Oʻzbekiston Respublikasi Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari boʻyicha qoʻmitasi raisi K. Sariyevning “Mamlakatimizda umummilliy totuvlikni taʼminlash sohasida amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida”gi axboroti haqida (1520-V-son)
05.12.2025
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari boʻyicha qoʻmitasi raisi K. Sariyevning “Mamlakatimizda umummilliy totuvlikni taʼminlash sohasida amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida”gi axborotini eshitib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi taʼkidlaydiki, keyingi yillarda mamlakatimizda millatlararo totuvlik va bagʻrikenglikni taʼminlash, xorijiy mamlakatlar bilan madaniy-maʼrifiy aloqalarni yanada kengaytirish borasida qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining jamiyatimizda barcha fuqarolar uchun teng huquqlar va imkoniyatlar yaratish, koʻp millatli xalqimizning mamlakatimiz farovonligiga daxldorligini kuchaytirish, xorijdagi vatandoshlar bilan aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan bir qator farmon va qarorlari qabul qilingan.
Jumladan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19-martdagi “Umummilliy totuvlik va xorijdagi vatandoshlar bilan aloqalarni mustahkamlashni yangi bosqichga olib chiqishga oid chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-52-sonli Farmonida millatlararo munosabatlarni uygʻunlashtirish, jamiyatda doʻstlik, oʻzaro hamjihatlik, bagʻrikenglik va birdamlikni mustahkamlash orqali yagona fuqaroviy oʻzlikni shakllantirish, Oʻzbekistonda yashovchi barcha millatlar va elatlarning huquqlarini hamda qonuniy manfaatlarini taʼminlash orqali ularning umummilliy taraqqiyotga daxldorligini kuchaytirish kabi ustuvor vazifalar belgilab berilgan.
Bugungi kunga kelib, mamlakatimizda faoliyat koʻrsatayotgan milliy madaniy markazlar soni 157 taga yetgan. Ushbu markazlar tomonidan joriy yil mart oyida Navroʻz umumxalq bayramini nishonlash doirasida respublika boʻyicha 7 mingga yaqin bayram tadbiri tashkil etilgan. Mazkur tadbirlar doirasida oʻtkazilgan milliy hunarmandchilik, madaniyat va sanʼat koʻrgazmalarida turli millatlar va elatlar vakillari faol ishtirok etgan.
Bundan tashqari “30-iyul — Xalqlar doʻstligi kuni” munosabati bilan 25 — 30-iyul kunlari butun mamlakatimiz boʻylab “Doʻstlik” festivali, shuningdek 10 — 15-noyabr kunlari “Bagʻrikenglik haftaligi” keng nishonlangan. Ularda 700 ming nafardan ortiq fuqaro, shu jumladan turli millatlar, elatlar va konfessiyalarga mansub aholi vakillari ham ishtirok etgan. Mazkur tadbirlar doirasida mamlakatimizning barcha hududlarida ijodiy uchrashuvlar, hunarmandchilik va xalq amaliy sanʼati namunalari koʻrgazmalari, “Doʻstlik ohanglari”, “Oʻzbekiston bagʻrikeng diyor” nomli konsert dasturlari, sport musobaqalari, xorijiy ekspertlar ishtirokida xalqaro konferensiyalar oʻtkazilgan.
Shu bilan birga “Eng faol milliy madaniy markaz” va “Eng faol doʻstlik jamiyati” tanlovlari tashkil etilib, tanlovlar gʻoliblari tantanali ravishda taqdirlangan.
Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 34 yilligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari boʻyicha qoʻmitasi hamda milliy madaniy markazlar tomonidan “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” shiori ostida yirik madaniy-maʼrifiy tadbirlar tashkil etilgan.
