Autodonorlik quyidagi davrlardan birida amalga oshiriladi:
jarrohlik amaliyotidan oldin;
jarrohlik amaliyotiga tayyorgarlik jarayonida;
jarrohlik amaliyoti davomida.
10. Autodonorlik uchun donor qoni va uning tarkibiy qismi quyidagi tartibda olinadi:
jarrohlik amaliyotidan oldin — donor qoni va uning tarkibiy qismlari jarrohlik amaliyoti oʻtkazilishi rejalashtirilgan kundan koʻpi bilan 30 kun oldin olinadi;
jarrohlik amaliyotiga tayyorgarlik jarayonida — donor qoni va uning tarkibiy qismlari donorning holati barqaror boʻlganda, davolovchi shifokor va anesteziologning tegishli xulosasi asosida olinadi;
jarrohlik amaliyoti davomida — donorning jarrohlik yaralaridagi boʻshliqlarga oqib tushgan qoni Qonni intraoperatsion qayta quyish apparati yordamida yigʻib olinadi (bunda donor yoki uning qonuniy vakilining yozma roziligi jarrohlik amaliyoti boshlanishidan oldin olingan boʻlishi lozim).
Jarrohlik amaliyoti davomida donorning jarrohlik yaralaridagi boʻshliqlarga oqib tushgan qonida bakterial ifloslanish hamda amniotik suyuqlikning tushish holati aniqlansa, autodonorlikni amalga oshirish taqiqlanadi.
11. Autodonorlikda donordan bir martalik qon olish miqdori 500 ml oshmasligi kerak.
Autodonorlikda donordan olingan qon va uning tarkibiy qismlarini donorning oʻziga quyishdan oldin qon guruhi qayta aniqlanadi va individual muvofiqlik tekshiriladi (bundan jarrohlik amaliyotiga tayyorgarlik jarayonida hamda jarrohlik amaliyoti davomida donordan yigʻilgan qonni uning oʻziga quyish holatlari mustasno).
12. Autodonorlik uchun donordan olingan qon va uning tarkibiy qismlarini boshqa begona shaxslarga quyish taqiqlanadi.
3-bob. Donor qoni va uning tarkibiy qismlarini saqlash
13. Autodonorlik uchun donordan olingan qon va uning tarkibiy qismlari jarrohlik amaliyotidan oldin olingandan soʻng, tibbiyot muassasalarining qon va uning tarkibiy qismlarini saqlash uchun moʻljallangan xonalaridagi muzlatkich yoki sovutgichlarda vaqtincha saqlash uchun joylashtirilishi kerak.
14. Autodonorlik uchun donordan olingan qonning plazmasi u olingan kundan boshlab muzlatkichlarda –25 — –40°С gacha boʻlgan haroratda bir yilgacha, qonning eritrotsitar massasi esa u olingan kundan boshlab sovutgichlarda +2°С — +6°С gacha boʻlgan haroratda 35 kungacha saqlanadi.
15. Autodonorlik uchun donordan olingan qon va uning tarkibiy qismlari muzlatkich yoki sovutgichlarda vaqtincha saqlanganda ularning konteynerlarida “Autodonor” degan soʻz hamda donorning familiyasi, ismi, otasining ismi, jinsi, yoshi va qon guruhi, rezus-mansubligi, qon va uning tarkibiy qismlari olingan sana aks ettirilishi kerak.
16. Autodonorlik uchun donordan olingan qon va uning tarkibiy qismlarining saqlash muddatlari mazkur Nizomning 14-bandida belgilangan muddatlardan oshgan taqdirda hamda jarrohlik amaliyotida foydalanilmaganda Davolash-profilaktika muassasalarida chiqindilarni yigʻish, saqlash va yoʻq qilishning sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga (0317-15-son SanQvaN) muvofiq utilizatsiya qilinadi.
4-bob. Yakuniy qoida
17. Mazkur Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javob beradi.
Donor qoni va uning tarkibiy qismlarini keyinchalik, zarurat boʻlganda, donorning oʻziga ishlatilishini koʻzlab topshirish (autodonorlik) tartibi toʻgʻrisidagi nizomga ILOVA
Autodonorlik uchun qarshilik qiluvchi koʻrsatmalar
ROʻYXATI
