Oʻzbekiston Respublikasining 16 yoshga toʻlmagan fuqarosi guvohnomasini Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar idoralari tomonidan rasmiylashtirish va berish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomani tasdiqlash haqida (1019-son)
22.03.2001
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining
buyrugʻi
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2001-yil 22-martda 1019-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 30-dekabrdagi 519-sonli “Oʻzbekiston Respublikasining 16 yoshga toʻlmagan fuqarosi guvohnomasini rasmiylashtirish va berish tartibi toʻgʻrisidagi Nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori ijrosini taʼminlash maqsadida buyuraman:
1. “Oʻzbekiston Respublikasining 16 yoshga toʻlmagan fuqarosi guvohnomasini Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar idoralari tomonidan rasmiylashtirish va berish tartibi toʻgʻrisidagi Yoʻriqnoma” tasdiqlansin va 2001-yilning 1-aprel kunidan boshlab kuchga kiritilsin (1-ilova).
2. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri, Toshkent shahar IIBB va viloyatlar IIB boshliqlariga:
2.1. Yoʻriqnomani xorijga chiqish-kelish va fuqarolik xizmati, hamda ichki ishlar idoralarining boshqa manfaatdor xizmatlari tomonidan oʻrganishlarini tashkil etsinlar, ularning bu sohadagi bilimlari sinab koʻrilsin.
2.2. Har oyning 5-kuniga qadar Oʻzbekiston Respublikasining 16 yoshga toʻlmagan fuqarosi guvohnomasining berilishi boʻyicha maʼlumotlar umumlashtirilib Oʻzbekiston Respublikasi IIVning XChKvaF boshqarmasiga jadval asosida yuborilishi taʼminlansin (2-ilova).
3. Oʻzbekiston Respublikasi IIV Xoʻjalik boshqarmasi (A.Y. Yunusov) Oʻzbekiston Respublikasi IIV XChKvaF boshqarmasi buyurtmasi boʻyicha zarur boʻlgan miqdordagi blankalar tayyorlab berishni taʼminlasin.
4. Ushbu buyruqning bajarilish ustidan nazorat Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari militsiya general-mayori B.R. Parpiyev zimmasiga yuklatilsin.
Vazir, ichki xizmat general polkovnigi Z.A. ALMATOV
Toshkent sh.,
2001-yil 11-mart,
65-son
Oʻzbekiston Respublikasi IIVning 2001-yil 11-martdagi 65-son buyrugʻiga 1-ilova
Oʻzbekiston Respublikasining 16 yoshga toʻlmagan fuqarosi guvohnomasini Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar idoralari tomonidan rasmiylashtirish va berish tartibi toʻgʻrisidagi
YOʻRIQNOMA
I. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Yoʻriqnoma Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 30-dekabr kunidagi “Oʻzbekiston Respublikasining 16 yoshga toʻlmagan fuqarosi guvohnomasini rasmiylashtirish va berish tartibi toʻgʻrisidagi Nizomni tasdiqlash haqida”gi 519-sonli qaroriga binoan ishlab chiqilgan.
Yoʻriqnoma Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar idoralari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining 16 yoshga toʻlmagan fuqarolarini chet elga vaqtincha chiqishlarida guvohnoma rasmiylashtirish va berish tartibini belgilaydi.
2. Oʻzbekiston Respublikasining 16 yoshga toʻlmagan fuqarolari chet elga vaqtincha chiqishlarida ularning ota-onalari, vasiylari (homiylari), tashkilotlar va muassasalar vakillari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar (Toshkent viloyatidan tashqari) hokimiyatlari huzuridagi maxsus komissiyalariga chet elga borayotgan fuqaro va uning ota-onalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, hamda chet elga chiqish maqsadi koʻrsatilgan ariza bilan murojaat etadilar.
Komissiya taqdim etilgan hujjatlarni 7 kun muddatda oʻrganib chiqadi va tegishli qaror qabul qiladi (1-ilova). Maxsus komissiyaning qarori va 16 yoshga toʻlmagan Oʻzbekiston Respublikasining chet elga chiqayotgan fuqarolari roʻyxati, hujjatlarini rasmiylashtirish uchun Oʻzbekiston Respublikasi IIV, Qoraqalpogʻiston Respublikasi IIV va viloyatlar (Toshkent viloyatidan tashqari) IIB ga yuboriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Xorijga chiqish, kelish va fuqarolik xizmati boʻlimlari, taqdim etilgan ariza-anketa, buyurtmanoma, tugʻilganlik toʻgʻrisidagi guvohnoma asosida voyaga yetmagan shaxsni vaqtincha chet elga chiqish uchun Oʻzbekiston Respublikasining 16 yoshga toʻlmagan fuqarosi guvohnomasi bilan 7 kun muddatda taʼminlaydi.
