Olis (chekka) va notarius lavozimiga talab yuqori boʻlmagan hudud (notarial okrug)larda davlat notarial idorasi notariusi lavozimiga talabgorlarni Oliy malaka komissiyasi tomonidan suhbat asosida tayinlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida (3756-son)
19.01.2026
Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining
buyrugʻi
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2026-yil 19-yanvarda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3756]
Oʻzbekiston Respublikasining “Notariat toʻgʻrisida”gi Qonuni, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 13-apreldagi PQ-3666-son “Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi faoliyatini yanada takomillashtirishga doir tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi va 2025-yil 9-sentabrdagi PQ-280-son “Notariat institutini yanada rivojlantirish hamda sohaga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorlariga muvofiq buyuraman:
1. Olis (chekka) va notarius lavozimiga talab yuqori boʻlmagan hudud (notarial okrug)larda davlat notarial idorasi notariusi lavozimiga talabgorlarni Oliy malaka komissiyasi tomonidan suhbat asosida tayinlash tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Notarial palatasi bilan kelishilgan.
3. Mazkur buyruq 2026-yil 1-apreldan boshlab kuchga kiradi.
Vazir A. TASHKULOV
Toshkent sh.,
2026-yil 13-yanvar,
1-mh-son
Kelishildi:
Oʻzbekiston Notarial palatasi raisi D. ASHUROV
2025-yil 15-dekabr
Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2026-yil 13-yanvardagi 1-mh-son buyrugʻiga ILOVA
Olis (chekka) va notarius lavozimiga talab yuqori boʻlmagan hudud (notarial okrug)larda davlat notarial idorasi notariusi lavozimiga talabgorlarni Oliy malaka komissiyasi tomonidan suhbat asosida tayinlash tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom olis (chekka) va notarius lavozimiga talab yuqori boʻlmagan hudud (notarial okrug)larda (bundan buyon matnda notarial okrug deb yuritiladi) davlat notarial idorasi notariusi lavozimiga talabgorlarni Oliy malaka komissiyasi tomonidan suhbat (bundan buyon matnda suhbat deb yuritiladi) asosida tayinlash tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Suhbat Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Oliy malaka komissiyasi (bundan buyon matnda komissiya deb yuritiladi) tomonidan oʻtkaziladi.
2. Suhbat oʻtkazishni tashkiliy-texnik jihatdan taʼminlash maqsadida komissiyaning ishchi organi faoliyat yuritadi.
Ishchi organning shaxsiy tarkibi Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi (bundan buyon matnda Vazirlik deb yuritiladi) Inson resurslari boshqarmasi hamda Notariat, advokatura va mediatsiya boshqarmasining soha boʻyicha masʼul xodimlari orasidan shakllantiriladi va komissiya raisi tomonidan tasdiqlanadi.
Ishchi organ oʻz faoliyatini komissiya raisining rahbarligida amalga oshiradi.
3. Suhbat Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 9-sentabrdagi PQ-280-son qarori bilan tasdiqlangan Davlat notarial idorasi notariusi lavozimiga yagona tanlovda ishtirok etmagan holda suhbat asosida notariuslar tayinlanishi mumkin boʻlgan olis (chekka) va notarius lavozimiga talab yuqori boʻlmagan hudud (notarial okrug)lar roʻyxatida (bundan buyon matnda Roʻyxat deb yuritiladi) keltirilgan notarial okruglar uchun oʻtkaziladi.
4. Suhbat Roʻyxatdagi notarial okruglarda davlat notarial idorasi notariusi lavozimi taʼsis etilganda yoki shunday notarius lavozimi boʻsh boʻlgan taqdirda ushbu notarius lavozimini toʻldirish maqsadida oʻtkaziladi.
5. Suhbat jarayoni audio va videoyozuvlarda qayd etib boriladi.
2-bob. Suhbatni tashkil etish
6. Talabgorlar Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari (bundan buyon matnda hududiy adliya organlari deb yuritiladi) huzuridagi hududiy komissiyaning xulosasi asosida suhbatda ishtirok etishi mumkin.
