Ichki ishlar organlarining migratsiya va personallashtirish sohasidagi faoliyatini raqamlashtirish orqali sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (PQ-14-son)
19.01.2026
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING
QARORI
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 11-martdagi “Oʻzbekiston Respublikasida shaxsga doir maʼlumotlarni himoyalash faoliyatini yanada takomillashtirish boʻyicha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-45-son Farmoni ijrosini taʼminlash hamda migratsiya va personallashtirish sohasida boshqaruv tizimini takomillashtirish, sunʼiy intellekt imkoniyatlaridan keng foydalanish orqali aholiga tezkor va sifatli xizmat koʻrsatish hamda sohada raqamlashtirish jarayonlarini izchil davom ettirish maqsadida qaror qilaman:
I. Ustuvor yoʻnalishlar
1. Quyidagilar migratsiya va personallashtirish sohasida davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlari etib belgilansin:
(a) ichki ishlar organlari migratsiya va personallashtirish boʻlinmalarini bosqichma-bosqich tezkorlik va shaffoflik tamoyillari asosida aholiga yanada qulay va sifatli xizmat koʻrsatuvchi “servis boʻlinmalar”ga aylantirish;
(b) migratsiya va personallashtirish sohasida respublika — viloyat — tuman (shahar) boʻlinmalar faoliyatini tashkil etishni sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarish va ular samaradorligini oshirish;
(v) migratsiya va personallashtirish sohasida koʻrsatiladigan davlat xizmatlarini raqamlashtirish;
(g) shaxsga doir maʼlumotlarning toʻgʻriligi va ishonchliligini taʼminlash;
(d) sohaga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish orqali mavjud axborot tizimlarida axborot xavfsizligi va kiberxavfsizlikni taʼminlash.
II. Tashkiliy chora-tadbirlar
2. Quyidagilar:
(a) Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Migratsiya va personallashtirish departamenti (keyingi oʻrinlarda — Departament) toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq;
* 1-ilova berilmaydi.
(b) Ichki ishlar organlarining migratsiya va personallashtirish sohasidagi faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish boʻyicha “yoʻl xaritasi” 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Belgilansinki, 2026-yil 1-maydan boshlab eksperiment tariqasida Toshkent, Samarqand va Fargʻona viloyatlari hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasida bittadan tuman (shahar) ichki ishlar organlari migratsiya va personallashtirish boʻlinmalarida oʻziga oʻzi xizmat koʻrsatish imkoniyati yaratilgan, sunʼiy intellekt asosida faoliyat yuritadigan “Aqlli” migratsiya shoxobchalari (Smart migration stations) tashkil etilsin. Bunda:
(a) dastlabki bosqichda “Aqlli” migratsiya shoxobchalarida 3-ilovada keltirilgan davlat xizmatlari koʻrsatiladi;
(b) Ichki ishlar vazirligi tomonidan oʻziga oʻzi koʻrsatiladigan xizmatlar turlari kengaytirib boriladi.
4. Ichki ishlar vazirligi (A.A. Tashpulatov) 2027-yil 1-mayga qadar eksperiment natijasidan kelib chiqib, “Aqlli” migratsiya shoxobchalarini respublikaning boshqa hududlarida, shuningdek, savdo va koʻngilochar markazlar, turistik hududlarda ham tashkil etish boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.
III. Aholiga qulayliklar yaratish
5. Ichki ishlar vazirligi, Raqamli texnologiyalar vazirligi, Soliq qoʻmitasi hamda Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligining quyidagi takliflari maʼqullansin:
(a) 2026-yil 1-maydan boshlab Departament va uning hududiy boshqarmalariga Oʻzbekistonga elektron kirish vizasi asosida kirib kelgan chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning elektron vizalarining amal qilish muddatini bir marotaba 30 kungacha uzaytirish huquqini berish;
(b) chet el fuqarolariga Oʻzbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqini beradigan tasdiqnomani rasmiylashtirish vakolatini Departament va uning hududiy boshqarmalariga ham berish;
(v) hududiy ichki ishlar organlari rahbarlariga chet el fuqarolari taʼlim olayotgan muassasalar yoki mehnat faoliyati bilan shugʻullanayotgan korxona va tashkilotlarda viza muddatini uzaytirish, turgan joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtkazish uchun korxona, muassasa va tashkilotlar mablagʻlari hisobidan shartnoma asosida migratsiya boʻlinmasiga shahodatlangan qoʻshimcha shtat birliklarini kiritish huquqini berish;
(g) 2026-yil 1-sentabrdan boshlab talabalar yotoqxonasiga joylashish boʻyicha shartnoma tuzish bilan bir vaqtda talabalarni turgan joyi boʻyicha roʻyxatga olishning kompozit tartibini joriy etish;
(d) 2026-yil 1-fevraldan boshlab jismoniy shaxslarga identifikatsiyalovchi ID kartalar birinchi marotaba rasmiylashtirilganda uning chipiga kiritiladigan elektron raqamli imzo sertifikatini bepul berish hamda fuqaroni “Elektron hukumat” tizimi foydalanuvchilarini identifikatsiyalash yagona axborot tizimida avtomatik tarzda bepul roʻyxatdan oʻtkazish.