3. Oʻzbekiston Respublikasining 16 yoshga toʻlmagan fuqarosi guvohnomasi, davlat boji toʻlangandan soʻng, ota-onalari, vasiylari (homiylari), tashkilot yoki muassasaning vakillariga chet eldan qaytib kelgandan soʻng, ichki ishlar idorasiga 5 kun muddat ichida guvohnomani topshirish sharti bilan tilxat asosida beriladi (2-ilova).
Voyaga yetmaganning tugʻilganlik haqidagi guvohnomasi xorijga chiqish-kelish va fuqarolik xizmatida guvohnoma ichki ishlar idorasiga topshirilgunga qadar saqlanadi.
4. Oʻzbekiston Respublikasining 16 yoshga toʻlmagan fuqarosi guvohnomasi, chet elda Oʻzbekiston Respublikasining voyaga yetmagan fuqarosi shaxsini tasdiqlovchi hujjat hisoblanadi va dunyoning barcha mamlakatlariga chiqish uchun haqiqiydir.
5. Guvohnoma Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirligining buyurtmanomasiga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki huzuridagi “Davlat belgisi” davlat ishlab chiqarish birlashmasida qalbakilashtirishdan himoya qilish elementlari boʻlgan maxsus qogʻozda 88x125 mm kattalikda 16 betdan iborat qilib tayyorlanadi.
6. Guvohnoma qatʼiy hisobda turadigan blank hisoblanadi, seriyalari va tartib raqamlariga koʻra viloyatlar boʻyicha tayyorlanadi.
7. Guvohnomaning muqovasi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasvirlangan va “Oʻzbekiston Respublikasining 16 yoshga toʻlmagan fuqarosi guvohnomasi” soʻzlari oʻzbek va ingliz tillarida oltin harflar bilan botirib yozilgan yashil rangda boʻladi. Muqova maxsus kimyoviy mato bilan himoyalanadi.
8. Guvohnoma Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar idoralari tomonidan oʻzbek, rus va ingliz, Qoraqalpogʻiston Respublikasida — qoraqalpoq tillarida “Diletta 230i” pasport-yozuv qurilmasida toʻldiriladi. Guvohnomaga quyidagi maʼlumotlar kiritiladi:
a) familiyasi, ismi, otasining ismi;
b) tugʻilgan vaqti;
v) tugʻilgan joyi;
g) millati;
d) jinsi;
e) guvohnomaning amal qilish muddati;
j) fuqaroning shaxsiy kodi;
z) guvohnoma kim tomondan va qachon berilganligi;
i) dunyoning barcha mamlakatlariga borish uchun haqiqiyligi toʻgʻrisidagi belgi;
k) alohida belgilar (qon rezusi va boshqalar);
l) vizalari toʻgʻrisida;
m) axborot va shaxsiy maʼlumotlar.
“a” — “z” kichik bandlarida koʻrsatib oʻtilgan maʼlumotlar, hamda fuqaroning 35x45 mm hajmidagi fotosurati guvohnomaning uchinchi betiga ingliz tilida yoziladi va yopishtiriladi, hamda maxsus plyonka bilan himoyalanadi, fotosuratning chetlari botirib mahkamlanadi.
9. Guvohnoma Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari va Toshkent shahar Ichki ishlar Bosh Boshqarmasi Xorijga chiqish-kelish va fuqarolik xizmati boʻlimlari tomonidan beriladi.
10. Oʻzbekiston Respublikasining 16 yoshga toʻlmagan fuqarolari chet elga ota-onalari, vasiylari (homiylari), tashkilot va muassasalar vakillari bilan birga chiqishlari mumkin.
11. Guvohnomaning rasmiylashtirish jarayonida bolaning millati ota-onalarining millatiga koʻra belgilanadi. Agar ota-onalar turli millatga mansub boʻlsalar, unda guvohnoma berishda voyaga yetmagan shaxsning millati guvohnoma oluvchining xohishiga qarab ota yoki onaning millati yoziladi.
