Investitsiya platformalari sohasida “Tartibga solish qumdoni” maxsus huquqiy rejimini taqdim qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida (3753-son)
12.01.2026
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI ISTIQBOLLI LOYIHALAR MILLIY AGENTLIGI DIREKTORINING
BUYRUGʻI
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2026-yil 12-yanvarda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3753]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 27-iyuldagi PQ-3150-son “Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi va 2025-yil 21-avgustdagi PQ-255-son “Zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalangan holda amalga oshiriladigan investitsiya faoliyatini tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorlariga muvofiq buyuraman:
1. Investitsiya platformalari sohasida “Tartibga solish qumdoni” maxsus huquqiy rejimini taqdim qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil va Savdo-sanoat palatasi bilan kelishilgan.
3. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
4. Mazkur buyruq 2026-yil 1-oktabrgacha amal qiladi.
Direktor D. LI
Toshkent sh.,
2025-yil 9-dekabr,
21-son
Kelishildi:
Savdo-sanoat palatasi raisi D. VAXABOV
2025-yil 15-oktabr
Raqamli texnologiyalar vazirining birinchi oʻrinbosari O. UMAROV
2025-yil 14-oktabr
Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil oʻrinbosari J. URUNOV
2025-yil 14-oktabr
Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktorining 2025-yil 9-dekabrdagi 21-son buyrugʻiga ILOVA
Investitsiya platformalari sohasida “Tartibga solish qumdoni” maxsus huquqiy rejimini taqdim qilish tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Ushbu Nizom investitsiya platformalari sohasida “Tartibga solish qumdoni” maxsus huquqiy rejimini (bundan buyon matnda maxsus huquqiy rejim deb yuritiladi) taqdim etish, maxsus huquqiy rejim ishtirokchilarini roʻyxatdan oʻtkazish, ularning faoliyatini monitoring qilish, maxsus huquqiy rejim ishtirokchisi maqomidan mahrum etish, investitsiya platformalari operatorlari reyestrini yuritish, shuningdek investitsiya platformalari faoliyatini amalga oshirish tartibini belgilaydi.
1-bob. Asosiy qoidalar
1. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
investitsiyalarni jalb etishni tashkil etish faoliyati — investitsiya platformasidan foydalangan holda investitsiyalarni jalb qilish hamda investitsiya kiritishga koʻmaklashish xizmatlarini koʻrsatish;
investitsiya kiritish shartnomasi — investor va investitsiyalarni jalb qiluvchi shaxs oʻrtasida tuziladigan, investitsiya platformasidan foydalangan holda investitsiya kiritishni amalga oshiruvchi shartnoma;
arizachi — Oʻzbekiston Respublikasi rezidenti boʻlgan yuridik shaxs;
investor — investitsiya platformasi operatori xizmatidan foydalangan holda investitsiya kiritish faoliyatini amalga oshiruvchi jismoniy yoki yuridik shaxs, shu jumladan Oʻzbekiston Respublikasi norezidenti;
investitsiya platformasi — investitsiyalarni jalb etishni tashkil etish faoliyatini amalga oshirish uchun moʻljallangan avtomatlashtirilgan dasturiy-texnologik majmua;
investitsiyalarni jalb qiluvchi shaxs — Oʻzbekiston Respublikasi rezidenti boʻlgan yuridik shaxs yoki yakka tartibdagi tadbirkor boʻlib, unga investitsiyalarni jalb qilish xizmatlarini investitsiya platformasi operatori koʻrsatadi;
investitsiya platformasi operatori — maxsus huquqiy rejim ishtirokchisi boʻlib, investitsiyalarni jalb etishni tashkil etish faoliyatini amalga oshiruvchi, investorga va investitsiyalarni jalb qiluvchi shaxsga investitsiya platformasiga (jumladan, veb-sayt va mobil ilova orqali) kirish imkoniyatini taqdim etuvchi hamda vakolatli davlat organi tomonidan investitsiya platformalari operatorlari reyestriga kiritilgan yuridik shaxs;
maxsus huquqiy rejim — investitsiya platformasi orqali investitsiyalarni jalb etishni tashkil etish faoliyatini amalga oshirish uchun yuridik shaxslarga alohida tashkiliy-huquqiy shart-sharoitlar yaratish;
investitsiya platformalari operatorlari reyestri (bundan buyon matnda reyestr deb yuritiladi) — investitsiya platformasi operatori faoliyatini amalga oshirayotgan, roʻyxatdan oʻtgan maxsus huquqiy rejim ishtirokchilari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar aks ettiriladigan ochiq axborot resursi;
vakolatli davlat organi — Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi;
maxsus huquqiy rejim ishtirokchisi — Oʻzbekiston Respublikasi rezidenti boʻlgan va maxsus huquqiy rejim ishtirokchisi sifatida roʻyxatdan oʻtgan yuridik shaxs.
2. Maxsus huquqiy rejim ishtirokchilarini roʻyxatdan oʻtkazish vakolatli davlat organi tomonidan ushbu Nizomning 1-ilovasiga muvofiq sxema asosida amalga oshiriladi.
3. Maxsus huquqiy rejim ishtirokchisi sifatida roʻyxatdan oʻtkazish uchun taqdim etilgan arizalarni qabul qilish va koʻrib chiqish boʻyicha vakolatli davlat organining ishchi organi funksiyalarini vakolatli davlat organining Kapital bozorini rivojlantirish departamenti (bundan buyon matnda ishchi organ deb yuritiladi) amalga oshiradi.