Hududiy adliya organlari huzuridagi hududiy komissiya (bundan buyon matnda hududiy komissiya deb yuritiladi) hududiy adliya organi birinchi rahbarining buyrugʻi bilan Oʻzbekiston Respublikasi Notarial palatasining tegishli hududiy boshqarmasi vakillari, notariuslar hamda adliya organlarining xodimlari orasidan besh nafardan toʻqqiz nafar kishigacha boʻlgan tarkibda uch yil muddatga toq miqdorda tuziladi.
7. Hududiy komissiya raisining taqdimnomasiga koʻra, hududiy adliya organi birinchi rahbarining buyrugʻi bilan komissiya tarkibi oʻzgartirilishi yoki qayta tasdiqlanishi mumkin.
8. Hududiy adliya organi birinchi rahbarining notariat sohasiga rahbarlik qiluvchi oʻrinbosari qoida tariqasida hududiy komissiya raisi hisoblanadi.
Hududiy adliya organi notariat, advokatura va mediatsiya boʻlimining (shoʻbasining) notariat sohasi boʻyicha masʼul xodimi hududiy komissiya kotibi etib tayinlanadi.
9. Hududiy komissiya talabgorlar tomonidan taqdim etilgan hujjatlar yuzasidan qarorlar qabul qilishda mustaqil hisoblanadi va uning faoliyatiga aralashishga yoʻl qoʻyilmaydi.
10. Hududiy komissiya oʻz faoliyatini mazkur Nizom hamda boshqa qonunchilik hujjatlariga muvofiq amalga oshiradi.
11. Roʻyxatdagi notarial okruglarga suhbat oʻtkazish uchun Vazirlik tomonidan quyidagi holatlarda “Inson va qonun” gazetasida va vazirlikning rasmiy veb-saytida eʼlon beriladi:
yagona tanlovda ishtirok etish uchun birorta ham talabgor boʻlmasa;
yagona tanlovdan birorta ham talabgor muvaffaqiyatli oʻta olmagan taqdirda.
Suhbat oʻtkazish toʻgʻrisidagi eʼlon qoʻshimcha ravishda boshqa ommaviy axborot vositalarida hamda hududiy adliya organlari ijtimoiy tarmoqlaridagi sahifalarida ham berilishi mumkin.
12. Suhbat oʻtkazish toʻgʻrisidagi eʼlonda quyidagilar koʻrsatilishi lozim:
notarius lavozimiga suhbat oʻtkazilayotgan davlat notarial idorasining nomi;
suhbatda ishtirok etuvchilarga qoʻyiladigan talablar;
suhbatda ishtirok etish uchun taqdim etiladigan hujjatlar va ularni taqdim etishning oxirgi sanasi. Bunda, hujjatlarni taqdim etish muddati eʼlon berilgandan boshlab kamida 15 kun etib belgilanadi;
bogʻlanish uchun telefon raqami va elektron pochta manzili;
suhbat oʻtkaziladigan joy.
13. Suhbatda yigirma besh yoshdan kichik boʻlmagan va oltmish besh yoshdan katta boʻlmagan, oliy yuridik maʼlumotga, yuridik mutaxassislik boʻyicha kamida uch yillik ish stajiga ega boʻlgan, shu jumladan notarial idorada kamida bir yil stajirovka oʻtagan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi ishtirok etishi mumkin. Bunda, sudyalik lavozimida kamida besh yil ishlagan yoki notarius yordamchisi yoxud adliya organlarining notarial faoliyatga rahbarlik qilish va ushbu faoliyatni nazorat qilish bilan bogʻliq lavozimlarida kamida uch yil ishlagan shaxslar uchun stajirovkadan oʻtish talab qilinmaydi.
Surishtiruvchi, tergovchi, prokuror, adliya organlarining ishi notariat faoliyati bilan bogʻliq boʻlmagan boshqaruv xodimi yoki advokat sifatida kamida uch yil ishlagan shaxslar, agar ularning vakolatlari tugatilgan paytdan eʼtiboran besh yil oʻtmagan boʻlsa, olti oy muddat stajirovka oʻtaydi.
Quyidagilar tanlovda ishtirok etishi mumkin emas:
muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilgan shaxs;
qasddan sodir etgan jinoyati uchun sudlanganlik holati tugallanmagan yoki sudlanganligi olib tashlanmagan shaxs;
notarius, advokat, tergovchi, surishtiruvchi, prokuror, sudya yoki huquqni muhofaza qiluvchi organlarning boshqa xodimi sifatidagi vakolatlari oʻz kasbiy faoliyatiga mos kelmaydigan qilmishlar sodir etganligi uchun tugatilgan shaxs — uch yil mobaynida.