12. Oʻzbekiston Respublikasining 16 yoshga toʻlmagan fuqarosi guvohnomasini olish uchun ularning ota-onalari, vasiylar (homiylar), tashkilot va muassasalarning vakillari Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar idoralarining xorijga chiqish-kelish va fuqarolik xizmati boʻlimlariga quyidagi hujjatlarni taqdim etadilar:
a) Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar (Toshkent viloyatidan tashqari) hokimliklari huzuridagi maxsus komissiyaning qarori;
b) 16 yoshga toʻlmagan fuqaroning tugʻilganlik toʻgʻrisidagi guvohnomasi;
v) 35x45 mm kattalikdagi oq-qora yoki rangli toʻrtta fotosurat;
g) belgilangan shakldagi ariza-anketa (3-ilova);
d) tashkilot yoki muassasaning belgilangan namunadagi buyurtmanomasi (4-ilova);
e) voyaga yetmagan shaxsning chet elga chiqishi uchun ota-onalari, vasiylari (homiylar)ning notarial tasdiqlangan roziligi;
j) voyaga yetmagan shaxsga hamrohlik qiluvchi shaxsning notarial tasdiqlangan majburiyatlari.
Oʻzbekiston Respublikasining 16 yoshga toʻlmagan fuqarosi chet elga davolanishga ketayotganda, yuqorida koʻrsatilgan hujjatlardan tashqari sogʻliqni saqlash idoralarining yoʻllanmasi yoki xorijdagi davolash muassasalari tomonidan berilgan taklifnomani taqdim etadi.
Oʻzbekiston Respublikasining 16 yoshga toʻlmagan fuqarosi oʻqishga, xalqaro yoshlar festivallariga va turli sport musobaqalariga ketayotganlarida tashkilot va muassasalarning oʻrnatilgan tartibdagi buyurtmasi taqdim etiladi.
Oʻzbekiston Respublikasining 16 yoshga toʻlmagan fuqarosi chet elga vaqtincha ota-onalarining biri bilan birga ketayotgan boʻlsa, u holda ikkinchisining roziligi talab etilmaydi.
Agar Oʻzbekiston Respublikasining 16 yoshga toʻlmagan fuqarosi chet elga vasiylari (homiylari), tashkilot va muassasalar vakillari bilan ketayotganda, uning ota-onalari yoki ulardan biri bu vaqtda chet elda vaqtincha boʻlgan taqdirda, ularning roziliklari Oʻzbekiston Respublikasining chet eldagi diplomatik vakolatxonasi yoki konsullik muassasalari tomonidan tasdiqlanadi.
Oʻzbekiston Respublikasining 16 yoshga toʻlmagan fuqarosiga oʻrnatilgan tartibda toʻldirilgan ariza-anketa oʻquv muassasasi yoki doimiy yashash joyidagi oʻz-oʻzini boshqaruv idoralarining rahbarlari tomonidan imzolanib, gerbli muhr bilan tasdiqlanadi.
13. Oʻzbekiston Respublikasining 16 yoshga toʻlmagan fuqarolarining sogʻligʻi, yaqin qarindoshlarining ogʻir kasalligi yoki vafot etganligi sababli, zudlik bilan chet el safariga borish zaruriyati tugʻilsa, u holda quyidagi tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim qilishlari lozim:
a) sogʻliqni saqlash idoralarining chet elga davolanishga yuborilishlari haqidagi yoʻllanmasi yoki xorijiy davlat sogʻliqni saqlash idoralarining yozma ravishda berilgan taklifnomasi;
b) chet eldagi yaqin qarindoshlarining ogʻir kasallanganligi yoki vafot etganligi toʻgʻrisidagi xorijiy tashkilot va muassasalari tomonidan tasdiqlangan telegraf xabarlari.
Mazkur holatlarda taqdim etilgan hujjatlar uch kun ichida koʻrib chiqiladi va rasmiylashtiriladi.
II. Chet elga chiqish haqida murojaat qiluvchi arizachilarni tekshirish tartibi
14. Oʻzbekiston Respublikasining 16 yoshga toʻlmagan fuqarolari ichki ishlar idoralari tomonidan quyidagi tartibda tekshiruvdan oʻtkaziladilar:
IIV, IIBB, IIB axborot markazlaridan.