4. Ishchi organ:
arizachilarning maxsus huquqiy rejim ishtirokchisi sifatida roʻyxatdan oʻtkazish uchun taqdim qilingan arizalarini qabul qiladi va koʻrib chiqadi;
arizachilar tomonidan taqdim etilgan hujjatlarni koʻrib chiqish natijalari boʻyicha vakolatli davlat organi rahbariga (rahbar oʻrinbosariga) maxsus huquqiy rejim ishtirokchisi sifatida roʻyxatdan oʻtkazish yoki roʻyxatdan oʻtkazishni rad etish toʻgʻrisida xulosa kiritadi;
investitsiya platformalari operatorlari reyestrini yuritadi;
maxsus huquqiy rejim ishtirokchilari tomonidan ushbu Nizom va qonunchilik talablariga rioya etilishi ustidan monitoring va nazoratni amalga oshiradi;
maxsus huquqiy rejim ishtirokchisi maqomidan mahrum etish boʻyicha vakolatli davlat organi rahbariga (rahbar oʻrinbosariga) takliflar kiritadi.
5. Arizachilar tomonidan taqdim etilgan ariza va hujjatlarni koʻrib chiqish hamda maxsus huquqiy rejim ishtirokchisini roʻyxatdan oʻtkazish uchun yigʻim undirilmaydi.
2-bob. Maxsus huquqiy rejim ishtirokchilarini roʻyxatdan oʻtkazish talablari va shartlari
6. Maxsus huquqiy rejim ishtirokchisi sifatida roʻyxatdan oʻtkazish talablari va shartlari quyidagilardan iborat:
a) investitsiyalarni jalb etishni tashkil etish faoliyati faqat Oʻzbekiston Respublikasi rezidenti boʻlgan yuridik shaxslar tomonidan amalga oshirilishi;
b) investitsiya platformasining Oʻzbekiston Respublikasi hududida joylashgan serverlarda mavjud boʻlishi;
c) investitsiya platformasining dasturiy taʼminoti va texnik vositalari amaldagi qonunchilikda belgilangan shaxsga doir maʼlumotlarni, mualliflik va turdosh huquqlarni himoya qilish talablariga muvofiq boʻlishi;
d) investitsiya platformasi quyidagi asosiy funksiyalarni uzluksiz bajarishi:
investitsiyalarni jalb qilish (investitsiya taklifi) va investitsiyalarni joylashtirish boʻyicha arizalarni qabul qilish, roʻyxatdan oʻtkazish, qayta ishlash va monitoringini olib borish;
investitsiya platformasi operatorining investitsiyalarni jalb qiluvchi shaxs va investor bilan tuzadigan elektron shartnomalarini, shuningdek investitsiyalarni jalb qiluvchi shaxs va investor oʻrtasidagi investitsiya shartnomalarni tuzish va qayta ishlash;
investitsiya platformasi tomonidan koʻrsatilgan xizmatlar uchun toʻlov (komissiya) undirish;
statistik maʼlumotlar va hisobot hujjatlarini tayyorlash hamda shakllantirish;
investitsiyalarni jalb qilishga koʻmaklashish xizmatlarini koʻrsatish va investitsiya shartnomalarini investitsiya platformasi orqali tuzilgan holda hisobga olish reyestrini yuritish;
qonunchilik talablariga muvofiq axborotni saqlash, qayta ishlash va oshkor etish;
davlat organlari va tijorat banklarining axborot tizimlari bilan elektron hamkorlik qilish;
e) jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish, terrorizmni moliyalashtirish, ommaviy qirgʻin qurollarini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish hamda shaxsga doir maʼlumotlarni saqlash va ulardan foydalanish sohasidagi qonunchilik talablariga rioya etishi;
f) investitsiyalarni jalb qilish, investitsiya platformasi ishtirokchilarining identifikatsiya maʼlumotlari, investitsiya platformasi ishtirokchilari (jumladan, ular oʻrtasida) bilan munosabatlarga oid materiallar, shuningdek ish yuritish yozishmalari boʻyicha axborotni besh yil davomida saqlashi;
g) vakolatli davlat organining soʻrovi boʻyicha investitsiya platformasi faoliyatini amalga oshirish bilan bogʻliq axborotni bepul taqdim etishi;
h) investitsiya platformasi operatori tomonidan tasdiqlangan investitsiya platformasi xizmatlarini koʻrsatish tartibi va tariflari oʻzining veb-saytida joylashtirishi;
i) quyidagi shaxslarning investitsiya platformasi operatorining direktori, direktor oʻrinbosarlari va bosh buxgalteri boʻlishiga yoʻl qoʻyilmasligi:
terroristik faoliyatda yoki ommaviy qirgʻin qurollarini tarqatishda ishtirok etgan yoki ishtirok etishda gumon qilinayotgan shaxslar;
iqtisodiy jinoyatlar, shuningdek, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish, terrorizmni moliyalashtirish, ommaviy qirgʻin qurollarini tarqatishni moliyalashtirish, uyushgan jinoyatchilik, korrupsiya, boshqaruv tartibiga qarshi jinoyatlar sodir etganlik uchun sudlanganligi tugallanmagan yoki olib tashlanmagan shaxslar;
moliya-iqtisod, yuridik, matematika yoki axborot texnologiyalari mutaxassisliklaridan kamida bittasi boʻyicha oliy maʼlumotli boʻlmagan shaxslar;
qimmatli qogʻozlar bozoridagi professional faoliyatni amalga oshiruvchi tashkilotlarda, fond birjalarida yoxud iqtisodiy, bank, moliyaviy va yuridik faoliyat sohalarida, axborot texnologiyalari sohasida yoki koʻrsatib oʻtilgan yoʻnalishlar boʻyicha davlat boshqaruvi organlarida kamida ikki yillik ish stajiga ega boʻlmagan shaxslar;
j) mazkur bandning “i” kichik bandi ikkinchi va uchinchi xatboshilarida koʻrsatilgan shaxslarning platforma operatorining ustav fondida (kapitalida) ishtirok etishiga yoʻl qoʻyilmasligi;
k) investitsiyalarni jalb qiluvchi shaxslar va investorlarning soʻrov va takliflarini qabul qilish, investitsiyalarni jalb qilishga koʻmaklashish xizmatlari shartnomalarini, investitsiyalarni joylashtirishga koʻmaklashish xizmatlari shartnomalarini, shuningdek investitsiya shartnomalarni hisobga olish vazifasi yuklatilgan kamida bitta xodimning mavjud boʻlishi;
l) vakolatli davlat organiga va (yoki) investorlarga ataylab notoʻgʻri axborot tarqatmasligi (taqdim etmasligi).