14. Suhbatda ishtirok etish uchun talabgorlar eʼlonga asosan hududiy adliya organlariga quyidagi hujjatlarni elektron yoki yozma shaklda taqdim etgan holda murojaat qiladi:
mazkur Nizomning 1-ilovasiga muvofiq shaklda ariza;
mazkur Nizomning 2-ilovasiga muvofiq toʻldirilgan soʻrovnoma;
Notariuslikka talabgorlar uchun Adliya vazirligi huzuridagi Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish institutida majburiy oʻquv kurslarini tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga (roʻyxat raqami 3721, 2025-yil 9-dekabr) muvofiq berilgan sertifikat.
Talabgor muqaddam notarius, advokat, surishtiruvchi, tergovchi, prokuror, sudya yoki huquqni muhofaza qiluvchi organlarning boshqa xodimi sifatida ishlagan boʻlsa, uning ushbu lavozimlarda oʻz kasbiy faoliyatiga mos kelmaydigan qilmishlar sodir etmaganligini aniqlash maqsadida tegishli tashkilotlardan maʼlumotlar olinishi mumkin.
Talabgordan mazkur Nizomda nazarda tutilmagan hujjatlarni taqdim etilishini talab qilishga yoʻl qoʻyilmaydi.
15. Talabgorning murojaati kelib tushgan kundan boshlab hududiy komissiya tomonidan 15 kun ichida koʻrib chiqiladi.
Kelib tushgan murojaatlar boʻyicha ish hujjatlarini yuritilishiga hududiy komissiyaning kotibi masʼul hisoblanadi.
16. Talabgor tomonidan taqdim qilingan hujjatlari mazkur Nizomning 14-bandida nazarda tutilgan talablarga muvofiq boʻlmaganda hududiy komissiya tomonidan kamchiliklarni bartaraf etish uchun qaytarib yuboradi.
Talabgorning hujjatlarini boshqa asoslarga koʻra qaytarib yuborishga yoʻl qoʻyilmaydi.
17. Mazkur Nizomning 16-bandida koʻrsatib oʻtilgan asos mavjud boʻlganda hududiy komissiyaning kotibi tomonidan murojaat kelib tushgan kundan boshlab uch ish kuni ichida talabgorning arizasida koʻrsatilgan elektron pochta yoki yashash manzili boʻyicha mazkur Nizomning 3-ilovasiga muvofiq shaklda xabarnoma yuboriladi.
18. Hujjatlari qaytarib yuborilgan talabgor hujjatlarni qaytarib yuborishga asos boʻlgan kamchiliklarni bartaraf etgandan keyin, mazkur eʼlon boʻyicha hujjatlarni taqdim etishning oxirgi sanasi oʻtguniga qadar hujjatlarini qayta topshirishi mumkin.
Hujjatlarni qayta topshirmagan talabgor hujjat topshirmagan deb hisoblanadi, bundan qayta topshirmaganlik sababi uzrli deb topilgan holatlar mustasno.
19. Hududiy komissiya tomonidan oʻrganish natijalariga koʻra, talabgorning hujjatlari mazkur Nizomning 14-bandida nazarda tutilgan talablarga muvofiq deb topilgan taqdirda, talabgorning hujjatlarini komissiyaga taqdim etilishi yuzasidan xulosa hududiy komissiya raisi tomonidan tasdiqlanadi.
20. Xulosa tasdiqlangandan soʻng, bir ish kuni ichida hududiy komissiya kotibi tomonidan talabgorlarning hujjatlari va xulosa komissiyaga yuboriladi hamda bu haqda talabgorlarning elektron pochta yoki yashash manzili boʻyicha xabarnoma yuboriladi.
21. Hududiy komissiyaning faoliyatidan norozi boʻlgan talabgorlar xabarnoma olgan kundan boshlab 10 kun muddat ichida komissiyaga shikoyat qilishi mumkin.
Bunda, talabgor shikoyat arizasi bilan birgalikda mazkur Nizomning 14-bandida nazarda tutilgan hujjatlarni komissiyaga taqdim etadi.