IV. Migratsiya va personallashtirish sohasini raqamlashtirish
6. Departament jismoniy shaxslarning quyidagi markaziy maʼlumotlar bazalarini shakllantirish va doimiy yangilab borish boʻyicha vakolatli organ hisoblanadi:
(a) chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining yashash va turgan joyi boʻyicha roʻyxatga olingan manzili toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
(b) identifikatsiyalovchi ID karta seriyasi, raqami, berilgan joyi hamda berilgan sanasi va tugash sanasi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
(v) Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
(g) Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari, Oʻzbekiston Respublikasida doimiy yashovchi chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
(d) Oʻzbekiston Respublikasiga taklif qilingan chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar haqidagi, shuningdek, ularning viza muddati uzaytirilganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar.
7. Ichki ishlar vazirligi (A.A. Tashpulatov) 2026-yil 1-avgustga qadar sunʼiy intellekt texnologiyalari asosida:
(a) migratsiya va personallashtirish sohasiga oid elektron davlat xizmatlarini koʻrsatish, onlayn huquqiy maslahat berish, yuklamasi kam boʻlgan migratsiya boʻlinmalari haqida maʼlumot olish imkonini beruvchi “Pasport-viza” avtomatlashtirilgan axborot tizimi majmuasining “Passport-visa” mobil ilovasini ishlab chiqsin.
Bunda mazkur mobil ilova orqali koʻrsatilishi koʻzda tutilgan migratsiya va personallashtirish sohasiga oid elektron davlat xizmatlari dastlab Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida yoʻlga qoʻyiladi;
(b) chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar tomonidan Oʻzbekistonda boʻlish qoidalariga rioya etilishini “Xavfsiz shahar” tizimi orqali aniqlash va monitoring qilish imkoniyatini yaratsin;
(v) migratsiya va personallashtirish sohasida boshqa shaxsning roziligi talab etiladigan davlat xizmatlarini koʻrsatishda ularning shaxsini “Pasport-viza” avtomatlashtirilgan axborot tizimi majmuasining “Face-ID” moduli orqali masofadan turib aniqlash va roziligini olish imkonini beruvchi “E-Rozilik” platformasini ishga tushirsin.
8. Belgilansinki, 2026-yil 1-sentabrdan boshlab quyidagi davlat xizmatlarini Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali va davlat xizmatlari markazlari orqali koʻrsatish imkoniyati yaratiladi:
(a) xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar va ularning oila aʼzolarini Oʻzbekiston Respublikasiga taklif qilish;
(b) fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning biometrik harakatlanish hujjatlarini rasmiylashtirish uchun ariza yuborish;
(v) mulkdor yoki turgan joyi boʻyicha roʻyxatga olingan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosining murojaati asosida uning turgan joyi boʻyicha roʻyxatga olinganligini bekor qilish uchun ariza yuborish.
9. Ichki ishlar vazirligi Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan birgalikda 2026-yil yakuniga qadar shaxsga doir maʼlumotlar doimiy yangilanishi va xavfsizligini taʼminlash, davlat xizmatlari sonini oshirish hamda takrorlanuvchi maʼlumotlarni birlashtirish orqali axborot resurslaridan foydalanish qulayligini oshirish maqsadida Personallashtirish markazining maʼlumotlar bazalari va dasturiy taʼminotlarini Ichki ishlar vazirligining “Pasport-viza” avtomatlashtirilgan axborot tizimi majmuasiga birlashtirsin. Bunda:
(a) shaxsga doir maʼlumotlar jamlangan “Yagona raqamli migratsiya” platformasi yaratiladi (Digital migration platform);
(b) “Pasport-viza” avtomatlashtirilgan axborot tizimi majmuasini takomillashtirish, qoʻllab-quvvatlash, Departament va uning quyi tizimlari uchun server, kompyuter va boshqa qurilmalarni xarid qilish bilan bogʻliq xarajatlar Ichki ishlar vazirligi hamda Personallashtirish markazining budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
V. Qaror ijrosini tashkil etish, taʼminlash va nazorat
10. Ichki ishlar vazirligi (Z.K. Kurbanov) Departamentning axborot texnologiyalari va telekommunikatsiya infratuzilmalarini rivojlantirish hamda texnik qoʻllab-quvvatlash, shuningdek, barcha axborot tizimlari, dasturiy taʼminotlar va maʼlumotlar bazalarida axborot xavfsizligini taʼminlash choralarini koʻrsin.
