“37-modda. Shaxsni profilaktik hisobga olish tartibi
Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida (O‘RQ-1114-son) · Sana: 15.01.2026 · Amalda
Ushbu Qonun 36-moddasining birinchi qismida koʻrsatilgan asoslardan biri mavjud boʻlganda, profilaktik hisobga olishni amalga oshirish uchun masʼul boʻlgan shaxs shaxsni profilaktik hisobga olish toʻgʻrisida tuman (shahar) ichki ishlar organi boshligʻi tomonidan tasdiqlanadigan qaror chiqaradi. Mazkur qaror shaxsni profilaktik hisobga olish uchun asos mavjudligi toʻgʻrisida dalolat beruvchi hujjatlar mansabdor shaxs tomonidan olingan kundan eʼtiboran oʻn kun ichida chiqariladi. Jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan yoki probatsiya hisobidan chiqarilgan shaxslarga nisbatan shaxsni profilaktik hisobga olish toʻgʻrisidagi qaror ular jazoni ijro etish muassasasidan ozod qilinganligi haqidagi maʼlumotnoma yoki probatsiya hisobidan chiqarilgan shaxsni profilaktik hisobga olish toʻgʻrisidagi topshiriq yashash joyidagi ichki ishlar organining huquqbuzarliklar profilaktikasi boʻlinmasiga kelib tushgan kundan eʼtiboran uch ish kuni ichida chiqariladi.
Shaxsni profilaktik hisobga olish toʻgʻrisidagi qarorda ushbu qarorni chiqargan shaxsning lavozimi, familiyasi, ismi, otasining ismi, qaror chiqarilgan sana va joy, profilaktik hisobga olinayotgan shaxs haqidagi maʼlumotlar (familiyasi, ismi, otasining ismi, tugʻilgan sanasi, yashash, ish, oʻqish joyi) va profilaktik hisobga olish uchun asoslar koʻrsatiladi. Shaxsni profilaktik hisobga olish toʻgʻrisidagi qaror mazkur qarorni chiqargan shaxs tomonidan profilaktik hisob axborot tizimi orqali elektron shaklda imzolanadi.
Shaxsni profilaktik hisobga olish toʻgʻrisidagi qaror tasdiqlangan paytdan eʼtiboran uch ish kuni ichida, profilaktik hisobga olingan shaxs yashash joyida boʻlmagan hollarda esa, uning turgan joyi aniqlangan paytdan eʼtiboran uch ish kuni ichida tanishtiriladi va shu paytdan eʼtiboran kuchga kiradi.
Qaror bilan tanishtirilganlik faktini tasdiqlash uchun barmoqlar izlarini tanib olish tizimidan foydalaniladi.
Qaror bilan tanishtirilganda, shaxsga uning huquq va majburiyatlari tushuntirilib, bu haqda qarorda qayd qilinadi.
Shaxsning xulq-atvorini nazorat qilish va unga nisbatan huquqbuzarliklarning yakka tartibdagi profilaktikasi chora-tadbirlari oʻz vaqtida qoʻllanilishini taʼminlash maqsadida shaxs profilaktik hisobga olish uchun profilaktik hisob axborot tizimiga kiritilgan kunda ichki ishlar organlari tomonidan elektron shaklda profilaktika ishi ochiladi”;