3-bob. Arizani taqdim etish va koʻrib chiqish
7. Maxsus huquqiy rejim ishtirokchisi sifatida roʻyxatdan oʻtkazish uchun arizachi ushbu Nizomning 2-ilovasiga muvofiq shakldagi arizani quyidagi maʼlumotlar va hujjatlar bilan birga vakolatli davlat organiga taqdim etadi:
ushbu Nizomning 3-ilovasiga muvofiq shaklda anketa;
ushbu Nizomning 4-ilovasiga muvofiq shaklda arizachining rahbariyati (rahbar, uning oʻrinbosarlari) va taʼsischilari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
arizachining xorijiy fuqarolari boʻlgan rahbarlari va taʼsischilari uchun — tegishli chet davlat vakolatli organi tomonidan belgilangan tartibda legallashtirilgan yoki apostil qoʻyilgan, ushbu Nizomning 6-bandining “i” kichik bandida koʻrsatilgan jinoyatlar boʻyicha sudlanmaganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotnoma va uning Oʻzbekiston Respublikasi davlat tiliga notarial tasdiqlangan tarjimasi.
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari — arizachining rahbarlari (rahbar, uning oʻrinbosarlari) va taʼsischilariga nisbatan ushbu Nizomning 6-bandi “i” kichik bandida nazarda tutilgan maʼlumotlarni vakolatli davlat organi mustaqil ravishda tekshiradi.
Ushbu bandda koʻrsatilgan hujjatlar arizachining rahbari tomonidan imzolangan (tasdiqlangan) boʻlishi lozim.
Ariza va hujjatlar vakolatli davlat organiga qogʻoz shaklida yoki elektron shaklda yoxud vakolatli davlat organining elektron pochta manziliga yuborish orqali taqdim etiladi.
8. Elektron shaklda taqdim etiladigan maʼlumotlar yuqori sifatli boʻlishi va “PDF”, “PNG” yoki “JPEG” formatida boʻlishi lozim.
4-bob. Arizani koʻrib chiqish va qaror qabul qilish
9. Vakolatli davlat organi ariza qabul qilingan kundan boshlab yigirma ish kuni ichida arizachini maxsus huquqiy rejim ishtirokchisi sifatida roʻyxatdan oʻtkazish yoki roʻyxatdan oʻtkazishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
Agar ariza va taqdim etilgan hujjatlarni qoʻshimcha tekshirish zarurati tugʻilsa, tegishli mutaxassislarni jalb qilgan holda ishchi organning taklifi asosida vakolatli davlat organi rahbari (yoki uning oʻrinbosari) tomonidan arizani koʻrib chiqish muddati oʻn ish kunigacha uzaytirilishi mumkin. Bu haqda arizachiga oʻsha kuni xabar beriladi.
10. Ishchi organ ariza va taqdim etilgan hujjatlarni oʻn besh ish kuni davomida, zarur hollarda qoʻshimcha oʻrganish lozim boʻlsa, yigirma besh ish kuni davomida koʻrib chiqadi hamda koʻrib chiqish natijalari boʻyicha xulosa tayyorlab, vakolatli davlat organi rahbariga (yoki uning oʻrinbosariga) taqdim etadi.
11. Vakolatli davlat organi rahbari (yoki uning oʻrinbosari) ishchi organ xulosasi taqdim etilgan kundan boshlab besh ish kuni ichida arizachini maxsus huquqiy rejim ishtirokchisi sifatida roʻyxatdan oʻtkazish yoki roʻyxatdan oʻtkazishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
12. Arizachini maxsus huquqiy rejim ishtirokchisi sifatida roʻyxatdan oʻtkazishni rad etish uchun asoslar quyidagilardan iborat:
arizachi ushbu Nizomning 6-bandida belgilangan talablarga muvofiq boʻlmaganda;
mazkur Nizomning 7-bandida koʻrsatilgan maʼlumotlar va hujjatlar toʻliq taqdim etilmaganda yoxud notoʻgʻri yoki buzib koʻrsatilgan maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan hujjatlar taqdim etilganda;
Arizachining mansabdor shaxslari va taʼsischilari iqtisodiy jinoyatlar, shuningdek, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish, terrorizmni moliyalashtirish, ommaviy qirgʻin qurollarini tarqatishni moliyalashtirish, uyushgan jinoyatchilik, korrupsiya, boshqaruv tartibiga qarshi jinoyatlar ishtirok etganligi yoki ishtirok etishda gumon qilinayotganligi toʻgʻrisida maʼlumotlar mavjud boʻlganda.
13. Maxsus huquqiy rejim ishtirokchisi sifatida roʻyxatdan oʻtkazish rad etilgan taqdirda, ishchi organ tomonidan arizachiga rad etish sabablari koʻrsatilgan xabarnoma bir ish kuni ichida yuboriladi.
14. Arizachi xabarnoma olingan kundan boshlab oʻttiz kun ichida rad etish asoslarini bartaraf etgan holda takroran ariza berishi mumkin.
Takroran berilgan ariza boʻyicha oʻn ish kuni ichida arizachini maxsus huquqiy rejim ishtirokchisi sifatida roʻyxatdan oʻtkazish yoki roʻyxatdan oʻtkazishni rad etish haqida qaror qabul qilinadi.
