Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Xalqaro ishlar, mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasining 2025-yildagi faoliyati toʻgʻrisida (1577-V-son)
22.12.2025
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Xalqaro ishlar, mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasining (bundan buyon matnda Qoʻmita deb yuritiladi) 2025-yildagi faoliyati toʻgʻrisidagi axborotini koʻrib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Kengashi taʼkidlaydiki, hisobot davrida Qoʻmita tomonidan xalqaro parlamentlararo hamkorlikni rivojlantirish, parlamentlararo doʻstlik guruhlari faoliyatini faollashtirish, shuningdek mudofaa va xavfsizlik sohasidagi qonun ijodkorligini hamda parlament nazoratini amalga oshirish yoʻnalishlariga alohida eʼtibor qaratilgan.
Qoʻmitaning qonun ijodkorligi yoʻnalishidagi faoliyati yanada faollashib, Qoʻmita masʼulligida koʻrib chiqilgan 26 ta qonun loyihasidan 25 tasi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi (bundan buyon matnda Qonunchilik palatasi deb yuritiladi) tomonidan qabul qilingan hamda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senatiga yuborilgan.
Ushbu qonunlar harbiy xizmatni samarali tashkil etish va harbiy hisob tizimini takomillashtirish, jamoat xavfsizligini taʼminlash, mahallalarda xavfsiz muhit yaratish hamda huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, jazoni ijro etish tizimini liberallashtirish, vijdon erkinligi va diniy sohada davlat siyosatini huquqiy jihatdan mustahkamlash, shuningdek yongʻin xavfsizligini taʼminlash va alohida toifadagi shaxslar, jumladan, jazoni muddatidan ilgari shartli ozod etilgan shaxslar ustidan nazoratni takomillashtirish kabi muhim masalalarga qaratilgan.
Shuningdek Qatar, Ozarbayjon, Birlashgan Arab Amirliklari, Qirgʻiziston va Tojikiston bilan ikki tomonlama shartnomalar, Turkiy davlatlar tashkilotiga, Yevrosiyo taraqqiyot banki faoliyatiga aloqador bitimlar, Xalqaro metrik konvensiya, Vena konvensiyasi hamda Markaziy Osiyo — Xitoy formati doirasidagi bitim ratifikatsiya qilinib, bu Oʻzbekistonning tashqi siyosiy strategiyasini mustahkamlashga, mintaqaviy va global aloqalarni kengaytirishga hamda tashqi siyosiy va iqtisodiy hamkorlikni yangi bosqichga koʻtarishga xizmat qildi.
Qoʻmita tomonidan qonunlarning va qonunosti hujjatlarning ijrosini taʼminlash boʻyicha bir qator parlament nazorati tadbirlari oʻtkazilgan. Jumladan, 2030-yilgacha boʻlgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalarni amalga oshirish doirasida yoʻl-transport hodisalari sonini 2025-yilga qadar ikki baravar qisqartirishga qaratilgan vazifa yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi rahbariyatining axboroti eshitilib, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan tegishli tavsiyalar berilgan.
Qoʻmita taklifiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziriga xorijda boʻlib turgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish masalasida parlament soʻrovi yuborilib, uning javobi Qonunchilik palatasi majlisida koʻrib chiqilgan.
Shuningdek Qoʻmita majlisida Oʻzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vazirining “Janubiy Osiyo va Osiyo — Tinch okeani davlatlari bilan savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida”gi axboroti eshitildi. Eshituv yakunlari boʻyicha vazirlikka mazkur hamkorlikni kengaytirish orqali investitsiyalarni jalb etish, savdo aylanmasini oshirish va mintaqaviy iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash yuzasidan tegishli tavsiyalar berilgan.
Shu bilan birga Qoʻmita tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida qoʻshinlarning jangovar shayligi va harbiy xizmatchilarning kasbiy hamda maʼnaviy-ruhiy tayyorgarligi boʻyicha qonun hujjatlarining ijrosi Toshkent harbiy okrugi hududidagi harbiy qismlar va muassasalarda oʻrganilib, natijalari Qoʻmita majlisida muhokama qilingan.
Bundan tashqari Oʻzbekiston Respublikasi favqulodda vaziyatlar vazirining “Aholini yongʻinlardan muhofaza qilish, xususan, ijtimoiy soha obyektlarida yongʻin xavfsizligini taʼminlash borasida amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisida”gi axboroti Qonunchilik palatasi majlisida eshitilgan.