22. Talabgorning Vazirlikka kelib tushgan hujjatlari ishchi organ tomonidan hududiy komissiyaning tegishli xulosasi kelib tushgan kundan boshlab 20 ish kuni ichida oʻrganib chiqiladi.
Talabgorning suhbatda ishtirok etishini rad etishga asoslar mavjud boʻlsa, ishchi organ tomonidan bu haqda xulosa tuziladi. Mazkur xulosa komissiya raisi tomonidan tasdiqlanadi.
23. Quyidagi asoslarga koʻra talabgorning suhbatda ishtirok etishi rad etiladi:
talabgor mazkur Nizomning 13-bandi talablariga javob bermaganda;
hujjatlarda yolgʻon yoki notoʻgʻri maʼlumotlar aniqlanganda;
Talabgorning boshqa asoslarga koʻra suhbatda ishtirok etishini rad etishga yoʻl qoʻyilmaydi.
24. Talabgorlarning hujjatlarini oʻrganish natijalariga koʻra, ishchi organ tomonidan tegishli ravishda suhbat oʻtkazish toʻgʻrisida yoki suhbat oʻtkazishga qayta eʼlon berish toʻgʻrisida xulosa tuziladi va u komissiya raisi tomonidan tasdiqlanadi.
Suhbat oʻtkazish toʻgʻrisidagi xulosada suhbat oʻtkaziladigan sana koʻrsatiladi.
25. Quyidagi hollarda ishchi organ tomonidan suhbat oʻtkazishga qayta eʼlon berish toʻgʻrisida xulosa tuziladi:
suhbatda ishtirok etish uchun birorta ham talabgor boʻlmasa;
suhbatda ishtirok etish uchun taqdim etilgan hujjatlarni koʻrib chiqish natijalariga koʻra barcha talabgorlarning suhbatda ishtirok etishi rad etilgan boʻlsa.
Suhbat oʻtkazishga qayta eʼlon tegishli xulosa komissiya raisi tomonidan tasdiqlangan kundan boshlab yetti ish kuni ichida berilishi lozim.
Suhbatdan birorta ham talabgor muvaffaqiyatli oʻta olmagan taqdirda suhbat oʻtkazishga qayta eʼlon berish komissiya qarorida koʻrsatilgan muddatda amalga oshiriladi.
26. Suhbatda ishtirok etishi rad etilgan har bir talabgorga komissiya raisining tegishli xulosasi tasdiqlanganidan keyin bir ish kuni ichida komissiya masʼul kotibi tomonidan arizada koʻrsatilgan elektron pochta yoki yashash manzili boʻyicha mazkur Nizomning 4-ilovasiga muvofiq shaklda xabarnoma yuboriladi.
27. Suhbatni oʻtkazish boʻyicha tegishli xulosa tasdiqlangan kundan boshlab bir haftadan soʻng, lekin oʻn besh kundan kechiktirmay oʻtkaziladi.
Suhbat oʻtkaziladigan kun, vaqt va joy haqida u oʻtkaziladigan kundan kamida bir hafta oldin suhbat boʻyicha talabgorga uning arizasida koʻrsatilgan elektron pochta yoki yashash manzili boʻyicha mazkur Nizomning 5-ilovasiga muvofiq shakldagi xabarnoma yuboriladi hamda Vazirlikning rasmiy veb-saytida eʼlon qilinadi.
3-bob. Suhbat oʻtkazish tartibi
28. Komissiyaning bitta majlisida bir nechta talabgorlar ishtirok etishi mumkin.
Talabgorlar suhbatga shaxsini tasdiqlovchi hujjatini koʻrsatgan holda qoʻyiladi.
Komissiyaning bitta majlisida yagona tanlov yoki suhbat oʻtkazilganda talabgorlar yagona tanlov yoki suhbatga navbat boʻyicha kiritiladi.
29. Suhbat komissiya raisi va komissiya aʼzolari tomonidan talabgorga notariat sohasidagi nazariy va amaliy bilimlarini aniqlash maqsadida savollar berish tarzida oʻtkaziladi.
30. Suhbat boʻyicha talabgor komissiyaning bitta majlisi davomida faqat bitta notarial okrug uchun suhbatda ishtirok etishi mumkin.
