2026-2030-yillarda qon bilan ishlash xizmatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (PQ-19-son)
20.01.2026
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
qarori
Respublikada qon mahsulotlariga boʻlgan talabning ortib borayotgani sababli qon bilan ishlash xizmati tashkilotlarining imkoniyatlarini yanada kengaytirish, davolash muassasalarining qon va qon mahsulotlariga boʻlgan ehtiyojini toʻliq taʼminlashni yoʻlga qoʻyish maqsadida qaror qilaman:
I. Maqsadlar
1. Quyidagilar 2026 — 2030-yillarda qon bilan ishlash xizmatini yanada takomillashtirishning asosiy maqsadlari etib belgilansin:
(a) Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining tavsiyalari asosida har ming nafar aholiga donatsiyalar sonini 10 tadan 30 tagacha oshirish;
(b) qon mahsulotlariga ehtiyojni toʻliq qoplash uchun qon topshirishlar (donatsiyalar) sonini 1 milliontagacha oshirish orqali tayyorlanadigan qon zaxirasini amaldagi 150 ming litrdan 450 ming litrga yetkazish;
(v) begʻaraz qon donorlari sonini 300 ming nafardan 900 ming nafargacha yetkazish;
(g) “ehtiyoj — qayta ishlash — yetkazish” zanjirida biznes jarayonlarni boshqarish tizimini joriy etish;
(d) ilgʻor xalqaro tajribaga asoslangan standart operatsion jarayonlar, xavfsizlik bayonnomalari hamda skrining usullarini amaliyotga joriy etish orqali qon va uning tarkibiy qismlari xavfsizligini taʼminlash;
(j) qon bilan ishlash xizmati tashkilotlari xodimlarining bilimlarini oshirish va zamonaviy texnologiyalar bilan ishlash koʻnikmalarini rivojlantirish;
(z) begʻaraz donorlikni rivojlantirish, zarur qon zaxirasini shakllantirish uchun tizim tashkilotlarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash.
II. Qon bilan ishlash xizmati tizimini takomillashtirish
2. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq qon bilan ishlash xizmati tashkilotlarida quyidagilarni nazarda tutuvchi yangi tizim yoʻlga qoʻyiladi:
(a) 2026-yil 1-oktabrdan boshlab:
(i) qon bilan ishlash xizmati tashkilotlarida qon mahsulotlari xavfsizligi va sifatini taʼminlash boʻyicha barcha texnik va tibbiy jarayonlarni tartibga soluvchi standart operatsion jarayonlar hamda xavfsizlik bayonnomalari amaliyotga joriy qilinadi;
(ii) “ehtiyoj — qayta ishlash — yetkazish” zanjiri doirasida biznes jarayonlarini boshqarish tizimi joriy etiladi. Bunda qon va uning tarkibiy qismlariga ehtiyojni shakllantirish, toʻplash, tayyorlash, qayta ishlash, saqlash, yetkazish va bemorga quyish, tahlil va hisobotlarni yuritish, sifat nazoratini taʼminlash va qon mahsuloti muomalasini monitoring qilish inobatga olinadi;
(b) 2027-yil 1-martdan boshlab “Qon mahsulotlari elektron hisobini yuritish” axborot tizimi joriy etiladi;
(v) qon bilan ishlash xizmati hamda davolash-profilaktika tashkilotlari oʻrtasida oʻzaro aloqalar yoʻlga qoʻyiladi.