15. Axborot markazi tomonidan 13 yoshga toʻlgan va undan katta boʻlgan shaxslar tekshiriladilar va quyidagilar aniqlanadi:
jinoiy ish qoʻzgʻatilganligi toʻgʻrisida;
sud qarori boʻyicha Ichki ishlar idoralarida maʼmuriy nazoratda turganligi toʻgʻrisida;
sodir etgan jinoyat uchun sudlanganligi toʻgʻrisida;
sud qarori asosida umumiy va maxsus tipdagi ruhiy kasalliklar shifoxonalariga yoʻllanganligi toʻgʻrisida;
sud tomonidan oʻrnatilgan majburiyatlarni ijro etishdan boʻyin tovlayotgan boʻlsa — majburiyatlarini ijro etmagunga qadar.
Chet elga chiqish uchun murojaat qilgan arizachilarni tekshirish IIV, IIBB, IIB Axborot markazlaridan ikki ish kunida amalga oshiriladi. Zudlik bilan chet elga chiqish zaruriyati tugʻilgan holda (vafot etganlik, qarindoshlarining ogʻir kasalligi, zudlik bilan davolanishga) Axborot markazidan tekshirish bir ish kunida amalga oshiriladi.
Chet elga ketayotgan shaxsga nisbatan axborot markazidan olingan maʼlumotning muddati bir oydan oshmasligi lozim.
16. XChKvaFB hisoblaridan tekshirishda quyidagilar aniqlanadi;
ilgari qabul qilingan salbiy qaror toʻgʻrisida;
Oʻzbekiston Respublikasi IIV XChKvaFB tomonidan muayyan shaxslarni chet elga chiqishlarini Oʻzbekiston Respublikasi IIV XChKvaFB yoki boshqa manfaatdor xizmatlar bilan kelishilgan holda koʻrib chiqilishi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar.
Yuqoridagi tekshiruvlar natijalari 15-bandning 5-xatboshidan tashqari shaxsni chet elga chiqishi uchun monelik qilmaydi.
17. Chet elga chiqish ariza-anketasini va IIV, IIBB, IIB XChKvaFB, hamda Axborot markazi hisoblaridan tekshirish bir vaqtning oʻzida amalga oshiriladi.
18. Oʻzbekiston Respublikasining 16 yoshga toʻlmagan fuqarosining chet elga chiqish haqidagi ariza-anketasi MXX-MXXBga kelishish uchun yuborilmaydi.
III. Guvohnomani rasmiylashtirish, berish va undan foydalanish tartibi
19. Oʻzbekiston Respublikasining 16 yoshga toʻlmagan fuqarosi guvohnomasini olish uchun zarur hujjatlarini ichki ishlar idoralarining xorijga chiqish-kelish va fuqarolik xizmatlariga taqdim etgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolariga nisbatan chet elga chiqish yigʻma ish jildi rasmiylashtiriladi va chet elga chiqish ish jildlarini hisobga olish kitobidan roʻyxatdan oʻtkazilib, tegishli roʻyxat raqami beriladi (5-ilova).
Oʻzbekiston Respublikasining 16 yoshga toʻlmagan fuqarosi chet elga chiqish hujjatlarini rasmiylashtirish uchun takroran murojaat qilgan taqdirda, ularga nisbatan chet elga chiqish yangi ish jildi yuritiladi.
20. Oʻzbekiston Respublikasining 16 yoshga toʻlmagan fuqarolarining chet elga ishonchli vakillari kuzatuvida ketayotganligida, shu voyaga yetmagan shaxsga rasmiylashtirilgan guvohnomaning beshinchi betiga hamrohlik qilayotgan shaxs haqidagi maʼlumotlar yozilib, XChKvaF xizmati boshligʻi yoki uning muovini tomonidan imzolanib, viza muhrlari bilan tasdiqlanadi.
21. Guvohnomani rasmiylashtirish va toʻldirish jarayonida xorijga chiqish, kelish va fuqarolik xizmati xodimlari tomonidan guvohnoma va undagi maʼlumotlar hisobga olish va roʻyxat kitobiga (6-ilova), ketma-ketlik tartibida qayd qilinadi.
