Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2025-yildagi faoliyati yakunlari toʻgʻrisida (1599-V-son)
30.12.2025
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2025-yildagi faoliyati yakunlari toʻgʻrisidagi axborotni koʻrib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining (bundan buyon matnda Qonunchilik palatasi deb yuritiladi) Kengashi taʼkidlaydiki, oʻtgan davrdagi faoliyat Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, tegishli qonunlar, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 18 — 20-noyabr kunlari Oliy Majlis palatalarining majlislarida soʻzlagan nutqlari, “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasi hamda uni “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi asosida tashkil etildi.
Mamlakatimiz Prezidentining yangi shakllangan Oliy Majlis palatalari majlislaridagi dasturiy nutqlari Qonunchilik palatasi faoliyatida yangi davrni boshlab berdi hamda qonun ijodkorligi, parlament nazorati va xalq bilan muloqot qilish kabi muhim yoʻnalishlarga oʻziga xos xalqchil yondashuvlarni olib kirdi.
Xususan, Qonunchilik palatasi qoʻmitalarining faoliyati maqbullashtirilib, olib borilayotgan islohotlarga mos ravishda 10 ta yangilangan qoʻmita tashkil qilindi. Jumladan, biznes vakillarining huquqlari va manfaatlarini himoya qilish maqsadida ilk bor Qonunchilik palatasining Tadbirkorlik, raqobatni rivojlantirish va sanoat masalalari qoʻmitasi tuzildi.
Qonun loyihalarini koʻrib chiqishning barcha bosqichlari raqamlashtirildi. Islohotlarning huquqiy asoslarini yanada mustahkamlash hamda milliy qonunchilik bazasini kompleks tizimlashtirish maqsadida 2025 — 2029-yillarga moʻljallangan qonun ijodkorligi dasturi qabul qilindi.
Qonunchilik palatasi bilan hukumat hamkorligining yangicha tizimi yoʻlga qoʻyilib, vazirliklar, qoʻmitalar, agentliklar va inspeksiyalar Qonunchilik palatasining qoʻmitalariga biriktirildi.
Fuqarolik jamiyati institutlari bilan muloqotni kuchaytirish maqsadida barcha qoʻmitalar huzurida jamoatchilik kengashlari tuzildi. Qoʻmitalarning faoliyat yoʻnalishlaridan kelib chiqib, 69 ta ilmiy-tadqiqot muassasalari, tahlil markazlari va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlik yoʻlga qoʻyildi.
Qonunchilik palatasining vakolatlarini yanada samarali amalga oshirish maqsadida Jamoaviy tashabbuslar, Qonunchilikni Jahon savdo tashkiloti bitimlariga uygʻunlashtirish, Iqlim oʻzgarishi oqibatlarini kamaytirish va “yashil” iqtisodiyotga oʻtishni tezlashtirish masalalari, Tashabbusli budjet jarayonlarida parlament nazoratini amalga oshirish boʻyicha komissiyalar tuzildi.
Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalari oʻrtasidagi konstruktiv bahs-munozara va oʻzaro raqobat muhitini shakllanishida parlamentdagi koʻpchilikni tashkil etuvchi “Taraqqiyot bloki” tuzilishi hamda Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi oʻzini muxolifat fraksiya deb eʼlon qilishi muhim omil boʻldi.
Davlat budjetining ijrosi ustidan parlament nazoratini amalga oshirishdagi takrorlanishlarga barham berildi. Davlat budjetining yillik va yarim yillik ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotlarni Qonunchilik palatasining qarori bilan, choraklik hisobotlarni esa Budjet va iqtisodiy masalalar qoʻmitasining qarori bilan tasdiqlash instituti joriy etildi. Hukumatning davlat budjetiga doir barcha hisobotlari Qonunchilik palatasiga faqat Oʻzbekiston Respublikasining Budjet kodeksida belgilangan audit xulosasi bilan birgalikda kiritish amaliyotiga oʻtildi.
Qonunchilik palatasi tomonidan jami 203 ta qonun loyihasi koʻrib chiqilib, 171 ta qonun loyihasini oʻz ichiga olgan 133 ta qonun qabul qilindi va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatiga yuborildi.
Muhim soha va tarmoqlardagi islohotlarni huquqiy jihatdan tartibga solishga, aholi farovonligini oshirishga qaratilgan qator yaxlit qonunlar qabul qilindi. Oʻzbekiston Respublikasining Suv kodeksi, “Shaharsozlik renovatsiyasi toʻgʻrisida”gi, “Ijtimoiy ish toʻgʻrisida”gi, “Jismoniy tarbiya va sport toʻgʻrisida”gi, “Davlat ijtimoiy sugʻurtasi toʻgʻrisida”gi, “Qishloq xoʻjaligi tavakkalchiliklarini sugʻurta qilish toʻgʻrisida”gi qonunlari shular jumlasidandir.