Mazkur bandning birinchi xatboshisida koʻrsatilgan muddat oʻtgandan soʻng takroran topshirilgan arizalar ushbu Nizomda belgilangan tartibda umumiy asoslarda koʻrib chiqiladi.
15. Maxsus huquqiy rejim ishtirokchisi sifatida roʻyxatdan oʻtkazish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan taqdirda, ishchi organ bir ish kuni ichida reyestrga tegishli maʼlumotlarni kiritadi va arizachiga xabarnoma yuboradi.
Ishchi organ roʻyxatdan oʻtkazish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan kundan boshlab uch ish kuni ichida arizachini ushbu qaror bilan yozma shaklda tanishtiradi.
5-bob. Maxsus huquqiy rejim ishtirokchisi faoliyatini monitoring qilish va maxsus huquqiy rejim ishtirokchisi maqomidan mahrum qilish
16. Investitsiya platformasining faoliyati ushbu Nizomning 5-ilovasida belgilangan Investitsiya platformasi faoliyatini amalga oshirish tartibiga muvofiq amalga oshiriladi.
17. Ishchi organ maxsus huquqiy rejim ishtirokchilarining faoliyati hamda maxsus huquqiy rejim talablari va shartlariga rioya etilishi ustidan doimiy monitoring olib boradi.
18. Maxsus huquqiy rejim ishtirokchilari har oyning beshinchi sanasiga qadar vakolatli davlat organi tomonidan tasdiqlangan shaklga muvofiq oʻz faoliyati toʻgʻrisida vakolatli davlat organiga hisobot taqdim etadi.
19. Maxsus huquqiy rejim ishtirokchisi maqomidan mahrum qilish uchun quyidagilar asos boʻladi:
maxsus huquqiy rejim ishtirokchisining maxsus huquqiy rejim ishtirokchisi maqomidan voz kechish toʻgʻrisidagi arizasi;
maxsus huquqiy rejim ishtirokchisi sifatida roʻyxatdan oʻtkazish uchun taqdim etilgan hujjatlarda notoʻgʻri maʼlumotlar koʻrsatilganligi aniqlanganda;
maxsus huquqiy rejim ishtirokchisi tomonidan vakolatli davlat organiga ketma-ket ikki oy davomida hisobot taqdim etilmaganda;
maxsus huquqiy rejim ishtirokchisi toʻlovga qobiliyatsiz deb topilganda;
maxsus huquqiy rejim ishtirokchisi tomonidan mazkur Nizomning 5-ilovasi bilan tasdiqlangan Investitsiya platformasi faoliyatini amalga oshirish tartibi talablariga rioya qilinmaganda;
maxsus huquqiy rejim ishtirokchisining mazkur Nizomning 6-bandida belgilangan talablarga muvofiq emasligi faktlari aniqlanganda.
20. Vakolatli davlat organi ushbu Nizomning 19-bandida koʻrsatilgan holatlar aniqlangan kundan boshlab uch ish kuni ichida maxsus huquqiy rejim ishtirokchisi maqomidan mahrum qilish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
21. Ishchi organ maxsus huquqiy rejim ishtirokchisi maqomidan mahrum qilish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan paytdan boshlab bir ish kuni ichida reyestrga tegishli maʼlumotlarni kiritadi va bu haqda yuridik shaxsni xabardor qiladi.
6-bob. Investitsiya platformalari operatorlari reyestrini yuritish
22. Ishchi organ tomonidan reyestr yuritiladi va unda quyidagi maʼlumotlar koʻrsatiladi:
maxsus huquqiy rejim ishtirokchisining toʻliq nomi, tashkiliy-huquqiy shakli, joylashgan joyi (pochta manzili), elektron pochta manzili, telefon raqami;
investitsiya platformasining nomi va Internet jahon axborot tarmogʻidagi manzili;
litsenziya yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
maxsus huquqiy rejim ishtirokchisining roʻyxatdan oʻtkazilgan raqami va sanasi;
maxsus huquqiy rejim ishtirokchisi maqomidan mahrum qilish asoslari va sanasi.
23. Reyestrdagi mavjud maʼlumotlar vakolatli davlat organining rasmiy veb-saytiga joylashtiriladi.
7-bob. Yakuniy qoidalar
24. Reyestrga kiritilmagan shaxslar mazkur Nizomga muvofiq investitsiyalarni jalb etishni tashkil etish boʻyicha faoliyatni amalga oshirishga haqli emas.
25. Manfaatdor shaxslar vakolatli davlat organi tomonidan qabul qilingan qarorlar yuzasidan belgilangan tartibda sudga shikoyat qilishlari mumkin.