22. Xorijga chiqish, kelish va fuqarolik xizmatlarining xodimlari aybi bilan yoki texnik sabablarga koʻra Oʻzbekiston Respublikasining 16 yoshga toʻlmagan fuqarosi guvohnomasi toʻldirish jarayonida yaroqsiz holga keltirilsa, yaroqsiz holga keltirilganlik sabablari koʻrsatilgan holda 2 nusxada dalolatnoma tuziladi, guvohnoma blankasining raqami dalolatnomaga yopishtiriladi. Dalolatnomaning bir nusxasi 10 kun muddat ichida IIV XChKvaF Boshqarmasiga yuboriladi, ikkinchi nusxasi boʻlimdagi yigʻma ish jildiga tikiladi.
23. Chet elga chiqish uchun murojaat qilgan Oʻzbekiston Respublikasining 16 yoshga toʻlmagan fuqarolariga nisbatan ikki nusxada hisob varaqasi (7-ilova) toʻldirilib, xulosa chiqarilgandan soʻng bir nusxasi Oʻzbekiston Respublikasi IIV XChKvaF Boshqarmasiga yuboriladi, ikkinchi nusxasi guvohnoma rasmiylashtirilgan XChKvaF xizmatida saqlanadi.
Hisob varaqlari Oʻzbekiston Respublikasi IIV XChKvaF Boshqarmasiga har oyning 5 kuniga qadar yuboriladi.
24. Berilgan guvohnomalarning hisobvaraqalari Xorijga chiqish-kelish va fuqarolik xizmatlarining maxsus kartotekasida alfavit tarzida familiyasi, ismi, sharifi boʻyicha saqlanadi.
25. Guvohnoma Oʻzbekiston Respublikasi IIV, Qoraqalpogʻiston Respublikasi IIV, Toshkent shahar IIBB va viloyatlar IIB XChKvaF xizmatlari boshliqlari yoki ularning oʻrinbosarlari tomonidan guvohnomaning ikkinchi betiga imzolanadi va viza muhri bilan tasdiqlanadi.
26. Oʻzbekiston Respublikasining 16 yoshga toʻlmagan fuqarosi guvohnomasi uch oy muddatga, chet elga oʻqish yoki davolanish uchun chiqishda — oʻqish yoki davolanish muddatiga beriladi. Zarur boʻlgan hollarda (davolanish muddati uzaytirilganda, yaqin qarindoshlarining vafoti va boshqalar) mazkur guvohnomaning amal qilish muddati Oʻzbekiston Respublikasining chet eldagi diplomatik vakolatxonasi yoki konsullik muassasasi tomonidan muayyan muddatga uzaytirib beriladi. Bunday hollarda Oʻzbekiston Respublikasining chet eldagi diplomatik vakolatxonasi yoki konsullik muassasasining masʼul xodimi tomonidan guvohnomaning oltinchi betidagi “maʼlumotlar” jadvaliga oʻzbek va ingliz tillarida tegishli yozuv kiritib qoʻyiladi.
Yozuv elchi yoki konsul tomonidan imzolanadi va muhri bilan tasdiqlanadi.
27. Oʻzbekiston Respublikasining 16 yoshga toʻlmagan fuqarosi guvohnomasini rasmiylashtirib berilganlik uchun fuqarolardan eng kam oylik ish haqining 30 foizi miqdorida davlat boji undiriladi. Davlat boji toʻlovlari naqd pul yoki xalq bankining hisob raqamiga pul oʻtkazish yoʻli bilan amalga oshirilib, davlat boji toʻlanganlik haqidagi chipta yoki toʻlov varaqasi taqdim etiladi. Davlat taʼminotida boʻlgan fuqarolar davlat boji toʻlashdan ozod qilinadilar.
Davlat bojini undirilishini toʻgʻriligini tekshirish uchun IIV, IIBB, IIB tomonidan kamida bir yilda bir marotaba taftish oʻtkaziladi. Taftish IIV, IIBB, IIB rahbariyatining koʻrsatmasiga asosan tayinlangan komissiya tomonidan oʻtkaziladi. Komissiya aʼzoligiga XChKvaF, hamda moliya-iqtisod xizmatlarining xodimlaridan tayinlanadi.
28. Oʻzbekiston Respublikasining 16 yoshga toʻlmagan fuqarosi guvohnomasi olingandan soʻng, ota-onalar, vasiylar (homiylar), safarni tashkillashtirgan tashkilot va muassasalarning vakillari xorijiy davlatlarning diplomatik vakolatxonalari yoki konsullik muassasalariga kirish vizalarini olish uchun murojaat etadilar.
