Oʻzbekiston Respublikasi kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vaziri B. Zaxidovning “Kambagʻallikni qisqartirish va aholi bandligini taʼminlash borasida 2025-yilning oʻtgan davri davomida amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisida”gi axboroti haqida (1593-V-son)
23.12.2025
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vaziri B. Zaxidovning “Kambagʻallikni qisqartirish va aholi bandligini taʼminlash borasida 2025-yilning oʻtgan davri davomida amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisida”gi axborotini eshitib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi taʼkidlaydiki, keyingi yillarda mamlakatimizda kambagʻallikni qisqartirish masalalariga alohida eʼtibor qaratilib, mehnat bozorini isloh qilish, tadbirkorlikni rivojlantirish orqali aholi bandligini taʼminlash va turmush sharoitini yaxshilash, daromadini oshirish boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Bugungi kunda kambagʻallikni qisqartirish va aholi bandligini taʼminlash masalasi nafaqat ijtimoiy sohaning, balki mamlakatning iqtisodiy barqarorligini, inson kapitali rivojini va jamiyatda ijtimoiy adolatni taʼminlashning eng muhim yoʻnalishlaridan biri hisoblanadi.
Xususan, joriy yilda mamlakatimizda mehnat munosabatlarini tartibga solishga, bandlikni taʼminlashga va kambagʻallikni qisqartirishga qaratilgan Oʻzbekiston Respublikasining 2 ta qonuni, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 3 ta farmoni va 4 ta qarori qabul qilindi.
Shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 17-yanvardagi “2025-yilda aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-12-sonli Qarorida 2025-yilda 1,5 mln. nafar kishini kambagʻallikdan chiqarishga va mazkur Qarorning ijrosi doirasida kambagʻallik darajasini 6 foizgacha qisqartirishga doir muhim vazifalar belgilab berilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 23-sentabrdagi PF-143-sonli Farmoni bilan tasdiqlangan “Kambagʻallikdan farovonlik sari” dasturi doirasida 712 mingta oila (2,9 mln. nafar fuqaro) Kambagʻal oilalar reyestriga kiritilgan, shuningdek kambagʻallikdan chiqarishga qaratilgan individual rejalar ishlab chiqilgan. Individual rejalarni roʻyobga chiqarish doirasida 463 mingta kambagʻal oilaning qariyb 2 mln. nafar aʼzosiga oʻz daromadini oshirishga qaratilgan 791 mingtaga yaqin xizmat koʻrsatilgan.
Mazkur vazifalarni amalga oshirish doirasida 323 ming nafar fuqaro ishga joylashtirilgan, 420 mingta fuqaro tadbirkorlik faoliyatiga jalb qilingan, 49 mingta fuqaro esa kasb-hunar va tadbirkorlik yoʻnalishlari boʻyicha oʻqitilgan. Natijada Kambagʻal oilalar reyestrida boʻlgan 437 mingta kambagʻal oila yoki 1,8 mln. nafar fuqaro rasmiy daromadi va moliyaviy ahvoli yaxshilanganligi sababli kambagʻallikdan chiqarilgan.
Axborotga koʻra, “Sayxunobod” tajribasi boʻyicha “hokim yordamchilari” koʻmagida mahallalarda qariyb 394 mingta mikroloyiha ishga tushirilib, 809 ming nafar fuqaro hamda “Zarbdor” tajribasi boʻyicha ajratilgan mablagʻlar doirasida 672 ta yoʻnalish boʻyicha 60 ming nafar fuqaro daromadli ish bilan taʼminlangan. “Uychi” tajribasi doirasida esa banklar tomonidan oʻz mijozlari bilan 23 mingta uchrashuv tashkil etilib, uchrashuvlar yakunlari boʻyicha fuqarolarning qariyb 100 mingta muammoli masalasi ijobiy hal etilishiga erishilgan.
Joriy yil boshidan mamlakatimizda ishsizlik koʻrsatkichi 4,9 foizga tushgan, ayniqsa, Buxoro, Kogon, Navoiy, Zarafshon, Gʻozgʻon, Samarqand, Shirin shaharlarida ishsizlik koʻrsatkichi 4 foizdan pasayib, ilk bor “tabiiy ishsizlik” darajasiga yaqinlashgan. Iqtisodiy sharoiti ogʻir boʻlgan Xovos, Mirzaobod, Oqoltin, Doʻstlik, Paxtakor, Forish, Boʻston, Vobkent, Mirishkor, Mingbuloq, Uzun va Piskent tumanlarida kambagʻal oilalar sonini 4,5 baravargacha kamaytirishga erishilib, ilk bor 1 435 ta mahalla kambagʻallikdan holi hududga aylantirilgan.
Shu bilan birga tahlillar sohada ayrim kamchiliklar va hal etilishi lozim boʻlgan masalalar mavjudligini koʻrsatmoqda.
Jumladan, joriy yilning 19-noyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti boshchiligida oʻtkazilgan kambagʻallikni qisqartirish va aholi bandligini taʼminlash boʻyicha ustuvor vazifalarga bagʻishlangan yigʻilishda Uzun tumanida yil boshidan buyon kambagʻallik darajasi 10,5 foizdan 3 foizgacha kamayganligi, Uzun tumaniga nisbatan 4,5 baravar koʻproq mablagʻ ajratilgan Denov tumanida esa tuman hokimligi bu boradagi ishlarni oʻz holiga tashlab qoʻyganligi oqibatida Kambagʻal oilalar reyestriga kiritilgan 1200 ta oilaning daromadida oʻzgarish boʻlmaganligi qayd etilgan.
