Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 13-maydagi “Islom taraqqiyot banki ishtirokidagi “Oʻzbekiston Respublikasi onkologiya muassasalarini modernizatsiya qilish (II bosqich)” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-242-son qaroriga oʻzgartirishlar kiritish haqida (PQ-18-son)
20.01.2026
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
qarori
Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy‑amaliy tibbiyot markazi yangi majmuasini Islom taraqqiyot banki tomonidan moliyalashtirish doirasida tibbiy va diagnostik jihozlar bilan oʻz vaqtida va toʻliq jihozlash, shuningdek, onkologiya xizmati moddiy‑texnika bazasini yanada mustahkamlash, kadrlar salohiyatini oshirish va tuzilmasini takomillashtirish maqsadida qaror qilaman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 13-maydagi “Islom taraqqiyot banki ishtirokidagi “Oʻzbekiston Respublikasi onkologiya muassasalarini modernizatsiya qilish (II bosqich)” loyihasini amalga oshirish chora‑tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-242-son qaroriga ilovaga muvofiq quyidagilarni nazarda tutuvchi oʻzgartirishlar kiritilsin:
loyihani amalga oshirish uchun Islom taraqqiyot bankidan 10 million AQSH dollari miqdorida qoʻshimcha qarz jalb etish;
Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi yangi majmuasi hamda uning filiallarini jihozlash uchun qoʻshimcha tibbiy va diagnostika jihozlarini xarid qilish;
loyihani amalga oshirish doirasida xarid qilinadigan va olib kiriladigan tovar (xizmat)larni Soliq kodeksiga muvofiq qoʻshilgan qiymat soligʻidan ozod etish.
2. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2026-yil 20-yanvar,
PQ-18-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 20-yanvardagi PQ-18-son qaroriga ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 13-maydagi “Islom taraqqiyot banki ishtirokidagi “Oʻzbekiston Respublikasi onkologiya muassasalarini modernizatsiya qilish (II bosqich)” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-242-son qaroriga kiritilayotgan oʻzgartirishlar
1. 1 va 2-bandlar quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“1. Quyidagilar:
Islom taraqqiyot banki ishtirokidagi “Oʻzbekiston Respublikasi onkologiya muassasalarini modernizatsiya qilish” loyihasining I bosqichida Respublika ixtisoslashgan onkologiya va radiologiya ilmiy‑amaliy tibbiyot markazining hududiy filiallariga 2016 — 2021-yillar davomida umumiy qiymati 22,8 million AQSH dollari miqdoridagi davolash, diagnostika hamda radioterapevtik tibbiy jihozlar yetkazib berilganligi va ishga tushirilganligi;
Oʻzbekiston Respublikasi va Islom taraqqiyot banki (keyingi oʻrinlarda — ITB) oʻrtasida 2021-yil 4-sentabrda “Oʻzbekiston Respublikasi onkologiya muassasalarini modernizatsiya qilish (II bosqich)” loyihasini (keyingi oʻrinlarda — loyiha) moliyalashtirish uchun 5 yillik imtiyozli davr bilan 20 yil muddatga jami 80 million AQSH dollari miqdorida hadli va agentlik kelishuvlari imzolanganligi;
Oʻzbekiston Respublikasi va ITB oʻrtasida 2025-yil 24-aprelda loyihani 10 million AQSH dollari miqdoridagi qoʻshimcha mablagʻlar bilan moliyalashtirish uchun hadli kelishuvga qoʻshimcha kelishuv imzolanganligi va qarzning umumiy miqdori 90 million AQSH dollarini tashkil etganligi;
loyihaning umumiy qiymati 133,0 million AQSH dollariga teng tuzatish kiritilgan texnik-iqtisodiy hisobi ishlab chiqilganligi va vakolatli davlat organlarida ekspertizadan oʻtkazilganligi, bunda 43,0 million AQSH dollari ekvivalentidagi mablagʻlar, shu jumladan, soliq va bojxona toʻlovlari boʻyicha imtiyozlar berish shaklidagi — 15,53 million AQSH dollari ekvivalentidagi mablagʻlar Oʻzbekiston Respublikasining loyihani amalga oshirishdagi ulushini tashkil etishi;
loyihaning II bosqichini 2022 — 2027-yillarda amalga oshirish doirasida onkologiya muassasalarini qurish, rekonstruksiya va modernizatsiya qilish, Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi (keyingi oʻrinlarda — Markaz) yangi majmuasi hamda uning filiallarini jihozlash uchun kontragent bilan oʻrnatilgan tartibda imzolangan bitim doirasida 200 turdan ortiq tibbiy jihozlarni xarid qilish, Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti va Saratonni oʻrganish xalqaro agentligi bilan imzolangan bitimlar doirasida onkologiya xizmati salohiyatini tubdan oshirish, saratonni boshlangʻich bosqichlarida aniqlash va ushbu yoʻnalishda soha mutaxassislarini oʻqitish va tayyorlash, onkologiya sohasida maʼlumotlarni saqlash va qayta ishlashning elektron tizimini yaratishga hamda Xalqaro atom energiyasi agentligi mutaxassislarini jalb qilgan holda, yadro tibbiyotini joriy qilishga qaratilgan tadbirlar amalga oshirilishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Belgilansinki:
Sogʻliqni saqlash vazirligi loyihani oʻz vaqtida amalga oshirish hamda muvofiqlashtirish, shuningdek, ITB qarzidan maqsadli va samarali foydalanish boʻyicha masʼul ijro etuvchi organ hisoblanadi;
qonunchilik hujjatlariga muvofiq belgilangan tartibda bitim rasmiylashtirilgan tashkilot loyiha doirasida tibbiy va diagnostika jihozlarini yetkazib berish uchun tuzilgan shartnomalar boʻyicha kontragent hisoblanadi;
Markaz, kontragent va loyihani amalga oshirish guruhi yuklarni qabul qilib oluvchilar hisoblanadi;
Sogʻliqni saqlash vazirligi Markaz uchun yangi majmua va uning filiallarida qurilish ishlari yakunlanib, loyiha doirasida yetkazib beriladigan jihozlarni qabul qilish uchun sharoitlar taʼminlangunga qadar ularni vaqtincha saqlash uchun omborxona bilan taʼminlaydi;
ITBning qarz mablagʻlarini qaytarish, shu jumladan, qoʻshimcha haq (ustama) va foizlar, boshqa toʻlovlar bilan bogʻliq xarajatlar Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjeti mablagʻlari hisobidan qoplanadi”.