26. Mazkur Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilikka muvofiq javobgar boʻladilar.
Investitsiya platformalari sohasida “Tartibga solish qumdoni” maxsus huquqiy rejimini taqdim qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
Investitsiya platformalari sohasida “Tartibga solish qumdoni” maxsus huquqiy rejimi ishtirokchilarini roʻyxatdan oʻtkazish
SXEMASI
Investitsiya platformalari sohasida “Tartibga solish qumdoni” maxsus huquqiy rejimini taqdim qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA
Investitsiya platformalari sohasida “Tartibga solish qumdoni” maxsus huquqiy rejimini taqdim qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 3-ILOVA
Investitsiya platformalari sohasida “Tartibga solish qumdoni” maxsus huquqiy rejimi ishtirokchisi sifatida roʻyxatdan oʻtish uchun arizachining
ANKETASI
Investitsiya platformalari sohasida “Tartibga solish qumdoni” maxsus huquqiy rejimini taqdim qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 4-ILOVA
Yuridik shaxs (arizachining) rahbariyati (rahbari va oʻrinbosarlari) va taʼsischilari haqidagi
MAʼLUMOT
Investitsiya platformalari sohasida “Tartibga solish qumdoni” maxsus huquqiy rejimini taqdim qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 5-ILOVA
Investitsiya platformasi faoliyatini amalga oshirish
TARTIBI
Mazkur Tartib investitsiya platformasida faoliyatni amalga oshirish, investitsiya platformasi operatori, investorlar va investitsiyalarni jalb qiluvchi shaxslarning oʻzaro hamkorligi tartibini, shuningdek, investitsiya platformasi ishtirokchilarining huquqlari, majburiyatlari va javobgarligini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Tartibda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
investitsiya platformasi qoidalari (bundan buyon matnda Qoidalar deb ataladi) — investitsiya platformasida xizmat koʻrsatish, ishtirokchilarning huquq va majburiyatlarini, investitsiya jalb qilish va kiritish, hisob-kitob qilish va maʼlumotlarni oshkor qilish tartibini belgilovchi investitsiya platformasi operatori (bundan buyon matnda operator deb yuritiladi) tomonidan tasdiqlanadigan hujjat;
investitsiya platformasi ishtirokchilari (bundan buyon matnda ishtirokchilar deb yuritiladi) — operator, investorlar, investitsiyalarni jalb qiluvchi shaxslar, shuningdek, qoidalarda nazarda tutilgan hollarda investitsiya platformasida operatsiyalarga qoʻyilgan boshqa shaxslar;
investitsiyalarni jalb qiluvchi shaxs (bundan buyon matnda loyiha egasi deb yuritiladi) — Oʻzbekiston Respublikasi rezidenti boʻlgan yuridik shaxs yoki yakka tartibdagi tadbirkor boʻlib, unga investitsiyalarni jalb qilish xizmatlarini operator koʻrsatadi;
investitsiya taklifi — loyiha egasining investitsiya shartnomasini tuzish toʻgʻrisidagi taklifi;
investitsiya shartnomasi — investor va loyiha egasi oʻrtasida investitsiya platformasidan foydalangan holda tuziladigan, investitsiya amalga oshiriladigan hamda tomonlarning huquq va majburiyatlarini belgilaydigan shartnoma;
raqamli elektron guvohnoma — investitsiya platformasi tomonidan shakllantiriladigan, investitsiya shartnomasi boʻyicha investitsiya amalga oshirilganligini tasdiqlaydigan va quyidagi rekvizitlarni oʻz ichiga olgan elektron hujjat:
noyob identifikator;
shakllantirish sanasi va vaqti;
investitsiya shartnomasining tomonlari;
investitsiya summasi va obyekti toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
ijro holati;
mazkur Nizomda nazarda tutilgan boshqa maʼlumotlar;
shartnomalar reyestri — operator tomonidan investitsiya platformasida yuritiladigan, barcha investitsiya shartnomalari va ular bilan bogʻliq operatsiyalar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar xronologik tartibda shakllantiriladigan elektron baza;
nominal hisobvaraq — investorlarning pul mablagʻlarini alohida hisobga olish va hisob-kitob qilish hamda ushbu Tartib va qoidalarga muvofiq loyihalar egalariga toʻlovlarni amalga oshirish uchun Oʻzbekiston Respublikasi bankida ochilgan operatorning bank hisobvaragʻi;
eskrou-hisobvaraq — operator yoki loyiha egasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi bankida ochiladigan hisobvaraq boʻlib, unda investorlarning pul mablagʻlari ularni loyiha egasiga oʻtkazish yoki investorlarga qaytarish shartlari yuzaga kelguniga qadar saqlanadi.
2-bob. Investitsiya platformasining ishlash tartibi
2. Investitsiyalarni jalb qilishni tashkil etish boʻyicha faoliyat operator tomonidan investitsiya platformasi orqali elektron shaklda tuziladigan ikki turdagi xizmat koʻrsatish shartnomalari asosida amalga oshiriladi:
loyiha egasi bilan investitsiyalarni jalb qilish boʻyicha xizmatlar koʻrsatish toʻgʻrisidagi shartnoma, unga koʻra operator investitsiya takliflarini joylashtirish va investitsiya shartnomalarini tuzish uchun zarur boʻlgan harakatlarni amalga oshirish uchun investitsiya platformasiga kirishni taʼminlash majburiyatini oladi;
investor bilan investitsiya kiritishda koʻmaklashish boʻyicha xizmatlar koʻrsatish toʻgʻrisidagi shartnoma, u boʻyicha operator investitsiya takliflari bilan tanishish, ularni qabul qilish (akseptlash) va investitsiya shartnomalarini tuzish uchun investitsiya platformasiga kirish imkoniyatini taqdim etish majburiyatini oladi.
Mazkur shartnomalar qoʻshilish shartnomalari hisoblanadi.
3. Qoʻshilish shartnomalari investor tomonidan investitsiya platformasidagi shaxsiy kabinetda elektron raqamli imzo yoki qoidalarda koʻrsatilgan boshqa autentifikatsiya vositasi bilan tasdiqlanadigan harakatlarni bajarish orqali tuziladi. Bunda tuzilgan shartnomalar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar shartnomalar reyestriga kiritiladi va ular boʻyicha raqamli elektron guvohnoma shakllantiriladi.
4. Operator investor bilan shartnoma tuzilgunga qadar investitsiya kiritishda investordan investitsiya tavakkalchiliklari, shu jumladan qoʻyilgan mablagʻlarni toʻliq yoʻqotish tavakkalchiligi bilan tanishganligini tasdiqlovchi hujjat oladi.
5. Investitsiya platformasida jismoniy shaxslar tomonidan quyidagi miqdorlardan ortiq investitsiya kiritish uchun cheklovlar belgilanishi lozim:
kalendar yil uchun investitsiya platformasi orqali investitsiyalarning umumiy hajmi — bazaviy hisoblash miqdorining 150 baravari;
bitta investitsiya taklifi boʻyicha investitsiyalar hajmi — bazaviy hisoblash miqdorining 30 baravari.