Mamlakatimizda istiqomat qilayotgan turli millatlar va elatlar vakillari oʻrtasida oʻzbek tili va adabiyotini oʻrganishni keng targʻib qilish boʻyicha ham tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari boʻyicha qoʻmitasi hamda milliy madaniy markazlar tomonidan joriy yilning oktabr oyida “Oʻzbek tili oyligi” tashkil etilgan. Davlat tilida ish yuritish asoslarini oʻqitish va malaka oshirish markazida milliy madaniy markazlar rahbarlari hamda faollari uchun oʻquv kurslari tashkil etilgan.
Shuningdek turli millatlar va elatlar vakillari oʻrtasida “Oʻzbek tiliga bagʻishlangan eng yaxshi sheʼr ijrochisi” va “Oʻzbek tilida ijro etilgan eng yaxshi qoʻshiq” nomli tanlovlar, “Oʻzbek tili barchamizni birlashtiradi!” shiori ostida bir qator tadbirlar oʻtkazilgan.
Mamlakatimizda yashayotgan turli millatlar va elatlarga xos boʻlgan milliy bayramlarni keng nishonlashga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Jumladan, milliy madaniy markazlar ishtirokida “Sabantuy”, “Chxusok”, “Oxi”, “Derviza”, “Qovun sayli”, “Abay Qoʻnonboyev tavalludining 180 yilligi” kabi tantanalar keng nishonlanmoqda.
Bundan tashqari 44 ta doʻstlik jamiyati, xorijiy davlatlarning 76 ta hududi bilan mamlakatimiz viloyatlari va shaharlari oʻrtasidagi birodarlik aloqalarini yanada mustahkamlash maqsadida xalq diplomatiyasi imkoniyatlaridan samarali foydalanilmoqda.
Xorijiy davlatlardagi 100 dan ortiq oʻzbek diasporasi tashkilotlari bilan yaqin hamkorlik yoʻlga qoʻyilib, ularni Oʻzbekiston bilan mustahkam bogʻlashga, ularning milliy oʻzlikni saqlab qolishiga va salohiyatini Oʻzbekiston taraqqiyotiga yoʻnaltirishga qaratilgan chora-tadbirlar olib borilmoqda.
Shu bilan birga sohada amalga oshirilayotgan ijobiy ishlar bilan bir qatorda hal etilishi lozim boʻlgan muayyan masalalar ham mavjud.
Xususan, jamiyatda va Internet jahon axborot tarmogʻida millatlararo totuvlikka salbiy taʼsir koʻrsatuvchi xavfli omillarni barvaqt aniqlash hamda ularning oldini olishga koʻmaklashish borasida olib borilayotgan ishlar natijadorligini oshirish, profilaktika ishlarini yanada kuchaytirish zaruriyati mavjud.
Yuqorida bayon etilganlardan kelib chiqib, “Parlament nazorati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 10-moddasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari boʻyicha qoʻmitasi raisi K. Sariyevning “Mamlakatimizda umummilliy totuvlikni taʼminlash sohasida amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida”gi axboroti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari boʻyicha qoʻmitasiga:
mamlakatimizdagi umummilliy totuvlikka salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlgan omillarning barvaqt oldini olish maqsadida aholi oʻrtasida keng targʻibot ishlarini olib borish;
umummilliy totuvlikni, doʻstlik va birdamlikni taʼminlashga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish borasida davlat organlari va nodavlat tashkilotlar bilan hamkorlikni kuchaytirish;
qardosh qoʻshni davlatlar bilan aloqalarni, mintaqaviy yakdillik muhitini yanada mustahkamlash maqsadida respublika boʻylab, ayniqsa, chegaradosh tumanlarda keng koʻlamli madaniy-maʼrifiy tadbirlarni tashkil etib borish tavsiya etilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Demokratik institutlar va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish masalalari qoʻmitasi mamlakatimizda umummilliy totuvlikni taʼminlash sohasida amalga oshirilayotgan ishlar ustidan taʼsirchan parlament nazoratini oʻrnatsin.
4. Ushbu Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosari M. Xodjayeva zimmasiga yuklatilsin.
5. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri N. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2025-yil 5-dekabr
1520-V-son