2. 3-bandda:
(a) ikkinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasi onkologiya muassasalarini modernizatsiya qilish (II bosqich)” loyihasining asosiy texnik-iqtisodiy koʻrsatkichlari 1-ilovaga muvofiq”;
(b) toʻrtinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasi onkologiya muassasalarini modernizatsiya qilish (II bosqich)” loyihasi doirasida jalb etilayotgan qarz mablagʻlari hisobiga jihozlar va xizmatlarni yetkazib berishning manzilli taqsimoti 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin”.
3. 6-bandning birinchi xatboshisidagi “Moliya vazirligi” soʻzlari “Iqtisodiyot va moliya vazirligi” soʻzlari bilan almashtirilsin.
4. 7-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“7. Belgilab qoʻyilsinki, loyihani boshqarish boʻyicha vazifalar “Sogʻliqni saqlash vazirligining “Oʻzbekiston Respublikasi onkologiya muassasalarini modernizatsiya qilish (II bosqich)” loyihasini amalga oshirish guruhi” davlat muassasasi (keyingi oʻrinlarda — Loyihani amalga oshirish guruhi) zimmasiga yuklatiladi hamda uning moliyalashtirilishi loyihaning tuzatish kiritilgan texnik-iqtisodiy hisobida koʻrsatilgan ITB va Oʻzbekiston Respublikasi hissasi hisobidan amalga oshiriladi.
Bunda loyihani amalga oshirish davrida Loyihani amalga oshirish guruhining faoliyatini moliyalashtirish boʻyicha yillik xarajatlar smetasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi”.
5. 8-bandning birinchi xatboshisidagi “tovarlarga (xizmatlarga) toʻlanishi lozim boʻlgan qoʻshilgan qiymat soligʻi Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan toʻlanadi” soʻzlari “tovarlar (xizmatlar) Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 483-moddasiga muvofiq qoʻshilgan qiymat soligʻidan ozod etiladi” soʻzlari bilan almashtirilsin.
6. 9-bandning birinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“9. Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi har yili”.
7. 12-banddagi “B.A. Musayev” soʻzlari “A.A. Xudayarov” soʻzlari bilan almashtirilsin.
8. 13-banddan “va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi oʻrinbosari L.N. Toʻychiyev” soʻzlari chiqarib tashlansin.
9. 1-ilovaning matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasi onkologiya muassasalarini modernizatsiya qilish (II bosqich)” loyihasining asosiy texnik-iqtisodiy koʻrsatkichlari
* Soʻnggi qiymat koʻrsatkichlari tovarlar va xizmatlarini yetkazib berish boʻyicha oʻtkaziladigan xalqaro tender savdolari natijalariga asosan aniqlanadi”.
10. 2-ilovaning matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasi onkologiya muassasalarini modernizatsiya qilish (II bosqich)” loyihasi boʻyicha Islom taraqqiyot bankining qarz mablagʻlarini qaytarish, shu jumladan qoʻshimcha haq (ustama) va foizlarni toʻlashning
PROGNOZ JADVALI
* SWAP foiz koʻrsatkichi soʻnggi haqiqiy qarz mablagʻlari oʻzlashtirilganidan keyin belgilanadi;
** Islom taraqqiyot banki qarzining haqiqatda oʻzlashtirilgan miqdori hamda sanasidan kelib chiqib oʻzgaradi”.
11. 3-ilovaning matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasi onkologiya muassasalarini modernizatsiya qilish (II bosqich)” loyihasi doirasida jalb etilayotgan qarz mablagʻlari hisobiga jihozlar va xizmatlarni yetkazib berishning
MANZILLI TAQSIMOTI*
* Loyihaning yakuniy qiymat koʻrsatkichlari loyiha-smeta hujjatlari va tanlov (tender) savdolari natijalari boʻyicha aniqlashtiriladi.
** Loyihani amalga oshirish jarayonida zaruratga koʻra Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan roʻyxatga oʻzgartirishlar kiritilishi mumkin”.