31. Suhbatni oʻtkazish jarayonida talabgorlarga quyidagilar taqiqlanadi:
aloqa va telekommunikatsiya vositalari (telefon, kompyuter, planshet va boshqalar), kitob hamda shpargalkalardan foydalanish;
boshqa talabgorlar bilan suhbatlashish;
suhbat tugamasdan xonadan tashqariga chiqish.
Talabgor mazkur bandning ikkinchi — toʻrtinchi xatboshilaridagi talablarga amal qilmasligi uni suhbatda qatnashishdan chetlashtirish uchun asos boʻladi. Ushbu holatda masʼul kotib tomonidan mazkur Nizomning 6-ilovasiga muvofiq shakldagi dalolatnoma rasmiylashtiriladi va komissiya aʼzolarining kamida uch nafari tomonidan imzolanadi.
32. Talabgor savollarga javob berib boʻlganidan soʻng xonadan chiqishiga ruxsat beriladi.
33. Suhbat yakuni boʻyicha talabgor suhbatdan muvaffaqiyatli oʻtgan yoki muvaffaqiyatli oʻtmaganligi komissiya aʼzolarining umumiy ovoziga koʻra aniqlanadi.
Suhbatda komissiya aʼzolari talabgorlarni berilgan savollarga toʻliq va aniq javob berishi, faoliyat sohasi bilan bogʻliq tizimli bilimlarga ega boʻlishi, ulardan oʻz kasb faoliyatida mustaqil foydalanishni bilishi, ijtimoiy muammolar va jarayonlarni mustaqil tahlil qila olishiga qarab baholaydi.
Ovoz berish natijasiga koʻra komissiya aʼzolarining uchdan ikki qismi yoki undan koʻpi talabgorni muvaffaqiyatli oʻtgan deb hisoblagan taqdirda u suhbatdan oʻtgan deb topiladi.
Komissiya aʼzolarining uchdan ikki qismidan kam ovoz olgan talabgor suhbatdan muvaffaqiyatli oʻtmagan deb topiladi.
Roʻyxatdagi bitta notarial okrug uchun oʻtkazilgan suhbatda ikki yoki undan ortiq talabgor ishtirok etgan holda komissiya aʼzolari ovozining eng koʻp qismiga ega boʻlgan talabgor suhbatdan muvaffaqiyatli oʻtgan deb topiladi. Komissiya aʼzolari ovozlari teng boʻlib qolsa, komissiya raisining ovozi hal qiluvchi boʻlib hisoblanadi.
Soʻnggi olti oy davomida suhbatda ketma-ket ikki marta muvaffaqiyatli oʻtolmagan talabgor uni takroran topshirishga keyingi suhbat oʻtkazilgan kundan boshlab kamida olti oydan keyin yoʻl qoʻyiladi.
34. Suhbatdan muvaffaqiyatli oʻtmagan va komissiya aʼzolarining yetarli ovoziga ega boʻlmagan talabgorlarga ularning roziligi bilan komissiyaning ushbu majlisi davomida suhbat oʻtkazilgan, biroq undan muvaffaqiyatli oʻtmagan, shuningdek mazkur Nizomda belgilangan tartibda ikki marta eʼlon berilgan, lekin ushbu boʻsh oʻringa birorta ham talabgor suhbatda ishtirok etmagan boshqa boʻsh notarius oʻrnida ishlash taklif etilishi mumkin.
35. Suhbat yakunlari boʻyicha komissiya qaror qabul qiladi.
Qarorda quyidagilar koʻrsatiladi:
raqami va qabul qilingan sanasi;
ishtirok etgan komissiya aʼzolari roʻyxati;
suhbat natijalari;
suhbatdan muvaffaqiyatli oʻtgan deb topilgan, shuningdek suhbatdan muvaffaqiyatli oʻta olmagan talabgorlar roʻyxati;
suhbatdan muvaffaqiyatli oʻtgan deb topilgan talabgorlar tomonidan qasamyod qabul qilinganligi;
komissiya qarori ustidan shikoyat qilish tartibi.
Komissiya qarori rais tomonidan tasdiqlanadi.
36. Talabgorlarga komissiyaning ovoz berish natijalari hamda komissiya qarori suhbat oʻtkazilgan kunning oʻzida talabgorlarga oʻqib eshittiriladi.