Aholiga qoʻshimcha yengilliklar yaratish, fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini taʼminlashga qaratilgan qator muhim qonunlar qabul qilindi. Jumladan, pensiya yoshiga toʻlgan fuqarolarga ularning murojaatisiz avtomatik tarzda yoshga doir pensiya tayinlash tizimi joriy etildi. Madaniy hordiq maskanlari hududini qisqartirish, xususiylashtirish va ular hududida bino-inshootlar qurish qatʼiy taqiqlandi. Jismoniy shaxslarga ular bilan kredit bitimlari tuzishga doir taqiq belgilash va uni olib tashlash huquqi berildi. Qurilish maydonlarida atmosfera havosini muhofaza qilish talablariga rioya etmaganlik uchun javobgarlik belgilandi, aholiga sud majlislarida videokonferensaloqa tizimidan foydalangan holda masofadan turib ishtirok etish imkoniyati yaratildi.
Qonunchilik palatasi majlislarida davlat organlari rahbarlarining oʻz faoliyatiga doir masalalar yuzasidan axboroti 27 marotaba eshitildi, 9 marotaba “hukumat soati” oʻtkazildi, mansabdor shaxslarga 15 ta parlament soʻrovi va 169 ta deputat soʻrovi yuborildi. Qoʻmitalar tomonidan jami 151 ta nazorat-tahlil tadbiri oʻtkazildi.
Yagona saylov okrugi boʻyicha siyosiy partiyalar roʻyxati asosida Qonunchilik palatasiga saylangan 75 nafar deputatning hududlardagi faoliyatini tashkil etish Konsepsiyasi tasdiqlandi. Unga koʻra, partiyalar roʻyxati asosida saylangan deputatlar hududlarga biriktirilib, ularning saylovchilar bilan muloqoti yoʻlga qoʻyildi.
Saylov okruglarida yangicha ishlash tizimiga oʻtildi. Deputatlarning saylov okrugidagi faoliyatini tashkil etish boʻyicha uslubiy tavsiyalar tasdiqlandi va har bir deputatning namunaviy yillik reja-jadvali ishlab chiqilib, xalq vakillarining saylovchilar bilan ochiq muloqot oʻtkazish amaliyoti yanada kengaytirildi.
Deputatlar tomonidan har oyning oxirgi haftasida oʻz saylov okruglarida aholi, shu jumladan yoshlar, turli soha vakillari bilan jami 10 mingdan ziyod uchrashuvlar oʻtkazilib, yuzma-yuz muloqot qilindi. Saylov okruglarida aniqlangan masalalardan kelib chiqib, deputatlar tomonidan qonunchilik tashabbusi huquqi asosida 22 ta qonun loyihasi ishlab chiqildi va Qonunchilik palatasiga kiritildi.
Bundan tashqari korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi ishlar hamda “qizil” toifadagi mahallalarda jinoyatlarning kelib chiqish sabablari chuqur oʻrganilib, aniqlangan muammolar yechimi boʻyicha qator qonun loyihalari va takliflar ishlab chiqildi. Maishiy korrupsiyaga qarshi kurashish masalalari boʻyicha mahalliy Kengashlarda 197 ta muloqot va 19 ta sessiya oʻtkazildi.
Xorijiy davlatlarning parlamentlari va xalqaro tashkilotlar bilan izchil hamkorlik amalga oshirildi. Qonunchilik palatasida 103 ta chet el delegatsiyasi, shu jumladan xorijiy davlatlar parlamentlarining 23 nafar rahbari qabul qilindi hamda deputatlar 58 ta xalqaro va parlamentlararo tadbirda ishtirok etdi.
Xorijiy davlatlar parlamentlari bilan 58 ta parlamentlararo guruh yangidan tashkil etildi. Guruhlar imkoniyatini yanada kengaytirish maqsadida 3 ta parlamentlararo komissiya (Rossiya, Xitoy, Qirgʻiziston) va 1 ta parlamentlararo hamkorlik kengashi (Qozogʻiston) tuzildi.
Qonunchilik palatasiga kelib tushgan jami 7 138 ta murojaat qonunchilikda belgilangan tartibda koʻrib chiqildi. Qonunchilikni takomillashtirish boʻyicha taklif bergan fuqarolar bilan qator uchrashuvlar oʻtkazilib, bildirilgan takliflar ularning ishtirokida muhokama qilindi.
Deputatlar faoliyati ommaviy axborot vositalarida keng yoritildi. Shuningdek Qonunchilik palatasi majlislari va “hukumat soati” tadbirlari Qonunchilik palatasining rasmiy veb-sayti va “YouTube”dagi rasmiy sahifasi orqali toʻgʻridan-toʻgʻri yoritib borildi.
Shu bilan birga Qonunchilik palatasining faoliyatini yanada samarali tashkil etish maqsadida qator ustuvor yoʻnalishlarga alohida eʼtibor qaratish muhim ahamiyat kasb etadi.
Jumladan, Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalari va qoʻmitalar 2026-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M. Mirziyoyevning 2025-yil 26-dekabr kuni Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga qilgan Murojaatnomasidan kelib chiqadigan vazifalarni oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirishi zarur.