Mazkur cheklovlar operator tomonidan jismoniy shaxslarning investitsiya kiritish boʻyicha bilimlari va tajribasini baholash oʻtkazilganidan soʻng olib tashlanishi mumkin.
Operator jismoniy shaxsning investitsiyalar, qimmatli qogʻozlar bozori va tadbirkorlik faoliyati asoslari sohasidagi bilimlari va tajribasi darajasini baholash uchun bepul asosda test sinovlarini oʻtkazadi.
Test oʻtkazish uchun savollar roʻyxati operator tomonidan mustaqil shakllantiriladi hamda investitsiya platformasida eʼlon qilinadi.
Testdan oʻtkazilayotgan shaxs savollarning umumiy sonidan kamida 75 foiziga toʻgʻri javob topsa, test sinovi natijasi ijobiy deb baholanadi.
Test sinovi investitsiya platformasida onlayn shaklda oʻtkaziladi hamda test sinovi natijalari sinov yakunlangan vaqtda avtomatik shakllanadi va jismoniy shaxsning eʼtiboriga yetkaziladi. Bunda, har bir savol uchun jismoniy shaxsga kamida 1 daqiqa vaqt berilishi kerak.
Operator cheklovlar olib tashlangan jismoniy shaxslarning alohida reyestrini yuritadi va uni har oyning 5 sanasida vakolatli davlat organiga taqdim etadi.
Operator test sinovlarini oʻtkazish bilan bogʻliq barcha materiallarni, shu jumladan elektron maʼlumotlar bazalarini kamida 5 yil davomida saqlashi va vakolatli davlat organi soʻroviga koʻra bir ish kuni ichida taqdim etishi shart.
6. Operator pul mablagʻlarining hisob-kitoblarini faqat Oʻzbekiston Respublikasi banklaridagi nominal hisobvaraqlar va (yoki) eskrou hisobvaraqlari orqali amalga oshiradi. Investorlarning pul mablagʻlarini boshqa hisobvaraqlarga oʻtkazishga yoʻl qoʻyilmaydi, qoidalarda nazarda tutilgan operatorning mukofot puli summasi, shuningdek operator xizmatlariga belgilangan toʻlovlar hajmida haq toʻlash bundan mustasno.
3-bob. Ishtirokchilarni roʻyxatdan oʻtkazish va kiritish
7. Operator mijozlarni identifikatsiya qilish va lozim darajada tekshirishni amalga oshirganidan hamda jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish, terrorizmni moliyalashtirish va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish sohasidagi qonunchilik hujjatlariga muvofiq mijozlar va ularning benefitsiar mulkdorlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni tekshirganidan soʻng ishtirokchilarni shaxsiy kabinet orqali platformada roʻyxatdan oʻtkazishni taʼminlaydi.
8. Loyiha egasi uchun operator identifikatsiyadan tashqari quyidagilarni soʻraydi va tekshiradi:
a) taʼsis hujjatlari, oxirgi benefitsiar mulkdorlar (jismoniy shaxsgacha), mulkchilik shakli va boshqaruv organlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
b) oxirgi hisobot yili uchun moliyaviy hisoboti (auditorlik tekshiruvidan oʻtkazish majburiy boʻlganda, auditorlik xulosasi bilan birga);
c) investitsiyalarni jalb qilayotgan shaxslarda toʻlovga qobiliyatsizlik alomatlari mavjud emasligi;
d) investitsiya loyihasini amalga oshirish, uni boshqarishda ishtirok etish va investitsiyalarni qaytarish tartibi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, qoʻyilgan investitsiya qaysi faoliyatga yoʻnaltirilishi, bu orqali investor bevosita yoki bilvosita egalik qiladigan mulk, investorning huquq va majburiyatlari, shuningdek tavakkalchiliklar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
e) investitsiya platformasida joylashtirish uchun taklif etilayotgan loyihaning Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 21-avgustdagi PQ-255-son “Zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalangan holda amalga oshiriladigan investitsiya faoliyatini tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorining 2-bandida belgilangan yoʻnalishlarga muvofiqligi;
f) ushbu Nizomning 14-bandida belgilangan cheklovlarning mavjud emasligi.
9. Operator investor-yuridik shaxslarni roʻyxatdan oʻtkazishda ularning boshqaruv organlari va vakilining vakolatlarini, oxirgi benefitsiar mulkdorlari va soliq rezidenti maqomini tekshirishi shart.
10. Operator ishtirokchilarning doimiy monitoringini, shu jumladan ishchanlik obroʻsi, mablagʻlarning kelib chiqishi va qoidalarga rioya etilishi monitoringini amalga oshiradi.
Bunda, operator qonunchilik hujjatlari, ushbu Nizom va qoidalar talablarining buzilishi holatlari aniqlanganda, ishtirokchini va vakolatli davlat organini xabardor qilgan holda operatsiyalarga amalga oshirishni toʻxtatib qoʻyishga haqli.