3. Belgilansinki, 2026-yil yakuniga qadar:
(a) Raqamli sogʻliqni saqlash platformasi (keyingi oʻrinlarda — Platforma) doirasida quyidagilarni nazarda tutuvchi “Qon mahsulotlari elektron hisobini yuritish” axborot tizimi ishlab chiqiladi va sinovdan oʻtkaziladi:
(i) qon va uning tarkibiy qismlari toʻgʻrisida tizimlashtirilgan maʼlumotlarni yuritish;
(ii) qon bilan ishlash xizmati tashkilotlarida qon va uning tarkibiy qismlarini toʻplash, tayyorlash, qayta ishlash, saqlash va ishlatish bilan bogʻliq barcha jarayonlarni avtomatlashtirish;
(iii) ushbu axborot tizimini elektron tibbiy karta, laboratoriya axborot tizimlari va tibbiyot tashkilotlari bilan integratsiya qilish;
(b) Platformaga quyidagi imkoniyatlarni beruvchi yangi funksiyalar kiritiladi:
(i) Platforma orqali qon va uning tarkibiy qismlari harakatini nazorat qilish;
(ii) shoshilinch tibbiy yordam xizmatlari bilan integratsiya qilingan holda qon va uning tarkibiy qismlariga buyurtma berish;
(iii) tibbiyot muassasalaridagi qon va uning tarkibiy qismlari zaxirasini onlayn kuzatish;
(iv) tugʻruq muassasalarini qon va uning tarkibiy qismlari, plazma va eritrotsitar massa zaxirasi bilan taʼminlashni onlayn monitoring qilish. Bunda:
tugʻruq muassasalarining elektron axborot tizimlari va Platforma oʻrtasida axborot almashinuvi yoʻlga qoʻyiladi;
homiladorlik davrida qon va uning tarkibiy qismlariga shoshilinch zarurat tugʻilganda qon bilan ishlash xizmatini avtomatlashtirilgan xabardor qilish tizimi joriy etiladi.
4. Sogʻliqni saqlash vazirligi Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan birgalikda 2026-yil yakuniga qadar qon bilan ishlash xizmati tashkilotlaridagi barcha jarayonlarni, qon va uning tarkibiy qismlari zaxirasi reyestrini oʻz ichiga olgan “Qon mahsulotlari elektron hisobini yuritish” axborot tizimini yaratsin.
5. Belgilab qoʻyilsinki, 2026-yil 1-oktabrdan boshlab qon bilan ishlash xizmati tashkilotlarida qon mahsulotlarini majburiy tartibda ikki bosqichli skrining tekshiruvidan oʻtkazish tizimi yoʻlga qoʻyiladi.
III. Begʻaraz qon donorligi harakatini yanada rivojlantirish
6. 2026-yil 1-yanvardan boshlab begʻaraz qon donorligi harakatini rivojlantirish maqsadida quyidagi tizim joriy etilsin:
(a) har oyda “Birga hayotni saqlaymiz” milliy donorlik aksiyasi oʻtkaziladi. Bunda mazkur aksiya doirasida har oyning bir haftasi mobaynida — qon bilan ishlash xizmati tashkilotlarida, har oyning uch haftasi mobaynida — taʼlim, davolash va boshqa tashkilotlarda qon donorligi tashkil etiladi;
(b) Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tizimiga kiruvchi vazirlik va idoralar hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar harbiy xizmatchilari va xodimlari oʻrtasida har yili bir marotaba donorlik kunlari oʻtkaziladi;
(v) mehnat jamoalarida donorlik kunlarini oʻtkazish yoʻlga qoʻyiladi;
(g) umumiy oʻrta va oʻrta maxsus, kasbiy hamda oliy taʼlim tashkilotlarida donorlik boʻyicha maʼnaviy-maʼrifiy tadbir va uchrashuvlar tashkil etiladi.
7. Sogʻliqni saqlash vazirligi:
(a) Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari bilan birgalikda jamoat joylarida, shu jumladan, savdo shoxobchalari (bozorlar, marketlar va boshqalar), taʼlim va davolash-sogʻlomlashtirish muassasalari, dam olish zonalari, madaniy, koʻngilochar muassasalar hamda oliy taʼlim tashkilotlarida koʻchma donorlik punktlarini tashkil qilsin;
(b) tugʻruqda tibbiy yordam koʻrsatuvchi har bir muassasada qon va uning tarkibiy qismlari shoshilinch zaxirasini tashkil etsin hamda uni qon va uning tarkibiy qismlari, jumladan, plazma va eritrotsitar massa zaxirasi bilan taʼminlasin.
8. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan birgalikda tegishli hududlarda begʻaraz qon donorligini targʻib qiluvchi ijtimoiy tashqi reklama va axborot obyektlarining joylashtirilishini taʼminlasin.