Shuningdek 2025 — 2029-yillarga moʻljallangan qonun ijodkorligi dasturining ijrosini izchil davom ettirgan holda unda nazarda tutilgan qonunlar va kodekslar loyihalari oʻz vaqtida ishlab chiqilishi ustidan taʼsirchan parlament nazoratini taʼminlash lozim.
Saylov okruglarida aholi koʻtarayotgan dolzarb masalalarga hamda hududlarda oʻtkazilayotgan oʻrganishlar davomida aniqlangan muammolarga huquqiy yechim topish borasida deputatlarning qonun tashabbuskorligini yanada oshirish muhim ahamiyatga ega.
Qonun loyihalarini ishlab chiqish va takomillashtirish jarayonlarida jamoatchilik vakillarining ishtirokini yanada kengaytirish, bunda qoʻmitalar huzuridagi jamoatchilik kengashlari, ilmiy-tadqiqot muassasalari hamda tahlil markazlari imkoniyati va salohiyatidan unumli foydalanish maqsadga muvofiq.
Joylarda korrupsiyaga qarshi kurashish va har bir mahallada jinoyatlarning kelib chiqish sabablarini oʻrganish, korrupsiyaning oldini olishdagi huquqiy asoslarni yanada mustahkamlash boʻyicha takliflar ishlab chiqish boʻyicha ishlarni davom ettirish zarur.
Davlat budjeti ijrosini nazorat qilishda qoʻmitalar rolini yanada kuchaytirish, bu borada vazirliklar va idoralar rahbarlarining hisobotlarini eshitib borish dolzarb masalalardan hisoblanadi.
Qoʻmitalar tomonidan qonunlarning joylarda ijro etilish holatini oʻrganish, ularning yakunlarini hududning oʻzida qoʻmitaning sayyor majlisida jamoatchilik vakillari ishtirokida muhokama qilish amaliyotidan yanada samarali foydalanish muhim ahamiyat kasb etadi.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2025-yildagi faoliyati yakunlari toʻgʻrisidagi axborot maʼlumot uchun qabul qilinsin (ilova qilinadi).
2. Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalariga:
keng jamoatchilikni xabardor qilish maqsadida 2025-yilgi faoliyat yakunlari yuzasidan brifing tashkil etish;
oʻz partiyalarining dasturiy maqsad va vazifalari, elektorat tomonidan koʻtarilayotgan muammolar, fuqarolarning murojaatlaridan kelib chiqib, qonun loyihalarini tayyorlash va Qonunchilik palatasiga kiritish boʻyicha tashabbuskorlikni yanada kuchaytirish;
parlament nazoratining taʼsirchan shakllaridan foydalanish borasida tashabbuslarni koʻproq ilgari surish va parlament nazorati tadbirlarining natijalari toʻgʻrisida jamoatchilikni oʻz vaqtida xabardor qilib borish;
Qonunchilik palatasi majlisiga kiritilgan masalalar yuzasidan fraksiyaning qatʼiy nuqtai nazarini bayon etishga ustuvor ahamiyat qaratish tavsiya etilsin.
3. Qonunchilik palatasining qoʻmitalari:
keng jamoatchilikni xabardor qilish maqsadida 2025-yilgi faoliyat yakunlari yuzasidan brifing tashkil etish;
2025 — 2029-yillarga moʻljallangan qonun ijodkorligi dasturidagi tegishli qonunlar va kodekslar loyihalarini hukumat bilan birgalikda ishlab chiqish;
oʻz faoliyat yoʻnalishlaridan kelib chiqib, hududlarda korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha qilinayotgan ishlar va Davlat budjeti ijrosi ustidan taʼsirchan nazorat oʻrnatish hamda tegishli vazirlik va idoralar rahbarlarining bu boradagi axborotini eshitib borish;
qonunlarning ijro etilish holatini hududlarga chiqqan holda oʻrganish hamda nazorat-tahlil tadbirlari yakunlari boʻyicha qoʻmita majlisini oʻsha joyning oʻzida keng jamoatchilik ishtirokida oʻtkazish amaliyotini yanada kengaytirish;
parlament nazorati tadbirlari yakunlari boʻyicha qabul qilingan qarorlarning ijrosini tizimli ravishda monitoring qilish;
qonun loyihalarini ishlab chiqish va takomillashtirishda qoʻmitalar huzuridagi jamoatchilik kengashlari, ilmiy-tadqiqot muassasalari hamda tahlil markazlari imkoniyatlaridan unumli foydalanish choralarini koʻrsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Devonining Matbuot xizmati (Gʻ. Samadov) Qonunchilik palatasining 2025-yildagi faoliyati yakunlari ommaviy axborot vositalarida, shu jumladan ijtimoiy tarmoqlarda keng yoritilishini taʼminlasin.
5. Ushbu Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosarlari zimmasiga yuklatilsin.
6. Ushbu Qaror tasdiqlash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining majlisiga kiritilsin.
7. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri N. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2025-yil 30-dekabr,
1599-V-son