29. Oʻzbekiston Respublikasining 16 yoshga toʻlmagan fuqarolari chet elga oʻqish yoki davolanish uchun borganlarida Oʻzbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonalari yoki konsullik muassasalaridan vaqtinchalik konsullik hisobidan oʻtadilar.
30. Guvohnoma egasi yoki kuzatib boruvchi shaxs tomonidan chet elga borganlaridan soʻng, favqulodda holatlarda axborot va aloqa qilish uchun guvohnomaning toʻrtinchi betidagi maʼlumotlar toʻldiriladi.
31. Chet elda boʻlgan vaqtda guvohnoma egasi 16 yoshga toʻlishi bilan mazkur shaxs Oʻzbekiston Respublikasining chet eldagi vakolatxonasiga yoki konsullik muassasasiga Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi pasportini berish toʻgʻrisidagi ariza bilan murojaat qiladi. Mazkur ariza belgilangan tartibda rasmiylashtiriladi va Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi orqali, Ichki ishlar vazirligiga yuboriladi. Rasmiylashtirilgan pasport Tashqi ishlar vazirligi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonasiga yoki konsullik muassasasiga egasiga topshirish uchun yuboriladi. Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi pasporti topshirilgandan soʻng, guvohnoma belgilangan tartibda yoʻq qilinishi uchun Ichki ishlar vazirligiga yuboriladi.
32. Guvohnoma egasi uni ehtiyotkorlik bilan saqlashi kerak.
Guvohnoma oʻgʻirlatib yoki yoʻqotib qoʻyilgan hollarda uning egasi Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi IIV, Toshkent shahar IIBB va viloyatlar IIB xorijga chiqish-kelish va fuqarolik xizmatiga yoxud Oʻzbekiston Respublikasining chet eldagi diplomatik vakolatxonasiga yoki konsullik muassasasiga zudlik bilan xabar berishi kerak.
33. Guvohnoma yoʻqotilgani toʻgʻrisidagi ariza guvohnomani bergan ichki ishlar idoralarining xorijga chiqish-kelish va fuqarolik xizmatlarining munshiyxonasidagi ariza va shikoyat kitobidan roʻyxatdan oʻtkazilib, mazkur xizmat rahbariyati tomonidan koʻrib chiqiladi. Ariza asosida guvohnoma yoʻqotilganligi toʻgʻrisida maʼlumotnoma tuzilib, yetti kun muddat ichida mazkur qoʻllanmaning 14-bandiga muvofiq tekshiruvdan oʻtkazilgandan soʻng, yangi guvohnoma rasmiylashtirib beriladi.
34. Oʻzbekiston Respublikasining 16 yoshga toʻlmagan fuqarosi chet elda boʻlish vaqtida guvohnomani yoʻqotib qoʻygan taqdirda, Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonasi yoki konsullik muassasasiga yozma ravishda ariza bilan murojaat etadi. Ariza asosida Oʻzbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonasi yoki konsullik muassasasi tomonidan oʻrnatilgan tartibda yangi guvohnoma yoki Oʻzbekiston Respublikasiga kelish uchun sertifikat rasmiylashtirib beriladi.
35. Agar fuqarolar guvohnoma yoʻqotilganligi toʻgʻrisida ariza bilan murojaat qilganlaridan soʻng guvohnomani topib olsalar, zudlik bilan xorijga chiqish-kelish va fuqarolik xizmatiga yozma ravishda murojaat qilib, yoʻqotilgan guvohnomani topshiradilar. Mazkur ariza asosida guvohnoma yoʻqotilganligi toʻgʻrisidagi arizani koʻrib chiqish toʻxtatiladi.
36. Guvohnoma yoʻqotilganligi toʻgʻrisidagi maʼlumot Oʻzbekiston Respublikasi IIV XChKvaF Boshqarmasining joylardagi tizimlaridan, Davlat chegaralarini qoʻriqlash qoʻmitasiga va Oʻzbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmatiga uch kun muddat ichida yuboriladi (8-ilova).
37. Topib olingan guvohnomalar ichki ishlar idoralariga, yoxud Oʻzbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonalari yoki konsullik muassasalariga topshirilishi kerak.