4-bob. Investitsiya taklifi
11. Loyiha egasi investitsiya platformasida quyidagi maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan investitsiyalarni jalb qilish boʻyicha investitsiya taklifini joylashtiradi:
a) loyiha egasi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, jumladan uning nomi, tashkiliy-huquqiy shakli, STIR, joylashgan joyi, oxirgi benefitsiar mulkdorlari va boshqaruv organlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, faoliyatning asosiy turlari, majburiyatlarning bajarilishiga taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlgan muhim omillar;
b) investitsiyalarni jalb etish maqsadlari, bitim shartlari va investitsiya kiritish usulining tavsifi;
c) investitsiya taklifining amal qilish muddati, investitsiya loyihasiga kiritiladigan umumiy investitsiyalarning minimal miqdori (yopilish chegarasi) va maksimal miqdori (toʻxtatish chegarasi);
d) nominal va (yoki) eskrou hisobvaraqlari orqali hisob-kitob qilish tartibi, muddatlari va shartlari, shu jumladan investitsiya taklifining amal qilishi toʻxtatilgandan soʻng mablagʻlarni loyiha egasiga oʻtkazish muddati, shuningdek investitsiyalarning minimal miqdoriga erishilmaganda yoki qaytarish uchun boshqa asoslar yuzaga kelganda investorlarga mablagʻlarni qaytarish shartlari va tartibi;
e) agar qoidalarda nazarda tutilgan boʻlsa, loyiha egasining investorlar oldidagi majburiyatlarini bajarish jadvali;
f) tavakkalchiliklar, shu jumladan qoʻyilgan mablagʻlarni yoʻqotish tavakkalchiligi, jismoniy shaxslar uchun cheklovlar, investorning shartnoma tuzishdan bosh tortish shartlari toʻgʻrisida ogohlantirish;
g) operatorga haq toʻlash hamda investor va loyiha egasining boshqa xarajatlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
h) mablagʻlarni jalb qilishning jarayoni, majburiyatlarning bajarilishi va investitsiya loyihasining amalga oshirilishi toʻgʻrisidagi axborotni oshkor qilish tartibi.
12. Operator tomonidan investitsiya taklifidagi maʼlumotlarning toʻliqligi, aniqligi, ishonchliligi tekshiruvdan oʻtkaziladi, shundan soʻng operator investitsiya taklifini investitsiya platformasida joylashtirishga ruxsat beradi yoki bartaraf etilishi mumkin boʻlgan kamchiliklar roʻyxatini koʻrsatgan holda rad etadi.
13. Investitsiya platformasida quyidagi shaxslarning investitsiya loyihalari joylashtirilishiga yoʻl qoʻyilmaydi:
iqtisodiy jinoyatlar, shuningdek, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish, terrorizmni moliyalashtirish, ommaviy qirgʻin qurollarini tarqatishni moliyalashtirish, uyushgan jinoyatchilik, korrupsiya, boshqaruv tartibiga qarshi jinoyatlar sodir etganlik uchun sudlanganligi tugallanmagan yoki olib tashlanmagan shaxslar;
terrorchilik faoliyatida yoki ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishda ishtirok etayotgan yoki ishtirok etishda gumon qilinayotgan shaxslar;
sud tomonidan muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilgan shaxslar;
sud tomonidan tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish huquqini cheklash tariqasidagi jazo qoʻllanilgan shaxslar.
14. Investitsiya taklifi amal qilish muddati boshlanganidan keyin uning mazmunini va (yoki) shartlarini oʻzgartirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
15. Operator investitsiya platformasida jalb qilingan mablagʻlarning joriy miqdori, minimal va maksimal miqdorgacha boʻlgan qoldiq, shuningdek investitsiya taklifining amal qilishini toʻxtatish sanasi va vaqtini aks ettirishni taʼminlashi shart.
5-bob. Investitsiya qilish tartibi
16. Investitsiya shartnomasini tuzish investor tomonidan oʻzining investitsiya platformasidagi shaxsiy kabineti orqali nominal va (yoki) eskrou hisobvaragʻidagi pul mablagʻlarini kiritgan holda investitsiya taklifini qabul qilish (aksept) orqali amalga oshiriladi. Bunda, shartnoma investorning pul mablagʻlari nominal va (yoki) eskrou hisobvaragʻidan loyiha egasining bank hisobvaragʻiga oʻtkazilgan paytdan boshlab tuzilgan hisoblanadi.
17. Investor investitsiya taklifini akseptlangandan soʻng operatorga qoidalarda belgilangan muddat davomida, biroq investitsiya taklifining amal qilishi tugagan kundan kechiktirmay investitsiya platformasi orqali investitsiya kiritishni bekor qilish toʻgʻrisida xabarnoma bergan holda investitsiya shartnomasini tuzishdan bosh tortishga haqli. Bunda operator investorning pul mablagʻlarini loyiha egasiga oʻtkazmaydi va uch ish kuni ichida ularni investorga qaytarilishini taʼminlaydi.
18. Investitsiya taklifining amal qilish muddati uning eng kam miqdoriga yetmasdan tugagan taqdirda, investitsiya shartnomalari tuzilmaydi. Operator muddat tugagandan keyingi ish kunidan kechiktirmay bu haqida investorlarni xabardor qiladi va kiritilgan mablagʻlarni investorlarga qaytarishni tashkil etadi.
19. Investitsiyalarning maksimal miqdoriga erishilganda, operator akseptlarni qabul qilishni toʻxtatadi va bu haqidagi axborotni eʼlon qiladi. Mablagʻlarni loyiha egasiga oʻtkazish qoidalarda belgilangan muddatda, biroq investitsiya taklifining amal qilishi toʻxtatilgan kundan eʼtiboran uch ish kunidan kechiktirmay amalga oshiriladi.
20. Investitsiya shartnomasi tuzilganligi fakti raqamli elektron guvohnoma va shartnomalar reyestridan koʻchirma bilan tasdiqlanadi.
21. Investorlarga mablagʻlarni qaytarish operator tomonidan quyidagi hollarda amalga oshiriladi:
investor tomonidan operatorga investitsiya kiritishni bekor qilish toʻgʻrisida qoidalarda belgilangan muddatda xabarnoma yuborilganda;
investitsiya taklifiga minimal miqdorda mablagʻlar kiritilmaganda;
mablagʻlar loyiha egasiga oʻtkazilgunga qadar vakolatli davlat organi yoki sudning qaroriga asosan investitsiya taklifi toʻxtatilganda;
qoidalarda nazarda tutilgan boshqa hollarda.