Hisobot davrida Qoʻmita aʼzolari tomonidan jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushgan 348 ta murojaat belgilangan tartibda koʻrib chiqilgan, shuningdek qonunchilikni takomillashtirish boʻyicha kelib tushgan takliflar alohida oʻrganilgan.
Qoʻmita faoliyati haqida keng jamoatchilikni oʻz vaqtida xabardor qilish, parlament nazorati tadbirlari yakunlarini hamda Qoʻmita masʼulligida koʻrib chiqilayotgan qonun loyihalarining mazmun-mohiyatini aholiga muntazam ravishda yetkazib borish maqsadida 15 ta tadbir oʻtkazilgan, shu jumladan 6 ta davra suhbati, 1 ta seminar va 1 ta matbuot anjumani tashkil etilgan. Hisobot davrida Qoʻmita aʼzolari tomonidan ommaviy axborot vositalarida Qoʻmita faoliyati yuzasidan 2557 marotaba chiqish qilingan.
Shu bilan bir qatorda tahlillar Qoʻmitaning oʻtgan davrdagi faoliyati davomida ayrim kamchiliklarga yoʻl qoʻyilganligini koʻrsatmoqda.
Xususan, qonun tashabbuskorligi borasidagi takliflarni koʻpaytirish, oʻz faoliyat yoʻnalishiga doir qonunlarning ijrosi boʻyicha nazorat-tahlil tadbirlarining samaradorligi va natijadorligini yanada oshirish talab etilmoqda.
Qoʻmita tashabbusi bilan oʻtkazilgan parlament nazorati tadbirlari yakunlari boʻyicha qabul qilingan qarorlarning ijrosini doimiy ravishda monitoring qilib borish muhim ahamiyat kasb etadi.
Parlamentlararo hamkorlikni tizimli rivojlantirishga va parlamentlararo doʻstlik guruhlari faoliyatini kuchaytirishga ham alohida eʼtibor qaratish lozim.
Shuningdek fuqarolar tomonidan qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan berilayotgan takliflarni bevosita ular ishtirokida Qoʻmita majlislarida muhokama qilish, joylarda aholi tomonidan koʻtarilayotgan muammolarni masʼul vazirlik va idoralar bilan birgalikda koʻrib chiqish borasidagi ishlarni yanada kuchaytirish zarur.
Yuqorida bayon etilganlardan kelib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Xalqaro ishlar, mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasining 2025-yildagi faoliyati toʻgʻrisidagi axboroti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Xalqaro ishlar, mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi:
qonun loyihalarini ishlab chiqishda va Qoʻmita masʼul boʻlgan qonun loyihalarini maromiga yetkazishda mazkur loyihalarni Qoʻmita huzuridagi Jamoatchilik kengashi yigʻilishlarida muntazam ravishda muhokama qilish, jamoatchilikning takliflari va fikr-mulohazalarini hisobga olish;
nazorat-tahlil tadbirlarini oʻtkazishda xalqaro ishlar, mudofaa va xavfsizlik sohasidagi malakali mutaxassislarni hamda mustaqil ekspertlarni keng jalb etish;
davlat organlari rahbarlarining xalqaro ishlar, mudofaa va xavfsizlik sohasidagi faoliyati yuzasidan axborotini eshitib borish amaliyotini izchil davom ettirish;
mutasaddi vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda tizimli ravishda davra suhbatlari, seminarlar va ochiq muhokamalar tashkil etib borish;
jismoniy va yuridik shaxslarning Qoʻmita nomiga yuborilgan murojaatlarida koʻtarilgan dolzarb muammolarni har tomonlama tahlil qilish, mazkur muammolarning kelib chiqish sabablarini chuqur oʻrganish hamda ularga yechim topish yuzasidan mutasaddi vazirlik va idoralar tomonidan koʻrilayotgan choralar ustidan taʼsirchan parlament nazoratini amalga oshirish;
parlamentlararo doʻstlik guruhlari faoliyatini yanada jonlantirish, xorijiy davlatlarning qonun chiqaruvchi organlari bilan mudofaa, xavfsizlik va jamoat tartibini taʼminlash borasidagi hamkorlikni kengaytirish choralarini koʻrsin.
3. Ushbu Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosari R. Xakimov zimmasiga yuklatilsin.
4. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri N. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2025-yil 22-dekabr,
1577-V-son