11. Ichki ishlar vazirligi (A.A. Tashpulatov) uch oy muddatda:
(a) migratsiya va personallashtirish boʻlinmalariga chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning Oʻzbekistonda noqonuniy mehnat faoliyati bilan shugʻullangani uchun maʼmuriy chora koʻrish vakolatini berishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini ishlab chiqsin;
(b) qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga 4-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
13. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri A.A. Tashpulatov belgilansin.
14. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi departament boshligʻi D.B. Kadirov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2026-yil 19-yanvar,
PQ-14-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 19-yanvardagi PQ-14-son qaroriga 2-ILOVA
Ichki ishlar organlarining migratsiya va personallashtirish sohasidagi faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish boʻyicha
“YOʻL XARITASI”
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 19-yanvardagi PQ-14-son qaroriga 3-ILOVA
“Aqlli” migratsiya shoxobchalari orqali oʻz-oʻziga koʻrsatiladigan xizmatlar
ROʻYXATI
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 19-yanvardagi PQ-14-son qaroriga 4-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 11-iyuldagi “Ichki ishlar organlarining migratsiya jarayonlari va fuqarolikni rasmiylashtirish sohasidagi faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-3126-son qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 13-apreldagi “Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi faoliyatini yanada takomillashtirishga doir tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-3666-son qarorida:
(a) 1-bandning yigirma yettinchi xatboshisi chiqarib tashlansin;
(b) 1-ilovada:
8-bandda:
beshinchi xatboshi chiqarib tashlansin;
oltinchi — oʻn beshinchi xatboshilar tegishincha beshinchi — oʻn toʻrtinchi xatboshilar deb hisoblansin;
9-bandning yigirma yettinchi xatboshisi chiqarib tashlansin;
11-bandning 51-kichik bandi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 4-iyuldagi “Oʻzbekiston Respublikasiga xorijiy fuqarolarning kirishi tartibini optimallashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-3836-son qarorining 9-bandi toʻrtinchi xatboshisidagi “migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boʻlinmalari” soʻzlari “migratsiya va personallashtirish boʻlinmalari” soʻzlari bilan almashtirilsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 26-dekabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosining xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirish va berish tizimini yaratish hamda Oʻzbekiston Respublikasi biometrik pasport tizimini modernizatsiya qilishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-4079-son qarorida:
(a) 14-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“14. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligiga “Xorijga chiqish pasporti” tizimini yaratish va Oʻzbekiston Respublikasi biometrik pasport tizimini modernizatsiya qilish loyihasi doirasida jalb etiladigan xorijiy mutaxassislarga, davlat bojlari undirilmagan holda koʻp martalik vizalarni belgilangan tartibda rasmiylashtirish, berish va muddatini uzaytirish, shuningdek, vaqtinchalik roʻyxatga qoʻyish, yashash joyida hisobga olish va uning muddatini uzaytirishga ruxsat berilsin”;
(b) 1-ilovada:
2-bandning oʻn beshinchi xatboshisidagi “Adliya vazirligi huzuridagi Personallashtirish agentligiga (keyingi oʻrinlarda — Personallashtirish agentligi)” va “migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish” soʻzlari tegishlicha “Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Migratsiya va personallashtirish departamentiga (keyingi oʻrinlarda — Migratsiya va personallashtirish departamenti)” va “migratsiya va personallashtirish” soʻzlari bilan almashtirilsin;
8-bandning ikkinchi xatboshisidagi “Personallashtirish agentligida” soʻzlari “Migratsiya va personallashtirish departamentida” soʻzlari bilan almashtirilsin;
15-bandning ikkinchi xatboshisidagi “migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish” soʻzlari “migratsiya va personallashtirish” soʻzlari bilan almashtirilsin;