Investorga mablagʻlarni qaytarish uni qaytarish uchun asos boʻlgan holatlar vujudga kelgan kundan eʼtiboran uch ish kunidan kechiktirmay investorning bank hisobvaragʻiga amalga oshiriladi.
22. Operator har bir investor boʻyicha nominal hisobvaraqdagi pul mablagʻlarining alohida hisobini yuritadi. Investor operatordan soʻrov boʻyicha oʻzining operatsiyalari toʻgʻrisidagi hisobotni qoidalarda belgilangan muddatda, biroq bir ish kunidan kechiktirmay olishga haqli.
23. Investor, agar qoidalarda boshqacha qoida nazarda tutilgan boʻlmasa, nominal hisobvaragʻida turgan va investitsiya shartnomasini tuzishga yoʻnaltirilmagan pul mablagʻlarini istalgan vaqtda oʻzining bank hisobvaragʻiga oʻtkazishni talab qilishga haqli.
24. Agar qoidalarda nazarda tutilgan boʻlsa, investorlarning nominal hisobvaragʻidagi pul mablagʻlariga foizlar hisoblashga yoʻl qoʻyiladi.
25. Loyiha egasi tomonidan investitsiya shartnomasi boʻyicha majburiyatlar buzilgan taqdirda, loyiha egasi investitsiya shartnomasida nazarda tutilgan mablagʻlarni bir oy muddatda operatorning tegishli nominal hisobvaragʻiga oʻtkazadi. Operator kelib tushgan mablagʻlarni shartnomalar reyestriga muvofiq investorlarga besh ish kuni ichida taqsimlaydi.
26. Investitsiya platformasi orqali investitsiya jalb qilishga koʻmaklashish boʻyicha xizmatlar reklamasida quyidagi maʼlumotlar koʻrsatilishi kerak:
operator tomonidan axborotni oshkor qilish amalga oshiriladigan Internet jahon axborot tarmogʻidagi sayt manzili;
investitsiya qilingan mablagʻlarning yoʻqotish tavakkalchiligi yuqori ekanligi va ularning toʻliq hajmda yoʻqotilishi mumkinligi.
6-bob. Axborotni oshkor qilish va taqdim etish
27. Operator investitsiya platformasida quyidagi maʼlumotlarni hamma foydalanishi uchun oshkor qiladi:
operator toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, shu jumladan mulkchilik shakli va boshqaruv organlari;
investitsiya platformasi qoidalari;
investitsiya shartnomalarini tuzish va investitsiya kiritish tartibi;
loyiha egasi tomonidan majburiyatlar bajarilmagan taqdirda, investorning harakatlari;
operatorning hisobot davridagi faoliyati natijalari toʻgʻrisidagi yillik hisoboti;
mazkur Nizomda nazarda tutilgan boshqa maʼlumotlar.
28. Operator investitsiya platformasida investorlarga loyihalar egalari va investitsiya takliflari toʻgʻrisidagi quyidagi maʼlumotlar taqdim etilishini taʼminlaydi:
loyihalar egalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
moliyaviy hisobot (auditorlik tekshiruvidan oʻtkazish majburiy boʻlganda, auditorlik xulosasi bilan birga);
faoliyatning asosiy turlari;
muhim faktlar;
investitsiya taklifiga jalb qilingan mablagʻlar hajmi;
investitsiya taklifiga doir tavakkalchiliklar toʻgʻrisidagi ogohlantirishlar.
29. Investitsiya taklifi toʻgʻrisidagi maʼlumot koʻzlangan maqsadlar va tavakkalchiliklar toʻgʻrisida toʻliq va xolisona tasavvur hosil qilish imkonini berishi, operator xizmatlari, vositachilik haqlari, mumkin boʻlgan qoʻshimcha xarajatlar qiymati toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni, shuningdek, agar qoʻllash mumkin boʻlsa, sotib olinadigan qimmatli qogʻozlar, ulushlar yoki boshqa harakatlar mazmunini oʻz ichiga olishi kerak.
7-bob. Manfaatlar toʻqnashuvi va javobgarlik
30. Operator investitsiya takliflarida ishtirok etishga, shu jumladan oʻz investitsiya platformasida loyiha egasi sifatida ishtirok etishga, ayrim shaxslarga axborotdan yoki investitsiya kiritish shartlaridan foydalanishda preferensiyalar taqdim etishga haqli emas.
31. Loyihalar egalari sifatida operatorning 20 foizdan ortiq ulushiga (aksiyalariga) ega boʻlgan shaxslar, uning boshqaruv organlari aʼzolari, operator xodimlari, shuningdek, uning affillangan shaxslari ishtirok etishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
32. Operator manfaatlar toʻqnashuvining oldini olish, uni aniqlash, boshqarish va oshkor qilishning ichki qoidalarini tasdiqlaydi hamda uni oʻqishga qulay shaklda investitsiya platformasiga joylashtiradi.
33. Operator notoʻgʻri, toʻliq boʻlmagan yoki chalgʻituvchi maʼlumotlarni oshkor qilish, qoidalarga rioya qilmaslik, investitsiya platformasining ushbu Nizom talablariga muvofiq emasligi, nominal va (yoki) eskrou hisobvaraqlari boʻyicha hisob-kitoblar tartibini buzish oqibatida investorlar va (yoki) loyihalar egalariga yetkazilgan zararlar hamda boshqa qoidabuzarliklar uchun qonunchilikka muvofiq javobgar boʻladi.
34. Operator loyihalar egalarining investorlar oldidagi majburiyatlari boʻyicha javobgar boʻlmaydi, qoidalarda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
8-bob. Yakuniy qoida
35. Mazkur Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilikka muvofiq javobgar boʻladilar.
