Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari raislari, viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari kotibiyat mudirlari hamda tuman (shahar) hokimlari uchun oʻquv seminarlari tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (KQ-288-V-son)
12.01.2026
Oʻzbekicton Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining
qarori
Mahalliy vakillik va ijro etuvchi hokimiyatlar faoliyatining takomillashtirilishi munosabati bilan ularning oʻzaro hamkorlikdagi faoliyatini samarali tashkil etish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Mahalliy hokimiyat vakillik organlari faoliyatini kuchaytirishga koʻmaklashuvchi komissiyasining xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari raislari (keyingi oʻrinlarda — Kengash raislari), viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari kotibiyat mudirlari hamda tuman (shahar) hokimlari uchun oʻquv seminarlari tashkil etish haqidagi taklifi maʼqullansin.
2. Oʻquv seminarlari joriy yilning 19 — 31-yanvar kunlari Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatida oʻtkazilsin.
3. Quyidagilar:
xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari raislari, viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari kotibiyat mudirlari hamda tuman (shahar) hokimlari uchun tashkil etiladigan oʻquv seminarlari dasturi va reja-jadvali 1-2-ilovalarga muvofiq;
xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari raislari, viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari kotibiyat mudirlari hamda tuman (shahar) hokimlari uchun tashkil etiladigan Oʻquv seminarlariga puxta tayyorgarlik koʻrish va tashkiliy ishlarni muvofiqlashtirish boʻyicha shtab tarkibi 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Oʻquv seminarlariga puxta tayyorgarlik koʻrish va tashkiliy ishlarni muvofiqlashtirish boʻyicha shtab:
oʻquv seminarlari ishtirokchilarini Toshkent shahriga kelish-ketish jarayonlarini muvofiqlashtirib borsin;
oʻquv seminarlari dasturida belgilangan mavzular boʻyicha maʼruzachilarning tezislarini va taqdimot materiallarini toʻplasin hamda oʻquv seminarlariga maʼruzachilarni oʻz vaqtida yetib kelishini tashkil etsin;
joriy yilning 16-yanvaridan boshlab oʻquv seminarlariga tayyorgarlik holati va ularning oʻtkazilishi boʻyicha Oliy Majlis Senati Raisiga kunlik maʼlumot kiritib borilishini taʼminlasin.
5. Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Raqamli texnologiyalar vazirligi, Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasi, Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi:
oʻquv seminarlari dasturida belgilangan mutaxassislar va professor-oʻqituvchilarning tegishli mavzular boʻyicha tarqatma materiallar tayyorlagan holda ishtirok etishini taʼminlasin;
joriy yilning 15-yanvariga qadar oʻquv seminarlari dasturida belgilangan mavzular boʻyicha maʼruzachilarning tezislarini va taqdimot materiallarini Oʻquv seminarlariga puxta tayyorgarlik koʻrish va tashkiliy ishlarni muvofiqlashtirish boʻyicha shtabga taqdim etsin.
6. Belgilansinki:
oʻquv seminarlari tinglovchilari uchun kofe-breyk, tushlik va transport bilan bogʻliq xarajatlar Oliy Majlis Senati binolaridan foydalanish va xoʻjalik faoliyati boshqarmasi tomonidan Vazirlar Mahkamasining zaxira mablagʻlari hisobidan haqiqiy xarajatlarga asosan amalga oshiriladi;
oʻquv seminarlari tinglovchilarining xizmat safarlari bilan bogʻliq xarajatlar Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika budjetining, viloyatlarning viloyat budjetlarining zaxira jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan qoplanishi nazarda tutiladi.
7. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, Vazirlar Kengashi Raislari, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari mazkur qarorning 2-ilovasida keltirilgan reja-jadval asosida hududdan biriktirilgan masʼul rahbarlar boshchiligida xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari raislari hamda tuman (shahar) hokimlarining Toshkent shahriga oʻz vaqtida yetib kelishini taʼminlasin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi oʻquv seminarlari ishtirokchilarining Toshkent shahrida harakatlanishi uchun zarur avtotransport vositalari ajratilishini hamda harakat xavfsizligini taʼminlasin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati binolaridan foydalanish va xoʻjalik faoliyati boshqarmasi:
oʻquv seminarlari tinglovchilari uchun Toshkent shahridagi mehmonxonalardan xonalar band qilinishini taʼminlasin;
oʻquv seminarlari tashkil etiladigan joylarni tayyorlash, jihozlash, tadbir ishtirokchilari uchun tushlik va kofe-breyk (furshet) tashkil etish choralarini koʻrsin.
10. Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi (F. Abduxalikov) oʻquv seminarlari ishtirokchilarining alohida grafik asosida Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyati bilan tanishish uchun tashriflarini tashkil etsin.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi (A. Djurabayev), Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi (A. Koʻchimov) bilan birgalikda oʻquv seminarlari jarayoni ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishini taʼminlasin.
12. Mazkur Qaror ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi oʻrinbosari S. Safoyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi T. NARBAYEVA
Toshkent sh.,
2026-yil 12-yanvar,
KQ-288-V-son
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2026-yil 12-yanvardagi KQ-288-V-sonli qaroriga 1-ILOVA
Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari raislari, viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari kotibiyat mudirlari hamda tuman (shahar) hokimlari uchun tashkil etiladigan oʻquv seminarlari
DASTURI
Izoh: tuman (shahar) hokimlari oʻquv seminarlarining faqat birinchi kunida ishtirok etadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2026-yil 12-yanvardagi KQ-288-V-sonli qaroriga 2-ILOVA
Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari raislari, viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari kotibiyat mudirlari hamda tuman (shahar) hokimlari uchun oʻquv seminarlarining
REJA-JADVALI
* Izoh: Tinglovchilarning 208 nafari tuman (shahar) hokimlari, 208 nafari Kengash raislari, 13 nafari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashi raislari, 13 nafari kotibiyat mudirlari, 1 nafari Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi qoʻmitasi raisi va 15 nafari Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tashkiliy kadrlar guruhi rahbarlaridan iborat.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2026-yil 12-yanvardagi KQ-288-V-sonli qaroriga 3-ILOVA
Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari raislari, viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari kotibiyat mudirlari hamda tuman (shahar) hokimlari uchun tashkil etiladigan Oʻquv seminarlariga puxta tayyorgarlik koʻrish va tashkiliy ishlarni muvofiqlashtirish boʻyicha
SHTAB TARKIBI