37. Suhbat natijasiga koʻra bir nusxada komissiya qarori tuziladi.
Suhbatdan soʻng uch ish kuni ichida suhbatdan muvaffaqiyatli oʻtgan talabgorni davlat notarial idorasi notariusi lavozimiga tayinlash toʻgʻrisida Adliya vazirining buyrugʻi chiqariladi.
Buyruq imzolangandan soʻng bir ish kuni ichida buyruq va qarordan koʻchirma suhbatdan muvaffaqiyatli oʻtgan talabgor bilan mehnat shartnomasi tuzish uchun hududiy adliya organiga yuboriladi.
4-bob. Talabgordan notarius qasamyodini qabul qilish
38. Suhbatdan muvaffaqiyatli oʻtgan deb topilgan talabgor komissiya majlisida Oʻzbekiston Respublikasi “Notariat toʻgʻrisida”gi Qonunining 3-moddasiga asosan quyidagi mazmunda qasamyod qabul qiladi:
“Notarius vazifasini halol va vijdonan bajarishga, Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlariga qatʼiy rioya etishga tantanali qasamyod qilaman”.
39. Talabgor notarius qasamyodi matnini ovoz chiqarib oʻqiydi va talabgor toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, qasamyod qabul qilingan sana va joy bayon etilgan tegishli hujjatni imzolaydi.
Mazkur hujjat ham komissiya qaroriga ilova qilinadi.
40. Suhbatdan muvaffaqiyatli oʻtgan deb topilgan talabgorning notarius qasamyodini qabul qilishdan bosh tortishi uning notarius lavozimiga tayinlanishdan voz kechishi deb hisoblanadi.
5-bob. Davlat notarial idorasi notariusi lavozimiga tayinlash
41. Suhbatdan muvaffaqiyatli oʻtgan talabgor bilan mehnat shartnomasini tuzish va uni davlat notarial idorasi notariusi lavozimiga tayinlashga Adliya vazirining buyrugʻiga asosan hududiy adliya organi masʼul hisoblanadi.
Suhbatdan muvaffaqiyatli oʻtgan talabgor bilan mehnat shartnomasini tuzish va uni davlat notarial idorasi notariusi lavozimiga tayinlash haqidagi hududiy adliya organi buyrugʻi Adliya vazirining buyrugʻi va komissiya qaroridan koʻchirma olingan kundan boshlab besh kundan kechiktirmay chiqariladi.
42. Davlat notarial idorasi notariusi lavozimiga tayinlangan, biroq oxirgi uch yilda notarius, notarius yordamchisi, notarius stajyori yoki notarius kotibi lavozimida ishlamagan shaxslar Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan dastur boʻyicha bir oylik amaliyotni oʻtaydilar.
Amaliyot oʻtash davlat notarial idorasi notariusi lavozimiga tayinlash toʻgʻrisidagi buyruqda nazarda tutiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Notarial palatasining tegishli hududiy boshqarmasi hamda tegishli hududiy adliya organining kelishuviga asosan soha boʻyicha yetarli tajriba va koʻnikmalarga ega boʻlgan hamda notarius lavozimida kamida uch yil ishlayotgan notarius amaliyot murabbiyi etib belgilanadi.
43. Roʻyxatdagi notarial okruglarda kamida uch yil davomida notariuslik faoliyatini amalga oshirgan notarius oʻz xohishiga koʻra respublikaning istalgan boshqa hududida xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notarius sifatida faoliyatini davom ettirish uchun komissiyaga ariza topshirishi mumkin.
44. Ariza komissiyaning navbatdagi majlisida koʻrib chiqiladi.
Notarius tomonidan arizada koʻrsatilgan notarial okrugdagi notariuslar soni belgilangan eng koʻp miqdorga teng boʻlgan taqdirda, komissiya tomonidan ariza bergan notariusga xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notarius lavozimi boʻsh boʻlgan boshqa notarial okruglar roʻyxati taqdim etiladi.
Bunda, taqdim etilgan roʻyxatdagi notarial okruglardan biri notarius tomonidan tanlanadi va komissiya tomonidan ushbu notarius tomonidan tanlangan notarial okrugda xususiy amaliyot bilan shugʻullanishi faoliyatini yuritishi mumkinligi yuzasidan qaror qabul qilinadi.