IV. Tadbirlarni moliyalashtirish
9. Belgilab qoʻyilsinki:
(a) 2026-yilda Davlat budjeti va boshqa manbalar hisobidan mazkur qarorda belgilangan tadbirlarni moliyalashtirish uchun 308 milliard soʻm mablagʻ yoʻnaltiriladi;
(b) ushbu qarorda belgilangan tadbirlarni amalga oshirish bilan bogʻliq xarajatlar 2026-yildan boshlab har yili Davlat budjeti parametrlarida nazarda tutiladi va narxlar oʻzgarishiga qarab indeksatsiya qilib boriladi.
V. Qaror ijrosini tashkil etish, taʼminlash va nazorat
10. Quyidagilar:
(a) Qon bilan ishlash xizmati tashkilotlarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va aholi orasida begʻaraz donorlik harakatini yanada rivojlantirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” 1-ilovaga muvofiq;
(b) Respublika qon quyish markazi va hududiy qon bilan ishlash xizmati tashkilotlarini taʼminlash uchun tibbiy jihozlar roʻyxati 2-ilovaga muvofiq;
(v) 2026 — 2030-yillarda aholi orasida begʻaraz donorlik harakatini rivojlantirishning maqsadli koʻrsatkichlari 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
11. Sogʻliqni saqlash vazirligi Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda xatlov natijasiga koʻra 2026 — 2028-yillarda Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan respublikadagi barcha tugʻruq muassasalarida qonni saqlash va tashish uchun sovitish qurilmalari, termokonteynerlar va uskunalar xarid qilinishini taʼminlasin.
12. Sogʻliqni saqlash vazirligi:
(a) 2026 — 2030-yillarda Tibbiyotni rivojlantirish davlat maqsadli jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan qon bilan ishlash xizmati tashkilotlarining 150 nafar mutaxassislarini nufuzli xorijiy tibbiyot tashkilotlari hamda markazlariga yangi texnologiyalar bilan ishlash boʻyicha malaka oshirish va stajirovka oʻtash uchun yuborish choralarini koʻrsin;
(b) davlat-xususiy sheriklik asosida yiliga 20 tonnagacha plazmani qayta ishlash hajmiga ega, “Zarur ishlab chiqarish amaliyoti — GMP” talablariga javob beradigan qon preparatlarini ishlab chiqarish korxonasini tashkil qilish boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin. Bunda 10 million AQSH dollari miqdorida investitsiya mablagʻlari jalb etilishi inobatga olinsin;
(v) tibbiy jihoz hamda boshqa asbob-uskuna va tovarlar, shu jumladan, avtotransport vositalari xaridini qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshirsin. Bunda birinchi navbatda mahalliy ishlab chiqaruvchilardan xarid qilish imkoniyatini koʻrib chiqsin.
13. Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi va “Oʻzeltexsanoat” uyushmasi Sogʻliqni saqlash vazirligi hamda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda qon bilan ishlash xizmati tashkilotlarida qoʻllaniladigan tibbiy jihoz va boshqa tovarlarni ishlab chiqarishni mahalliylashtirish imkoniyatini oʻrgansin va shu asosda dastur qabul qilsin.
14. Sogʻliqni saqlash vazirligi Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi va Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi bilan birgalikda qon donorligi hamda uning ahamiyati toʻgʻrisida aholi oʻrtasida keng targʻibot ishlarini oʻtkazsin.
15. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga 4-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
16. Ushbu qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib sogʻliqni saqlash vaziri A.A. Xudayarov, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari belgilansin.
17. Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2026-yil 20-yanvar,
PQ-19-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 20-yanvardagi PQ-19-son qaroriga 1-ILOVA
Qon bilan ishlash xizmati tashkilotlarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va aholi orasida begʻaraz donorlik harakatini yanada rivojlantirish boʻyicha
“YOʻL XARITASI”
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 20-yanvardagi PQ-19-son qaroriga 2-ILOVA
Respublika qon quyish markazi va hududiy qon bilan ishlash xizmati tashkilotlarini taʼminlash uchun tibbiy jihozlar
ROʻYXATI
Izoh. Sogʻliqni saqlash vazirligiga mazkur roʻyxatga oʻzgartirish kiritish hamda ehtiyojdan kelib chiqib, jihozlarni boshqa qon bilan ishlash xizmati tashkilotiga qayta taqsimlash vakolati beriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 20-yanvardagi PQ-19-son qaroriga 3-ILOVA
2026 — 2030-yillarda aholi orasida begʻaraz donorlik harakatini rivojlantirishning
MAQSADLI KOʻRSATKICHLARI
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 20-yanvardagi PQ-19-son qaroriga 4-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 10-fevraldagi “Oʻzbekiston Respublikasida gematologiya va transfuziologiya xizmatlarini rivojlantirish hamda onkogematologik va davolash qiyin boʻlgan kasalliklarga chalingan shaxslarni yanada qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4592-son qaroriga 1-ilovaning 15 va 17-bandlari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
2. Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 23-iyuldagi “Oʻzbekiston Respublikasi faxriy donori” (“Pochetniy donor Respubliki Uzbekistan”) koʻkrak nishoni toʻgʻrisida”gi 202-son qarorida:
(a) nomidagi “(“Pochetniy donor Respubliki Uzbekistan”)” soʻzlari chiqarib tashlansin;
(b) 1, 2 va 3-bandlardagi “(“Pochetniy donor Respubliki Uzbekistan”)” soʻzlari chiqarib tashlansin;
(v) 1-ilovada:
nomidagi “(“Pochetniy donor Respubliki Uzbekistan”)” soʻzlari chiqarib tashlansin;
1-band, 2-bandning birinchi xatboshisi, 3-band, 31-bandning birinchi va ikkinchi xatboshilari, 4 va 5-bandlardagi “(“Pochetniy donor Respubliki Uzbekistan”)” soʻzlari chiqarib tashlansin;
(g) 2-ilovaning nomidagi “(“Pochetniy donor Respubliki Uzbekistan”)” soʻzlari chiqarib tashlansin.
3. Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 27-noyabrdagi 324-son qarori bilan tasdiqlangan Qon bilan ishlash xizmati faoliyatini muvofiqlashtirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 14-bandida:
(a) quyidagi mazmundagi beshinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“aholi orasida begʻaraz donorlik madaniyatini shakllantirish, donorlik harakatini keng jamoatchilik ishtirokida rivojlantirish, donorlarga sifatli xizmatlar koʻrsatish va ular uchun qulay shart-sharoitlar yaratish choralarini koʻradilar”;
(b) beshinchi xatboshi oltinchi xatboshi deb hisoblansin.
4. Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 2-oktabrdagi 619-son qarori bilan tasdiqlangan Kasalliklarni ambulator sharoitda davolashda dori vositalari xarajatlarini qoplash boʻyicha reimbursatsiya dasturi toʻgʻrisidagi nizomning 8-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“8. Reimbursatsiya dasturining budjeti Jamgʻarmadan birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalariga ajratilgan mablagʻlarning 10 foizigacha miqdorida belgilanadi”.
5. Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 4-noyabrdagi 694-son qarori bilan tasdiqlangan Davlat va nodavlat tibbiyot tashkilotlarida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan tibbiy yordam koʻrsatish tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 7-bandida:
(a) ikkinchi xatboshida:
(i) “va hududiy darajalarda” soʻzlari “darajasida” soʻzi bilan hamda “2026-yil 1-yanvardan” soʻzlari “2026-yil 1-iyuldan” soʻzlari bilan almashtirilsin;
(ii) “boshlab” soʻzidan keyin “davlat tibbiy sugʻurtasi mexanizmlari joriy etilgan hududlarda” soʻzlari bilan toʻldirilsin;
(b) uchinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“hududiy darajada — imtiyozli bemorlarga, 2026-yil 1-iyuldan boshlab davlat tibbiy sugʻurtasi mexanizmlari joriy etilgan hududlarda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 5-sentabrdagi “Davlat tibbiy sugʻurtasi mexanizmlarini joriy etishga oid chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-311-son qarorining 3-bandida nazarda tutilgan aholi toifalariga”;
(v) quyidagi mazmundagi toʻrtinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“respublika darajasida — imtiyozli bemorlarga, 2027-yil 1-yanvardan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 5-sentabrdagi “Davlat tibbiy sugʻurtasi mexanizmlarini joriy etishga oid chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-311-son qarori 3-bandining beshinchi xatboshisida nazarda tutilgan aholi toifalariga”.
