Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisini oʻtkazish toʻgʻrisida (1548-V-son)
15.12.2025
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining
qarori
“Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonunining 16-moddasiga, “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamenti toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 10-moddasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi 2025-yil 17-dekabr kuni oʻtkazilishi belgilansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi majlisining kun tartibi loyihasiga quyidagi masalalar kiritilsin:
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarining 2025-yil toʻqqiz oyidagi ijrosi toʻgʻrisida;
“Bolalarni ijtimoiy himoya qilish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida”gi QL-120-sonli Oʻzbekiston Respublikasi qonuni loyihasi haqida (“Bolalarni ijtimoiy himoya qilish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”) (ikkinchi oʻqish);
“Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilingan shaxslar ustidan nazorat qilish mexanizmlarini takomillashtirishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi QL-142-sonli Oʻzbekiston Respublikasi qonuni loyihasi haqida (“Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat hamda Jinoyat-ijroiya kodekslariga jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilingan shaxslar ustidan nazorat qilish mexanizmlarini takomillashtirishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”) (ikkinchi oʻqish);
“Ekologik toza hududlarning huquqiy maqomi belgilanishi hamda bir martalik plastik mahsulotlarni olib kirish va sotish tartibga solinishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi QL-135-sonli Oʻzbekiston Respublikasi qonuni loyihasi haqida (birinchi oʻqish);
“Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish sohasidagi huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun javobgarlik kuchaytirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida”gi QL-158-sonli Oʻzbekiston Respublikasi qonuni loyihasi haqida (birinchi oʻqish);
“Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslariga va Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga giyohvandlik vositalari, psixotrop va kuchli taʼsir qiluvchi moddalarning noqonuniy muomalasi uchun javobgarlikni takomillashtirishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi QL-146-sonli Oʻzbekiston Respublikasi qonuni loyihasi haqida (birinchi oʻqish);
“Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining tuzilmasi hamda davlat fuqarolik xizmati tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi QL-154-sonli Oʻzbekiston Respublikasi qonuni loyihasi haqida (birinchi oʻqish);
“Farmatsevtika faoliyati takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi QL-155-sonli Oʻzbekiston Respublikasi qonuni loyihasi haqida (birinchi oʻqish);
“Jinoyat ishini yuritish chogʻida qamoqda saqlash toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartirishlar kiritish haqida”gi QL-156-sonli Oʻzbekiston Respublikasi qonuni loyihasi toʻgʻrisida (birinchi oʻqish);
“Jismoniy tarbiya va sport toʻgʻrisida”gi QL-162-sonli Oʻzbekiston Respublikasi qonuni loyihasi haqida (birinchi oʻqish);
Oʻzbekiston Respublikasi favqulodda vaziyatlar vaziri B. Kudratxodjayevning “Aholini yongʻinlardan muhofaza qilish, xususan, ijtimoiy soha obyektlarida yongʻin xavfsizligini taʼminlash borasida amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisida”gi axboroti haqida;
Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligi vaziri I. Abduraxmonovga “Qishloq xoʻjaligida eksportbop meva-sabzavot mahsulotlari hajmini koʻpaytirish va maqsadli eksport koʻrsatkichlarining bajarilishi borasida amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida” Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining parlament soʻrovini yuborish haqida.
3. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosari R. XAKIMOV
Toshkent sh.,
2025-yil 15-dekabr,
1548-V-son