29-bandda:
“a” va “b” kichik bandlarning ikkinchi xatboshilaridagi “Adliya vazirligi huzuridagi Personallashtirish agentligining” soʻzlari “Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Migratsiya va personallashtirish departamentining” soʻzlari bilan almashtirilsin;
“v” kichik bandda:
birinchi xatboshidagi “migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish” soʻzlari “migratsiya va personallashtirish” soʻzlari bilan almashtirilsin;
ikkinchi xatboshidagi “Adliya vazirligi huzuridagi Personallashtirish agentligining” soʻzlari “Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Migratsiya va personallashtirish departamentining” soʻzlari bilan almashtirilsin;
30-bandda:
birinchi xatboshidagi “Ichki ishlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati organlari va Personallashtirish agentligiga” soʻzlari “Ichki ishlar vazirligi va Davlat xavfsizlik xizmati organlariga” soʻzlari bilan almashtirilsin;
toʻrtinchi xatboshidagi “Personallashtirish agentligiga” soʻzlari “Migratsiya va personallashtirish departamentiga” soʻzlari bilan almashtirilsin;
37-banddagi “Personallashtirish agentligiga” soʻzlari “Migratsiya va personallashtirish departamentiga” soʻzlari bilan almashtirilsin;
38-bandning ikkinchi xatboshisidagi “Personallashtirish agentligining” soʻzlari “Migratsiya va personallashtirish departamentining” soʻzlari bilan almashtirilsin;
39-bandning birinchi xatboshisidagi “Personallashtirish agentligi” soʻzlari “Migratsiya va personallashtirish departamentining Personallashtirish markazi” soʻzlari bilan almashtirilsin;
403-bandning ikkinchi xatboshisidagi “Personallashtirish agentligi” soʻzlari “Migratsiya va personallashtirish departamenti” soʻzlari bilan almashtirilsin;
56 va 58-bandlardagi “migratsiya boʻlinmasiga” soʻzlari “migratsiya va personallashtirish boʻlinmasiga” soʻzlari bilan almashtirilsin;
57-bandning uchinchi xatboshisidagi “migratsiya boʻlinmalari” soʻzlari “migratsiya va personallashtirish boʻlinmalari” soʻzlari bilan almashtirilsin;
61-banddagi “Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boʻlinmalari” soʻzlari “Migratsiya va personallashtirish boʻlinmalari” soʻzlari bilan almashtirilsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 29-maydagi “Toshkent viloyatida huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasida ichki ishlar organlari kuch va vositalarini boshqarishning sifat jihatdan yangi tizimini joriy etish toʻgʻrisida”gi PQ-4343-son qarorining 5-bandi beshinchi xatboshisidagi “migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish” soʻzlari “migratsiya va personallashtirish” soʻzlari bilan almashtirilsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 22-iyundagi PQ-4756-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalar va xalqaro tashkilotlarga aʼzolik boʻyicha majburiyatlarni bajarishga masʼul davlat organlari va boshqa tashkilotlar roʻyxatining 32-pozitsiyasi “Toʻlovchilar nomi” ustunidagi “Adliya vazirligi huzuridagi Personallashtirish agentligi” soʻzlari “Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Migratsiya va personallashtirish departamenti” soʻzlari bilan almashtirilsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 20-noyabrdagi PQ-397-son qarori bilan tasdiqlangan “Vatandosh” guvohnomasi va “Vatandosh” kartasini rasmiylashtirish, berish hamda bekor qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomda:
(a) 10-banddagi “Ichki ishlar vazirligi Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bosh boshqarmasi” va “(keyingi oʻrinlarda — MvaFRB)” soʻzlari tegishincha “Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Migratsiya va personallashtirish departamenti” va “(keyingi oʻrinlarda — MvaPB)” soʻzlari bilan almashtirilsin;
(b) 16 — 18-bandlardagi “MvaFRB” qisqartmasi “MvaPB” qisqartmasi bilan almashtirilsin;
(v) 2-ilovada:
1-bosqich “Chora-tadbirlar” ustunidagi “Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bosh boshqarmasi” va “(keyingi oʻrinlarda — MvaFRB)” soʻzlari “Migratsiya va personallashtirish departamenti” va “(keyingi oʻrinlarda — MvaPB)” soʻzlari bilan almashtirilsin.
2 va 3-bosqich “Subyektlar” ustunidagi “MvaFRB” qisqartmasi “MvaPB” qisqartmasi bilan almashtirilsin.