45. Notariusga komissiya qaroridan koʻchirma bir ish kuni ichida yuboriladi.
46. Notarius qarordan koʻchirmani olgandan soʻng xususiy notarial faoliyat bilan shugʻullanish huquqini beruvchi litsenziya olish uchun Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 7-iyuldagi 369-son qarori bilan tasdiqlangan Xususiy notarial faoliyatni litsenziyalash tartibi toʻgʻrisida nizomda belgilangan tartibda litsenziyalovchi organga ariza bilan murojaat qiladi.
6-bob. Suhbatda ishtirok etishdan yoxud davlat notarial idorasi notariusi lavozimiga tayinlanishdan voz kechish
47. Talabgor suhbatning har qanday bosqichida, shuningdek davlat notarial idorasi notariusi lavozimiga tayinlash toʻgʻrisidagi buyruq qabul qilingunga qadar voz kechishga haqli. Buning uchun talabgor bevosita Vazirlikka yoki tegishli hududiy adliya organiga ariza bilan murojaat etishi lozim.
Agar suhbatdan muvaffaqiyatli oʻtgan deb topilgan talabgor suhbat oʻtkazilgan kundan boshlab besh kun ichida tegishli hududiy adliya organiga mehnat shartnomasini tuzish va davlat notarial idorasi notariusi lavozimiga tayinlanish uchun murojaat qilmasa, bu holat davlat notarial idorasi notariusi lavozimiga tayinlanishdan voz kechish deb hisoblanadi, kelmaganlik sababi uzrli deb topilgan hollar bundan mustasno.
48. Agar suhbatdan muvaffaqiyatli oʻtgan deb topilgan talabgor notarius lavozimiga tayinlash toʻgʻrisidagi buyruq qabul qilingunga qadar notarius lavozimiga tayinlanishdan voz kechsa, suhbatda mazkur talabgordan soʻng eng koʻp ovoz olgan talabgor komissiya qarori asosida notarius lavozimiga tayinlanadi.
7-bob. Suhbat boʻyicha hujjatlarni yuritish
49. Oʻtkazilgan har bir suhbat boʻyicha materiallar, shu jumladan suhbat oʻtkazish jarayoni qayd etilgan audio va videoyozuvlar elektron shaklda saqlanadi.
50. Suhbatni oʻtkazish bilan bogʻliq boʻlgan barcha hujjatlar har bir suhbat boʻyicha elektron shaklda Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida doimiy saqlanadi.
8-bob. Yakuniy qoidalar
51. Komissiya qarorlari ustidan sudga shikoyat qilinishi mumkin.
52. Mazkur Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar boʻladilar.
Olis (chekka) va notarius lavozimiga talab yuqori boʻlmagan hudud (notarial okrug)larda davlat notarial idorasi notariusi lavozimiga talabgorlarni Oliy malaka komissiyasi tomonidan suhbat asosida tayinlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
Olis (chekka) va notarius lavozimiga talab yuqori boʻlmagan hudud (notarial okrug)larda davlat notarial idorasi notariusi lavozimiga talabgorlarni Oliy malaka komissiyasi tomonidan suhbat asosida tayinlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA
Olis (chekka) va notarius lavozimiga talab yuqori boʻlmagan hudud (notarial okrug)larda davlat notarial idorasi notariusi lavozimiga talabgorlarni Oliy malaka komissiyasi tomonidan suhbat asosida tayinlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 3-ILOVA
Olis (chekka) va notarius lavozimiga talab yuqori boʻlmagan hudud (notarial okrug)larda davlat notarial idorasi notariusi lavozimiga talabgorlarni Oliy malaka komissiyasi tomonidan suhbat asosida tayinlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 4-ILOVA
Olis (chekka) va notarius lavozimiga talab yuqori boʻlmagan hudud (notarial okrug)larda davlat notarial idorasi notariusi lavozimiga talabgorlarni Oliy malaka komissiyasi tomonidan suhbat asosida tayinlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 5-ILOVA
Olis (chekka) va notarius lavozimiga talab yuqori boʻlmagan hudud (notarial okrug)larda davlat notarial idorasi notariusi lavozimiga talabgorlarni Oliy malaka komissiyasi tomonidan suhbat asosida tayinlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 6-ILOVA