Shuningdek Chiroqchi tumaniga mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish uchun 309 mlrd. soʻm kredit resursi ajratilgan boʻlsa-da, mutasaddilar tomonidan fuqarolarga oʻz imkoniyatlariga yarasha tayyor loyihalar taklif qilinmaganligi, bu boradagi ishlar toʻgʻri tashkil etilmaganligi natijasida mablagʻlar oʻzlashtirilmay qolganligi kabi aholi bandligini taʼminlashga doir masalalar tanqidiy muhokama qilingan.
Mamlakatimizdagi barcha mahallalar uchun yangi loyihalarni shakllantirish va moliyalashtirish maqsadida tegishli bankirlar biriktirilgan boʻlsa-da, ayrim tumanlarda bankirlar davlat tomonidan ajratilgan moliyaviy resurslarni samarasiz loyihalarga jalb etayotganligi jiddiy tanqid ostiga olingan. Oʻtgan davr mobaynida kambagʻal oilalarning daromadini oshirish va ularni kambagʻallikdan chiqarish maqsadida ishlab chiqilgan individual rejalar doirasida tegishli xizmatlar koʻrsatilib, mazkur rejalar barcha hududlarda amalga oshirilgan boʻlsa-da, Qoʻshrabot, Toʻrtkoʻl va Boʻstonliq tumanlarida ushbu rejalar ijrosi 90 foizga ham taʼminlanmagan.
Kambagʻal oilalar reyestriga kiritilgan 463 mingta oila kambagʻallikni qisqartirishga qaratilgan xizmatlar bilan qamrab olingan. Ammo Chimboy, Taxiatosh, Pastdargʻom, Samarqand tumanlarida oilalarni bunday xizmatlar bilan qamrab olish darajasi 46 foizga ham yetmagan.
Bundan tashqari Kambagʻal oilalar reyestriga kiritilgan 110 mingta oilaning kredit, ssuda yoki subsidiya kabi moliyaviy vositalar orqali qoʻllab-quvvatlanishi taʼminlangan boʻlib, bu borada eng past koʻrsatkich Yangi Namangan, Chust, Soʻx tumanlarida va Namangan shahrida qayd etilgan.
Shu bilan birga Oʻzbekiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligiga hamda uning hududiy boʻlinmalariga Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksi 333-moddasining qoʻllanilishi yuzasidan kelib chiqadigan mehnat nizolari bilan bogʻliq 750 dan ortiq murojaat kelib tushgan.
Xususan, korxona toʻlovga qobiliyatsiz boʻlgan davrda bunday korxonadan xodimlarning ish haqi boʻyicha qarzdorliklarni undirish bilan bogʻliq ishlarni koʻrib chiqishda sudlar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 333-moddasi qoʻllanilgan holda ish haqidan qarzdorlik miqdori bir kunda 1,35 foizga, bir oyda 41 foizga, bir yilda esa 493 foizga oshgan miqdorda hisoblanishi natijasida iqtisodiy qiyinchiliklarga uchragan korxonalarning toʻlovga qobiliyatsizligi yanada oshmoqda.
Yuqorida bayon etilganlardan kelib chiqib, “Parlament nazorati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 10-moddasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vaziri B. Zaxidovning “Kambagʻallikni qisqartirish va aholi bandligini taʼminlash borasida 2025-yilning oʻtgan davri davomida amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisida”gi axboroti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligiga:
joriy yil yakuniga qadar barcha tuman va shaharlarda aholini daromadli ish bilan taʼminlash dasturini toʻliq amalga oshirish, fuqarolarni tadbirkorlikka jalb qilish, ularning daromadlarini oshirish hamda hokim yordamchilari, mahallalarga biriktirilgan bankirlar bilan birgalikda aholi uchun yangi loyihalar yaratish borasidagi ishlar samaradorligini oshirish choralarini koʻrish;
kambagʻal oilalarning daromadini oshirish maqsadida ularni individual rejalar doirasida kambagʻallikni qisqartirishga qaratilgan xizmatlar bilan toʻliq qamrab olish hamda kredit, ssuda yoki subsidiya kabi moliyaviy vositalar orqali qoʻllab-quvvatlagan holda Kambagʻal oilalar reyestridan chiqarish choralarini koʻrish;
mehnat munosabatlarini takomillashtirishga va raqamlashtirishga doir chora-tadbirlarni kuchaytirish;
iqtisodiy qiyinchiliklarga uchragan korxonalarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 333-moddasiga tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish yuzasidan taklif tayyorlash;
qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan qonun loyihalarini ishlab chiqish boʻyicha belgilangan vazifalar oʻz vaqtida va sifatli bajarilishini taʼminlash tavsiya etilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Mehnat, sogʻliqni saqlash va ijtimoiy masalalar qoʻmitasi kambagʻallikni qisqartirish va aholi bandligini taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar ustidan taʼsirchan parlament nazoratini oʻrnatsin.
4. Ushbu Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosari M. Xodjayeva zimmasiga yuklatilsin.
5. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosari R. XAKIMOV
Toshkent sh.,
2025-yil 23-dekabr,
1593-V-son
