Kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va aholi oʻrtasida kitob oʻqishga qiziqishni oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (PQ-9-son)
15.01.2026
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING
QARORI
Mamlakatimizda kitob oʻqish madaniyatini keng targʻib qilish, yangi nashrlar va tarjimalarni yoʻlga qoʻyish hamda aholi orasida kitobga qiziqishni kuchaytirish, kutubxonalar va taʼlim dargohlarini kasbiy va sohaviy adabiyotlar bilan taʼminlash maqsadida qaror qilaman:
I. Asosiy maqsad
1. Ushbu qarorni qabul qilishdan koʻzlangan asosiy maqsad etib 2026 — 2030-yillarda aholining kitobxonlik darajasi (bir odam oʻqiydigan kitob soni)ni yiliga oʻrtacha 10 ta kitobga yetkazish belgilansin.
II. Kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish ishlarini tashkil etish
2. Yoshlar ishlari agentligi huzurida yuridik shaxs maqomisiz Kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma) tashkil etilsin va uning vasiylik kengashi 1-ilovaga muvofiq tarkibda tasdiqlansin.
3. Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish manbalari 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin va uning mablagʻlari quyidagi tadbirlarni moliyalashtirish uchun yoʻnaltirilishi belgilansin:
(a) tanlov orqali yosh yozuvchilar uchun grantlar ajratish va asarlarini nashr etish, bolalar adabiyoti yoʻnalishidagi loyihalarni qoʻllab-quvvatlash;
(b) tanlov orqali isteʼdodli mualliflarni aniqlash va ularga ijod qilish uchun sharoit yaratish maqsadida bir yilgacha bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravari miqdorida har oy haq toʻlash;
(v) eng sara xorijiy adabiyotlarni oʻzbek tiliga va milliy adabiyotlarni xorijiy tillarga tarjima qilishda nashrga tayyorlash va chop etish xarajatlarining 50 foizi hamda mualliflik huquqi uchun xarajatlarning 80 foizini qoplash;
(g) vasiylik kengashi aʼzolariga har chorakda bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravarigacha miqdorda mukofot toʻlash;
(d) kitobxonlik reytingini shakllantirish bilan bogʻliq xarajatlarni amalga oshirish.
4. Iqtisodiyot va moliya vazirligi 2026-yildan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjetidan Yoshlar ishlari agentligiga kitoblarni tarjima qilish, nashrga tayyorlash va chop etish xarajatlari uchun har yili ajratiladigan mablagʻlar miqdorini 20 milliard soʻmga yetkazsin va ularning Jamgʻarmaga yoʻnaltirilishini taʼminlansin.
5. Yoshlar ishlari agentligi bir oy muddatda grantlar ajratish, isteʼdodli mualliflarni aniqlash va oʻzbek tiliga tarjima qilish uchun eng sara xorijiy adabiyotlarni tanlash tartibini tasdiqlasin.
6. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:
(a) Kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish jamgʻarmasi vasiylik kengashi (keyingi oʻrinlarda — Kengash)ning majlislari bir oyda kamida bir marta oʻtkaziladi;
(b) Jamgʻarma mablagʻlari Kengash qarorlari asosida ajratiladi, bunda qarorlar Kengash aʼzolari umumiy sonining koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi;
(v) Kengash 3-ilovaga muvofiq asosiy vazifalarni amalga oshiradi.
III. Aholi oʻrtasida kitob oʻqishga qiziqishni oshirish yuzasidan amalga oshiriladigan chora-tadbirlar
7. Belgilansinki, 2026-yil 1-fevraldan boshlab:
(a) aholi, ayniqsa, yoshlar oʻrtasida kitobxonlikni targʻib qilish boʻyicha 4-ilovaga muvofiq “Kitob — maʼrifat manbai” dasturi amalga oshiriladi;
(b) davlat organlarining kitob va kitobxonlik haqidagi reklamalari ijtimoiy axborot (reklama) sifatida tan olinadi;
(v) transport infratuzilmasi obyektlari va transport vositalarida (avtobus, metro, samolyot, poyezdlar) simsiz yoki mobil internet tarmogʻi orqali “Mutolaa” platformasidan foydalanish imkoniyatlari yaratiladi, qulaylik uchun QR kodlar oʻrnatiladi.
8. Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tizimidagi umumtaʼlim muassasalarida ikki oy muddatda “Jadidlar izidan” kitobxonlik klublari tashkil etilsin. Bunda:
(a) “Jadidlar izidan” kitobxonlik klubi aʼzolari oʻrtasida kitob tahliliga bagʻishlangan debatlar oʻtkaziladi;
(b) maktablarda “Jadidlar izidan” klubi aʼzolariga yiliga kamida 20 ta kitob oʻqitib boriladi;
(v) har chorakda tuman(shahar) kesimida eng faol “Jadidlar izidan” kitobxonlik klublari aʼzolari Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tomonidan ragʻbatlantiriladi.
9. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq barcha vazirlik va idoralarda:
(a) 2026-yil 1-martga qadar tegishli soha boʻyicha tavsiya etiladigan kasbiy faoliyatga oid adabiyotlar roʻyxati shakllantiriladi;
(b) har yili kamida 3 tadan kasbiy faoliyatga oid xorijiy adabiyotlarni mahalliy nashriyotlar orqali oʻzbek tiliga tarjima qilib, malakali mutaxassislar ishtirokida ularni izohlar, lugʻat va misollar bilan boyitish amaliyoti joriy etiladi;
(v) 2026-yil 1-aprelga qadar oʻzida va tizimidagi tashkilotlarda “Kitob burchagi” tashkil etiladi va xodimlar uchun har oyda “Kitob oʻqish soati” yoʻlga qoʻyiladi;
(g) kitobxonlik boʻyicha ichki reyting tizimi joriy etiladi;
(d) tanlov asosida eng koʻp kitob oʻqigan xodimga Budjet tashkilotlari xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish maxsus fondi hisobidan bir oylik ish haqi miqdorida pul mukofoti beriladi.
10. Yoshlar ishlari agentligi vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda eng koʻp kitob oʻqigan top-100 talikka kiradigan oʻquvchi va talabalarni aniqlash tartibini tasdiqlasin. Bunda top-100 talikka kirgan oʻquvchi va talabalarning har biriga Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan bazaviy hisoblash miqdorining 25 baravari miqdorida pul mukofoti berilishi nazarda tutilsin.
11. Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi Milliy kutubxona, Yoshlar ishlari agentligi, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Markaziy bank bilan hamkorlikda 2026-yil davomida “Yangi Oʻzbekiston qiyofasidagi tuman (shahar)” maqomini olgan hududlarda namunali 330 ta mahalla kutubxonalari tashkil qilsin hamda yil yakunida mazkur tashabbus koʻlamini kengaytirish boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.
IV. Qaror ijrosini tashkil etish, taʼminlash va nazorat
12. Yoshlar ishlari agentligi ikki oy muddatda:
(a) respublika boʻyicha mavjud barcha kutubxonalarni toʻliq xatlovdan oʻtkazish va ularning holatini yaxshilash, zamonaviy koʻrinish berish boʻyicha chora-tadbirlar dasturini;
(b) manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
13. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib Yoshlar ishlari agentligi direktori A.Z. Saʼdullayev belgilansin.
14. Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2026-yil 15-yanvar,
PQ-9-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 15-yanvardagi PQ-9-son qaroriga 1-ILOVA
Kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish jamgʻarmasi vasiylik kengashining
TARKIBI
Izoh: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Vasiylik kengashi tarkibiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish huquqiga ega.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 15-yanvardagi PQ-9-son qaroriga 2-ILOVA
Kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlarini shakllantirish manbalari
ROʻYXATI
1. Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetidan ajratiladigan mablagʻlar.
2. Jamgʻarmaning vaqtincha boʻsh mablagʻlarini joylashtirishdan olinadigan daromadlar.
3. Jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari.
4. Xalqaro moliya institutlari va boshqa xorijiy donorlarning grantlari.
5. Qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa daromadlar.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 15-yanvardagi PQ-9-son qaroriga 3-ILOVA
Kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish jamgʻarmasi vasiylik kengashining asosiy vazifalari
1. Ilmiy, tarixiy, badiiy va ilmiy-ommabop yoʻnalishlarda xorijiy adabiyotlarni oʻzbek tiliga va milliy adabiyotlarni xorijiy tillarga tarjima qilishda tanlovlar oʻtkazish, eng saralarini tanlash va moliyalashtirish boʻyicha qaror qabul qilish.
2. Tarjimalarning huquqiy asoslarini taʼminlash va mualliflik huquqiga rioya etilishini nazorat qilish.
3. Yosh yozuvchilar uchun grantlar ajratish va asarlarini nashr etish, tanlov orqali isteʼdodli mualliflar nomzodlarini koʻrib chiqish va ularga ijod qilish uchun qulay sharoit yaratishni moliyalashtirish boʻyicha qaror qabul qilish.
4. Davlat organlari, nashriyotlar, mualliflar, ilmiy doiralar, kitob sotuvchilari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari oʻrtasida samarali hamkorlikni taʼminlash.
5. Vazirlik va idoralar tomonidan mazkur qaror ijrosi samarali va oʻz vaqtida taʼminlanishini nazorat qilish.
6. Qaror ijrosi taʼminlashda toʻsiq boʻlayotgan muammolarni bartaraf etish boʻyicha takliflarni ishlab chiqish hamda Vazirlar Mahkamasiga va vakolatli davlat organlariga taqdim etish.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining2026-yil 15-yanvardagi PQ-9-son qaroriga 4-ILOVA
“Kitob — maʼrifat manbai”
DASTURI