Oʻzbekiston Respublikasining chet eldagi diplomatik vakolatxonalari yoki konsullik muassasalari oʻz navbatida topilgan guvohnomani, voyaga yetmagan fuqaroning chet elda yashayotgan manziliga yuboradi. Guvohnoma egasi yoʻq boʻlgan taqdirda, guvohnoma oʻrnatilgan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi orqali Oʻzbekiston Respublikasi IIVga yuboriladi.
38. Vafot etgan voyaga yetmagan shaxslarning guvohnomalari Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi IIV, Toshkent shahar IIBB va viloyatlar IIB XChKvaF xizmati boʻlimlariga yoxud Oʻzbekiston Respublikasining chet eldagi diplomatik vakolatxonasiga yoki konsullik muassasalariga topshiriladi.
39. Yoʻqotilgan guvohnomalar boshqa ichki ishlar idoralari, topilmalar stoli va fuqarolar tomonidan topshirilsa va egalariga xabar berilgan kundan boshlab, olti oy muddatda guvohnomalarni rasmiylashtirilgan ichki ishlar idoralarining xorijga chiqish-kelish va fuqarolik xizmatlari tomonidan oʻrnatilgan tartibda yoʻq qilinadi.
IV. Guvohnomalarni hisobga olish, saqlash va yoʻq qilish tartibi
40. Guvohnoma blanklari qatʼiy hisobotli hujjatlar hisoblanib, shu sababdan ularni hisobga olish va saqlashni tashkil etish toʻliq taʼminlanadi.
41. Oʻzbekiston Respublikasining 16 yoshga toʻlmagan fuqarolari guvohnomasi blankalarini qabul qilish, hisobga olish, saqlash, ishlatish va yoʻq qilishda Oʻzbekiston Respublikasi IIV tomonidan 1996-yil 4-oktabrida qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi pasporti, fuqaroligi boʻlmagan shaxs guvohnomasi, yashash guvohnomalari, vizalar va chet eldan taklif qilish haqidagi shahodat blankalarini qabul qilib olish, saqlash, hisobga olish, tarqatish va yoʻq qilinishi hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi IIV, viloyatlar IIB va Toshkent shahar IIBB xorijga chiqish-kelish va fuqarolik xizmatlarini tekshirish tartibi haqida”gi 246-sonli buyrugʻidan foydalaniladi.
42. Guvohnomani olib qoʻyish (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno), shuningdek garovga berish va boshqa shaxslarga berish taqiqlanadi.
43. Yoʻriqnoma Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri, Milliy xavfsizlik xizmati raisi, Respublika Bosh Prokurori va davlat chegaralarini himoya qilish qoʻmitasi raisi bilan kelishilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri A. Komilov
2001-yil 9-mart
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh Prokurori R. Qodirov
2001-yil 9-mart
Oʻzbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmati raisi R. Inoyatov
2001-yil 27-fevral
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat chegaralarini himoya qilish qoʻmitasi raisi M. Oʻtaganov
2001-yil 27-fevral
Yoʻriqnomaning 2-bandiga 1-ilova
(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining 2012-yil 29-maydagi 82-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 1019-1, 03.07.2012-y.) tahririda — OʻR QHT, 2012-y., 26-27-son, 303-modda)
Yoʻriqnomaning 3-bandiga 2-ilova
Yoʻriqnomaning 12-bandiga 3-ilova
Yoʻriqnomaning 12-bandiga 4-ilova
(4-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining 2012-yil 29-maydagi 82-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 1019-1, 03.07.2012-y.) tahririda — OʻR QHT, 2012-y., 26-27-son, 303-modda)
Yoʻriqnomaning 19-bandiga 5-ilova
Yoʻriqnomaning 21-bandiga 6-ilova
Yoʻriqnomaning 23-bandiga 7-ilova
Yoʻriqnomaning 36-bandiga 8-ilova
Oʻzbekiston Respublikasi IIVning 2001-yil 11-martdagi 65-sonli buyrugʻiga 2-ilova
Oʻzbekiston Respublikasining 16 yoshga toʻlmagan fuqarolariga chet elga vaqtincha chiqish uchun rasmiylashtirib berilgan guvohnomalar boʻyicha
MAʼLUMOTNOMA
(Oʻzbekiston Respublikasi vazirliklari, davlat qoʻmitalari va idoralarining meʼyoriy hujjatlari axborotnomasi, 2001-y., 6-son; Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2012-y., 26-27-son, 303-modda)
